toggle_night_mode
Hujjat 30.09.2017 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga koʻmaklashish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligini yanada oshirib borish, mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalash boʻyicha islohotlarni amalga oshirishdagi ularning roli va ahamiyatini kuchaytirish, “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini izchillik bilan bosqichma-bosqich roʻyobga chiqarish, shuningdek NNT tizimini keng rivojlantirish, ularni tashkil etish hamda faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq tashkiliy-huquqiy mexanizmlar hamda tartib- taomillarni takomillashtirish va soddalashtirish maqsadida:
1. 2014-yilning 1-yanvaridan NNTni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun undiriladigan davlat boji miqdori 5 baravar, ularning ramzlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun undiriladigan yigʻimlar miqdori 2,5 baravar kamaytirilib, ularning miqdorlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan NNTning alohida boʻlinmalari (vakolatxonalari va filiallari)ni, shu jumladan yuridik shaxs huquqiga ega boʻlganlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga olish uchun davlat boji undirilmaydi;
nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar jamoat birlashmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat boji mazkur qaror bilan tasdiqlangan davlat boji miqdorining 50 foizi miqdorida undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi murojaatlari adliya organlari tomonidan amaldagi normativ- huquqiy hujjatlarda nazarda tutilganidek ikki oy muddat oʻrniga bir oy muddatda koʻrib chiqilishi belgilansin.
Belgilansinki, yuridik shaxslar olti oy mobaynida bank hisobvaraqlari boʻyicha pul operatsiyalarini oʻtkazish bilan bogʻliq moliya- xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmagan taqdirda ularni tugatish uchun asos boʻlishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53-moddasi qoidasi nodavlat notijorat tashkilotlariga joriy etilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur qarorning qoidalarini amalga oshirish boʻyicha qaror qabul qilsin, unda, xususan:
NNTni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatga olish, tugatish, ularning taʼsis hujjatlariga oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritish, ular tomonidan soliq, statistika va roʻyxatga oluvchi organlarga hisobotlar taqdim etilishining tartibini unifikatsiya qilish va soddalashtirishni;
katta ijtimoiy ahamiyatga molik dolzarb muammolarni hal etishda, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tarmoq, mintaqaviy va hududiy, avvalambor davlat NNTning faol qoʻllab-quvvatlashiga muhtoj boʻlgan sohalardagi dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan NNT oʻrtasida oʻzaro hamkorlikning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kompleksining amalga oshirilishini;
sogʻliqni saqlash, taʼlim-tarbiya, bandlikni taʼminlash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash sohalaridagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda NNT ishtirokining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini, mazkur sohalarning sotsial, ijtimoiy, gumanitar rivojlanishdagi oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, takomillashtirish choralari koʻrilishini nazarda tutsin.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga koʻmaklashish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2013-yil 12-dekabrdagi PQ-2085-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga, “OʻzA” Milliy axborot agentligiga Oʻzbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda fuqarolik institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli hamda ahamiyatini oshirishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli ishlarni muntazam ravishda keng yoritilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
markazdagi hamda joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari hamda xalqaro shartnomalarida mustahkamlangan nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni taʼminlash choralarini koʻrsin;
bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi N.M. Ismoilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 12-dekabr,
PQ-2085-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 12-dekabrdagi PQ-2085-sonli qaroriga
ILOVA
Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun undiriladigan davlat boji miqdorlari, shuningdek ularning ramzlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun undiriladigan yigʻimlar miqdorlari
Oldingi tahrirga qarang.

№‎

Nodavlat notijorat tashkilotining turi‎

Davlat boji stavkalari‎

Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun
‎undiriladigan davlat boji stavkalari

1.‎

Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari‎

eng kam ish haqining 12,5 baravari miqdorida

2.‎

Respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlari‎

eng kam ish haqining toʻrt baravari‎

3.‎

Viloyat, tuman, shahar, shaharcha, qishloq va ovul nodavlat notijorat tashkilotlari‎

eng kam ish haqining ikki baravari‎

Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlarini davlat roʻyxatidan
‎ oʻtkazish uchun undiriladigan yigʻimlar miqdorlari

1.‎

Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari‎

eng kam ish haqining uch baravari

2.‎

Respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlari‎

eng kam ish haqining ikki baravari‎

3.‎

Viloyat, tuman, shahar, shaharcha, qishloq va ovul nodavlat notijorat tashkilotlari‎

eng kam ish haqining bir baravari‎

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-sentabrdagi PF-5197-sonli Farmoni tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 51-son, 660-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2019-y., 07/19/4473/3864-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)