toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
BUXORO, NAVOIY, NAMANGAN, SAMARQAND VA FARGʻONA SHAHARLARINING TUMAN MAʼMURIY-HUDUDIY TUZILMALARINI TUGATISH HAMDA NAVOIY VILOYATINING NAVOIY TUMANI CHEGARALARINI KENGAYTIRISH VA NOMINI OʻZGARTIRISH TOʻGʻRISIDA
Maʼmuriy-hududiy tuzilmalarni maqbullashtirish va takomillashtirish, joylardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida hamda “Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish, toponomik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda xalq deputatlari Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand va Fargʻona viloyatlari Kengashlarining Buxoro shahridagi Fayzulla Xoʻjayev va Toʻqimachi tumanlarini, Navoiy shahridagi Karmana tumanini Namangan shahridagi Davlatobod tumanini, Samarqand shahridagi Siyob, Bogʻishamol va Temir yoʻl tumanlarini hamda Fargʻona shahridagi Qirguli tumanini 2004-yilning 1-yanvaridan tugatish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Buxoro, Namangan, Samarqand va Fargʻona shaharlarining hududlarida tumanlar tugatilayotganligi munosabati bilan bu shaharlarning ilgarigi chegaralari saqlanib qoladi.
3. Navoiy viloyatining Navoiy tumani Karmana tumani deb qayta nomlansin va unga Navoiy shahrining tugatilayotgan Karmana tumani hududi qoʻshilsin.
4. Navoiy viloyatining Navoiy shahri va Karmana tumani chegaralari grafik chizmaga* muvofiq tasdiqlansin.
* grafik chizma keltirilmaydi.
5. Karmana tumanining markazi deb Karmana shaharchasi belgilansin.
6. Tugatilayotgan Karmana tumani hududidagi saylov okruglaridan xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashiga saylangan deputatlar hamda xalq deputatlari Navoiy tumani Kengashi deputatlari yangitdan tuzilayotgan xalq deputatlari Karmana tumani Kengashi deputatlari ekanliklari belgilab qoʻyilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorning tegishincha 1 va 3-moddalarida koʻrsatib oʻtilgan tumanlar tugatilayotgan hamda qayta tashkil etilayotgan davrda joylardagi tegishli hokimiyat ijro etuvchi organlari tomonidan shahar xoʻjaligi tashkiliy tartibda boshqarilishini taʼminlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2003-yil 12-dekabr,
569-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 19-modda)