toggle_night_mode
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI huzuridagi davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining
Qarori
Birinchi guruhga gugurt yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 24-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2487]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 10-son, 118-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisida nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Birinchi guruhga gugurt yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim hamda u rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais J. KADIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-iyun,
14-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2013-yil 25-iyundagi 14-sonli qaroriga
ILOVA
Birinchi guruhga gugurt yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi
yoʻriqnoma
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma birinchi guruhga gugurt yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mazkur Yoʻriqnoma talablari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) tizimidagi tashkilotlar hamda birinchi guruh moddiy boyliklarni masʼul saqlovchi tashkilotlar uchun majburiydir.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
II bob. Gugurtni idishga joylash, tamgʻalash va tashish
3. Gugurt qutilarining asosiy koʻrsatkichlari va hajmlari mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi lozim.
4. Qutilarda gugurt donalarining oʻrtacha toʻlaligi boʻyicha sonining kamayishiga quyidagi darajada yoʻl qoʻyiladi: birinchi — toʻrtinchi shakldagi gugurtlar uchun 1 foiz, beshinchi va oltinchi shakldagi xoʻjalik gugurtlari uchun 2 foiz hamda yettinchi va sakkizinchi shakldagi xoʻjalik gugurtlari uchun 5 foiz. Qutilarda gugurt donalarining toʻlaligi va sonining yuqori chegarasi belgilanmaydi.
5. Gugurt qutilarining tashqi qismi karton yoki shpondan, ichki qismi kartondan tayyorlanadi. Gugurt qutilarini tayyorlashda normativ hujjatlarga muvofiq quyidagi materiallardan foydalaniladi:
xrom-erzats markali karton;
gugurt qutilarini tayyorlashga moʻljallangan karton;
gugurt kartoni;
togʻterak, joʻka, terak, olxa yogʻochi.
6. Etiketkalarni tayyorlashda normativ hujjatlarda belgilangan qogʻozdan foydalaniladi.
7. Gugurt qutisining old va orqa tomonlari bosma yoki yopishtirish orqali bosilgan etiketkaga ega boʻlishi lozim.
8. Shponli qutilarning tashqi qismi normativ hujjatlar talablariga muvofiq qogʻoz bilan oʻrab yopishtirilishi lozim. Qutining en qismida ikkitadan koʻp boʻlmagan burishish boʻlishi mumkin.
9. Qutining ichki qismi qutining qanday holda boʻlishidan qatʼi nazar, tashqi qismidan ajralib tushib ketmasligi lozim.
10. Shponli qutining tashqi qismi chetida sinish, kartonli qutining tashqi qismi chetida yirtilish 2 mm. dan ortiq boʻlmasligi lozim.
11. Qutining tashqi en qismiga yopishtirilgan etiketkaning osilib turishi yoki bosma tarzda tushirilgan etiketkaning siljishi 2 mm dan oshmasligi lozim.
12. Gugurtni yoqishga moʻljallangan fosfor massasi quti tashqi qismining bir yoki bir necha ingichka tomonlariga tushiriladi. Fosfor massasining qutining keng tomoniga 4 mm gacha ogʻishiga yoʻl qoʻyiladi.
13. Qutiga tushirilgan fosfor massasining umumiy maydoni:
birinchi va ikkinchi shakldagi gugurtlar uchun qutining gugurt donalari bilan oʻrtacha toʻldirilgan miqdorining ikki baravarini;
xoʻjalik gugurtlari uchun qutidagi barcha gugurt donalarini yoqishga yetishi lozim.
14. Gugurt choʻpini ishlab chiqishda normativ hujjatlarga muvofiq togʻterak, joʻka, terak, olxa yogʻochidan foydalaniladi.
15. Gugurt choʻpi sinmagan boʻlishi lozim.
16. Gugurt choʻpining bosh qismi kamida 2,5 mm. uzunlikda buzilmagan va oqmagan boʻlishi lozim.
17. Gugurt donasining bosh qismi fosfor massaga oʻrtacha bosish orqali yoqilishi va undan qizigan qotishma uchib chiqmasligi lozim.
18. Gugurt donasi bosh qismidagi alanga gorizontal holatda gugurt choʻpiga oʻtishi lozim.
19. Gugurt tutamasdan yonishi lozim.
20. Gugurt donasi bosh qismining oʻrnatilish mustahkamligi kamida 30 N (3 kgs) boʻlishi lozim.
21. Birinchi — yettinchi shakldagi gugurt donalari qutida bosh qismi bir tomonga yoʻnaltirib taxlanishi kerak. Sakkizinchi shakldagi xoʻjalik gugurtlari qutida sochma holda taxlanadi. Beshinchi — yettinchi shakldagi xoʻjalik gugurtlarini boʻlimlarga boʻlgan holda turli tomonga qaratib terishga yoʻl qoʻyiladi.
22. Gugurt qutilari normativ hujjatlarga muvofiq fanerali yoki gofrirovka qilingan karton qutilarga va shartnomaga muvofiq boshqa oʻlchamdagi qutilarga joylashtiriladi.
23. Birinchi — yettinchi shakldagi gugurt qutilari fanerali qutida joylashtirilganda qutilarning har bir qatoriga 1 m2 oʻlchamda ogʻirligi 40 gr. boʻlgan qogʻoz toʻshaladi.
24. Birinchi — toʻrtinchi shakldagi gugurt qutilarini gofrirovka qilingan karton qutilarga joylashtirishdan oldin ularni 10, 12 donadan qilib normativ hujjatlarda belgilangan tarzda qogʻozga oʻrash lozim. Avtomobil transportida tashishda gugurt qutilari qatorlari orasiga qogʻoz varaqlar qoʻyish orqali alohida qutilarga solmasdan karton qutilarga solishga ruxsat beriladi.
25. Yettinchi — sakkizinchi shakldagi xoʻjalik gugurt qutilari yashiklarga qogʻoz toʻshamasdan taxlanadi.
26. Har bir yashikning ichki qismida oʻrovchining raqami tushirilgan oʻrash yorligʻi qoʻyilishi lozim. Oʻrash yorligʻini transport tamgʻasi bilan birlashtirish mumkin.
27. Hisob birligi sifatida ichida 50000 dona gugurt donasi boʻlgan shartli yashik hisoblanadi.
28. Gugurt qutisining etiketkasiga isteʼmol tamgʻasi tushirilishi lozim, unda:
mahsulot nomi;
normativ hujjat nomi;
ishlab chiqaruvchi tashkilot nomi, uning manzili, tovar belgisi;
ishlab chiqarilgan mamlakat;
muvofiqlik belgisi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim.
29. Transport tamgʻasida normativ hujjatlarga muvofiq “Namlikdan asrang!”, “Tez oʻt oluvchi” va “Tashlanmasin!” kabi ogohlantiruvchi yozuvlarning boʻlishi, xavfsizlik choralari koʻrilgan boʻlishi kerak. Shuningdek, tamgʻada:
ishlab chiqarilgan mamlakatning nomi;
ishlab chiqargan tashkilotning nomi, uning manzili va tovar belgisi;
mahsulot nomi;
gugurt shakli;
gugurt qutisining oʻrtacha toʻlaligi;
yashikdagi gugurt qutilarining soni;
shartli qutilar miqdori;
ishlab chiqarilgan sanasi;
normativ hujjatning nomi;
gugurtni saqlashning kafolat muddati;
saqlash shartlari;
muvofiqlik belgisi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim.
30. Gugurt qutilari solingan yashiklar yuklarni tashish qoidalariga muvofiq yopiq transport vositalarida tashiladi. Gugurt yashiklarini ochiq transport vositalarida tashishda namlanishning oldini olish kerak.
31. Mahsulot normativ hujjatlarga muvofiq qutilarga joylashtiriladi.
32. Karton yashiklarga joylashtirilgan gugurt qutilari temir yoʻl transportida tashilganda, vagonlardan va umumiy konteynerlardan foydalaniladi.
III bob. Gugurtni yetkazib berish va qabul qilish
33. Uzoq muddat saqlashga sifati va xavfsizligi, oʻralishi va tamgʻalanishi boʻyicha normativ hujjatlar talablariga toʻliq javob beradigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan va import qilingan gugurtlar yetkazib beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
34. Gugurtni yetkazib berish va qabul qilish shartnoma asosida, qonunchilik hujjatlari va mazkur Yoʻriqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
35. Gugurt yuklangan vagon kelganda, u temir yoʻl vakili ishtirokida sinchiklab oʻrganiladi. Tashqi kuzatuvni amalga oshirishda vagonning texnik holati va uning sozligi, plombalarning butligi hamda ulardagi izlarning aniqligi, gugurt qutilarining butunligi, plombaning yukka ilova qilingan hujjatlarga muvofiqligi tekshiriladi.
Tekshirish davomida aniqlangan kamchiliklar, jumladan vagonning texnik nosozligi, plombalarning mavjud emasligi yoki ularning buzilganligi, ulardagi bosilgan izlarning noaniqligi umumiy shakldagi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
36. Shikastlanmagan idishlarda oʻrami buzilmagan va yuk oʻrinlari saqlangan holda yetkazib berilgan gugurt oʻrinlar soni va netto ogʻirligiga qarab qabul qilinadi.
37. Shikastlangan idishdagi gugurt qutining amaldagi netto ogʻirligi boʻyicha qabul qilinadi.
Transport tashkilotidan gugurtni qabul qilib olishda mahsulot yoki idish buzilgan (shikastlangan, namlangan, ifloslangan) holatlarda, mahsulotning nomi, miqdori yoki oʻrinlari transport hujjatlarida belgilanganidan farq qilgan taqdirda, shuningdek yuk tashish qoidalarida nazarda tutilgan boshqa hollarda dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomada plombalar va undagi nazorat belgilari holati qayd etiladi.
38. Gugurt partiyalarda qabul qilinishi kerak. Bir hujjat bilan rasmiylashtirilgan, bir xil shakldagi va toʻlalikdagi gugurtlar soni partiya hisoblanadi.
39. Gugurt sifatini tekshirish maqsadida mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasiga muvofiq belgilangan miqdorlarda namunalar olinadi. Amaldagi koʻrsatkichlar va yetkazib beruvchi hujjatlarida koʻrsatilgan mahsulot sifati va miqdoriga oid maʼlumotlar oʻrtasida tafovutlar mavjud boʻlgan taqdirda, mustaqil ekspertlar ishtirokida dalolatnoma tuziladi.
40. Yaroqsizga chiqarilgan gugurt yoki idishlari buzilgan gugurt yetkazib beruvchining koʻrsatmasiga muvofiq tasarruf etiladi. Yaroqsizga chiqarilgan gugurtni qabul qilish, saqlash va berib yuborish bilan bogʻliq xarajatlar shartnomaga muvofiq yetkazib beruvchi tomonidan qoplanadi.
IV bob. Omborlarga qoʻyiladigan talablar
41. Gugurt yashiklari harorati 40° C dan oshmagan, havoning nisbiy namligi esa 85 foizdan ortiq boʻlmagan yopiq xonalarda saqlanadi va tashqi devorlardan kamida 10 sm. boʻlgan masofada joylashtiriladi.
42. Saqlash jarayonida gugurtni isitish moslamalari yoniga, yongʻin xavfi boʻlgan joylarga, shuningdek namlikni oʻtkazuvchi (tuz, sabzavotlar va boshqalar) mahsulotlar yaqiniga joylashtirib boʻlmaydi.
43. Omborxonalarni toʻldirishdan oldin ularni taʼmirlash, gugurtni qabul qilish va saqlash uchun tayyor holatga keltirish lozim. Bunda asosiy eʼtibor tom, pol, isitish tizimlari, yoriq va tirqishlarni oʻz vaqtida yamash, shuningdek eshiklarni yaxshi yopilishga moslash, avtomatik qoʻriqlash signalizatsiyasi uskunalari bilan jihozlash, yogʻoch konstruksiyalarni yonish xususiyatini pasaytiruvchi kimyoviy suyuqlik bilan qayta ishlashga qaratilishi lozim.
44. Omborlarning gugurtni qabul qilishga tayyorligi tashkilotning bosh muhandisi, bosh energetigi, laboratoriya mudiri, saqlash uchastkasi boshligʻi (yoki uning oʻrinbosari) va yongʻin xavfsizligi boʻyicha javobgar shaxslardan iborat komissiya tomonidan tekshiriladi va tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
45. Qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligi normativ hujjatlarga muvofiq tashkil qilinadi.
46. Qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligi choralari, saqlanayotgan moddiy boyliklarning saqlanishi va butligini toʻliq taʼminlashi lozim. Buning uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
saqlash omboriga yongʻin xavfsizligi boʻyicha javobgar shaxsni tayinlash;
saqlash omborlarini yongʻindan xabar berish va avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan jihozlash;
saqlash omborining butun hududini mustahkam toʻsiq bilan oʻrash;
qoʻriqlanadigan butun hudud boʻylab harbiylashgan yoki qoʻriqlash xizmati tomonidan kecha-kunduz navbatchilik qilishni tashkil qilish;
hududga kirish va chiqishda ruxsatnomalar rejimini tashkil qilish;
moddalarni va materiallarni yuklash normalari hamda saqlash tartibini belgilash;
yongʻinga qarshi qatʼiy rejim joriy qilish;
isitish, ventilyatsiya, elektr moslamalari, texnologik uskunalarning sozligini taʼminlash va yongʻinga olib keluvchi nosozliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish;
amalga oshiriladigan taʼmirlash ishlarini yongʻin xavfsizligi normalari va qoidalaridan chetga chiqmagan holda amalga oshirish;
birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari, aloqa va xabar berish qurilmalarining har doim soz holda tayyor turishi;
ishlar tugatilgandan soʻng, ish oʻrinlari va xonalarning tozalanishi ustidan nazorat qilish, xona va saqlash omborxonalarini yopishdan oldin ularni sinchiklab tekshirish, kommunikatsiyalar (gaz, havo va boshqalar) va elektr tarmoqlari oʻchirilganligini (texnik sabablarga koʻra kecha-kunduz ishlashi lozim boʻlgan navbatchi yoritish tizimi va elektr moslamalaridan tashqari) tekshirish;
yongʻinga qarshi gidrant va suv hovuzlari, yongʻin oʻchirish vositalari, yongʻinga qarshi asbob-uskunalarning holatini tekshirish;
tungi vaqtda hududni asosiy va yordamchi yoritish bilan taʼminlash;
saqlash joylari va omborxona hududiga ehtiyot yoʻlaklarni tayyorlash va taʼminlash.
47. Saqlash omborlari hududida chekish, ochiq olovdan foydalanish, somon quritish va saqlash, ekin ekish, nostandart maishiy elektr isitish moslamalaridan foydalanish, vaqtinchalik elektr simlarini oʻtkazish, hisobda turmagan jihozlarni yoki roʻyxatga olinmagan moddiy boyliklarni saqlash, saqlash joylarini belgilangan meʼyorlardan ortiq yuklash, shuningdek tashkilot ehtiyojlari uchun yoqilgʻi quyish shoxobchalarini tashkil qilish va yoqilgʻi materiallarini saqlash taqiqlanadi.
48. Qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligini tashkil qilish va taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik mazkur vazifa yuklatilgan shaxslarga yuklatiladi.
Saqlash omborlarini qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligini tashkil qilish va taʼminlash maxsus belgilangan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
49. Saqlash omborlari yopilayotgan vaqtda ular qoʻriqlash xodimlari va yongʻin xavfsizligiga masʼul shaxslar tomonidan koʻzdan kechiriladi hamda alohida jurnalga belgilangan tartibda qayd kiritiladi.
50. Birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari, yongʻinga qarshi suv gidrantlari va hovuzlariga olib boradigan yoʻllar va yoʻlaklar doim ochiq boʻlishi, qishda qor va muzdan tozalanishi lozim. Yongʻinga qarshi suv gidrantlari va hovuzlari joylashgan joylar yorugʻlik yoki fluoressentli boʻlishi, ularga “YOG” (yongʻin gidrant) va “YOH” (yongʻin hovuzi) harf indekslari tushirilgan boʻlishi va kechki vaqtda yorishib turishi lozim.
51. Binolar va inshootlar orasidagi yongʻinga qarshi oraliq masofalarda turli xildagi material, uskuna, oʻrash idishlarini saqlash yoki avtomobil transporti uchun turish joyi qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
52. Saqlash omborlari eshiklarida mahsulotning yongʻin va portlash xavfliligi tasnifi, yongʻin va portlash hududlarini koʻrsatuvchi tegishli yozuvlar boʻlishi kerak.
53. Devorlardagi tuynuklar olovni va yonuvchi moddalar tarqalishining oldini oluvchi uskunalar (yongʻinga chidamli eshiklar, pardalar va boshqalar) bilan jihozlanishi lozim.
54. Yongʻinga qarshi himoya toʻsiqlari muhandislik kommunikatsiyalari bilan tutashgan joylarda ular va toʻsiq konstruksiyasi oʻrtasidagi mavjud boʻshliqlar yonmaydigan qurilish materiallari bilan mustahkam yopilishi lozim.
55. Xizmat va omborxonalarda quyidagilar man etiladi:
yonilgʻi suyuqliklari bilan xonani tozalash (pol va devorlarni yuvish), uskunalarni artish va maxsus kiyimlarni yuvish;
ish tugagandan soʻng elektr yoritish tizimlari (navbatchi chiroqlardan tashqari), kuchlanuvchi elektr uskunalari (tamburda havo aylanishini taʼminlovchi ventilyatorlar, elektr dvigatellaridan tashqari), oʻlchash, isitish, hisoblash uskunalari va orgtexnikalarni yoqilgan holda qoldirish;
texnologiyada nazarda tutilmagan elektr isitish uskunalaridan foydalanish;
muzlagan quvurlarni eritishda olovdan (buning uchun bugʻ, qizdirilgan qum yoki issiq suv ishlatiladi) foydalanish.
56. Yuk tashishga moʻljallangan barcha moslamalar uchun ularning yuk koʻtarish qobiliyati, butligi tekshirilgan sana va yuklanadigan yuk chegaralari koʻrsatilgan trafaret boʻlishi lozim.
57. Gugurt yashiklari tashqariga chiqish eshigi boʻlgan alohida omborxonalarda saqlanadi.
58. Omborning toʻsiq konstruksiyalari yongʻinga qarshi boʻlishi va teshiklari boʻlmasligi lozim.
59. Gugurt saqlanadigan omborlar, uning maydonidan qatʼi nazar, avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
60. Gugurt saqlashga moʻljallangan omborda boshqa mahsulotlarni saqlash taqiqlanadi.
V bob. Gugurtni omborga joylashtirish
61. Gugurt yashiklari toʻgʻri burchakli shaklga ega boʻlgan shtabellarga uning mustahkamligini inobatga olgan holda taxlanadi. Bunda, shtabellarni taxlash mahsulotning va idishlarning sifati va miqdorini taʼminlagan holda, omborxonalardan imkon darajada oqilona foydalanish orqali, yuklash-tushirish ishlarini bajarish hamda saqlash jarayonida sifat nazoratini amalga oshirish uchun eng yaxshi qulaylik yaratishni inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Berib yuborish vaqtida navdan navga oʻzgarmasligi uchun gugurtni assortimenti, shakli va qadoqlanishiga qarab alohida shtabellarda joylashtirilishi lozim.
62. Gugurt shtabellari bir xil ishlab chiqarish sanasi boʻlgan (bir chorak davomida), bir xil yaroqlilik muddati boʻlgan bir yoki bir necha partiyadan shakllanadi va bir xil oʻlcham va balandlikdagi tagliklarda joylashtiriladi.
63. Gugurt yashiklari quruq va toza, asfalt polli omborlarda balandligi poldan 25 — 30 sm boʻlgan tagliklar ustiga, shuningdek yogʻoch polli, koʻp qavatli omborlarning ikkinchi qavatida 15 sm balandlikdagi tagliklarga joylashtiriladi.
64. Gugurt shtabellari orasida kengligi kamida 0,5 m boʻlgan yoʻlaklar qoldiriladi, toʻsiq konstruksiyalari va shtabellar orasidagi masofa kamida 0,5 m boʻlishi lozim.
65. Yongʻin xavfsizligini taʼminlash maqsadida shtabelning yuqori qatorlari hamda elektr simlari va chiroqlari orasidagi masofa kamida 0,5 m boʻlishi lozim.
66. Gugurtning sifatli saqlanishi ustidan nazoratni amalga oshirish, havoning eng maqbul aylanishini taʼminlash va gugurtlarni joylashtirishda mexanizmlardan foydalanish uchun qulaylik yaratish maqsadida omborlarda yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga muvofiq devorlar oldida boʻylama va koʻndalang yoʻlaklar qoldiriladi.
67. Yomgʻirli va qorli kunlarda yuklash va tushirish ishlari gugurt qutilariga namlik tushishidan saqlash uchun pana joyda (soyabon ostida) amalga oshiriladi. Salqin kunlarda yuklash-tushirish ishlari amalga oshirilayotganda eshik oldida turgan shtabellar brezent bilan yopiladi.
68. Har bir shtabelga gugurt yashiklari joylashtirilgandan soʻng shtabel yorligʻi biriktiriladi. Shtabel yorligʻiga shtabeldagi gugurtning amaldagi joylashishi chizmasi biriktiriladi. Shtabel yorligʻi gugurt qabul qilinganda qabul qilish dalolatnomasi, ilova hujjatlari hamda amaldagi sifat va miqdorning laboratoriya tahlillari natijalari asosida toʻldiriladi.
69. Yuklash-tushirish va transport-ombor ishlari belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Yuklash-tushirish va ombor ichida ishlarni amalga oshirish vaqtida idishlarga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish lozim.
VI bob. Gugurtni yuklash va joʻnatish
70. Gugurtni yuklash va joʻnatish Qoʻmita tomonidan beriladigan naryadlar asosida, birinchi navbatda sifat holatidan kelib chiqqan holda, ishlab chiqarilgan vaqtini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
71. Gugurtni yuklash va joʻnatishda uning oʻrinlari va netto ogʻirligiga (trafaret boʻyicha) qaraladi. Oʻrami buzilgan gugurtni berib yuborish yashikdagi qutilar soniga qarab va qutining amaldagi netto ogʻirligini aniqlash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
72. Gugurt texnik soz, toza, quruq, yot moddalarning hididan holi boʻlgan transport vositalariga joylashtiriladi. Transport vositasining kuzovi va tomiga alohida eʼtibor qaratiladi. Transport vositasining joʻnatishga tayyorligi laboratoriya xodimi, moddiy javobgar shaxslar va muhandis-texnik xodimlardan iborat komissiya tomonidan belgilanadi. Temir yoʻl hujjatlariga vagonni gugurt tashishga tayyorlash boʻyicha qilingan ishlar yozib qoʻyiladi. Avtomobil transportida tashilganda gugurt tashqi atmosfera taʼsiridan himoyalangan boʻlishi lozim.
II bob. Yakuniy qoida
73. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi hamda Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktori A. KURBANOV
2013-yil 21-iyun
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi A. RAMATOV
2013-yil 21-iyun
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi A. ABDUVALIYEV
2013-yil 21-iyun
Birinchi guruhga gugurt yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
1-ILOVA
Gugurtning asosiy koʻrsatkichlari va hajmlari

Koʻrsatkich nomi

Shakl

Ogʻish chegaralari

birinchi 4/4

ikkinchi 7/8

uchinchi 3/4

toʻrtinchi 2/3

xoʻjalik

beshinchi

oltinchi

yettinchi

sakkizinchi

1. Gugurt qutilarining gabarit oʻlchamlari mm:

uzunligi

56,5

56,5

50,5

50,5

110,0

102,0

92,0

± 1,0

kengligi

37,5

37,5

37,5

37,5

74,0

69,0

81,0

± 0,5

balandligi

18,5

16,5

16,5

14,5

37,0

34,0

46,0

± 1,0

2. Gugurt oʻlchami, mm:

uzunligi

47,5

47,5

42,5

42,5

47,5

42,5

42,5

42,5; 47,5

± 1,5

qalinligi

2,0 — 2,4

2,0 — 2,4

1,6 — 2,2

1,6 — 2,2

2,0–2,4

1,6 — 2,2

1,6 — 2,2

1,6 — 2,0 —

2,2 : 2,4

3. Qutidagi gugurtlarning oʻrtacha soni, dona

50,60

50,60

45,50,

40, 45,

500

500

700,

2000

55,60,

50,60

900,

70,75

1000

4. Alohida qutilarda gugurtlarning nominal miqdori, dona

42, 52

42, 52

38, 42,

37, 38,

480

480

670,

1900

47,52,

42, 52

860,

60,64

950

Birinchi guruhga gugurt yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
2-ILOVA
Namuna tanlash

Partiyadagi gugurt yashiklari soni ‎

Tanlash miqdori (yashiklarda) ‎

150 tagacha‎ 3‎
151 dan 1200 gacha‎ 5‎
1200 dan yuqori‎ 8‎
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 30-son, 401-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)