toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.07.2022
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 10-dekabrdagi PQ-1875-son qarori)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 10-dekabrdagi PQ-1875-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek magistraturada tayyorlanadigan kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirish, magistraturaga ilmiy faoliyat yuritish qobiliyatiga ega bo‘lgan va chet tillarni chuqur biladigan abituriyentlarni qabul qilinishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I.Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 10-iyul,
199-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-iyuldagi 199-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-avgustdagi 511-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 14-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“14. Magistraturaga kirish sinovi umumiy ballari quyidagilardan tashkil topadi:
magistraturaga kirishda tanlagan mutaxassislik bo‘yicha bilim darajasini belgilovchi maxsus fanlardan sinov o‘tkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 100 ballgachani tashkil etadi);
chet tili (xorijiy filologiya, xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishlari bazasidagi mutaxassisliklar uchun ikkinchi chet tili) bo‘yicha sinov o‘tkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 50 ballgachani tashkil etadi);
demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti asoslari bo‘yicha sinov o‘tkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 50 ballgachani tashkil etadi).
Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisining umumiy reytingi yoki o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (o‘zlashtirish tegishli ravishda 55 balldan 100 ballgacha bo‘lgan diapazonda ifodalanadi) aniqlanadi.
Xalqaro (TOEFL bo‘yicha kamida 58 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5 ball) sertifikat taqdim etganlarga chet tilidan 50 ball qo‘yiladi va ular chet tilidan kirish sinovida ishtirok etmaydi.
Magistraturaga o‘qishga kirishda eng ko‘p (maksimal) to‘planishi mumkin bo‘lgan ball – 300 ni tashkil etadi”;
b) 15-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“chet tili (xorijiy filologiya, xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishlari bazasidagi mutaxassisliklar uchun ikkinchi chet tili)”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qo‘shilsin:
“Tanlangan mutaxassislik bo‘yicha maxsus fanlardan sinov uchun belgilangan ballning 30-50 foizi abituriyentning mutaxassislik bo‘yicha ijodiy qobiliyatini, shuningdek ilmiy va ilmiy-texnik axborot bilan mustaqil ishlash, tizimli mustaqil tahlil qilish, xulosalar chiqarish bo‘yicha bilimini aniqlashga ajratiladi”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
g) 25-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“Magistraturaga har bir kirish sinovi uchun belgilangan maksimal ballning 55 foizi va undan kam ball to‘plaganlar navbatdagi kirish sinoviga kiritilmaydi hamda magistraturaga qabul qilinmaydi”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 28-son, 363-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)