UMIDSIZ SOLIQ QARZINI HISOBDAN ChIQARISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-noyabrdagi 736-sonli “Soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 18-iyuldagi PF-4455-son Farmonini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 24-oktabr,
307-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 24-oktabrdagi 307-son qaroriga ILOVA
Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi va “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat soliq xizmati organlari tomonidan umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibini belgilaydi.
Umidsiz deb e’tirof etilgan soliq qarzi hisobdan chiqarilishi kerak.
2. Tugatilayotgan yuridik shaxsning mol-mulki yetarli bo‘lmaganligi uchun qoniqtirilmagan soliq qarzi umidsiz soliq qarzi deb e’tirof etiladi.
3. Jismoniy shaxsning umidsiz soliq qarzi deb quyidagilar e’tirof etiladi:
vafot etgan jismoniy shaxsning soliq qarzi — jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan soliq qat’iy belgilangan soliqqa va 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallariga hisoblangan penya va (yoki) jarimalar, vafot etgan jismoniy shaxsning soliqlari va boshqa majburiy to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha soliq majburiyati summasining meros qilib qoldiriladigan mol-mulk qiymatidan ortig‘i yuzasidan. Vafot etgan jismoniy shaxsning qarzdorligi merosxo‘r mavjud bo‘lmagan taqdirda ham umidsiz hisoblanadi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-oktabrdagi 889-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/889/3945-son)
sud tomonidan bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan jismoniy shaxsning soliq qarzi, — ushbu jismoniy shaxsning mol-mulki qiymatidan ortiq bo‘lgan qismi yuzasidan. Jismoniy shaxsni bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etishni bekor qilish to‘g‘risida belgilangan tartibda qaror qabul qilingan yoxud jismoniy shaxsni muomalaga layoqatli deb e’tirof etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda ilgari hisobdan chiqarilgan soliq qarzi amal qilishi da’vo muddatidan qat’i nazar tiklanadi;
bankrot deb e’tirof etilgan yakka tartibdagi tadbirkorning soliq qarzi, mol-mulk yetarli bo‘lmaganligi uchun qoniqtirilmagan qismi yuzasidan.
II. Yuridik shaxslarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish
4. Tugatish boshqaruvchisi tugatish ishi natijalari bo‘yicha qoplanmagan soliq qarzi mavjud bo‘lgan taqdirda bankrot yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilgan joy bo‘yicha davlat soliq xizmati organiga xo‘jalik sudiga hisobot taqdim etish sanasidan kechikmay tugatishga doir ish yuritish taomilini o‘tkazish natijalari to‘g‘risidagi hisobotning nusxasini taqdim etishi shart.
5. Xo‘jalik sudining bankrot deb e’tirof etilgan yuridik shaxsning tugatish ishi tamomlanganligi to‘g‘risidagi ajrimi davlat soliq xizmati organi tomonidan ushbu yuridik shaxsning soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun asos hisoblanadi.
6. Yuridik shaxslarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha davlat soliq xizmati organi rahbarining yoki rahbar o‘rinbosarining qarori asosida amalga oshiradi.
Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi qarorga:
xo‘jalik sudining bankrot yuridik shaxsni tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi to‘g‘risidagi ajrimi nusxasi;
tugatishga doir ish yuritish taomilini o‘tkazish natijalari to‘g‘risidagi hisobotning nusxasi;
ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha soliq qarzi summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
joriy yil uchun soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkalari ilova qilinadi.
7. Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi qaror xo‘jalik sudining bankrot yuridik shaxsni tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi to‘g‘risidagi ajrimi nusxasi olingan sanadan boshlab uch ish kunidan kechikmay qabul qilinadi.
8. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan umidsiz soliq qarzi summasini hisobdan chiqarish, umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechikmay soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkasiga tegishli yozuvni kiritgan holda amalga oshiriladi.
III. Soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish
9. Bankrot deb e’tirof etilgan yakka tartibdagi tadbirkorning umidsiz soliq qarzi xo‘jalik sudining tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi to‘g‘risidagi ajrimi asosida hisobdan chiqariladi.
10. Soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning umidsiz soliq qarzi sudning qarzdor jismoniy shaxsni bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi qarori, shuningdek qarzdor jismoniy shaxsning vafot etganligi to‘g‘risidagi guvohnoma asosida hisobdan chiqariladi.
11. Soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning va yakka tartibdagi tadbirkorlarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha davlat soliq xizmati organi rahbarining yoki rahbarning o‘rinbosarining qarori asosida amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi qarorga:
bankrot bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorning tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi to‘g‘risidagi xo‘jalik sudining ajrimi;
ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha soliq qarzi summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
joriy yil uchun soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkalari ilova qilinadi.
Jismoniy shaxslarning umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi qarorga:
soliq to‘lovchining vafot etganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi (meros mavjud bo‘lgan taqdirda);
sudning soliq to‘lovchini bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi qarori;
ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha soliq qarzi summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
joriy yil uchun soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkalari ilova qilinadi.
12. Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi qaror ushbu Nizomning 9 va 10-bandlarida ko‘rsatilgan tasdiqlovchi hujjatlar olingan sanadan boshlab uch ish kunidan kechikmay qabul qilinadi.
13. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan umidsiz soliq qarzi summasini hisobdan chiqarish, umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechikmay soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkasiga tegishli yozuvni kiritgan holda amalga oshiriladi.
IV. Hisobdan chiqarilgan umidsiz soliq qarzi summasini hisobga olish va ular to‘g‘risida hisobot berish
14. Davlat soliq inspeksiyalari hisobdan chiqarilgan umidsiz soliq qarzi summasi hisobini yuritadilar.
Hisobdan chiqarilgan umidsiz soliq qarzi bo‘yicha hujjatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda saqlanadi.
15. Keyingi oyning 10-kunigacha har oyda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi hisobdan chiqarilgan umidsiz soliq qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning turlari bo‘yicha taqdim etadi.
V. Tomonlarning javobgarligi
16. Davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari ushbu Nizom qoidalariga rioya etilishi va ularning bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
17. Soliq to‘lovchilar va qonun hujjatlariga muvofiq ularning manfaatlarini ifodalashga vakil qilingan shaxslar, tugatish boshqaruvchisi buzilgan va noto‘g‘ri ma’lumotlar va hujjatlar taqdim etganliklari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tarzda javob beradilar.
Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga 1-ILOVA
Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risida QAROR
20__ yil “__” _________ № ________
________________________________________________________________ (umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish uchun
____________________________________________________ jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, STIR)
______ yil “____” __________dagi holati bo‘yicha
(so‘mda)
T/r
Soliqlar va majburiy to‘lovlar turlari
Qarzdorlik:
Hammasi
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha
hisoblangan penyalar bo‘yicha
jarimalar bo‘yicha
Jami:
___________________
davlat soliq inspeksiyasi rahbari
(tuman / shahar)
(rahbar o‘rinbosari)
_____________ /_______________________________/
(imzo)
(F. I. O.)
______________________ (tuman / shahar)
davlat soliq inspeksiyasining Soliqlar va majburiy to‘lovlar tushumlarini hisobga olish, tahlil qilish, ma’lumotlar bazasiga xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 43-son, 497-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/889/3945-son)