Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi BOSH DIREKTORINING
buyrugʻi
ELEKTRON ARXIV TOʻGʻRISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 23-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2317]
Oʻzbekiston Respublikasining “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-yil, 24-25-son, 192-modda) va “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 20-son, 230-modda) qonunlariga muvofiq buyuraman:
1. Elektron arxiv toʻgʻrisidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Bosh direktor A. ABDULLAYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 22-dekabr,
89-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi bosh direktorining 2011-yil 22-dekabrdagi 89-son buyrugʻiga ilova
Elektron arxiv toʻgʻrisidagi namunaviy
nizom
Ushbu Namunaviy nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Arxiv ishi toʻgʻrisidagi” (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-yil, 24-25-son, 192-modda) va “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 20-son, 230-modda) qonunlariga muvofiq, elektron arxiv faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom arxiv hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan tashkilotlarga (bundan buyon matnda – tashkilotlar deb yuritiladi) tatbiq etiladi.
2. Ushbu Namunaviy nizomda quyidagi atamalar qoʻllaniladi:
arxiv hujjatlari — fuqarolar, jamiyat va davlat uchun ahamiyati bois saqlanishi lozim boʻlgan matnli, qoʻlyozma va mashinada oʻqiladigan hujjatlar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinolentalar, fotosuratlar, fotografiya plyonkalari, chizmalar, sxemalar, xaritalar, shuningdek boshqa moddiy jismlardagi yozuvlar;
ilmiy-maʼlumotnoma apparati – yagona ilmiy-uslubiy asosda tuziladigan arxiv hujjatlarining tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi oʻzaro bogʻliq va oʻzaro toʻldiruvchan arxiv maʼlumotnomalari majmui;
elektron hujjat – elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega boʻlgan axborot;
elektron arxiv – arxiv maqomiga ega boʻlgan, tashkilot elektron hujjatlarini jamlovchi, hisobga oluvchi, saqlovchi va foydalanishni amalga oshiruvchi tashkilotning tarkibiy boʻlimi;
elektron arxiv axborot tizimi – elektron hujjatlarning saqlovini, konfidensialligini taʼminlovchi, hujjatlardan foydalanishni cheklovchi, foydalanish tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish imkonini beruvchi tezkor va qulay tarkibiy dasturiy tizim;
elektron arxivning axborot resursi – elektron arxivning axborot tizimi tarkibidagi elektron shakldagi axborot, maʼlumotlar banki, maʼlumotlar bazasi, shu jumladan tashqi axborot tashuvchilardagi elektron hujjatlar;
II. Elektron arxivni tashkil qilish, elektron arxiv hujjatlarining tarkibi
3. Elektron arxiv tashkilot tomonidan, uning tarkibiy boʻlinmasi sifatida belgilangan tartibda tashkil etiladi va ushbu Namunaviy nizomning talablariga muvofiq, uning rahbari tomonidan tasdiqlanadigan tashkilotning elektron arxivi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq ish faoliyatini olib boradi.
4. Tashkilotda idoraviy arxiv mavjud boʻlgan hollarda, elektron arxiv idoraviy arxivning tarkibiy boʻlinmasi sifatida tashkil qilinadi.
5. Elektron arxiv boshligʻi (arxiv uchun javobgar shaxs) tashkilot rahbari tomonidan tayinlanadi va ishdan boʻshatiladi.
6. Elektron arxivning ishi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadigan rejaga muvofiq tashkil etiladi.
7. Elektron arxiv tashkilotning rahbari yoki arxiv hujjatlari bilan ishlashni yoʻlga qoʻyish uchun javobgar boʻlgan tarkibiy boʻlinma rahbariga hisobot beradi.
8. Elektron arxiv boshligʻi va xodimlarining xizmat doirasidagi majburiyatlari tashkilot rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan mansab yoʻriqnomalariga muvofiq belgilanadi.
9. Ushbu Namunaviy nizomga muvofiq tashkilot oʻzining elektron arxiv toʻgʻrisidagi nizomini ishlab chiqadi va u Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligining tegishli organi yoki muassasasi bilan kelishgan holda tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 30-oktabrdagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3469, 31.10.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2023-y., 10/23/3469/0824-son)
10. Elektron arxivning elektron hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish faoliyati ustidan uslubiy rahbarlikni ushbu tashkilotni jamlash manbaiga kiritgan tegishli davlat arxivi amalga oshiradi.
11. Elektron arxiv hujjatlari tarkibiga quyidagilar kiradi:
tashkilot faoliyatida vujudga kelgan doimiy va vaqtincha saqlanadigan elektron hujjatlar;
shaxsiy tarkib boʻyicha elektron hujjatlar;
voris hisoblanuvchi tashkilotlarning avvalgi tashkilotlari hamda unga bevosita boʻysunuvchi qayta tashkil etilgan tashkilotlarning doimiy saqlanadigan va shaxsiy tarkib hujjatlari axborot resurslarining elektron arxivi nusxalari;
xizmat va idoraviy elektron nashrlar;
ilmiy-maʼlumotnoma apparati.
12. Elektron arxivga topshirilgan elektron hujjatlarning saqlanish muddati, qogʻoz asosdagi hujjatlar uchun oʻrnatilgan muddatlardan kam boʻlmasligi lozim.
III. Elektron arxivning asosiy vazifalari, funksiyalari
13. Elektron arxivning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
elektron arxivlarni elektron hujjatlar bilan jamlash, hisobga olish, ularni saqlash, shuningdek ulardan foydalanishni taʼminlash;
elektron arxivda saqlanayotgan elektron arxiv hujjatlaridan foydalanish uchun ilmiy-maʼlumotnoma apparatini tuzish;
elektron hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha tashkilotning tarkibiy boʻlinmalariga uslubiy yordam koʻrsatish;
axborot resurslarining arxiv nusxalarini tayyorlash va ularni qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda davlat saqloviga topshirish;
(13-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
elektron arxivning axborot resursini axborot xavfsizligini taʼminlash.
14. Elektron arxiv oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
hujjatlari elektron arxivga topshiriladigan tarkibiy tuzilmalar va boshqa tashkilotlarning roʻyxatini tuzish va ushbu roʻyxatga har yili aniqlik kiritib borish hamda elektron hujjatlar bilan ishlash faoliyatini muvofiqlashtirish;
doimiy saqlanadigan tashkiliy, maʼlumot va boshqa boshqaruv hujjatlar, shu jumladan shaxsiy tarkib boʻyicha elektron hujjatlarning roʻyxatlarini tuzish va tashkilot Ekspert komissiyasi (Markaziy ekspert komissiyasi) hamda tegishli “Oʻzarxiv” agentligining markaziy ekspert-tekshirish komissiyasi, arxiv ishi hududiy boshqarmalarining ekspert-tekshirish komissiyasi va Oʻzbekiston milliy arxivlarining ekspert tekshirish-uslubiy komissiyasiga taqdim etish;
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirligining 2024-yil 24-avgustdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2317-1, 27.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2024-y., 10/24/2317-1/0670-son)
tashkilotning Ekspert komissiyasi (Markaziy ekspert komissiyasi) ishida ishtirok etib, elektron hujjatlar arxivida saqlanayotgan hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini oʻtkazishni tashkil etish va tarkibiy tuzilmalarning elektron hujjatlarini qimmatliligini aniqlash ekspertizasini oʻtkazishda uslubiy hamda amaliy yordam koʻrsatish;
elektron hujjatlar nomenklaturasini tuzishda ish yuritish xizmatiga uslubiy yordam koʻrsatish;
elektron hujjatlardan foydalanishni tashkillashtirish;
elektron arxiv hujjatlari tarkibi va mazmuni bilan tashkilot rahbarini xabardor qilish;
belgilangan tartibda elektron hujjatlarning nusxasini xizmatda va ilmiy maqsadda foydalanish uchun berish;
elektron arxiv xodimlarini tizimli ravishda malakasini oshirishni tashkil etish;
tegishli davlat arxiviga belgilangan shakldagi elektron hujjatlar tarkibi va hajmi toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etish;
elektron arxivning axborot resurslarini jamlash, hisobga olish, saqlash va foydalanishda axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish;
elektron arxivning axborot resurslarini konfidensialligini va undan foydalanishni cheklash;
elektron arxiv hamda tashkilotning tegishli xodimlarini axborotdan foydalanish madaniyatini doimo oshirib borish.
IV. Elektron arxivning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
15. Elektron arxiv quyidagi huquqlarga ega:
tashkilot tarkibiy tuzilmalarida elektron hujjatlar bilan ishlash boʻyicha belgilangan qoidalarning bajarilishini nazorat qilish;
tashkilot tarkibiy tuzilmalaridan elektron arxiv faoliyati uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni soʻrab olish;
tashkilot rahbariyatiga hujjatli boshqaruv taʼminotining avtomatlashtirilgan tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish;
zarur hollarda tashkilotning tegishli mutaxassislarini ekspert va maslahatchi sifatida jalb qilish;
elektron arxivning axborot resurslarini toʻliqligini hamda berilayotgan arxiv maʼlumotlarining haqqoniyligini, shu bilan birga, ularning saqlovini taʼminlash boʻyicha boshqa tashkiliy va dasturiy-texnik choralarini koʻrish.
16. Elektron arxiv quyidagi majburiyatlarga ega:
ish yuritishda tugallangan doimiy, vaqtincha saqlanadigan, shuningdek shaxsiy tarkib elektron hujjatlarini idoraviy saqlovga qabul qilish;
elektron arxivdagi elektron hujjatlarni tizimli ravishda hisobini olib borish va toʻlaqonli saqlovini taʼminlash;
arxivda saqlanayotgan elektron hujjatlarga ilmiy-maʼlumotnoma apparatini toʻldirib borish va takomillashtirish;
elektron arxivning axborot resurslarini ichki, tashqi va tabiiy-texnogen taʼsirlardan saqlash;
elektron arxivning axborot resurslaridan, shu jumladan alohida elektron hujjatlardan foydalanish tarixini kuzatish.
17. Elektron arxiv tarkibiy tuzilmalarda elektron hujjatlar bilan ishlash boʻyicha belgilangan qoidalarning bajarilishi va elektron hujjatlarning saqlanishini taʼminlash uchun javobgardir.
V. Yakuniy qoidalar
18. Mazkur Namunaviy nizom Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori H. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2011-yil 22-dekabr,
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 3-4-son, 33-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 03.11.2023-y., 10/23/3469/0824-son; 29.08.2024-y., 10/24/2317-1/0670-son)