1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.20.00.00 Davlat mukofotlari. Yuqori darajalar va farqlovchi belgilar;
2.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.01.00 Umumiy qoidalar / 14.01.01.99 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat mukofotlari. Faxriy unvonlar. Yuqori darajalar va farqlovchi belgilar. Davlat mukofotlari va boshqa mukofotlar;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING “SOGʻLOM AVLOD UCHUN” ORDENI TAʼSIS ETISH TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish, yosh avlod salomatligini mustahkamlash, uni maʼnaviy, axloqiy va jismoniy jihatdan tarbiyalash, unga vatanparvarlik va oʻz Vatani — Oʻzbekistonga mehr-muhabbat tuygʻusini singdirish ishidagi alohida xizmatlarni ragʻbatlantirish maqsadida, shuningdek bolalar manfaatlari yoʻlida xayriya faoliyatini rivojlantirishda faol ishtirok etganlik uchun:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Sogʻlom avlod uchun” ordenini taʼsis etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin (Oʻzbekiston Respublikasining “Sogʻlom avlod uchun” ordeni toʻgʻrisidagi nizom va uning tasviri ilova qilinadi).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasiga binoan ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashiga taqdim etilsin.
LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining “Sogʻlom avlod uchun” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonuniga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 4-mart,
PF-575-son
“SOGʻLOM AVLOD UCHUN” ORDENI TOʻGʻRISIDAGI
NIZOM
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.21.00.00 Faxriy unvonlar, esdalik nishonlar. Faxriy yorliqlar;
2.04.00.00.00 Oila qonunchiligi / 04.08.00.00 Oila, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash]
1. “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan kishilar onalik va bolalikni muhofaza qilishdagi, sogʻlom avlodni kamol toptirish uchun eng yaxshi moddiy sharoit va axloqiy muhitni taʼminlashdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadilar.
2. “Sogʻlom avlod uchun” ordeni ikki darajadan iborat boʻladi:
I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni;
II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni.
I daraja ordenning oliy darajasidir.
I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan kishilar onalik va bolalikni muhofaza qilishda, inson ekologiyasini yaxshilashda, jismonan va axloqan sogʻlom avlodni, vatanparvarlik hamda oʻz Vatani — mustaqil Oʻzbekistonga har tomonlama sodiqlik va undan faxrlanish oliy tuygʻularini tarbiyalashda, onalik va bolalikni taʼminlash uchun munosib moddiy va maʼnaviy zamin yaratishda Oʻzbekiston davlati va xalqi oldidagi juda katta xizmatlari uchun mukofotlanadilar.
II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan sogʻlom avlodlarni kamol toptirish ishiga katta hissa qoʻshgan, onalik va bolalik toʻgʻrisida alohida gʻamxoʻrlik qiluvchi kishilar, nogironligi boʻlgan va yetim bolalarning vasiylari, bolalar va onalikka nisbatan muntazam oliy xayr-ehson koʻrsatuvchi jamoat tashkilotlari, xoʻjalik tuzilmalarining vakillari mukofotlanadilar.
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.22.00.00 Davlat mukofotlari, pul va boshqa mukofotlar;
2.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.03.00.00 Kommunal xoʻjalik / 08.03.01.00 Umumiy masalalar;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.12.00 Transport xizmatlariga tarif, yigʻim va imtiyozlar]
I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlanganlar quyidagi huquqlarga ega boʻladilar:
— yiliga bir marta (har ikki tomonga) Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida temir yoʻl, havo yoki shaharlararo avtomobil transportida shaxsan bepul yurish;
— shahar yoʻlovchilar transporti, qishloq joylarda avtomobil transportining barcha turlaridan (taksidan tashqari) shaxsan bepul foydalanish;
— imtiyozli tibbiy xizmatdan foydalanish va dori-darmonlarni tekin olish;
— kvartira va kommunal xizmatlar uchun haq toʻlashdan ozod boʻlish.
I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlanganlar bir vaqtning oʻzida bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravar miqdorida pul mukofoti oladilar.
(2-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlanganlar:
— shahar yoʻlovchilar transporti, qishloq joylarda avtomobil transportining barcha turlaridan (taksidan tashqari) shaxsan bepul foydalanish;
— imtiyozli tibbiy xizmatdan foydalanish va dori-darmonlar narxining 50 foizini toʻlash;
— kvartira va kommunal xizmatlar haqini 50 foiz miqdori toʻlash huquqiga ega boʻladilar.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.22.00.00 Davlat mukofotlari, pul va boshqa mukofotlar]
II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlanganlarga bir vaqtning oʻzida bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravar miqdorida pul mukofoti topshiriladi.
(2-bandning oʻn yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
I va II darajada “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida vazirliklar va idoralar, fan va madaniyat muassasalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi hamda viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining taqdimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni chiqadi.
“Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan boshqa davlatlarning fuqarolari ham mukofotlanishlari mumkin.
I va II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni koʻkrakning chap tomonida taqiladi.
Har bir mukofotlangan kishiga tegishli darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordenini topshirish bilan bir vaqtda mukofotlanganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar beriladi.
“Sogʻlom avlod uchun” ordenining darajalaridan qatʼi nazar bu orden bilan takroran mukofotlanilmaydi.
“SOGʻLOM AVLOD UCHUN” ORDENINING
TASVIRI
1. I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni oltin suvi yugurtirilgan metalldan tayyorlanib, 34 mm. diametrdagi toʻgʻri doira shakliga ega. Ordenning oʻng qismida quyoshning iliq nurlari aksida ona va bolaning qavariqli tasviri tushirilgan. Ordening orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasi gerbining qavariqli tasviri va doira boʻylab “SOGʻLOM AVLOD UCHUN” soʻzlari yozilgan. Doiraning yuqori qismida 12 ta yulduz tasvirlangan. Orden orqa tomonining chetlari boʻrtma hoshiyalangan.
Orden ilmoq va halqa yordamida yonlari kumush suvi yugurtirilgan dasta bilan biriktiriladi. Dastaning ichki qismi yashil rangli tovlanadigan lenta bilan oʻralgan. Lentaning oʻrtasida oltinrang oʻrik daraxtining gullab turgan shoxi oʻyib ishlangan.
2. II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni kumush suvi yugurtirilgan metalldan tayyorlanadi. Orden ilmoq va halqa yordamida yonlari oʻyma oltinrang dasta bilan biriktiriladi. Dastaning ichki qismi kumush rangli tovlanadigan lenta bilan oʻralgan. Lentaning oʻrtasida kumushrang oʻrik daraxtining gullab turgan shoxi oʻyib ishlangan.
I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni.
II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 3-son, 150-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)