1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.07.00.00 Mehnatni muhofaza qilish / 05.07.08.00 Ayrim tarmoqlarda mehnatni muhofaza qilish]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrug‘i
AVTOMOBIL YO‘LLARINI QURISH, TA’MIRLASH VA SAQLASHDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 11-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2253]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash va saqlashda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2011-yil 14-iyul,
42-B-son
O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2011-yil 14-iyuldagi 42-B-son buyrug‘iga ILOVA
Avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash va saqlashda mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash va saqlashda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash va saqlash ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar bino va inshootlarni loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II bob. Xavfsizlik bo‘yicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini hamda mehnatni muhofaza qilish xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha bo‘limni o‘z ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish o‘rinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish o‘rinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ma’muriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlar bilan yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari bo‘yicha mehnatni muhofaza qilish yo‘riqnomalari.
7. O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan tashkilotda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam bo‘lgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati o‘z maqomiga ko‘ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga bo‘ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlariga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish
11. Tashkilot xodimlari o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, ularning bilimlari sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini tekshirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish, o‘qitish va bilimlarni tekshirish, malaka oshirish hamda qayta tayyorlash to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
13. Ishlarni texnologik reglament bo‘yicha xavfsiz yuritish yo‘riqnomalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnatning og‘ir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
16. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
17. Tashkilot o‘ta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim. Ro‘yxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar va amaldagi tarmoq ro‘yxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
18. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishi va ishlarni bajarish usullarini o‘zlashtirib olishi shart.
19. O‘ta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Tashkilot rahbariyati o‘ta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga to‘la javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash
21. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali ta’minlanishi lozim.
22. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini me’yorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda uskunalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari bo‘lgan xonadagi barcha xodimlarga ta’sir qilganda qo‘llanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
24. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qo‘llanilishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
25. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.
26. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
himoya vositalarini qo‘llash va to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi;
yakka tartibdagi himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularning degazatsiya va dezinfeksiya qilinishi (bir marta qo‘llaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
27. Turli agressiv moddalar bilan ishlayotganda teri kasalliklarini oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish lozim.
28. Xodimlar maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan qonunchilik hujjatlarida belgilanadigan me’yorlarga muvofiq bepul ta’minlanishi lozim.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
6-§. Kasbiy tanlov
29. Tashkilotlarda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
30. Xodimlar, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
31. Bosim ostida ishlovchi ishlab chiqarish uskunalari va xavfi yuqori bo‘lgan ishlarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tgan va tegishli guvohnomaga ega bo‘lishi shart.
32. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan og‘ir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning ro‘yxatiga muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar og‘ir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
(33-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
34. Tashkilotda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
35. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi lozim.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
36. Majburiy tibbiy ko‘riklar tashkilotga tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, ular bo‘lmagan taqdirda esa tashkilot joylashgan yerdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan o‘tkaziladi.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
37. Ish beruvchi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud majburiy tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirishi shart.
(37-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
38. Davriy majburiy tibbiy ko‘riklar o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilishi va ularning natijalariga ko‘ra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklanadi.
(38-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
39. Xodimlarni sog‘lig‘i tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
40. Ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sun’iy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga mos bo‘lishi lozim.
(40-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
41. Yoritqichlarning konstruksiyasi va tuzilishi elektr tarmoqning nominal kuchlanishi va tashqi muhitga mos xolda bajarilishi kerak.
42. Binodan tashqarida o‘rnatilgan, nam, o‘ta nam, chang muhitli xonalardagi yoritqichlarning ishga tushirish apparatlari tashqi muhitdan himoyalangan usulda bajarilgan bo‘lishi kerak.
43. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarini ulash taqiqlanadi. Avariya yoritishlarni sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
44. O‘ta xavfli bo‘lmagan xonalarda barcha statsionar yoritqichlarga 220 V dan yuqori bo‘lmagan kuchlanishdan foydalanishga ruxsat etiladi.
45. Cho‘g‘lanma lampali mahalliy statsionar yoritqichlar uchun quyidagi kuchlanish qo‘llanishi lozim:
yuqori xavfli bo‘lmagan xonalarda — 220 V dan yuqori bo‘lmagan;
yuqori xavfli va o‘ta xavfli xonalarda — 42 V dan yuqori bo‘lmagan.
46. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi kerak.
47. Yorug‘lik tushuvchi oynalarni yilda kamida ikki marotaba tozalash lozim.
48. Yorug‘lik tushadigan deraza va eshiklarni turli predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) to‘sib qo‘yishiga ruxsat etilmaydi.
49. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizimda ishlatiladi (umumiy mahalliy bilan birgalikda). Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
50. Uchastka va xonalarda portlash bo‘yicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yig‘ilib qolish ehtimoli bo‘lsa, elektr yoritish tizimi portlashdan alohida bajarilishi kerak.
51. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda ko‘chma elektr yoritqichlardan foydalanilganda kuchlanish 36 V dan yuqori bo‘lmasligi kerak. O‘ta xavfli xonalarda (ishlab chiqarish uskunalari, bunkerlar, silososlar, quduqlar, bug‘lantirish kameralari, tunnellar va boshqalarni ichki sirtini) yoritish uchun ko‘chma elektr yoritqichlar uchun tarmoqdagi kuchlanish 12 V dan oshmasligi kerak.
52. Elektr yoritish tarmoqlari poldan 2,5 m dan past bo‘lmagan balandlikdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
9-§. Sanitariya va gigiyenaga qo‘yiladigan talablar
53. Tashkilot xonalari ish hududidagi harorat, nisbiy namlik, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
54. Noqulay omillar ta’siriga qarshi himoya tadbirlarini tuzishda samarali havo almashinuvi tizimini SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq tashkil qilish lozim.
(54-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
55. Ishlab chiqarish binolarida mikroiqlim SanQvaM 0203-06 “Ishlab chiqarish binolari mikroiqlimi sanitariya me’yorlari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
10-§. Tashkilot maydonlariga bo‘lgan xavfsizlik talablari
56. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi SHNQ 2.09.17-21 “Sanoat korxonalarining bosh rejalarini loyihalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga mos bo‘lishi kerak.
(56-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
57. Tashkilotda transport vositalarini va piyodalarni tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
58. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish hamda ish uchastkalari va sexlarning ko‘rinarli joylariga osib qo‘yilishi kerak.
59. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
60. Tashkilot maydonidagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
61. Yilning yoz vaqtida yo‘lkalar va o‘tish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan bo‘lishi lozim.
11-§. Bino va inshootlarga bo‘lgan xavfsizlik talablari
62. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(62-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
63. Yordamchi binolar va xonalar SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(63-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
64. Nam xonalarda hamda issiq o‘tkazuvchi pollarda (betonli, g‘ishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlashga mo‘ljallangan ish joylarida yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi kerak.
65. Pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalanadigan bo‘lishi kerak.
66. Binoga transport vositalarining kirish joylari darvozalar va signal asbob-uskunalari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
67. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar mustahkam o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
68. Transport vositalari binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari eni miqdoridan oshiq bo‘lishi kerak.
69. Darvozalarning balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan oshiq bo‘lishi kerak.
70. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
71. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam bo‘lmagan holda tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari, ularda topilgan nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va muddati ko‘rsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
72. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Xavfli hududlarda ishlab chiqarish jarayonlari halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi lozim, shuningdek xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
12-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar
73. Shamollatish va isitish SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(73-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
74. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
75. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari ruxsat etilgan o‘tish yo‘laklarining enini kamaytirmasligi kerak.
76. Ish joylarida havo harorati yengil jismoniy ishda 21 °C, o‘rtacha og‘ir ishda 17 °C va og‘ir ishda 16 °C dan past bo‘lmasligi lozim.
77. Xodimlarning isinishi uchun xonalarda havo harorati 22 °Cdan kam bo‘lmasligi kerak.
78. Isinish xonalarigacha bo‘lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan, bino tashqarisidagi ish joylaridan esa 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
13-§. Shovqin va tebranishga qo‘yiladigan talablar
79. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yo‘l qo‘yilgan darajasining sanitariya me’yorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari” talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
80. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasini muntazam nazorat qilib turish kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lgan hollarda uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo‘llanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga o‘zgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to‘suvchi qobiqlar o‘rnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so‘ndirgichlar qo‘llash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) to‘silgan xonalarda yoki sexdan tashqarida joylashtirish;
tebranishni kamaytirish uchun, uning manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va shu kabilar) mustaqil poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o‘rnatilishi kerak.
14-§. Suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qo‘yiladigan talablar
(14-paragrafning nomi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
81. Suv bilan ta’minlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” talabiga mos kelishi kerak.
(81-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
82. Ishlab chiqarish oqova suvlari, tashqi oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga yetib kelguncha zararli moddalardan tozalanishi lozim.
(82-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
83. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar bo‘lishi kerak. Suv quvurlari yo‘q bo‘lganda baklarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
84. Ichimlik suvining harorati 8 °C dan 20 °C gacha bo‘lishi kerak.
85. Ish joyidan suv ichish qurilmasigacha bo‘lgan masofa 75 m dan oshmasligi kerak.
86. Tashkilotda oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi yo‘q bo‘lganda davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qo‘l yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat o‘ralarining mavjud bo‘lishiga ruxsat etiladi.
(86-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
15-§. Mehnat va dam olishga qo‘yiladigan talablar
87. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
III bob. Ishlab chiqarish (texnologiya) jarayonlariga bo‘lgan talablar
1-§. Texnologiya jarayonlariga qo‘yiladigan umumiy xavfsizlik talablari
88. Texnologik jarayonlar GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi lozim.
89. Texnologik jarayonlarning xavfsizligi quyidagi talablarni amalga oshirish orqali ta’minlanadi:
uskunalarga xizmat ko‘rsatish tartibidagi texnologik jarayonlarni (ish turlarini), ish usullari va rejimlarini qo‘llash;
ishlovchilarga zararli ta’sir ko‘rsatmaydigan xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlarni, butlovchi mahsulotlarni qo‘llash (ushbu talabni bajarishning imkoni bo‘lmagan taqdirda texnologik jarayonning xavfsizligini va xodimlarning himoyasini ta’minlovchi choralar ko‘rish orqali);
shikastlanish va kasb kasalliklari manbai bo‘lmagan ishlab chiqarish uskunalarini qo‘llash;
xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining tarqalishini cheklovchi vositalarni qo‘llash;
uskunalarni to‘g‘ri joylashtirish va ish joylarini to‘g‘ri tashkil etish;
xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlarni, tayyor mahsulotlarni va ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va transport vositalarida tashishning xavfsiz usullarini qo‘llash;
xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining xususiyatiga mos keluvchi himoyalash vositalarini qo‘llash;
ish bajarilayotgan paytdagi xavfli hududlarni belgilash.
90. Texnologik jarayonlar atrof muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarining tegishli normativlaridan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi shart.
91. Texnologik jarayonlar soz uskunalarda, soz nazorat-o‘lchash asboblari, himoya to‘siqlari, blokirovkalar, ishga tushiruvchi apparatlar, texnologik asbob va uskunalar mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshirilishi lozim.
92. Texnologik jarayon qat’iy ravishda texnologik hujjatga muvofiq olib borilishi lozim.
2-§. Yong‘in va portlash bo‘yicha xavfsizlik talablari
93. Texnologik jarayonlar yong‘in va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.033-81 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Yong‘in xavfsizligi. Atamalar va ta’riflar”ga va ushbu Qoidalarga muvofiq ta’minlanishi lozim.
(93-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
94. Ishlash jarayonida sinalmagan yong‘in va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega bo‘lgan moddalar va materiallarni qo‘llash taqiqlanadi.
95. Binolar va xonalarning portlash jihatidan xavflilik toifalari loyiha tashkiloti tomonidan TLTM 24-86 “Texnologik loyihalashtirish tarmoq me’yorlari”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
96. Ishlarni amalga oshirishda yong‘inlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir bo‘lishi hamda atrof muhit uning chiqindilari (oqova suvlari, ventilyatsiya chiqindilari va boshqalar) bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
97. Binolar va xonalar dastlabki yong‘inni o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
98. Ventilyatsiya tizimi yong‘indan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan bo‘lishi kerak.
99. Binolar va xonalar uchun hududiy yong‘in xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqilishi va ko‘rinadigan joyga osib qo‘yilishi lozim.
100. Xodimlar bilan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va yong‘inni oldini olish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berilishi kerak.
101. Bino va yong‘in suv manbai yo‘laklari hamda yong‘in vositalari va uskunalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
3-§. Elektr qurilmalari va ularni ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasiga qo‘yiladigan talablar
102. Tashkilotda rahbarning buyrug‘i bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xo‘jaligi uchun mas’ul shaxs tayinlangan bo‘lishi va bu shaxs elektr xavfsizligi bo‘yicha tegishli malaka guruhiga ega bo‘lishi shart.
103. Kuchlanish 1000 V va undan yuqori bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatishda elektr xo‘jaligi uchun mas’ul shaxs elektr xavfsizligi bo‘yicha V malaka guruhiga va kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatishda IV malaka guruhiga ega bo‘lish talab etiladi. Mas’ul shaxs hamda tashkilotdagi elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatuvchi elektrotexnik xodimlar davriy ravishda o‘rnatilgan tartibda elektr xavfsizligi bo‘yicha bilim sinovidan o‘tishlari shart.
104. Tashkilotning elektr xo‘jaligiga javobgar shaxs quyidagilarni ta’minlashi shart:
elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr qurilma, apparatura va tarmoqlarda rejali ta’mirlash ishlari va profilaktik sinovlarni belgilangan muddatlarda o‘tkazilishini tashkil etishni;
elektr energiya sarfining hisobini olib borishni;
himoya vositalari va yong‘inga qarshi jihozlar mavjudligi va ularning o‘z vaqtida sinovdan o‘tkazib turilishini.
105. Elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatuvchi barcha elektrotexnik xodimlar kerakli himoya vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishlari talab etiladi.
106. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Iste’molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Iste’molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga rioya qilinishi kerak.
(106-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
107. Energota’minot korxonasi tomonidan berilgan texnik shartlar talablariga zid bo‘lgan elektr qurilma va jihozlaridan hamda shikastlangan elektr kabellar va simlardan foydalanish taqiqlanadi.
108. Yoritqichlar, elektr qurilmalar hamda elektr tarmoqlari xonalarning muhit sharoitlariga va u yerdagi ishlab chiqarishning xususiyatiga mos holda tanlanishi kerak.
109. Elektr qurilmalarda izolyatsiyaning ishdan chiqishi natijasida xodimlarning elektr tokidan jarohatlanishini oldini olish maqsadida barcha elektr qurilmalar zaminlangan yoki nollangan bo‘lishi kerak.
Elektr qurilmalarni zaminlash yoki nollash quyidagi holatlarda amalga oshirilishi lozim:
kuchlanish 380 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgaruvchan tok hamda 440 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgarmas tokda barcha elektr qurilmalarda;
nominal kuchlanish 42 V dan yuqori, lekin 380 V dan past bo‘lgan o‘zgaruvchan tok va 110 V dan yuqori, lekin 440 V dan past o‘zgarmas tokda — faqat yuqori xavfli, o‘ta xavfli xonalardagi va tashqi qurilmalarda.
Nominal kuchlanishi 42 V gacha bo‘lgan o‘zgaruvchan tokda va 110 V gacha bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlaydigan elektr qurilmalarni zaminlash yoki nollash talab etilmaydi. Umumiy metall konstruksiyaga o‘rnatilgan, kuchlanishi 42 V gacha bo‘lgan o‘zgaruvchan tokda ishlaydigan va 110 V gacha bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlaydigan kontrol kabellari, kuch kabellarining metall qobiqlari hamda portlash xavfi bo‘lgan xonalardagi elektr qurilmalar, payvandlash transformatorining ikkilamchi cho‘lg‘amlari bundan mustasno.
110. Yerga tok o‘tkazuvchi konstruksiyalar konturga payvandlangan, elektr uskuna, mashina va apparatlarning korpuslari ko‘p tolali egiluvchan sim orqali zanglamaydigan bolt bilan konturga biriktirilgan bo‘lishi kerak.
111. Elektr dvigatellarning aylanadigan qismlari va elektr dvigatelni mexanizmlar bilan bog‘lovchi qismlari (mufta, shkiv) to‘siq bilan himoyalangan bo‘lishi lozim.
4-§. Avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash va saqlash ishlarini olib borishda xavfsizlik talablari
112. Ko‘priklar va binolar qurilishida xavfsizlik texnikasi bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqilishi va grafik tuzilishi kerak. Grafiksiz ishlarni bajarish taqiqlanadi.
113. Yo‘l-qurilish ishlari chuqurligi 1,5 m dan ortiq bo‘lgan suv ustida bajarilayotganda ish joyi yaqinida qutqaruv jihozlari bilan jihozlangan navbatchi qayiq turishi kerak.
114. Yo‘l-qurilish ishlari boshlangunga qadar transport vositalarini qurilayotgan obyektlarga bemalol borishini ta’minlovchi kirish yo‘llari va ichki qurilish yo‘llari bo‘lishi lozim.
115. Harakatni tashkil etishga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan har qanday tasdiqlangan sxemalardan chetga chiqish, shuningdek nosoz texnik vositalardan foydalanish taqiqlanadi.
116. Yo‘l-qurilish ishlarini boshlashdan oldin xodimlar va yo‘l-qurilishi mashinalari mashinistlari bilan turli ishoralar va bayroqchalar yordamida beriladigan shartli signallar, yo‘l-qurilishi mashinalari va transport vositalarining harakatlanishi, burilish, kirish, materiallar va jihozlar saqlanadigan joylarda manyovrlash tartibi bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazilishi kerak.
117. Yo‘l-qurilish ishlarini bajarish chog‘ida ishlatiladigan vaqtinchalik yo‘l belgilari, to‘siqlar va boshqa texnik vositalarni o‘rnatish lozim.
118. Ish hududidagi xavfli joylar (xandaklar, kotlovanlar, o‘ralar) to‘siqlar (devorlar) hamda qorong‘i va tuman paytida yoqiladigan signal fonarlari bilan to‘silishi kerak.
119. Qurilish hududi transport vositalari va marshrutlar harakat xavfsizligini ta’minlovchi yo‘l belgilari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
5-§. Balandlikda ishlarni bajarishda xavfsizlik talablari
120. 5 m dan ortiq balandlikda bajariladigan ishlarga yoshi 18 dan kichik bo‘lmagan, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan, ishlarni xavfsiz bajarish talablarini biladigan va balandlikda ishlarni bajarish huquqini beruvchi guvohnomaga ega shaxslar qo‘yiladi.
121. Tirkama narvonlarda turib bajariladigan ishlar kamida ikki kishi tomonidan amalga oshirilishi kerak.
122. Silliq yuzaga o‘rnatiladigan ko‘chma narvonlarga rezina qoplangan bo‘lishi kerak. Yerga o‘rnatiladigan tirkama narvonlarga metall uchlar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
123. Bog‘langan narvonlardan, shuningdek elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatayotganda va ularni ta’mirlayotganda metall narvonlardan foydalanish taqiqlanadi.
124. Yog‘och tirkama narvonlarning pog‘onalari har 2 m dan tortqi boltlar bilan tortilgan tarang ip bilan mahkamlangan bo‘lishi kerak. Mix bilan qotirilgan yoki pog‘onalari tarang ipsiz mahkamlangan narvonlardan foydalanish taqiqlanadi. Yog‘och narvonning uzunligi 5 m dan oshmasligi kerak.
125. Tirkama narvonning umumiy uzunligi xodimga narvonning yuqori uchidan kamida 1 m masofadagi pog‘onada turib ishlarni bajarish imkonini berishi kerak.
126. Chaqmoq paytida va shamolning kuchi 6 balldan yuqori bo‘lganda havoza va ko‘prikchalarda turib ishlarni bajarish taqiqlanadi.
127. 1,5 m dan ortiq balandlikda ishlarni bajarishda himoya kamarlaridan foydalanish lozim.
128. Himoya kamarlarida pasport bo‘lishi va u har 6 oyda 225 kg statik yuk ostida 5 minut davomida sinalishi kerak. Himoya kamarida raqam va sinovdan o‘tkazilgan sana bo‘lishi kerak.
IV bob. Yo‘l-qurilishi mashinalarida ishlashda xavfsizlik talablari
1-§. Yo‘l-qurilishi mashinalarida ishlashda xavfsizlikning umumiy talablari
129. Yo‘l-qurilishi mashinalari, shu jumladan osma va tirkama uskunalar montaj qilinadigan bazaviy mashinalarni boshqarishga tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan va bunday mashinalarni boshqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish huquqini beradigan guvohnomaga ega shaxslar qo‘yilishi kerak.
130. Yo‘l-qurilishi mashinalariga xizmat ko‘rsatadigan xodimlar quyidagi asosiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan mashinalardan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomani bilishlari va unga amal qilishlari kerak:
mashinaning vazifasi va uning qo‘llanish sohasi;
mashina va uning asosiy elementlarining qisqacha tavsifi;
kinematik sxema va uning tavsifi;
mashinani boshqarish tizimi sxemasi va uning tavsifi;
moy quyish joylari, moylash materiallarining markalari, ularni quyish usullari va almashtirish davriyligi ko‘rsatilgan moylash sxemasi;
eng muhim mexanizmlarni rostlashga doir asosiy ma’lumotlar;
rostlanadigan uzellar va yig‘uv birliklari chizmalari yoki sxemalari, rostlash tartibi tavsifi, ularni bajarish davriyligi;
mashina va uning dvigatelidan foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar;
chegaraviy yuk va tezliklar to‘g‘risida ma’lumotlar;
mashinada ishlayotganda va unga texnik xizmat ko‘rsatayotganda xavfsizlik texnikasi qoidalari;
po‘lat arqonlar, zanjirlar, tasmalar, podshipniklar, tormoz tasmalari, kolodkalar, zichlagichlar va ayniqsa tez yediriladigan detallar spetsifikatsiyasi;
pnevmog‘ildirakli mashinalar uchun — burilish radiuslari va bo‘ylama o‘tuvchanlik miqdori, shina o‘lchamlari va ularda yo‘l qo‘yiladigan bosim to‘g‘risida ma’lumotlar.
131. Ish boshlangunga qadar har bir mashina sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirilishi, tekshirilishi va unda aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi, shuningdek mashinaning smena jurnali tekshirilishi, smenada texnik xizmat o‘tkazilganligi qayd qilib borilishi kerak.
132. Yo‘l-qurilishi ishlarida g‘ildirak yoki gusenitsa tormozlari, shuningdek qo‘l tormozlari bo‘lgan mashinalarda ishlash lozim.
133. Bir joydan boshqa joyga harakatlanganda atrofdagilar uchun xavfni yuzaga keltiradigan mashinalar tovush va yorug‘lik signalizatsiyasi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Mashina ishlayotganda har gal uni ishga tushirish, to‘xtatish, shuningdek harakat tezligini o‘zgartirishdan oldin mashinist tirkama mashinadagi operator va xodimlarni bu haqida ogohlantirish uchun signal berishi shart.
134. Sutkaning qorong‘i paytida ishlash uchun mashinalar yetarli miqdorda ichki va tashqi yoritish asboblari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Sutkaning qorong‘i paytida tashqi yoritish asboblarini qo‘shmasdan biror ishni bajarish taqiqlanadi.
135. Arqon-blok boshqaruv tizimli mashinada ishlaganda kamida bir haftada 1-marta arqonlar ko‘zdan kechirilishi lozim. Agar arqonning 1 m da 10 foizgacha tola uzilishi aniqlansa, u almashtirilishi lozim.
136. Gidravlik boshqaruv tizimli mashinalar ishlayotganda quyidagilar taqiqlanadi:
boshqaruv richaglarini keskin qo‘shish va uzish;
tizimning saqlovchi klapanini mustaqil rostlash (klapanni mexanik rostlashi kerak);
shlanglar uzilgandan keyin ishlash;
gidravlik tizimdagi ishchi suyuqlikni 60oS dan ortiq qizishiga yo‘l qo‘yish.
137. Kabinalar yoki boshqaruv maydonchalari hamda barcha richag va pedallar toza va quruq bo‘lishi kerak. Richag va pedallarning belgilangan vazifasiga qarab ularni qo‘shish yoki uzish uchun ta’sir kuchi quyidagi miqdorlardan oshmasligi kerak:
doim ishlatiladigan richaglar uchun 2—30 N;
tez-tez ishlatiladigan richaglar uchun 30—60 N;
kam ishlatiladigan richaglar uchun 120—200 N;
ishchi organlarni boshqarish pedallari uchun 40—80 N;
akselerator pedallari uchun 20—35 N.
138. Mashinist maxsus kostum, qo‘lqop va ko‘zoynakda ishlashi kerak. Ish paytida mashinistga mashinani dvigateli ishlagan holda qoldirish taqiqlanadi, shuningdek u mashina konstruksiyalarida, ayniqsa, bazaviy mashina yoki tyagach va osma yoki tirkama uskuna o‘rtasida hech kim bo‘lmasligini kuzatib turishi kerak.
139. Sun’iy inshootlar ustidan faqat ularning holati tekshirilgandan keyingina kesib o‘tish lozim. Bunda mashinaning, shuningdek bazaviy traktor yoki tyagachning massasi hisobga olinishi kerak.
140. Bazaviy mashinalarning kabinalarida begona shaxslarning bo‘lishi qat’iyan taqiqlanadi.
141. Bazaviy mashinalarning kabinalarida tibbiyot qutichasi bo‘lishi kerak.
2-§. Buldozerda ishlashda xavfsizlik talablari
142. Ko‘tarilishda 20o va tushishda 30o dan ortiq bo‘lgan nishabliklarda, shuningdek ko‘ndalang nishablik 25o dan ortiq bo‘lganda buldozerning ishlashi taqiqlanadi.
143. Yangi to‘kilgan ko‘tarma bo‘ylab tuproq surayotganda buldozerni u qiyalikdan tushib ketmasligi uchun ko‘tarma chekkasiga traktor g‘ildiragi yoki gusenitsasi chetidan 1 m dan kam masofaga yaqinlashtirish taqiqlanadi.
144. Otvalni cheklagichgacha ko‘tarishga ruxsat etilmaydi.
145. Ish paytida buldozer bexosdan to‘xtab qolganda, otval yerga tushirib qo‘yilishi lozim.
146. Otval yerga kiritilgan, shuningdek yuklangan holda buldozerni burish, yomg‘irli havoda va loyli yerda buldozer bilan ishlash taqiqlanadi.
147. Buldozer qisqa muddatga to‘xtaganda ulovchi mufta uzib qo‘yilishi, dvigatel kichik oborotga o‘tkazilishi, tezlikni almashtirish richagi neytral holatga keltirilishi va otval pastga tushirilgan holatda bo‘lishi lozim.
148. Buldozer nisbatan uzoq muddatga to‘xtaganda otval pastga tushirilishi, dvigatel o‘chirilishi va tormoz qo‘shilishi kerak.
3-§. Skreperda ishlashda xavfsizlik talablari
149. Skreperda ishlaganda quyidagi talablarga rioya qilinishi kerak:
skreper bazaviy traktor yoki boshqa mashina bilan qattiq moslama yordamida ulanishi;
skreper ko‘tarilishda ishlayotganda uning pichog‘ini juda chuqur botirmaslik;
skreperlar yordamida gruntni qazishda chegaraviy bo‘ylama nishablik 12 — 15o, ko‘ndalang nishablik esa 15 — 20o bo‘lishi va bunda grunt quruq bo‘lishi;
skreper faqat uzatish lebyodkasi o‘chirilgan holatda tashilishi;
skreperni ish uchastkasidan tashqarida harakatlantirayotganda uning kovshi ko‘tarilgan holda mahkamlangan bo‘lishi;
kovshda turish va faqat arqon-blokli yoki gidravlik boshqaruv tizimi ushlab turadigan klapan ko‘tarilgan holda biror ish bajarmaslik;
gidravlik boshqaruvli skreper dishlosi va bazaviy mashina o‘rtasida uzunligi skreper va mashina o‘rtasidagi elastik shlanglar uzunligidan kam bo‘lgan saqlovchi arqon mahkamlanishi;
pnevmatik skreper tebranganda qulf halqali disk oldida xodimlarning turmasligi.
150. Itaruvchi traktor, skreperda yoki itaruvchi sifatida buldozer ishlatilganda quyidagi ehtiyot choralar ko‘rilishi kerak:
skreper mashinistining o‘tirg‘ichdan va bazaviy mashina kabinasidan tushib qolishiga, shuningdek skreperning buzilib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun itaruvchi mashina bir tekis, siltovlarsiz harakatlanishi;
zarbalarni yumshatish uchun itaruvchi mashina yog‘och bufer bilan jihozlangan bo‘lishi;
itaruvchi mashina va traktor yoki skreper ulangan boshqa bazaviy mashinaning harakat tezligi bir xil bo‘lishi;
itaruvchi mashina va skreper dvigatellari bir xil markali bo‘lishi;
kovsh bir xil tezlikda to‘ldirilishi;
itaruvchi mashina skreperga taqab harakatlanishi.
4-§. Greyderlarda ishlashda xavfsizlik talablari
151. Greyderni tashishda u bazaviy traktor bilan qattiq moslama yordamida ulanishi lozim. Shatakka olish zanjir va arqonlari halqa va ilgaklar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
152. Ish uchastkasi oxirida greyderni burib olish, shuningdek sun’iy inshootlar ustidan kesib o‘tish traktorning bir xil tezligida bajarilishi kerak.
153. Nishabligi 12 — 15o dan ortiq bo‘lgan grunt yo‘llardan o‘tayotganda greyder traktor bilan qattiq moslama yordamida ulangan bo‘lishi kerak. Tormozlash uchun otvaldan foydalanishga ruxsat etiladi.
154. Greyder pichog‘ini o‘rnatish va qayta o‘rnatish ishlari ikkita xodim tomonidan bajarilishi kerak.
155. Harakat chog‘ida bazaviy traktor va greyder o‘rtasida turish va shatakka olish qurilmalari ustidan o‘tish taqiqlanadi.
V bob. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlikning umumiy talablari
156. Ishlab chiqarish uskunalari montaj qilish, foydalanish va ta’mirlash paytida ishlarning xavfsizligini ta’minlashi, yong‘in va portlash xavfidan xoli bo‘lishi, ulardan foydalanish jarayonida atrof muhitni zararli moddalar bilan sanitariya me’yorlaridan ortiq miqdorda ifloslantirmasligi va namlik, quyosh radiatsiyasi, mexanik tebranishlar, bosim va haroratning o‘zgarishlari natijasida xavf-xatar yuzaga keltirmasligi lozim.
157. Ishlab chiqarish uskunalarining harakatlanuvchi qismlari to‘silgan yoki GOST 12.2.062-81 talablariga muvofiq blokirovkalash, to‘xtatish, xabardor qilish tizimlari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
158. Ishlab chiqarish uskunalarining elementlari (elektr o‘tkazgichlari, o‘tkazish quvurlari, kabellari va boshqalar) ularning shikastlanishiga imkon bermaydigan holatda tayyorlangan bo‘lishi lozim.
159. Barcha nazorat moslamalari (termometr, monometr, hisoblagich va boshqalar), shuningdek signal beruvchi chiroqlarning joylashuvi ishlab chiqarish uskunalarini ishlatish va sozlash paytida qulay kuzatish imkoniyatini ta’minlashi kerak.
160. Katta o‘lchamli (gabaritli) ishlab chiqarish uskunalari va ularning qismlariga xizmat ko‘rsatish, tekshirish, ta’mirlash va sozlash uchun qulay hamda yerdan 2 m va undan balandda joylashganda to‘siqlari va zinalari bor maydonlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
161. Uskunalarni boshqarish organlarida ularning vazifasi ko‘rsatilgan aniq yozuvlar yoki shartli belgilari bo‘lishi lozim.
162. Ishlab chiqarish uskunalari tarkibiga kiruvchi himoya vositalari:
o‘chirib qo‘yilgan yoki nosoz ishlab chiqarish uskunasining ishlashini cheklab qo‘yishi;
xavf tug‘ilgan yoki odam xavfli hududga yaqinlashgan holatlarda ishlab ketishi;
faqat xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining ta’siri tugagandan so‘nggina o‘zining himoya vazifasini tugatishini ta’minlashi;
himoya vositalarining ayrim elementlari ishdan chiqqan taqdirda, qo‘shimcha xavf-xatarni yuzaga keltirmagan holda boshqa himoya vositalarining himoyalash vazifasini ta’minlashi;
xizmat ko‘rsatish va nazorat qilish uchun qulay bo‘lgan joyda o‘rnatilgan bo‘lishi, ayrim hollarda ularning ishlashini avtomatik ravishda nazorat qiluvchi qurilmalar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
163. Ishlab chiqaruvchi uskunalar o‘tkir uchli, qirrali va boshqa jarohatlashi mumkin bo‘lgan elementlarga, shuningdek to‘silmagan issiq yoki juda ham sovutilgan qism va detallarga ega bo‘lmasligi lozim.
164. Ishlab chiqaruvchi uskunalarning tuzilishi va joylashishi montaj qilish, xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashda qulaylik va xavfsizlikni ta’minlashi kerak.
165. Ishlab chiqaruvchi uskunalarning barcha aylanuvchi va harakatlanuvchi qismlari butunlay yoki to‘r parda bilan to‘silgan bo‘lishi kerak.
166. Tez-tez tekshirilib turiladigan to‘siqlar tez yoki oson yechiladigan bo‘lishi kerak.
2-§. Foydalanishga kiritishdan oldin uskunalarning texnik holatiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
167. Qismlarga ajratilgan uskunalarning ishlash qobiliyati ularni yig‘gandan keyin foydalanishga kiritishdan oldin tekshirilishi lozim. Agar tekshirish jarayonida nuqsonlar aniqlansa, ishlab chiqaruvchi tashkilotga ularni tayyorlash sifati bo‘yicha reklamatsiyaga yuborilishi kerak.
168. Uskunalarning texnik holati ularni tashqi ko‘zdan kechirish, salt holatda yurgizib ko‘rish, yuk bilan sinab ko‘rish yo‘li bilan tekshirilishi lozim. Shundan keyin uskunani kuch agregatidan boshlab ishchi organlar tomonga muayyan ketma-ketlikda ko‘zdan kechirish va ko‘zga ko‘rinadigan nuqsonlar bor-yo‘qligi aniqlanishi lozim.
169. Ayrim yo‘l ishlarining mavsumiy bajarilishi ba’zi mashina va uskunalar — avtogudronatorlar, asfaltyotqizgichlar, o‘ziyurar katoklar, gruntaralashtirgichlar va boshqalarni ish bo‘lmagan paytda konservatsiyalash talab etilishini inobatga olgan holda, ularni foydalanishga kiritishdan oldin ichki va tashqi detallaridagi konservatsiya moyi olib tashlanishi lozim. Dizel yoqilg‘ida ishlaydigan dvigatellarni konservatsiyadan chiqarishda silindrlar bloki kallagining suv yo‘llariga 90—95oS gacha qizdirilgan suv yoki bug‘ yuborilishi kerak.
Bunda dizel yoqilg‘ida ishlaydigan dvigatel detallari qiziydi, erigan moy karterga oqib tushadi. Bir vaqtning o‘zida tirsakli valni ikki-uch oborotga aylantirish kerak. Konservatsiya moyi oqib tushishi to‘xtagach dvigatelni konservatsiyadan chiqarish tugagan hisoblanadi.
170. Konservatsiyadan chiqarilgan mashina va uskunalarning texnik holati ularni tashqi ko‘zdan kechirish, salt holatda yurgizib ko‘rish, yuk bilan sinab ko‘rish yo‘li bilan tekshirilishi lozim.
171. Mashina yoki uskunalarni tashqi ko‘zdan kechirish chog‘ida ularning kuch agregatidan boshlab ishchi organlar tomonga muayyan ketma-ketlikda ko‘zdan kechirish orqali ko‘zga ko‘rinadigan nuqsonlar bor-yo‘qligi aniqlanishi lozim.
172. Salt holatda ishlatib ko‘rish orqali barcha agregat va uzellarning ishlashi, to‘g‘ri yig‘ilganligi, ularning ishlanganlik darajasi va oson ishga tushishi, shuningdek moylash tizimidagi bosim, ishonchli ishlashi tekshirilishi lozim.
173. Mashina yoki uskunani foydalanishga kiritishdan oldin yuk ostida ishlatib ko‘rish lozim. Bunda ularning texnik tavsiflarining foydalanish sinovlari ma’lumotlariga muvofiqligi tekshiriladi.
174. Yangi yoki kapital ta’mirdan chiqqan mashina yoki uskunani qabul qilib olgandan keyin titraydigan detallar chiniqtirilishi shart.
175. Agar chiniqtirish davrida ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan berilgan yo‘riqnomada ko‘rsatilgan vaqt mobaynida mashina va uskunalarning normal va uzluksiz ishlashi ta’minlangan bo‘lsa, ular chiniqtirish tugashi bilan foydalanishga qabul qilinishi kerak.
176. Yo‘l qurilishi mashinalari va uskunalari montaj qilinib, chiniqtirilgach va maxsus komissiya tomonidan sozligi tekshirilib dalolatnoma tuzilgandan so‘ng foydalanishga kiritilishi lozim.
VI bob. Ta’mirlash ishlarini bajarishda xavfsizlik
1-§. Ta’mirlash ishlarini bajarishda xavfsizlikning umumiy talablari
177. Tashkilotning ta’mirlash xizmati uskunalarning mehnat xavfsizligi standartlari, ularning texnik pasportlari, texnik yo‘riqnomalari va ishlab chiqaruvchi zavodning boshqa hujjatlarining talablariga mosligini ta’minlashi lozim.
178. Uskunalar zarur texnik holatda bo‘lishi uchun tashkilotda unga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, rejali va oldini oluvchi ta’mirlashning qat’iy bajarilishi hamda ta’mirlash ishlarining sifatini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozim.
179. Asosiy uskunalarni kapital va joriy ta’mirlash ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ishlarni tashkil etish loyihasiga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Ishlarni tashkil etish loyihalarida ta’mirlashni o‘tkazishga javobgar shaxslar, shuningdek ta’mirlash ishlarining tartibi va xodimlarning xavfsizligini ta’minlovchi choralar ko‘rsatilishi lozim.
180. Ishlayotgan sexlarda pudratchi tashkilotlar tomonidan bajariladigan ta’mirlash, qurilish va montaj ishlari naryad-ruxsatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
181. Barcha hollarda ta’mirlash ishlarining bajarilish tartibi va usullari bosh muhandis yoki uning o‘rinbosari bilan kelishilishi lozim.
182. Ta’mirlash ishlari bajariladigan hudud to‘silgan holatda bo‘lishi va u yerda xavfsizlik plakati va belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
183. Ta’mirlash ishlari boshlanishidan avval ta’mirlashda band bo‘lgan barcha xodimlar ishlarni tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va ta’mirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazilishi lozim.
184. Nosoz yuk ko‘taruvchi mexanizm va moslamalarda, shuningdek shahodatlangan muddati tugagan mexanizmlarda ishlash taqiqlanadi.
185. Yechib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yig‘ishtirib qo‘yilishi lozim.
186. Ta’mirlash paytida ish joylarini, yo‘llarni, yo‘laklarni va zinapoyalarni turli narsalar bilan to‘sib qo‘yish taqiqlanadi.
187. Havoza va to‘shamalarida ishlash uchun ehtiyot kamarlari va arqonlaridan foydalanishlari shart.
188. Ehtiyot kamarlari arqonining mahkamlanish joyi konstruksiyalarda avvaldan belgilab qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
189. Ta’mirlash ishlari bajarilayotgan hududdagi elektr o‘tkazgichlari yoki uskunalarning kuchlanish ostida bo‘lgan ochiq qismlari oldindan elektr tokidan o‘chirib qo‘yilgan yoki maxsus izolyatsiyalovchi vositalar bilan ishonchli himoyalangan bo‘lishi lozim.
190. Xodimlarning qizigan uskunaning ichiga kirgan holda ta’mirlash ishlarining olib borilishiga uskunani shamollatib, ichidagi gazlar butunlay chiqarib yuborilgandan va havoning harorati ko‘pi bilan 40 °C gacha pasaytirilgandan so‘ng ruxsat etiladi.
191. Barcha ta’mirlash ishlari sex yoki tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan shaxslarning rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
192. Materiallarni uskunaning ish maydonchasiga uzatish mexanizatsiyalashgan bo‘lishi va ular tushib ketmaydigan usulda bajarilishi lozim.
193. Ta’mirlash olib borilayotgan joy va barcha o‘tish joylari belgilangan me’yorlarga muvofiq yoritilishi lozim.
194. Ta’mirlash tugagach barcha keraksiz konstruksiyalar, asbob-uskunalar, materiallar va chiqindilar sexdan olib ketilishi, to‘siqlar, saqlovchi moslamalar va blokirovkalar o‘z joyiga o‘rnatilishi lozim.
2-§. Yo‘l-qurilishi mashinalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlashni amalga oshirish
195. Yo‘l-qurilishi mashinalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash ishlari faqat maxsus ajratilgan, barcha uzel va detallar bilan ishlash qulay, yaxshi yoritilgan joylarda bajarilishi kerak.
196. Ta’mirlash chog‘ida dvigatel to‘xtatilishi (uni rostlash ishlaridan tashqari hollarda) kerak. Dvigatel ishlagan holda faqat buldozer otvali, skreper hamda arqonli va gidravlik boshqaruvli boshqa uskunalarning kovshini ko‘tarish va tushirish mexanizmi ishlashini tekshirishga ruxsat etiladi.
197. Texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash punktlari mashinalarning massasi 50 kg dan ortiq bo‘lgan alohida qismlari va uzellarini ko‘tarish uchun mo‘ljallangan ko‘tarish moslamalari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Yuk ko‘tarish mexanizmlari va moslamalarini belgilangan yuk ko‘tarish qobiliyatidan ortiq yuklash taqiqlanadi.
198. Uchqun hosil bo‘lishi va yuqori harorat bilan bog‘liq ishlar ta’mirlanayotgan mashinadan tashqarida bajarilishi kerak, ta’mirlash talab etiladigan detal yoki uzelni yechib olish imkoniyati bo‘lmagan hollar bundan mustasno.
199. Payvandlash ishlari mashinadan kamida 20 m uzoqlikdagi masofada bajarilishi lozim.
200. Yo‘l-qurilishi mashinalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlashda faqat texnik shartlarda ko‘zda tutilgan, shuningdek xodimlar (mashinistlar, ta’mirlovchilar) ishlatishga o‘rgatilgan asbob va moslamalar ishlatilishi lozim.
201. Buldozer, skreper va boshqa mashinalarga arqonlarni o‘rnatish va ehtiyot sim arqon qo‘yish ishlari qo‘lni uzilgan sim arqon tolalari shikastlashidan saqlovchi qo‘lqoplarda bajarilishi kerak. Sim arqonlarning kesimi va uzunligi ishlab chiqaruvchi zavodning tavsiyalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
202. Dvigateli ishlab turgan mashina va uskunalarda montaj-demontaj, ta’mirlash ishlarini bajarish, yoqilg‘i quyish, dvigatel tizimlari, reduktorlar va boshqa uzellarda moyni almashtirish, shuningdek mashinaning uzel va detallarini moylash taqiqlanadi.
203. Gidrotizimlarni ko‘zdan kechirish, ularda mahkamlash ishlarini bajarish va kichik nosozliklarni bartaraf etishda nasoslarning uzatmalari o‘chirilgan, gidrotizimlar esa umuman bosimdan uzilgan bo‘lishi kerak.
204. Gidravlik boshqaruvli yo‘l qurilishi mashinalariga texnik xizmat ko‘rsatishda tizimdagi moy bosimi mashina uchun pasportda belgilangan me’yordan, harorat esa 65oS oshmasligi kuzatib turilishi kerak. Gidravlik tizimning saqlovchi klapani plombalangan va manometr bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
205. Texnik xizmat ko‘rsatilgan mashinaning ishlashini tekshirish chog‘ida kabinada begona shaxslarning bo‘lishi taqiqlanadi. Texnik xizmat va ta’mirdan chiqqan mashina salt holatda va yuk ostida tekshirilishi va shundan keyin ishga chiqarilishi kerak.
206. Yo‘l-qurilishi mashinalarida ishlaydigan barcha shaxslar yong‘inga qarshi jihozlardan foydalanishni bilishlari kerak.
207. Dala sharoitida vaqtinchalik mashina turadigan joylar quruq o‘tlardan tozalangan, atrofi 1 m kenglikda shudgor qilingan va yog‘och-taxta omborxonalari, daraxtzorlar, pichan g‘aramlari va turli uy-joylardan kamida 10 m masofada joylashgan bo‘lishi kerak. Mashina turadigan joylarda chekish va ochiq olov bilan bog‘liq turli ta’mirlash ishlarini bajarish taqiqlanadi.
208. Tirkama va osma uskunali traktorlarda, shuningdek o‘ziyurar mashinalarda yong‘in o‘chirish uskunalari bo‘lishi kerak. Traktor va mashinalar saqlanadigan joylarda ham yong‘in o‘chirish uskunalari va qum to‘ldirilgan yashiklar bo‘lishi kerak.
209. Yong‘inga qarshi jihozlar maxsus shitda joylashtirilgan bo‘lishi kerak.
210. Mashinalar ta’mirlash tashkilotiga yurgizib (masofa kichik bo‘lganda), shatakda, treyler yoki mashina kuzovida (ba’zan maxsus avtomobillarda) va temir yo‘l orqali olib kelinishi lozim.
211. Ta’mirlash tashkilotiga yurgizib kelingan mashinadan zaxira yoqilg‘i, moy, ishchi va sovutish suyuqliklari to‘kib olinishi kerak.
3-§. Ta’mirlash o‘tkazish muddatlari, ta’mirlash ishlarini bajarish uchun mas’ul shaxsni tayinlash
212. Ta’mirlashdan belgilangan muddatlarda o‘tmagan mashinalar foydalanish uchun qo‘yilmaydi.
213. Texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash reja-grafiklarini tuzish uchun tashkilotlarda muntazam ravishda mashinalarning ishlagan vaqti hisobini yuritish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
214. Mashinani reja-grafikda belgilangan muddatda kapital ta’mirlashga qo‘yishdan oldin komissiya uning texnik holatini tekshirishi kerak. Komissiya tarkibiga bosh muhandis, bosh mexanik va tegishli mashina mashinisti kiritilishi lozim.
215. Agar mashina yoki uskunaning texnik holatiga ko‘ra reja-grafikda belgilangan muddatda uni ta’mirlash talab etilmasa, komissiya undan foydalanishni davom ettirish uchun ruxsatnoma berishi, uni navbatdagi ko‘zdan kechirish sanasi yoki tegishli ta’mir o‘tkazish uchun qo‘yish sanasini belgilashi kerak.
216. Mashina reja-grafikda belgilangan muddatdan ilgari ta’mirlashga faqat komissiyaning xulosasi, tegishli dalolatnoma bo‘yicha yuborilishi kerak.
217. Mashinani texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun to‘xtatishning belgilangan muddatlariga va ularning davomiyligiga rioya qilinishi ustidan nazorat tashkilotining bosh muhandisi (bosh mexanigi) tomonidan amalga oshirilishi kerak.
4-§. Ta’mirlanadigan uchastkani ajratish (to‘sish) va maxsus ta’miroldi ishlarni bajarishda xavfsizlik qoidalari
218. Texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini boshlashdan oldin dala sharoitida yo‘l qurilishi mashinalariga texnik xizmat ko‘rsatish va joriy ta’mirlash ishlarini bajaradigan brigada mexanik-rahbari va liniya mexanigi mashina texnik xizmat ko‘rsatish va joriy ta’mirlash uchun joylashtiriladigan maydoncha tanlashlari kerak.
219. Maydoncha gorizontal holatda hamda yo‘lning qatnov qismi va qurilayotgan obyektdan xodimlarni avtomobillar urib yuborishiga yo‘l qo‘ymaydigan masofada joylashgan bo‘lishi kerak.
220. Mashina tanlangan maydonchaga qo‘yilishi, tormozlanishi va g‘ildiraklari, gusenitsasi yoki sirg‘alib yuruvchi qismi ostiga pona-qistirmalar qo‘yilishi, tirkama mashina yoki uskuna uzib qo‘yilishi kerak.
221. Tashqi tozalashdan oldin mashinadan elektr asboblari, panellari, akkumulyatorlar, kabinalar, kojuxlar va to‘siqlar yechib olinishi lozim.
222. Mashinalar beton maydonchalarda yoki qismlarga ajratish uchastkasiga imkon qadar yaqin joylashgan xonalarda tozalanishi kerak. Uchastkalar suv oqib chiqish yo‘llari, estakada, qaytgan suvni saqlash uchun rezervuar, tindirgichlar, neft mahsulotlarini tutib qoluvchi qurilmalar, moy yig‘ish qudug‘i bilan jihozlanishi lozim.
223. Mashinalarni qismlarga ajratish va qismlarga ajratish ketma-ketligi, operatsiyalar va o‘tishlar tartibi texnologik hujjatlar talablariga muvofiq belgilanishi kerak.
224. Ta’mirlash jarayonida harakatlanadigan va qo‘zg‘almas birikmalar qismlarga ajratilishi lozim.
225. Mashina qismlarga ajratilgandan keyin uning detallari tozalanishi lozim.
5-§. Ta’mirlash ishlarini va ta’mirlashdan so‘ng qabul qilishni xavfsiz olib borilishini ta’minlovchi talablar
226. Ta’mirlash jarayonida xodimlar QMQ 3.01.02-00 “Qurilishda xavfsizlik texnikasi” talablari va mehnat xavfsizligi standartlari tizimi qoidalariga rioya qilishlari kerak.
227. Mashinalarni ta’mirlash chog‘ida ularning o‘z-o‘zidan harakatlanishiga qarshi choralar ko‘rilishi kerak.
228. Xodimlar bajariladigan ishning xususiyatiga mos bo‘lgan asbob va moslamalar komplekti bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
Nosoz asbob va moslamalardan foydalanish taqiqlanadi.
229. Asbob va moslamalarning holati kamida 1 oyda bir marta tekshirilishi kerak.
230. G‘ildiraklari yechib olingan va faqat domkrat, tal va boshqa ko‘tarish qurilmalarida turgan mashinalarda ta’mirlash ishlarini bajarish taqiqlanadi.
231. Ko‘tarilgan va arqonlar yoki gidravlik mexanizmlar yordamida ushlab turilgan mashinalarning ostida turish taqiqlanadi.
232. Bo‘yoq ishlari bajariladigan ishlab chiqarish uchastkalari havo tortish va yuborish ventilyatsiyasi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
233. Bo‘yash va quritish kameralarining elektr uskunalari portlash xavfsizligini hisobga olgan holda o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
234. Statsionar payvandlash (eritish) postlari mahalliy ventilyatsiya tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
235. Payvandlash ishlari bajariladigan joylarda o‘t olish xavfi bo‘lgan materiallardan foydalanish taqiqlanadi. Payvandlovchining oyog‘i ostida rezina gilamcha bo‘lishi va payvandlash va eritish qurilmalari ishonchli yerga ulangan bo‘lishi kerak.
236. Ochiq maydonchalar va ishlab turgan uskuna joylashgan xona zarur to‘siqlar, himoya va saqlovchi moslama va qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Ish joylarida va qurilish maydonchasida begona shaxslarning bo‘lishi taqiqlanadi.
237. Benzinda ishlaydigan dvigatellarni ta’mirlashdan oldin ularning yuzalari kerosin bilan ho‘llangan latta bilan yaxshilab artilishi kerak.
238. Benzin qo‘yish kolonkalari yoki nasoslar dvigatellarining detallarini ta’mirlashdan oldin tozalash va zararsizlantirish uchun vaqti-vaqti bilan almashtirib turiladigan ishqorli eritma yoki kerosinga solish lozim.
239. Ishqorli eritmalar konsentratsiyasi ko‘pi bilan 6 foiz bo‘lishi kerak. Ishqorli eritmada yuvilgandan so‘ng albatta qaynoq suv bilan chayilishi lozim.
240. Montaj qilingan yoki ta’mirlangan mashinani foydalanishga tushirishdan oldin quyidagilar bajarilishi lozim:
odamlarni xavfsiz masofaga ko‘chirish;
mashinaning ichidagi begona narsalarni olib tashlash;
himoya to‘siqlarining mavjudligi va mustahkamligini tekshirish;
harakatlanadigan qismlarni moylash va rostlash;
saqlash va nazorat-o‘lchash asboblarining sozligini tekshirish;
mashinani salt holatda va yuk ostida sinab ko‘rish.
241. Ta’mirlash ishlari o‘tkazilgandan so‘ng mashina uchastka mexanigi va u biriktirilgan mashinist tomonidan belgilangan tartibda qabul qilib olinishi lozim.
VII bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
242. Tashkilotlarni (sexlarni) loyihalashtirishda, qurishda (montaj qilishda) mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
243. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(243-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VIII bob. Yakuniy qoida
244. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyachi, “O‘zkommunxizmat” agentligi, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi va “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. XODJAYEV
2011-yil 13-iyul
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2011-yil 13-iyul
Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2011-yil 13-iyul
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NORBOYEVA
2011-yil 13-iyul
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2011-yil 13-iyul
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2011-yil 13-iyul
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘i B.GULYAMOV
2011-yil 13-iyul
“O‘zkommunxizmat” agentligi bosh direktori O‘.XALMUXAMMEDOV
2011-yil 13-iyul
“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi E.AKRAMOV
2011-yil 13-iyul
“O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi M.ABDULLAYEV
2011-yil 13-iyul
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 32-33-son, 339-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son; 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)