1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.78.00 (Кучини йукотган) Taʼlimning boshqa turlari. Qoʻshimcha (maktabdan tashqari) taʼlim]
“BARKAMOL AVLOD” BOLALAR MARKAZLARI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-maydagi 331-sonli “Maktabdan tashqari taʼlim tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maktabdan tashqari taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 28-fevraldagi 50-son qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Barkamol avlod” bolalar markazlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 18-fevraldagi 59-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1995-y., 2-son, 5-modda) bilan tasdiqlangan Maktabdan tashqari muassasa toʻgʻrisida nizomning 2-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyatining xususiyatlari Vazirlar Mahkamasining alohida qarorida belgilanadi”.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 11-may,
130-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 130-son qaroriga ILOVA
“Barkamol avlod” bolalar markazlari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan “Barkamol avlod” bolalar markazlari (keyingi oʻrinlarda “Markaz” deb ataladi) faoliyatini tartibga soladi.
2. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va uning hududiy organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va boshqa hujjatlariga, ushbu Nizomga hamda oʻz Ustaviga amal qiladi.
3. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz ustaviga, bank hisob raqamiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga, yuridik manzili koʻrsatilgan shtampga va blankalarga ega boʻladi.
4. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan “Barkamol avlod” bolalar markazining namunaviy ustavi asosida oʻz ustavini ishlab chiqadi. Ustav muassis tomonidan tasdiqlanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari hamda tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tegishli ravishda Markazlarning muassislari hisoblanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
6. Markazlarning umumiy faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Respublika miqyosidagi Markazlar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufida, Toshkent shahar va viloyatlar Markazlari tegishli xalq taʼlimi boshqarmalari tasarrufida hamda tuman (shahar) Markazlari tegishli tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tasarrufida faoliyat yuritadi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
7. Markaz Oʻzbekiston Respublikasida joriy etilgan uzluksiz taʼlim tizimining tarkibiy qismi boʻlgan davlat maktabdan tashqari taʼlim muassasasi hisoblanadi, oʻquvchilarga qoʻshimcha taʼlim-tarbiya berishga moʻljallangan.
II. Markazning asosiy vazifalari
8. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
bolalarning ehtiyojlari va qiziqishlariga muvofiq ularning ijodiy va badiiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularning foydali dam olishini tashkil etish;
mehnatsevarlikni, kasb tayyorgarligining dastlabki oʻquv va koʻnikmalarini singdirish, fan va texnikani rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlariga muvofiq texnik vositalar va kompyuter texnologiyalari ishini oʻrganishni tashkil etgan holda bolalar texnik ijodkorligini rivojlantirish;
bolalar tomonidan jonajon oʻlka tarixi, arxeologik va madaniy meros chuqur oʻrganilishi, mamlakatimizning tabiiy boyliklari bilan tanishtirish hamda ekologiya va atrof muhit muhofazasi sohasidagi asosiy bilimlarni egallab olish;
maktabdan tashqari taʼlim tizimiga ilgʻor pedagogik usullar va metodlardan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻqitishning yangi shakllarini keng joriy etish.
III. Markaz faoliyatini tashkil etish
9. Markaz koʻp tarmoqli boʻlib, u faoliyat yuritadigan hududning xususiyati, oʻquvchilarning qiziqishlari va ehtiyojlariga koʻra ularning ijodiy imkoniyatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan texnik, badiiy ijodiyot, oʻlkashunoslik va ekologiya yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan holda faoliyat koʻrsatadi.
Markaz 6 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalarga ularning har tomonlama kamol topishlari va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 275-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 361-modda)
Markaz muassis tomonidan davlat muassasasi sifatidagi tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlaridan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
10. Markaz alohida binoda yoki umumtaʼlim maktablari binolarining alohida oʻquv bloklarida alohida kirish joyi bilan taʼminlangan va maktabdagi oʻqish jarayoniga xalaqit bermaydigan holda tashkil qilinadi hamda mustaqil ravishda faoliyat koʻrsatadi.
Umumtaʼlim maktablari binolarining alohida oʻquv bloklarida tashkil qilingan Markazlarda elektr energiyasini hisobga olishning alohida priborlari oʻrnatiladi va elektr energiyasi uchun toʻlovlar elektr taʼminoti tashkiloti bilan belgilangan tartibda tuzilgan shartnoma boʻyicha amalga oshiriladi. Qolgan kommunal xarajatlar esa Markazlar egallab turgan binoning maydoni va hajmidan kelib chiqib, umumtaʼlim maktablariga moliya organlari bilan kelishuv boʻyicha qoplanadi.
Shuningdek, Markaz tasarrufida sayyohlik bazalari va oʻquv tajriba-sinov maydonchalari ham tashkil etilishi mumkin.
Markaz tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga oid chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
11. Markazda texnik, badiiy ijodiyot, oʻlkashunoslik va ekologiya yoʻnalishlaridagi toʻgaraklar tashkil etiladi. Markazda tashkil etiladigan toʻgaraklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 275-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 361-modda)
Toʻgaraklar oʻz faoliyatini oʻquv dasturlari asosida amalga oshiradi. Oʻquv dasturlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Respublika taʼlim markazi qoshidagi tegishli ilmiy-metodik kengashda tasdiqlanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining buyrugʻi bilan amaliyotga tatbiq etiladi.
12. Markazda tashkil etiladigan toʻgarak mashgʻulotlari maktabdan tashqari taʼlimga qoʻyilgan davlat talablariga muvofiq birinchi, ikkinchi va keyingi oʻquv yillarida tegishli oʻquv dasturlari asosida, xususan, texnik, badiiy ijodiyot, oʻlkashunoslik va ekologiya yoʻnalishlari boʻyicha guruhlarga boʻlib oʻtkaziladi.
Toʻgarak mashgʻulotlari oʻquv dasturlari talablariga koʻra butun oʻquv yili uchun hamda qisqaroq muddatlarga ham tashkil etiladi.
Toʻgarak mashgʻulotlari oʻquv yilining 15-sentabridan boshlanib 25-mayda yakunlanadi. Yozgi taʼtil kunlari uchun alohida mavsumiy rejalar tuziladi.
Markazning toʻgarak mashgʻulotlari jadvali toʻgarak aʼzolari uchun qulay tartibda, ularning yoshi, psixofiziologik xususiyatlari va sanitariya-gigiyena normalari inobatga olingan holda pedagogik xodimlarning taqdimnomasiga koʻra maʼmuriyat tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi.
13. Markazda toʻgarak mashgʻulotlarining tashkil etilishi uchun haftada 6 akademik soat ajratiladi. 6 yoshli bolalar uchun olib boriladigan toʻgarak mashgʻulotlari vaqti 35 daqiqa etib belgilanadi va u haftada 2 akademik soatdan oshmasligi lozim.
Markazda har bir guruhdagi toʻgarak aʼzolarining soni birinchi oʻquv yilida 10 nafardan, ikkinchi va undan keyingi oʻquv yillarida esa 8 nafardan kam boʻlmasligi lozim.
Toʻgaraklar oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, maxsus oʻquv dasturlari asosida birinchi va ikkinchi oʻquv yillaridan keyingi oʻquv yillari uchun ham tashkil etilishi mumkin. Maxsus oʻquv dasturlari mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan tartibda tasdiqlanishi zarur.
14. Markaz taʼtil paytlarida oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, dam olishlarini toʻlaqonli amalga oshirish maqsadida muassasalar va mahallalarda (ovullarda) ota-onalar (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) bilan hamkorlikda turli yoʻnalishdagi ommaviy tadbirlarni tashkil etishi mumkin.
15. Markaz tomonidan oʻquvchilarga qoʻshimcha taʼlim olganligi toʻgʻrisida ushbu Nizomga ilova qilingan namunadagi shaklda guvohnoma beriladi.
16. Markaz tegishli xalq taʼlimi organlari bilan kelishgan holda oʻz yoʻnalishlari boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim maktablarida tashkil etiladigan toʻgaraklar faoliyatiga amaliy-uslubiy yordam koʻrsatadi.
17. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari bilan hamkorlikda xodimlarning malakasini oshirishni taʼminlaydi, ilgʻor tajribalar asosida toʻgarak oʻquv dasturlarini tuzish va takomillashtirishga oid ishlarni olib boradi.
Markaz oʻquv yili natijalari boʻyicha toʻgarak aʼzolari bilim, koʻnikma va malakalarining maktabdan tashqari taʼlimga qoʻyilgan davlat talablariga mosligini soʻrovnomalar, seminarlar, koʻrik-tanlovlar, musobaqalar, testlar va boshqa shakllarda muntazam nazorat qilib boradi.
Markaz oʻrnatilgan tartibda vazirlik va idoralar, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, ijodiy uyushmalar, jamgʻarmalar, boshqa tashkilotlar, mahallalar (ovullar), ota-onalar (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) bilan uzviy hamkorlikda ish olib boradi.
IV. Taʼlim jarayoni ishtirokchilari
18. Toʻgarak aʼzolari, ota-onalar (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) va pedagog xodimlar Markaz taʼlim jarayonining ishtirokchilari hisoblanadi.
19. Toʻgarak aʼzolarining huquqlari quyidagilardan iborat:
Markazda ixtiyoriy ravishda maktabdan tashqari taʼlimga qoʻyilgan davlat talablari asosida taʼlim olish;
qiziqishlariga koʻra toʻgarak turini tanlash;
bir necha toʻgaraklarda qatnashish, yil davomida qiziqish va istaklariga qarab boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlsa boshqa toʻgaraklarga oʻtish;
insoniy qadr-qimmatining hurmat qilinishi, vijdon erkinligi, axborot erkinligi, oʻz qarashlari va eʼtiqodini ifodalash;
Markazning jamoatchilik organlarini saylash va ularga saylanish;
Markazning ish faoliyatini takomillashtirishga oid takliflar kiritish.
Markazning moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish va uni asrab-avaylash;
Markaz Ustavi va ichki tartib-qoidalariga, axloqiy va maʼnaviy normalarga rioya qilish.
21. Ota-onalar (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) quyidagi huquqlarga ega:
oʻz farzandlari uchun toʻgarak turini tanlash;
Markaz maʼmuriyatidan mazkur muassasa Ustaviga muvofiq zarur shart-sharoitlarni yaratishni talab qilish;
bola shaxsiga hurmat bilan munosabatda boʻlishni talab qilish;
Markazni jamoatchilik asosida boshqarishda ishtirok etish.
22. Ota-onalar (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) majburiyatlari:
farzandining jismoniy va ruhiy sogʻlom boʻlishi uchun gʻamxoʻrlik qilish;
bolaning qadr-qimmatiga hurmat bilan qarash, uni mehnatsevarlik, ezgulik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;
farzandida qonunlarga itoatkorlik, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat tuygʻusini tarbiyalash;
farzandiga toʻgarak mashgʻulotlarida ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
ota-ona toʻlovlarini belgilangan tartibda oʻz vaqtida toʻlab borish.
23. Markazning pedagog xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
oʻz kasbiy shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish;
Markazni boshqarishda ishtirok etish;
Markaz maʼmuriyatiga toʻgaraklar faoliyatini yaxshilash boʻyicha takliflar kiritish;
kasb faoliyati uchun sharoitlar bilan taʼminlanish, malakasini oshirish, qayta tayyorgarlikdan oʻtish, taʼlim shakli, uslubi va vositalarini tanlashda tashabbus koʻrsatish.
24. Markazning pedagog xodimlari quyidagi majburiyatlarga ega:
maktabdan tashqari taʼlimga qoʻyilgan davlat talablari hamda oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan oʻquv qoʻllanmalari va dasturlari asosida taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish;
pedagog axloq-odobiga qatʼiy rioya qilish;
oʻquv-tarbiyaviy ishlarni yuqori saviyada olib borish, taʼlim mazmunini takomillashtirish, oʻqitish vositalarini yaratishda faol qatnashish;
bolaning qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda boʻlish, ularda mehnatsevarlik, ezgulik, mehr-shafqat kabi fazilatlarni shakllantirish, ona Vataniga sadoqat, davlat tiliga, milliy va umuminsoniy, tarixiy va madaniy qadriyatlarga, ota-onaga va oʻzidan katta yoshdagilarga hurmat, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalash;
oʻzining nazariy bilim darajasini, pedagogik mahorati va kasb malakasini uzluksiz ravishda oshirib borish va oʻz ustida muntazam ishlash;
oʻquv-tarbiyaviy va uslubiy ishlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
oʻquvchilarning ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.
V. Markazda pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish
25. Oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining tegishli maʼlumotiga hamda kasbiy tayyorgarlikka, yuksak axloqiy fazilatlarga ega shaxslar Markazda pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishga haqli.
Shuningdek, zarur hollarda, tegishli pedagogik maʼlumotga ega boʻlmagan, ammo kasbiy tayyorgarlikka va yuksak axloqiy sifatlarga hamda “Usta”, texnik va sayyohlik sohasi boʻyicha “Sport ustasi” yoki “Sport ustaligiga nomzod” maqomiga ega boʻlgan shaxslar ham Markazda pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishga jalb qilinishi mumkin.
26. Markazda toʻgarak mashgʻulotlarini oʻtkazishga asosan umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻqituvchilari oʻtilgan mashgʻulotlar hajmiga proporsional ravishda soatbay haq toʻlagan holda shartnoma asosida jalb etiladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 275-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 361-modda)
27. Sud hukmi bilan yoki tibbiy xulosaga koʻra pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi taqiqlangan shaxslarning Markazda ushbu faoliyat bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Markaz pedagog xodimlarining faoliyati oʻquvchilar shaxsini, ularning madaniy saviyasini, faolligini, mustaqilligini, masʼuliyatliligini, ongli, intizomli, uyushqoq va tartibli boʻlishini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim.
28. Markaz toʻgarak rahbarlarining haftalik ish yuklamasi 24 soatni tashkil etadi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 601-modda)
VI. Markazning huquq va majburiyatlari
29. Markaz quyidagi huquqlarga ega:
Markaz xodimlari va toʻgarak aʼzolaridan muassasaning Ustavi va ichki tartib qoidalariga rioya etilishini talab qilish;
toʻgarak mashgʻulotlarini oʻtkazishni takomillashtirish va taʼlim jarayonini metodik taʼminlash boʻyicha takliflar kiritish;
moliyalashtirishning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan turli manbalari hisobiga budjetdan tashqari mablagʻlarni shakllantirish.
30. Markazning majburiyatlari:
xalq taʼlimi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va boshqa hujjatlari, koʻrsatmalarini bajarish;
oʻz Ustavida nazarda tutilgan vazifalarni ijro etish;
maktabdan tashqari taʼlimga qoʻyilgan davlat talablari, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan oʻquv qoʻllanmalari va dasturlari asosida taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish;
oʻquvchilarning maktabdan tashqari taʼlimga boʻlgan ehtiyojini oʻrganish, nazarda tutilayotgan toʻgarak aʼzolari kontingentini aniqlash;
oʻquv rejasini tegishli xalq taʼlimi organlari bilan kelishish;
taʼlim-tarbiya jarayonini oʻrnatilgan tartibda sanitariya-gigiyena normalariga va xavfsizlik qoidalariga muvofiq tashkil etish;
Markazning moddiy-texnik taʼminoti va kadrlar salohiyatini rivojlantirish;
toʻgaraklarni tashkil etishda toʻgarak aʼzolarining yoshi, ruhiy-fiziologik holati, layoqati va qiziqishlarini inobatga olish.
VII. Markazni boshqarish
31. Markazga oʻrnatilgan tartibda muassis tomonidan tayinlanadigan direktor rahbarlik qiladi.
32. Pedagogik kengash Markazda oʻzini-oʻzi boshqarishning yuqori organi hisoblanadi.
Markazning pedagogik jamoasi toʻgʻridan toʻgʻri ochiq ovoz berish yoʻli bilan Pedagogik kengash tarkibini saylaydi.
(32-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 275-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 361-modda)
Pedagogik kengash yigʻilishi Markaz faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish, uning faoliyati sifat va samaradorligini oshirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi.
Pedagogik kengash yigʻilishi yilning har choragida kamida bir marta oʻtkaziladi.
33. Oʻquv-tarbiya jarayonini rivojlantirish va takomillashtirish, pedagogik xodimlarning kasb mahoratlarini va ijodiy oʻsishlarini kuchaytirish maqsadida markazda pedagogik xodimlarni birlashtiruvchi jamoaviy organ — uslubiy kengash tuziladi.
Uslubiy kengash raisi pedagogik xodimlar jamoasi tomonidan saylanadi.
Uslubiy kengash oʻquv rejalari, dasturlari, oʻquv qoʻllanmalarini yangi pedagogik texnologiyalar asosida joriy etish yoʻllarini muhokama qiladi, pedagogik xodimlarning ijodiy tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish ishlarini tashkil qilish yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
VIII. Markazning mol-mulki va pul mablagʻlari
34. Muassis yoki vakolatli davlat organi Markazga mol-mulkni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda biriktiradi.
Markaz oʻziga biriktirilgan mol-mulkni va xarajatlar smetasi boʻyicha oʻziga ajratilgan mablagʻlar hisobiga sotib olingan mol-mulkni qonun hujjatlariga muvofiq tasarruf etadi.
Markaz faoliyati davlat budjeti va boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
Quyidagilar markazning mol-mulkini va moliyaviy resurslarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablagʻlar;
ota-onalar toʻlovlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
35. Markaz aholiga, turli tashkilotlarga pullik taʼlim xizmatlari va boshqa xizmatlar koʻrsatishga, shuningdek, qonun bilan taqiqlanmagan, muassasaning asosiy faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan boshqa tegishli faoliyat turlari bilan shugʻullanishga haqli.
Quyidagilar Markaz mablagʻlarining qoʻshimcha manbalari hisoblanadi:
oʻquvchilar va pedagog xodimlar tomonidan oʻquv jarayonida tayyorlangan buyum va mahsulotlarni belgilangan tartibda sotishdan tushgan mablagʻlar;
asosiy mashgʻulotlardan tashqari paytda, taʼlim-tarbiya jarayoniga taʼsir etmagan holda, boʻsh turgan bino va inshootlar, oʻquv jihozi va asbob-uskunalarini belgilangan tartibda ijaraga berishdan tushgan mablagʻlar;
eskirgan va yaroqsiz holga kelgan uskunalarni belgilangan tartibda roʻyxatdan chiqarish orqali tushgan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
boshqa tushumlar.
36. Pedagog xodimlarni mukofotlash belgilangan tartibga koʻra amalga oshiriladi.
37. Markazning moddiy-texnika bazasi yerlarni, binolarni, kutubxonalarni, sport zallarini, kommunikatsiya, mashina va uskunalarni, transport vositalarini hamda taʼlim va tarbiya jarayonida foydalaniladigan boshqa anjomlarni oʻz ichiga oladi.
IX. Xalqaro hamkorlikda qatnashish
38. Markaz qonunchilikda belgilangan tartibda maktabdan tashqari taʼlim boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi mumkin.
X. Yakuniy qoida
39. Markaz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etilishi va tugatilishi mumkin.
“Barkamol avlod” bolalar markazlari toʻgʻrisida nizomga ILOVA
Oʼzbekiston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar markazida maktabdan tashqari taʼlim haqida
toʻgaragida maktabdan tashqari taʼlimga qoʻyilgan davlat talablari asosida taʼlim oldi.
Markaz direktori _____
_____________________________________
(imzo)
(familiyasi, ismi)
Muhr oʻrni
Sana: _____________ Qayd raqami: _____________
Guvohnoma tavsifi
“Barkamol avlod” bolalar markazida maktabdan tashqari taʼlim haqida davlat namunasidagi
GUVOHNOMA
“Barkamol avlod” bolalar markazida maktabdan tashqari taʼlim haqidagi guvohnoma A4 formatli qalin oq qogʻozda toʻrt xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, koʻk, qizil ranglarda chiqariladi.
Varaqning yuqori qismidan 20 mm chekingan holda diametri 46 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi joylashtiriladi. Varaqning ikki yon tarafidan 15 mm va quyi qismidan 15 mm chekingan tasmaning eni 6 mm ni tashkil etadi.
Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI “Barkamol avlod” bolalar markazida maktabdan tashqari taʼlim haqida GUVOHNOMA” soʻzlari bosiladi. Guvohnomaga ikki lotin harfi — MT va tartib raqami qoʻyiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 190-modda; 2016-y., 52-son, 601-modda; 2017-y., 20-son, 361-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)