1.06.00.00.00 Ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisidagi qonunchilik. Ijtimoiy himoya / 06.10.00.00 Nogironlar va fuqarolarning boshqa toifalarining ijtimoiy himoyasi;
2.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.01.00.00 Uy-joy fondi / 08.01.04.00 Davlat uy-joy fondi / 08.01.04.03 Maqsadli foydalanishga moʻljallangan kommunal uy-joy fondi;
3.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.02.00.00 Fuqarolarni uy-joy bilan taʼminlash. Uy-joy fondidan foydalanish / 08.02.08.00 Fuqarolarning ayrim toifalarini davlat uy-joy fondiga qarashli uy-joy binolari bilan taʼminlash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xizmat]
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turar joylar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktabrdagi 656-sonli “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni turarjoylar bilan taʼminlash tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turarjoylar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga turarjoylar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan maqsadli kommunal uy-joy fondidagi uylardan yoki vaqtincha foydalanilmayotgan, davlat mulki boʻlgan yotoqxonalardagi, uy-joylardagi hamda koʻp kvartirali uylardagi boʻsh turgan kvartiralardan beriladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, boʻsh turgan turarjoy boʻlmaganda, tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy norma doirasida uy-joy maydoni boʻlgan turarjoyni sotib olish uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar yoki tegishli hokimliklarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan maqsadli transfert, shu jumladan budjet mablagʻlari beriladi.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun turarjoylar sotib olish uchun maqsadli transfertlar, shu jumladan budjet mablagʻlari berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
4. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va davlat boshqa tashkilotlari foydalanilmayotgan yotoqxonalar, uy-joylar va koʻp kvartirali uylardagi boʻsh turgan kvartiralarning ular negizida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun oilaviy yotoqxonalar va kvartiralar tashkil etish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlariga foydalanish uchun berilishini yoki ularning balansiga oʻtkazilishini belgilangan tartibda taʼminlasinlar.
Xoʻjalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik subyektlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyoriy tuziladigan bepul foydalanish, hadya qilish shartnomalari yoki boshqa shartnomalar asosida mahalliy davlat hokimiyati organlariga uy-joylarni, keyinchalik ularni yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga berish uchun foydalanishga berishi yoki ushbu organlar mulkiga oʻtkazishi mumkin.
Bunda ushbu qarorga muvofiq bepul beriladigan uy-joylar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq yuridik shaxslarga solinadigan foyda soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq olish obyekti hisoblanmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga berish uchun moʻljallangan turarjoylarning qatʼiy hisobi olib borilishini hamda ularni turarjoylar bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi hujjatlarning oʻz vaqtida va xolisona koʻrib chiqilishi yuzasidan nazoratni;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga turarjoylar berishda qonun hujjatlari va mazkur Nizom talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlasinlar.
6. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 6-son, 34-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi kommunal uy-joy fondi toʻgʻrisidagi Nizomga2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.N. Aripov va B.A. Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 2-avgust,
164-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-avgustdagi 164-son qaroriga 1-ILOVA
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turarjoylar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turarjoylar bilan taʼminlash tartibini belgilaydi.
2. Oʻzlariga biriktirilgan turarjoyga ega boʻlmagan va turarjoyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, ular toifasiga kiradigan 18 yoshdan 23 yoshgacha boʻlgan shaxslar (keyingi oʻrinlarda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar deb ataladi) ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda turarjoy olish huquqiga egadir.
3. Yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga turarjoylar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan maqsadli kommunal uy-joy fondidagi uylardan yoki vaqtincha foydalanilmayotgan, davlat mulki boʻlgan yotoqxonalardagi, uy-joylardagi hamda koʻp kvartirali uylardagi boʻsh turgan kvartiralardan beriladi.
Bunda agar yotoqxonalar, uy-joylar va koʻp kvartirali uylardagi boʻsh turgan kvartiralar soʻnggi olti oy mobaynida belgilangan tartibda egallanmagan boʻlsa, yoxud tegishli asoslarsiz boshqa maqsadlarda foydalanilayotgan boʻlsa vaqtincha foydalanilmayotgan uylar deb eʼtirof etiladi, mazkur turarjoylar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda saqlab turilgan hollar bundan mustasno.
4. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va davlat boshqa tashkilotlari foydalanilmayotgan yotoqxonalar, uy-joylar va koʻp kvartirali uylardagi boʻsh turgan kvartiralarning ular negizida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun oilaviy yotoqxonalar va kvartiralar tashkil etish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlariga foydalanish uchun berilishini yoki ularning balansiga oʻtkazilishini belgilangan tartibda taʼminlaydilar.
Xoʻjalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik subyektlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyoriy tuziladigan bepul foydalanish, hadya qilish shartnomalari yoki boshqa shartnomalar asosida mahalliy davlat hokimiyati organlariga uy-joylarni, keyinchalik ularni yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga berish uchun foydalanishga berishi yoki ushbu organlar mulkiga oʻtkazishi mumkin.
Bunda ushbu Nizomga muvofiq bepul beriladigan uy-joylar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq yuridik shaxslarga solinadigan foyda soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq olish obyekti hisoblanmaydi.
5. Mahalliy davlat hokimiyati organlari balansida boʻlgan hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga berish uchun moʻljallangan turarjoylar maqsadli kommunal uy-joy fondiga kiritiladi va ular boʻyicha alohida hisob yuritiladi.
Idoraviy uy-joy fondidagi foydalanilmayotgan turarjoylarni berish tashkilotlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
6. Tumanlar (shaharlar) hokimliklari boʻsh turarjoy boʻlmaganda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ijtimoiy normadan kam boʻlmagan uy-joy maydoni boʻlgan turarjoyni sotib olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar yoki tegishli hokimliklarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda budjet mablagʻlari beradilar.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
7. Ushbu Nizomga muvofiq beriladigan, shu jumladan budjet mablagʻlari hisobiga sotib olinadigan turarjoylar xususiylashtirilmaydi. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga turarjoy olish huquqi bir marta beriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
II. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning turarjoyga boʻlgan huquqini taʼminlash tartibi
8. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalash uchun yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga moʻljallangan muassasalarga, oilaviy bolalar uylariga, farzandlikka olgan oilalarga, vasiylar yoki homiylarga yuborishda tuman (shahar) hokimining qarori bilan uning yashash joyi boʻyicha turarjoyini bolada saqlab turish kafolati belgilanadi.
9. Biriktirilgan turarjoyga ega boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan muassasalarda, boshqa taʼlim muassasalarida, oilaviy bolalar uylarida, farzandlikka olgan oilalarda, vasiy (homiy) qaramogʻida boʻlgan toʻliq davrda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmatni oʻtash davrida yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni ijro etish muassasalarida boʻlgan davrida turarjoyga boʻlgan huquqini saqlab qoladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalash uchun yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga moʻljallangan muassasaga yuborishda, oilaviy bolalar uyiga, farzandlikka olgan oilaga, vasiy yoki homiyga topshirishda ota-onalar yoki boshqa shaxslar tomonidan sotib yuborilishi yoki boshqacha tarzda begonalashtirilishi natijasida bolalar mavjud turarjoydan mahrum boʻlgan holat aniqlangan taqdirda vasiylik va homiylik organlari yoki ularning qonuniy vakillari bitimni haqiqiy emas deb topish uchun sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilishlari shart.
Bunda tuman (shahar) hokimining qarorida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hisobida turarjoyning saqlab turilishi uni haqiqatda qaytarib olish boʻyicha sudning tegishli qarori ijro etilgandan soʻng rasmiylashtirilishi koʻrsatiladi.
10. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning yashash joyi boʻyicha tuman (shahar) vasiylik va homiylik organi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hisobida turar joyning saqlab turilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi va turar joylarning noqonuniy sotilganligi yoki boshqacha tarzda begonalashtirilganligi holatlari aniqlangan taqdirda, aniqlangan kundan boshlab besh kun ichida bitimni haqiqiy emas deb topish boʻyicha sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qiladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 9-dekabrdagi 338-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 51-son, 604-modda)
11. Quyidagi holatlardan birida, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ular oʻz hisobida saqlab turilgan turarjoyga qaytib borishi mumkin emas deb hisoblanadi:
1) bunday turarjoyda har qanday asoslarga koʻra quyidagi shaxslar yashayotganligi:
ota-onalik huquqidan mahrum boʻlganlar;
vasiy yoki homiylar vazifasini bajarishdan belgilangan tartibda chetlashtirilganlar;
sobiq farzandlikka oluvchilar;
sil, surunkali kasalliklarning ogʻir shakllari bilan ogʻriganlar, agar bunday shaxslar bilan tibbiy, sanitariya yoki boshqa koʻrsatmalarga koʻra birga yashash mumkin boʻlmasa;
2) bola hisobida saqlab turilgan turarjoy boʻlgan uyning buzib tashlanganligi yoki turarjoyning qulaylik, sanitariya, texnika talablariga va boshqa normalarga javob bermasligi, shuningdek turarjoyning yoki uning bir qismining vayron boʻlganligi (vayron boʻlish xavfi, avariya holatida boʻlishi);
3) bola hisobida saqlab turilgan turarjoydan u yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga moʻljallangan muassasada, oilaviy bolalar uyida, farzandlikka olgan oilada, vasiy yoki homiy qaramogʻida boʻlgan davrida sotish va boshqacha tarzda begonalashtirish natijasida mahrum boʻlganligi, agar turarjoyni haqiqatda qaytarib olish boʻyicha sudning ijro etilgan qarori boʻlmasa;
4) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning mustaqil hayotga kirishida ularning jamiyatga ijtimoiy moslashuviga toʻsqinlik qiladigan boshqa holatlarning mavjudligi.
12. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga moʻljallangan muassasadan bolaning chiqishidan bir yil oldin yoki oilaviy bolalar uyida, farzandlikka olgan oilada, vasiy yoki homiy qaramogʻida boʻlishining tugashiga qolgan shu muddatda ularning qonuniy vakili mazkur Nizomning 11-bandida koʻrsatilgan holatlarning biri yoki bir nechtasi mavjud boʻlgan taqdirda bolaning yashash joyi boʻyicha vasiylik va homiylik organiga uni oʻz hisobida saqlab turilgan turarjoyga qaytib borishining imkoni yoʻq deb topish toʻgʻrisida yozma ravishda murojaat qiladi.
13. Vasiylik va homiylik organi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning qonuniy vakilining bunday bolaning yashash joyi boʻyicha oʻz hisobida saqlab turilgan turarjoyga qaytib borishiga toʻsqinlik qiladigan holatlar mavjudligi toʻgʻrisidagi iltimosnomani bir oy davomida koʻrib chiqadi va asoslantirilgan xulosa qabul qiladi.
14. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni yashash joyi boʻyicha oʻz hisobida saqlab turilgan turarjoyga qaytib borishining imkoni yoʻqligi haqidagi xulosa vasiylik va homiylik organi tomonidan mazkur Nizomning 11-bandida koʻrsatilgan holatlardan loaqal biri mavjud boʻlganda qabul qilinadi.
Vasiylik va homiylik organining yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolani yashash joyi boʻyicha oʻz hisobida saqlab turilgan turarjoyga qaytib borishining imkoni yoʻqligi haqidagi xulosasiga asosan tuman (shahar) hokimi bir oy muddat mobaynida uni joylashtirish shaklini belgilash haqida ushbu Nizomning 8-bandiga muvofiq qabul qilingan qarorga (yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning turarjoyga boʻlgan huquqlariga doir) tegishli oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Tuman (shahar) hokimining qarori bolani ilgari band qilgan turarjoyga qaytib borishiga imkon bermaydigan yoki maqsadga muvofiq boʻlmagan ilgari maʼlum boʻlmagan yoki mavjud boʻlmagan yangi aniqlangan holatlar mavjud boʻlsa kechroq muddatda (yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toifasidagi bolani yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga moʻljallangan muassasadan chiqishiga qadar, oilaviy bolalar uyida, farzandlikka olgan oilada, vasiy yoki homiy qaramogʻida boʻlishning tugashiga qadar) ham qabul qilinishi mumkin.
III. Turarjoylarga muhtoj boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni hisobga qoʻyish
15. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga moʻljallangan muassasalarda, oilaviy bolalar uylarida, farzandlikka olgan oilalarda, vasiy yoki homiylar qaramogʻida tarbiyalangan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning qonuniy vakillari bolalarning ularda boʻlish muddati tugashidan olti oy oldin bolalarning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga ariza beradilar va ularning turarjoy olish huquqini tasdiqlovchi tegishli maʼlumotlarni taqdim etadilar.
Bolaning yashash joyi boʻyicha vasiylik va homiylik organi koʻrsatilgan maʼlumotning kelib tushishini nazorat qiladi va zarur hollarda, tegishli hujjatlarni oʻzi soʻrab oladi.
16. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning qonuniy vakillari tomonidan taqdim qilingan hujjatlarga asosan bolalarning yashash joyi boʻyicha vasiylik va homiylik organi uch ish kuni mobaynida ularni tuman (shahar) hokimligiga (agar bolaning yashash (doimiy propiska qilingan) joyi oʻzgargan boʻlsa oʻsha joyidagi tuman (shahar) hokimligiga hujjatlar toʻplamini hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turarjoyga muhtojlar sifatida hisobga qoʻyish toʻgʻrisida asosli taqdimnomani yuboradi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-noyabrdagi 739-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2020-y., 09/20/739/1522-son)
17. Vasiylik va homiylik organining taqdimnomasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
1) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ularga ijara shartnomasi asosida turarjoy berish haqidagi arizasi;
2) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoki pasportining nusxasi, shuningdek fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirma;
(17-bandning 2-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 9-dekabrdagi 338-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 51-son, 604-modda)
3) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaning hujjatlarni taqdim qilish vaqtida yashash joyi haqidagi maʼlumotnoma;
4) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarda (bolaning ota-onasi yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onasi mavjud boʻlsa ularda) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filiali mulk huquqi asosida koʻchmas mulk mavjudligi (mavjud emasligi) haqidagi maʼlumotnomasi;
(17-bandning 4-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
5) vasiy (homiy) qaramogʻida boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning maqomini tasdiqlaydigan hujjatlarning nusxasi (ota-onaning biri yoki yagona ota yoki onaning oʻlimi haqidagi guvohnoma, sudning ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi qarori va boshqalar);
6) tuman (shahar) hokimining bolani tarbiyalash va taʼminlash uchun yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga moʻljallangan muassasaga, oilaviy bolalar uyiga, vasiy yoki homiy qaramogʻiga topshirish haqidagi qarori nusxasi;
7) vasiylik va homiylik organi bilan tutingan ota-onalar oʻrtasida tuzilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilish toʻgʻrisidagi bitim nusxasi;
8) vasiylik va homiylik organlarining yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hisobida ularga birkitilgan turarjoy mavjud emasligi haqidagi maʼlumotnomasi.
18. Taqdimnoma tuman (shahar) hokimligi Uy-joy maydonini hisobga olish va taqsimlash komissiyasining (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) masʼul kotibi tomonidan yuritiladigan Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turar joyga muhtojlar sifatida hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni roʻyxatga olish daftarida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Mazkur daftarning sahifalari raqamlanadi, ip bilan tikiladi, komissiya raisining imzosi bilan tasdiqlanadi va unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
a) tartib raqami;
b) taqdimnomaning kelib tushgan sanasi;
v) taqdimnoma kim tomonidan va qachon yuborilganligi;
g) hisobga qoʻyilishi lozim boʻlgan voyaga yetmaganning (shaxsning) F.I.Sh.;
d) hisobga qoʻyilishi lozim boʻlgan voyaga yetmaganning (shaxsning) tugʻilgan yili, oyi, kuni;
e) hujjat mazmuni;
j) Komissiya xulosasining qisqacha mazmuni.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 9-dekabrdagi 338-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 51-son, 604-modda)
19. Tuman (shahar) hokimligiga kiritilgan taqdimnoma roʻyxatga olingandan soʻng komissiya tomonidan oldindan koʻrib chiqiladi.
Komissiya tarkibi — rais, rais oʻrinbosari, masʼul kotib va komissiyaning 6 — 8 nafar aʼzosidan iborat tarkibda tuziladi. Komissiya aʼzolari soni komissiyaning ish hajmiga qarab belgilanadi.
Tuman (shahar) hokimi — Komissiya raisi, hokimning ijtimoiy-iqtisodiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari — Komissiya raisining oʻrinbosari, hokimlikning masʼul xodimi — Komissiya kotibi etib tayinlanadi.
Komissiya tarkibiga tuman (shahar) vasiylik va homiylik organi, moliya, sogʻliqni saqlash, ichki ishlar boʻlimi, bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi, yer tuzish va koʻchmas mulk davlat korxonasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining uyushmalari (mavjud boʻlgan hududlarda) vakillari kiritiladi.
Komissiya yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning uy-joy sharoitlarini va tegishli hujjatlarni oʻrganib chiqqandan keyin fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda tekshirish dalolatnomasini tuzadi.
Taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, Komissiya vasiylik va homiylik organi yoki boshqa tegishli tashkilotlardan hujjatlarni talab qilib oladi.
Tekshirish dalolatnomasiga va boshqa hujjatlarga muvofiq Komissiya yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida xulosa tuzadi, u tuman (shahar) hokimining qarori bilan tasdiqlanadi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 9-dekabrdagi 338-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 51-son, 604-modda)
20. Tuman (shahar) hokimligi tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror taqdimnoma kelib tushgan kundan boshlab oʻttiz ish kunidan kechikmay qabul qilinadi.
21. Tuman (shahar) hokimligi tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kunidan kechikmay yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomani vasiylik va homiylik organiga beradi yoki joʻnatadi.
22. Tuman (shahar) hokimligi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turarjoyga muhtojlar sifatida hisobga qoʻyish uchun asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda asoslangan qaror qabul qiladi.
23. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turarjoyga muhtojlar sifatida hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror, bunday qaror qabul qilishga asos boʻlgan tegishli hujjatlar bilan birga uch ish kunidan kechiktirmasdan tuman (shahar) hokimligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga turarjoy berish haqidagi masalani koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
24. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar quyidagi holatlarda turarjoyga muhtojlar sifatidagi hisobdan chiqariladi:
ular tomonidan mazkur Nizomga muvofiq turarjoy olish huquqini beradigan asoslar yoʻqotilganda;
ular yashash uchun boshqa aholi punktiga ketishganda;
mazkur Nizomga muvofiq ularga turarjoy berilganda;
ular tomonidan turarjoy sotib olish uchun belgilangan tartibda maqsadli transfertlar, shu jumladan budjet mablagʻlari olinganda;
(24-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
hujjatlarda hisobga qoʻyishga asos boʻlgan maʼlumotlarning haqiqatga mos kelmasligi aniqlanganda.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turarjoyga muhtojlar sifatidagi hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror tuman (shahar) hokimi tomonidan bunday qarorlar qabul qilishga asos boʻlgan holatlar aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz ish kunidan kechikmay qabul qilinadi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turarjoyga muhtojlar sifatidagi hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda ushbu bandda nazarda tutilgan holatlarga albatta havola qilingan asoslar qayd qilinishi lozim.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turarjoyga muhtojlar sifatidagi hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror bunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmasdan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga beriladi yoki joʻnatiladi hamda qaror yuzasidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
IV. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga turarjoylar berish tartibi
25. Turarjoyga muhtojlar sifatida hisobga qoʻyilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga turarjoylar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarorlari asosida navbatdan tashqari beriladi.
Turarjoy berish toʻgʻrisidagi qaror bunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirilmasdan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga beriladi yoki joʻnatiladi.
26. Turarjoylar berish toʻgʻrisidagi qarorga muvofiq yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga moʻljallangan muassasada, oilaviy bolalar uyida, farzandlikka olgan oilada, vasiy yoki homiy qaramogʻida boʻlishi tugayotgan yilning 1-iyuniga qadar boʻlgan muddatda turarjoylar bilan taʼminlanadilar.
27. Turarjoylar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadigan uy-joy maydonining ijtimoiy normasi doirasida, Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga muvofiq ijara shartnomasi asosida beriladi.
Berilayotgan turarjoy boʻsh, alohida, qulay va shinam boʻlishi, belgilangan sanitariya meʼyorlariga va texnik meʼyorlarga, qonun hujjatlarining boshqa talablariga javob berishi lozim.
28. Turarjoy berish toʻgʻrisidagi qaror asosida tuman (shahar) hokimligi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga belgilangan namunadagi order beradi, u berilgan turarjoyga koʻchib kirish uchun asos hisoblanadi.
29. Order turarjoy berish toʻgʻrisidagi qarorga muvofiq, uy-joy maydonini hisobga olish va taqsimlash boʻlimi yoki tuman (shahar) hokimi tomonidan tayinlanadigan maxsus vakolatli mansabdor shaxs tomonidan beriladi. Order faqat amalda boʻsh turgan turarjoy uchun beriladi.
30. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun turarjoyga order berish, agar ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar turarjoy berish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiq boʻlmasa, tuman (shahar) hokimining qarori bilan toʻxtatiladi.
31. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun turarjoylarni hisobga olish va turarjoy uchun berilayotgan orderlarni roʻyxatdan oʻtkazish tegishli tuman (shahar) hokimliklarida amalga oshiriladi.
311. Tuman (shahar) hokimligi tomonidan turar joyga muhtojlar sifatida hisobga qoʻyilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hamda turar joy uchun berilgan orderlar toʻgʻrisidagi yillik hisobotlar tuman (shahar) hokimligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga keyingi yilning 17-yanvarigacha hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga keyingi yilning 22-yanvarigacha taqdim etilishi lozim.
(311-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 9-dekabrdagi 338-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 51-son, 604-modda)
32. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun turarjoyga berilgan order sud tartibida haqiqiy emas deb eʼtirof etilishi mumkin.
V. Turarjoyni ijaraga berish shartnomasi
33. Tuman (shahar) hokimligi yoxud uning tomonidan vakil qilingan boshqaruvchi tashkilot hamda turarjoy berilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oʻrtasidagi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun turarjoyni saqlash va undan foydalanish bilan bogʻliq oʻzaro munosabatlar uy-joy qonunchiligi hamda mazkur Nizomga ilovaga muvofiq shakl boʻyicha Turarjoyni ijaraga berish namunaviy shartnomasi asosida tuziladigan shartnoma bilan tartibga solinadi.
34. Turarjoyni ijaraga berish shartnomasi tuman (shahar) hokimligi yoxud uning tomonidan vakil qilingan boshqaruvchi tashkilot va nomiga order berilgan yetim bolalar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oʻrtasida yozma shaklda 5 yil muddatga tuziladi.
Tuman (shahar) hokimi tomonidan berilgan orderga asosan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar turar joy joylashgan manzilga, ijara shartnomasida belgilangan muddatga tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (boʻlimi)ning xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi tomonidan propiska qilinadilar.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-noyabrdagi 739-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2020-y., 09/20/739/1522-son)
35. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun turarjoyni ijaraga berish shartnomasining muddati shartnoma imzolangan kundan boshlab hisoblanadi va mazkur Nizomning 34-bandida koʻrsatilgan muddatda tugaydi.
Turar joyni ijaraga berish shartnomasi Komissiya xulosasiga asosan yangi muddatga tuzilishi mumkin.
(35-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 9-dekabrdagi 338-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 51-son, 604-modda)
Agar fuqaro (shaxs) ijaraga berilgan turar joyda shartnoma tuzilgan muddatda doimiy ravishda istiqomat qilmasa, turar joydan maqsadli foydalanmasa, huquqbuzarliklar sodir etsa, shuningdek kommunal toʻlovlardan qarzdorligi mavjud boʻlgan hollarda turar joyni ijaraga berish shartnomasi qayta tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 9-dekabrdagi 338-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 51-son, 604-modda)
Turar joyni ijaraga berish shartnomasini yangi muddatga tuzish zarur boʻlgan taqdirda yetim bolalar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar Komissiyaga ariza beradilar, Komissiya arizani koʻrib chiqqandan keyin fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda tegishli tuman (shahar) hokimiga yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun turarjoyni ijaraga berish shartnomasi qayta tuzilishi mumkin boʻlgan muddat toʻgʻrisida taklif kiritadi.
(35-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 9-dekabrdagi 338-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 51-son, 604-modda)
Tuman (shahar) hokimining qarori asosida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun turarjoyni ijaraga berish shartnomasi belgilangan tartibda qayta tuziladi.
36. Turarjoyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
37. Tomonlarning turarjoyni ijaraga berish shartnomasi boʻyicha shartlarni bajarmaganligi yoki zarur darajada bajarmaganligi uchun javobgarligi qonun hujjatlari talablariga rioya qilingan holda tomonlarning bitimi bilan belgilanadi.
VI. Yakuniy qoidalar
38. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga mazkur Nizomga muvofiq ijaraga berilgan turarjoy uchun toʻlov undirilmaydi. Bunda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar belgilangan tartibda quyidagilar uchun:
umumiy mulkni saqlash, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash boʻyicha umumiy xarajatlar uchun — xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga yoki boshqa boshqaruvchi tashkilotga;
kommunal xizmatlar uchun — kommunal xizmatlar koʻrsatuvchilarga toʻlovni amalga oshiradilar.
Agarda turar joyning yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ijaraga berilgunga qadar boʻlgan davr uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati yoki boshqa boshqaruvchi tashkilotdan hamda kommunal xizmatlar koʻrsatuvchilardan qarzdorligi mavjud boʻlsa, barcha turdagi qarzdorlik toʻlovlari ijaraga beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 9-dekabrdagi 338-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirildi — OʻR QHT, 2014-y., 51-son, 604-modda)
39. Mazkur Nizomga muvofiq berilgan turarjoy boʻshagan taqdirda ushbu turarjoy boshqa yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga mazkur Nizomga muvofiq taqsimlanadi.
40. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun turarjoylar berish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
41. Mazkur Nizom talablarini buzgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilagan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 9-dekabrdagi 338-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 51-son, 604-modda)
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turarjoylar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
____________________________________________________________asosida ish koʻruvchi, keyingi oʻrinlarda “Ijaraga beruvchi” deb yuritiladigan va keyingi oʻrinlarda “Ijaraga oluvchi” deb yuritiladigan fuqaro ______________________________________________________________ning
(mahalliy davlat hokimiyati organining nomi)
200__y. “___”__________ dagi ____________-son qaroriga muvofiq berilgan ________________seriyali _________________raqamli order asosida mazkur shartnomani quyidagilar toʻgʻrisida tuzdik:
I. SHARTNOMA PREDMETI
1. Ijaraga beruvchi Ijaraga oluvchiga _________________________________ manzildagi umumiy maydoni __________kv. m, _______ xonadan iborat turarjoyni mazkur shartnomaning ajralmas qismi hisoblangan Kvartirani ijaraga berish dalolatnomasi (mazkur shartnomaga ilova) boʻyicha ijaraga beradi.
II. OILA AʼZOLARI
2. Mazkur Shartnomaga muvofiq berilgan turarjoyda ijaraga oluvchi bilan birga quyidagilar yashaydilar:
3. Ijaraga beruvchi quyidagilarga majbur: turarjoyni Ijaraga oluvchiga texnik jihatdan soz, yashash uchun yaroqli holatda taqdim etish; turarjoyni va yotoqxonani, shuningdek uy-joyning texnik qurilmalarini turarjoylardan foydalanish qoidalari talablariga muvofiq saqlash;
kommunal va boshqa xizmatlar uzluksiz koʻrsatilishini taʼminlash; turarjoy va uyning texnik qurilmalarida, muhandislik asbob-uskunalarida paydo boʻladigan nosozliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish;
turar joylar va umumiy foydalaniladigan joylarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mukammal taʼmirlash.
4. Ijaraga oluvchi quyidagilarga majbur:
berilgan turarjoydan uning belgilangan maqsadida va shartnoma shartlariga muvofiq foydalanish; turarjoy, yordamchi xonalar va asbob-uskunalardan, uy atrofidagi hududdan, shuningdek umumiy foydalaniladigan joylardan boshqa fuqarolar va yuridik shaxslarning uy-joy huquqlariga, boshqa huquqlariga zarar yetkazmasdan vazifasiga koʻra foydalanish, tashqi obodonlashtirish obyektlarini ehtiyotlash;
turarjoylardan foydalanish qoidalariga rioya qilish; turarjoylarni yaxshi saqlash va ularning zarur holatda boʻlishini taʼminlash;
turarjoyning aniqlangan nosoz elementlari toʻgʻrisida Ijaraga beruvchiga oʻz vaqtida maʼlum qilish; avariya vaziyatlari paydo boʻlganda oʻzi egallab turgan turarjoyga avariyalarni bartaraf etish uchun tegishli taʼmirlash-foydalanish tashkilotlari vakillarining kirishini taʼminlash;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan sanitariya-gigiyena, ekologik, arxitektura-shaharsozlik, yongʻinga qarshi va foydalanish talablarini bajarish;
kommunal xizmatlar hamda uy va umumiy foydalaniladigan mol-mulk taʼminoti uchun toʻlovni yashash oyidan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechikmay toʻlash.
IV. TOMONLARNING HUQUQLARI
5. Ijaraga beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
Ijaraga oluvchidan turarjoydan foydalanish qoidalariga rioya etilishini talab qilish;
Ijaraga oluvchidan kommunal xizmatlar hamda uy va umumiy foydalaniladigan mol-mulk taʼminoti uchun toʻlovlar mazkur shartnomaning 4-bandi toʻqqizinchi xatboshida nazarda tutilgan muddatlarda toʻlanishini talab qilish; turarjoy va yordamchi xonalarning konstruksiyalari va texnik qurilmalari holatini koʻzdan kechirib borish;
Ijaraga oluvchi va u bilan birga yashaydigan shaxslar turarjoyni buzsa yoki undan boshqa maqsadlarda foydalansa yoxud yashash qoidalarini muntazam ravishda buzgan holda boshqa shaxslarning oʻzlari bilan bitta kvartirada yoki bitta uyda birga yashashini mumkin boʻlmaydigan holatga keltirsa va bunda ogohlantirish va jamoatchilik taʼsiri koʻrsatish choralari natijasiz tugasa, ularni boshqa uy-joy bermasdan sud tartibida koʻchirib yuborish.
6. Ijara oluvchi quyidagi huquqlarga ega:
vaqtincha boʻlmagan vaqtida qonunda nazarda tutilgan tartibda turarjoyga boʻlgan huquqni oʻzida saqlab qolish yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda mahalliy davlat hokimiyati organlarida muhofaza guvohnomasi (bron) olgan holda turarjoyni bron qilish;
zaruriyat boʻlganda, Ijaraga beruvchidan kvartiraning, uyning konstruksiyalari va texnik qurilmalarini rejadan tashqari tekshirilishini, aniqlangan qoida buzilishlari bartaraf etilishini talab qilish; Ijaraga beruvchining majburiyatlariga kiradigan kvartira elementlarini taʼmirlash kechiktirilmasligi zarur boʻlganda, bu haqda Ijaraga beruvchini yozma ravishda xabardor qilgandan keyin uni amalga oshirish va ushbu ishlar qiymatini Ijaraga beruvchidan undirib olish;
ushbu shartnoma boʻyicha majburiyatlar Ijaraga beruvchi tomonidan bajarilmagan taqdirda umumiy mulkni saqlash, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash boʻyicha toʻlovlarning qayta hisob-kitob qilinishini talab qilish.
V. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI
7. Ijaraga beruvchi mazkur shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlari bajarilmaganligi yoki zarur tarzda bajarilmaganligi natijasida yetkazilgan zararni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Ijaraga oluvchiga toʻlaydi.
8. Ijaraga oluvchi mazkur shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlari bajarilmaganligi yoki zarur tarzda bajarilmaganligi natijasida yetkazilgan ziyonni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Ijaraga beruvchiga toʻlaydi.
VI. ALOHIDA SHARTLAR
9. Mazkur shartnoma boʻyicha ijaraga berilgan turarjoy xususiylashtirilmaydi.
10. Mazkur shartnoma muddati tamom boʻlgandan keyin Ijaraga beruvchi yangi muddatga turarjoy ijarasi shartnomasi tuzish toʻgʻrisida murojaat qilish huquqiga ega.
11. Ijaraga oluvchi Ijaraga beruvchini uch oy oldin yozma ravishda ogohlantirib mazkur shartnomani istalgan vaqtda bekor qilishga haqlidir.
VII. SHARTNOMA MUDDATI, UNI OʻZGARTIRISH VA BEKOR QILISH TARTIBI
12. Mazkur shartnoma besh yil muddatga tuzilgan va 200_yil “__”_______gacha amal qiladi.
13. Mazkur shartnoma tomonlarning oʻzaro roziligi bilan bekor qilinishi mumkin va Ijaraga oluvchi turarjoydan chiqib ketgan kun shartnoma bekor qilingan kun hisoblanadi.
14. Mazkur shartnoma qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda tomonlardan istalganining talabi bilan sud tartibida bekor qilinishi mumkin.
VIII. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
15. Mazkur shartnomani bajarish paytida tomonlar oʻrtasida paydo boʻlgan nizolar qonunda belgilangan tartibda hal etiladi.
16. Mazkur shartnomada nazarda tutilmagan hollarda tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga amal qiladilar.
17. Mazkur shartnoma ikki nusxada tuzildi hamda Ijaraga beruvchida va Ijaraga oluvchida saqlanadi.
IX. TOMONLARNING IMZOLARI VA REKVIZITLARI
Ijaraga beruvchi_______________
Ijaraga oluvchi________________
______________________________
______________________________
(nomi va yuridik manzili)
(F.I.O. va manzili)
______________________________
______________________________
______________________________
______________________________
______________________________
______________________________
(bankdagi hisob raqami, bank muassasasining nomi)
______________________________
______________________________
______________________________
______________________________
______________________________
______________________________
(mansabdor (vakolatli) shaxsning F.I.O. va imzosi)
Kvartira suv taʼminoti (sovuq, issiq suv), kanalizatsiya, isitish (markaziy, mahalliy), elektr energiyasi bilan yoritish, radiotranslyatsiya tarmogʻi bilan jihozlangan, telefon oʻrnatilgan (mavjud emaslarining ustidan chizilsin).
Kvartiraning yordamchi xonalarida ___________________________________ ________________________________________________________ jihozlari oʻrnatilgan.
Xonalarning texnik holati __________________________________________
(xonalarning texnik holati aks ettiriladi)
Ijaraga beruvchining vakili
Ijaraga oluvchi
_____________________________
____________________________
(F.I.O., muhr bilan tasdiqlangan imzo)
(F.I.O., imzo)
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-avgustdagi 164-son qaroriga 2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi kommunal uy-joy fondi toʻgʻrisidagi Nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Uy-joyga muhtoj boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar kommunal uy-joy fondi uylaridagi turarjoylar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taʼminlanadi”.
2. Jon boshiga oʻrtacha oylik daromadi eng kam ish haqidan past boʻlgan taqdirda ijaraga olish shartnomasi boʻyicha kommunal uy-joy fondidan turarjoy beriladigan fuqarolar toifalari roʻyxatining 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 31-son, 260-modda; 2014-y., 23-son, 269-modda; 51-son, 604-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; 2017-y., 35-son, 931-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2020-y., 09/20/739/1522-son)