1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.03.00 Yuridik shaxslar bankrotligi va sanatsiya (shuningdek 09.03.00.00 ga qaralsin);
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.05.00 Sudda bankrotlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibi]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tugatish. Sanatsiya va bankrotlik]
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining
QarorI
Bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini iqtisodiy sudlar tomonidan qo‘llashning ayrim masalalari haqida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda ba’zi qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2008-yil 30-oktabrdagi 189-sonli qarori asosida kiritilgan o‘zgartirishlar bilan)
Sud amaliyotida vujudga kelayotgan savollar munosabati bilan va “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (bundan buyon matnda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonun, Qonun deb yuritiladi) bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumi “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga muvofiq quyidagi tushuntirishlarni berishga qaror qiladi.
1. “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonun barcha yuridik shaxslarga (davlat korxonalariga va notijorat tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi, bundan matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklida ish yuritayotgan yuridik shaxslar mustasno) va yakka tartibdagi tadbirkorlarga, shuningdek, agar pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan bo‘lsa, tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, shuningdek uning hududiy organlarining (bundan buyon matnda bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi deb yuritiladi) bankrotlik ishlari yuzasidan bergan arizalari va iltimosnomalari Qonunda belgilangan eng qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilishi lozim.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi, shuningdek davlat soliq xizmati organi va prokurorning qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizalari iqtisodiy sudlar tomonidan davlat boji to‘lovisiz ish yuritishga qabul qilinadi. Iqtisodiy sud tomonidan ariza qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji qarzdordan undiriladi. Davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan kreditorning manfaatlarini ko‘zlab taqdim etilgan arizani qanoatlantirish rad etilgan taqdirda, davlat boji ariza qaysi shaxsning manfaatlarini ko‘zlab taqdim etilgan bo‘lsa, shu shaxsdan undiriladi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Belgilangan tartibda va miqdorda pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 155-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan qaytariladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
3. Qarzdor, agar uning Qonunning 4-moddasida belgilangan muddatda pul majburiyatlarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir emasligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud bo‘lsa, pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha majburiyati yuzaga kelgan muddatdan qat’i nazar, bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat etishga haqli.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
4. Davlat soliq xizmati organi va boshqa vakolatli organ (O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning undirilishi ustidan nazorat olib boruvchi vakolatli organ)ning qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizasiga qonun hujjatlariga muvofiq majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzni olishga doir choralar ko‘rilganligi haqida dalillar ilova qilinishi kerak. Arizaga kreditorning qarzni undirish to‘g‘risidagi sud qarori, ijro hujjati (ijro varaqasi, qarzdor tomonidan akseptlangan to‘lov talablari, notariusning ijro xati va boshqalar) yoki kreditor talablari qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud bo‘lsa, ilova qilinadi.
(4-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Hisob raqamga qo‘yilgan va qarzdorning pul mablag‘lari yo‘qligi uchun bank bajarmagan inkasso topshiriqnomalarining arizaga ilova qilinishi davlat soliq xizmati organi yoki boshqa vakolatli organ tomonidan qarzni olishga doir choralar ko‘rilganligining dalili bo‘lishi mumkin.
Davlat soliq xizmati organi qarzdorning mol-mulki mavjud bo‘lganda soliq qarzini undirishni qarzdorning mol-mulkiga qaratish to‘g‘risidagi iqtisodiy sudning qarorini va undirishni mol-mulkka qaratish natijasida soliq qarzi to‘lanmaganligini tasdiqlovchi dalillarni arizaga ilova qilishi shart.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
5. Qonunning 9-moddasiga muvofiq qarzdor rahbari, tugatish komissiyasi a’zolari yoki tugatuvchi tomonidan iqtisodiy sudga qarzdorning arizasi taqdim etilmaganligi Qonunning 8-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan muddat tugaganidan keyin yuzaga kelgan qarzdorning kreditorlar oldidagi pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdor rahbarining, tugatish komissiyasi a’zolarining yoki tugatuvchining subsidiar javobgarligiga sabab bo‘ladi. Qayd etilgan shaxslarning subsidiar javobgarligi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘riladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
6. Qonunning 10-moddasiga ko‘ra iqtisodiy sud qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizani ish yuritish uchun qabul qilib olgan paytdan e’tiboran kreditorlar qarzdorga o‘z talablarini qondirish maqsadida yakka tartibda murojaat etishga haqli emas.
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Agar bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilgandan keyin qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza berilgunga qadar paydo bo‘lgan qarzni undirish haqida kreditordan iqtisodiy sudga da’vo arizasi kelib tushgan bo‘lsa, da’vo arizasini qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq rad etiladi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Agar ko‘rsatilgan holatlar da’vo arizasi (ariza) ish yurituvga qabul qilingandan keyin aniqlansa, u holda da’vo arizasi IPK 107-moddasining 9-bandiga asosan ko‘rmasdan qoldiriladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7. Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizani qabul qilishda sudya qarzdor yuridik shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch yuz baravaridan, qarzdor shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonaga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh ming baravaridan, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsga nisbatan esa bazaviy hisoblash miqdorining kamida yigirma baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda jami qarzi mavjudligini va bu majburiyatlar yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy, qarzdor shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona olti oy davomida bajarilmaganligini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirishi zarur. Agar bunday hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa, arizani qabul qilish Qonun 45-moddasining beshinchi qismi va IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
8. Sudya bankrotlik to‘g‘risidagi ishni sud majlisida ko‘rishga tayyorlash bilan bir vaqtda kuzatuv taomilini joriy etish masalasini hal qilishi lozim (Qonunning 48 va 62-moddalari). Arizani ish yuritishga qabul qilish va bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi iqtisodiy sudning ajrimida kuzatuv taomili joriy etilganligi ko‘rsatiladi.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Mol-mulki mavjud bo‘lgan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat qilinganda, unda muvaqqat boshqaruvchining nomzodi ko‘rsatiladi. Arizada muvaqqat boshqaruvchining nomzodi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u holda iqtisodiy sud arizachidan yoki bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organidan yoxud sud boshqaruvchilarining professional birlashmasidan tegishli nomzodni taqdim etishni talab qiladi. Bunday holatda kuzatuv taomilini joriy etish va muvaqqat boshqaruvchini tayinlash masalasi Qonun 48-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza tushgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay hal qilinadi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Kuzatuv taomili qarzdor — yuridik shaxsga nisbatan uning mol-mulki but saqlanishini ta’minlash, qarzdorning moliyaviy ahvoli tahlilini o‘tkazish maqsadida qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza qabul qilingan paytdan e’tiboran keyingi taomilga qadar qo‘llaniladi. Ushbu vazifalarning bajarilishi muvaqqat boshqaruvchi zimmasiga yuklanadi.
(8-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Bu qoidalar yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsning va soddalashtirilgan taomil bo‘yicha qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ishlarga tatbiq etilmaydi.
(8-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
9. Qonunning 48-moddasiga muvofiq bankrotlik to‘g‘risidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlashda sudya IPKda nazarda tutilgan tartibda va Qonunda belgilangan o‘ziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
(9-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etayotgan shaxsning arizasiga binoan kreditorlar talablarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni ko‘radi (Qonunning 46-moddasi);
ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi masalani hal etadi (Qonunning 48-moddasi);
bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning arizalari va shikoyatlarini ko‘rib chiqadi (Qonunning 59-moddasi);
qarzdorning e’tirozlari (muvaqqat boshqaruvchining iltimosnomasi) mavjudligida arizachining qarzdorga nisbatan talablarining asosliligini tekshirish maqsadida sud majlisini o‘tkazadi (Qonunning 70-moddasi).
10. Bankrotlik to‘g‘risidagi ish iqtisodiy sudning majlisida bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqilishi lozim.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish alohida hollarda iqtisodiy sudning raisi tomonidan Qonunning 49-moddasiga muvofiq bir oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
11. Qonunning 18-moddasi birinchi qismiga muvofiq oliy ma’lumotli hamda kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lgan, shuningdek bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organida attestatsiyadan o‘tgan va tegishli attestatga ega bo‘lgan shaxslar sud boshqaruvchilari etib tayinlanishi mumkin.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi sud boshqaruvchilarining yagona reyestrini yuritadi va uning nusxasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga taqdim etadi.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sud boshqaruvchisini tayinlash masalasini hal etishda iqtisodiy sud tegishli attestatni talab qilib olishi va uning nusxasini ish hujjatlariga qo‘shishi lozim.
(11-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
12. Qarzdor yoki kreditorlarga nisbatan manfaatdor shaxs, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslar, agar unga nisbatan bankrotlik taomili joriy etilgan bo‘lsa, ilgari sud boshqaruvchisi vazifasini bajarayotgan paytda qarzdorga, kreditorlarga zarar yetkazgan va bu zararning o‘rnini qoplamagan shaxs, boshqa shaxslarning ishlarini va (yoki) mol-mulkini boshqarish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirishiga cheklov belgilangan shaxs (bunday faoliyat bilan shug‘ullanishdan mahrum etilgan yoki bunday faoliyatga noloyiq deb topilgan shaxs) sud boshqaruvchisi etib tayinlanishi mumkin emas.
(12-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Iqtisodiy sud ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra sud boshqaruvchisi lavozimiga tavsiya etilgan nomzodni bu vazifaga tayinlashni rad etishga yoki sud boshqaruvchisini o‘z vazifasini bajarishdan ozod etishga haqlidir.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Iqtisodiy sud bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilgan sanada, shu jumladan, agar bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilgunga qadar bir yil muddat ichida egallab turgan lavozimidan ozod etilgan qarzdor yuridik shaxs mansabdor shaxsi bo‘lganning nomzodini sud boshqaruvchisi etib tayinlashni rad etishi lozim. Qarzdor yuridik shaxsning mansabdor shaxsi sifatida qarzdorning rahbari, kuzatuv kengashi, kollegial ijroiya organi tarkibiga kiruvchi shaxslar, bosh buxgalter (buxgalter) tushuniladi.
(12-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
13. Qonun hujjatlarini muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzganlik, shuningdek Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollar sud boshqaruvchisini vazifasini bajarishdan ozod qilish uchun asos bo‘ladi.
Sud boshqaruvchisi vazifalarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda uni vazifasidan ozod qilish masalasi sud majlisida hal etiladi. Sud boshqaruvchisi va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida iqtisodiy sud tomonidan xabardor qilinadi. Ushbu sud majlisining o‘zida yangi sud boshqaruvchisini tayinlash, vazifasidan ozod etilgan sobiq sud boshqaruvchisini ma’muriy va (yoki) moddiy javobgarlikka tortish, uning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanganda esa, IPKning 200-moddasi tartibida bu haqda prokurorga xabar qilish masalalari ko‘rib chiqilishi mumkin.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sud boshqaruvchisini o‘z vazifasini bajarishdan ozod qilish va yangi sud boshqaruvchisini tayinlash to‘g‘risidagi sud ajrimi darhol ijro etiladi. Ushbu sud ajrimi ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) uning ijrosini to‘xtatmaydi.
131. Sudlar, kreditorlar va boshqa taraflar soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlarini aniqlangan taqdirda bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organiga, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishlari lozim.
132. Sudlarga tushuntirilsinki, bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilayotgan har qanday tartib-taomil jarayonida iqtisodiy sudga soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlarini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin.
(13.2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
133. Bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq sud boshqaruvchisi bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlarini aniqlashga doir harakatlarni amalga oshirishi va chora-tadbirlar ko‘rishi hamda ular haqida kreditorlar yig‘ilishiga, iqtisodiy sudga, bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organiga, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi shart.
(133-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 14-avgustdagi 224-sonli qarori bilan tasdiqlangan Soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish va qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlarini aniqlash Qoidalarining (bundan buyon matnda Qoidalar deb yuritiladi) 9-bandiga binoan, qarzdorning arizasiga ko‘ra, bankrotlik to‘g‘risida iqtisodiy sud tomonidan ish qo‘zg‘atishning barcha holatlarida soxta bankrotlik alomatlarini aniqlash sud boshqaruvchisi tomonidan amalga oshiriladi hamda kuzatuv tartiboti jarayonida ro‘yobga chiqariladi.
(133-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Shu munosabat bilan sudlar qarzdorning arizasi bo‘yicha bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilganda va kuzatuv joriy etilganda, ajrim bilan muvaqqat boshqaruvchisiga qarzdorning soxta bankrotligi belgilari mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi xulosani sudga taqdim etish majburiyatini yuklashi lozim.
Qoidalarning 21-bandiga muvofiq, bankrotlikni yashirish alomatlari bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishdan oldingi davr mobaynida, shuningdek, bankrotlik taomillari jarayonida sud boshqaruvchisi tomonidan aniqlanadi
(13.3-bandining to‘rtinchi — oltinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan almashtirilgan)
(13.3-bandning yettinchi va sakkizinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Sudlarning e’tibori Qoidalarning 39 — 42-bandlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida tashkil etilgan xulosani hamda unga ilova qilingan materiallarni ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha fikrni taqdim etish uchun doimiy ishlovchi Komissiya xulosani va unga ilova qilingan materiallarni xo‘jalik sudi tomonidan murojaat tushgan paytdan boshlab bir oy muddatda ko‘rib chiqishi va o‘zining fikrini xo‘jalik sudiga taqdim etishi kerakligiga qaratilsin.
Shu munosabat bilan sudlar soxta bankrotlik (bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish) belgilari mavjudligi to‘g‘risidagi sud boshqaruvchisining xulosasini va unga ilova qilingan hujjatlarni darhol mazkur Komissiyaga ko‘rib chiqish uchun yuborishi lozim.
(133-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2016-yil 17-iyundagi 299-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
14. Sud boshqaruvchisining noqonuniy harakati (harakatsizligi) natijasida kreditorlarga yoki qarzdorning mol-mulkiga zarar yetkazilgan taqdirda, kreditorlar va qarzdor da’vo bilan umumiy yurisdiksiya sudiga murojaat etishga haqli.
15. Sud boshqaruvchisiga haq to‘lash miqdori va tartibi kreditorlar yig‘ilishi tomonidan belgilanadi hamda iqtisodiy sudning ajrimi yoki hal qiluv qarori bilan tasdiqlanadi.
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sud boshqaruvchisi haqining miqdorini belgilashda qarzdor mol-mulkining qiymati, uning amalga oshiradigan ishlari hajmi hisobga olinishi lozim.
Kreditorlar yig‘ilishining qarori bilan sud boshqaruvchisiga uning faoliyati natijalariga qarab to‘lanadigan qo‘shimcha haq belgilanishi mumkin. Agar kreditorlar bilan tuzilgan bitimda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, sud boshqaruvchisining haqi va qo‘shimcha haq qarzdorning mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi.
(15-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi 255-sonli qarori tahririda)
16. Qonun 19-moddasining birinchi qismiga asosan bankrotlik taomilini amalga oshirishda sud boshqaruvchisi tomonidan iqtisodiy sudga beriladigan da’vo arizalari va arizalar oldindan davlat boji hamda pochta xarajatlari to‘lanmasdan qabul qilinadi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
17. Qonunning 25-moddasi birinchi qismining oltinchi va yettinchi xatboshilariga muvofiq bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarning bankrotligi taomillari jarayoni hamda sud boshqaruvchilari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi, sud boshqaruvchisining faoliyatida qonun hujjatlari muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzilgan taqdirda uni vazifasidan ozod qilish haqida iqtisodiy sudga ariza bilan murojaat etadi.
(17-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Qonunning 26-moddasi uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilariga ko‘ra bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining hududiy boshqarmalari ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi oldida pul majburiyatlari bo‘yicha qarzi bor korxonalarning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining ko‘rsatmasiga binoan iqtisodiy sudga murojaat etadi, ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarning bankrotligi taomillari jarayoni ustidan nazoratni amalga oshiradi, korxonalarning bankrotligi jarayonlari monitoringini yuritadi, sud boshqaruvchilari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi, sud boshqaruvchisini belgilangan tartibda vazifasini bajarishdan ozod qilish zarurligi haqida bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organiga iltimosnoma bilan murojaat etadi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
18. Sudlarga tushuntirilsinki, Qonunning 52 va 53-moddalariga muvofiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar rasmiy nashr etib belgilangan “Birja” va (yoki) “Soliq info” gazetalarida chop etiladi.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2011-yil 1-dekabrdagi 235-sonli qarori tahririda)
19. Kreditorlarning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish uchun kreditorlarning talablari reyestriga kiritiladigan pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlarning miqdori iqtisodiy sud tomonidan qarzdorga nisbatan bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atish haqidagi arizani qabul qilish sanasiga belgilanadi. Qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza iqtisodiy sud tomonidan qabul qilingunga va bankrotlikning tegishli taomilini joriy etishga qadar ijro muddati kelgan qarzdorning kreditorlar oldidagi majburiyatlari kreditorlarning talablari reyestriga kiritiladi.
(19-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza iqtisodiy sud tomonidan qabul qilingandan keyin vujudga kelgan qarzdorning kreditorlar oldidagi majburiyatlari kreditorlarning talablari reyestriga kiritilmaydi va qarzdorning ular oldidagi majburiyatlari navbatdan tashqari bajariladi. Bunda, majburiyat deganda, bitim tuzish yoki voqeaning sodir bo‘lishi natijasida qarzdorda muayyan harakatlarni amalga oshirish majburiyatining vujudga kelishi tushuniladi (masalan, mol-mulkni berish, pul mablag‘larini to‘lash va boshqalar).
(19-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Kreditorlarning talablari reyestriga qarzdor va (yoki) sud boshqaruvchisi tomonidan tan olingan yoxud qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari (hal qiluv qarori, qaror, hukm, ajrim, sud buyrug‘i) bilan tasdiqlangan, shuningdek davlat organlarining hujjatlari bilan aniqlangan talablar kiritiladi.
Kreditorlarning talablari reyestriga asosiy qarzdan tashqari, neustoyka (jarima, penya)ni undirish haqidagi talablar, shuningdek yuqoridagi hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa hisoblangan iqtisodiy (moliyaviy) sanksiyalar (foizlar) kiritiladi.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilgunga qadar vujudga kelgan, ammo qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza iqtisodiy sud tomonidan qabul qilingandan keyin bajarish muddati kelgan pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlarning miqdori tegishli bankrotlik taomili (sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv) joriy etilgan sanaga belgilanadi.
(19-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Qarzdor bankrot deb topilgan va tugatishga doir ish yuritish boshlangandan so‘ng pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha talablar miqdori barcha hollarda, pul majburiyatlarini bajarish va majburiy to‘lovlarni to‘lash muddati yuzaga kelganidan qat’i nazar, tugatishga doir ish yuritish boshlangan sanaga belgilanadi, Qonunning 134-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan talablar bundan mustasno.
Qarzdorning chet el valyutasida qarzi mavjud bo‘lganda, agar kreditor va qarzdor o‘rtasida tuzilgan shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kreditorlarning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish uchun kreditorlarning talablari reyestriga kiritiladigan kreditorlarning talablari miqdori qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ariza iqtisodiy sud tomonidan qabul qilingan sanadagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan rasmiy kurs bilan, keyingi taomillarda esa O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-sonli BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”da nazarda tutilgan tartibda (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 21-mayda 1364-son bilan ro‘yxatga olingan) belgilanadi.
(19-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ariza iqtisodiy sud tomonidan qabul qilingandan keyin, shuningdek bankrotlikning tegishli taomili joriy etilgandan so‘ng bajarish muddati kelgan pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlar joriy to‘lovlar hisoblanadi.
(19-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
20. Bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turishga IPKning 101 va 102-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
(20-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Korxonaning rahbariga yoki muassislariga (ishtirokchilariga) yoxud mulkdoriga nisbatan korxonani bankrotlikka olib kelgan harakatlari (harakatsizligi) uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan taqdirda ham bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritish to‘xtatib turiladi. Sudning qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha qabul qilingan sud hujjati qonuniy kuchga kirganda yoki tergov harakatlari tugaganda bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritish tiklanadi.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritish to‘xtatilganda iqtisodiy sud Qonunning 50-moddasida ko‘rsatilgan sud hujjatlarini chiqarishga haqli emas. Bunda iqtisodiy sud tomonidan joriy etilgan bankrotlik taomili davom ettiriladi. Ushbu davr mobaynida sud boshqaruvchisida o‘z vazifasini bajarayotganligi uchun haq olish huquqi saqlanib qolinadi.
(20-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
21. Bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud hujjatlari IPKda belgilangan tartibda, Qonunda nazarda tutilgan xususiyatlarni inobatga olgan holda, qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
(21-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Iqtisodiy sudning bankrotlik to‘g‘risidagi ish doirasida chiqargan, IPKda nazarda tutilmagan ajrimlari ustidan faqat Qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda shikoyatlar berilishi (protestlar keltirilishi) mumkin, Qonunning 50-moddasi, 91-moddasi ikkinchi qismi va 124-moddasi to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan ajrimlar bundan mustasno, ushbu ajrimlar ustidan XPKda nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilinadi (protest keltiriladi).
(21-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Xususan, Qonunning 59-moddasiga ko‘ra bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha arizalar, shikoyatlar (iltimosnomalar) va kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan chiqarilgan iqtisodiy sudning ajrimlari ustidan Qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda shikoyatlar berilishi (protestlar keltirilishi) mumkin. Ko‘rsatilgan ajrimlar ustidan shikoyatlar (protestlar) ular chiqarilgan paytdan e’tiboran o‘n kun ichida beriladi.
(21-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Kreditorlar yig‘ilishining qarorini haqiqiy emas deb topish (Qonunning 13-moddasi beshinchi qismi) to‘g‘risidagi iqtisodiy sudning ajrimi ustidan ham shu tartibda shikoyat beriladi (protest keltiriladi).
(21-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Sud boshqaruvchilarini tayinlash (ozod qilish, almashtirish) to‘g‘risidagi ajrimlar ustidan Qonunda nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilinadi (protest keltiriladi). Agar sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv taomili joriy etilishi bilan bir paytda sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi yoki tashqi boshqaruvchi tayinlangan, tugatish boshqaruvchisi esa qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash bilan bir paytda tayinlangan bo‘lib, ularni tayinlash to‘g‘risida sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruvni joriy etish haqidagi iqtisodiy sudning ajrimida yoxud qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorida ko‘rsatilgan bo‘lsa, tayinlangan sud boshqaruvchisining nomzodi bilan kelishilmagan taqdirda bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar Qonunda nazarda tutilgan tartibda sud hujjatining sud boshqaruvchisini tayinlashga doir qismi ustidan shikoyat berishi, prokuror esa protest keltirishi mumkin.
(21-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
22. Qonunning 50-moddasiga ko‘ra bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha iqtisodiy sudning qarorlari va ajrimlari darhol ijro etiladi. Lekin, bu hol sud hujjatlari qabul qilingan paytdan e’tiboran qonuniy kuchga kirishini bildirmaydi. Ularning ustidan IPKda nazarda tutilgan tartibda shikoyatlar berilishi (protestlar keltirilishi) mumkin.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
23. Qonunning 54-moddasiga muvofiq xo‘jalik sudining qarzdorni bankrot deb topishni rad etish to‘g‘risidagi qarori quyidagi hollarda qabul qilinadi: bankrotlik alomatlari aniqlanmaganda, ya’ni qarzdorga jami talablar Qonunda belgilangan miqdordan kam tashkil etgan hollarda; iqtisodiy sud bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror qabul qilgunga qadar kreditorlarning bildirilgan talablari qondirilganda; soxta bankrotlik aniqlanganda va Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
24. Qonunning 56-moddasiga binoan sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv jarayonida qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklanganda, kelishuv bitimi tuzilganda va u iqtisodiy sud tomonidan tasdiqlanganda, bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etuvchi barcha kreditorlar bildirilgan talablaridan voz kechganda, kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan kreditorlarning barcha talablari har qanday bankrotlik taomili jarayonida qondirilganda bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritish iqtisodiy sudning ajrimi bilan tugatiladi.
Ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonaga nisbatan bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi sudgacha sanatsiya qilish o‘tkazilishi maqsadga muvofiqligi haqida qaror qabul qilganda va kreditorlar sudgacha sanatsiya qilish o‘tkazilishiga rozi bo‘lgan taqdirda, iqtisodiy sud Qonunning 61-moddasi uchinchi qismiga muvofiq bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqaradi.
Agar iqtisodiy sudning qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida hal qiluv qarori bo‘lsa yoki qarzdor korxona tugatilgan va davlat reyestridan chiqarilgan bo‘lsa, bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritish IPK 110-moddasining 2 va 4-bandlariga ko‘ra tugatiladi.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
25. Tugatishga doir ish yuritish jarayonida kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan barcha talablar qondirilganda va qarzdorning o‘z xo‘jalik faoliyatini davom ettirishga imkoniyati mavjud bo‘lganda, tugatish boshqaruvchisi taqdim etgan hisobotni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha iqtisodiy sud bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqaradi va unda qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori ijro etilmasligi ko‘rsatiladi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
26. Sud boshqaruvchisining qarzdor tomonidan tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topish, shuningdek uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash haqidagi talablari IPK yoki O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan umumiy tartibda bankrotlik to‘g‘risidagi ish doirasidan tashqari ko‘rib chiqiladi.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
27. Mehnat shartnomasi asosida ishlovchi shaxslarga mehnat haqi to‘lash va ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lash bo‘yicha talablarning miqdori va tarkibi xususida sud boshqaruvchisi va qarzdor xodimlarining vakili o‘rtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar (mehnat shartnomasini bekor qilish bundan mustasno) Qonunning 59-moddasiga muvofiq iqtisodiy sud tomonidan ko‘riladi.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
28. Qonunning 91-moddasi birinchi qismiga binoan agar qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashning haqiqiy imkoniyati aniqlangan bo‘lsa, tashqi boshqaruv kreditorlar yig‘ilishining iltimosnomasi, mol-mulkida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar bo‘yicha esa bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining arizasi asosida iqtisodiy sud tomonidan joriy etiladi.
(28-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Tashqi boshqaruv o‘n ikki oydan (kam emas) yigirma to‘rt oygacha muddatga joriy etilishi mumkin. Sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruvning jami muddati o‘ttiz oydan oshmasligi lozim. Agar qarzdorga nisbatan sud sanatsiyasi joriy etilmagan bo‘lsa, u holda tashqi boshqaruvning eng ko‘p muddati yigirma to‘rt oydan oshmasligi shart (shaharni tashkil etuvchi korxonalar hamda ularga tenglashtirilgan korxonalar bundan mustasno).
(28-bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Qonunning 119-moddasi ikkinchi qismida kreditorlar bilan hisob-kitoblarni tugatish uchun belgilangan olti oygacha bo‘lgan muddat tashqi boshqaruv muddatiga kirmaydi.
Tashqi boshqaruv uchun belgilangan muddatning qisqartirilishiga yoki uzaytirilishiga Qonunning 91-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan muddatlar doirasida kreditorlar yig‘ilishining iltimosnomasiga, bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining qaroriga yoki tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan yo‘l qo‘yiladi. Tashqi boshqaruv muddatini qisqartirish yoki uzaytirish masalasi ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilingan holda iqtisodiy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
(28-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
29. Qonunning 93-moddasiga muvofiq kreditorlar talablarini qondirishga nisbatan moratoriy tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar bajarish muddati kelgan pul majburiyatlariga va (yoki) majburiy to‘lovlarga tatbiq etiladi, qarzdorga nisbatan kuzatuv va (yoki) sud sanatsiyasi joriy qilinganidan keyin vujudga kelgan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlar bundan mustasno.
(29-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Tashqi boshqaruv joriy etilganidan keyin bajarish muddati boshlangan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha talablarga moratoriy tatbiq etilmaydi. Bunday talablar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 784-moddasida belgilangan navbatga rioya etilgan holda tashqi boshqaruv davrida qanoatlantiriladi (Qonunning 93-moddasi beshinchi qismi).
30. Qonunning 124-moddasiga muvofiq tugatishga doir ish yuritish muddati to‘qqiz oydan oshishi mumkin emas. Shundan kelib chiqib, iqtisodiy sudning bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi hal qiluv qarorida tugatish boshqaruvchisi tomonidan tugatishga doir ish yuritish natijalari haqidagi hisobotni taqdim etishning aniq muddatini belgilash lozim.
(30-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Zarurat bo‘lganda Qonun 124-moddasining uchinchi qismida sanab o‘tilgan holatlar mavjud bo‘lsa, bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra yoki iqtisodiy sudning tashabbusi bilan bu muddat ko‘pi bilan uch oyga uzaytirilishi mumkin.
(30-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
31. Qonunga muvofiq tuzilgan kelishuv bitimining shartlari faqat kelishuv bitimini tuzish haqida qaror qabul qilgan kreditorlar yig‘ilishi o‘tkazilgan sanaga kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan talablarga nisbatan tatbiq etiladi.
Kreditorlarning talablari reyestriga talablari kiritilmagan kreditorlar, kelishuv bitimi tasdiqlangan va bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritish tugatilgandan so‘ng, kelishuv bitimi shartlarini hisobga olmagan holda, o‘z talablarini umumiy tartibda taqdim etishga haqli.
Sudlar e’tiborga olishi kerakki, kelishuv bitimini tuzish masalasi ko‘rilayotgan kreditorlar yig‘ilishida birinchi, ikkinchi va uchinchi guruh kreditorlari ovozga ega va qaror, basharti kreditorlar yig‘ilishida ishtirok etayotgan ushbu guruhlar kreditorlarining ko‘pchiligi uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan deb hisoblanadi.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshisi bilan to‘ldirilgan)
32. Kelishuv bitimini tasdiqlash haqida iqtisodiy sud ajrim chiqaradi va unda bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritish tugatilishi ko‘rsatiladi.
Agar kuzatish taomilida qarzdor yuridik shaxs boshqaruv organining vakolatlari iqtisodiy sudning ajrimi bilan tugatilgan va muvaqqat boshqaruvchining zimmasiga yuklatilgan bo‘lsa, u holda qarzdor nomidan kelishuv bitimi muvaqqat boshqaruvchi tomonidan imzolanadi.
Tugatishga doir ish yuritish jarayonida kelishuv bitimi tuzilganida, iqtisodiy sudning ajrimida qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi hal qiluv qarori ijro etilmasligi ko‘rsatiladi.
Ish haqi bo‘yicha qarzning mavjudligi iqtisodiy sud tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish uchun asos bo‘ladi.
Qarzdor tomonidan kelishuv bitimining shartlari bajarilmagan holda, kreditorlar taalluqligiga ko‘ra umumiy yurisdiksiya sudiga yoki iqtisodiy sudga da’vo arizasi berishga haqli. Bunda kreditorlarning talablari miqdori kelishuv bitimi shartlari asosida aniqlanadi.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
33. Qarzdorga qarzni to‘lash muddatini uzaytirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish va (yoki) kreditorlarga tegishli qarzni kamaytirish yo‘li bilan moliyaviy yordam ko‘rsatilishi kelishuv bitimining predmeti sifatida qabul qilinishi lozim va qarzdorning moliyaviy ahvolini boshqa bir bankrotlik taomilida tiklash bo‘yicha chora sifatida ko‘rilishi mumkin emas (qarzni kamaytirish yo‘li bilan moliyaviy yordam ko‘rsatish bundan mustasno).
34. Shaharni tashkil etuvchi va unga tenglashtirilgan korxonaning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ishlarni ko‘rishda iqtisodiy sudlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 30-apreldagi 107-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Korxonalarni shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga rioya qilishlari lozim.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
35. Qarzdorni bankrotlikning soddalashtirilgan taomili bo‘yicha bankrot deb topish (tugatilayotgan yoki hozir bo‘lmagan qarzdor) haqidagi arizani qabul qilishda kreditorlik qarzlarining miqdori ahamiyatga ega emas.
Qonunning 185-moddasi ikkinchi qismiga binoan qarzdorni bankrot deb topish haqidagi ariza bilan iqtisodiy sud murojaat etilganda, arizaga qarzdorni tugatish to‘g‘risidagi qaror ilova qilinishi lozim.
(35-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Hozir bo‘lmagan qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida ariza berilganda, qarzdor — yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik shaxs rahbarining hozir bo‘lmaganligini, shuningdek ularning turar joyini aniqlashning imkoniyati yo‘qligini tasdiqlovchi dalillar iqtisodiy sudga taqdim etilishi kerak. Bunday dalillar manzil ma’lumot byurosi tomonidan shaxsning ro‘yxatdan chiqib, boshqa hududga ketganligi haqida berilgan ma’lumotnoma, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, uy-joy mulkdorlarining shirkati vakillari ishtirokida shaxsning ro‘yxatga olingan manzilda yashamasligi to‘g‘risida tuzilgan dalolatnoma, shaxsning vafot etganligi yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lishi mumkin.
(35-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Qarzdorning hozir bo‘lmaganligi sifatida nafaqat uning rahbari yo‘qligi, balki xo‘jalik yurituvchi subyekt mol-mulkining yo‘qligini ham tushunish lozim. Bu hol qarzdor — yuridik shaxs turgan joyi (pochta manzili) bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, uy-joy mulkdorlarining shirkati, turarjoy yoki odam yashamaydigan joyning mulkdori vakillari va (yoki) sud boshqaruvchisi ishtirokida tuzilgan dalolatnoma yoxud qarzdorning mol-mulki mavjud emasligi sababli ijro hujjatini ijrosiz qaytarish to‘g‘risidagi davlat ijrochisining qarori bilan tasdiqlanishi mumkin.
(35-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Tugatilayotgan yuridik shaxsni bankrot deb topish haqidagi arizada tugatish boshqaruvchisining nomzodi arizachi tomonidan ko‘rsatiladi.
36. Qonunning 185-moddasiga binoan agar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotganligi va (yoki) o‘zining ustav jamg‘armasini shakllantirmaganligi munosabati bilan tugatilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan yuridik shaxsning mol-mulki qiymati kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, bunday yuridik shaxs Qonunda nazarda tutilgan tartibda tugatiladi. Ushbu hollar aniqlanganda tugatish komissiyasi (tugatuvchi) tugatilayotgan yuridik shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan iqtisodiy sudga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli choralarni ko‘rish uchun davlat soliq xizmati organiga murojaat etishi shart.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
37. Qarzdor — yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxs kreditorlarining barcha talablari to‘liq qanoatlantirilgandan va hisob-kitoblar tugagandan keyin iqtisodiy sud tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi haqida ajrim chiqaradi.
Qarzdor — yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsning barcha kreditorlar talablarini qanoatlantirish uchun mol-mulki yetarli bo‘lmagan hollarda, davlat ijrochisi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 37 va 39-moddalarida belgilangan qoidalarga muvofiq undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish haqidagi ijro varaqasini iqtisodiy sudga qaytaradi. Iqtisodiy sud ijro varaqasini qaytarish haqidagi hujjatlarni ko‘rib chiqqandan keyin tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Agar Qonun 181-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq tugatish boshqaruvchisi tayinlangan bo‘lsa, u holda tugatishga doir ish yuritish Qonunning 142 va 144-moddalarida belgilangan qoidalar bo‘yicha tamomlanadi.
(37-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
(38-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
39. Yuridik shaxslarning ayrim toifalari, yakka tartibdagi tadbirkor, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsning, tugatilayotgan yuridik shaxs va hozir bo‘lmagan qarzdorning bankrotlik to‘g‘risidagi ishi ko‘rilayotganda, qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, Qonunning umumiy qoidalari qo‘llaniladi.
(39-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
40. Iqtisodiy sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilingan paytdan e’tiboran Qonunning 125-moddasiga binoan ijro hujjatlarini ijro etish tugatiladi, ijro hujjatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud ijrochilari tomonidan tugatish boshqaruvchisiga o‘tkaziladi. Sud xarajatlarini undirish haqidagi ijro hujjatlari iqtisodiy sud tomonidan tugatish boshqaruvchisiga yuboriladi.
(40-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
41. Tugatishga doir ish yuritish taomilini o‘tkazish natijalari to‘g‘risida tugatish boshqaruvchisi tomonidan taqdim etilgan hisobot Qonunning 144-moddasiga asosan iqtisodiy sud tomonidan, zarur hollarda, sud majlisida IPK 168-moddasining birinchi qismi talablariga rioya qilgan holda ko‘riladi. Tugatish boshqaruvchisining hisoboti asosli deb topilganda, iqtisodiy sud tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi haqida ajrim chiqaradi, hisobot asossiz deb topilganda esa — sud tugatishga doir ish yuritishni tamomlashni rad etish haqida ajrim chiqaradi. Ushbu holatda tugatishga doir ish yuritishni tamomlash masalasi kamchiliklar bartaraf etilganidan va yangi hisobot taqdim etilgandan so‘ng ko‘rib chiqiladi.
(41-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
42. Iqtisodiy sudning qarzdor yuridik shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori bekor qilingan va ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan taqdirda, qarzdor boshqaruv organining vakolatlari tiklanadi. Bu holda tugatish boshqaruvchisi qarzdor boshqaruv organining vakolatlari tiklangan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida buxgalteriya va boshqa hujjatlar, muhr va shtamplar, moddiy va boshqa qimmatliklarning topshirilishini ta’minlaydi.
(42-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
43. Iqtisodiy sudlar, muayyan ish holatlaridan kelib chiqib, bankrotlik to‘g‘risidagi ishlarni sayyor sud majlislarida ko‘rib hal etishlari lozim. Bunda bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi, davlat soliq xizmati, prokuratura, huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan birgalikda korxonalarni iqtisodiy nochor ahvolga olib keluvchi debitorlik-kreditorlik qarzlarining yuqoriligi hamda zarar ko‘rib faoliyat ko‘rsatish sabablarini aniqlash, xo‘jasizlik, pul mablag‘larini behuda sarflash, ulardan maqsadsiz foydalanish holatlariga yo‘l qo‘ygan aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish masalalariga alohida e’tibor berish kerak.
(43-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
44. O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 1996-yil 1-martdagi “Respublika xo‘jalik sudlari tomonidan ko‘rilgan bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyotini o‘rganish va umumlashtirish natijalari haqida”gi 55-sonli, 1999-yil 16-iyuldagi “Xo‘jalik sudlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunini (yangi tahrirda) qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 78-sonli, 2004-yil 20-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunini (2003-yil tahririda) amalga kiritish bilan bog‘liq ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 112-sonli qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.