1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.11.00.00 Jinoyat qonunchiligi / 16.11.06.00 Jinoyatlarning alohida turlari uchun javobgarlik / 16.11.06.01 Shaxsga qarshi jinoyatlar]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Jinoiy qonunchilik]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
ODAM SAVDOSIGA OID ISHLAR BOʻYICHA SUD AMALIYOTI TOʻGʻRISIDA
XX asr oxirlariga kelib odam savdosi butun insoniyatga qarshi asosiy tahdidlardan biri boʻlib qoldi. Odamdan ekspluatatsiya maqsadlarida foydalanish bilan bogʻliq jinoyatlar oshib borishi tendensiyasi bunday ijtimoiy xavfli qilmishlar oxir-oqibatda jamiyatning demokratik negizlariga tajovuz qilishi bilan milliy xavfsizlikka ham tahdid soladi.
Oʻzbekiston odam savdosiga qarshi kurashishga oid qator xalqaro hujjatlarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konvensiyasini, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Konvensiyasini toʻldiruvchi “Odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini oldini olish hamda unga chek qoʻyish va uning uchun jazolash haqida”gi Protokolni ratifikatsiya qildi, “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida” Qonun qabul qilindi va xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga doir tegishli oʻzgartirishlar kiritdi.
Odam savdosiga oid qonunchilikni qoʻllashda masalalar yuzaga kelayotganligi munosabati bilan hamda bu toifadagi ishlar boʻyicha yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, Oʻzbekiston Respublikasida eng oliy qadriyat inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa tabiiy huquqlari boʻlib, ularni taʼminlash Konstitutsiya bilan kafolatlanadi.
Qonunda odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi shaxs erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlaridan biri hisoblanadi.
2. Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasi mazmuniga koʻra, odam savdosi deganda, odamni olish-sotish yoki odamni ekspluatatsiya qilish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish tushuniladi.
3. Oldi-sotdi tariqasidagi odam savdosi odamning bir shaxs tomonidan boshqasiga pul, boshqa moddiy qimmatliklar (mulk), mulkiy xarakterdagi xizmatlar, mulkiy yoki pul shaklidagi qarzdan voz kechish va h.k.lar sifatidagi haq evaziga berilishi toʻgʻrisida yozma yoki ogʻzaki bitim tuzilishini nazarda tutadi. Bunday koʻrinishdagi odam savdosida odam qanday maqsadlarda sotib olinganligi (sotilganligi) huquqiy ahamiyat kasb etmaydi.
Shaxs odamni uning evaziga haq olinganidan soʻng topshirish sharti bilan sotishga vaʼda berib, biroq azaldan uning qasdi moddiy qimmatliklarni egallashga qaratilgan va unda bitim shartlarini bajarish niyati boʻlmagan hollarda uning harakatlari firibgarlik tarkibini tashkil etadi, oluvchining harakatlari esa sotib olish tariqasidagi odam savdosiga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
4. Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, olish-sotish tariqasidagi odam savdosidan farqli ravishda, Jinoyat kodeksining 135-moddasida nazarda tutilgan boshqa barcha hollar (yollash, tashish, topshirish, yashirish, qabul qilish)da jinoiy javobgarlik yuzaga kelishining zarur sharti odamni ekspluatatsiya qilishga qaratilgan maqsad mavjudligi hisoblanadi.
Odam mehnati va xizmatlaridan mehnat, fuqarolik qonunchiligi normalariga muvofiq (masalan, qurilish yoki maishiy pudrat, haq evaziga xizmat koʻrsatish, yoʻlovchi va yuk tashish, transport ekspeditsiyasi va h.k. shartnomalar boʻyicha) foydalanilgan barcha hollarda odam ekspluatatsiyasi mavjud boʻlmaydi. Bunday huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik bilan bogʻliq nizolar fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etilishi kerak.
5. Odamlardan foydalanish (ekspluatatsiya qilish) boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanish (ekspluatatsiya qilish)ning oʻzga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka oʻxshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olishni anglatadi.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanish deganda, odamdan uning haq evaziga nomuayyan doiradagi jinsiy sheriklar bilan shahvoniy munosabatlarga kirishishidan muttasil foydalanish tushuniladi. Boshqa koʻrinishdagi shahvoniy ekspluatatsiya deganda, odamning undan pornografik tasvirlar tayyorlash, buzuq harakatlar sodir etish va h.k. maqsadlarda foydalanish uchun berilishi tushuniladi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Bunda sudlar, odam savdosi jinoyatini boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash jinoyatidan farqlash uchun aybdorning qasdi nimaga qaratilganligini, uning oʻz harakatlari oqibati, yaʼni shaxsning erkinligi cheklanishiga nisbatan subyektiv munosabatini inobatga olishlari lozim.
Boshqa shaxsni fohishaligidan foydalanish maqsadida yollaganda, tashiganda, topshirganda, yashirganda yoki qabul qilganda aybdor odamni ekspluatatsiya qilish niyatida harakat qiladi, fohishalik bilan shugʻullanishga jalb qilish tariqasidagi qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash hollarida esa, aybdor tamagirlikdan boshqa maqsadni koʻzlamaydi. Bunda, fohishalik bilan shugʻullanishga yoki boshqa koʻrinishdagi shahvoniy foydalanishning oʻzga shakllari uchun jalb qilingan shaxs oʻzining shaxsiy huquq va erkinliklariga nisbatan barcha huquqlarini saqlab qoladi va ulardan foydalanishda toʻla mustaqil boʻladi.
Aybdorning odamni ekspluatatsiya qilish niyatida harakat qilganligi toʻgʻrisidagi masalani hal etishda qilmishning barcha holatlari majmuidan kelib chiqilishi, xususan, shaxsning erkinligi cheklanganligi, jabrlanuvchi uchun noqulay sharoitga solinib, boshqalarga qaram holatda saqlanganligi, fohishalik bilan yoki boshqa koʻrinishdagi shahvoniy faoliyat bilan oʻz erkiga xilof ravishda shugʻullanganligi holatlari eʼtiborga olinishi lozim.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan uchinchi — beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan)
Majburiy mehnat biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlashni anglatadi. Harbiy yoki muqobil xizmat toʻgʻrisidagi qonunlar asosida, favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan, qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim boʻlgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.
Qullik — oʻziga nisbatan mulk huquqiga xos ayrim yoki barcha huquqlar amalga oshirilayotgan shaxs ahvoli yoki holatini anglatadi.
Erksizlik holati — shaxsning muayyan omillar majmui taʼsiri ostida oʻz erkiga xilof ravishda har qanday ish yoki xizmatni bajarishga majbur boʻlganligini anglatadi.
6. Odam savdosiga oid ishlarni tergov qilish yoki koʻrishda tergov organlari va sudlar quyidagi tushunchalarni aniq farqlashlari lozim:
yollash deganda, ekspluatatsiya qilish maqsadida odamni biror-bir faoliyat bilan shugʻullanishga jalb etishga qaratilgan faoliyat (ekspluatatsiya obyektini qidirish, toʻplash, u bilan muzokara yuritish va h.k) tushuniladi;
tashish — shaxsni olish-sotish bitimi tuziladigan (ijro etiladigan), boshqa shaxsga topshiriladigan joyga yoki undan ekspluatatsiya maqsadida foydalaniladigan joyga yetkazib berish (transportda tashish)ni anglatadi. Bunda yetkazib beriladigan shaxs odam savdosini amalga oshirish uchun moʻljallanganligi tashuvchiga oldindan maʼlum boʻlishi lozim. Tashish bitta aholi punkti doirasida ham, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqish bilan bogʻliq tarzda ham amalga oshirilishi mumkin;
topshirish — odamni boshqa shaxsga ekspluatatsiya qilish maqsadida jismoniy tarzda berishda ifodalanadi;
yashirish — jabrlanuvchini hokimiyat vakillaridan, qarindoshlaridan yoki uning taqdiridan manfaatdor boshqa shaxslardan har qanday joyda xufiya saqlashda ifodalanadi;
qabul qilish — odamni oʻz maqsadlarida ekspluatatsiya qilish uchun egalikka olish (masalan, hadya tariqasida, vaqtincha tekin foydalanish uchun yoki qarz evaziga va h.k.) ni anglatadi, odamni sotib olish hollari bundan mustasno.
7. Tushuntirilsinki, Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi formal boʻlib, jinoyat odamni olish-sotish bitimi tuzilgan paytdan yoki qonunning mazkur moddasida koʻrsatilgan boshqa qilmish sodir etilgan paytdan tugallangan hisoblanadi.
Shu bilan birga, qilmishda ayrim kvalifikatsiya belgilari mavjud boʻlganda jinoyatni tugallangan deb topish uchun qonunda belgilangan oqibatlar (masalan, jabrlanuvchining oʻlimi yoki boshqa ogʻir oqibatlar) kelib chiqqan boʻlishi kerak.
Shuni inobatga olish lozimki, ayrim hollarda jinoyatning tugallanish payti ekspluatatsiya tugagan (masalan, jabrlanuvchi qochib ketgan, jinoyatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan barham berilgan, jabrlanuvchi aybdorning oʻzi yoki boshqa shaxslar tomonidan ozod qilingan va h.k.) vaqt bilan bogʻliq boʻladi.
8. Sudlarga tushuntirilsinki, Jinoyat kodeksining 135-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi bilan jabrlanuvchini oʻgʻirlash, zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qoʻllash bilan bogʻliq tarzda sodir etilgan odam savdosi kvalifikatsiya qilinadi.
Oʻgʻirlash deganda, odamni qonunga xilof ravishda, yashirin yoki oshkora qoʻlga kiritish va uning erkiga xilof ravishda uni olish-sotish yoki ekspluatatsiya qilish maqsadida boshqa joyga olib ketish tushunilishi lozim.
Zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish deganda, bogʻlash, ozodlikdan mahrum etish, urish-doʻpposlash, ushlab turishdan boshlab, jabrlanuvchining sogʻligʻiga yengil yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish, shuningdek, jabrlanuvchining sogʻligʻiga ziyon yetkazmagan boʻlsada, biroq qoʻllanilgan paytda bunday ziyon yetkazishga real imkoniyat tugʻdirgan zoʻrlikkacha boʻlgan har qanday majburlash tushunilishi lozim.
Boshqa shakldagi majburlash deganda, jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilarining mulkiga shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud shikast yetkazish yoki nobud qilish bilan tahdid qilish, jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilari obroʻsini toʻkadigan maʼlumotlarni yoki ularning huquqlari yoki qonuniy manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlarni tarqatish yoxud jabrlanuvchini aybdorning u yoki bu koʻrsatmalarini bajarishga majbur etadigan vaziyatni vujudga keltiradigan har qanday harakatlarni amalga oshirish tushunilishi kerak.
9. Jinoyat kodeksining 135-moddasi ikkinchi qismi “g” bandi bilan aybdorga moddiy yoki boshqa jihatdan qaram boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi bilan bogʻliq harakatlar kvalifikatsiya qilinadi.
Moddiy qaramlik, jumladan, jabrlanuvchi aybdorning toʻliq yoki qisman qaramogʻida boʻlganligani, qarzdorning kreditorga muteligini va h.k.ni anglatadi.
Boshqa jihatdan qaramlik deganda, jabrlanuvchining aybdorga har qanday nomoddiy qaramligini (masalan, oilaviy munosabatlar, tobe shaxsning rahbariga, oʻquvchining oʻqituvchiga qaramligini) tushunish zarur.
10. Xizmat mavqeyidan foydalangan holda odam savdosi (Jinoyat kodeksining 135-moddasi ikkinchi qismi “j” bandi), bunday jinoyat mansabdor shaxs tomonidan yoki oʻz xizmat vakolatlaridan Jinoyat kodeksining 135-moddasida nazarda tutilgan har qanday qilmishni yengillatish maqsadida foydalangan boshqa shaxs tomonidan sodir etilganligini bildiradi.
11. Tushuntirilsinki, Jinoyat kodeksining 135-moddasi ikkinchi qismi “z” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor jabrlanuvchini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga yoki uning hududiga Davlat chegarasi orqali (qonuniy yoki qonunga xilof tarzda) toptaydi yoki boshqa tarzda oʻtkazadi yoxud shaxsni uning erkiga zid ravishda xorijiy davlat hududida ushlab turadi.
Jabrlanuvchini chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turish uning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qaytishi yoki Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik yoki konsullik muassasalari bilan aloqa bogʻlash imkoniyatidan mahrum qilganida namoyon boʻladi.
12. Taʼkidlash lozimki, Jinoyat kodeksining 135-moddasi uchinchi qismi “b” bandi boʻyicha jinoiy javobgarlik, faqat odam savdosida obyekt sifatida ishtirok etgan shaxs oʻlimi yoki boshqa ogʻir oqibatlar ehtiyotsizlik oqibatida yetkazilgan taqdirdagina kelib chiqadi.
Boshqa ogʻir oqibatlar sifatida, jumladan, jabrlanuvchining oʻzini oʻzi oʻldirishi, unga tanosil yoki OITS kasali yuqtirilganligi, ruhiy holati buzilishi va h.k. tan olinishi mumkin.
13. Qonun mazmuniga koʻra, aldash yoʻli bilan sodir etilgan olish-sotish, shuningdek, odamni ekspluatatsiya qilish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish tariqasidagi odam savdosi Jinoyat kodeksining 135-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olinadi va Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi, JK 168-moddasi toʻrtinchi qismi “a” bandi bundan mustasno.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
14. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, odam savdosi jinoyati odamlarni kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, aldash yoʻli bilan sodir etilganda, shuningdek, qilmish JK 135-moddasi ikkinchi qismining “j”, “z”, “i”, “k” bandlari, uchinchi qismining “b” bandi bilan kvalifikatsiya qilinganda, qilmishni Jinoyat kodeksining mazkur jinoyatlar uchun javobgarlik belgilovchi moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishga, faqat qonunning boshqa normasida JK 135-moddasi tegishli qismi sanksiyasida belgilangan jazodan ogʻirroq jazo belgilangan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
Misol uchun, agar odam savdosida shaxs badaniga qasddan ogʻir shikast yetkazilgan boʻlsa, qilmish JK 135-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi bilan qamrab olinmaydi. Bunday hollarda aybdorning harakatlari JK 104-moddasining tegishli qismi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishi lozim.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
141. Sudlar odam savdosiga oid jinoyat ishlarini koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni 29-moddasiga muvofiq, jinoyat sodir etilishida aybdor deb topilgan shaxslardan odam savdosidan jabrlanganlarning taʼminoti va ularni reabilitatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarni aniqlab, ularni undirish choralarini koʻrishi, shuningdek, dastlabki tergov jarayonida yetkazilgan moddiy zararlarni qoplanish choralari taʼminlanganligiga eʼtibor qaratishlari lozim.
(141-band Oʻzbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
15. Odam savdosiga oid ishlarni koʻrishda sudlar mazkur jinoyat sodir etilishiga imkon yaratgan barcha shaxslar javobgarlikka tortilgan tortilmaganligini sinchkovlik bilan tekshirishlari lozim. Ayni paytda ish boʻyicha shaxsning qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi aniqlangan taqdirda, sudlar jinoyat ishini yuritishga masʼul boʻlgan davlat organlari mansabdor shaxslariga nisbatan xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan munosabat bildirishlari lozim.
16. Yuqori instansiya sudlari odam savdosiga oid ishlar boʻyicha birinchi instansiya sudlari chiqargan sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligi ustidan tegishli nazoratni taʼminlashlari, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oʻz vaqtida aniqlashlari va bartaraf etishlari lozim.