1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.05.00.00 Shaxs xavfsizligi / 16.05.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Umumiy masalalar]
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
ODAM SAVDOSIGA QARShI KURAShISh TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2008-yil 18-martda qabul qilingan Senat tomonidan 2008-yil 27-martda maʼqullangan
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 2020-yil 17-avgustdagi OʻRQ-633-sonli Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
odam savdosiga qarshi kurashish — odam savdosining oldini olish, uni aniqlash, unga chek qoʻyish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish boʻyicha faoliyat;
odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiisteʼmol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni toʻlovlar yoki manfaatdor etish evaziga ogʻdirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka oʻxshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olishni anglatadi;
odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxs — mustaqil ravishda yoki bir guruh shaxslar tarkibida odam savdosi bilan bogʻliq har qanday harakatni sodir etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek oʻz harakatlari bilan odam savdosiga koʻmaklashadigan, xuddi shuningdek garchi oʻz mansab vakolatlariga koʻra toʻsqinlik qilishi va qarshi kurashishi shart boʻlsa ham odam savdosiga toʻsqinlik qilmaydigan yoki qarshi kurashmaydigan mansabdor shaxs.
4-modda. Odam savdosiga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari
Odam savdosiga qarshi kurashish quyidagi asosiy prinsiplarga asoslanadi:
qonuniylik;
odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi;
odam savdosidan jabrlanganlarning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik;
ijtimoiy hamkorlik.
2-bob. Odam savdosiga qarshi kurashishni tashkil etish
5-modda. Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari
Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati;
(5-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi OʻRQ-522-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi.
Odam savdosiga qarshi kurashish faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshirishi mumkin.
6-modda. Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiyalar
Odam savdosiga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish uchun odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha Respublika Idoralararo komissiyasi (bundan buyon matnda Idoralararo komissiya deb yuritiladi) tuziladi. Idoralararo komissiyani shakllantirish va uning faoliyati tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom” va “Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi”.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha hududiy idoralararo komissiyalar (bundan buyon matnda hududiy idoralararo komissiyalar deb yuritiladi) ham tuzilishi mumkin.
Idoralararo komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini, shuningdek ularning ijrosi ustidan nazorat qilinishini tashkil etish;
davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, oʻzaro yaqin hamkorligini va uygʻun ishlashini taʼminlash maqsadida ularning odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash, monitoring qilish va oshirish;
odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarni aniqlash, tekshirish, ularning oldini olish va ularga chek qoʻyish amaliyotini oʻrganish;
huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirish yoʻli bilan tizimli kamchiliklarning sabablari hamda shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish;
odam savdosiga imkon beruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etishga doir ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish;
odam savdosining miqyosi, holati va xususiyatlari haqidagi axborotni toʻplash hamda tahlil qilish;
davlat organlari va tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashishda oʻzaro aloqada ishlashini yaxshilashga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
odam savdosiga qarshi kurashishga oid axborotni toʻplash, saqlash, ishlovdan oʻtkazish, tahlil qilish, shuningdek tegishli davlat organlari va tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ushbu axborotdan foydalanish;
odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish ishlarini yaxshilash, odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
odam savdosiga qarshi kurashish masalalari haqida aholini xabardor qilishga doir tadbirlarni tashkil etish;
odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatuvchi va ularni himoya qiluvchi ixtisoslashtirilgan muassasalarning faoliyatiga rahbarlik qilish hamda bu faoliyatni nazorat qilish;
hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish.
(6-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
7-modda. Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlarining vakolatlari
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni taʼminlash kuchlari / 16.02.05.00 Ichki ishlar organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi odam savdosiga qarshi kurashish sohasida:
odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarni ochish boʻyicha tezkor-qidiruv faoliyatini tashkil etadi hamda amalga oshiradi, jinoyat ishlari boʻyicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov oʻtkazilishini taʼminlaydi;
(7-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi OʻRQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarning statistika hisobini tashkil etadi va amalga oshiradi;
odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar, uyushgan guruhlar va jinoiy uyushmalarning faoliyatiga chek qoʻyish boʻyicha xalqaro tashkilotlar hamda boshqa davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar, uyushgan guruhlar va jinoiy uyushmalar haqida tegishli davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlariga axborot taqdim etadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda aholi oʻrtasida keng miqyosda ogohlantirish-profilaktika ishlarini oʻtkazadi;
Oʻzbekiston Respublikasining ikki tomonlama va koʻp tomonlama xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan, ichki ishlar organlari vakolatiga kiradigan tadbirlarni amalga oshiradi.
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-apreldagi PQ-2883-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi toʻgʻrisida nizom”.
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni taʼminlash kuchlari / 16.02.03.00 Davlat xavfsizlik xizmati organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati odam savdosiga qarshi kurashish sohasida:
(7-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi OʻRQ-522-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
xalqaro terrorchilik tashkilotlari va uyushgan jinoiy guruhlarning odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar bilan aloqalarini aniqlaydi;
xalqaro terrorchilik tashkilotlari va uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan amalga oshiriladigan odam savdosi bilan bogʻliq jinoyat ishlari boʻyicha tergovga qadar tekshiruv hamda dastlabki tergov oʻtkazadi;
(7-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi OʻRQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar va odam savdosidan jabrlanganlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtishga urinishlarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qoʻyish choralarini koʻradi.
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 2-noyabrdagi 278-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi Nizom.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari odam savdosiga qarshi kurashish sohasida:
odam savdosidan jabrlangan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish faoliyatini amalga oshiradi;
odam savdosidan jabrlanganlarni Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarishga koʻmaklashadi, ularda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan taqdirda esa, belgilangan tartibda ularning shaxsini aniqlash choralarini koʻradi hamda ularga konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlarni undirmasdan Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtiradi;
zarur boʻlgan hollarda chet davlatlarning tegishli vakolatli organlariga Oʻzbekiston Respublikasining odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari haqida maʼlumotlar taqdim etadi;
odam savdosidan jabrlanganlarga ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari haqida axborot taqdim etadi.
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3654-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi toʻgʻrisida nizom”.
[OKOZ:
1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.01.00 Umumiy qoidalar / 14.01.01.99 Umumiy qoidalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi odam savdosiga qarshi kurashish sohasida odam savdosidan jabrlanganlarga tibbiy va psixologik yordam koʻrsatishni belgilangan tartibda tashkil etadi.
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi toʻgʻrisida nizom”.
Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlariga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar ham berilishi mumkin.
8-modda. Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlariga koʻmaklashish
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, shuningdek fuqarolar odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlariga koʻmaklashadi hamda zarur yordam koʻrsatadi.
3-bob. Odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam koʻrsatish
9-modda. Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatuvchi va ularni himoya qiluvchi ixtisoslashtirilgan muassasalar
Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatuvchi va ularni himoya qiluvchi ixtisoslashtirilgan muassasalar (bundan buyon matnda ixtisoslashtirilgan muassasalar deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Ixtisoslashtirilgan muassasalarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
odam savdosidan jabrlanganlarga qulay yashash va shaxsiy gigiyena sharoitlarini taʼminlash;
odam savdosidan jabrlanganlarni oziq-ovqat, dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash;
odam savdosidan jabrlanganlarga shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, yuridik va boshqa xil yordam berish;
odam savdosidan jabrlanganlarning xavfsizligini muhofaza qilish;
odam savdosidan jabrlanganlarning qarindoshlari bilan aloqa oʻrnatilishiga koʻmaklashish;
odam savdosidan jabrlanganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari haqida axborot berish;
odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishga koʻmaklashish.
Ixtisoslashtirilgan muassasalar oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 5-noyabrdagi 240-sonli “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish boʻyicha Respublika reabilitatsiya markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori.
10-modda. Odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish
Odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni normal turmush tarziga qaytarish maqsadida amalga oshiriladi va mazkur shaxslarga yuridik yordam berish, ularni psixologik, tibbiy, kasbiy reabilitatsiya qilish, ularni ishga joylashtirish, ularga vaqtinchalik turar joy berishni oʻz ichiga oladi.
Odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
11-modda. Odam savdosidan jabrlangan bolalarga yordam koʻrsatish
Ixtisoslashtirilgan muassasalarning rahbarlari ularda odam savdosidan jabrlangan bolalar haqida maʼlumot paydo boʻlgan taqdirda, qonun hujjatlariga muvofiq odam savdosidan jabrlangan bolalarning huquqlarini taʼminlash va himoya qilish maqsadida bu haqda vasiylik va homiylik organlariga darhol xabar qilishi shart.
Odam savdosidan jabrlangan bolalar ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirilganda ular katta yoshdagilardan alohida turishlari kerak.
Ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirilgan odam savdosidan jabrlangan bolalarga qonun hujjatlariga muvofiq davlat taʼlim muassasalariga qatnash imkoniyati beriladi.
Agar odam savdosidan jabrlangan bolalar ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan boʻlsa yoki oʻz oilasi turgan joydan bexabar boʻlsa, ularning ota-onasini yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslarni qidirish choralari koʻriladi.
12-modda. Odam savdosidan jabrlanganlarning xavfsizligini taʼminlash choralari va ularga beriladigan boshqa kafolatlar
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, tergovchi, prokuror, sudya odam savdosida gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish xohishini bildirgan odam savdosidan jabrlangan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan xavfsizlik choralarini koʻradi.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi OʻRQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Agar odam savdosidan jabrlangan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jabrlanuvchi deb topilgan boʻlsa yoki jinoyat ishi boʻyicha guvoh boʻlsa yoxud odam savdosida gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlashda tegishli organlarga yordam berayotgan boʻlsa, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, tergovchining, prokurorning, sudyaning asoslantirilgan iltimosnomasiga koʻra bunday shaxsga nisbatan odam savdosida aybdor shaxslar xususida jinoyat ishi boʻyicha qaror chiqarilguniga qadar, deportatsiya choralari qoʻllanilishi mumkin emas. Bunda odam savdosidan jabrlangan shaxsga uning Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi holatlaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlish huquqi berilishi kerak.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi OʻRQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xavfsizlik choralari quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
odam savdosidan jabrlangan qaysi shaxslarga nisbatan tezkor-qidiruv tadbirlari, tergovga qadar tekshiruv, dastlabki tergov yoki sud muhokamasi oʻtkazilayotgan boʻlsa, shu shaxslar bilan aloqani ularning majburlovisiz tiklagan boʻlsa;
(12-modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi OʻRQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
shaxsning huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishga boʻlgan xohishi yolgʻon ekanligi yoxud shaxsning javobgarlikdan boʻyin tovlash usuli ekanligi ishonchli tarzda aniqlangan boʻlsa.
Odam savdosidan jabrlanganlar majburlov yoki tahdid ostida sodir etilgan qilmish uchun fuqarolik, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikdan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ozod qilinadi.
13-modda. Odam savdosidan jabrlanganlarning taʼminoti va ularni reabilitatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplash
Sud tomonidan odam savdosida aybdor deb topilgan shaxslar odam savdosidan jabrlanganlarning taʼminoti va ularni reabilitatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini toʻliq hajmda qoplaydi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
14-modda. Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlik
Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
15-modda. Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
16-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
17-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2008-yil 18-apreldagi 77 (4487)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 17-aprel,
OʻRQ-154-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 16-son, 118-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; 2019-y., 2-son, 47-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)