toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 21.11.2018
Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining
Qarori
NAZORAT QILUVCHI ORGANLAR MANSABDOR SHAXSLARINI XO‘JALIK YURITUVCHI SUBYEKTLARDA TEKSHIRISH O‘TKAZISH HUQUQINI BERISH BO‘YICHA ATTESTATSIYADAN O‘TKAZISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 20-yanvarda ro‘yxatidan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2070]
[Ko‘chirma]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 21-noyabrdagi 527-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2070-1, 21.11.2018-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
18. Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga yuborilsin.
Rais Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 25-dekabr,
4-son
Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining 2009-yil 25-dekabrdagi 4-son qaroriga
ILOVA
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 8-modda) 6-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 19-noyabrdagi PF–2114-son “Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish to‘g‘risida”gi Farmoni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 10-11-son, 209-modda) 7-bandiga muvofiq nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini berish bo‘yicha attestatsiyadan (keyingi o‘rinlarda attestatsiya deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Attestatsiya nazorat qiluvchi organlarning tekshirish o‘tkazuvchi mansabdor shaxslarini (keyingi o‘rinlarda xodimlar deb yuritiladi) malaka va professionallik darajasini baholash, shuningdek ularning nazorat organi faoliyatiga hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishga taalluqli qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan mas’uliyatini oshirish maqsadida o‘tkaziladi.
2. Attestatsiya o‘tkazishda majburiylik, davriylik, oshkoralik, xolislik va kollegiallik asosiy tamoyillar hisoblanadi.
3. Xodimlar soni, shuningdek ularga qo‘yiladigan kasbiy talablar har bir nazorat qiluvchi organ tomonidan o‘rnatilgan tartibda qonun hujjatlari bilan unga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning o‘ziga xos taraflari va xususiyatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
4. Xodimlar nazorat qiluvchi organ tomonidan belgilangan davriylikda, lekin kamida uch yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
II. Attestatsiya komissiyasini tuzish va uning ishini tashkil etish
5. Attestatsiya nazorat qiluvchi organ buyrug‘i asosida tashkil etiladigan, kamida besh kishidan iborat bo‘lgan attestatsiya komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Attestatsiya komissiyasi rais, kotib va a’zolardan tashkil topadi.
Nazorat qiluvchi organning buyrug‘i bilan uning joylardagi bo‘linmalarida hududiy yoki hududlararo attestatsiya komissiyalari tashkil etilishi mumkin.
6. Attestatsiya komissiyasi o‘z faoliyatini doimiy ravishda amalga oshiradi, uning faoliyati tashkiliy jihatdan attestatsiya komissiyasining ishchi organi tomonidan ta’minlanadi.
Ishchi organ funksiyasini nazorat qiluvchi organning kadrlar bilan ishlovchi tuzilmasi bajaradi va uning vakili attestatsiya komissiyasining kotibi hisoblanadi.
Ishchi organ quyidagi vazifalarni bajaradi:
nazorat qiluvchi organning tegishli tuzilmasi bilan birgaliklikda attestatsiyani o‘tkazish uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi;
attestatsiyani o‘tkazish uchun xodimlar ro‘yxatini tuzadi va attestatsiya komissiyasiga taqdim etadi;
attestatsiyani o‘tkazish uchun savollar ro‘yxatini tayyorlaydi;
attestatsiya o‘tadigan sana va joyi to‘g‘risida xodimlarga xabar qiladi;
manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikni ta’minlaydi;
mazkur Nizomga asosan attestatsiya komissiyasi ishi hamda uning qarorlari ijrosi bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etadi.
7. Attestatsiya komissiyasi:
attestatsiyadan o‘tayotgan xodim haqida qisqacha axborotni tinglaydi;
attestatsiyadan o‘tayotgan xodimga savollar beradi;
attestatsiya yakunlari bo‘yicha ochiq ovoz berishni o‘tkazadi;
attestatsiyadan o‘tayotgan xodim faoliyatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar beradi;
xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyatini tekshirish o‘tkazish huquqi berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
attestatsiya o‘tkazish, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari asosida xodimga avval berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini tasdiqlovchi hujjatni bekor qilish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi;
attestatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etishga doir qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
III. Attestatsiyani o‘tkazish
8. Attestatsiyani o‘tkazish muddati attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan xodimlarning xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini tugash muddati, nazorat qiluvchi organning tuzilmasi, shtat birligini o‘zgarishi, xodimlar qo‘nimsizligi va boshqa holatlarni inobatga olib, nazorat qiluvchi organ rahbari bilan kelishgan holda belgilanadi.
9. Attestatsiyani o‘tkazish to‘g‘risida nazorat qiluvchi organ rahbarining xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tadigan xodimlar ro‘yxati tasdiqlash hamda attestatsiya o‘tkazishni tashkillashtirish bo‘yicha buyrug‘i qabul qilinadi.
10. Xodimlar ro‘yxatiga nazorat qiluvchi organning xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan (muddati tugagan yoki tugayotgan) va bunday huquqni olishga taklif etilayotgan xodimlari kiritiladi. Bunda xodimlar ro‘yxatiga oldin xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqi berilgan, ammo xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan lavozimga o‘tgan xodimlar kiritilmaydi.
11. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini beriladigan har bir xodim bo‘yicha nazorat qiluvchi organning tegishli tuzilmasi rahbari tomonidan ushbu xodimning ish faoliyatida erishgan natijalari, ijobiy va salbiy xususiyatlari to‘g‘risida attestatsiya komissiyasiga xizmat tavsifnomasi taqdim etiladi.
Attestatsiyadan o‘tkaziladigan xodim attestatsiyadan kamida ikki hafta oldin, attestatsiyani o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq va o‘zi haqidagi xizmat tavsifnomasi bilan imzo qo‘ydirilgan holda tanishtirilishi kerak.
12. Attestatsiya komissiyasi yig‘ilishi attestatsiya komissiyasi tasdiqlangan tarkibining 3/4 qismi qatnashsa vakolatli hisoblanadi.
13. Attestatsiya attestatsiyadan o‘tayotgan xodim bilan suhbat shaklida o‘tkaziladi.
14. Attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiyadan o‘tuvchi xodim haqidagi tavsifnoma va savollarga berilgan javoblarni inobatga olgan holda har bir attestatsiyadan o‘tuvchi xodimga nisbatan ochiq ovoz berish yo‘li bilan alohida qaror qabul qilinadi. Qaror attestatsiyada ishtirok etgan attestatsiya komissiyasi a’zolarining ko‘pchiligi ovoz berganda, qabul qilingan deb hisoblanadi. Attestatsiya komissiyasi a’zolarining ovozlari teng bo‘lgan taqdirda attestatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi bo‘lib hisoblanadi.
15. Attestatsiya natijasi bo‘yicha attestatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
xodim attestatsiyadan o‘tdi;
xodim attestatsiyadan o‘tmadi.
16. Har bir attestatsiyadan o‘tayotgan xodimga ikki nusxada mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida tekshirish o‘tkazish huquqini berish bo‘yicha attestatsiya varaqasi tuziladi.
Attestatsiya yakuni bo‘yicha attestatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan qaror attestatsiya komissiyasi raisi, kotibi hamda a’zolari tomonidan imzolanadigan attestatsiya varaqasiga kiritiladi. Attestatsiya varaqasining ikkinchi nusxasi attestatsiya o‘tkazilgandan keyin uch kun muddatda attestatsiyadan o‘tgan xodimga imzo qo‘ydirilgan holda taqdim etiladi.
17. Attestatsiya yakunlari bo‘yicha uch kunlik muddatda bayonnoma tuziladi. Bayonnomada attestatsiya o‘tkazilgan sana va joyi ko‘rsatiladi hamda attestatsiya varaqalari ilova qilinadi. Bayonnoma attestatsiya komissiyasi raisi va kotibi tomonidan imzolanadi va unda har bir attestatsiyadan o‘tuvchi xodimga berilgan savollar mazmuni, javoblar to‘g‘riligi, shuningdek xodimga xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini berish haqida qabul qilingan qarori ko‘rsatilishi kerak.
18. Attestatsiya komissiyasi tomonidan “xodim attestatsiyadan o‘tdi” deb qaror qabul qilingan xodimga attestatsiya komissiyasi tomonidan belgilanadigan, ammo nazorat qiluvchi organ tomonidan o‘rnatilgan attestatsiyani o‘tkazish davriyligidan oshmagan muddatga xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqi beriladi.
19. Attestatsiyaga uzrli sabablarga ko‘ra (kasalligi tufayli, xizmat safarida bo‘lgan va hokazolar) kelmagan xodimlar attestatsiya komissiyasining keyingi yig‘ilishiga qo‘yiladigan xodimlar ro‘yxatiga kiritiladi.
20. Attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiyadan o‘tmagan xodim, mazkur masala haqidagi tegishli attestatsiya komissiyasi qaroriga muvofiq, ammo attestatsiya o‘tkazilganidan kamida uch oydan keyin qayta attestatsiyaga qo‘yilishi mumkin.
Attestatsiyadan o‘tmagan hamda unga nisbatan attestatsiya komissiyasi tomonidan qayta attestatsiyaga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan, shuningdek tekshirish huquqi bekor qilingan xodim attestatsiya komissiyasining tegishli yig‘ilishi o‘tkazilgan kundan kamida bir yil muddat o‘tgandan keyin qayta attestatsiyaga qo‘yilishi mumkin.
IV. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma
21. Attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiyadan o‘tgan xodimga mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma (keyingi o‘rinlarda maxsus guvohnoma deb yuritiladi) beriladi.
22. Maxsus guvohnomalari blanklarini tayyorlash, ko‘paytirish, berish, saqlash va hisobini olib borish nazorat qiluvchi organning mablag‘lari hisobidan, xodimlarning xizmat guvohnomalari uchun belgilangan tartib bo‘yicha amalga oshiriladi.
23. Maxsus guvohnoma yo‘qotilgan yoki foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelib qolgan hollarda xodimning murojaati asosida nazorat qiluvchi organ yoki uning hududiy bo‘linmasining buyrug‘i bilan unga maxsus guvohnomaning dublikati berilishi mumkin.
24. Nazorat qiluvchi organlarning xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida tekshirish o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan xodimlari ushbu nazorat qiluvchi organning xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida tekshirish o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa lavozimiga o‘tgan taqdirda, unga dastlab berilgan maxsus guvohnoma o‘rniga ushbu maxsus guvohnoma amal qilish muddatiga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqi beruvchi yangi maxsus guvohnoma beriladi.
V. Yakuniy qoida
25. Attestatsiya komissiyasi qarori yuzasidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini berish bo‘yicha

___________________________________________________

(egallab turgan lavozimi)

‎‎_________________________________________________

(F.I.O.)‎

‎‎ATTESTATSIYA VARAQASI

‎‎Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini berish uchun

___________________________________________________‎‎

(nazorat qiluvchi organning nomi)‎‎

xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha attestatsiya komissiyasi qarori: ‎‎

___________________________________________________‎‎
___________________________________________________‎‎
___________________________________________________‎‎
___________________________________________________‎‎
‎‎___________________________________________________
Attestatsiya komissiyasi raisi‎________‎ ‎________________

(imzo)‎

(F.I.O.)‎

Attestatsiya komissiyasi a’zolari:_____ ‎________________‎

(imzo)‎ ‎

(F.I.O.)‎ ‎

Attestatsiya komissiyasi kotibi:_______‎‎ ________________‎

(imzo)‎

(F.I.O.)‎ ‎ ‎

__._______ 20__ y.
‎‎
Attestatsiya komissiyasi qarori bilan tanishdim, mazkur attestatsiya varaqasini ikkinchi nusxasini oldim.‎‎

______________________‎‎

(sana, imzo, xodimning F.I.O.)‎

Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
___________________________________________________‎

(nazorat qiluvchi organning nomi)‎

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirish o‘tkazish huquqini beruvchi ‎

MAXSUS GUVOHNOMA № ____‎

___________________________________________________‎

(xodimning F.I.O.)‎

___________________________________________________‎‎

(egallab turgan lavozimi)‎

Attestatsiya komissiyasining 20__yil ___._______dagi___-sonli qaroriga asosan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini 20__yil ___. _________gacha tekshirish huquqi berildi.‎

Xizmat guvohnomasi bilan birgalikda ko‘rsatiladi.‎

Muhr o‘rni _________________________________________‎

(nazorat qiluvchi organ rahbarining imzosi, F.I.O.)‎

Izoh: maxsus guvohnomaning hajmi, oldi va orqa tarafining rangi nazorat qiluvchi organning xizmat guvohnomasi ko‘rsatkichlariga asosan belgilanadi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 3-4-son, 26-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.11.2018-y., 10/18/2070-1/2198-son)