toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 26.03.2022
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
G‘IShT XOM AShYoSINI GEOLOGIK JIHATDAN O‘RGANISh, TAJRIBA-SANOAT VA SANOAT ASOSIDA KAVLAB OLISh UChUN YER QA’RI UChASTKALARIDAN FOYDALANISh HUQUQINI BERADIGAN LITSENZIYALAR BERIShNING SODDALAShTIRILGAN TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI VAQTINChALIK NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli “Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar berish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Devorbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish va sifatini yaxshilash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2009-yil 19-iyundagi PQ-1134-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalar asosida pishiq g‘isht ishlab chiqarayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. G‘isht xomashyosini geologik jihatdan o‘rganish, tajriba-sanoat va sanoat ko‘lamida kavlab olish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalar berishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda 2010-yil 1-fevralgacha energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalar asosida pishiq g‘isht ishlab chiqarayotgan ishlab turgan korxonalarga ularning buyurtmanomalari bo‘yicha g‘isht xomashyosini geologik jihatdan o‘rganish, tajriba-sanoat va sanoat asosida kavlab olish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalar berilishini ta’minlasin.
Belgilab qo‘yilsinki, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalar asosida pishiq g‘isht ishlab chiqaradigan korxonalar g‘isht xomashyosini geologik jihatdan o‘rganish, tajriba-sanoat va sanoat asosida kavlab olish huquqini beradigan litsenziya olingunga qadar, biroq 2010-yil 1-fevraldan kech bo‘lmagan muddatgacha ishlab chiqarish faoliyatini davom ettirish huquqiga ega.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Xo‘jayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-oktabr,
284-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 27-oktabrdagi 284-son qaroriga
ILOVA
G‘isht xomashyosini geologik jihatdan o‘rganish, tajriba-sanoat va sanoat asosida kavlab olish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalar berishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risida
VAQTINChALIK NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Vaqtinchalik nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Devorbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish va sifatini yaxshilash borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2009-yil 19-iyundagi PQ-1134-son qaroriga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 7-iyundagi PQ-649-son qarori bilan tasdiqlangan Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq ishlab chiqilgan va g‘isht xomashyosini geologik jihatdan o‘rganish, tajriba-sanoat va sanoat asosida kavlab olish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalar berishning soddalashtirilgan tartibini belgilaydi.
II. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalar berish tartibi va shartlari
2. Umumiy tarqalgan foydali qazilma sifatida g‘ishtning xomashyo bazasini tashkil etish va kengaytirish, g‘isht xomashyosini tajriba-sanoat va sanoat asosida kavlab olish maqsadida geologik jihatdan o‘rganish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda Davlat geologiya qo‘mitasi deb yuritiladi) nostandart, tejamsiz pechlarni maxsus energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalarga almashtirgan holda, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etgan pishiq g‘isht ishlab chiqaradigan korxonalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borish natijalariga ko‘ra beriladi.
3. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyani olish uchun litsenziya talabgori Davlat geologiya qo‘mitasiga buyurtmanoma taqdim etadi (litsenziya berish sxemasi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan).
Buyurtmanomada so‘ralayotgan yer qa’ri uchastkasining nomi, joylashgan joyi (mintaqa, tuman, yaqin aholi punktigacha, temir yo‘l stansiyasigacha bo‘lgan masofa) hamda yer qa’ridan foydalanishning nazarda tutilayotgan turi ko‘rsatiladi.
Buyurtmanomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:
yuridik shaxs — litsenziya talabgori davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxalari;
faoliyatning asosiy turlarini bajarish va mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziya talabgorining texnik va texnologik imkoniyatlari, bunday ishlarni bajarish uchun litsenziya talabgori tomonidan pudratchilar sifatida jalb etiladigan korxonalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, zaruriyat bo‘lganda — yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyalar (ruxsatnomalar) nusxalari;
so‘ralayotgan yer qa’ri uchastkasidan foydalanish bilan bog‘liq ishlarni bajarish imkoniyatini tasdiqlaydigan litsenziya talabgorining moliyaviy holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar (mavjud bo‘lganda — keyingi uch yil uchun yillik balanslar va moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotlar), zaruriyat bo‘lganda, bank yoki boshqa kredit beruvchining kredit berilishi to‘g‘risidagi kafolati;
“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasining litsenziya talabgori pishiq g‘isht ishlab chiqarish bo‘yicha maxsus pechlar (aylanma, tunnelsimon va boshqalar)dan foydalangan holda energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarga egaligini yoki ularni ishlab chiqarishga joriy etish jarayoni borayotganligini tasdiqlaydigan ekspert xulosasi.
4. Ekspertiza “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan litsenziya talabgoridan tegishli murojaat tushgan kundan boshlab o‘n kun mobaynida o‘tkaziladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi buyurtmanoma qabul qilinganligi yoki asosli rad etilganligi to‘g‘risida litsenziya talabgorini buyurtmanoma tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida yozma ravishda xabardor qiladi.
6. Yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini beradigan litsenziya berilishi yuzasidan berilgan buyurtmanoma ko‘rib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida yig‘im undiriladi. Buyurtmanoma ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im summasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasining hisob raqamiga o‘tkaziladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
7. Buyurtmanoma quyidagi hollarda, agar:
talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda haqiqiy bo‘lmagan yoki buzilgan ma’lumotlar mavjud bo‘lsa;
ariza beruvchi yer qa’ri uchastkasidan foydalanish uchun zarur moliyaviy va texnik vositalarga egaligi yoki kelgusida ega bo‘lishining isbotini taqdim etmagan bo‘lsa yoki taqdim etishi mumkin bo‘lmasa rad etilishi mumkin.
8. Buyurtmanoma qabul qilingandan keyin Davlat geologiya qo‘mitasi litsenziyaga kiritiladigan yer qa’ri uchastkasidan foydalanish shartlari loyihasini o‘n kun mobaynida ishlab chiqadi.
Yer qa’ri uchastkasidan foydalanish shartlari loyihasi materiallar tushgan kundan boshlab o‘n kun mobaynida bir vaqtning o‘zida Davlat geologiya qo‘mitasi, Davlat ekologiya qo‘mitasi va “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan kelishiladi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)
9. Yer qa’ri uchastkasidan foydalanish shartlarining kelishilgan loyihasi tanishish uchun talabgorga beriladi.
10. Talabgor yer qa’ridan foydalanishning taklif etilayotgan shartlariga rozi bo‘lgan taqdirda unga besh kun muddatda:
yer qa’ri tadbirkorlik tavakkalchiligi shartlarida g‘isht xomashyosini geologik jihatdan o‘rganish, shuningdek tajriba-sanoat asosida kavlab olish uchun berilgan taqdirda — yer qa’ri uchastkasidan foydalanish bo‘yicha yiriklashtirilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni;
yer qa’ri g‘isht xomashyosini kavlab olish uchun berilgan taqdirda — yer qa’ri uchastkasidan foydalanish bo‘yicha dastlabki texnik-iqtisodiy asosni tayyorlash uchun yetarli bo‘lgan so‘ralayotgan uchastka bo‘yicha geologik ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlar belgilangan tartibda taqdim etiladi.
11. Kelishilgan muddatlarda talabgor yer qa’ri uchastkasidan foydalanishning ishlab chiqilgan shartlari va yer qa’ridan foydalanish maqsadlari hisobga olingan holda:
yer qa’ri uchastkasidan foydalanish bo‘yicha yiriklashtirilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni yoki dastlabki texnik-iqtisodiy asoslashni tayyorlaydi hamda ularni ekspertizadan o‘tkazish uchun Davlat geologiya qo‘mitasi va “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasiga taqdim etadi;
(11-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-dekabrdagi 301-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 51-son, 486-modda)
mo‘ljallanayotgan faoliyatning atrof muhitga ta’sirini baholash loyihasini tayyorlaydi va davlat ekologiya ekspertizasidan o‘tkazish uchun Davlat ekologiya qo‘mitasining tegishli bo‘linmasiga taqdim etadi.
(11-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)
12. Yiriklashtirilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar va (yoki) dastlabki texnik-iqtisodiy asoslashning ekspertizasi ular taqdim etilgan paytdan boshlab o‘n kun muddatda bir vaqtning o‘zida Davlat geologiya qo‘mitasi va “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Atrof muhitga ta’sirni baholash loyihasining davlat ekspertizasi ham O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo‘mitasining tegishli bo‘linmasi tomonidan materiallar taqdim etilgan paytdan boshlab o‘n kun muddatda amalga oshiriladi.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)
13. Ekspertiza natijalari bo‘yicha talabgor kelishilgan muddatlarda yiriklashtirilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar va (yoki) dastlabki texnik-iqtisodiy asoslashga zarur tuzatishlar kiritadi hamda ularni kelishish uchun Davlat geologiya qo‘mitasi va “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasiga yuboradi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-dekabrdagi 301-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 51-son, 486-modda)
14. Ijobiy ekspertiza xulosasi olingan yiriklashtirilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar va (yoki) dastlabki texnik-iqtisodiy asoslash talabgor tomonidan Davlat geologiya qo‘mitasiga taqdim etiladi.
15. Davlat geologiya qo‘mitasi o‘n kun muddatda zarur materiallarni tayyorlaydi va talabgorga yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini beradigan tegishli litsenziyani beradi.
16. Yer qa’ridan foydalanuvchiga litsenziya berilgandan keyin yer qa’ri uchastkasidan foydalanish bo‘yicha uzil-kesil texnik-iqtisodiy asoslashni belgilangan tartibda ishlab chiqish uchun foydalanishga berilgan yer qa’ri uchastkasi bo‘yicha geologik ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlarning to‘la turkumi tayyorlanadi.
17. G‘isht xomashyosini geologik jihatdan o‘rganish, tajriba-sanoat va (yoki) sanoat asosida kavlab olish uchun yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini beradigan litsenziya ikki yil muddatga beriladi, keyinchalik litsenziya egasining arizasiga binoan yer qa’ridan foydalanish muddati uzaytiriladi.
18. Davlat geologiya qo‘mitasi har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga g‘isht xomashyosini geologik jihatdan o‘rganish, tajriba-sanoat va sanoat asosida kavlab olish uchun yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini beradigan yangidan berilgan litsenziyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.
III. Yakunlovchi qoidalar
19. Ushbu Vaqtinchalik nizom 2012-yil 1-yanvargacha amal qiladi.
20. Ushbu Vaqtinchalik nizomda nazarda tutilgan maqsadlarda yer qa’ridan foydalanish huquqini cheklash, to‘xtatib turish va to‘xtatish tartibi va yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish bilan bog‘liq boshqa masalalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 7-iyundagi PQ-649-son qarori bilan tasdiqlangan Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solinadi.
Foydali qazilmalarni (g‘isht xomashyosini) geologik jihatdan o‘rganish, tajriba-sanoat va sanoat asosida kavlab olish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalar berishning soddalashtirilgan tartibi
SXEMASI
* Izoh. Yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini olishga talabgor (ariza beruvchi) foydali qazilmalarni kavlab olish uchun ajratilgan uchastkaning foydali qazilmalari konlari zaxirasini o‘z balansiga qabul qilib oladi va har chorakda Davlat geologiya qo‘mitasiga “shakl — 5GR” bo‘yicha hisobot taqdim etadi.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 44-son, 468-modda; 2010-y., 51-son, 486-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)