1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.12.00.00 Zarar yetkazilganligi oqibatidagi majburiyatlar / 03.12.04.00 Maʼnaviy zararni qoplash]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Majburiyat huquqi. Majburiyatlarning alohida turlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Maʼnaviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 20-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan)
Maʼnaviy zararni qoplash haqidagi ishlar boʻyicha sud amaliyotini oʻrganish natijalarini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi maʼnaviy zarar yetkazish bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining turliligi, ularni kuchga kirish muddatlarining har xilligi, shuningdek Fuqarolik kodeksi qabul qilinishi bilan hal etilishi lozim boʻlgan masalalarni vujudga keltirganligini qayd etadi.
(muqaddimaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Fuqarolik huquqiy javobgarlikning yangi turi — maʼnaviy zarar yetkazilganligi uchun javobgarlikni nazarda tutgan qonun hujjatlarining amalga kiritilishi va sudlarda savollar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, Oliy sudning Plenumi qaror qiladi:
(muqaddimaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
1. Maʼnaviy zararni qoplash masalalari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, Mehnat kodeksining 4, 21, 120, 150, 154, 174, 319, 355, 527, 565, 568-moddalari, 1996-yil 26-apreldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasi, 2014-yil 6-maydagi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 113-moddasi, 2012-yil 2-maydagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 38-moddasi, Fuqarolik kodeksining 11, 99, 100, 163, 1021 va 1022-moddalari, 1998-yil 29-avgustdagi “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasi va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinishiga eʼtibor qaratilsin.
(1-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 32-sonli qarori tahririda)
Kelib chiqqan nizolarni toʻgʻri va oʻz vaqtida hal qilish uchun sudlar har bir ish boʻyicha taraflarning oʻzaro munosabatlari xarakterini va bu huquqiy munosabatga maʼnaviy zararni qoplash boʻyicha qonunni qoʻllashga yoʻl qoʻyilishi mumkinligi, agar qonunda bunday javobgarlik belgilangan boʻlsa, maʼnaviy zararni qoplash tartibi va shartlarini nazarda tutgan qonunning qachon kuchga kirganini, shuningdek, maʼnaviy zararni keltirib chiqargan harakatlar qachon sodir boʻlganligini tekshirishi va muhokama qilib baho berishi lozim.
Shuningdek, sud jabrlanuvchiga jismoniy va maʼnaviy azoblar yetkazilgani fakti nima bilan tasdiqlanishi, u qanday holatlarda va qanday harakatlar (harakatsizlik) bilan yetkazilganligi, zarar yetkazuvchining ayb darajasi, jabrlanuvchi qanday maʼnaviy va jismoniy azoblar tortgani, uni qoplashni qanday miqdorda baholashi va nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa holatlarni aniqlashi zarur.
2. Maʼnaviy zarar deganda jabrlanuvchiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida u boshidan kechirgan (oʻtkazgan) maʼnaviy va jismoniy (kamsitish, jismoniy ogʻriq, zarar koʻrish, noqulaylik va boshqa) azoblar tushuniladi.
Gʻayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik)ning obyekti boʻlib fuqaroga tugʻilgan vaqtidan buyon va qonunga muvofiq tegishli boʻlgan nomoddiy manfaatlari, (hayoti, sogʻligʻi, shaxsning qadr-qimmati, ishchanlik obroʻ-eʼtibori, shaxsiy hayotning daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy siri), shaxsiy nomulkiy huquqlari (oʻz nomidan foydalanish huquqi, mualliflik huquqi va boshqa nomulkiy huquqlarning intellektual faoliyat natijalarini qonunlarga koʻra huquqiy muhofaza qilish) va mulkiy huquqlari (uy-joy daxlsizligi, mulk huquqi va boshqalar)ni buzilishi boʻlishi mumkin.
Maʼnaviy zarar, jumladan yaqin qarindoshini yoʻqotish (oʻlimi) sababli maʼnaviy qaygʻurish, ijtimoiy hayotdagi faolligini davom ettira olmaslik, ishini yoʻqotish, oilaviy, tibbiy sirlarni oshkor qilish, fuqarolarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatish, har qanday boshqa huquqlarini vaqtincha cheklash yoki ulardan mahrum qilish, yetkazilgan zarar yoki sogʻliqqa boshqacha ziyon yetkazish tufayli, jismoniy ogʻriq, sogʻliqqa boshqacha yetkazilgan yoxud yetkazilgan maʼnaviy azoblar natijasida boshidan oʻtkazilgan boshqa kasalliklarda namoyon boʻlishi mumkin.
3. Amaldagi qonunga koʻra (FK 1021-moddasi) maʼnaviy zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning kelib chiqishiga asos boʻluvchi shartlardan biri zarar yetkazuvchining aybi boʻlishi hisoblanadi. Qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan holatlar bundan mustasnodir. Masalan:
zarar fuqaroning hayoti va sogʻligʻiga oshiqcha xavf manbai tomonidan yetkazilgan boʻlsa;
zarar fuqaroga uni qonunga xilof tarzda hukm qilish, jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib xulq-atvorda boʻlish haqida tilxat olishni qonunga xilof ravishda qoʻllash, maʼmuriy jazo qoʻllash va qonunga xilof tarzda ushlab turish, shuningdek har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash natijasida yetkazilgan boʻlsa;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
zarar or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻ eʼtiborini haqoratlovchi maʼlumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan boʻlsa.
4. Agar maʼnaviy zarar jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplashni nazarda tutgan qonun kuchga kirgunga qadarli yetkazilgan boʻlsa, shuningdek daʼvogar bunday qonun kuchga kirganidan keyin ham maʼnaviy va jismoniy azob his qilayotgan boʻlsa ham daʼvogarning bu haqdagi talabi qanoatlantirishga tegishli emas, chunki zarar yetkazilgan vaqtda javobgarlikning bu turi belgilanmagan boʻlgan va umumiy qoidaga koʻra sodir qilingan vaqtda amalda boʻlgan qonunda belgilangan xilof harakatga nisbatan javobgarlikni kuchaytiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega boʻlishi mumkin emas.
Lekin, agar daʼvogarga yetkazilayotgan maʼnaviy va jismoniy azoblar uchun javobgarning qonunga xilof harakati (harakatsizligi) maʼnaviy zarar yetkazilganligi sababli javobgarlikni nazarda tutadigan qonun kuchga kirgunga qadar boshlangan boʻlsa va bu qonun amalga kirganidan keyin davom etayotgan boʻlsa, bunday holatda maʼnaviy zarar qoplanishga tegishli boʻladi.
5. Yetkazilgan maʼnaviy va jismoniy azoblar uchun zarar undirish imkoniyati qonun hujjatida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilmaganligi hamma vaqt ham jabrlanuvchi maʼnaviy zarar undirishga huquqi yoʻq degan xulosani bildirmaydi.
Fuqarolik kodeksining 989-moddasi 1-qismiga muvofiq yuridik shaxs yoxud fuqaro oʻz xodimi mehnat (xizmat, lavozim) majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida yetkazilgan zararni qoplaydi.
Qonunda koʻrsatilgan bu qoida maʼnaviy zarar yetkazilgan holatlarga ham tatbiq qilinadi.
[OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.06.00.00 Mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi / 05.06.02.00 Xodimga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi / 05.06.02.02 Xodimga mehnat qilish imkoniyatidan gʻayriqonuniy ravishda mahrum qilish natijasida yetkazilgan zararni toʻlash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
6. Mehnat kodeksining 4, 120, 150, 154, 174, 568-moddalariga binoan sud mehnat va (yoki) mashgʻulotlar sohasida kamsitishlar, ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etilishi, mehnat shartnomasini qonunga xilof ravishda oʻzgartirishi, ishdan qonunga xilof ravishda chetlashtirishi, mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilinishi yoki mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarining taʼrifini qonunga xilof ravishda oʻzgartirish oqibatida xodimga yetkazilgan maʼnaviy azoblarni kompensatsiya qilish majburiyatini ish beruvchiga yuklashi mumkin.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 32-sonli qarori tahririda)
Ish beruvchiga bunday majburiyat intizomiy jazo asossiz qoʻllanilganda, noqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazish rad qilinganda, ishdan chetlatilganda, mehnat daftarchasi, ish haqi, shuningdek boshqa toʻlovlar oʻz vaqtida bermaganlikda ham yuklatilishi mumkin.
7. Sudlar shuni nazarda tutishi kerakki, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatilishi oqibatida yetkazilgan maʼnaviy zarar bunday maʼlumotlarni (yiqqan) tarqatgan shaxsdan, agar bu maʼlumotlar tegishli hujjatlarda boʻlsa, ularni maʼqullagan (guruh) komissiya aʼzolarining har biridan undirilishi lozim.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qarori tahririda)
8. Sud maʼnaviy zararni undirish haqidagi daʼvoni mulkiy zararni undirish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan birga ham, shuningdek alohida ham koʻrilishi mumkin, chunki amaldagi qonunga koʻra yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun javobgarlik mulkiy zararning mavjudligi bilan bogʻliq emas.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.06.00.00 Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va burchlari / 01.06.06.00 Siyosiy repressiyalarga uchragan shaxslarni reabilitatsiya qilish. Jazoni oʻtab boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.12.00.00 Jinoyat-protsessual qonunchiligi / 16.12.07.00 Reabilitatsiya]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Jinoyat-protsessual qonunchilik]
9. Jinoyat protsessual kodeksining 57-moddasiga muvofiq jabrlanuvchi, yaʼni jinoyat tufayli maʼnaviy zarar koʻrgan shaxs, jinoyat ishi yuritilishi jarayonida maʼnaviy zararni qoplash haqida fuqarolik daʼvosini qoʻzgʻash huquqiga ega.
Agar jinoyat ishi koʻrilayotganda maʼnaviy zararni qoplash haqidagi daʼvo arz qilinmagan yoki hal etilmagan boʻlsa, FPKning 38-moddasiga muvofiq bunday daʼvo fuqarolik ishi yuritish tartibida koʻrilishi mumkin.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Reabilitatsiya etilganning maʼnaviy ziyonni undirishga boʻlgan huquqi oqlov hukmi chiqarilganidan yoki jinoyat ishi tugatilganidan keyin vujudga kelishini nazarda tutish lozim (JPK 302, 303, 306, 309 va 310-moddalari). Reabilitatsiya etilganga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni undirish haqidagi daʼvo fuqarolik ishi yuritish tartibida koʻriladi (FK 1021-moddasi).
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.09.00.00 Maʼmuriy javobgarlik / 16.09.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Maʼmuriy javobgarlik]
10. Sudlarga tushuntirilsinki, shaxsga nisbatan qonunga xilof tarzda maʼmuriy jazo qoʻllanishi hollarida ham maʼnaviy ziyonni undirishni talab qilish huquqi vujudga keladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Maʼmuriy ish boʻyicha jabrlanuvchi ham qonunbuzarning harakatlari natijasida yetkazilgan maʼnaviy zararni undirish huquqiga ega.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.11.00 Tovarlar sotishda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.18.00.00 Umumiy ovqatlanish / 09.18.02.00 Umumiy ovqatlanish sohasini boshqarish va nazorat qilish.Isteʼmolchi huquqini himoya qilish.;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.19.00.00 Aholiga maishiy xizmat koʻrsatish / 09.19.02.00 Maishiy xizmat koʻrsatish sohasini boshqarish va nazorat. Isteʼmolchilar huquqini himoya qilish]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish. Reklama]
11. “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga binoan isteʼmolchining huquqlari buzilishi tufayli unga yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun uni yetkazgan shaxs, basharti u aybdor boʻlsa, sud tomonidan belgilanadigan miqdorda haq toʻlashi lozim. Zararni qoplash miqdorini neustoyka boʻyicha toʻlanadigan summa yoki tovar (ish, xizmat) qiymatiga tobe qilib qoʻyish mumkin emas, uni belgilashda har bir aniq holatda isteʼmolchiga yetkazilgan ruhiy va jismoniy azoblarning hajmi va xarakteriga asoslanish lozim. Maʼnaviy zarar uchun haq toʻlash mulkiy ziyon va isteʼmolchi koʻrgan zararning oʻrni qoplanishidan qatʼi nazar, amalga oshiriladi.
Maʼnaviy zarar, uni yetkazishda aybdor boʻlgan javobgar(lar) tomonidan qoplanadi. Shu bois, bunday hollarda javobgar FKning 1018-moddasida koʻrsatilganidek (tovar sotuvchi yoki tayyorlovchi) isteʼmolchining xohishiga koʻra aniqlanmasdan, balki ulardan qaysi biri isteʼmolchining huquqlarini poymol etishi natijasida maʼnaviy zarar yetkazilganiga qarab aniqlanishi kerak.
Agar sud muhokamasi davomida, daʼvo boʻyicha javob berishi lozim boʻlmagan shaxsga nisbatan daʼvo taqdim etilganligi aniqlansa, sud FPK 46-moddasi talablariga rioya qilgan holda ishga daxldor boʻlmagan javobgarni ishga daxldor boʻlgan javobgar bilan almashtirish yoki bu shaxsni qoʻshimcha javobgar sifatida jalb etishga haqli.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
13. Maʼnaviy zararning miqdorini belgilashda sudlar jabrlanuvchining unga yetkazilgan maʼnaviy zararning ogʻirligiga bergan subyektiv bahosini, shuningdek daʼvogarga yetkazilgan maʼnaviy va jismoniy azoblarning darajasini koʻrsatuvchi obyektiv maʼlumotlarni, tajovuz qilingan obyektning hayot uchun muhimligi, foydasi (hayoti, sogʻligʻi, qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi, uy-joyning daxlsizligi, katta qimmatlikka ega boʻlgan mulklari va boshqalar), huquqbuzarlikning ogʻirligi va oqibati (yaqin qarindoshlarining oʻldirilishi, nogironlikka olib kelgan tan jarohati yetkazilishi, ozodlikdan mahrum qilish, ishdan yoki turar joydan va boshqalardan mahrum qilish), uyaltiradigan notoʻgʻri maʼlumotlarning xarakteri va ularni qanchalik darajada (doirada) tarqatilganligi, jabrlanuvchining yashash sharoitlari, shaxsiy xususiyatlari (xizmati, oilaviy, maishiy, moddiy tomonlari, sogʻligʻining holati, yoshi va boshqalar), zarar yetkazuvchining va jabrlanuvchining ayb darajalari, zarar yetkazuvchi shaxsning moddiy ahvoli va boshqa eʼtiborga molik holatlarni hisobga olishlari lozim.
Bundan kelib chiqib, maʼnaviy zararni qoplash miqdorini yetkazilgan mulkiy va boshqa moddiy zararni undirish daʼvo talabining qoplanish hajmiga qarab belgilash mumkin emas. Zararni qoplash miqdorini belgilashda adolatlilik va oqilonalik talablari inobatga olinishi lozim (FKning 1022-moddasi).
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qarz shartnomasidan kelib chiqqan majburiyat, pul majburiyati boʻlib, uni bajarmaganlik uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi FKning 327-moddasida belgilanganligi sababli qarz oluvchining shartnoma boʻyicha majburiyatni buzganligi qarz beruvchining maʼnaviy zararni qoplash huquqini istisno etadi.
14. Bir necha shaxslarning birgalikdagi harakatlari tufayli maʼnaviy zarar yetkazilgan hollarda jabrlanuvchi uni yetkazganlarning hammasidan sheriklik tarzida yoki har biridan alohida tarzda ham undirish huquqiga ega (FKning 1000-moddasi).
15. Maʼnaviy zararni qoplash nomoddiy boyliklarni va nomulkiy huquqlarni himoya qilishning birdan-bir manbai hisoblanadi. Shunga koʻra FK 163-moddasining birinchi qismiga muvofiq maʼnaviy zararni undirish haqidagi talablarga daʼvo muddati tatbiq etilmaydi
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.18.00.00 Davlat boji / 07.18.04.00 Davlat bojini toʻlash tartibi]
16. Maʼnaviy va jismoniy azoblarni qoplash haqidagi daʼvo arizalarni qabul qilish va ishlarni koʻrishda, maʼnaviy zarar pul bilan qoplansada, nomulkiy zarar ekanligini hisobga olish lozim. Shuni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan belgilangan davlat boji stavkalarining miqdorlariga muvofiq mulkka oid boʻlmagan daʼvo arizalaridan undiriladigan miqdorda davlat boji undirilishi lozim.
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Qonunda belgilangan hollarda daʼvogarlar davlat boji toʻlashdan ozod qilinishlarini ham nazarda tutish lozim (masalan, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi 2-qismi).
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudlar tomonidan maʼnaviy zararni qoplash toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlashi, ushbu toifadagi ishlar boʻyicha sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borishi lozim.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qarori tahririda)