1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.23.00 Yer melioratsiyasi]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Er]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SUGʻORILADIGAN YERLARNING MELIORATIV HOLATINI YAXSHILASH DASTURLARINI SHAKLLANTIRISH VA AMALGA OSHIRISHNI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 401-sonli “Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish ishlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 29-oktabrdagi PF-3932-son Farmoniga muvofiq hamda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturlarini sifatli shakllantirishni va oʻz vaqtida amalga oshirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha loyihalarni shakllantirish, ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish, tasdiqlash va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2018-y., 07/18/4086/2354-son — 2019-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 07/21/73/1227-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-noyabr,
261-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 28-noyabrdagi 261-son qaroriga 1-ILOVA
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha loyihalarni shakllantirish, ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish, tasdiqlash va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan meliorativ obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash boʻyicha loyihalarni shakllantirish, ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish, tasdiqlash va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
2. Meliorativ obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash Hukumatning yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda Davlat dasturi deb ataladi) asosida amalga oshiriladi.
Davlat dasturi besh yil muddatga ishlab chiqiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
meliorativ obyektlar — kollektor-drenaj va yuza tashlama suvlarni toʻplash hamda ularni sugʻoriladigan yerlardan tashqariga chiqarib tashlashga koʻmaklashadigan, kollektorlar va kollektor-drenaj tarmogʻini (inshootlar bilan birga), vertikal drenaj quduqlarini, meliorativ nasos stansiyalari va kuzatuv tarmogʻini oʻz ichiga oladigan suv xoʻjaligi obyektlari;
drenaj (ochiq va yopiq) — drenaj suvlarini toʻplash va ularni sugʻoriladigan yer uchastkasidan tashqariga chiqarib tashlashga koʻmaklashadigan suv xoʻjaligi obyekti;
yopiq gorizontal drenaj — drenaj suvlarini toʻplashga va sugʻoriladigan maydon uchastkasidan tashqariga chiqarib tashlashga moʻljallangan yopiq quvurli tarmoqlar tizimi;
vertikal drenaj qudugʻi — yer osti bosimli va sizot suvlarni chiqarishga xizmat qiladigan, suv qabul qilgich, elektr nasos, quvurlar, shuningdek boshqarish stansiyasi bilan jihozlangan hamda xizmat koʻrsatilayotgan maydonning meliorativ holatini yaxshilash uchun barpo etiladigan quduqdan iborat boʻlgan inshoot;
ochiq drenaj — drenaj suvlarini toʻplash va ularni sugʻoriladigan maydon uchastkasidan tashqariga chiqarib tashlashga moʻljallangan kanal (inshootlar bilan birga);
kollektor — asosan drenaj tarmogʻidan drenaj va tashlama suvlarni qabul qilish va uzatishga, shuningdek ularni sugʻoriladigan hudud tashqarisiga chiqarib tashlashga moʻljallangan kanal (inshootlar bilan birga). Xizmat koʻrsatish hududi boʻyicha kollektorlar magistral (viloyatlararo), tumanlararo kollektorlar va xoʻjaliklararo kollektor-drenaj tarmoqlariga boʻlinadi;
magistral (viloyatlararo) kollektor — bir viloyatdan ortiq hududni kesib oʻtadigan ochiq kollektor;
tumanlararo kollektor — bir viloyat chegarasida bittadan ortiq tuman hududini kesib oʻtadigan ochiq kollektor;
xoʻjaliklararo kollektor-drenaj tarmogʻi — bir tuman hududida joylashgan ochiq va yopiq kollektorlar va drenaj tarmogʻi;
meliorativ nasos stansiyasi (agregat) — drenaj-tashlama suvlarni olish va chiqarib tashlash joyiga koʻtarish yoʻli bilan kollektorning loyihadagi suv oʻtkazish qobiliyatini taʼminlaydigan mashinali suv koʻtarish gidrotexnik inshootlar majmui;
kuzatuv tarmogʻi — sugʻoriladigan yerlarda sizot suvlar sathini oʻlchash va ularning sifatini oʻrganish maqsadida namuna olish uchun barpo etiladigan kuzatuv quduqlari tarmogʻi;
meliorativ obyektlarni taʼmirlash va tiklash — meliorativ obyektlarning loyihaviy parametrlarini taʼminlashga, shu jumladan kollektor oʻzanlarini choʻkindilar, oʻtlar va butalardan tozalashga, ulardagi inshootlarni va yon qiyaliklaridagi ayrim yemirilishlarni taʼmirlashga, yopiq gorizontal drenajni taʼmirlash, yuvishga hamda asbob-uskunalar, inshootlar va boshqa meliorativ obyektlarni taʼmirlash hamda ularning tez eskiradigan ayrim qismlari va uzellarini almashtirishga moʻljallangan ishlar;
meliorativ obyektlarni joriy taʼmirlash — meliorativ obyektlarni ish holatida saqlashga moʻljallangan, muntazam ravishda amalga oshiriladigan taʼmirlash ishlari. Bunda foydalaniladigan moddiy-texnika resurslari (temir-beton, metall konstruksiya, sement, metall va hokazolar), ehtiyot qismlar va asbob-uskunalar qiymati taʼmirlash-tiklash ishlari jami qiymatining 20 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak;
meliorativ obyektlarni mukammal taʼmirlash — jarayon davomida obyekt yoki uning ayrim elementlarini toʻliq yoki qisman tiklash, inshootlarning eskirgan konstruksiyalari va asbob-uskunalarini almashtirish yoki ularni mustahkamroq va tejamlilari bilan yangilashga doir ishlar. Bunda foydalaniladigan moddiy-texnika resurslari, ehtiyot qismlar va asbob-uskunalar qiymati taʼmirlash-tiklash ishlari jami qiymatining 20 foizidan ortiqni tashkil qiladi;
meliorativ obyektlarda avariya-tiklash va taʼmirlash — avariya natijasida kelib chiqqan barcha shikastlanishlarni shoshilinch tartibda bartaraf etish ishlari;
meliorativ obyektlardagi oldindan koʻrib boʻlmaydigan ishlar — meliorativ obyektlardan foydalanish davomida aniqlangan Davlat dasturi bilan qamrab olinmagan bajarilishi zarur boʻlgan taʼmirlash-tiklash ishlari;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qaroriga asosan oʻn yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
meliorativ obyektlarni rekonstruksiya qilish va qurish — meliorativ obyektlarni toʻliq yoki qisman qayta qurish va qurish. Obyekt rekonstruksiya qilingandan keyin uning dastlabki loyiha parametrlari va inshootlar tarkibi yangi loyihaga muvofiq qisman yoki toʻliq oʻzgarishi mumkin;
meliorativ kadastr — sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holati va meliorativ tizimlarning texnik holatini tavsiflovchi asosiy miqdoriy koʻrsatkichlarning tizimlashtirilgan maʼlumotlari toʻplami;
tizimli loyiha — loyihalashtirilayotgan obyektning xizmat koʻrsatish zonasida joylashgan kollektor-drenaj tarmoqlari, ulardagi inshootlar va boshqa meliorativ obyektlarni meliorativ tizimlar boʻyicha rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash ishlarini oʻz ichiga oladigan meliorativ obyektlarni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash loyihasi.
II. Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashning asosiy prinsiplari
4. Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash quyidagi prinsipial qoidalar asosida amalga oshiriladi:
meliorativ tarmoqlarning samarali ishlashini taʼminlovchi mexanizmni sifat jihatidan takomillashtirish hamda kollektor-drenaj tarmoqlari orqali drenaj va tashlama suvlarni normativ miqdorda chiqarib tashlash;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash muammosi umuman kompleks holda, irrigatsiya-drenaj tizimi bilan birgalikda, eng kam ekologik oqibatlar bilan yuqori hosil olishga qaratilgan sugʻorishning yuvish rejimi va sugʻoriladigan yerlarning qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish tizimi yaratilishi sifatida qaralishi zarur;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini hamda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish tizimini yaxshilash boʻyicha barcha chora-tadbirlar tashkiliy-texnologik, iqtisodiy va qurilish-texnik choralarni koʻzda tutgan holda, suvni tejash orqali, shuningdek aniq tabiiy-texnik tizimlarda maqbul meliorativ rejimlarni barpo etish yoʻli bilan iqtisodiy maqsadga muvofiqlikni hisobga olgan holda asoslanishi kerak;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimi har xil tabiiy shart-sharoitlar uchun talab qilinadigan tuproqqa ishlov berish texnologiyalarini taʼminlovchi agrotexnik usullarni — takroriy va oraliq ekinlar ekishni joriy qilib almashlab ekishni tashkil qilish, tuproq unumdorligini oshiruvchi dukkakli don ekinlari ekishni ragʻbatlantirish, aralash ekinlarni madaniylashtirib, tuproqni mulchalashni oʻz ichiga olishi kerak;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga va unumdorligini oshirishga yoʻnaltirilgan ekinlarni almashlab ekishning yuqorida koʻrsatib oʻtilgan tizimini amalga oshirish, suvni hisobga olish, rejalashtirish hamda suvni sugʻorish va kollektor drenaj tarmogʻida taqsimlashning mukammal tizimini yaratish, kollektor-drenaj suvlaridan konturlar ichida sugʻorishga ishlatishda foydalanish, shoʻrlangan yerlarning shoʻrini yuvishni takomillashtirish yoʻli bilan taʼminlanishi kerak;
meliorativ va tabiiy-xoʻjalik shart-sharoitlari oʻzgarishlarini hisobga olgan holda qoʻllaniladigan meliorativ chora-tadbirlar kompleksiga tuzatish kiritish;
irrigatsiya-melioratsiya tizimining ishonchli ishlashini hisobga olish va baholash, ularni taʼmirlash, tiklash, qurish va rekonstruksiya qilish zaruriyatini aniqlash sugʻoriladigan yerlarning maqbul meliorativ holatini taʼminlash va saqlash nuqtai nazaridan amalga oshirilishi kerak.
5. Meliorativ chora-tadbirlarni amalga oshirishning ustuvorligi va navbatliligi hududning meliorativ, ekologik va boshqa tabiiy-xoʻjalik shart-sharoitlari hisobga olingan holda belgilanadi.
6. Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturining tasdiqlangan parametrlari asosida har yili:
meliorativ obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash loyihalarining;
loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarining;
meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalari sotib olishning;
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
kelgusi yildagi boshqa meliorativ chora-tadbirlarning hududiy aniq dasturlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
III. Davlat dasturini shakllantirish
7. Davlat dasturi:
meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish;
meliorativ obyektlarda taʼmirlash-tiklash ishlari (joriy va mukammal taʼmirlash);
meliorativ va boshqa suv xoʻjaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari, suv xoʻjaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv isteʼmolchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalari parkini mustahkamlash;
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha boshqa chora-tadbirlar prognoz parametrlarini oʻz ichiga oladi.
8. Davlat dasturi sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash vazifalarini hal etishga kompleks va tizimli yondashish asosida ishlab chiqilgan hududiy dasturlar asosida shakllantiriladi va Hukumatning yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi.
9. Hududlarning meliorativ, ekologik va boshqa tabiiy-xoʻjalik shart-sharoitlarining oʻzgarishi mumkinligi, meliorativ obyektlarning asoslashlari va ustuvorligi hisobga olingan holda Jamgʻarma Kengashining qarori bilan Davlat dasturiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10. Davlat dasturining tasdiqlangan maqsadli parametrlari asosida, aniq hududlardagi real meliorativ shart-sharoitlar, shuningdek meliorativ ishlarni moliyaviy taʼminlash prognozi hisobga olingan holda, kelgusi yil uchun sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash chora-tadbirlarining obyektlar boʻyicha roʻyxatini oʻz ichiga oladigan loyihalarning hududiy aniq dasturlari ishlab chiqiladi.
11. Meliorativ obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash, loyiha-qidiruv hujjatlarini va ilmiy-tadqiqot ishlarini ishlab chiqish, shuningdek kelgusi yilda meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalari sotib olish loyihalarining hududiy aniq dasturlari Jamgʻarma Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
IV. Hududiy aniq dasturlarni shakllantirish
12. Joylarda haqiqiy meliorativ shart-sharoitlarni oʻrganish, meliorativ obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash, meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalari xarid qilish va boshqa meliorativ chora-tadbirlar boʻyicha loyihalarning aniq dasturlarini shakllantirish boʻyicha takliflarni tayyorlash uchun har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining qarorlari bilan maxsus ishchi guruhlar tashkil etiladi. Ishchi guruhlar alohida meliorativ tizimlar boʻyicha tuziladi.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
Ishchi guruhlar tarkibiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda havza boshqarmalari deb ataladi);
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari deb ataladi);
(12-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining “Suvqurilishinvest” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda “Suvqurilishinvest” DUK deb ataladi);
(12-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmalari;
(12-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
loyiha va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari;
Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining hududiy organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar.
(12-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
13. Meliorativ ekspeditsiyalar tomonidan manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda quyidagilarni nazarda tutadigan materiallar tayyorlanadi va ishchi guruhlarga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi:
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
meliorativ tizimga kiradigan meliorativ obyektlarning roʻyxati va parametrlari koʻrsatilgan sxematik xaritalar;
meliorativ tizimning xizmat koʻrsatish zonasi (viloyat, tumanlar, suv isteʼmolchilari uyushmalari, fermer xoʻjaliklari va boshqa suv isteʼmolchilari) va uning tarkibiga kiruvchi alohida meliorativ obyektlar;
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-fevraldagi 40-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 7-8-son, 62-modda)
meliorativ kadastr, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holati, meliorativ obyektlarning texnik holati, meliorativ chora-tadbirlarning bajarilishi, suv resurslaridan foydalanish va ularning sifati, kollektor-drenaj suv oqimlari, meliorativ nasos stansiyalar va vertikal drenaj quduqlarining ish rejimlari toʻgʻrisidagi oxirgi uch yillik axborotlar, shu jumladan yer resurslaridan foydalanish boʻyicha statistik materiallar hamda meliorativ obyektlar toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar.
14. Taqdim etilgan materiallar asosida har bir ishchi guruh:
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ jihatdan nobopligi va past samaradorligining asosiy sabablarini, hudud tuprogʻi shoʻrlanishiga olib keladigan omillarni aniqlaydi;
meliorativ obyektlar va irrigatsiya tizimlarining foydalanuvchi xodimlari, suv isteʼmolchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari rahbarlari bilan birgalikda meliorativ obyektlarning hamda yerlarning shoʻrlangan uchastkalari holatini oʻrganadi va xatlovdan oʻtkazadi;
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-fevraldagi 40-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 7-8-son, 62-modda)
meliorativ obyektlarning texnik holatini va sugʻoriladigan yerlarning melioratsiyasini yaxshilash boʻyicha asoslangan takliflarni ishlab chiqadi;
kollektor-drenaj tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash boʻyicha loyihalar roʻyxatini, quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, taʼmirlanadigan va tiklanishi kerak boʻlgan meliorativ nasos stansiyalari (agregatlar), vertikal drenaj quduqlari, kuzatish tarmoqlari roʻyxatini ishlab chiqadi;
meliorativ va boshqa suv xoʻjaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari, suv xoʻjaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv isteʼmolchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini oʻrganadi hamda meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini xarid qilishga doir takliflar ishlab chiqadi;
(14-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
amalga oshirilayotgan loyihalarga oʻzgartirish va tuzatishlar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Ishchi guruhlar meliorativ obyektlar holatini har yili kuzgi-qishki tadbirlardan keyin 1-apreldan 1-maygacha boʻlgan davrda oʻrganib chiqadilar. Bundan tashqari, meliorativ ekspeditsiyalar, nasos stansiyalari, va energetika boshqarmalarining foydalanuvchi xodimlari, suv isteʼmolchilari uyushmalari mutaxassislari tomonidan fermerlar, shuningdek boshqa suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari bilan birgalikda har yili sugʻorish mavsumidan keyin, 1-sentabrdan 20-sentabrgacha boʻlgan davrda meliorativ obyektlar belgilangan tartibda qoʻshimcha ravishda oʻrganib chiqiladi.
(14-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
15. Meliorativ obyektlar va sugʻoriladigan hududni koʻzdan kechirish va oʻrganib chiqish tugallangandan keyin ishchi guruhlar:
barcha materiallarni birgalikda tahlil qiladi, sugʻoriladigan yerlarning shoʻrlanganligi va meliorativ jihatdan nobopligi, meliorativ obyektlarning qoniqarsiz ishlashi sabablarini aniqlashtiradi, shuningdek ularni yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
kelgusi yil uchun sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha takliflar kiritgan holda har bir loyihaning ustuvorligini asoslaydi va belgilaydi;
har bir tizimli loyiha uchun annotatsiya va pasport (asosiy koʻrsatkichlarni) tayyorlaydi;
har bir tuman va viloyat boʻyicha tizimli loyihalarni, ularni amalga oshirish bosqichlarini, bajariladigan asosiy meliorativ chora-tadbirlarni, shuningdek ularning xizmat koʻrsatish chegaralarini koʻrsatgan holda irrigatsiya-melioratsiya tizimi xaritasini tuzadi.
Ishchi guruhlar meliorativ obyektlar, hududning meliorativ, ekologik va boshqa tabiiy-xoʻjalik shart-sharoitlari holatini yillik xatlovdan oʻtkazish natijalarini hisobga olgan holda, tasdiqlangan Davlat dasturining prognoz parametrlari doirasida kelgusi yil uchun aniq takliflar kiritadi.
16. Navbatdagi yil uchun aniq takliflar:
meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari roʻyxati;
meliorativ obyektlarni, shu jumladan nasos stansiyalari (agregatlar), vertikal drenaj quduqlari hamda kuzatish tarmoqlarini taʼmirlash va tiklash loyihalari roʻyxati;
loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlari roʻyxati;
ilgari tasdiqlangan ustuvor loyihalar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini lizingga oluvchilar (meliorativ va boshqa suv xoʻjaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari, suv xoʻjaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv isteʼmolchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlar) roʻyxati boʻyicha;
(16-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
(16-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
17. Ishchi guruhlar tomonidan tayyorlangan kelgusi yil uchun sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha takliflar har yili 15-maygacha suv isteʼmolchilari uyushmalari, fermer xoʻjaliklari, barcha manfaatdor tashkilotlar ishtirokida muhokama qilinadi.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
Kelgusi yil uchun tumandagi sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha ishchi guruh takliflari tuman hokimi bilan kelishiladi.
18. Meliorativ ekspeditsiya bilan birgalikda “Suvqurilishinvest” DUK tumanlar hokimlari bilan kelishilgan takliflar asosida kelgusi yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatning sugʻoriladigan yerlari meliorativ holatini yaxshilashning hududiy aniq dasturini ishlab chiqadi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va tegishli viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi bilan kelishib oladi.
(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Meliorativ ekspeditsiya bilan birgalikda “Suvqurilishinvest” DUK sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashning hududiy aniq dasturi loyihasi taqdimotini kengaytirilgan majlisda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyatlar, tumanlar hokimliklari rahbarlari, havza boshqarmasi suv xoʻjaligi kengashi aʼzolari, shuningdek manfaatdor tashkilotlar rahbarlari ishtirokida oʻtkazadi.
(18-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyatlar, tumanlar hokimliklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda tumanlar Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari rahbarlari, havza boshqarmalari va meliorativ ekspeditsiyalar, nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari boshliqlari, “Suvqurilishinvest” DUK boshliqlari, shuningdek, ishchi guruhlar aʼzolari joriy meliorativ holatga xolisona baho bergan holda, taklif etilayotgan kompleks chora-tadbirlarni puxta ishlab chiqishi zarur;
(18-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash chora-tadbirlari muhokamasi boʻyicha barcha majlislar yakunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining hamda viloyatlar va tumanlar hokimliklarining tegishli bayonnomalari bilan rasmiylashtiriladi.
Kelgusi yil uchun sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha hududiy aniq dasturlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi va tegishli viloyat hokimi tomonidan tasdiqlanadi.
V. Kelgusi yil uchun hududiy aniq dasturlarni koʻrib chiqish
19. Kelgusi yil uchun sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashning hududiy aniq dasturi har yili 25-maygacha boʻlgan muddatda havza boshqarmasi tomonidan rasmiy ravishda belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga yuboriladi.
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati:
(19-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
kelgusi yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va tegishli viloyat sugʻoriladigan yerlarining meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha hududiy aniq dastur, shu jumladan tumanlarning takliflari;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturlarini muhokama qilish boʻyicha majlislarning tasdiqlangan bayonnomalarini;
har bir tumanning asosiy meliorativ tizimlari, meliorativ obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash boʻyicha tizimli loyihalarga kiradigan meliorativ nasos stansiyalar (agregatlar), vertikal drenaj quduqlar, kuzatish tarmoqlari koʻrsatilgan sxematik xaritasini;
hududdagi sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holati toʻgʻrisidagi tahliliy maʼlumotnoma, har bir loyihaning ustuvorligini asoslash, ularning dastlabki texnik koʻrsatkichlari hamda amalga oshirishdan kutilayotgan natijalarni oʻz ichiga oladi.
20. Kelgusi yil uchun sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashning hududiy aniq dasturlari har yili 30-maygacha boʻlgan muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining tegishli boshqarmalarida koʻrib chiqilishi;
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining Tarmoq ilmiy-texnik kengashi (keyingi oʻrinlarda TITK deb ataladi) majlisida muhokama qilinishi kerak;
(20-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Majlis yakunlari boʻyicha tegishli bayonnomalar rasmiylashtiriladi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi har yili:
(21-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
1-iyungacha boʻlgan muddatda — TITK mulohazalari va tavsiyalari hisobga olingan holda qayta ishlangan kelgusi yil uchun sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashning hududiy aniq dasturlarini umumlashtiradi;
(21-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
5-iyungacha boʻlgan muddatda — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasini boshqarish departamenti (keyingi oʻrinlarda Departament deb ataladi), “Oʻzmeliomashlizing” davlat unitar korxonasiga (keyingi oʻrinlarda “Oʻzmeliomashlizing” DUK deb ataladi) kelgusi yil uchun respublikaning sugʻoriladigan yerlari meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha takliflar kiritadi.
(21-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
22. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan kiritilgan kelgusi yil uchun respublikaning sugʻoriladigan yerlari meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha takliflar:
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyihalarning aniq dasturini;
meliorativ obyektlarni taʼmirlash va tiklash loyihalarining aniq dasturini;
(22-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarining aniq dasturini;
istisno tariqasida, avval qabul qilingan davlat dasturiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha asoslangan takliflarni;
meliorativ obyektlardagi avariya-tiklash ishlari va oldindan koʻrish mumkin boʻlmagan ishlarning xarajatlari smetalari boʻyicha takliflar;
(22-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini “Oʻzmeliomashlizing” DUK bilan kelishilgan holda, viloyatlar va texnika turlari boʻyicha taqsimlash takliflari.
(22-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
23. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Suv xoʻjaligi vazirligining kelgusi yil uchun sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash yuzasidan takliflari boʻyicha oʻz xulosalarini har yili 15-iyungacha Departamentga yuboradi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
24. “Oʻzmeliomashlizing” DUK meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini lizingga oluvchilarning manzili dasturi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi takliflari asosida har bir tashkilotning buyurtmanomasi va moliyaviy ahvolini, ularning lizing mablagʻlarini qaytarish qobiliyatini oʻrganadi hamda ularga meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini lizing asosida yetkazib berishning maqsadga muvofiqligini aniqlaydi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
25. Departament 20-iyungacha boʻlgan muddatda kelgusi yil uchun sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining takliflarini, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzmeliomashlizing” DUKning xulosalarini oʻrganadi va umumlashtirilgan takliflar tayyorlaydi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
26. Departament:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Iqtisodiyot vazirligiga — kelgusi yil va keyingi yillar uchun Investitsiya dasturini shakllantirish maqsadida melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarining manzilli dasturi boʻyicha takliflar kiritadi;
Jamgʻarma Kengashiga — 1-iyulgacha boʻlgan muddatda kelgusi yil uchun umumlashtirilgan takliflar kiritadi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
27. Muhokama natijalari Jamgʻarma Kengashining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
28. Navbatdagi besh yillik muddat uchun Davlat dasturi ushbu Nizomda belgilangan har yilgi hududiy aniq dasturlarni shakllantirish tartibiga muvofiq shakllantiriladi.
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish sxemasi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan.
VI. Loyihaoldi ishlarini tashkil etish va loyiha-qidiruv hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish masalalari
29. Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini lizingga oluvchilar boʻyicha loyihalarning Jamgʻarma Kengashi tomonidan tasdiqlangan aniq dasturlari, shuningdek Hukumat yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori ushbu loyihalarni belgilangan tartibda Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga amalga oshirish va moliyalashtirish uchun asos hisoblanadi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
30. Quyidagilar:
magistral, tumanlararo kollektorlarni va xoʻjaliklararo kollektor-drenaj tarmoqlarini, vertikal drenaj quduqlarni, nasos stansiyalarini, kuzatish tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek magistral kollektorlarni taʼmirlash va tiklash loyihalari boʻyicha — Departament;
tumanlararo va xoʻjaliklararo kollektorlarni va ulardagi inshootlarni, vertikal drenaj quduqlarni, nasos stansiyalarini, kuzatish tarmoqlarini, yopiq gorizontal drenaj tarmoqlarini tiklash va taʼmirlash, shuningdek meliorativ obyektlardagi avariya-tiklash ishlari va oldindan koʻrish mumkin boʻlmagan ishlar — “Suvqurilishinvest” DUK;
(30-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
31. Loyiha-qidiruv hujjatlarini ishlab chiqishga topshiriqlar:
meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha — Departament tomonidan;
meliorativ obyektlarni taʼmirlash va tiklash boʻyicha — “Suvqurilishinvest” DUK tomonidan meliorativ ekspeditsiyalar bilan birgalikda tayyorlanadi.
(31-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
Loyiha-qidiruv hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklarining mutasaddi rahbarlari, havza boshqarmalari, nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, zarur boʻlganda — Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hududiy organlarining rahbarlari bilan kelishiladi.
(31-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
32. Loyiha-qidiruv hujjatlarini ishlab chiqish yuzasidan topshiriq:
meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek magistral kollektorlarni taʼmirlash va tiklash boʻyicha — Departament;
meliorativ obyektlarni taʼmirlash va tiklash boʻyicha (magistral kollektorlar bundan mustasno) — Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(32-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
33. Loyiha-qidiruv hujjatlarini ishlab chiqish yuzasidan topshiriq tasdiqlangandan keyin tegishli buyurtmachilar tomonidan loyiha korxonalarini tanlash boʻyicha tanlov oʻtkaziladi.
Davlat dasturidagi obyektlar boʻyicha tanlov hujjatlarini ishlab chiqish, ularni ekspertizadan oʻtkazish, tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(33-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
34. Meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishning yangidan boshlangan loyihalari boʻyicha loyiha qiymati ekvivalentda:
1 mln. AQSH dollarigacha boʻlganda — buyurtmachi tomonidan tasdiqlanadigan ishchi loyiha ishlab chiqiladi;
1 mln. AQSH dollaridan 10 mln. AQSH dollarigacha boʻlganda — Jamgʻarma Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan texnik-iqtisodiy hisob-kitob va ishchi hujjatlar ishlab chiqiladi;
10 mln. AQSH dollaridan ortiq boʻlganida — texnik-iqtisodiy hisob-kitob va ishchi hujjatlar ishlab chiqiladi. Bunda texnik-iqtisodiy hisob-kitob Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi.
Loyiha xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari hisobiga birgalikda moliyalashtirilgan taqdirda texnik-iqtisodiy hisob-kitob belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlanadi.
Meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek magistral kollektorlarni taʼmirlash va tiklash boʻyicha texnik-iqtisodiy hisob-kitob, ishchi loyihalar va ish hujjatlari belgilangan tartibda tarmoq ekspertizasidan va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasida ekspertizadan oʻtadi.
35. Meliorativ obyektlarni taʼmirlash va tiklash loyihalari boʻyicha faqat ishchi loyihalar ishlab chiqiladi.
Meliorativ obyektlarni taʼmirlash va tiklash boʻyicha tizimli loyihaning cheklangan qiymatining ekvivalentda 1 mln. AQSH dollarigacha, magistral kollektorlarni taʼmirlash va tiklash boʻyicha esa — ekvivalentda 10 mln. AQSH dollarigacha boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
Kollektorlarning barcha turlarini va boshqa meliorativ obyektlarni taʼmirlash va tiklashning ishchi loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining hududiy ekspertiza boshqarmalarida ekspertizadan oʻtkaziladi va buyurtmachi tomonidan tasdiqlanadi.
36. Ishchi loyihalar zaruriyat boʻlganda ixtisoslashtirilgan mustaqil kompaniyaga (yoki ekspertga) qoʻshimcha ekspertizaga berilishi mumkin, uning xulosasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan kelishilishi kerak.
37. Meliorativ nasos stansiyalari va vertikal drenaj quduqlarni taʼmirlash va tiklash ishlari ishchi loyihalar asosida amalga oshiriladi.
Meliorativ nasos stansiyalari va vertikal drenaj quduqlarni taʼmirlash va tiklash ishlari boʻyicha ishchi loyihalar havza boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan ishchi komissiyalar tomonidan tuzilgan nuqsonlar dalolatnomalari asosida amalga oshiriladi.
Ishchi komissiya tarkibiga “Suvqurilishinvest” DUK, meliorativ ekspeditsiya, nasos stansiyalari, energetika va aloqa boshqarmasi, Departament, tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi, tegishli suv isteʼmolchilari uyushmalari va boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillari kiritiladi.
(37-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Favqulodda hollarda meliorativ obyektlardagi avariya-tiklash ishlari va oldindan koʻrish mumkin boʻlmagan ishlar Departament bilan kelishgan holda alohida lokal smetalar boʻyicha amalga oshirilishi mumkin.
Lokal smetalar loyiha tashkilotlari tomonidan tuziladi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasining hududiy ekspertiza boshqarmalarida ekspertizadan oʻtkaziladi va “Suvqurilishinvest” DUK tomonidan tasdiqlanadi.
(37-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
(VII boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
VIII. Tugallangan meliorativ ishlarni qabul qilib olish
54. Meliorativ obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash boʻyicha tugallangan loyihalarni foydalanishga qabul qilib olish belgilangan tartibda komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
55. Meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek magistral kollektorlarni taʼmirlash va tiklash boʻyicha tugallangan loyihalarni qabul qilib olish komissiyalarining tarkibi Jamgʻarma Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
(55-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
56. Meliorativ obyektlarni, magistral kollektorlar bundan mustasno, taʼmirlash va tiklash boʻyicha tugallangan loyihalarni qabul qilish komissiyalarining tarkibi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
Komissiyalar manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning, shuningdek yerdan foydalanuvchilarning va suv isteʼmolchilari uyushmalarining vakillaridan tashkil etiladi.
(56-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-fevraldagi 40-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 7-8-son, 62-modda)
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha loyihalarni shakllantirish, ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish, tasdiqlash va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga ILOVA
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashning har yilgi manzilli dasturlarini shakllantirish, kelishish va tasdiqlash
SXEMASI
1. 1-maygacha melioratsiya obyektlarining texnik holatini va sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini oʻrganish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash takliflarini tahlil qilish, umumlashtirish va ishlab chiqish, muhokama qilish, shuningdek, tumanlar hokimlari bilan kelishish.
2. Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash takliflarini umumlashtirish va 15-maygacha boʻlgan muddatda “Suvqurilishinvest” DUK va meliorativ ekspeditsiyaga taqdim etish.
3. Ishchi guruhlar takliflarini tahlil qilish va umumlashtirish, kelgusi yil uchun hududiy manzilli dasturni shakllantirish va havza boshqarmasi suv xoʻjaligi kengashi aʼzolari va boshqa manfaatdor tashkilotlar ishtirokida tumanlar hokimlari (viloyat hokimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi) huzurida uning taqdimotini oʻtkazish.
4. 25-maygacha boʻlgan muddatda hududiy manzilli dasturlarni Suv xoʻjaligi vazirligiga koʻrib chiqish uchun taqdim etish.
5. 1-iyungacha boʻlgan muddatda hududiy manzilli dasturlarni tahlil qilish, ekspertizadan oʻtkazish va umumlashtirish, Suv xoʻjaligi vazirligining TITK majlisida muhokama qilish.
6. 5-iyungacha boʻlgan muddatda kelgusi yil uchun sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash takliflarini koʻrib chiqish uchun kiritish.
7. Koʻrib chiqish va 15-iyungacha boʻlgan muddatda xulosalar berish.
8. Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash takliflari va xulosalarini tahlil qilish hamda 1-iyulgacha boʻlgan muddatda Jamgʻarma Kengashiga taqdim etish.
9. Kelgusi yil uchun manzilli dasturni muhokama qilish va tasdiqlash hamda amalga oshirish uchun yoʻnaltirish.
10. Tasdiqlangan manzilli dasturga kiritilgan loyihani amalga oshirish.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga asosan 2019-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2018-y., 07/18/4086/2354-son)
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 07/21/73/1227-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 49-son, 480-modda; 2011-y., 7-8-son, 62-modda; 2013-y., 26-son, 338-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son; 27.12.2017-y., 09/17/1021/0465-son; 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 27.12.2018-y., 07/18/4086/2354-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 07/21/73/1227-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)