1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.06.00 Normativ-huquqiy hujjatlarni hisobga olish va turkumlash]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Qonunchilik tashabbusi. Norma ijodkorligi faoliyati]
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 10-sentabrda 1856-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 18-iyundagi 14-mh-sonli “Normativ-huquqiy hujjatlarning hisobini yuritish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3311, 19.06.2021-y.) asosan 2021-yil 1-iyuldan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tarqatishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 5-avgustdagi 304-sonli qarorini bajarish hamda O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobini yuritish tartibini takomillashtirish maqsadida, buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatiga olinsin va bu haqda O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (A. Inanbabayev):
ushbu normativ-huquqiy hujjatni 10 kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini va “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobini yuritishga doir faoliyatini muvofiqlashtirishni va nazorat qilishni, shuningdek ularga tegishli metodik yordam ko‘rsatilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2000-yil 30-dekabrdagi 178-mh-sonli “O‘zbekiston Respublikasi me’yoriy-huquqiy hujjatlarining davlat hisobi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1000, 2000-yil 30-dekabr — Me’yoriy hujjatlar axborotnomasi, 2000-yil, 24-son) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin va bu haqda O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
5. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kundan keyin kuchga kiradi.
6. Ushbu buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklatilsin.
Adliya vaziri R. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2008-yil 10-sentabr,
195-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2008-yil 10-sentabrdagi 195-mh-son buyrug‘i bilan TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-avgustdagi 304-sonli “Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tarqatishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 2000-y., 8-son, 47-modda) muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari davlat hisobi tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari davlat hisobi o‘z ichiga ushbu hujjatlarni markazlashtirilgan tartibda yig‘ish, hisobga olish, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik tarmoqlarining umumhuquqiy klassifikatori (ro‘yxat raqami 2333, 2012-yil 2-mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 8-9-son, 98-modda) asosida normativ-huquqiy hujjatlarga kod berish, tizimlashtirilgan kartoteka yuritish, ular fondlarining nazorat holati hamda bunday hujjatlar to‘g‘risidagi markazlashtirilgan axborotni barpo etish va saqlab turishni qamrab oladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014-yil 31-yanvardagi 28-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1856-1, 31.01.2014-y.) tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 5-son, 64-modda)
2. O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi o‘rinlarda matnda Adliya vazirligi deb yuritiladi) amalga oshiradi.
II. Davlat hisobi yuritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar
3. Quyidagi normativ-huquqiy hujjatlarning davlat hisobi yuritilishi kerak:
a) O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari;
(3-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014-yil 31-yanvardagi 28-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1856-1, 31.01.2014-y.) tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 5-son, 64-modda)
g) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
d) vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari;
e) Qoraqalpog‘iston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari;
j) mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.
4. Normativ-huquqiy hujjatlar ularning amal qilish muddatidan (doimiy yoki vaqtinchalik) va ularda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar xususiyatidan qat’i nazar, davlat hisobiga olinishi kerak, mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan hujjatlar bundan mustasno.
5. Quyidagilar davlat hisobiga olinmaydi:
a) “Maxfiy” va “O‘ta maxfiy” belgisi qo‘yilgan hujjatlar;
b) yakka tartibdagi xususiyatga ega bo‘lgan hujjatlar:
shaxsiy tusdagi (lavozimga tayinlash, boshqa lavozimga o‘tkazish yoki lavozimdan ozod qilish, komissiya va boshqa kollegial organlar tarkibini tasdiqlash, orden va medallar bilan mukofotlash, faxriy va harbiy unvonlar berish, muayyan shaxslarga imtiyozlar berish to‘g‘risidagi va boshqa shu kabilar);
muayyan korxona, muassasa, tashkilot va fuqarolarga yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) to‘g‘risidagi hujjatlar;
tezkor-farmoyishli tusdagi (bir martalik topshiriqlar);
v) loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritish to‘g‘risidagi hujjatlar;
g) muqaddam belgilangan tartibni ijro etishni tashkil etishga yo‘naltirilgan hamda yangi huquqiy normalarni o‘z ichiga olmagan, shu jumladan, butun mazmuni boshqa organlar va mansabdor shaxslarning hujjatlari to‘g‘risida xabardor qilishdan iborat bo‘lgan hujjatlar;
d) texnik hujjatlar, agar ular o‘z ichiga huquqiy normalarni olmasa;
e) tavsiya tusidagi hujjatlar;
j) sessiya, yig‘ilish, konferensiyalarni chaqirish to‘g‘risidagi hujjatlar;
z) normativ-huquqiy hujjatlarga rasmiy sharh berish to‘g‘risidagi hujjatlar;
i) umumiy majburiy tusga ega bo‘lmagan boshqa hujjatlar.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014-yil 31-yanvardagi 28-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1856-1, 31.01.2014-y.) tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 5-son, 64-modda)
6. Mazkur Nizomning 5-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar belgilariga faqat qisman muvofiq keladigan hujjatlar o‘zining qolgan qismida davlat hisobiga olinishi kerak.
III. Normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobi uchun yuborish tartibi
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-avgustdagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan “Normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 13-bandiga muvofiq, mazkur Nizomning 3-bandi “a”, “b”, “v” va “g” kichik bandlarida ko‘rsatilgan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari ularni qabul qilgan organlar tomonidan Adliya vazirligiga qabul qilingan kundan boshlab bir kun mobaynida qog‘oz va elektron shakllarda yuboriladi. Bunda normativ-huquqiy hujjatlarning elektron shakli Adliya vazirligiga elektron pochta tizimi orqali yuboriladi.
Mazkur Nizomning 3-bandi “d” kichik bandida ko‘rsatilgan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari qog‘oz va elektron shakllarda Adliya vazirligining Idoraviy me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi tomonidan taqdim etiladi.
Mazkur Nizomning 3-bandi “e” va “j” kichik bandlarida ko‘rsatilgan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari, tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga (keyingi o‘rinlarda matnda adliya boshqarmalari deb yuritiladi) ularni qabul qilgan organlar tomonidan qabul qilingan kundan boshlab uch kun ichida qog‘oz va elektron shakllarda yuboriladi.
8. Normativ-huquqiy hujjatlar Adliya vazirligiga va adliya boshqarmalariga muhrlangan holda davlat tilida oq-qora ko‘rinishda yuboriladi, shuningdek bir vaqtning o‘zida rus tilida ham taqdim etilishi mumkin.
IV. Normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobiga olish va ularning fondlarini yuritish tartibi
9. Adliya vazirligi va adliya boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari davlat hisobi reyestrlarini (keyingi o‘rinlarda matnda reyestrlar deb yuritiladi) ilovaga muvofiq yuritadi.
Adliya vazirligiga va adliya boshqarmalariga kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlar, mazkur Nizomning 11-bandiga muvofiq ushbu normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni reyestrlarga kiritish bilan davlat hisobiga olinadi.
Adliya boshqarmalari har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 3-kunigacha, davlat hisobiga olingan normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida reyestrdan ko‘chirma shaklida olingan qog‘oz va elektron shakllardagi ma’lumotlarni Adliya vazirligiga jo‘natadi.
10. Ilgari davlat hisobiga olingan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoki o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar, mazkur Nizomning 9-bandiga muvofiq reyestrga kiritiladi.
11. Reyestrga kiritilgan tuzatishlar, o‘zgartishlar va qo‘shimchalar bunga vakolatli shaxslar imzosi bilan tasdiqlanadi.
12. Reyestrga normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
normativ-huquqiy hujjatning reyestrdagi tartib raqami;
normativ-huquqiy hujjatni reyestrga kiritish sanasi;
normativ-huquqiy hujjatning turi;
normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ(lar);
normativ-huquqiy hujjatning nomi;
normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish sanasi va uning raqami (vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari uchun ularning Adliya vazirligida davlat ro‘yxatiga olingan raqami va sanasi);
normativ-huquqiy hujjatning kuchga kirish sanasi va amal qilish muddati;
normativ-huquqiy hujjatning rasmiy nashrlarda e’lon qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda o‘z kuchini yo‘qotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
normativ-huquqiy hujjatning O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik tarmoqlari umumhuquqiy klassifikatori bo‘yicha kodi;
(12-banddan o‘n uchinchi — o‘n oltinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014-yil 31-yanvardagi 28-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1856-1, 31.01.2014-y.) asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2014-y., 5-son, 64-modda)
13. Normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari xronologik tartibda tizimlashtiriladi va maxsus yig‘majildlar hamda ma’lumotlarning elektron bazalarida saqlanadi.
14. Reyestrlar O‘zbekiston Respublikasi axborot resursining tarkibiy qismi bo‘lib, undagi davlat hisobiga olish uchun kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari esa rasmiy hisoblanadi.
15. Reyestrlar qog‘oz, elektron shakllarda yuritiladi va Adliya vazirligi va adliya boshqarmalarining rasmiy saytlarida e’lon qilinadi.
16. Davlat hisobiga qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar asosida Adliya vazirligida va adliya boshqarmalarida normativ-huquqiy hujjatlarning fondlari tashkil etiladi.
17. Adliya vazirligi va adliya boshqarmalari normativ-huquqiy hujjatlarni fondlarga o‘z vaqtida kiritilishini va tegishli o‘zgartishlar kiritish yo‘li bilan ularni nazorat holatida ushlab turishni ta’minlaydi.
V. Reyestrlardagi mavjud ma’lumotlarni taqdim etish tartibi
18. Barcha yuridik va jismoniy shaxslar reyestrlarda joylashtirilgan ma’lumotlardan yozma murojaatlar asosida yoki Adliya vazirligining rasmiy saytidan axborot olishlari va undan foydalanishlari mumkin.
19. Reyestrlardan ma’lumot taqdim etish arizachining yozma murojaati asosida tegishlicha Adliya vazirligi va adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
20. Reyestrlarda ma’lumot olish uchun yozma murojaatda normativ-huquqiy hujjatni qidirish uchun kerakli bo‘lgan ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.
VI. Yakuniy qoida
21. Reyestrlar va fondlarning saqlanishi, ishonchliligi uchun javobgarlik Adliya vazirligi va adliya boshqarmalarining mansabdor shaxslari zimmasiga yuklanadi.
O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobi to‘g‘risidagi nizomga ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari davlat hisobi REESTRI
** Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari uchun ularning O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanasi va raqami.
*** Ushbu ustun faqat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan to‘ldiriladi.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014-yil 31-yanvardagi 28-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1856-1, 31.01.2014-y.) tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 5-son, 64-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 37-38-son, 389-modda; 2014-y., 5-son, 64-modda)