toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.06.2017
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi OʻRQ-431-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni koʻradigan sud hokimiyati organi hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy sud:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi;
(1-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining normalariga sharh beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan oʻzining vakolatlari doirasiga kiritilgan boshqa ishlarni koʻrib chiqadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi.
Konstitutsiyaviy sud faqat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga amal qilgan holda ishlarni hal etadi va xulosalar beradi.
2-modda. Konstitutsiyaviy sudni saylash
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlisning Senati tomonidan sud Raisi, Rais oʻrinbosari va Qoraqalpogʻiston Respublikasidan saylanadigan sudyani qoʻshgan holda Konstitutsiyaviy sudning besh aʼzosidan iborat tarkibda saylanadi.
Konstitutsiyaviy sudning har bir sudyasi yakka tartibda saylanadi. Oliy Majlis Senati aʼzolari deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan shaxs saylangan hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy sud tarkibidan kamida toʻrt kishi saylangan taqdirda sud oʻz faoliyatini boshlashga haqlidir.
Sudya Konstitutsiyaviy sud tarkibidan chiqib ketgan taqdirda Oliy Majlisning Senati ushbu moddada belgilangan tartibda boshqa shaxsni saylaydi.
(2-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
3-modda. Konstitutsiyaviy sudning vakolat muddati
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasiga muvofiq Konstitutsiyaviy sud besh yil muddatga saylanadi.
Konstitutsiyaviy sud doimiy ishlaydigan organdir.
Konstitutsiyaviy sudning majlislari zaruratga qarab oʻtkaziladi.
4-modda. Konstitutsiyaviy sud faoliyatining asosiy prinsiplari
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga sodiqlik, mustaqillik, kollegiallik, oshkoralik va sudyalar huquqlarining tengligi Konstitutsiyaviy sud faoliyatining asosiy prinsiplaridir.
5-modda. Konstitutsiyaviy sudning mustaqilligi
Konstitutsiyaviy sud hamda uning sudyalari oʻz faoliyatlarida mustaqildirlar va faqat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga boʻysunadilar.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qaror qabul qilar ekanlar, amaliy maqsadga muvofiqlik mulohazalari, siyosiy moyilligidan va boshqa tashqi taʼsirlardan holi boʻlgan oʻz huquqiy nuqtai nazarlarini ifodalaydilar.
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga binoan javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 236-moddasi.
6-modda. Kollegiallik
Konstitutsiyaviy sudda ishlarni qarab chiqish va qarorlar qabul qilish kamida toʻrt sudyadan iborat tarkibda kollegial amalga oshiriladi.
7-modda. Oshkoralik
Konstitutsiyaviy sudning majlislari, qoida tarzida, ochiq oʻtkaziladi.
8-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyalari huquqlarining tengligi
Konstitutsiyaviy sud tomonidan masalalarni qarab chiqish va qarab chiqilayotgan masalalar boʻyicha ovoz berishda Rais, Rais oʻrinbosari va Konstitutsiyaviy sudning aʼzolari sudyalar sifatida teng huquqlarga egadirlar.
9-modda. Konstitutsiyaviy sud qarorlari va talablarining majburiyligi
Konstitutsiyaviy sudning qarorlari barcha davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
Konstitutsiyaviy sudning normativ va boshqa hujjatlarni, ularning nusxalarini taqdim etish toʻgʻrisidagi, qarab chiqilayotgan masalalar yuzasidan tushuntirish va maslahatlar berish xususidagi talablari ular yuborilgan organlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
10-modda. Konstitutsiyaviy sudning qonunchilik tashabbusi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga muvofiq Konstitutsiyaviy sud qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. Bu huquq Konstitutsiyaviy sud tomonidan qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi.
(10-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
11-modda. Konstitutsiyaviy sudning faoliyat tartibi
Konstitutsiyaviy sudning faoliyat tartibi uning Reglamenti bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Reglamenti Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 1996-yil 5-iyuldagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan.
II. KONSTITUTSIYAVIY SUD SUDYALARINING MAQOMI
12-modda. Konstitutsiyaviy sudning sudyaligiga nomzodga qoʻyiladigan talablar. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining malaka darajalari
Siyosat va huquq sohasi mutaxassislari boʻlgan, yuksak maʼnaviy fazilatli va zarur malakali oʻttiz yoshdan kichik boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
Konstitutsiyaviy sudning sudyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy malaka yoki Birinchi malaka darajalari beriladi.
(12-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
13-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining qasamyodi
Oldingi tahrirga qarang.
Birinchi bor Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylangan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:
“Konstitutsiyaviy sudning sudyasi vazifalarini halol va vijdonan bajarishga, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishga, bunda faqat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga boʻysunishga tantanali qasamyod qilaman”.
(13-moddaning birinchi qismi birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Konstitutsiyaviy sudning sudyalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qildiradi.
14-modda. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi vazifasi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyatlar
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi vazifalarini bajargan vaqtda deputatlik mandatiga ega boʻlish, siyosiy partiyalarga va harakatlarga aʼzolik, haq toʻlanadigan boshqa lavozimni egallash mumkin emas.
15-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasini almashtirib boʻlmasligi
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi oʻz vakolatlari davrida almashtirilmaydi. Sudyaning vakolatlari ushbu Qonunda belgilangan tartib hamda asoslardan oʻzga tarzda tugatilishi yoki toʻxtatilishi mumkin emas.
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 17 va 18-moddalari.
16-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining daxlsizligi
Oldingi tahrirga qarang.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining roziligisiz jinoiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilishi, shuningdek hibsga olinishi mumkin emas.
(16-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga nisbatan jinoiy ish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud sudyasini majburiy keltirish, ushlab turish, xuddi shuningdek shaxsiy ashyolari, yuki, transporti, turar joyi yoki xizmat binosini koʻzdan kechirish mumkin emas.
17-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlarini toʻxtatish
Oldingi tahrirga qarang.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Konstitutsiyaviy sud qarori bilan toʻxtatilishi mumkin:
u jinoiy javobgarlikka tortilganida;
u sudya lavozimiga toʻgʻri kelmaydigan faoliyat bilan shugʻullanganida;
sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan u bedarak yoʻqolgan deb hisoblanganida.
(17-moddaning birinchi qismi birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Sudyaning vakolatlarini toʻxtatish, sudyani ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish hollarini istisno etganda, unga ish haqi toʻlashning toʻxtatilishiga sabab boʻlmaydi va uni ushbu Qonunda belgilangan daxlsizlik kafolatlaridan mahrum etmaydi.
18-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish
Oldingi tahrirga qarang.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Oliy Majlisning Senati qarori bilan muddatidan ilgari tugatiladi:
u sudyalik qasamyodini buzganda;
u isteʼfoga chiqish toʻgʻrisida iltimos qilganida;
unga nisbatan sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi mavjud boʻlsa;
sudya ogohlantirilganidan yoki uning vakolatlari toʻxtatilganidan keyin ham oʻz vazifasiga toʻgʻri kelmaydigan faoliyatni davom ettirganida;
tibbiy komissiyaning xulosasiga koʻra sudya uzoq davom etadigan kasallikka uchragan boʻlsa;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganida.
(18-moddaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
181-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining vakolatlari tugaganidan keyin ularni ishga joylashtirish boʻyicha kafolatlar
Konstitutsiyaviy sud sudyalarining vakolatlari tugaganidan keyin ularga Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga saylanishiga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmaganda esa, avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
(181-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
III. KONSTITUTSIYAVIY SUDDA ISh YuRITIShNING ASOSIY QOIDALARI
19-modda. Konstitutsiyaviy sudga masalalarni kiritish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri, Oliy Majlis Senatining Raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi, Oliy Majlis Senati aʼzolari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oliy xoʻjalik sudining raisi va Bosh prokurori Konstitutsiyaviy sudda koʻrib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga ega. Masala Konstitutsiyaviy sudning kamida uch sudyasi tashabbusi bilan ham kiritilishi mumkin.
(19-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
20-modda. Konstitutsiyaviy sudda masalalarni koʻrib chiqish muddatlari
Agar olingan materiallar qoʻyilayotgan talablarga javob bersa, Konstitutsiyaviy sud ular olingan kundan eʼtiboran yetti kunlik muddatdan kechiktirmay masalani oʻrganib chiqishga kirishadi.
Konstitutsiyaviy sudda tegishli material olingan paytdan boshlab kechi bilan uch oy ichida koʻrib chiqilayotgan masala yuzasidan qaror qabul qilinadi.
21-modda. Konstitutsiyaviy sud majlisining qatnashchilari
Oldingi tahrirga qarang.
Konstitutsiyaviy sud majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri, uning oʻrinbosarlari, Oliy Majlis Senatining Raisi, uning oʻrinbosarlari, Bosh vazir, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Adliya vaziri qatnashishlari mumkin. Ular koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz fikrlarini bayon etishga haqlidirlar.
(21-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
22-modda. Sudlov tili
Konstitutsiyaviy sudda ish yuritish Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilida amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida davlat tili boʻlib oʻzbek tili hisoblanadi.
Davlat tilini bilmaydigan majlis qatnashchilari oʻz ona tilida soʻzga chiqishlari va tushuntirishlar berishlari hamda tarjimon xizmatidan foydalanishlari mumkin.
23-modda. Konstitutsiyaviy sudning majlisiga chaqirish
Konstitutsiyaviy sudning majlisiga zarur maʼlumot yoki materiallarga ega shaxslar, ekspertlar va mutaxassislar chaqirilishi mumkin.
24-modda. Ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarning xarajatlarini toʻlash
Konstitutsiyaviy sudda ishlarni koʻrish munosabati bilan jalb etilgan ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarga qonun hujjatlariga muvofiq xarajatlar va haq toʻlanadi.
25-modda. Konstitutsiyaviy sudning toʻxtamga kelishi
Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviyligi shubha tugʻdirgan koʻrib chiqilayotgan aniq masalalar yuzasidangina toʻxtamga keladi.
Konstitutsiyaviy sud normativ hujjatning konstitutsiyaviyligini tekshirib, bir vaqtning oʻzida tekshirilgan normativ hujjatga asoslangan yoxud uning qoidalarini takrorlaydigan normativ hujjatlar xususida ham, garchi Konstitutsiyaviy sud qarab chiqishi uchun kiritilgan masalada ular xususida soʻz yuritilmagan boʻlsa-da, toʻxtamga kelishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sudning toʻxtami ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi.
Sudya ovoz berishda betaraf qolishga yoki qatnashmaslikka haqli emas.
Majlisda qatnashayotgan sudyalarning koʻpchiligi yoqlab ovoz bergan boʻlsa, Konstitutsiyaviy sudning toʻxtami qabul qilingan deb hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlinib qolgan taqdirda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy sudning toʻxtamiga qoʻshilmagan Konstitutsiyaviy sudning sudyasi oʻz fikrini yozma tarzda bayon qilish va uni Konstitutsiyaviy sud majlisi bayoniga qoʻshib qoʻyishga haqlidir.
26-modda. Konstitutsiyaviy sud toʻxtamlari
Davlatlararo shartnomaning va normativ hujjatning konstitutsiyaviyligi yuzasidan koʻrib chiqilgan ishning mohiyati boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning toʻxtami qaror deb ataladi. Qarorlar Konstitutsiyaviy sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladi.
Boshqa hollarda Konstitutsiyaviy sudning toʻxtami xulosa deb ataladi yoki boshqacha shaklda ham boʻlishi mumkin.
27-modda. Konstitutsiyaviy sud toʻxtamlarini matbuotda eʼlon qilish va uning kuchga kirishi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qarorlari, xulosalari va boshqa toʻxtamlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Axborotnomasi” Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining toʻxtamlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardir.
(27-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi OʻRQ-372-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
Konstitutsiyaviy sudning toʻxtami u matbuotda eʼlon qilingan paytidan kuchga kiradi.
Konstitutsiyaviy sudning toʻxtami qatʼiy va uning ustidan shikoyatga oʻrin boʻlmaydi.
28-modda. Konstitutsiyaviy sudning toʻxtamlarini qaytadan koʻrib chiqish
Konstitutsiyaviy sudning toʻxtami uning oʻz tashabbusi bilan quyidagi hollarda qaytadan koʻrib chiqilishi mumkin:
toʻxtam qabul qilingan paytda Konstitutsiyaviy sudga nomaʼlum boʻlgan yangi muhim holatlar ochilsa;
toʻxtam qabul qilinishiga asos boʻlgan konstitutsiyaviy norma oʻzgargan boʻlsa;
Konstitutsiyaviy sud toʻxtam belgilangan ish yuritish tartibini buzgan holda qabul qilingan deb topsa.
IV. KONSTITUTSIYAVIY SUDNING FAOLIYATINI TAShKIL ETIShGA VA UNING FAOLIYATIGA DOIR BOShQA MASALALAR
29-modda. Konstitutsiyaviy sud devoni
Konstitutsiyaviy sudning faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun Konstitutsiyaviy sud devoni tuziladi. Devon tuzilishi va shtatlari ajratilgan mablagʻ doirasida Konstitutsiyaviy sudning Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Konstitutsiyaviy sud devoni xodimlariga mansab darajalarini belgilash va berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
(29-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
30-modda. Konstitutsiyaviy sudning ishini moliyaviy taʼminlash
Konstitutsiyaviy sudning ishini moliyaviy taʼminlash respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
31-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining moddiy va ijtimoiy taʼminoti
Konstitutsiyaviy sud sudyalarining mehnatiga haq toʻlash, ularga har yilgi mehnat taʼtili berish, sudyalarni va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy muhofaza qilish chora-tadbirlari, sudyalarning hayoti va sogʻligʻini davlat tomonidan majburiy tartibda sugʻurta qilish bilan bogʻliq moddiy va ijtimoiy taʼminoti “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilanadi.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining ish haqi lavozim maoshidan, malaka darajasi, koʻp yillik xizmati uchun toʻlanadigan ustama haqlardan iborat boʻladi.
(31-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan daromadlari boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi.
(31-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
32-modda. Konstitutsiyaviy sudning sud hokimiyati ramzlari
Konstitutsiyaviy sudning majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining nashri boʻladi.
Konstitutsiyaviy sud sudyalari sudlov ishini maxsus kiyimda olib boradilar.
Konstitutsiyaviy sud sudyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlaydigan namunadagi guvohnoma beriladi.
33-modda. Konstitutsiyaviy sudning muhri
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 30-avgust,
103-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 178-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda; 9-10-son, 149-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 4-son, 45-modda, 20-son, 222-modda)