toggle_night_mode
Hujjat 09.07.2000 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
IJARA TOʻGʻRISIDA
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ijara
Ijara shartnoma asosida yerga, boshqa tabiiy resurslarga, shuningdek xoʻjalik faoliyatini va oʻzga faoliyatni mustaqil ravishda amalga oshirish uchun ijarachiga zarur boʻlgan mol-mulkka haq evaziga muddatli egalik qilish va undan foydalanishdan iboratdir.
Ijara Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida man etilmagan faoliyatning hamma sohasida mulkchilikning barcha shakl va turidagi mol-mulkiga nisbatan qoʻllanishi mumkin.
2-modda. Ijara toʻgʻrisidagi qonunlar
Ijara munosabatlari ushbu Qonun va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Ijara munosabatlarining obyekti
Quyidagilar ijara munosabatlarining obyektlari boʻlishi mumkin, chunonchi:
korxonalar, ayrim ishlab chiqarishlar, sexlar, fermalar, boshqa boʻlinmalar, tashkilotlar;
ayrim binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari, inventarlar, asboblar, boshqa moddiy boyliklar;
yer (qishloq xoʻjaligi uchun ajratilgan yerlar ijaraga faqatgina qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish uchun beriladi) va boshqa tabiiy resurslar.
Ijaraga topshirishga yoʻl qoʻyilmaydigan korxonalar, tashkilotlarning turlari (guruhlari), mulk va tabiiy resurslarning turlari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.
4-modda. Ijara munosabatlarining subyektlari
Ijaraga beruvchi va ijarachi ijara munosabatlarining subyektlari hisoblanadilar.
Mol-mulk egasi yoki u vakil qilgan idora, shu jumladan chet el yuridik va jismoniy shaxslari mol-mulkni ijaraga berish huquqiga ega boʻlgan ijara beruvchi hisoblanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan sovet va chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi qoʻshma korxonalar, xalqaro uyushmalar va tashkilotlar, shuningdek xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar ijarachi boʻlishlari mumkin.
Chet el yuridik va jismoniy shaxslarining davlat mulkini ijaraga olishdagi ishtiroki Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Ijara shartnomasi
Tomonlarning ixtiyoriyligi va toʻla teng huquqliligi asosida maʼlum muddatga tuziladigan ijara shartnomasi ijara munosabatlarining yuzaga kelishiga asos boʻladi. Bunda qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanish uchun yerni, boshqa tabiiy resurslarni ijaraga olish uzoq muddatga — kamida 5 yilga moʻljallangan boʻlishi kerak.
Ijara shartnomasi tanlov asosida tuzilishi mumkin.
Ijara shartnomasida:
ijaraga berilayotgan mol-mulkning tarkibi va qiymati, uni ijaraga berish tartibi;
ijara muddati;
ijara haqi shartlari va miqdori, uni toʻlash muddatlari;
ijaraga beruvchi ijarachiga berishi kerak boʻlgan mol-mulkning holati;
ijarachining mol-mulkdan foydalanish shartlari;
shartnomaning amal qilishi toʻxtatilganidan keyin ijarachining mol-mulkni ijaraga beruvchiga qanday holatda va qay tartibda qaytarishi;
Keyingi tahrirga qarang.
ijaraga berilgan mol-mulkni tiklash va taʼmirlash yuzasidan tomonning majburiyati;
toʻla amortizatsiyadan soʻng mol-mulk kimga qarashli boʻlish shartlari;
agar ijaraga olingan mol-mulk keyinchalik sotib olish sharti bilan topshirilayotgan boʻlsa, uni sotib olish shartlari, tartibi va muddati;
ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga berish sharti, tartibi va imkoniyati;
ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga taqdim etadigan axborotning koʻlami va axborotni berish muddatlari;
tomonlarning masʼuliyati koʻzda tutiladi.
Yerni va boshqa tabiiy resurslarni ijaraga olish shartnomasiga tabiiy obyektdan moʻljallangan maqsadga muvofiq holda oqilona foydalanish yuzasidan ijarachining majburiyatlari koʻzda tutilgan qoidalar ham kiritiladi.
Ijara shartnomasida ijaraga beruvchining noishlab chiqarish sohasiga taalluqli mol-mulk obyektlari va ularning qiymati alohida ajratib koʻrsatiladi, tomonlarning ushbu obyektlarga nisbatan majburiyatlari (ularni asrash va saqlab turish) ham aytib oʻtiladi.
Ijara shartnomasiga boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
6-modda. Ijaraga olingan mulkning qiymati
Ijaraga berilayotgan davlat mulkining qiymati — Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijaraga berilayotgan davlatga qarashli boʻlmagan mulkning qiymatini mulkdor belgilaydi.
7-modda. Mol-mulkni ijarachiga berish
Ijaraga beruvchi ijarachiga mol-mulkni u qaysi maqsadga moʻljallagan boʻlsa, shunga mos holatda yoki shartnomada koʻzda tutilgan holatda topshirishi shart.
Ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mulkdan foydalanishga xalaqit berayotgan undagi nuqsonlar uchun, shu jumladan shartnoma tuzish chogʻida aniqlanmagan nuqsonlar uchun ham javobgardir.
Agar ijaraga beruvchi ijaraga berilgan mulkni ijarachiga foydalanish uchun oʻz vaqtida bermagan boʻlsa, ijarachi undan bu mulkni talab qilib olish xamda ijroni kechiktirib yuborganligi oqibatida yetkazilgan zarar oʻrnini qoplashni talab qilishga yoxud shartnomadan voz kechib, shartnomani bajarmaganlik oqibatida oʻziga yetkazilgan zararni undirib olishga haqli.
8-modda. Ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga topshirish
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida va ijara shartnomasida oʻzga shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijarachi ijaraga olingan mol-mulkni, yer va boshqa tabiiy resurslardan tashqari, ijaraga beruvchining ruxsati bilan ikkilamchi ijaraga topshirishga haqlidir. Bunda ijaraga oluvchi shartnomaga muvofiq ijaraga beruvchi oldida javobgar boʻlib qolaveradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Ijaraga berish chogʻida mulkchilik
Mol-mulkni ijaraga berish ana shu mol-mulkka egalik qilish huquqining boshqa kishiga oʻtkazilishiga olib kelmaydi.
Basharti, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijaraga olingan mulkdan foydalanib tayyorlangan mahsulot va olingan daromad, shuningdek ijaraga olingan mol-mulk orqasidan orttirilgan foyda (daromad) evaziga sotib olingan mol-mulk ijarachiga tegishlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijarachining ijaraga olingan yer uchastkasida oʻz mablagʻlari va qarzga olgan mablagʻlari hisobidan qurilishning umumiy qoidalariga rioya qilgan holda zarur ishlab chiqarish va noishlab chiqarish binolari, shu jumladan uy-joy qurish huquqi shartnomada koʻzda tutilgan boʻlishi kerak. Ayni paytda ijara shartnomasining amal qilishi toʻxtatilgach, mazkur binolar va inshootlar kimga tegishli boʻlishi qayd etib qoʻyilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijaraga olingan hududda ijaraga beruvchining ijozati bilan ijarachining mablagʻlariga qurilgan, boshqa joyga koʻchirish mumkin boʻlmagan binolar va inshootlar, ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijaraga beruvchiga tegishli boʻladi. Shartnomaning amal qilish muddati tugaganidan soʻng yoki shartnoma bekor qilinganda ijarachi ularning qiymatini ijaraga beruvchidan qaytarib olishga haqlidir.
Ijaraga olingan hududda ijaraga beruvchining ruxsatisiz ijarachi mablagʻiga qurilgan binolar va inshootlar, basharti ularni koʻchirish mumkin boʻlmasa, ijaraga beruvchiga tegishlidir. Agar ijaraga beruvchi ularni buzib tashlashni talab qilsa, ijarachi ularni oʻz hisobidan buzib tashlashga yoki ularni buzib tashlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga majburdir.
Ijaraga olingan korxonaning mol-mulkida korxona mehnat jamoasining aʼzolari, shu mol-mulkni vujudga keltirish uchun oʻz shaxsiy mehnati bilan, shuningdek pul va boshqa mulkiy badallar bilan qoʻshadigan ulushning miqdori korxona ustavida koʻzda tutilgan shartlar va tartib asosida belgilab qoʻyiladi.
Ijaraga olingan korxona mol-mulkiga mehnat jamoasining aʼzosi qoʻshgan ulushning qiymati boʻyicha korxonaning ustaviga muvofiq qimmatli qogʻozlar berilishi mumkin. Mazkur qimmatli qogʻozlarga mehnat jamoasi ishlab chiqarishning pirovard natijalariga va korxonani rivojlantirish vazifalariga qarab belgilaydigan miqdorda dividendlar toʻlanadi. Qimmatli qogʻozlarning haqiqiy qiymati qogʻoz egalariga korxona ustavida nazarda tutilgan hollarda toʻlanadi.
Korxona ustavida u bilan mehnat munosabatlarini toʻxtatgan mehnat jamoasi aʼzolariga dividendlar toʻlash tartibi va shartlari belgilab qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijaraga olingan korxona ixtiyorida qoladigan foyda (daromad) ijaraga berilgan korxona jamoasining qaroriga muvofiq taqsimlanadi.
10-modda. Ijarachining hisoblaridan pul mablagʻlarini chiqarib tashlash
Ijarachining hisoblaridan pul mablagʻlarini chiqarib tashlash uning koʻrsatmasiga yoki tegishli sudning qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin.
Ijarachining hisoblaridan pul mablagʻlarini muqarrar chiqarib tashlashga faqat Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
11-modda. Ijaraga olingan mulkni yaxshilash
Ijarachi, basharti shartnomada oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijaraga olingan mol-mulk tarkibiga uning qiymatini oshiradigan oʻzgartishlarni mustaqil ravishda kiritish, mol-mulkni rekonstruksiyalash, kengaytirish, texnik jihatdan qayta qurollantirishga haqlidir.
Ijaraga olingan mol-mulk, basharti, ijaraga beruvchining ijozati bilan yaxshilangan boʻlib, ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, shartnomaning amal qilish muddati tugaganidan soʻng yoki shartnoma bekor qilingach, ijarachi ana shu maqsad yoʻlida sarflagan barcha xarajatlari qaytarilishini talab qilish huquqiga egadir.
Ijaraga beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan yaxshilashlar, agar ularni ijaraga berilgan mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlmasa, shartnomaning amal qilish muddati tugagach yoki shartnoma bekor qilingach, ijaraga beruvchiga tekinga oʻtadi.
Ijaraga beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan yaxshilashlarni ijaraga berilgan mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlsa, ijaraga beruvchi ularning tannarxini toʻlashga rozi boʻlmasa, bunday holda ijarachi ularni oʻziga olishi mumkin.
12-modda. Ijara haqi
Ijara haqi ijara shartnomasida tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan belgilanadi, bunda yer va tabiiy resurslar uchun ijara haqi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida koʻrsatilgan tartibda va doirada belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 28-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining XVI boʻlimi (“Yer soligʻi”).
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 28-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining XVI boʻlimi (“Yer soligʻi”).
Oldingi tahrirga qarang.
Ijara haqi ijaraga olingan mol-mulkning egasiga toʻlanadi. Bunda, basharti davlat mol-mulk ijaraga berilgan boʻlsa, ijara haqi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanishi lozim.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-sonli “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
Ijara haqi ijaraga olingan butun mol-mulk uchun yaxlit yoki har bir obyekt boʻyicha alohida-alohida natura, pul yoki aralash shakllarda belgilab qoʻyilishi mumkin. Ijara haqini toʻlash shartlari va muddatlari shartnomada belgilab qoʻyiladi.
Ijara haqi miqdori tomonlarning kelishuviga muvofiq shartnomada koʻzda tutilgan muddatlarda oʻzgartirilishi mumkin. Ijara haqining miqdori markazlashtirilgan tartibda belgilab qoʻyiladigan narx-navo va tariflar oʻzgargan taqdirda hamda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan boshqa hollarda tomonlardan birining talabiga muvofiq muddatidan oldin qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Ijara shartnomasi shartlarini oʻzgartirish, uni bekor qilish va toʻxtatish
Keyingi tahrirga qarang.
Ijara shartnomasi shartlarining oʻzgartirilishiga, uning bekor qilinishiga va toʻxtatilishiga tomonlarning kelishuvi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tomonlarning biri shartnoma shartlarini buzgan taqdirda ikkinchisining talabiga koʻra ijara shartnomasi tegishli sudning qarori bilan bekor qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 382-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1997-yil 2-maydagi “Xususiylashtirilgan turar joylarga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf qilish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida”gi 3-son qarorining 9-bandi,
Ijarachi nogiron boʻlib qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan hollarda shartnomaning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda va shartlarda toʻxtatiladi. Bunday hollarda ijarachining oila aʼzolaridan biri ijara shartnomasi tuzishda ustun huquqqa ega boʻladi. Ijarachi sodir etgan jinoyati uchun kelgusida shartnomani bajara olishiga imkon boʻlmaydigan usulda jazolangan hollarda ham ijara shartnomasi toʻxtatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Ijara shartnomasini davom ettirish
Ijara shartnomasi muddati tugaganidan keyin ham ijarachi ijaraga olingan mulkdan amalda foydalanishni davom ettiraversa hamda ijaraga beruvchi ijara shartnomasi muddati tugaguniga qadar bunga hech qanday eʼtiroz bildirmagan va shartnomada oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, u holda shartnoma xuddi shu muddatga davom ettirilgan hisoblanadi.
Shartnoma muddati tugagach, shartnomadagi oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajargan ijarachi shartnomani qayta tiklashda boshqa shaxslarga nisbatan ustun huquqka ega boʻladi.
15-modda. Ijarachi vafot etgan taqdirda ijara shartnomasi kuchining saqlanib qolishi
Ijarachi vafot etgan taqdirda uning merosxoʻrlaridan biri amal qilib turgan ijara shartnomasi va uning shartlari asosida oʻzini ijarachi deb eʼtirof etishni talab qilish huquqiga egadir.
Amaldagi ijara shartnomasining tuzilishiga vafot etgan ijarachining shaxsiy fazilatlari asos qilib olingan boʻlsa, u holda ijaraga beruvchi merosxoʻrni ijarachi deb eʼtirof etishdan bosh tortishga haqlidir.
16-modda. Mol-mulk boshqa mulkdorga oʻtganda ijara shartnomasi kuchining saqlanib qolishi
Ijaraga olingan mulkka egalik qilish huquqi yoki Oʻzbekiston Respublikasi mulkchilik toʻgʻrisidagi qonunlarida sanab oʻtilgan huquqlar ijaraga beruvchidan boshqa shaxsga oʻtganda ilgari tuzilgan shartnoma, basharti Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa yangi mulk egasiga nisbatan ham oʻz kuchini saqlab qoladi.
Mulk egasi boʻlmagan yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hollarda uning ijaraga beruvchi sifatidagi majburiyatlari va huquqlari, basharti Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, huquqiy vorislarga oʻtadi.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Mulkni ijaraga beruvchiga qaytarish
Ijara shartnomasi toʻxtatilgach, ijarachi mulk, yer va boshqa tabiiy resurslarni shartnomada aytib oʻtilgan holatda ijaraga beruvchiga oʻz vaqtida qaytarishga majburdir.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar ijarachi ijaraga olingan mulkning holatini yomonlashtirgan boʻlsa yoki uni oʻz vaqtida egasiga qaytarmasa, shuning oqibatida yetkazilgan zararni ijaraga beruvchiga toʻlashga majburdir.
18-modda. Ijaraga olingan mulkni sotib olish
Ijarachi ijaraga olingan mulkni ijaraga beruvchining roziligi bilan toʻla yoki qisman sotib olishi mumkin, yer va boshqa tabiiy resurslar bundan mustasnodir. Davlat mol-mulki Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq tarzda sotib olinadi.
Ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish ijarachining oʻz mablagʻlari, shu jumladan ijara sharoitida xoʻjalik faoliyatini olib borishdan kelgan daromadlar, ijarachiga qarashli mol-mulkni sotishdan tushgan pul, shuningdek kreditlar hamda amaldagi qonunlarga zid boʻlmagan usullar bilan qoʻlga kiritilgan boshqa moliyaviy mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish uchun davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanish mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida ijaraga olingan mulkni sotib olish cheklanadigan yoki bunga ruxsat etilmaydigan hollar koʻzda tutilishi mumkin.
19-modda. Sotib olish shartnomasi
Mol-mulkni sotib olish yuzasidan tomonlarning munosabatlari qonunlar va shartnoma bilan tartibga solinadi. Sotib olish shartnomasida:
Keyingi tahrirga qarang.
— sotib olinayotgan mol-mulkning tarkibi va pul (qiymat) bahosi;
— sotib olish shakllari va manbalari;
— sotib olish tartibi va muddatlari;
— sotib olishda uchinchi shaxslarning, jumladan kreditorlarning qatnashuvi;
— kafolatlar va sotib olinayotgan mol-mulkning sifati;
— Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga zid boʻlmagan boshqa qoidalar belgilab qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sotib olish shartnomasi majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, shu jumladan shartnomani bir tomonlama oʻzgartirganlik va bekor qilganlik uchun tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida va sotib olish shartnomasida belgilab qoʻyilgan tarzda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Sotib olish shartnomasini tuzish va uni bajarish chogʻida kelib chiqadigan nizolar tegishli sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
II BOʻLIM. KORXONALARNI IJARAGA OLISH
20-modda. Ijarachilar jamoasini tuzish
Korxona yoki uning tarkibiy birligi (bundan buyon korxona deb yuritiladi) mehnat jamoasi uning asosida ijara korxonasini barpo etish uchun ijarachilar jamoasini tuzishga haqlidir.
Ijarachilar jamoasi va uning boshqaruv idoralarini tuzish toʻgʻrisidagi qaror mehnat jamoasining qaror qabul qilishga vakolati boʻlgan umumiy yigʻilishi (konferensiyasi)da hozir boʻlganlarning uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilinadi.
21-modda. Korxonani ijaraga olish shartnomasini tuzish tartibi
Ijarachilar jamoasi ijara shartnomasi loyihasini ishlab chiqadi va uni korxonani ijaraga berish uchun vakolat olgan idoraga yuboradi. Bu idora shartnoma loyihasini olgach, oʻttiz kunlik muddat ichida uni koʻrib chiqishi va qaror qabul qilishi shart.
22-modda. Ijara korxonasining maqomi
Oldingi tahrirga qarang.
Korxona ijara shartnomasi imzolanganidan, umumiy yigʻilishda (konferensiyada) ustav tasdiqlanganidan keyin ijara korxonasi maqomiga ega boʻladi. Ijara korxonasining ustavida Davlat mulkiga asoslangan ijara korxonalaridan tashqari korxonaning qarzlari boʻyicha ijara jamoasi aʼzolarining mulkiy javobgarligi koʻzda tutilishi kerak.
(22-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrdagi 922-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 329-modda)
Ijara korxonasini tashkil etish, uning faoliyati va uni tugatish “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Ijara korxonasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan va korxona mulkini belgilangan tartibda qabul qilib olgandan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega boʻladi.
Davlat korxonasi ijaraga berilganida u Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi.
Ijaraga olingan korxonaning xoʻjalik faoliyatini ijaraga oluvchi mustaqil yuritadi. Ijara shartnomasi boʻyicha olgan majburiyatlarini bajarish doirasidan tashqarida ijarachi boshqaruvda va oʻz xoʻjalik faoliyatida batamom erkindir. Ijaraga beruvchining ijaraga olingan korxona faoliyatiga aralashishiga, rejalarni, hisobotlarni va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida hamda shartnomada koʻzda tutilmagan boshqa maʼlumotlarni oʻziga berishni talab qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijara korxonasini boshqarish “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va ustavga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-sonli “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
23-modda. Korxonalarni ijaraga olishdagi huquqli vorislik
Ijara korxonasi ijaraga olingan korxonaning mulkiy huquqlari va majburiyatlariga, shu jumladan uning yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish huquqlariga qonuniy voris boʻlib qoladi. Bunda ijaraga beruvchi korxonaning kreditorlik qarzlarini toʻla yoki qisman toʻlashni oʻz zimmasiga olishi mumkin.
Ijarachi davlat korxonasining ana shu korxona shartnomasida koʻzda tutilgan hajmda va muddatda mahsulot (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilish borasidagi majburiyatini bajaradi. Ijaraga beruvchi moddiy resurslar yoki ularga oid limitlarni (fondlarni) ijarachiga topshiradi, shuningdek ana shu majburiyatlarning bajarilishini taʼminlaydigan boshqa zarur choralarni koʻradi. Ijaraga beruvchining oʻz majburiyatlarini bajarmasligi ijarachining zimmasidan tegishli majburiyatlarni soqit qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijara korxonasi ijaraga olingan davlat korxonasi uchun belgilangan hajmda markazlashtirilgan kapital mablagʻ va dotatsiya olish huquqini saqlab qoladi. Ana shu mablagʻlar evaziga yaratilgan mol-mulk davlat mulki hisoblanadi hamda ijaraga beriladigan mulk tarkibiga kiritilmogʻi darkor.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijarachi uchun keragidan ortiqcha boʻlgan korxonalar, obyektlar va mol-mulkni ijaraga olishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
24-modda. Korxonalar va ularning mulkiy komplekslarini ijaraga tanlov asosida berish
Korxonalarni va ularning mulkiy komplekslarini ijaraga olish yuzasidan tanlov tegishli mulkni ijaraga berish huquqi boʻlgan mulkdor yoki u vakolat bergan idora tomonidan eʼlon qilinadi.
Tanlovda korxonalarning, ular tarkibidagi boʻlinmalarning mehnat jamoalari, mazkur korxonada band boʻlmagan xodimlarni ham oʻz ichiga oladigan aralash jamoalar hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etishi mumkin.
Boshqa shartlar bir xil boʻlgan taqdirda korxona yoki uning boʻlinmasini ijaraga olishda ularning mehnat jamoalari ustun huquqka ega boʻladi.
25-modda. Davlat korxonasi qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan hollarda uni ijaraga olish
Davlat mulkini idora etish vakolati berilgan davlat idorasi davlat korxonasini qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda mehnat jamoasi korxonani ijaraga berishni talab qilishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
26-modda. Korxona boʻlinmasining mulkini ijaraga olish asosida ijara korxonasini barpo etish
Korxonalarning ishlab chiqarishlari, sexlari, boʻlinmalari, fermalari va boshqa boʻlinmalari mulkini ijaraga olish asosida oʻsha boʻlinmaning roziligi bilan ishchilarning oʻzlari, oʻzga jamoalar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan korxonani ijaraga berish vakolati boʻlgan idoraning qaroriga koʻra ijara korxonasi barpo etilishi mumkin.
Ijara shartnomasi mulkining bir qismini ijaraga topshirayotgan korxona bilan tuziladi.
Bunday ijara korxonasi amaldagi qonunlarga muvofiq roʻyxatga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
27-modda. Xoʻjalik ichidagi ijara pudrati
Korxona oʻz boʻlinmalarining xodimlariga mol-mulkni xoʻjalik ichidagi ijara pudrati shaklida ijaraga berishi mumkin.
Korxona bilan ana shunday ijarachi jamoa oʻrtasidagi munosabatlar shartnomada belgilanadi.
Yer va boshqa tabiiy resurslarni xoʻjalik ichida ijaraga olish Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va shartnoma bilan tartibga solib turiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28-modda. Jamoat birlashmalari va tashkilotlariga qarashli mulk asosida ijara korxonalarini barpo etish
Jamoat birlashmalari, tashkilotlari oʻzlari belgilaydigan va ushbu Qonunda koʻzda tutilgan shartlar asosida oʻz korxonalarini va ularning boʻlinmalarini ijaraga berishga haqlidirlar.
III BOʻLIM. MULKNING FUQAROLAR TOMONIDAN IJARAGA OLINISHI
29-modda. Ijarachilarning yakka tartibda yoki guruh boʻlib ijaraga olishdagi huquqlari
Ijarachilar yakka tartibda yoki guruh boʻlib ijaraga olganda ushbu Qonunda va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan huquqlarga ega boʻladilar.
30-modda. Yakka tartibda yoki guruh boʻlib ijaraga olish sharoitida mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslarni ijtimoiy sugʻurtalash va ijtimoiy taʼminlash
Yakka tartibda yoki guruh boʻlib ijaraga olish sharoitida mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslar ishchi va xizmatchilar bilan bir qatorda ijtimoiy sugʻurta qilinishi va ijtimoiy jihatdan taʼminlanishi kerak.
Ijarachilarning sugʻurta badallari toʻlab turilgan davr mobaynidagi ishi ularning mehnat stajiga qoʻshiladi.
IV BOʻLIM. NIZOLARNI HAL QILISH, IJARA MUNOSABATLARI, SUBYEKTLARINING JAVOBGARLIGI
31-modda. Nizolarni hal etish
Ijara shartnomasini tuzish, bajarish va toʻxtatish masalalari yuzasidan ijarachilar bilan ijaraga beruvchilar oʻrtasidagi nizolar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda tegishli sud tomonidan hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
32-modda. Ijara munosabatlari subyektlarining javobgarligi
Quyidagi hollarda:
Shartnoma tuzish tartibi va shartlarini buzishda;
Shartnoma majburiyatlarini bajarmaslikda;
Shartnomani bir tomonlama oʻzgartirishda yoki bekor qilishda;
Shartnomani oʻzgartirish va toʻxtatish tartibi hamda shartlarini buzishda aybdor boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar, davlat idoralarining mansabdor shaxslari qonunlarda belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida ijara toʻgʻrisidagi qonunlarni oʻzgacha tarzda buzganlik uchun ham javobgarlik koʻzda tutilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻzlari yetkazgan zararni, shu jumladan boy berilgan foydani Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda jabrlanuvchiga toʻlashlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijarachi ijaraga olingan korxonaning qarzlari boʻyicha:
oʻz mol-mulki bilan (davlat mulkiga asoslangan ijara korxonalari uchun);
oʻz mol-mulki hamda ijarachi jamoa aʼzolarining shaxsiy mol-mulki bilan (jamoa mulkiga, xususiy mulkka asoslangan ijara korxonalari uchun, shuningdek yakka tartibda yoki guruh boʻlib ijara sharoitida mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslar uchun), ular yetarli boʻlmagan taqdirda esa — Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilanadigan tartibda va hajmlarda javobgar boʻladi.
(32-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrdagi 922-XII-sonli Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 329-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 19-noyabr,
427-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 1-son, 45-modda; 1993-y., 9-son, 329-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son; 19.03.2024-y., 03/24/922/0224-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)