toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 20.12.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARINI DAVLAT ROʻYXATIDAN OʻTKAZISh TARTIBINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1017-sonli “Ommaviy axborot va kommunikatsiyalar sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”, “Axborot olish prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, shuningdek ommaviy axborot vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish, ularning mustaqil rivojlanishi uchun kafolatlar yaratish, axborot olish erkinligi prinsiplariga rioya etilishini taʼminlash, har bir kishining axborotni erkin va toʻsqinliksiz tarqatish va undan foydalanish huquqini roʻyobga chiqarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi (B. Alimov) uch oy muddatda ommaviy axborot vositalarining taʼsis hujjatlarini xatlovdan oʻtkazsin, ularni amaldagi qonun hujjatlariga va ilova qilinayotgan Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiqlashtirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” 2003-yil 30-sentabrdagi 418-son qarori va unga ilova (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 9-son, 93-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 11-oktabr,
214-son
Vazirlar Mahkamasining
2006-yil 11-oktabrdagi 214-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ommaviy axborot vositasi deyilganda ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega boʻlgan hamda bosma tarzda (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) va (yoki) elektron tarzda (tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, umumfoydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlaridagi veb-saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan (bundan buyon matnda chiqariladigan deb yuritiladi) shakli hamda axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari tushuniladi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan ommaviy axborot vositalariga quyidagilar kiradi:
davriy bosma nashrlar (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar va boshqalar);
tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, axborot agentliklari;
mahsulotlari Internet global tarmogʻi orqali tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar);
asosan bolalar, oʻsmirlar, nogironlar uchun moʻljallangan, shuningdek taʼlim va madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi ommaviy axborot vositalari (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar);
reklama xususiyatiga ega boʻlgan ommaviy axborot vositalari (reklama tarqatishga ixtisoslashgan gazetalar, jurnallar, bukletlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar);
ommaviy axborot vositalarining boshqa turlari (elektron tarzda tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari mahsulotlari va boshqalar).
Ommaviy axborot vositalari mahsuloti deyilganda davriy bosma nashrning alohida soni, adadi yoki adadining bir qismi, yoxud tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarning va ommaviy axborotni davriy tarqatish boshqa elektron turlarining alohida soni tushuniladi.
Ommaviy axborot vositasi tahririyati deyilganda ommaviy axborot vositasini chiqaruvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxsning tarkibiy boʻlinmasi tushuniladi.
Reklama xususiyatiga ega boʻlgan ommaviy axborot vositasi deyilganda davriy bosma nashr alohida soni hajmining 40 foizidan, tele-, radio dasturlarda eshittirish va koʻrsatuv har bir soatining 10 foizidan koʻprogʻini reklama xabarlari tashkil qiladigan ommaviy axborot vositasi tushuniladi.
Ommaviy axborot vositalari muassislari deyilganda ommaviy axborot vositasini taʼsis etgan, uni yaratish va chiqarish vazifalarini oʻz zimmasiga olgan, shuningdek tahririyatni tashkil etgan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi tushuniladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-apreldagi 68-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 14-son, 141-modda)
II. Oʻzbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi
3. Ommaviy axborot vositalari ushbu Nizomning 10-bandiga muvofiq Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ deb yuritiladi) tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
4. Ommaviy axborot vositalarini (mahsulotlari global Internet tarmogʻi orqali tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari bundan mustasno) davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun muassis yoki uning tomonidan vakil qilingan shaxs roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga 1-ilovaga muvofiq shaklda ariza beradi.
Mahsulotlari global Internet tarmogʻi orqali tarqatiladigan ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun muassis yoki uning tomonidan vakil qilingan shaxs roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga 2-ilovaga muvofiq shaklda ariza beradi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-apreldagi 68-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 14-son, 141-modda)
5. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
tahririyat toʻgʻrisidagi nizomning nusxasi — ommaviy axborot vositasi tahririyati yuridik shaxs boʻlmagan hollarda;
davlat bojining belgilangan miqdori toʻlanganligi toʻgʻrisida bankning toʻlov hujjati.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda oʻzaro axborot hamkorligi yoʻli bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi, davlat bojining belgilangan miqdori toʻlanganligi toʻgʻrisida bankning toʻlov hujjati bundan mustasno.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
6. Ommaviy axborot vositasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi uchun ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq stavkalar boʻyicha davlat boji undiriladi.
Ommaviy axborot vositalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalari tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi uchun ushbu Nizomga 3-ilovada koʻrsatilgan davlat bojining 70 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.
Ommaviy axborot vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi va qayta roʻyxatdan oʻtkazilganligi uchun undiriladigan davlat bojining 50 foizi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ hisob raqamiga, qolgan qismi — Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hisob raqamiga oʻtkaziladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
7. Ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza ariza roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan koʻrib chiqilgunga qadar qaytarib olingan taqdirda muassis toʻlangan davlat boji summasini oʻn kun mobaynida qaytarib olish huquqiga ega.
Ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilgan taqdirda toʻlangan davlat boji summasi qaytarilmaydi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
8. Hujjatlar muassis yoki uning vakolatli shaxsi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga bevosita yoxud olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning masʼul xodimi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ hujjatlar olingandan keyin uch kun muddatda ularning nusxalarini Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markaziga yuboradi, Markaz oʻz navbatida oʻn kun muddatda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish yuzasidan xulosa berishi shart.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
9. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ ariza bilan birga barcha zarur hujjatlar olingan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq Sxemaga binoan koʻrib chiqiladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-apreldagi 68-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 14-son, 141-modda)
10. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi:
asosiy qismi Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida, uning tashqarisida, ikki yoki undan koʻp viloyatlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri) hududlarida tarqatish uchun moʻljallangan davriy bosma nashrlarni;
Axborot faoliyati va maʼlumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiyaning qaroriga muvofiq — tele-, radiodasturlarni;
axborot agentliklarini;
mahsulotlari elektron tarzda tarqatiladigan boshqa ommaviy axborot vositalari turlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalari asosiy qismi bitta viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri) hududida tarqatish uchun moʻljallangan davriy bosma nashrlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazadi.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Ommaviy axborot vositalarining yagona reyestrini yuritadi.
11. Ommaviy axborot vositasi uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma berilgandan keyin davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Ommaviy axborot vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazish ommaviy axborot vositasi taʼsis hujjatlariga, shuningdek muassis toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va hujjatlarga, nomiga, tiliga, turiga, maqsad va vazifalariga hamda ommaviy axborot vositasi ixtisoslashuviga oʻzgartirish kiritilganda amalga oshiriladi. Qolgan hollarda muassis yoki tahririyat bir oy muddatda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni yozma ravishda xabardor qilishlari kerak.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-apreldagi 68-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 14-son, 141-modda)
13. Yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma oʻrniga muassisning arizasiga koʻra uning dublikati berilishi mumkin.
14. Ommaviy axborot vositalari qayta roʻyxatdan oʻtkazilganligi uchun davlat roʻyxatidan oʻtkazishda nazarda tutilgan davlat boji summasining ellik foizi miqdorida davlat boji undiriladi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma dublikati berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
15. Davriy bosma nashrlar ilovalar bilan chiqarilishi mumkin. Bunda ilovalarda ular ilovasi boʻlgan asosiy davriy bosma nashrning nomi koʻrsatilishi lozim.
Davriy bosma nashrning alohida nomga ega boʻlgan ilovalariga mustaqil ommaviy axborot vositasi sifatida qaraladi va ular umumiy asoslarda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
16. Ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda va qayta roʻyxatdan oʻtkazishda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi xulosasini hisobga oladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Ijobiy qaror chiqarilgan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ qaror qabul qilingandan keyin bir hafta muddatda ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha ommaviy axborot vositasining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani rasmiylashtiradi va beradi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-apreldagi 68-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 14-son, 141-modda)
18. Ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan hollarda rad etilishi mumkin.
19. Ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ qaror qabul qilingandan keyin oʻn kun mobaynida ariza beruvchiga rad etish sabablari hamda ariza beruvchi koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma bildirishnoma yuboradi.
Hujjatlarni qayta koʻrib chiqishda ilgari davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar ariza beruvchi tomonidan bartaraf etilgan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ barcha hujjatlar bilan birga ariza olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda hujjatlarni qayta koʻrib chiqadi. Ariza qayta koʻrib chiqilganligi uchun davlat boji undirilmaydi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishning rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
21. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
III. Ommaviy axborot vositasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, guvohnomani haqiqiy emas deb hisoblash
22. Ommaviy axborot vositasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, guvohnomani haqiqiy emas deb hisoblash “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
IV. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasdan axborot tarqatish tartibi
23. Quyidagilar:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan faqat ularning rasmiy xabarlari va materiallarini, normativ-huquqiy hujjatlarini eʼlon qilish uchun taʼsis etiladigan ommaviy axborot vositalari;
korxona, muassasa, tashkilot (shu jumladan oʻquv va ilmiy muassasa)ning oʻz ehtiyojlarini qondirish uchun tiraji yuz nusxagacha boʻlgan davriy bosma nashrlari;
tarqatilishi bir korxona, muassasa, tashkilot (shu jumladan oʻquv va ilmiy muassasa)ning binosi va (yoki) hududi bilan cheklangan kabel tarmoqlar orqali uzatiladigan tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, audiovizual xabarlar va materiallar;
uchun davlat roʻyxatidan oʻtkazish talab qilinmaydi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-apreldagi 68-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 14-son, 141-modda)
V. Yakunlovchi qoidalar
24. Davriy bosma nashrlar shaklida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ommaviy axborot vositalari tahririyatlari noshirlar bilan tuziladigan shartnomalarda oʻz mahsuloti majburiy nazorat nusxalarining roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq boshqa tashkilotlar va muassasalarga yuborilishini nazarda tutishlari kerak.
25. Ushbu Nizomni buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga
‎______________ tomonidan


‎Ariza

“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2006-yil 11-oktabrdagi 214-son qaroriga muvofiq “__________________”ni ommaviy axborot vositasi (keyingi oʻrinlarda OAV deb ataladi) sifatida roʻyxatdan oʻtkazishingizni soʻrayman.


‎Muassis (muassislar): _________________________________________________________
(OAV muassisi (muassislari)ning toʻliq nomi yoki F.I.O.)
OAV nomi va turi: _____________________________________________________________
(OAVning toʻliq nomi va turi)
OAV tili: ____________________________________________________________________
(OAV chiqariladigan (eshittiriladigan) til)
Maqsadi va vazifalari: _________________________________________________________
(maqsadi va vazifalari qisqacha bayon qilinadi)
Ixtisoslashuvi: _______________________________________________________________

(OAV faoliyatining asosiy yoʻnalishlari (maʼnaviy-maʼrifiy,

____________________________________________________________________________

ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-amaliy, iqtisodiy, axborot va boshqalar)

Tarqatish hududi: ______________________________________________________________
(OAV tarqatiladigan hudud)
Davriyligi: __________________________________________________________________

(bir hafta, oy va boshqalar mobaynida chiqarish soni yoki eshittirish soati)

Moliyalashtirish manbai: _______________________________________________________

(moliyalashtirishning asosiy manbalari)

Tahririyat joylashgan joy
‎(pochta manzili): _______________________________________________________________

(tahririyatning yuridik (pochta) manzili — shahar, tuman, koʻcha, uy (kvartira)

Tahririyat toʻgʻrisidagi
‎boshqa maʼlumotlar: ___________________________________________________________

(tahririyat toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar, shu jumladan

____________________________________________________________________________

telefon, faks, elektron pochta manzili)

Hajmi: ______________________________________________________________________

(bosma nashr tiraji, formati va betlar soni, tele-, radiodasturlar bir

____________________________________________________________________________

kunda eshittiriladigan soat) ‎‎

‎‎
‎Muassis yoki tahririyat boshqa qaysi ommaviy axborot vositalariga muassis, ishonchli boshqaruvchi, noshir, tarqatuvchi (barcha affillangan shaxslar va har bir shaxsning tahririyat ustav fondidagi ulushi miqdorlari koʻrsatilgan holda) hisoblanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham koʻrsatilishi lozim. Agar bunday holat boʻlmasa boshqa ommaviy axborot vositalari faoliyatida ishtirok etmasligi koʻrsatilishi kerak.



‎‎
Muassis
‎(Rahbar lavozimi)


‎‎

‎‎‎___________ ‎
(imzo)




‎_______________________________
‎(F.I.Sh.)


(muhr oʻrni)

________________________
‎(imzolangan sana)

Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga
‎______________ tomonidan


‎Ariza

“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2006-yil 11-oktabrdagi 214-son qaroriga muvofiq umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlaridagi “______________” veb-sayt (portal)ni ommaviy axborot vositasi (keyingi oʻrinlarda OAV deb ataladi) sifatida roʻyxatdan oʻtkazishingizni soʻrayman.


‎Muassis (muassislar): _________________________________________________________
(OAV muassisi (muassislari)ning toʻliq nomi yoki F.I.O.)
OAV nomi: ___________________________________________________________________
(OAVning toʻliq nomi)
OAV tili: ____________________________________________________________________
(OAV chiqariladigan (eshittiriladigan) til)
Maqsadi va vazifalari: _________________________________________________________
(maqsadi va vazifalari qisqacha bayon qilinadi)
Ixtisoslashuvi
‎(yoʻnalishi): __________________________________________________________________

(OAV faoliyatining asosiy yoʻnalishlari (maʼnaviy-maʼrifiy,

____________________________________________________________________________

ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-amaliy, iqtisodiy, axborot va boshqalar)

Domen (internet-resurs) nomi: ___________________________________________________

(OAV mahsuloti tarqatiladigan domen (internet-resurs)ning

____________________________________________________________________________

muassis (egasi) yoki vakil qilingan shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan nomi)

Joylashtiriladigan axborotni
‎yangilash davriyligi: ___________________________________________________________

(joylashtiriladigan axborotni bir kunda, bir haftada, bir oyda yangilash soni)

Moliyalashtirish manbai: _______________________________________________________

(moliyalashtirishning asosiy manbalari)

OAV chiqarilishi uchun
‎masʼul shaxslar (tahririyat)
‎toʻgʻrisidagi maʼlumotlar: _______________________________________________________

(yashash joyi (tahririyat joylashgan joy, pochta manzili),

____________________________________________________________________________

telefon, faks, elektron pochta manzili)


‎Muassis yoki tahririyat boshqa qaysi ommaviy axborot vositalariga muassis, ishonchli boshqaruvchi, noshir, tarqatuvchi (barcha affillangan shaxslar va har bir shaxsning tahririyat ustav fondidagi ulushi miqdorlari koʻrsatilgan holda) hisoblanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham koʻrsatilishi lozim. Agar bunday holat boʻlmasa boshqa ommaviy axborot vositalari faoliyatida ishtirok etmasligi koʻrsatilishi kerak.



‎‎
Muassis
‎(Rahbar lavozimi)


‎‎

‎‎‎___________ ‎
(imzo)




‎_______________________________
‎(F.I.Sh.)


(muhr oʻrni)

________________________
‎(imzolangan sana)

(nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-apreldagi 68-son qarori asosida 1, 2-ilovalar bilan toʻldirildi — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 14-son, 141-modda)
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Ommaviy axborot vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi uchun davlat boji stavkalari
(3-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)

Ommaviy axborot vositasi turi‎‎

Davlat boji miqdori‎‎

Davriy bosma nashrlar (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, ‎byulletenlar, almanaxlar va boshqalar)‎‎ Eng kam oylik ish haqining ‎12,5 baravari ‎miqdorida
Tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, axborot agentliklari‎‎ Eng kam oylik ish ‎haqining 15 baravari ‎miqdorida‎ ‎
Mahsulotlari Internet global tarmogʻi orqali tarqatiladigan ommaviy ‎axborot vositalari (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, ‎almanaxlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar)‎‎ Eng kam oylik ish ‎haqining 50 foizi ‎miqdorida ‎ ‎
Asosan bolalar, oʻsmirlar, nogironlar uchun moʻljallangan, shuningdek ‎taʼlim va madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi ommaviy axborot vositalari ‎(gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar, tele-, ‎radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar)‎ ‎ Eng kam oylik ish ‎haqining 2,5 baravari ‎ miqdorida‎ ‎
Reklama xususiyatiga ega boʻlgan ommaviy axborot vositalari (reklamaga ‎ixtisoslashgan gazetalar, jurnallar, bukletlar, tele-, radio-, video-, ‎kinoxronikal dasturlar va boshqalar)‎ ‎ Eng kam oylik ish ‎haqining 25 baravari ‎miqdorida‎ ‎
Ommaviy axborot vositalarining boshqa turlari (elektron tarzda ‎tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari mahsulotlari va boshqalar)‎ ‎ Eng kam oylik ish ‎haqining 12,5 ‎baravari miqdorida‎
(3-ilova matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-apreldagi 68-son qarori bilan 4-ilova hisoblangan — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 14-son, 141-modda)
Ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish sxemasi
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
5-ILOVA
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-apreldagi 68-son qarori bilan 5-ilova hisoblangan — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 14-son, 141-modda)

‎‎


‎Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi ‎‎


‎‎‎Ommaviy axborot vositasi davlat roʻyxatidan
‎oʻtkazilganligi toʻgʻrisida

‎‎GUVOHNOMA


‎№ _____‎

Nomi ______________________________________________________________________________‎‎
‎‎Tarqatish shakli _____________________________________________________________________
(gazeta, jurnal va boshqalar)‎

‎‎‎Til(lar)i __________________________________________________________________________
‎‎Muassis(lar)i ______________________________________________________________________
‎__________________________________________________________________________________
‎‎Ixtisoslashuvi ______________________________________________________________________
___________________________________________________________________________________
Tahririyat manzili ___________________________________________________________________
___________________________________________________________________________________
Tarqatish hududi _____________________________________________________________________
‎___________________________________________________________________________________‎


‎‎‎Berilgan sanasi ______________________
‎‎
‎Roʻyxatdan oʻtkazuvchi
organ rahbari _____________________________________________

‎‎‎Ushbu guvohnoma “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq berilgan.
‎‎
‎Oʻzbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq jinoiy, maʼmuriy, intizomiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining
2006-yil 11-oktabrdagi 214-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Chastota spektridan foydalanish, teleradiodasturlarni shakllantirish va tarqatish hamda maʼlumotlar uzatish samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1998-yil 10-iyuldagi 293-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1998-y., 7-son, 26-modda):
a) 2-bandning beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“teleradioeshittirish va telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan foydalangan holda maʼlumotlar uzatishga maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar)ni rasmiylashtirish ishlarini tashkil etish”;
b) 6-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda teleradiodasturlarni ommaviy axborot vositalari sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazadi va ularni Yagona davlat reyestriga kiritadi”;
6-bandning beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“teleradioeshittirish va telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan foydalangan holda maʼlumotlar uzatishga maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar)ni rasmiylashtirish ishlarini tashkil etish”;
toʻrtinchi xatboshidagi “televideniye (kabelli, efir-kabelli televideniye), radioeshittirish, elektron-axborot aloqasi sohasida faoliyat koʻrsatuvchi tuzilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish” soʻzlari chiqarib tashlansin;
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“litsenziya bitimlari shartlariga va elektron ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni tashkil etadi”;
9-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda teleradiodasturlarni ommaviy axborot vositalari sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazadi va ularni Yagona davlat reyestriga kiritadi”;
ilova nomidagi “Davlat roʻyxatidan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish)” soʻzlari chiqarib tashlansin;
1-banddagi “davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan oʻtkazish)” soʻzlari chiqarib tashlansin;
2-banddagi “Davlat roʻyxatidan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) hamda” soʻzlari chiqarib tashlansin;
3-banddagi “davlat roʻyxatidan oʻtkazish va” soʻzlari chiqarib tashlansin;
4-band matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Faoliyat turiga litsenziya olish uchun xoʻjalik yurituvchi subyekt Axborot faoliyati va maʼlumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiya huzuridagi ishchi guruhga litsenziya olish uchun qonun hujjatlarida belgilangan roʻyxat boʻyicha hujjatlarni topshiradi”;
5-banddagi “Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
6-banddagi “Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
8-bandning birinchi xatboshidagi “bir hafta muddatda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beradi va davlat reyestriga kiritadi” soʻzlari “qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi va uni davlat reyestriga kiritadi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
9 va 10-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Teleradioeshittirish sohasida chastota spektridan samarali foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 20-dekabrdagi 592-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 12-son, 109-modda) bilan tasdiqlangan Radiochastotalarni tanlov yoʻli bilan taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 22-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“22. Imzolangan protokol asosida Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi”;
“Tadbirlar” ustuni beshinchi pozitsiyasining 1-bandi matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda murojaat qiladi”;
“Bajarish muddatlari” ustunining beshinchi pozitsiyasidagi “5 kun mobaynida” soʻzlari “gʻolibning ixtiyoriga koʻra” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Tadbirlar” ustuni oltinchi pozitsiyasining 1-bandi matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi”;
“Bajarish muddatlari” ustunining oltinchi pozitsiyasidagi 1 bandidagi “uch kun muddatda” soʻzlari “bir oy muddatda” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Matbuot, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar sohasida boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2005-yil 16-avgustdagi 200-son qaroriga 6-ilova (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 8-son, 46-modda) 1-bandi “e” kichik bandining oltinchi va yettinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 41-son, 415-modda; 2007-y., 14-son, 141-modda; 2009-y., 10-11-son, 115-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda; 2013-y., 34-son, 458-modda; 2015-y., 1-son, 9-modda, 26-son, 338-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)