1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.02.00 Vazirliklar;
2.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.02.00 Mehnat sohasidagi boshqaruv]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VAZIRLIGI MASALALARI
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 11-martdagi 127-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tizimidagi organlar faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan
Oʻzbekiston SSR Prezidentining “Oʻzbekiston SSR Davlat mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasini OʻzSSR Mehnat vazirligiga aylantirish toʻgʻrisida” 1991-yil 5-maydagi Farmoniga muvofiq respublikaning nufuziy oʻziga xosliklari, aholini ijtimoiy himoya qilish va uning ish bilan bandligi, mehnat unumdorligi sabablarining kuchayishi va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish bilan bogʻliq muammolarni hal qilishga katta ahamiyat berib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston SSR Davlat mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vazirligiga aylantirilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining asosiy vazifalari qilib belgilansin:
aholini ijtimoiy himoya qilish choralarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etish;
bozor munosabatlarining shakllanishi jarayonida mehnat va unga haq toʻlash sohasida yagona umumdavlat siyosatini oʻtkazish;
mehnatga yaroqli aholining ish bilan oqilona band boʻlishiga erishish;
mehnat bozorining ahvolini oʻrganish va oldindan koʻra bilish, ishchi kadrlarni oʻz vaqtida tayyorlash va malakasini oshirish, ishdan boʻshaydigan xodimlarni kasbga yoʻnaltirish va qayta kasbga oʻrgatish;
respublika hududida ishga joylashtirishning (mehnat birjalari) mehnatga yaroqli aholini hisobga olishning, ularni ishga joylashtirish va ijtimoiy yordam koʻrsatishning yagona tizimini tashkil etish;
mehnat muammolariga sifat jihatidan yangicha yondashuvlarni amalga oshirish, uni tashkil etish va ragʻbatlantirishning ilgʻor shakllarini rivojlantirish, ishlab chiqarishda mehnat shartlari va mehnat qonunlariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini oʻtkazish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq vazirlikning markaziy apparati tuzilishi 2-ilovaga muvofiq va asosiy tashkilotlarning roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vaziriga belgilangan xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida vazirlik markaziy apparati tuzilishiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi markaziy apparati xodimlarining oʻrni 169 kishidan iborat qilib, mehnatga haq toʻlash yillik fondi 1080,0 ming soʻm miqdorida belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vaziriga vazirning 4 nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat etilsin. Belgilab qoʻyilsinki, vazirning oʻrinbosarlaridan biri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat ish bilan bandlik xizmatining rahbari hisoblanadi.
Vazirlik hayʼati aʼzolari soni 9 kishidan iborat qilib belgilansin. Belgilab qoʻyilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi mehnat vaziri lavozimiga koʻra hayʼat tarkibiga kiradi.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasini Qoraqalpogʻiston Respublikasining Mehnat vazirligiga aylantirish, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga ijroqoʻmlarning mehnat va ijtimoiy masalalar boshqarmalarini mehnat, ish bilan bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari qilib qayta tashkil etish tavsiya qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi ikki hafta muddat ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat vazirligi va koʻrsatilgan boshqarmalarning tuzilishi, vazifalari va xodimlari soni boʻyicha tavsiyalarni tayyorlasin hamda xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga yuborsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyat va Toshkent shahar mehnat, ish bilan bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari huzurida ishchi kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ishdan boʻshaydigan xodimlarni kasbga yoʻnaltirish va qayta kasbga oʻrgatish markazlari;
shaharlardagi aholining ish bilan bandligi xizmatlari va aholini ishga joylashtirish byurolari negizida mehnat birjalari tuzilsin, xalq deputatlari qishloq va posyolka Kengashlarining aholining ish bilan bandligini hisobga olish va tashkil etish boʻyicha inspektorlari ularning tarkibiga berilsin hamda ular tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi mehnat vazirligiga, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari ijroiya qoʻmitalarining mehnat, ish bilan bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish boshqarmalariga boʻysundirilsin;
SSSR Davlat mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi Mehnat ilmiy-tadqiqot institutining Oʻzbekiston boʻlimi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining Oʻzbekiston mehnat va ijtimoiy masalalar ilmiy-tadqiqot instituti;
Oʻzbekiston kadrlarni ishga joylashtirish, qayta kasb oʻrgatish va kasbga yoʻnaltirish respublika markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining ishchi kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, boʻshab qoladigan xodimlarni kasbga yoʻnaltirish va kasbga qayta oʻrgatish respublika metodik markazi;
Respublika yoshlarni kasbga yoʻnaltirish markazi, Toshkent, Samarqand shaharlari va Uchkoʻprik rayon kasbga yoʻnaltirish markazlari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining Oʻzbekiston sotsiologik tadqiqotlar respublika markazi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat ish bilan bandlik xizmati;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining alohida axborot-hisoblash markazi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi ish bilan bandlik jamgʻarmasining ijroiya direksiyasi;
Mehnat sharoitlarini davlat ekspertiza (tekshiruvi)dan oʻtkazish Respublika markaziy laboratoriyasi tuzilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari ijroiya qoʻmitalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ishchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ishdan boʻshab qoladigan xodimlarni kasbga yoʻnaltirish va qayta kasbga oʻrgatish markazlariga har bir viloyat markazidagi, Nukus va Toshkent shaharlaridagi bittadan hunar-texnika bilim yurtini tegishli moliya, moddiy-texnika resurslari, transporti, ish haqi fondi hamda amaldagi normativga muvofiq xodimlar soni bilan birgalikda bersinlar.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi ijroiya qoʻmitalari:
tuziladigan mehnat organlarini bir oy muddat ichida zarur joylar, transport, mebel, hisoblash texnikasi bilan taʼminlasinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi bilan birgalikda kadrlar safini tajribali va malakali mutaxassislar bilan tubdan mustahkamlash choralarini amalga oshirsinlar.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 29-sentabrdagi 453-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan).
11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi bir oy muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining hisob-kitoblariga muvofiq budjetdan ajratilgan pullarni, ish haqi fondini, kapital mablagʻlar, moddiy-texnika resurslari va transportni ajratib bersin
12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat televideniye va radioeshittirish qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va uning joylardagi idoralarining buyurtmalariga muvofiq ish bilan bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish muammolarini muntazam yoritib borsinlar.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi ijroiya qoʻmitasi bilan birgalikda vazirlik apparatini va uning respublika idoralarini joylashtirish masalalarini bir oy ichida hal qilsin.
14. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSR Davlat mehnat va ijtimoiy taʼminot qoʻmitasini qayta tashkil etish masalalari” xususida 1989-yil 3-noyabrdagi 361-son va “Oʻzbekiston SSR Davlat mehnat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni, ushbu qoʻmitaning tuzilishini va markaziy apparati xodimlari sonini tasdiqlash haqida” 1985-yil 31-oktabrdagi 549-son qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vaziri oʻrtoq A. R. Otajonovga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vitse-Prezidenti Sh. MIRSAIDOV
Toshkent sh.,
1991-yil 10-oktabr,
253-son
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-oktabrdagi 253-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi* davlat boshqaruvining respublika ijtimoiy-iqtisodiy organi hisoblanadi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi. Ittifoq organi bilan oʻziga respublika tomonidan berilgan vakolatlar doirasida hamjihatlikni amalga oshiradi.
* keyingi oʻrinlarda “vazirlik” deb ataladi.
2. Vazirlikning bosh vazifalari quyidagilardan iborat:
aholini ijtimoiy himoya qilish choralarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etish;
bozor munosabatlari shakllanishi sharoitlarida mehnat va unga haq toʻlash sohasida yagona umumdavlat siyosatini oʻtkazish;
mehnatga layoqatli aholining oqilona band boʻlishiga erishish;
mehnat bozorining ahvolini oʻrganish va oldindan koʻra bilish, oʻz vaqtida ishchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, boʻshab qoladigan xodimlarni kasbga yoʻnaltirish va ularga qayta kasb oʻrgatish;
respublika hududida ishga joylashtirishning (mehnat birjalari), ish bilan band boʻlmagan mehnatga yaroqli aholini hisobga olishning, ularni oʻz vaqtida ishga joylashtirish va ijtimoiy yordam koʻrsatishning yagona tizimini tashkil etish;
mehnat muammolariga sifat jihatidan yangicha yondashuvlarni amalga oshirish, uni tashkil etish va ragʻbatlantirishning ilgʻor shakllarini rivojlantirish, ishlab chiqarishda mehnat shartlari va mehnat qonunlariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini yoʻlga qoʻyish.
3. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ aktlarga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi iqtisodiy organlar bilan hamjihatlikda oʻz faoliyatini respublika vazirliklari, idoralari, konsernlari va uyushmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari ijroiya qoʻmitalari bilan koʻproq boshqaruvning iqtisodiy usullaridan foydalanib amalga oshiradi.
ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasidagi barcha asosiy masalalarni hal qilishda mulkdorlarning manfaatlarini ifodalovchi kasaba uyushmalari organlari bilan doimiy hamkorlikni amalga oshiradi.
5. Vazirlik oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
respublika hududida xalqning turmush darajasini oshirish boʻyicha umumdavlat tadbirlarini, mehnatga haq toʻlash, ish bilan bandlik, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi umumittifoq va respublikalararo dasturlarni roʻyobga chiqarishni tashkil etadi;
eng oz isteʼmol budjetini, chakana narxlarning oʻzgarishi munosabati bilan aholining daromadlarini indeksatsiyalash mexanizmini belgilash uchun ijtimoiy normativlardan, yagona prinsiplardan foydalanish asosida aholining turmush darajasi va sifatini davlat tomonidan boshqarish mexanizmini ishlab chiqadi va takomillashtiradi;
respublikaning zarur boʻlgan vazirliklari va idoralarini jalb qilgan holda eng kam isteʼmol budjetini aniqlaydi va uni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining tasdigʻiga kiritadi. Isteʼmol narxlari koʻrsatkichining oʻsishini hisobga olib, har yili eng oz isteʼmol budjetining qiymat kattaligini hamda har besh yilda isteʼmol dasturxoni tarkibini qayta koʻrib chiqadi. Rasmiy nashrlarda respublika eng kam isteʼmol budjetining tuzilishi va qiymat kattaligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilishni tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot qoʻmitasi ishtirokida respublikaning milliy xususiyatlari va oʻziga xos sharoitlaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasining oʻz manbalari hisobiga moliyaviy taʼminlanadigan eng oz ish haqi miqdorlari va aholini ijtimoiy himoya qilish choralari boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining koʻrib chiqishiga kiritadi hamda tasdiqlangandan keyin bajarilishini yoʻlga qoʻyadi;
aholining, eng avvalo, uning koʻproq muhtoj tabaqalarining— bolalar, koʻp bolali, yosh va notoʻliq oilalar, oliy oʻquv yurtlarining talabalari, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari, ishlash qobiliyati cheklangan shaxslar, pensionerlar va ishsizlarning turmush darajasiga madad berish va ularni ijtimoiy himoya qilish yuzasidan davlat kafolatlari tizimini tuzadi;
ish bilan bandlik, qayta tayyorlash, boʻshab qoladigan xodimlarga va band boʻlmagan aholiga kasb oʻrgatish va ularni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha dasturlar ishlab chiqadi va amalga oshiradi, mehnat bozorini, mehnat resurslari va ishchi oʻrinlari mutanosibligini oʻrganadi va oldindan koʻra biladi, yangi ishchi oʻrinlari va jamoat ishlarini tashkil etishni muvofiqlashtiradi;
mehnat resurslari mavjudligidan kelib chiqqan holda xalq xoʻjaligi barcha tarmoqlarining yangi korxonalarini joylashtirish va ishlab turganlarini kengaytirish boʻyicha xulosalarni, shuningdek, shaharlar va nohiyalarni rivojlantirish sxemalarini beradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari ijroiya qoʻmitalari bilan birgalikda respublika hududida ishga joylashtirishning (mehnat birjalari), band boʻlmagan aholini hisobga olishning, ularni oʻz vaqtida ishga joylashtirish va ijtimoiy himoya qilishning yagona tizimini tashkil etadi;
aholining ish bilan bandligi jamgʻarmasini tuzadi va foydalanishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi;
oʻz nashrlari va ommaviy axborot vositalari orqali boʻsh ishchi oʻrinlari va egallanmagan lavozimlar mavjudligi toʻgʻrisida aholiga maʼlumot berishni tashkil etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat, ish bilan bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, boʻshab qoladigan xodimlarni kasbga yoʻnaltirish va kasbga qayta oʻrgatish markazlari, shuningdek, shahar va nohiya mehnat birjalari faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlikni amalga oshiradi va ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularning moddiy-texnika negizi va kadrlar tarkibini mustahkamlashga yordam beradi;
Davlat ish bilan bandlik xizmati, Oʻzbekiston ishchi kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, boʻshab qoladigan xodimlarni kasbga yoʻnaltirish va kasbga qayta oʻrgatish respublika markazi, Oʻzbekiston mehnat va ijtimoiy muammolar ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻzbekiston sotsiologik tadqiqotlar respublika markazi, ish bilan bandlikka yordam berish jamgʻarmasining ijroiya direksiyasi, alohida axborot-hisoblash markazi va mehnat sharoitlarini davlat ekspertizasi (tekshiruvi)dan oʻtkazuvchi respublika markaziy laboratoriyasi faoliyatiga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi;
respublika hududida mehnatga haq toʻlash va bozor xilidagi mehnat munosabatlarini shakllantirishning umumdavlat siyosatini oʻtkazishni taʼminlaydi;
choʻl va suvsiz, baland togʻ sharoitlarida ishlaganlik uchun ish haqiga koeffitsiyentlarni, mintaqaviy va tarmoq koeffitsiyentlarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
ishlab chiqarishda mehnat qonunlariga mehnat shartlariga rioya qilish, noqulay mehnat sharoitlari va ishlaganligi uchun imtiyozlar va kompensatsiyalar berish ustida davlat nazoratini amalga oshiradi;
migratsiya siyosatining asosiy prinsiplarini shakllantiradi, respublikalararo va davlatlararo bitimlarni ishlab chiqishda qatnashadi, respublika hududida ularning bajarilishini tashkil etadi, migratsiya jarayonlarini boshqarib boradi, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi qarorlarining bajarilishini nazorat qiladi, ishchi kuchlarini olib kelishga va eksport qilishga ruxsatnomalar beradi;
nufusiy jarayonlarni, aholining umumiy masalalarini oʻrganadi hamda nufus siyosatini shakllantirish uchun takliflar va choralarni ishlab chiqadi;
mehnatga ragʻbatni kuchaytirish, unga haq toʻlashni, uni tashkil etish va normalashni takomillashtirish boʻyicha choralarni ishlab chiqadi, vazirliklarga, idoralarga, konsernlarga, uyushmalarga, birlashmalar va korxonalarga mehnatni tashkil etishning, uni normalash va unga haq toʻlashning ilgʻor shakllarini joriy qilish, mehnatni tashkil etish va ragʻbatlantirishning mamlakatimiz va chet el ilgʻor tajribasini oʻrganish va tatbiq qilish boʻyicha metodik yordam koʻrsatadi, bozor munosabatlari sharoitlarida uning unumdorligining oʻsishiga yordam beradi;
mehnat boʻyicha tarmoqlararo normalar va normativlarni ishlab chiqadi, respublika hududida ularning qoʻllanilishini nazorat qiladi, tarmoq normalarini ishlab chiqishda vazirliklar, idoralar, konsernlar va uyushmalar ishini muvofiqlashtirib boradi;
boshqa iqtisodiy organlar va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi ishtirokida mehnat huquqlari, ish bilan bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qonun aktlari va normativ-metodik hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;
ishlab chiqarishda va turmushda xotin-qizlarning ahvolini yaxshilash, oilani mustahkamlash va unga madad berish yuzasidan ijtimoiy-iqtisodiy choralar turkumini amalga oshirish boʻyicha takliflarni tayyorlaydi, xotin-qizlarga beriladigan huquqlar va kafolatlarga rioya qilinishini nazorat etadi;
yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini oʻrganishda va davlat yoshlar siyosatining ustun yoʻnalishlarini ishlab chiqishda hamda ularni boshqarishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda mehnatkashlar bilan kollektiv shartnomalar, kontraktlar, tarif bitimlari va boshqa bitimlar tuzish tartibini belgilaydi;
respublikadagi mehnat, ish bilan bandlik muammolari va ijtimoiy masalalar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiradi;
oʻz huquq doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha respublikada jamoatchilik fikrini oʻrganishni tashkil qiladi;
belgilangan tartibda xalqaro munosabatlar va aloqalarni amalga oshiradi, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) oʻtkazadigan tadbirlarda ishtirok etadi.
6. Vazirlikka oʻz oldida turgan vazifalarni hal qilish va oʻziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish uchun quyidagi huquqlar beriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining mehnat, uning shartlari va unga haq toʻlash, ish bilan bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha qarorlarining vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan, ularning mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, bajarilishini nazorat qilishni amalga oshirish;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, uyushmalar, konsernlar, korxonalar va tashkilotlarning mehnat va unga haq toʻlash toʻgʻrisidagi qonunlarga zid keluvchi buyruqlari va yoʻriqnomalari ijrosini toʻxtatib qoʻyish, zarur hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga ularni bekor qilish haqida takliflar kiritish;
hayʼat majlislarida vazirlik huquq doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralariga Mehnat vazirligi huquq doirasiga kiruvchi mehnat muammolari boʻyicha ishlarni oʻtkazishni topshirish, ular bilan kelishuvga koʻra bu muammolarni ishlab chiqishga birlashmalarni, korxonalarni, muassasalarni, tashkilotlarni, oliy oʻquv yurtlarini, shuningdek, olimlarni va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasidan mehnat, unga haq toʻlash va ijtimoiy rivojlanish, aholining tabiiy harakati va migratsiyasi va boshqa masalalar boʻyicha statistika maʼlumotlarini, vazirliklar davlat qoʻmitalari, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan vazirlik huquq doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha zarur maʼlumotlarni olish;
Oʻzbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari bilan birgalikda xalq xoʻjaligida mehnat sharoitlari, xotin-qizlar va oʻsmirlar mehnatidan foydalanilganlik uchun imtiyozlar va toʻlovlarning toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
aholining ish bilan band boʻlishiga yordam beruvchi davlat jamgʻarmasining mablagʻlarini boshqarish;
aholining ish bilan bandligi xizmatlarini boshqarishning mintaqaviy tuzilmalarini ishlab chiqish, mehnat sharoitlarini tekshirishdan oʻtkazish, aholining migratsiyasi, mehnatni tashkil etish va unga haq toʻlash masalalari boʻyicha respublikalararo va xalqaro aloqalarni amalga oshirish;
mehnat va unga haq toʻlash, ish bilan bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida ilgʻor tajribani almashish maqsadida belgilangan tartibda konferensiyalar, seminarlar, kengashlar chaqirish, koʻrgazmalar oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda ish bilan bandlik, ijtimoiy himoya qilish, mehnat va unga haq toʻlash muammolari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, uyushmalari tasdiqlaydigan ilmiy tadqiqotlar rejalarini koʻrib chiqish va muvofiqlashtirish;
isteʼmol fondini shakllantiruvchi mablagʻlardan ortiq olish tizimini takomillashtirishda ishtirok etish.
7. Vazirlikning mansabdor kishilari belgilangan tartibda oʻz xizmatchi vazifalarini bajarish uchun vazirliklarga, davlat qoʻmitalariga, idoralarga, uyushmalarga, konsernlarga, birlashmalarga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga borish, vazirlik huquq doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha hisobotlar, statistika maʼlumotlari va boshqa materiallar bilan tanishish huquqiga egadirlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat vazirligi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi ijroiya qoʻmitalarining mehnat, ish bilan bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari, ularning kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, boʻshab qoladigan xodimlarni kasbga yoʻnaltirish va kasbga qayta oʻrgatish markazlari, shahar va nohiya birjalari Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining tuzilmasini tashkil etadi.
Koʻrsatilgan mehnat organlari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat ijroiya qoʻmitalariga, Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasiga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga boʻysunadi, vazirlik ularning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi va tashkiliy-metodik rahbarlikni amalga oshiradi.
Mahalliy mehnat organlari toʻgʻrisidagi nizomlar, ularning tuzilishi va xodimlar soni belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
9. Quyidagilar vazirlikka bevosita boʻysunadilar:
Oʻzbekiston Respublikasi davlat ish bilan bandlik xizmati;
Oʻzbekiston kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, boʻshab qoladigan xodimlarni kasbga yoʻnaltirish va kasbga qayta oʻrgatish respublika metodik markazi;
Oʻzbekiston mehnat va ijtimoiy muammolar ilmiy-tadqiqot instituti (OʻzmehnatITI);
Oʻzbekiston sotsiologik tadqiqotlar respublika markazi;
Alohida axborot-hisoblash markazi;
Ish bilan bandlikka yordam berish jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyasi;
Mehnat sharoitlarini davlat ekspertizasi (tekshiruvi)dan oʻtkazish respublika markaziy laboratoriyasi.
Koʻrsatilgan organlar toʻgʻrisidagi nizomlarni, ularning tuzilishini, xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondini Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tasdiqlaydi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi oʻz huquq doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha vazirliklar davlat qoʻmitalari, idoralar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar chiqaradi, zarur hollarda esa ular bilan birgalikda qarorlar qabul qiladi.
11. Vazirlikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari—Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vaziri boshchilik qiladigan, tarkibida vazir oʻrinbosarlari (lavozimi boʻyicha), hayʼat aʼzolari boʻlgan hayʼat tuziladi.
Vazir oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vaziri taqsimlaydi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari—Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq tayinlanadi, Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vazirining taqdimnomasiga koʻra vazir oʻrinbosarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tayinlaydi, hayʼat aʼzolarini esa tasdiqlaydi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vaziri vazirlikka boshchilik qiladi, vazirlikka yuklatilgan vazifalar va majburiyatlarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, oʻz faoliyatining alohida sohalariga rahbarlik uchun, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tizimiga kiruvchi mehnat organlarining ishi uchun vazir, oʻrinbosarlari va hayʼat aʼzolarining, boshqarmalar, boʻlimlar boshliqlarining, boshqa boʻlinmalar rahbarlarining masʼuliyat darajasini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vaziri oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari toʻgʻrisidagi umumiy qoidalarga va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining boshqa qarorlariga muvofiq huquqlardan foydalanadi.
Vazirliklar va idoralar, xalq deputatlari Kengashlari ijroqoʻmlarining mehnat, ish bilan bandlik, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi faoliyatlarini muvofiqlashtirib borish uchun Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tizimiga kiruvchi mehnat organlari bajarishlari majburiy boʻlgan buyruqlar va yoʻriqnomalar chiqaradi.
14. Hayʼat qarorlari vazirning qarorlari va buyruqlari bilan hayotga joriy qilinadi, Vazir va hayʼat aʼzolari oʻrtasida ixtilof tugʻilganda vazir oʻz qarorini hayotga joriy qilaveradi, paydo boʻlgan ixtilof toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qiladi, hayʼat aʼzolari esa oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga oʻz fikrlarini yetkazishlari mumkin.
15. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda mehnat va ijtimoiy rivojlanish muammolari boʻyicha birlashgan ilmiy kengash tuzadi, unga mehnat, mehnat resurslari, ijtimoiy rivojlanish va boshqarish yoshlarni kasbga yoʻnaltirish masalalari yuzasidan barcha ilmiy-metodik ishlarga sifat jihatidan baho berish, mehnat, unga haq toʻlash,ijtimoiy rivojlanish va aholining koʻpayishi muammolari boʻyicha barcha ilmiy-tadqiqot tashkilotlari oʻtkazadigan tadqiqotlarni istiqbolini va joriy rejalashtirishni muvofiqlashtirish vazifalari yuklatiladi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi markaziy apparatining tuzilishi, xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi va belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vaziri belgilangan xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi doirasida vazirlik markaziy apparati tuzilishiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
17. Vazirlik yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi aks etgan hamda oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bankining tegishli boʻlimida budjet va hisob-kitob schyotiga ega boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-oktabrdagi 253-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi markaziy apparatining
TUZILIShI
Ijtimoiy himoya qilish, nufus va aholining turmush darajasi bosh boshqarmasi
Mehnat munosabatlari, ish haqi va xoʻjalik mexanizmi bosh boshqarmasi
Mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi
Yigʻma iqtisodiyot boshqarmasi
Ishlar boshqarmasi
Xalqaro aloqalar va aholining tashqi mehnat migratsiyasi boʻlimi
Davlat huquqiy mehnat nazorati
Moliya, buxgalterlik hisobi va hisoboti boʻlimi
Nazorat-taftish boʻlimi
Kadrlar va maxsus ishlar boʻlimi
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-oktabrdagi 253-son qaroriga 3-ILOVA
Mehnat vazirligi asosiy tashkilotlarining
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi davlat ish bilan bandlik xizmati
Oʻzbekiston mehnat va ijtimoiy muammolar ilmiy-tadqiqot instituti (OʻzmehnatITI)
Oʻzbekiston ishchi kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, boʻshab qoladigan xodimlarni kasbga yoʻnaltirish va kasbga qayta oʻrgatish respublika metodik markazi
Alohida axborot-hisoblash markazi
Ish bilan bandlikka yordam berish jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyasi
Mehnat sharoitlarini davlat ekspertizasi (tekshiruvi)dan oʻtkazish respublika markaziy laboratoriyasi
Oʻzbekiston sotsiologik tadqiqotlar respublika markazi