“TASDIQLANDI”
Oʻzbekiston Respublikasi
Ijtimoiy taʼminot vaziri
B. UMURZOQOV
“KELIShILDI”
Oʻzbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi
Sh. ABDULLAYEV
05.02.1998-y. 12-02-1/56-son
“KELIShILDI”
Oʻzbekiston Respublikasi
Mehnat vazirligi
A. AKBAROV
26.01.1998-y. 43/02-son
“KELIShILDI”
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari
Federatsiyasi Kengashi
D. JAHONGIROVA
13.03.1998-y. DJ-07/136-son
“KELIShILDI”
Oʻzbekiston Respublikasi
Sogʻliqni saqlash vazirligi
B. YOʻLDOShEV
10.02.1998-y. 05/70-son
“KELIShILDI”
Oʻzbekiston Respublikasi
Davlat soliq qoʻmitasi
Sh. SATTOROV
24.02.1998-y. 98/19-son
“KELIShILDI”
Oʻzbekiston Respublikasi
Markaziy banki
A. ERDONAYEV
25.02.1998-y. 07/2-son
DAVLAT IJTIMOIY SUGʻURTASI BOʻYIChA NAFAQALARNI TAYINLASh VA TOʻLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Nizom
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 9-aprelda 430-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2002-yil 1-apreldagi 21-sonli “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi asosida oʻz kuchini yoʻqotgan (roʻyxat raqami 1136, 08.05.2002-y.).
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizomda koʻzda tutilgan tartibda quyidagi ijtimoiy sugʻurta boʻyicha nafaqalar beriladi:
a) vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha;
b) homiladorlik va tugʻish boʻyicha;
v) bola tugʻilganda;
g) dafn marosimi uchun.
2. 1-bandda koʻrsatilgan nafaqalar ijtimoiy sugʻurta joriy qilinadigan xodimlarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida koʻzda tutilgan hollarda boshqa shaxslarga ham beriladi.
3. Umumiy qoidaga koʻra nafaqa, agar uni olish huquqi ish vaqtida paydo boʻlsa (sinov davri hamda ishdan boʻshatilgan kunni ham qoʻshib) beriladi.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish taʼtili, bola tugʻilishi, vafot etishi, ishga tushgunga qadar yoki ishdan boʻshagandan keyin sodir boʻlsa, agar ushbu Nizomda boshqa qoida koʻzda tutilmagan boʻlsa nafaqalar toʻlanmasligi mumkin.
4. Respublika Pensiya jamgʻarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlinmalari alohida hollarda, ishdan boʻshagandan keyin bir oy ichida mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili boshlangan boʻlsa, xodimga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlaridagi muddatli xizmat safidan boʻshatilgandan keyin bir oy ichida kasal boʻlib qolgan sobiq harbiy xizmatchiga ham vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasini berishga va nafaqa toʻlashga ruxsat berishi mumkin.
5. Agar mehnat qobiliyati tiklangan, nogironlik belgilangan, homiladorlik va tugʻish taʼtili tugagan, bola tugʻilgan yoki vafot etgan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilingan boʻlsa, nafaqa beriladi. Bunda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi unga murojaat qilingan kungacha boʻlgan 12 oydan oshmagan davr uchun beriladi.
Oʻtgan davr uchun nafaqa (qisman yoki toʻliq) Pensiya jamgʻarmasi boʻlinmasi tashabbusi bilan (masalan: nafaqa tayinlash va toʻlashning toʻgʻriligini tekshirish natijasida) oʻsha muddatlarga rioya qilingan holda toʻlanadi.
Nafaqaga 6 oydan kechikib murojaat qilinganda, u ayrim hollarda faqat pensiya jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlinmalarining qaroriga binoan uzrli sabablarning mavjudligiga qarab beriladi.
6. Nafaqalar pensiya jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan toʻlanadi. Pensiya jamgʻarmasining budjeti korxona, tashkilot, muassasalar, jamoa va davlat xoʻjaliklari, shirkatlar va yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarning majburiy badallaridan hamda toʻlov ajratmalaridan tashkil topadi.
Korxonaning badalni toʻlamaganligi, xodimlarni ijtimoiy sugʻurta boʻyicha nafaqa bilan taʼminlanish huquqidan mahrum qilmaydi.
7. Ijtimoiy sugʻurta boʻyicha nafaqalarni tayinlash, hisoblab chiqarish va toʻlashning toʻgʻriligi ustidan nazoratni joylardagi Pensiya jamgʻarmasi idoralari amalga oshiradilar, bu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi ustidan nazoratni yuqori xoʻjalik tashkilotlari amalga oshiradilar.
II. VAQTINChA MEHNATGA QOBILIYATSIZLIK NAFAQASI
8. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi quyidagi hollarda beriladi:
a) vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotish bilan bogʻliq kasallikda (shikastlanish);
b) sanatoriya-kurortlarda davolanganda;
v) kasallangan oila aʼzosini parvarishlash zarur boʻlganda:
g) karantinda;
d) sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga oʻtkazilganda;
e) yasama aʼzo qoʻydirish uchun protez-ortopediya korxonasi kasalxonasiga yotqizilganda.
9. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini tayinlashda faqat belgilangan tartibda berilgan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi asos boʻladi.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi yoʻqolgan hollarda nafaqa uning oʻrniga takroriy berilgan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi asosida beriladi.
10. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa mehnat qobiliyati yoʻqolgan birinchi kundan to u tiklangunga qadar yoki tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan nogironlik belgilangunga qadar, hatto bu davrda xodim ishdan boʻshatilgan boʻlsa ham beriladi.
Uzoq vaqt kasal boʻlganlarni TMEK koʻrigiga yuborish muddatlari vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasini berish tartibi toʻgʻrisidagi qoʻllanmaga binoan belgilanadi.
11. Ishdan boʻshatilganlikning toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi masalasi toʻgʻrisida nizo koʻrilayotgan davrda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlanganda nafaqa ishga tiklangandagina beriladi. Bunda mehnatga qobiliyatsizlik davri uchun nafaqa ishga tiklangan kundan boshlab barcha vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik kunlariga beriladi.
12. Oliy va oʻrta maxsus bilim yurtini, aspiranturani, klinik ordinaturani yoki hunar-texnika bilim yurtini tamomlagan va belgilangan tartibda ishga yuborilgan shaxslarga, agar ularda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik ishga tushishdan oldin boshlangan boʻlsa nafaqa ishga chiqishi lozim boʻlgan kundan boshlab beriladi.
13. Ish joyiga borayotgan davrida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlanganda, agar bu davrda xodim ish haqi yoki sutkali yoki esa koʻchish boʻyicha xarajatlarni olish huquqiga ega boʻlsa, nafaqa beriladi.
14. Yillik taʼtil (asosiy yoki qoʻshimcha) davrida kasallik (shikastlanish) tufayli vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlanganda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasida ishdan ozod qilish koʻrsatilgan barcha kunlar uchun nafaqa beriladi.
Ish haqi saqlanmagan taʼtilda yoki bolani parvarishlash boʻyicha taʼtilda boʻlgan davrda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlansa, nafaqa berilmaydi.
Agar ish haqi saqlanmagan taʼtil yoki bolani parvarishlash boʻyicha taʼtil tugagandan keyin ham mehnatga qobiliyatsizlik davom etsa, nafaqa xodim ishga tushishi lozim boʻlgan kundan boshlab beriladi.
15. Davolanish muassasasida homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatish boʻyicha tashrix qilinishi munosabati bilan nafaqa umumiy asoslarda beriladi.
16. Sanatoriya-kurortda davolanishda, agar navbatdagi va qoʻshimcha taʼtil xodimning sanatoriyaga davolanish uchun yetarli boʻlmasa, nafaqa beriladi. Bunday holda sanatoriya-kurortda davolanishning barcha davri uchun (yoʻllanma, davolanish muddati) sanatoriyaga borish-kelish vaqtini qoʻshib, ammo xodimning yillik taʼtilini chiqarib tashlagan holda nafaqa beriladi.
Asosiy va qoʻshimcha taʼtildan sanatoriyaga borishdan oldin foydalanilgan boʻlsa ham uni chiqarib tashlagan holda nafaqa beriladi. Bu holda maʼmuriyat taʼtilning yetmaydigan vaqti uchun ish haqi saqlanmagan taʼtil beradi.
Ulugʻ Vatan urushi nogironlariga, baynalmilal jangchilariga, Chernobil AESidagi falokat oqibatlarini tugatishga qatnashgan shaxslarga, shuningdek sanatoriyaga davolanishni davom ettirish uchun davolash muassasalaridan oʻtkir miokard infarkti bilan kasallangan, tashrix uslubi bilan yurakning aortokoronar shuntirovkasi va anevriemlari, oshqozonning yarali kasalligi, oʻn ikki barmoq ichak kasalligidan davolangan va oʻt pufagini olib tashlashdan keyin bevosita yuborilgan xodimlarga, shuningdek sil kasalligi bilan ogʻriganlarga nafaqa sanatoriyada boʻlgan barcha vaqt uchun beriladi.
Nogiron bolasini tarbiyalayotgan ishlovchi ota-onaning biriga (vasiyga, homiyga) bola 16-yoshga toʻlgunga qadar qoʻshimcha bir kunlik dam olish uchun nafaqa davlat ijtimoiy sugʻurtasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolani tarbiyalayotgan ota-onalardan biriga (homiyga yoki vasiyga), nogiron bolaning sanatoriyada davolangan barcha davri uchun (sanatoriyaga borish-kelish vaqtini hisobga olib) unga yakka tartibda parvarish zarurligi toʻgʻrisidagi tibbiyot xulosasi mavjud boʻlganda nafaqa beriladi.
17. Oilaning kasallikka chalingan aʼzosini parvarishlash uchun taʼtilga chiqilganda, agar parvarishning yoʻqligi bemorning hayoti yoki salomatligiga xavf solsa va agar uni kasalxonaga joylashtirish imkoniyati boʻlmasa, nafaqa beriladi.
Oilaning kasal boʻlgan aʼzosiga qarash boʻyicha vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi bemor birovning qarab turishiga muhtoj boʻlgan, lekin 7 kalendar kundan oshmagan davr uchun beriladi.
14 yoshga yetmagan bemor bolaga qarash uchun vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi bolaga parvarish kerak boʻlgan, ammo 14 kalendar kundan koʻp boʻlmagan muddat uchun beriladi.
Kasalxonada bemor bolasi bilan yotish uchun vaqtincha ishdan ozod qilingan bolaning onasi (otasi) yoki boshqa qarindoshiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi ishdan ozod qilingan barcha vaqt uchun beriladi.
Bolaga qarash uchun taʼtilda yoki ish haqi saqlanmagan taʼtilda boʻlgan xodimga mazkur bandda nazarda tutilgan nafaqa berilmaydi.
Bolaning onasi kasal boʻlib bolani parvarishlashga qurbi yetmay qolgan hollarda 3 yoshgacha boʻlgan bolani yoki 16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolani parvarishlashda band boʻlgan ishlayotgan shaxslarga nafaqa beriladi.
18. Karantin vaqtida, agar xodim sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tomonidan oʻzining atrofidagi shaxslarning yuqumli kasalliklari oqibatida ishdan chetlatilgan boʻlsa, nafaqa beriladi.
19. Agar xodim sil kasalligi yoki kasb kasalligi oqibatida oʻz ishiga vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsiz boʻlib, ammo davolanib borish qoidasini buzmasdan boshqa ishni bajarishi mumkin boʻlsa, tibbiy-maslahat komissiyasi (TMK) xulosasi boʻyicha, agar bunday komissiya tuzilmagan boʻlsa, davolanuvchi shifokorning davolanish muassasasining bosh shifokori tasdiqlagan xulosasi boʻyicha u vaqtincha boshqa ishga oʻtkaziladi.
Agar vaqtinchalik boshqa ishga oʻtkazilgan xodimning yangi ishiga uning oldingi ishidan koʻra kam haq toʻlansa, bunda oʻtkazilgan barcha vaqt uchun vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi boʻyicha nafaqa beriladi, ammo u ikki oydan koʻp boʻlmasligi lozim. Nafaqa umumiy qoidalar boʻyicha hisoblab chiqariladi, lekin uning miqdori bajarayotgan ishi uchun olayotgan ish haqi bilan birgalikda yangi ishga oʻtkazilgungacha boʻlgan toʻla ish haqining miqdoridan oshmasligi kerak. Barcha hollarda nafaqa miqdori, agar u boshqa ishga oʻtkazilmaganda toʻlanishi lozim boʻlgan nafaqa miqdoridan oshmasligi kerak.
Bunda kasb kasalligi oqibatida boshqa ishga oʻtkazilgan shaxslarga nafaqa, agar u amaldagi qonunga binoan avvalgi ish haqi bilan yangi ishdagi ish haqi oʻrtasidagi farqni korxonadan olish huquqiga ega boʻlmasa beriladi.
Agar maʼmuriyat tomonidan vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik varaqasida koʻrsatilgan muddatda boshqa ish berilmasa, buning oqibatida oʻtkazib yuborilgan kunlar uchun nafaqa umumiy asoslarda beriladi.
20. Protez-ortopediya korxonasining kasalxonasiga joylashganda kasalxonada boʻlgan vaqt uchun va kasalxonaga kelib-ketish vaqti uchun nafaqa toʻlanadi.
21. Mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda band boʻlgan xodimlarga mehnat jarohati yoki kasb kasalligi oqibatidagi vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa umumiy asoslarda, boshqa sabablar oqibatidagi vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa mavsumiy yoki vaqtinchalik ish toʻgʻrisida tuzilgan mehnat shartnomasida koʻrsatilgan ish kunlari doirasida toʻlanadi.
22. Ishlayotgan nogironlarga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa, mehnatda jarohatlanish hodisalari yoki kasb kasalligidan tashqari, ketma-ket ikki oydan va kalendar yilda uch oydan oshmagan muddatga beriladi.
Vatan urushining ishlovchi nogironlariga va imtiyozlari jihatidan Vatan urushi nogironlariga tenglashtirilgan boshqa nogironlarga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi, mehnat jarohatlari hodisalari yoki kasb kasalligidan tashqari, ketma-ket toʻrt oygacha yoki kalendar yilda besh oygacha beriladi.
Chernobil AESidagi falokat yoki uning oqibatlarini tugatish boʻyicha ishlarni bajarish bilan bogʻliq nogironligi aniqlangan nogironlarga ham nafaqa ana shu muddatlar doirasida beriladi.
Agar ishlovchi nogironning vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizligi mehnat jarohati yoki kasb kasalligi tufayli yuz bersa, nafaqa u toʻla sogʻayguncha yoki mehnat jarohati yoxud kasb kasalligi bilan bogʻliq nogironlik guruhi qayta koʻrib chiqilgunga qadar toʻlanadi.
Sil kasalligi oqibatida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa toʻla sogʻayguncha yoki koʻpi bilan 10 oyga beriladi.
Sil kasalligi bilan qayta kasallanganda yoki sil kasalligi oqibatida nogiron deb aniqlangan xodimlarga mazkur kasallik boʻyicha nafaqa koʻpi bilan 6 oyga beriladi.
Belgilangan muddatda TMEK koʻrigidan qayta oʻtish uchun kelmagan nogironga mazkur bandda belgilangan muddat mobaynida nafaqa toʻlanadi.
23. Xodimlarni qonun bilan belgilangan hollarda, shuningdek, harbiy xizmatga chaqirishda, shu jumladan davolash muassasasining kasalxonasiga joylashtirib, davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish vaqti uchun nafaqa berilmaydi.
24. Ish vaqtincha toʻxtatilgan davrda, harbiy oʻquv yoki tekshiruv yigʻini yohud ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻquv yurtlarida tahsil olish munosabati bilan berilgan qoʻshimcha taʼtil davrida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlangan holda xodim koʻrsatilgan davr tugagandan keyin ishga tushish lozim boʻlgan kundan boshlab nafaqa beriladi.
25. Xodim ishdan (lavozimdan) chetlashtirib, ish haqi toʻlash toʻxtatib qoʻyilganligi sababli ishlamagan davrda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlangan boʻlsa, nafaqa berilmaydi. Agar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik xodim ishga qoʻyilganidan keyin ham davom etsa, ishga tushishi lozim boʻlgan kundan boshlab nafaqa beriladi.
26. Quyidagi hollarda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa berilmaydi:
a) ishdan yoki boshqa vazifalardan boʻyin tovlash maqsadida oʻz salomatligiga ataylab ziyon yetkazgan yohud oʻzini kasallikka solgan xodimlarga. Ularga ilgari toʻlangan nafaqa sud qarori asosida undirib olinadi;
b) giyohvandlik yoki mastlik bilan bogʻliq harakatlar oqibatida, shuningdek, spirtli va giyohvandlik moddalarini isteʼmol qilish oqibatida boshlangan kasalliklar yoki jarohatlar tufayli vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik;
v) jinoyat sodir qilish vaqtida olingan jarohatlar oqibatida boshlangan xodimlarning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlikda (Nizomning 86-bandida koʻzda tutilgan hollardan tashqari);
g) sud qarori asosida majburiy davolash vaqti uchun (ruhiy kasalliklardan tashqari);
d) hibsda boʻlgan davr uchun va sud-tibbiyot ekspertizasi vaqti uchun.
27. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlanishidan oldin uzrsiz sabablarga koʻra ishga kelmagan, ular uchun shifokor belgilagan tartibni buzgan yoki uzrsiz sabablarga koʻra belgilangan muddatda shifokor koʻrigiga yoki tibbiy-mehnat ekspertizasi komissiyasiga (TMEK) kelmagan xodimlar, qoidani buzish roʻy bergan kundan boshlab korxona, tashkilot va muassasaning nafaqa tayinlovchi ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiyasi belgilaydigan muddatga nafaqadan mahrum qilinadilar.
Xususiy mehnat bilan shugʻullanuvchi, shu jumladan xususiy (guruh) ijara sharoitida yoki shaxsiy dehqon xoʻjaligida mehnat qiluvchi, Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallarini toʻlamagan, shifokor belgilagan tartibni, shuningdek tibbiy koʻrikdan hamda tibbiy-mehnat ekspertizasi koʻrigidan oʻtish muddatlarini buzgan shaxslar buzish sodir boʻlgan kundan boshlab Pensiya jamgʻarmasi hududiy boʻlimi tomonidan belgilangan muddatgacha nafaqadan mahrum qilinadilar.
III. NAFAQA MIQDORI
28. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa:
a) Ish haqining 100 foizi miqdorida:
mehnatdan mayib boʻlgan yoki kasb kasalligiga chalingan xodimlarga;
umumiy mehnat staji 8 yil va undan ortiq boʻlgan xodimlarga;
qaramogʻida 16 yoshga (oʻquvchilar 18 yoshga) yetmagan uch yoki undan ortiq bolalari boʻlgan xodimlarga;
ishlayotgan Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilariga, baynalmilal jangchilarga va imtiyoz jihatidan ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga;
Chernobil AESidagi falokat oqibatlarini tugatishda qatnashgan xodimlarga;
Chernobil falokati oqibatida radioaktiv ifloslanish zonasidan evakuatsiya qilingan va koʻchirilgan, qon hosil qilish organlari (oʻtkir leykoz), qalqonsimon bez kasalliklari (adenoma, rak), xavfli oʻsmalar bilan kasallangan xodimlarga;
b) Ish haqining 80 foizi miqdorida:
umumiy ish staji 5 yildan 8 yilgacha boʻlgan xodimlarga;
21 yoshga yetmagan sagʻir yetim xodimlarga;
v) Ish haqining 60 foizi miqdorida:
umumiy ish staji 5 yilgacha boʻlgan xodimlarga.
29. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa mazkur Nizomning 4-bandiga binoan tayinlanganda quyidagicha beriladi:
a) muddatli xizmatdan boʻshagandan keyin kasal boʻlganda belgilangan minimal ish haqi miqdorida;
b) sil kasalligi bilan kasallanganda mazkur Nizomning 28-bandida belgilangan miqdorlarda;
v) boshqa hollarda ish haqining 60 foizi miqdorida.
30. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa, barcha hollarda, minimal ish haqidan kam boʻlmasligi ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan tarmoqlar uchun belgilangan tuman koeffitsiyentini ham hisobga olib va nafaqa hisoblab chiqarilgan ish haqidan yuqori boʻlmasligi lozim.
31. Nafaqa miqdori vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlangan kungacha, mehnat daftarchasi yoki uning oʻrniga berilgan boshqa hujjat asosida hisoblangan umumiy ish stajiga muvofiq aniqlanadi.
IV. Ijtimoiy sugʻurta boʻyicha nafaqalarni tayinlash uchun umumiy mehnat stajini aniqlash tartibi
I. UMUMIY QOIDALAR
32. Umumiy mehnat staji belgilangan tartibda berilgan mehnat daftarchasi yoki uning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjat boʻyicha, shuningdek Pensiya jamgʻarmasi organlari bergan maʼlumotnomalar asosida aniqlanadi.
Umumiy mehnat staji toʻgʻrisidagi hujjatlar boʻlmaganda ish davri guvohlar koʻrsatmasi asosida belgilanadi.
Tabiiy ofat, falokat, fojia yoki boshqa favqulodda holatlar tufayli ish staji toʻgʻrisidagi hujjatlar toʻliq yoki qisman saqlanmagan boʻlsa, ish stajini tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyat, tuman (shahar) hokimiyatlari tomonidan tuziladigan ish stajini aniqlash boʻyicha maxsus komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
Qisman saqlangan hujjatlar hamda guvohlar koʻrsatmalari asosida aytib oʻtilgan komissiyalar tomonidan belgilangan mehnat faoliyati davrlari hujjatlar bilan tasdiqlangan ish davri singari ijtimoiy sugʻurta boʻyicha nafaqa olish huquqini beradigan umumiy ish stajiga hisoblanadi.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning ish davri Pensiya jamgʻarmasi organlari tomonidan sugʻurta badallarini toʻlaganlik toʻgʻrisida berilgan maʼlumotnomalar asosida hisoblanadi.
II. UMUMIY ISh STAJINI HISOBLASh
33. Umumiy ish stajiga quyidagilar hisoblanadi:
a) faoliyat turi, mulk va xoʻjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlagan boʻlsa.
1965-yildan keyingi davr uchun jamoa xoʻjaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xoʻjaligi aʼzosi uzrsiz sabablarga koʻra jamoa xoʻjaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan boʻlsa, ishlagan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi.
Ijodiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi xodimlarga ish staji ijodiy uyushmalar boshqaruvi tomonidan, uning birinchi bosilgan yoki dastlabki ijro etgan yoxud mazkur muallifning asari birinchi marta ommaga koʻrsatilgan kundan boshlab, agar u Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badali toʻlab turgan boʻlsa, ish stajiga hisoblanadi:
b) harbiy xizmat va partizan otryadlari hamda birlashmalarida boʻlgan davr, ichki ishlar organlari hamda milliy xavfsizlik organlaridagi xizmat davri;
v) harbiylashtirilgan soqchilik, maxsus aloqa organlari hamda togʻ-qutqaruv qismlaridagi xizmat davri qaysi idoraga boʻysunishidan qatʼi nazar;
g) diniy tashkilotlarda ishlagan davr, agar ular Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlab kelgan boʻlsalar;
d) tadbirkorlik faoliyati, agar ular Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlab kelgan boʻlsalar;
z) alohida fuqarolarga yollanib ishlagan davr (uy xodimlari, kotibalar, enagalar, shofyorlar, qorovullar), agar ular Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlab kelgan boʻlsalar;
j) asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan va keyinchalik oqlangan fuqarolarning qamoqda boʻlgan va mahbuslikni oʻtagan davri.
34. Alohida fuqarolarning qisqa muddatli, tasodifiy va mayda ishlarni bajarganlik uchun olgan ish haqidan davlat ijtimoiy sugʻurtasiga badal toʻlanmagan boʻlsa, ish stajiga hisoblanmaydi.
III. FUQAROLARNING ALOHIDA TOIFALARIGA ISh STAJI HISOBLAB ChIQARISh XUSUSIYATLARI
35. Sanoatning mavsumiy tarmoqlaridagi korxona va tashkilotlarda band boʻlgan xodimlarga mavsum davomidagi ish bir yilga hisoblanadi, mavsumda toʻliq ishlanmagan boʻlsa, haqiqiy ishlangan davr hisobga olinadi.
Chet elda ishlangan ish davri, agar Pensiya jamgʻarmasiga belgilangan sugʻurta badallari toʻlab kelingan boʻlsa va davlatlararo bitimlarda boshqa holat koʻzda tutilmagan boʻlsa, ish stajiga hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elda yollanib (bitim asosida) ishlagan ish davri Mehnat vazirligi huzuridagi koʻchmanchi mehnatkashlar ishlari boʻyicha Agentlik tomonidan mehnat daftarchasiga kiritilgan yozuvlar boʻyicha, agar Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badali toʻlab kelingan boʻlsa, ish stajiga hisoblanadi.
IV. HOMILADORLIK VA TUGʻISh BOʻYIChA NAFAQA
36. Homiladorlik va tugʻish boʻyicha vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi ishlovchi ayollarga jami 126 kalendar kun muddatga beriladi. Tugʻish qiyin kechgan yoki ikki yohud undan ortiq bola tugʻilgan hollarda vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi 140 kalendar kun muddatiga beriladi.
37. Ayol bola tashlaganda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa umumiy asoslarda beriladi.
38. Belgilangan tartibda berilgan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa tayinlash uchun asos boʻladi.
39. Ishdan boʻshatilishning toʻgʻriligi haqida baxs ketayotgan davrda homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil berishda nafaqa ishga qayta tiklangach beriladi. Bunda homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil vaqti uchun nafaqa ishga qayta tiklash toʻgʻrisida qaror chiqqan kundan beriladi.
40. Oliy yoki oʻrta maxsus oʻquv yurtini, aspiranturani, klinik ordinaturani yohud hunar-texnika bilim yurtini tamomlagan va belgilangan tartibda ishga yuborilgan ayollarga ishni boshlagunga qadar homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil berilgan holda, ishga kelishi belgilangan kundan boshlab nafaqa beriladi.
41. Ishni vaqtinchalik toʻxtatish yoki ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻquv yurtlarida tahsil olish munosabati bilan berilgan qoʻshimcha taʼtil davrida homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil berilgan holda, koʻrsatilgan davr tugagandan keyin ayol ishga tushishi lozim boʻlgan kundan boshlab nafaqa beriladi.
42. Yillik (asosiy va qoʻshimcha) taʼtilda boʻlish vaqtida, bolani parvarishlash uchun taʼtilda, homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil berilganda, nafaqa homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtilning vaqtincha qobiliyatsizlik varaqasida koʻrsatilgan barcha kunlari uchun beriladi. Bolani parvarishlash boʻyicha taʼtil davri uchun nafaqa tarif stavkasidan (lavozim maoshidan) va taʼtil boshlanishidan oldingi 12 oy mobaynida olingan mukofotlarning oʻrtacha oylik summasidan hisoblab chiqariladi. Bunda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi ochilgan kuniga boʻlgan tarif stavkasi tumanlar hamda joylarda belgilangan ish bilan bogʻliq olinadigan tuman koeffitsiyenti va ustamalarni hisobga olingan holda olinadi.
43. Ish haqi toʻlash toʻxtatilib, ishdan (lavozimdan) chetlashtirish oqibatida ayol ishlamagan davrda, homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil berilgan holda nafaqa berilmaydi. Agar homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil ishga qoʻyilgandan keyin ham davom etadigan boʻlsa, nafaqa u ishga tushishi lozim boʻlgan kundan boshlab beriladi.
44. Homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa ish haqining 100 foizi miqdorida beriladi, shu jumladan, mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq nafaqa tayinlanganda ham 100 foiz miqdorda beriladi.
V. BOLA TUGʻILGANDA BERILADIGAN NAFAQA
45. Ishlayotgan ayollarga, shuningdek ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy yoki oʻrta maxsus oʻquv yurtlarda, aspirantura, klinik ordinaturada yoxud hunar-texnika bilim yurtlarida, kadrlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash kurslarida va maktablarida tahsil olayotgan ayollarga bola tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan oylik minimal ish haqining ikki baravari miqdorida beriladi.
Ish haqiga koeffitsiyent qoʻllaniladigan tumanlar va joylarda yashovchilarga nafaqa ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan tarmoq xodimlari uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarni hisobga olgan holda belgilanadi.
46. Bolaning onasi ishlamaydigan va oʻqimaydigan hollarda nafaqa bolaning ishlaydigan yoki ishlab chiqarishdan ajralgan holda oʻqiydigan otasi yohud ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslarga, ish haqi yoki stipendiyaning miqdoridan qatʼi nazar toʻlanadi.
Ishlamaydigan va oʻqimaydigan yolgʻiz onalarga bola tugʻilganda nafaqa ijtimoiy taʼminot organlari orqali toʻlanadi.
47. Farzandlikka olingan bolalarga bola tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa umumiy asoslarda beriladi.
48. Agar ayol homiladorlik boʻyicha taʼtil davrida ishdan boʻshagan, shu davr mobaynida homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa olgan boʻlsa, bir martalik nafaqa umumiy asoslarda beriladi.
49. Mazkur Nizomning 46-bandining birinchi xat boshida koʻzda tutilgan hollarda bola tugʻilganda beriladigan nafaqa bola otaning oʻlimidan keyin tugʻilsa ham beriladi. Oʻlim kunidan bola tugʻilgunga qadar 10 oydan ortiq vaqt oʻtmagan boʻlsa, shaxs bolaning otasi hisoblanadi.
50. Bola oʻlik tugʻilsa, bola tugʻilganda beriladigan nafaqa berilmaydi.
VI. DAFN QILISh UChUN NAFAQA
51. Dafn qilish uchun nafaqa xodim vafot etganda yoki xodimning qaramogʻida boʻlgan quyidagi oila aʼzolari vafot etganda beriladi.
a) turmush oʻrtogʻi;
b) 18 yoshga toʻlmagan yoki vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz (yoshidan qatʼi nazar) bolalari, aka-ukalari va opa-singillari;
v) ota-onasi;
g) bobosi va buvasi.
Yashash uchun mustaqil mablagʻ manbaiga ega boʻlgan (ish haqi, pensiya, stipendiya oluvchi, jamoa xoʻjaligining mehnatga qobiliyatli aʼzolari hisoblanuvchi va hokazo) oila aʼzolari qaramogʻida turgan hisoblanmaydi.
52. Xodim vafot etganda dafn qilish uchun nafaqa uning oila aʼzolariga yoki dafnni oʻtkazishni oʻz zimmasiga olgan shaxslarga beriladi.
Oilaning vafot etgan aʼzosini dafn qilish uchun nafaqa ishlovchi xodimga beriladi.
53. Ayol bola tashlagan holda dafn qilish uchun nafaqa berilmaydi.
54. Dafn qilish uchun nafaqa eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida beriladi.
Ish haqiga koeffitsiyent belgilangan tumanlar va joylarda nafaqa miqdori ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan tarmoqlari uchun belgilangan tuman koeffitsiyentini hisobga olgan holda aniqlanadi.
55. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan xodim vafot etgan yoki uning oila aʼzosi vafot etgan taqdirda dafn qilish uchun nafaqa, agar unga soʻnggi ish haqi toʻlangan kundan bir oydan koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa beriladi.
56. Oliy yoki oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida, aspiranturada, klinik ordinaturada yohud hunar-texnika bilim yurtlarida tahsil olayotgan shaxslar, shuningdek ularning oila aʼzolari vafot etgan taqdirda dafn qilish uchun nafaqa xodimlar uchun mazkur Nizomda belgilangan qoidalarga muvofiq va miqdorda beriladi.
Maktablar, kurslarning (kadrlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash va tayyorlash boʻyicha oʻquv-kurs kombinatlari, shuningdek malaka oshirish institutlari) oʻquvchilari va tinglovchilari yoki ularning oila aʼzolari vafot etganda, agar ular kurslarga, maktablarga (institutlarga) korxona tomonidan yuborilgan boʻlsalar va ularning oʻqish davridagi ish haqi toʻla yoki qisman saqlanib qolgan boʻlsa, dafn qilish uchun nafaqa umumiy asoslarda beriladi.
VII. VAQTINChA MEHNATGA QOBILIYATSIZLIK, HOMILADORLIK VA TUGʻISh BOʻYIChA NAFAQALARNI HISOBLASh
57. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalar barcha hollarda xodimning haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.
58. Jamoa xoʻjaligi aʼzolari ish haqiga jamoa xoʻjaligi ishtirokchisi boʻlgan jamoa xoʻjaliklararo tashkilotda, jamoa xoʻjaligi uchun ish bajaruvchi davlat tashkilotida ishlaganlik uchun olinadigan ish haqi, agar bu tashkilotlarga jamoa xoʻjaligi aʼzosi maʼlum muddatda jamoa xoʻjaligi boshqaruvining qarori bilan yuborilgan boʻlsa qoʻshiladi. Ularga mehnat haqi hisobidan berilgan mahsulot davlat xarid narxlari boʻyicha baholanadi.
59. Sugʻurta badali hisoblanmaydigan ish haqi turlari Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-maydagi 249-sonli qarori bilan tasdiqlangan sugʻurta badallari hisoblanmaydigan ish haqi va boshqa toʻlovlar turlari roʻyxati bilan aniqlanadi.
60. Nafaqalarni hisoblab chiqarishda hisobga olinadigan ish haqining barcha turlari, shu jumladan mazkur oyda ish haqi bilan birgalikda toʻlanadigan oylik mukofotlar ularning haqiqatda olingan vaqti boʻyicha emas, balki ular hisoblab yozilgan vaqt boʻyicha ish haqiga qoʻshiladi.
“Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik taʼtili boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan va sugʻurta badallari chegirilgan barcha mukofotlarning 1/12 qismi, nafaqa hisoblab chiqariladigan oylik ish haqiga qoʻshilib oʻrtacha oylik, kunlik ish haqi miqdori aniqlanadi. (Eslatma: keyinchalik bir oydan oshgan ish davri uchun toʻlanadigan qoʻshimchalar “Mukofotlar” deb ataladi)”.
Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi sababli toʻla ishlamagan, homiladorlik va tugʻish, bola uch yoshga toʻlgunga qadar bolaga qarash taʼtilida boʻlgan, harbiy oʻquv yoki sinov yigʻinlarida yoki boshqa korxonada ishlash uchun yuborilgan oylar mukofot summasi boʻlinadigan oylardan chiqarib tashlanadi. Agar hisoblash uchun uch oydan kam boʻlgan davr olinsa, har bir oyda chorak mukofotining uchdan biridan koʻp boʻlmagan qismi hisobga olinadi.
61. Avvalgi yoki joriy kalendar yilda ishga kirgan xodimga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik taʼtili boshlangunga qadar ish davrida hisoblangan mukofotlar hisobga olinadi, lekin u dastlabki 12 oydagidan koʻp boʻlmaydi va ularning yigʻindisi mana shu oylar soniga boʻlinadi. Agar mukofotlash tizimi mazkur korxonada yangidan joriy etilgan boʻlsa hamda toʻla boʻlmagan kalendar yili amal qilsa, shuningdek korxonada yoki aniq xodimda mukofotlash shartlari va tartibi oʻzgarsa, mukofotlar yuqoridagi tartibda hisobga olinadi.
62. Mehnatiga vaqtbay haq toʻlanadigan xodimlarga nafaqa hisoblab chiqarishda oylik ish haqi vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish taʼtili boshlangan kungacha olib kelingan doimiy ravishda olingan qoʻshimcha va ustamalarni qoʻshgan holda kunlik yoki soatbay tarif stavkasi va mazkur Nizomning 60-61-bandlariga binoan hisoblab chiqarilgan oʻrtacha oylik (oʻrtacha kunlik, oʻrtacha soatbay) mukofotlar summasi hisobga olinadi.
Agar xodim toʻliq boʻlmagan mansab maoshini olsa, nafaqa ham maoshning haqiqatda olinadigan qismi asosida hisoblab chiqariladi.
Nafaqani hisoblab chiqarish uchun oʻrtacha kunlik ish haqi mazkur bandda koʻrsatilgan ish haqi summasini vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik roʻy bergan oydagi barcha ish kunlariga (jadval boʻyicha) boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi. (Eslatma: ushbu va keyingi barcha hollarda ish vaqti soatlari normasi doirasida tuzilgan ish grafigi nazarda tutiladi).
Nafaqaning umumiy summasi kunlik nafaqani ushbu oyda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik tufayli (homiladorlik va tugʻish taʼtili) ishga kelmagan ish kunlari soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.
63. Ishbay ish haqi oluvchi xodimlarga nafaqa ularning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlangan oyning birinchi kunidan oldingi soʻnggi kalendar oydagi ish haqidan hisoblab chiqariladi hamda oylik ish haqiga ushbu Nizomning 60, 61-bandlariga binoan hisoblab chiqarilgan mukofotlarning oʻrtacha summasi qoʻshib hisoblanadi.
Agar koʻrsatib oʻtilgan oyda xodim toʻliq ishlamagan boʻlsa (masalan, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik tufayli), nafaqa mehnatga qobiliyatsizlik oyidagi haqiqiy ishlangan kunlari uchun ish haqidan hisoblab chiqariladi.
Agar koʻrsatilgan oydan xodim ish haqi olmagan boʻlsa (masalan, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik tufayli), nafaqa mehnatga qobiliyatsizlik oyidagi haqiqiy ishlangan kunlar uchun ish haqidan hisoblab chiqariladi.
Ushbu bandda nazarda tutilgan nafaqa hisoblab chiqarish tartibi ish haqi miqdori ishlab chiqarishga bogʻliq boʻlgan, shuningdek vaqtbay mehnat haqi oluvchi, ushbu oyning ish haqi bilan birgalikda oylik mukofoti oluvchi xodimlarga nisbatan ham qoʻllanadi.
Nafaqani hisoblab chiqarish uchun oʻrtacha kunlik ish haqi Nizomning ushbu bandi hamda 65-bandida koʻrsatilgan ish haqini ushbu ish haqi olingan davrdagi jadval boʻyicha barcha ish kunlari soniga taqqoslash yoʻli bilan aniqlanadi. Bunda ish haqi taqsimlanadigan ish kunlari soniga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik kunlari, homiladorlik va tugʻish taʼtili, navbatdagi va qoʻshimcha taʼtillar, shuningdek ozod etilgan kunlar qoʻshilmaydi.
Kunlik nafaqa oʻrtacha kunlik ish haqiga asoslangan holda va tayinlangan nafaqa miqdorining ish haqiga foizligiga bogʻliq (ushbu Nizomning 28, 29, 44-bandlari talabini eʼtiborga olgan) holda hisoblanadi. Nafaqaning umumiy summasi kunlik nafaqani vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili tufayli ishga kelmagan ish kunlari soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.
64. Jamoa xoʻjaligi aʼzolariga, shu jumladan mexanizatorlar va mutaxassislarga nafaqa umumiy asoslarda hisoblab chiqariladi.
Agar jamoa xoʻjaligida keyinchalik hisob-kitob qilinadigan (davr boʻyicha, yil oxirida) avansli haq toʻlash amalga oshirilsa, nafaqa vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik (homiladorlik va tugʻish taʼtili) boshlangan kungacha olingan avansdan hisoblab chiqariladi, hisob-kitoblar amalga oshirilgandan keyin esa jamoa xoʻjaligi aʼzosiga ish haqi boʻyicha nafaqani qayta hisob-kitob qilish amalga oshiriladi.
Agar mehnatga haq toʻlash pul bilan berilmasdan, mehnat kunlari yozilsa, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik (homiladorlik va tugʻish taʼtillari) mehnat kunlari boʻyicha haq toʻlanadigan kungacha boshlansa, nafaqa eng kam ish haqidan toʻlanadi va keyinchalik qayta hisob-kitob qilinib beriladi.
65. Agar nafaqani hisoblab chiqarish uchun ish haqi asos qilib olinadigan vaqt mobaynida xodimning ish haqi miqdori oʻzgarsa, nafaqani hisoblashda ish haqi oʻzgargan kundan boshlab toʻlangan ish haqi olinadi.
Xodim uzrli sabablarga koʻra ish haqiga ega boʻlmagan, amaldagi qoidalarga muvofiq ish haqidan nafaqa hisoblab chiqarilishi lozim boʻlgan hollarda nafaqa tarif stavkasi (lavozim maoshi) va mukofotlarning oʻrtacha oylik summasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilishi lozim. Bunda tarif stavkasi yoki eng kam ish haqi tuman koeffitsiyenti va ustamalar belgilangan tumanlar va joylarda ishlaganlik uchun beriladigan ustamalarni hisobga olgan holda asos qilib olinadi.
66. Agar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish davrida ish haqi oʻzgargan boʻlsa, shu davrdan boshlab nafaqa miqdori ham tegishli ravishda qayta hisoblab chiqariladi.
Agar nafaqa hisoblab chiqarilgan ish haqiga qoʻshimcha haq hisoblangan boʻlsa, nafaqa ham tegishli ravishda oshadi.
67. Agar xodim shtatdagi asosiy ish boʻyicha toʻla mansab maoshi olmasa va shu tufayli u oʻsha yoki boshqa korxonada oʻrindoshlik bilan ishlasa, nafaqa har ikkala ish joyidagi umumiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.
68. Agar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili vaqtinchalik ishda boʻlmagan xodimni almashtirish davrida boshlangan boʻlsa va agar shu munosabat bilan vaqtincha ishlamaganning oʻrnida ishlaganga yuqoriroq ish haqidan hisoblab chiqariladi, lekin u oʻrniga ishlab turish davom etishi kerak boʻlgan kunidan oshmasligi lozim, agar bunday kun belgilanmagan boʻlsa vaqtincha ishda boʻlmagan xodim ishga kirishgan kundan oshmasligi lozim.
69. Agar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili ish vaqtida boshlangan boʻlsa va korxona, sex, boʻlimning ishni vaqtincha toʻxtatishi davrida davom etsa, ish toʻxtagan davr uchun nafaqa oʻsha kasb va malakaga ega boʻlgan xodimlarga mana shu davr uchun toʻlanadigan ish haqi miqdorida beriladi, lekin u ushbu nafaqani hisoblab chiqarishning umumiy qoidalari boʻyicha olishi kerak boʻlgan nafaqadan oshmasligi lozim.
Agar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili ishning vaqtincha toʻxtashi davrida boshlangan boʻlsa, ish toʻxtagan davr uchun nafaqa Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 155-moddasida belgilangan ish toʻxtagan davrda saqlanadigan ish haqi miqdorida beriladi.
70. Agar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili (qachon boshlanishidan qatʼi nazar) korxona (sex, boʻlim)ning ishga tushirilishidan yoki tugatilishidan keyin ham davom etsa, ishga tushirilgandan yoki tugatilgan kundan boshlab nafaqa xodim ish toʻxtagunga qadar olgan ish haqi hisob-kitobidan kelib chiqqan holda beriladi.
71. Agar xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasini ish haqiga ustamalar belgilangan tumanlarda ishlash davrida olgan boʻlsa, bu tumanlar va joylardan tashqarida boʻlgan vaqt uchun vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa (shu jumladan mehnat jarohati olish yoki kasb kasalligi munosabati bilan) ustamalar hisobga olinmagan holda hisoblab chiqariladi.
Ushbu qoida homiladorlik va tugʻish nafaqasini hisoblab chiqarishda qoʻllanilmaydi.
72. Ish haqiga ustama yoki muayyan muddatga yoxud muayyan joyda vaqtinchalik boʻlganligi uchun ish haqiga oshirilgan koeffitsiyent belgilangan xodimga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa bu ustama yoki koeffitsiyent hisobga olingan holda ustama yoxud oshirilgan koeffitsiyent belgilangan kungacha, yo esa vaqtinchalik boʻlganligi munosabati bilan ular toʻlangan joydan chiqib ketgan kungacha beriladi.
Nafaqa oyiga bir marta vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davridagi ish kunlari toʻgʻri kelgan oyning ikkinchi yarmi ish haqi bilan birga toʻlanadi.
VIII. MEHNATKAShLARNING ALOHIDA TOIFALARIGA NAFAQALAR HISOBLAB ChIQARIShNING TARTIBI
73. Gazetalar va jurnallar, telegraf agentliklari, axborot agentliklari, nashriyotlar, radio va televideniyening ijodiy xodimlariga mualliflik (sahnalashtirganlik uchun) mukofoti ham hisobga olinib ish haqi toʻlash yoki mualliflik ishi uchun oladigan mukofotidan kelib chiqadigan stavka boʻyicha haq toʻlash amalga oshiriladigan boshqa korxona, tashkilot va muassasalarning xodimlariga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish nafaqasi sugʻurta badali joriy qilinib, mualliflik (sahnalashtirganlik uchun) mukofotini ham hisobga olgan holda mazkur korxona, tashkilot va muassasada toʻlangan haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.
Mualliflik (sahnalashtirganlik uchun) mukofoti oʻrtacha ish haqiga ushbu Nizomning 60-bandida bayon qilingan qoidalar boʻyicha qoʻshiladi.
74. Maʼlum normadagi ishni bajarganlaridan soʻng mansab maoshini oluvchi xodimlarga (artistlar va boshqalar) nafaqa, shu jumladan, mehnatda mayiblanganlik, kasb kasalligi, shuningdek homiladorlik va tugʻish nafaqasi vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlangan oyning birinchi sanasidan oldingi kalendar oyidagi ish haqidan hisoblab chiqariladi.
75. Ish sharoitlariga koʻra yilning turli davrlari boʻyicha turlicha ish haqlari belgilangan taqdirda (dengiz, daryo floti va baliqchilik sanoati floti ekipajlari aʼzolaridan tashqari), nafaqa xodim oʻz ish joyida qolgan taqdirda oladigan ish haqi miqdoriga qarab belgilanadi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik maʼlum bir davrda boshlanib ikkinchi davrda davom etgan taqdirda ikkinchi davrning ish haqi boʻyicha nafaqa ishlovchilar uchun ish haqi oʻzgargan muddatdan boshlab toʻlanadi. Mehnatga ishbay asosida haq toʻlaganda yuqorida qayd etilgan hollarning ikkinchi davri uchun nafaqa ishbaychining tarif stavkasidan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
Daryo floti hamda baliq sanoati floti ekipajlari aʼzolariga nafaqa vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili boshlangan yildan oldingi kalendar yildagi haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik sobir boʻlgan yilda ishga kirgan shaxslarga, shuningdek toʻliq kalendar yil ishlamaganlar uchun nafaqa hisoblab chiqarishda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik sodir boʻlgan davrdan oldingi vaqtdagi ish haqi inobatga olinadi.
Kunlik oʻrtacha ish haqi miqdori oʻtgan yil davomida olingan ish haqi yigʻindisini oʻsha yilning kalendar kunlariga taqsimlangan holda belgilanadi. Bunda yillik ish haqi boʻlinadigan kunlardan bayram va dam olish kunlari, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻlgan kunlar, homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtillar, shuningdek, qonunchilikda koʻzda tutilgan boshqa hollar boʻyicha ishdan ozod qilingan kunlar olib tashlanadi.
Boshqa dam olish kunlari (otgul) uchun nafaqa lavozim maoshidan (tarif stavkasidan) kelib chiqqan holda toʻlanadi.
Dengiz va daryo flotlari, baliq sanoati floti ekipajlarining vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik (homiladorlik va tugʻish taʼtili) kunlari haq toʻlanmaydigan zaxirada (rezervda) boʻlgan davrga toʻgʻri kelgan hollarda nafaqa toʻlanmaydi.
76. Ish soatlarini hisoblab chiqish imkoni boʻlmagan xodimlarga (uyda ishlovchilarga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini, ikkilamchi va boshqa xil ashyolarning shtatli tayyorlovchilariga, oziq-ovqat chiqindilarini yigʻuvchilarga, tarqatma va tashish savdosi sotuvchilariga, suratga olish korxonalari agentlariga va boshqa shunday toifadagi xodimlarga (ishga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish munosabati bilan tayinlanadigan nafaqa soʻnggi 12 oy ish mobaynidagi kunlik oʻrtacha ish haqi miqdoridan kelib chiqqin holda belgilanadi.
Ushbu korxonada 12 oydan kam ishlagan shaxslarga nafaqalar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish munosabati bilan beriladigan taʼtilga qadar ishlangan vaqtning kunlik oʻrtacha ish haqidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Kunlik oʻrtacha ish haqi yuqorida aytib oʻtilgan davr uchun tayinlangan haqiqiy ish haqini mazkur davrning kalendar kunlariga boʻlib chiqish bilan aniqlanadi. Bunda ish haqi boʻlinayotgan kunlar hisobiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik kunlari, homiladorlik va tugʻish taʼtillari, asosiy va qoʻshimcha taʼtillar, shuningdek, amaldagi qonunchilikda koʻzda tutilgan ishdan ozod qilish kunlari qoʻshilmaydi.
Kunlik tarif stavkasi soatbay tarif stavkasini 40 ga koʻpaytirish va hosil boʻlgan summani 7 ga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi, kunlik hisob-kitob stavkasi yoki kunlik oʻrtacha oylik ish haqi hisob-kitob stavkasini oyning nafaqa toʻlanadigan barcha kalendar kunlariga boʻlib chiqish bilan aniqlanadi.
Nafaqa vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish munosabati bilan beriladigan taʼtilning barcha kalendar kunlariga toʻlanadi.
77. Shtatsiz xodimlar, agar ular mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan boʻlsalar, ijtimoiy sugʻurta boʻyicha nafaqa bilan taʼminlanadilar.
Barcha hollarda shtatsiz xodimlarga nafaqalar mazkur Nizomning 63-bandida ishbay ish haqi oluvchi xodimlar uchun belgilangan qoidalar boʻyicha haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.
Ishga chiqish grafigi oʻrnatilmagan shtatsiz xodimlarga nafaqa mazkur Nizomning 76-bandida belgilangan qoidalar boʻyicha hisoblab chiqariladi.
Soatbay mehnati uchun ish haqi oladigan shtatsiz xodimlarga (oʻquv yurtlari, kurslarning oʻqituvchilari, toʻgaraklar rahbarlari va hokazolar) nafaqalar har soat uchun toʻlangan toʻlovlardan kelib chiqib belgilanadi va vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili munosabati bilan (jadval) boʻyicha qoldirilgan ish soatlari uchun toʻlanadi.
78. Advokatlarga advokatlar kollegiyasi aʼzolariga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, shuningdek homiladorlik va tugʻish nafaqasi mazkur Nizomning 63-bandida ishbay ish haqi oluvchi xodimlar uchun belgilangan qoidalar boʻyicha hisoblab chiqariladi.
79. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini akkord-mukofot tizimi boʻyicha yetishtiruvchi davlat xoʻjaligi, jamoa xoʻjaligi va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalarida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish nafaqasi bajarayotgan ishlari va olayotgan haqlari hisob-kitob qilib borilayotgan xodimlargagina beriladi. Barcha hollarda shu jumladan mehnat jarohati olganda, kasb kasalligiga duchor boʻlganda, homiladorlik va tugʻish munosabati bilan taʼtilga chiqilganda nafaqa bajarayotgan mazkur ishlar uchun toʻlanadigan haqiqiy ish haqi miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
Nafaqa hisoblab chiqarishda oʻrtacha kunlik ish haqi nafaqani hisoblab chiqarish uchun olingan ish haqini (Nizomning 63-bandi) ish haqi olingan davrdagi kalendar kunlar soniga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi. Bunda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik (homiladorlik va tugʻish taʼtili) kunlari olib tashlanadi.
Nafaqa kalendar kunlari uchun toʻlanadi.
Agar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik (homiladorlik va tugʻish taʼtili) qishloq xoʻjalik ekinlarini parvarish qilish boshlangan davrga toʻgʻri kelganda va bu ishlar tamom boʻlganidan soʻng davom etgan taqdirda koʻrsatilgan davrning tugash kunidan boshlab mazkur Nizomning 75-bandiga binoan xodim bu davr mobaynida bajarishi lozim boʻlgan ishning tarif stavkasidan kelib chiqqan holda nafaqa hisoblab chiqariladi.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini parvarish qilish davri tugaganidan keyin xodim ishlamasligi kerak boʻlganda nafaqa toʻlash toʻxtatiladi.
80. Yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi, shu jumladan xususiy ijara (guruh) sharoitida yoki shaxsiy yordamchi dehqon (fermer) xoʻjaligida band boʻlgan xodimlarga shuningdek, alohida fuqarolar qoʻlida shartnoma asosida ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlayotgan xodimlarga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalarni hisoblab chiqarishda oʻtgan yilda Pensiya jamgʻarmasiga toʻlangan sugʻurta badallari summasidan kelib chiqib aniqlangan ish haqi asos qilib olinadi.
Oʻtgan yilda sugʻurta badallari toʻlanmagan boʻlsa, (yakka mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchilardan tashqari) koʻrsatib oʻtilgan xodimlarga nafaqa eng kam ish haqi miqdorida belgilanadi va u keyinchalik qayta hisob-kitob qilinadi.
81. Asosiy ish joyida ish haqini toʻla yoki qisman saqlab qolingan holda qishloq xoʻjaligida yoki boshqa korxonalarda ishlarni bajarish uchun yuborilgan xodimlarga ayni vaqt ichida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik hollari roʻy berganligi tufayli toʻlanadigan nafaqaning miqdori, ular mazkur ishlarni bajarishga yuborilgan paytda asosiy ish joylarida olgan ish haqi miqdoriga qarab belgilanadi va nafaqa asosiy ish joyidan umumiy asoslarda toʻlanadi.
82. Maktablarning, kurslarning (malaka oshirish), xodimlar tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv-kurs kombinatlarining, shuningdek malaka oshirish institutlarining tinglovchilariga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalar ular kurslarga, maktablarga, (institutlarga) korxona tomonidan yuborilganda va oʻqish davrida ularning ish haqlari toʻliq yoki qisman saqlangan taqdirda umumiy asoslarda beriladi.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqaning miqdori oʻquv davrida, stipendiyani hisobga olmagan holda, ularning saqlanadigan ish haqlari miqdoridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
83. Ishlab chiqarish praktikasi davrida ish haqi toʻlanadigan ish joylariga yoki lavozimlarga tayinlangan oliy oʻquv yurtlari talabalariga, oʻrta maxsus, hunar-texnika bilim yurtlari, umumiy taʼlim maktablari oʻquvchilariga ishlab chiqarish praktikasini oʻtash kunlariga toʻgʻri kelgan vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik hollari sodir boʻlganda yoki homiladorlik va tugʻish munosabati bilan berilgan taʼtillar boʻyicha ularga nafaqalar ishlab chiqarish praktikasini oʻtayotgan joylaridan umumiy qoida asosida toʻlanadi, ammo ishlab chiqarish praktikasi davom etishi lozim boʻlgan kundan koʻp boʻlmagan davr uchun toʻlanadi.
Qurilish obyektlarida va xalq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarida ishlash uchun tuzilgan mazkur bandning birinchi xatboshida koʻrsatib oʻtilgan shaxslar jumlasidan boʻlgan talabalar otryadlarining aʼzolariga ular otryadlarda ishlab yurgan davrda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlangan boʻlsa, nafaqa otryadda olgan ish haqidan hisoblab chiqariladi va ushbu Nizomning 21-bandida koʻzda tutilgan muddatlarda ish joyidan beriladi.
Talabalar otryadlaridan tashqari boshqa ishlarga yuborilgan oliy oʻquv yurtlari talabalariga, oʻrta maxsus, hunar-texnika bilim yurtlari, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilariga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik uchun toʻlanadigan nafaqa miqdori ular olayotgan ish haqlari miqdoridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Barcha hollarda, shu jumladan mehnatda jarohat olganda, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik kunlari uchun ish joyidan nafaqa beriladi.
Nafaqa faqat koʻrsatilgan ishlarni bajarish davri mobaynida toʻlanadi xolos.
84. Oliy va oʻrta maxsus bilim yurtlarini, klinik ordinaturani, hunar-texnika bilim yurtini tugatgan va belgilangan tartibda ishga yuborilgan shaxslarga (Nizomning 12 va 41-bandlari) vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish nafaqasining miqdori umumiy qoidalar boʻyicha aniqlanadi, hisoblab chiqarish esa ularning egallashlari lozim boʻlgan lavozim maoshlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
85. Axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nafaqa umumiy asoslarda beriladi. Bunda avvalgi ish joylarida jazoni oʻtayotgan shaxslarga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa miqdori jazoni oʻtash boshlanishiga qadar boʻlgan umumiy ish stajiga qarab belgilanadi.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish munosabati bilan mazkur shaxslarga beriladigan nafaqalar sud hukmi bilan ularning ish haqlaridan undirishlar ushlab qolingan holda amalga oshiriladi.
IX. NAFAQALARNI TAYINLASh VA TOʻLASh
86. Nafaqalar xodimning ish joyidan (uning mehnat daftarchasi saqlanayotgan joyda) korxona, tashkilot yoki muassasalarning Ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiyasi yoki shu ish uchun vakil qilingan komissiya aʼzosi tomonidan tayinlanadi. Komissiya, uning tarkibi va aʼzolari soni, raisi korxona, tashkilot, muassasa rahbarning buyrugʻi yoki xoʻjalik boshqaruvining qarori bilan tasdiqlanadi.
Komissiya jarohatlanish, kasb kasalligiga chalingan hollarida nafaqa tayinlaydi. U nafaqa toʻlashni rad etish, nafaqadan mahrum etish (toʻliq yoki qisman) yoki nafaqa olish huquqi yuzasidan kelib chiqqan nizolar boʻyicha, nafaqaning miqdori haqida qaror chiqaradi. U bemorning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi va boshqa hujjatlarining asosli ravishda va toʻgʻri berilganligini koʻrib chiqadi. Qolgan barcha hollarda nafaqalarni komissiyaning shu ishga vakil qilingan aʼzosi tayinlaydi.
Ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiya boʻlmagan korxonalarda nafaqalar maʼmuriyat tomonidan shu ishga vakil qilingan shaxs tomonidan tayinlanadi.
Yakka tartibda mehnat faoliyati bilan, ijara yoki shaxsiy dehqon xoʻjaligida band boʻlgan xodimlarga, shuningdek, alohida fuqarolar qoʻlida shartnoma asosida ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlayotgan xodimlarga nafaqalar Pensiya jamgʻarmasi tuman, shahar boʻlimlari tomonidan tayinlanadi va toʻlanadi.
Qurolli Kuchlar safidan ozod etilgandan keyin vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz boʻlib qolgan sobiq harbiy xizmatchilarga nafaqa mazkur Nizomning 4-bandiga binoan tayinlanadi.
87. Barcha nafaqalar mazkur Nizomga muvofiq maʼmuriyat tomonidan Pensiya jamgʻarmasi hisobidan toʻlanadi.
88. Agar xodimda oʻzi ishlab turgan korxonadan tashqarida (masalan, taʼtilda yoki xizmat safari chogʻida) vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlangan boʻlsa, nafaqalar uning ish joyidan tayinlanadi va toʻlanadi.
89. Xodimlar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlikning muddati tugaganidan soʻng ishga tushishning birinchi kuniyoq korxona maʼmuriyatiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasini taqdim etadilar. Kasallik davom etayotgan taqdirda navbatdagi ish haqi berilish vaqti kelganda ham vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi toʻlov uchun topshirilishi mumkin.
Maʼmuriyat vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasida “Tabelchi tomonidan” va “Kadrlar boʻlimi tomonidan toʻldiriladi” degan boʻlimlarga zarur maʼlumotlarni yozadi va vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasini (bemor haqidagi maʼlumotlar yozib imzo qoʻyiladi) nafaqa tayinlash uchun ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiyaga topshiradi.
90. Mehnatda mayiblanish (jarohat, kuyish, sovuq oldirish va hokazolar) tufayli vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlanganda nafaqa ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa sodir boʻlganlik haqidagi dalolatnoma (shakl N-1) mavjud boʻlganda tayinlanadi.
Agar baxtsiz hodisa boshqa shart-sharoitlarda roʻy bersa (uy sharoitida, ishga borish yoki ishdan qaytayotganda, davlat yoki jamoatchilik burchini bajarayotgan paytda va hokazolar), nafaqa roʻy bergan baxtsizlik sabablari maʼmuriyat tomonidan oʻrganib chiqilgandan keyingina tayinlanadi.
91. Agar jarohatlanish quyidagi sharoitlarda yuz bergan boʻlsa (qonunbuzarlik boʻyicha xatti-harakatlar qilish hollaridan tashqari) vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik ish jarayonida jarohatlanish tufayli boʻlgan deb hisoblanadi:
a) ish burchini bajarayotgan paytda (shu jumladan xizmat safari vaqtida), shuningdek maxsus topshiriq boʻlmagan holda ham korxona manfaatini koʻzlab qilingan xatti-harakatlar paytida;
b) Ish beruvchining transportida ishga borilayotgan yoki ishdan qaytayotganda;
v) ish vaqti davomida (shu jumladan belgilangan tanaffus vaqtini qoʻshganda) korxona hududida yoki biron bir boshqa ish joyida, ish boshlashdan oldin yoki ishdan keyin ish qurollarini, kiyim-kechaklarini va hokazolarni tartibga keltirish paytlarida;
g) ish vaqti davomida korxonaga yaqin boʻlgan joyda yoki boshqa ish joyida (belgilangan tanaffusni qoʻshganda), ichki mehnat tartib-qoidalariga zid kelmagan taqdirda yerlarda hozir boʻlish paytida;
d) asosiy ish bilan bogʻliq boʻlmasa ham, davlat va jamoatchilik oldidagi burchlarini bajarayotgan chogʻida;
e) inson hayotini qutqarish, huquq tartibotini, davlat va jamoa mulkini, shuningdek fuqarolar mulklarini muhofaza qilish boʻyicha fuqarolik burchini bajarayotgan paytida.
Donorlik vazifalarini bajarish natijasida mehnat qobiliyatining yoʻqotilishi mehnat jarohati tufayli yoʻqotilgan mehnat qobiliyati darajasiga tenglashtiriladi.
92. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa tayinlashda belgilangan tartibda tasdiqdan oʻtkaziladigan kasb kasalliklari roʻyxatida koʻrsatilgan kasalliklar kasb kasalliklari deb hisoblanadi.
93. Mazkur Nizomga binoan nafaqa olish huquqi ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiya yoki vakil qilingan komissiya aʼzosi har bir vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi boʻyicha toʻlov amalga oshirilishi lozim boʻlgan kunlar sonini va ish haqiga nisbatan belgilanadigan nafaqa miqdori foizini belgilaydi. Ushbu qaror nafaqa belgilash bayonnomasida qayd etiladi va komissiya raisi yoki vakil qilingan komissiya aʼzosining imzosi qoʻyilgan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasida qayd qilinadi.
Jarohat tufayli vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha nafaqa, agar uning ahvoli komissiya majlisiga kelishga imkon bergan taqdirda nafaqa oluvchining ishtirokida tayinlanadi. Nafaqadan mahrum etish yoki nafaqani butunlay yoki qisman toʻlashni rad etish masalasi ham nafaqa oluvchining ishtirokida koʻrib chiqiladi.
94. Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi boʻyicha nafaqa olish huquqiga ega boʻlmagan taqdirda ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiya nafaqa bermaslik toʻgʻrisida qaror chiqaradi. Buning sabablari vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasida qayd qilinadi.
Bemor tomonidan shifokor koʻrsatmalarining buzilishi, uning mast holda yoki mastlik bilan bogʻliq boʻlgan xatti-harakatlari oqibatida kasallik kelib chiqqanda yoki jarohat olingan taqdirda mazkur Nizomning 26 va 27-bandlarida koʻzda tutilgan boshqa holatlarda sugʻurta boʻyicha komissiya nafaqa toʻlanishidan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bu hol nafaqa belgilash bayonnomasida va vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasida nafaqadan mahrum etilish sabablari koʻrsatilgan holda qayd qilinadi.
95. Nafaqa tayinlangandan soʻng ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiya yoki vakil qilingan komissiya aʼzosi korxonaning hisob-kitob boʻlimiga nafaqa chiqarish va toʻlash uchun vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasini topshiradi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalari, shu jumladan toʻlanmaydiganlari ham nafaqa tayinlash majlis bayonnomasida imzo qoʻyilgandan soʻng topshiriladi.
Toʻlanadigan va toʻlanmaydigan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalari shuningdek, nafaqa olish uchun taqdim etilgan barcha boshqa hujjatlar korxona buxgalteriyasida pullik hujjatlarga teng holda saqlanadi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalari barcha xarajat hujjatlaridan boʻlak holda saqlanadi.
96. Ish vaqtini, umumiy ish stajini hisobga olib borish, ijtimoiy sugʻurta boʻyicha nafaqalar toʻlash hisob-kitoblarini qilishda elektron-hisoblash mashinalari (EHM) qoʻllaniladigan korxonalarda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalari maʼmuriyat tomonidan hisoblash markaziga topshiriladi. U yerda ikki nusxada nafaqa tayinlash va ijtimoiy sugʻurta boʻyicha belgilangan shaklda nafaqaning miqdori hisoblab chiqilgan qaydnoma tuziladi.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalari EHMda hisob-kitoblarni chiqarish uchun masʼul shaxsning imzosi qoʻyilgan ikki nusxadagi toʻlov qaydnomasi bilan birga aniq muddatlarda (maoshlar boʻyicha hisob-kitob qilishga 5-6 kun qolganda) ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiyaga topshiriladi.
Komissiya hisob-kitobning, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasining davolash muassasasi tomonidan toʻldirilishining toʻgʻriligini, zarur hollarda boshqa hujjatlarni ham (baxtsiz hodisalar toʻgʻrisidagi dalolatnomalar va boshqalar) tekshiradi va nafaqa tayinlash belgilangan hollarda esa nafaqadan mahrum qilish boʻyicha farmoyish chiqaradi. Ikki nusxadagi toʻlov qaydnomalar ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
Toʻlov qaydnomasining bir nusxasi vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi bilan buxgalteriyaga yuboriladi. Ular tekshiruvdan oʻtkazilgandan soʻng bosh (katta) buxgalter tomonidan imzolanib, hisoblash markaziga uzil-kesil hisob-kitob qilish va nafaqa summasini ish haqi toʻlash qaydnomasiga kiritish uchun qaytarib yuboriladi. Shundan soʻng toʻlov qaydnomasi vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalari bilan saqlash uchun buxgalteriyaga topshiriladi.
Toʻlov qaydnomasining ikkinchi nusxasi esa nafaqa tayinlash bayonnomasi sifatida ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiyada saqlanadi.
Nafaqa chiqarishda mazkur bandda koʻrsatilgan qoidaga muvofiq, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasining orqa tomoni toʻldirilmaydi.
“Buxgalteriya tomonidan toʻldiriladi” degan boʻlimdagi maosh va uning asosida chiqarilgan nafaqa miqdori haqidagi maʼlumotlar EHMda tayyorlanadi, EHMda hisob-kitob ishlari uchun masʼul shaxsning va bosh (katta) buxgalterning imzolari boʻlgan toʻlov qaydnomada keltiriladi. Toʻlov qaydnomalari kasallik varaqasiga qoʻshib qoʻyiladi.
Nafaqalarni mashina-hisoblash stansiyalarida hisoblab chiqaradigan korxonalarda xuddi shunday tartibda nafaqalar tayinlanadi va vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalari rasmiylashtiriladi.
98. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha tayinlanadigan nafaqa ish haqi toʻlash uchun belgilangan muddatlarda beriladi. Sil kasalligi sanatoriyasida davolanish uchun beriladigan taʼtil kunlariga nafaqa xuddi shunday tartibda toʻlanadi. Boshqa turdagi sanatoriyalarda davolanish uchun beriladigan taʼtillarni toʻlash xodim sanatoriyadan qaytgandan soʻng amalga oshiriladi. Bunda ijtimoiy sugʻurta komissiyasiga yoki vakil qilingan komissiya aʼzosiga agar bir tomonga borish vaqti bir sutkadan ortiq boʻlsa, sanatoriyada boʻlgan vaqt koʻrsatilgan “yoʻllanmaning qaytish tomoni”, shuningdek, yoʻl chiptalari topshirilgandagina nafaqa beriladi. Yoʻllanma boʻyicha foydalanilmagan kunlar, sanatoriyaga, shuningdek yetib borish yoki qaytish yoʻli belgilangan muddatdan ortiq boʻlganlik uchun nafaqa berilmaydi.
99. Homiladorlik va tugʻish nafaqasi tugʻishdan oldin amalda foydalanilgan kunlarning sonidan qatʼi nazar, taʼtilning toʻliq davri uchun bir yoʻla toʻlanadi.
100. Bola tugʻilganda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani olish uchun ota yoki ona ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiyaga fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi FXDE tomonidan berilgan bolaning tugʻilganlik haqidagi maʼlumotnomani topshirish lozim. Berilgan hujjatlar asosida vakillik qiluvchi komissiya aʼzosi nafaqa olish huquqini belgilaydi va belgilangan miqdorda uni tayinlash toʻgʻrisida qaror chiqaradi. U nafaqa tayinlash bayonnomasiga yozilib qoʻyiladi. FXDE boʻlimi tomonidan berilgan maʼlumotnomaning orqa tomonida vakillik qiluvchi komissiya aʼzosining imzosi bilan nafaqa tayinlanganligi va uning miqdori haqida yozib qoʻyiladi. Shundan soʻng hujjatlar korxonaning hisob-kitob qilish boʻlimiga topshiriladi. Korxona shu kunning oʻzidayoq nafaqani berishi lozim.
Bola tugʻilganligi haqidagi maʼlumotnoma yoʻqotilgan taqdirda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa FXDE boʻlimlari tomonidan berilgan bola tugʻilganligi haqidagi takroriy maʼlumotnomaning hamda otaning ish joyidan (oʻqish joyidan) nafaqa olmaganligi haqidagi maʼlumotnoma topshirilganidan soʻng berilishi mumkin.
101. Xodimning vafoti tufayli uni koʻmish marosimini oʻtkazish uchun ijtimoiy sugʻurta komissiyasiga FXDE boʻlimi tomonidan berilgan vafot etganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani topshirib nafaqa olinadi. Oila aʼzosi vafot etganda esa vafot etganlik haqidagi maʼlumotnomadan tashqari uy-joydan foydalanish idorasi (binodan foydalanish direksiyasi, mahalliy oʻz-oʻzini boshqarish organlari, shu jumladan mahalla “Oqsoqollari Kengashi” tomonidan vafot etgan shaxsning xodim bilan qarindoshlik aloqalari borligi va u xodimning qaramogʻida boʻlganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma ham topshirilishi lozim.
Topshirilgan hujjatlar asosida vakil qilingan komissiya aʼzosi nafaqa olish huquqini, uning miqdorini belgilaydi va nafaqa tayinlash haqida qaror chiqaradi va nafaqa tayinlash bayonnomasiga yozib qoʻyiladi.
Vafot etganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaning orqa tomoniga vakil qilingan komissiya aʼzosining imzosi bilan nafaqa tayinlanganligi va uning miqdori haqida yozib qoʻyiladi. Shundan soʻng barcha hujjatlar korxonaning hisob-kitob boʻlimiga topshiriladi. Nafaqa oʻsha kunning oʻzidayoq toʻlanishi lozim.
102. Korxona tugatilgan taqdirda nafaqa mazkur Nizomda belgilangan qoidaga koʻra tugatilgan korxonaning oʻrnida tashkil etilgan korxona yoki Pensiya jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlinmalarining koʻrsatmasi bilan boshqa korxona tomonidan beriladi.
103. Yakka tartibda mehnat faoliyati, ijara yoki shaxsiy dehqon xoʻjaligida band boʻlgan, shuningdek alohida fuqarolar qoʻlida shartnoma asosida ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlayotgan fuqarolar nafaqa olish uchun vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalarini, bola tugʻilganlik haqidagi maʼlumotnomani va vafot etganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani Pensiya jamgʻarmasining tuman, shahar boʻlimlariga topshiradilar. Topshirilgan hujjatlar asosida Pensiya jamgʻarmasining boʻlim vakili nafaqa tayinlash toʻgʻrisida qaror chiqaradi va u bayonnomaga yozib qoʻyiladi.
Nafaqa tayinlashda mazkur Nizomning 93—101-bandlarida belgilangan qoidalar qoʻllaniladi.
104. Hisoblab yozilgan, lekin hali olinmagan nafaqa, xodimga olinmagan ish haqini toʻlash muddatlari davomida toʻlanadi.
105. Ortiqcha toʻlab yuborilgan nafaqa summasi, agar ortiqcha toʻlash sanashda (arifmetik) adashish yoki nafaqa oluvchining qalbaki maʼlumotnoma taqdim qilishi (hujjatlarga oʻzgartish kiritish va hokazolar) tufayli sodir boʻlgan boʻlsa, nafaqa oluvchidan qonun asosida undirib olinadi.
Chegirish keyingi safar toʻlanadigan nafaqa yoki ish haqidan amalga oshiriladi. Har safar xodim olishi kerak boʻlgan summadan 20 foizdan ortiq boʻlmagan summa chegirib qolinadi. Chegirib qolish korxonaning hisob-kitob boʻlimi orqali ijtimoiy sugʻurta komissiyasining qarori asosida amalga oshiriladi. Bu qaror sanash jarayonida yoʻl qoʻyilgan xato tufayli ortiqcha toʻlash sodir boʻlganda nafaqa tayinlangan kundan 3 oydan kechiktirmay, oʻz huquqini suiisteʼmol qilish boʻyicha sodir boʻlganda esa cheklangan muddatda qabul qilinishi mumkin.
Agar xodim mazkur korxonada ishlamayotgan boʻlsa, unga ortiqcha toʻlab yuborilgan nafaqa summasi sud orqali undirib olinadi. Nafaqa olishda suiisteʼmollikda ayblanganlar (qalbakichilik, hiyla-nayrang, hujjatlarga oʻzgartishlar kiritish va hokazolar) boʻyicha hujjatlar qonunda belgilangan choralarni qoʻllash uchun huquq-tartibot organlariga yuboriladi.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va bola tugʻilganlik munosabati bilan beriladigan nafaqalardan sudlarning qaroriga koʻra aliment undirish yoki mayib qilganlik yohud salomatlikka yetkazilgan boshqa zararni qoplash yoki boquvchining vafoti tufayli toʻlovlar chegiriladi. Nafaqalardan boshqa hech qanday chegirma amalga oshirilmaydi.
106. Xodimning vafoti kunigacha olinmay qolgan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik hamda homiladorlik va tugʻish nafaqasi u bilan birga yashagan oila aʼzolariga, shuningdek vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi tufayli vafot etganning qaramogʻida boʻlganlarga beriladi.
Xodimning vafot etgan kuniga qadar olinmagan nafaqa vafot etgan xodim bilan qarindosh va birga istiqomat qilganlik yoki vafot etganning qaramogʻida boʻlganlikni tasdiqlovchi dalil boʻlgan hujjat topshirilganidagina nafaqa berilishi mumkin.
Bola tugʻilganda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani olish huquqiga ega boʻlgan ona vafot etganda mazkur nafaqa otaga yoki uni oʻz tarbiyasiga olgan boshqa shaxsga beriladi.
107. Pensiya jamgʻarmasi mablagʻidan beriladigan nafaqa belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma boʻyicha toʻlanishi mumkin yoki fuqarolarning arizasiga binoan bank muassasalariga oʻtkazilishi hamda aloqa boʻlimi orqali joʻnatib turilishi mumkin. Nafaqani joʻnatish bilan bogʻliq boʻlgan chiqimlar nafaqa summasidan toʻlanadi.
108. Korxonaning bosh buxgalteri ijtimoiy sugʻurta komissiyasi bilan bir qatorda nafaqa toʻlash boʻyicha mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi uchun javobgardir.
Agar nafaqa tayinlash yoki xodimning umumiy ish stajini aniqlash paytida amaldagi qonunchilikda koʻzda tutilgan qoidalar buzilishiga yoʻl qoʻyilgan yoki toʻlov uchun taqdim qilingan hujjatlar notoʻgʻri rasmiylashtirilgan taqdirda bosh buxgalter toʻlovni amalga oshirmay, ularni yoʻl qoʻyilgan xatolar toʻgʻrisidagi yozma bayonnomasi bilan ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiyaga qaytarib berishi shart.
Ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiya bosh buxgalter xulosasi bilan rozi boʻlmagan taqdirda kelib chiqqan nizoni hal qilish uchun Pensiya jamgʻarmasining tuman, shahar boʻlimiga murojaat qiladi va uning qarori bajarilishi shart.
109. Pensiya jamgʻarmasi hududiy organlarining ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiyasi talabiga binoan korxona maʼmuriyati tekshirish oʻtkazish uchun joriy yilda va tekshirilayotgan yildan oldingi bir kalendar yilda toʻlanishi lozim boʻlgan nafaqalar hujjatlarini taqdim etadi. Boshqa davrlar boʻyicha tekshirishlar nafaqalar toʻlanadigan mablagʻlarni sarf qilishda suiisteʼmollik fosh etilgan taqdirda oʻtkaziladi.
110. Maʼmuriyat tomonidan mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalari buzulishi oqibatida xodimning mehnatda mayiblanganligi yoki kasb kasalligiga chalinganligi aniqlansa, korxona maʼmuriyati soʻzsiz tartibda Pensiya jamgʻarmasiga ushbu shikastlanish va kasallik sababli berilgan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqaga nafaqani toʻlashga ketgan xarajatlarni qoplashi lozim.
111. Nafaqalarni toʻlash uchun qilingan xarajatlar amaldagi qoidalarga xilof ravishda amalga oshirilganda korxona, tashkilot, muassasalar tomonidan qilingan xarajatlar Pensiya jamgʻarmasi hisobiga oʻtkazilgan badallar hisobiga qabul qilinmaydi va ular korxona hisobiga yozib qoʻyiladi.
112. Vakil qilingan ijtimoiy sugʻurta komissiyasi aʼzosi tomonidan qabul qilingan qaror ustidan Ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiyaga shikoyat qilinishi mumkin. Komissiyaning qarori ustidan Pensiya jamgʻarmasi tuman va shahar boʻlimlariga shikoyat qilinishi mumkin.
113. Nafaqalarni notoʻgʻri hisoblash va belgilash hamda toʻlash ustidan shikoyat tuman, shahar sudiga berilishi mumkin.
NIZOMNING 4-BANDINI QOʻLLANIShGA OID QOIDALAR
1. Ishdan boʻshagandan soʻng bir oy ichida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili boshlangan kun uning boshlanish kunini bildiradi. Bunda mazkur davrni hisoblab chiqarish ishdan boʻshagan kundan keyingi kundan boshlab amalga oshiriladi. Masalan, xodim 15-sentabrda boʻshatilgan. Boʻshatilgan kundan keyingi bir oylik davr 16-sentabrdan 15-oktabrgacha boʻlgan davrni tashkil etadi.
Koʻrsatib oʻtilgan davrni aniqlashda dam olish kunlari hisobdan chiqarilmaydi.
2. Pensiya jamgʻarmasining boʻlinmasi xodim ishdan boʻshagandan soʻng vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz boʻlib qolsa, (homiladorlik va tugʻish taʼtili boshlansa) uning mehnatga munosabati, oilasining tarkibi va moddiy ahvolini hisobga olgan holda unga nafaqa berish masalasini koʻrib chiqishga haqlidir.
Xodimning soʻnggi ish joyidagi ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiya uning ishga munosabati, oilasining tarkibiy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda Pensiya jamgʻarmasi shahar, tuman boʻlimiga iltimos xati bilan murojaat qiladi, ular oʻz navbatida qoʻyilgan masalani koʻrib chiqib, Pensiya jamgʻarmasi viloyat, Toshkent shahar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlinmasiga tegishli taklif bilan chiqishlari mumkin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidagi muddatli xizmatdan boʻshatilgandan soʻng bir oy ichida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlangan sobiq harbiy xizmatchilarga (zaxiraga boʻshatilgan muddatdan tashqari xizmatdagi ofitsyerlar va harbiy xizmatchilardan tashqari) nafaqa Pensiya jamgʻarmasi boʻlinmasi tomonidan ish haqining minimal miqdorini tayinlanib, toʻlanadi.
4. Ishdan boʻshagandan soʻng vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili boshlangan xodimlarga nafaqa hisoblab chiqarish va toʻlash ularning soʻnggi ish joylaridagi boʻshashdan olib kelgan ish haqidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
5. Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan hollarda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi beriladigan davr, mazkur masalani koʻrib chiqqan pensiya Jamgʻarmasi boʻlinmasi tomonidan kasallikning qancha davom etganligi, oilasining tarkibi va moddiy ahvolidan kelib chiqqan holda, lekin qoida boʻyicha tibbiy-mehnat ekspertizasiga (TMEK) yuborilishi belgilangan muddatdan koʻp boʻlmagan davr, belgilanadi.
“Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalarni tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi hamda “Ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiya haqida”gi nizomlar Oʻzbekiston Respublikasining quyidagi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining talablari asosida tayyorlandi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IV-sessiyasida qabul qilingan va 1996-yil 1-apreldan eʼtiboran amalga kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 282—288-moddalari talablariga mazkur Nizom muvofiqlashtirildi:
Yaʼni:
a) 283-moddaning 2 chi qismi “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi uchun badal toʻlash” Nizomning 6-bandiga;
v) 285-modda “Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi” Nizomning 28-bandiga;
g) 286-modda “Homiladorlik va tugʻish nafaqasi” Nizomning 36-banddan 44-bandlarigacha;
d) 287-modda “Bola tugʻilganda beriladigan nafaqa” Nizomning 45-banddan 50-bandlarigacha;
e) 288-modda “Dafn etish marosimi” uchun beriladigan nafaqa Nizomning 51-bandidan 56-bandlarigacha oʻz aksini topdi. Bundan tashqari Respublikamiz Mehnat kodeksining 153-modda (Nizomda 72-band), 155-modda (Nizomda 30 va 69-band), 230-modda (Nizomda 16-band), 233-modda (Nizomda 36-bandlar) qonuni talablari asosida.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 1994-yil 17-noyabrdagi “Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasini berish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma asosida;
3. “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalarni tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom 1994-yilning fevralida (08-3/91-sonli) tayyorlanib, shu yilning 3-fevralida Adliya vazirligi roʻyhatidan oʻtkazilgan Nizom asosida;
4. Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunining 37-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-maydagi 249-sonli qaroriga (12-ilova) asosan “Ijtimoiy sugʻurta boʻyicha nafaqalarni tayinlash uchun umumiy mehnat stajini aniqlash tartibi toʻgʻrisida” yoʻriqnoma tayyorlanib 1996-yil 25-iyunda Adliya vazirligi (257-soni bilan) roʻyxatidan oʻtkazilgan Yoʻriqnoma asosida;
5. Mazkur qarorga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy taʼminot vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi ishlab chiqqan “Sugʻurta badallarini hisoblash va toʻlash, jamgʻarma mablagʻlarini sarflash va hisobga olish tartibi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomani 1997-yil 8-yanvarda Oʻzbekiston Adliya vazirligi (297-soni bilan) roʻyxatdan oʻtkazilgan yoʻriqnoma asosida tayyorlandi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 27-dekabrdagi 459-sonli qarori bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi oʻrniga Oʻzbekiston Respublika Ijtimoiy taʼminot vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi tashkil qilindi. Mazkur qarorning 12-bandiga asosan Jamgʻarmaga meʼyoriy Nizom va yoʻriqnomalarni tayyorlash hamda muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur Nizomning kuchga kirishi munosabati bilan quyidagi Nizom va Yoʻriqnomalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasining 1994-yil 10-fevraldagi 08-3/91-sonli “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalarni tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasining 1994-yil 15-fevraldagi 08-3/104-sonli “Birlashma, korxona, jamoa xoʻjaligi, kooperativ, muassasa, tashkilot, oʻquv yurtining ijtimoiy sugʻurta boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisida”gi Nizom.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasining 1996-yil 15-martdagi “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalarni tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar (Roʻyxat 21-1-son 1996-yil 24-aprelda Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olingan).
4. “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalarni tayinlashda umumiy ish stajini hisoblash toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma 1996-yil 25-iyundagi 257-son tartiblari.