Jizzax viloyati Yangiobod tumani hokimining
Qarori
“Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni 2021-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash toʻgʻrisida”
Mazkur qaror Jizzax viloyati Yangiobod tumani hokimining 2021-yil 30-sentabrdagi 28-3-54-Q/21-sonli “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni 2022-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi asosida, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan Yangiobod tumanidagi korxona va tashkilotlarda 2021-yil mobaynida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 25-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga, “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan, tuman hududida joylashgan korxona tashkilot va muassasalarda 2021-yil uchun kvota ish oʻrinlari xodimlar soni 20 nafardan koʻpni tashkil etadigan korxona, tashkilot va muassasalarda xodimlarning roʻyxatdagi oʻrtacha sonining 10 foiz miqdorigacha, (shu jumladan, nogironlar uchun 3 foiz) jami 106 ta kvota ish oʻrinlari belgilash 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan Nizomning 3-bandiga muvofiq, korxona va tashkilotlarda joriy yilda ishga joylashtirib boʻlingan shaxslar ish oʻrinlari 2021-yil uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlari sonini belgilashda hisobga olinsin.
Shu jumladan:
a) oʻn toʻrt yoshgacha bolalari boʻlgan va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali, kichik yoshli ishlamagan ota-onalar uchun 7 foiz (20 kishi);
b) umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari 10 foiz (64 kishi);
v) safarbarlik chaqiruvi zahirasida xizmatni oʻtagan va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar 7 foiz (6 kishi);
g) nogironlar uchun 3 foiz (4 kishi);
d) pensiyaoldi yoshidagi shaxslar uchun 7 foiz (5 kishi);
e) jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sudning qaroriga koʻra tibbiy tusdagi majburlov choralari qoʻllanilishidan ozod qilingan shaxslar, 7 foiz ( 4 kishi);
j) odam savdosi qurbonlari uchun 3 foiz (3 kishi)
3. Shaxslarning koʻrsatib oʻtilgan toifalari uchun ish oʻrinlari sanitariya-gigiyena meʼyorlariga va xodim oʻz mehnat majburiyatlarini toʻsiqsiz bajarishini taʼminlaydigan mehnat qilish sharoitlariga muvofiq boʻlishi kerak.
4. Ish oʻrinlari zaxiraga qoʻyiladigan har bir korxona, tashkilot va muassasalarda kasblar va lavozimlar roʻyxati keltirib oʻtilsin.
5. Korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari yil boshlanishidan oldin 10 kundan kechikmay muhtojlarni ishga joylashtirish uchun muhtojlar uchun zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi miqdorida ish oʻrinlari zahiraga qoʻyilishi va tayyorligini taʼminlashi, shuningdek, bu haqda yil boshlangunga qadar tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazini xabardor qilishi shart.
6. Muhtojlar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini zahiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlanadi, bu haqda tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi birinchi chorak tamom boʻlgandan keyin 10 kundan kechikmay xabardor qilinsin.
Har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5 kunigacha tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha muhtojlarni ishga joylashtirish toʻgʻrisida axborot taqdim etilsin.
7. Ushbu qarorni bajarmagan tashkilotlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy jarima solinadi.
Belgilab qoʻyilsinki, mahalliy davlat hokimiyati organining ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish boʻyicha qarorini bajarmaganlik uchun jarimani toʻlaganlik tashkilotni band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonini tashkil etishdan ozod qilmaydi.
8. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilgan taqdirda ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga — har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida haq toʻlash; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-martdagi PQ-4227-son 1 bob, 2 bandi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilansin.
9. Tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi direktori (A. Yunusov)ga:
bir xafta muddatda ushbu qarorni ilovada koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va mazkur qarorning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
10. Tuman hokimligi axborot xizmati (D. Rajabov), “Yangiobod ovozi” tahririyati (J. Bobojonov), mazkur qaror hokimlikning www.yangiobod.jizzax.uz rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin hamda mahalliy matbuotda chop etilsin va uning ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
11. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
12. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2019-yil 30-sentabrdagi 1144-sonli qarori 2021-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari D. Mamadazimov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim I. MATIYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-avgust,
870-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2020-y., 11/20/870/1556-son)