Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKADA NAQD XORIJIY VALYUTANING MUOMALADA BOʻLIShINI TARTIBGA SOLISh ChORA-TADBIRLARINI AMALGA OShIRISh TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-yanvardagi 66-sonli “Jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib kirish va olib chiqib ketish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish choralari toʻgʻrisida”gi Farmonini bajarish va xorijiy valyuta harakati ustidan zarur nazoratni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani Oʻzbekiston Respublikasining boj olinadigan chegarasi orqali olib kirish va olib chiqib ketish tartibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin
Oldingi tahrirga qarang.
(3 va 4-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 30-iyundagi 250-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Bosh bojxona boshqarmasi temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari kesishadigan joylarda respublika chegarasi perimetri boʻylab, 2-ilovaga muvofiq shtatdagi xodimlari 327 nafar boʻlgan qoʻshimcha koʻchma va koʻchmas bojxona postlari barpo etishni tashkil qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1997-yilgi Davlat budjetini tuzishda Davlat soliq qoʻmitasiga bojxona organlarining qoʻshimcha xodimlarini, yangidan tashkil etilayotgan postlarni koʻrish va jihozlashni mablagʻ bilan taʼminlash uchun mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
6. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi chegara yaqinidagi temir yoʻl stansiyalarida zarur bojxona nazoratini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratsin, yangidan tashkil etilayotgan bojxona postlarini joylashtirish uchun zarur miqdorda xonalar ajratsin.
7. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1997-yil uchun markazlashtirilgan kapital mablagʻlar limitlari prognozlarini, qurilishlarning adresli dasturlarini tuzishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Bosh bojxona boshqarmasi obyektlarining birinchi navbatda kiritilishini nazarda tutsinlar.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari yerlar ajratish, bojxona postlari, majmuilari qurish, ularni zarur materiallar va asbob-uskunalar bilan taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni jadal hal etish boʻyicha komissiyalar tuzsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi hamda Energetika va elektrlashtirish vazirligi 1997-yil uchun oʻzlariga ajratiladigan kapital mablagʻlar umumiy hajmlari hisobiga bojxona postlari va majmuilariga zarur muhandislik kommunikatsiyalari oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
10. “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni oʻz mablagʻlari hisobiga mashinalar uchun zarur kirib kelish yoʻllari, toʻxtab turish joylari va avtomobillarning oʻtish joylarida dastlabki tekshirishdan oʻtkazish maydonchalari qurilishini taʼminlasin.
11. Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 14-fevraldagi 55-son qarorining 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu qarorning 1, 4 va 11-bandlari mazmunini xorijiy davlatlarning Tashqi ishlar vazirliklariga, chet mamlakatlar elchixonalariga, konsulxonalariga, xorijiy firmalarning vakolatxonalariga belgilangan tartibda maʼlum qilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 31-oktabr,
376-son
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegaralari orqali jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish
TARTIBI
Mazkur Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish choralari toʻgʻrisida” 1996-yil 24-oktabrdagi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan hamda jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari tomonidan naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish qoidalarini belgilaydi, shuningdek ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligini buzishga nisbatan qoʻllaniladigan choralarni nazarda tutadi.
Ushbu Tartib diplomatik daxlsizlikka ega boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
1. Naqd xorijiy valyutani olib kirish
1.1. Jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlariga Oʻzbekiston Respublikasi hududiga bojxona nazorati qoidalariga rioya qilgan holda cheklanmagan miqdorda naqd xorijiy valyuta olib kirishga ruxsat etiladi.
1.2. Olib kiriladigan naqd xorijiy valyuta unga deklaratsiya toʻldirish hamda bojxona organi xodimiga taqdim etish yoʻli bilan bojxona nazoratidan oʻtkaziladi.
Deklaratsiya toʻldirish belgilangan T-6 shaklidagi bojxona deklaratsiyasida olib kiriladigan valyuta summasi toʻgʻrisida yozma ravishda bayon qilish bilan amalga oshiriladi. Deklaratsiya ikki nusxada toʻldiriladi.
Xorijiy valyutaning naqdligi tekshirilganidan soʻng bojxona deklaratsiyasi belgilangan tartibda bojxona organi xodimi tomonidan tasdiqlanadi.
1.3. 5000 AQSh dollari qiymatidan ortiq boʻlmagan miqdordagi naqd xorijiy valyuta bojxona organi xodimi tomonidan tasdiqlangan bojxona deklaratsiyasining bir nusxasi berilgan holda oʻtkaziladi. Deklaratsiyaning ikkinchi nusxasi bojxona organida qoladi.
5000 AQSh dollari qiymatidan ortiq boʻlgan naqd xorijiy valyuta T-6 shaklidagi bojxona deklaratsiyasi oʻrniga bojxona organi xodimi tomonidan yozib beriladigan TS-28 shaklidagi guvohnoma berilgan holda oʻtkaziladi. Deklaratsiyaning ikkala nusxasi ham bojxona organida qoladi.
(1.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 16-apreldagi 161-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(1.4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 22-iyundagi 263-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2001-y., 12-son, 78-modda)
1.5. Taklif etuvchi tomon Oʻzbekiston Respublikasiga jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining Oʻzbekiston Respublikasiga kelishiga taklifni rasmiylashtirishda tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligiga taklif etiladigan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi buzilgan va ularda bu qonun buzilishlari uchun belgilangan jarimalarni toʻlash uchun mablagʻlar boʻlmagan taqdirda u ular uchun barcha moddiy javobgarlikni zimmasiga olishi toʻgʻrisida yozma kafolatli majburiyatni taqdim etadi.
2. Naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish
2.1. Respublikadan chiqib ketish chogʻida jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bojxona organiga ular tomonidan olib chiqib ketilayotgan naqd xorijiy valyuta deklaratsiya qilingan T-6 shaklidagi bojxona deklaratsiyasini taqdim etadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
2.2. Respublika tashqarisiga naqd erkin almashtiriladigan valyutani erkin olib chiqib ketish Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga 2000 AQSh dollariga teng miqdorda summa doirasida, norezidentlariga esa — bojxona deklaratsiyalari (T-6 shaklidagi kirish bojxona deklaratsiyasi yoki TS-28 shaklidagi guvohnoma)ga muvofiq olib kirilgan valyuta doirasida ruxsat etiladi. Koʻrsatilgan summadan ortiq naqd valyutani olib chiqib ketishga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish uchun bosh litsenziyaga ega boʻlgan vakolatli banklarning ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
(2.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 5-oktabrdagi 268-sonli qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 41-son, 442-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2.3, 2.4 va 2.5-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 16-apreldagi 161-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
3. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
(3.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 22-iyundagi 263-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2001-y., 12-son, 78-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
3.2. Jismoniy shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti bojxona organlarining mansabdor shaxslari xatti-harakatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
(3.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 16-apreldagi 161-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Bosh bojxona boshqarmasining bojxona chegarasi temir yoʻl, avtomobil va aviatsiya transporti bilan kesib oʻtiladigan joylarda yangidan tashkil etiladigan bojxona postlarining
ShTATLAR SONI
|
Tartib raqami |
Mintaqalar |
Postlar soni |
Shtatlar soni (nafar) |
| 1. | Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 2 | 24 |
| | viloyatlar: | | |
| 2. | Andijon viloyati | 1 | 14 |
| 3. | Buxoro viloyati | 1 | 32 |
| 4. | Jizzax viloyati | 1 | 14 |
| 5. | Qashqadaryo viloyati | 1 | 12 |
| 6. | Navoiy viloyati | 1 | 20 |
| 7. | Namangan viloyati | 1 | 14 |
| 8. | Samarqand viloyati | 1 | 18 |
| 9. | Surxondaryo viloyati | 3 | 48 |
| 10. | Sirdaryo viloyati | 1 | 22 |
| 11. | Toshkent shahri | 2 | 39 |
| 12. | Toshkent viloyati | 2 | 38 |
| 13. | Fargʻona viloyati | 1 | 14 |
| 14. | Xorazm viloyati | 2 | 18 |
| | JAMI: | 20 | 327 |