O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2019 — 2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida
Mamlakatda tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash hamda hududlarni bir maromda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 8-9-iyul kunlari Toshkent shahrida “yashil” iqtisodiyot bo‘yicha normativ-huquqiy bazani va siyosatni takomillashtirish, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi sheriklik munosabatlari orqali innovatsion “yashil” investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Yevropa va MDH davlatlarining “yashil” iqtisodiyot bo‘yicha mintaqaviy vazirliklar konferensiyasi o‘tkazildi.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil iqlimning o‘zgarishi sharoitida samarali, resurs tejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni ta’minlashda o‘zaro bog‘liq muammolar va ehtiyojlar mavjudligini ko‘rsatdi.
Xususan, jadallashayotgan sanoatlashtirish va aholi sonining ortishi iqtisodiyotning resurslarga bo‘lgan ehtiyojini sezilarli darajada oshirmoqda, shuningdek, atrof muhitga salbiy antropogen ta’sirni kuchaytirmoqda va issiqxona gazlari ajratmalarining ortishiga olib kelmoqda.
Iqtisodiyot energiya samaradorligining past darajasi, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish, texnologiyalar yangilanishining sustligi, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun innovatsion yechimlarni joriy etishda kichik biznes ishtirokining yetarli emasligi mamlakatni barqaror rivojlantirish sohasidagi ustuvor milliy maqsadlar va vazifalarga erishishga to‘sqinlik qilmoqda.
Uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi “yashil” texnologiyalarni joriy etish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rishni ta’minlashga imkon bermayapti.
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, shuningdek, Parij bitimi (Parij, 2015-yil 12-dekabr) majburiyatlari bajarilishini va O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishining asosiy vazifalari etib belgilansin:
texnologik modernizatsiyalash va moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish orqali iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
davlat investitsiyalari va xarajatlarining ustuvor yo‘nalishlariga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan “yashil” mezonlarni kiritish;
davlat tomonidan rag‘batlantirish mexanizmlarini, davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni faollashtirish orqali “yashil” iqtisodiyotga o‘tish yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
ta’limga investitsiyalar kiritishni rag‘batlantirish, yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish hisobiga “yashil” iqtisodiyotdagi mehnat bozori bilan bog‘liq kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish;
Orolbo‘yidagi ekologik inqirozning salbiy ta’sirini yumshatish choralarini ko‘rish;
“yashil” iqtisodiyot sohasida, shu jumladan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalar tuzish orqali xalqaro hamkorlikni mustahkamlash.
2. Quyidagilar:
a) 2019 — 2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va quyidagilar uni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari energiya samaradorligini oshirish;
energiya resurslari iste’molini diversifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish;
iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va tabiiy ekotizimlarni asrash;
“yashil” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlarini ishlab chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilansin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:
(4-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
Strategiyada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish;
Idoralararo kengashga, shu jumladan uning ishchi organi faoliyatini tashkil etish orqali har tomonlama ko‘maklashish;
“yashil” iqtisodiyotni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha hisobotlar yuritishning o‘z vaqtida tashkil etilishini ta’minlash.
5. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari va maslahatchilariga — Strategiyada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziriga — yalpi ichki mahsulotning uglerod sarfi hajmini kamaytirish, sof va ekologik xavfsiz texnologiyalar va sanoat jarayonlarini qo‘llagan holda sanoat korxonalari infratuzilmasini modernizatsiyalash;
O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziriga — energiya samaradorlik ko‘rsatkichlarini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, ekologik jihatdan yaxshilangan tavsiflarga ega motor yoqilg‘isini ishlab chiqarishni va undan foydalanishni kengaytirish, zamonaviy, arzon va ishonchli energiyadan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziriga — asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘rtacha mahsuldorligi va hosildorligini oshirish, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini samarali joriy etish, shuningdek, yerlarning tanazzulga uchrashi bo‘yicha neytral balansga erishish;
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri hamda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziriga — suvdan foydalanish samaradorligini oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisiga — “yashil” iqtisodiyotni joriy etish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilishini ekologik qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish va ta’minlash hamda atrof tabiiy muhit holati monitoringi natijalarini umumlashtirish;
(5-bandning uchinchi — yettinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar rahbarlariga — Strategiyada nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Strategiyada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va boshqa xorijiy donorlarning kreditlari va grantlarini jalb qilishni ta’minlasin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 4-oktabr,
PQ-4477-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PQ-4477-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
2019 — 2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish
STRATEGIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Parij bitimini (Parij, 2015-yil 12-dekabr) ratifikatsiya qildi va uni amalga oshirish yuzasidan milliy miqyosda belgilanadigan hissa bo‘yicha — 2030-yilga qadar issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 10 foizga qisqartirish miqdoriy majburiyatini qabul qildi.
Parij bitimi majburiyatlarini bajarish doirasida issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish bo‘yicha o‘rta muddatli ustuvor vazifalar mamlakatda iqtisodiyotning energiya va resurs sarfi hajmini kamaytirish, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, Orolbo‘yida ekologik tanglik oqibatlarini bartaraf etishni nazarda tutadigan qator strategik va tarmoq rejalari, dasturlari, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar orqali amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning energiya samaradorligi yetarli darajada emasligi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik, texnologiyalar yangilanishining sustligi, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun innovatsion yechimlarni joriy etishda kichik biznesning faol ishtirok etmayotgani milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning ustuvor maqsadlariga erishishga to‘sqinlik qilmoqda.
Mavjud muammolarni hal etish uchun iqtisodiy rivojlanish jarayonlariga iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida kam uglerod sarflagan holda rivojlanish va resurslarni tejash, samarali va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, barqaror qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini integratsiya qilish orqali tabiiy va energiya resurslaridan foydalanish usullarini tubdan o‘zgartirish talab etiladi.
Bunda uzoq muddatli istiqbolda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanishi kerak:
barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsad va vazifalarga muvofiqlik;
resurslardan oqilona foydalanish, barqaror iste’mol va ishlab chiqarish;
iqtisodiy hisob tizimiga ekologik va ijtimoiy mezonlarni kiritish;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadlariga erishish uchun “yashil” vositalar va yondashuvlarni qo‘llash ustuvorligi;
eng muhim tarmoqlarda raqobatbardoshlikni oshirish va ko‘rsatkichlarni yaxshilash, “yashil” ish o‘rinlarini yaratish, aholining farovonligini oshirish orqali mavjud makroiqtisodiy maqsadlarga erishish;
resurslardan samarali foydalanish tadbirlarining investitsion jozibadorligini ta’minlash.
Shu munosabat bilan iqlim o‘zgarishi masalalarini milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga integratsiya qilishga yo‘naltirilgan 2019 — 2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etadi.
2-bob. Strategiyaning maqsad va vazifalari
1. Strategiyaning asosiy maqsadi mamlakatda amalga oshirilayotgan tuzilmaviy islohotlarga “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini integratsiya qilish orqali ijtimoiy rivojlanishga, issiqxona gazlarining ajratmalari darajasini pasaytirishga, iqlim va ekologiya barqarorligiga imkon beruvchi mustahkam iqtisodiy taraqqiyotga erishishdan iborat.
2. Strategiya maqsadlariga erishish uchun quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirish zarur:
texnologik modernizatsiyalash va moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish orqali iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
davlat investitsiyalari va xarajatlarining ustuvor yo‘nalishlariga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan “yashil” mezonlarni kiritish;
davlat tomonidan rag‘batlantirish mexanizmlarini, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni faollashtirish orqali “yashil” iqtisodiyotga o‘tish yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
ta’limga investitsiyalar kiritishni rag‘batlantirish, yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish hisobiga “yashil” iqtisodiyotdagi mehnat bozori bilan bog‘liq kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish;
Orolbo‘yidagi ekologik inqirozning salbiy ta’sirini yumshatish choralarini ko‘rish;
“yashil” iqtisodiyot sohasida, shu jumladan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalar tuzish orqali xalqaro hamkorlikni mustahkamlash.
3-bob. Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari
§ 1. Iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari energiya samaradorligini oshirish
3. Elektr energetika sohasida:
bug‘-gazli va gaz turbinali qurilmalar negizida yuqori samarali texnologiyalarni joriy qilish orqali ishlab turgan elektr stansiyalarining energiya ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash;
energiya tizimi barqarorligini oshirish uchun magistral elektr tarmoqlari konfiguratsiyasini takomillashtirish va modernizatsiyalash;
tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan elektr tarmoqlari rejimlarini maqbullashtirish, reaktiv quvvat va tarmoq sxemalarini kompensatsiya qilish;
texnologik jarayonlarning avtomatlashganlik darajasini oshirish, tashish va taqsimlashga sarflanadigan elektr energiyasi hajmini qisqartirish;
elektr energiyasi iste’moli tizimlarini avtomatik nazorat va hisobga olish asboblari bilan to‘liq jihozlash.
4. Issiqlik energetikasi sohasida:
issiqlik energiyasini ishlab chiqishning yangi texnologiyalari, shu jumladan markaziy qozonxonalarda kogeneratsiya texnologiyalari, bug‘ning o‘ta superkritik ko‘rsatkichlariga ega ko‘mir bug‘-turbinali energiya bloklari texnologiyalarini joriy etish;
qozonxonalarning eskirgan asbob-uskunalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish;
turbokompressor qurilmalari chiqindi gazlari issiqligini utilizatsiya qilish;
issiqlik tarmoqlari joylashuvini maqbullashtirish va modernizatsiyalash;
issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalashda zamonaviy, issiqlikni o‘tkazmaydigan materiallardan foydalanish;
issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va tashish tizimini iste’molchilar sonini hisobga olgan holda avtomatlashtirish, dispetcherlash va maqbullashtirish;
iste’molchilarni zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlash;
qozonxonalarda suvni isitish uchun geliokollektorlardan foydalanish.
5. Neft va gaz sanoati sohasida:
uglevodorod resurslari yo‘qotilishi nazoratining samarali texnologiyalari (SCADA)ni joriy qilgan holda kompressor stansiyalar, past va o‘rta bosimli gaz taqsimlovchi tarmoqlar, shuningdek, gaz-transport tizimini modernizatsiyalash hisobiga tabiiy gaz qazib olish, uni qayta ishlash, tashish va taqsimlashdagi yo‘qotishlarni kamaytirish;
gaz bilan ta’minlashni hisobga olish va uni taqsimlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish;
neft va neft mahsulotlarini qayta ishlash va saqlashda issiqxona gazlarining ajratmalarini qisqartirish;
neftga qo‘shilib chiqadigan gazlarni utilizatsiya qilish va chuqur qayta ishlash jarayonlarini joriy etish natijasida ularni yondirishdan hosil bo‘ladigan issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish;
neft va gaz qazib chiqarish obyektlarida muqobil energiya manbalarini joriy etish;
elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun chiquvchi gazlar issiqligini utilizatsiya qilish.
6. Kimyo sanoati sohasida:
ammiak, azot kislotasi va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash va energiya samaradorligi yuqori yangi quvvatlarni yaratish;
elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun energiya sarfi hajmi katta bo‘lgan kimyoviy jarayonlarning issiqligini utilizatsiya qilish texnologiyalaridan foydalanish;
yirik tonnajli texnogen chiqindilardan sanoatda foydalanishni joriy etish.
§ 2. Energiya resurslari iste’molini diversifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish
7. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida:
qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli maqsadli ko‘rsatkichlarini tasdiqlash, shuningdek, har yili qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi yangi quvvat ishlab chiqarish obyektlarini O‘zbekistonning Yagona elektr energetika tizimiga xavfsiz integratsiya qilish texnik jihatlarini e’tiborga olgan holda ularning joylashuvini belgilash;
tarif siyosatini takomillashtirish va mazkur sohada qulay raqobat muhitini rag‘batlantirish maqsadida yangidan ishga tushiriladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari obyektlari, xususan quyosh, shamol va biogaz stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilishning chegaralangan (maksimal darajada yo‘l qo‘yiladigan) tariflarini tasdiqlash;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini amalga oshirish doirasida elektr energetikasi bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va mustaqil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar kirishini rag‘batlantiruvchi auksion savdolarini joriy etish orqali salohiyatli investorlarni raqobat asosida tanlashning zamonaviy va shaffof uslublarini shakllantirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida amaldagi standartlarni tahlil qilish va milliy standartlarni ushbu sohadagi xalqaro me’yorlar bilan uyg‘unlashtirish;
energetika balansi tuzilmasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish uchun yirik, o‘rta, kichik va mikroGESlar, shamol generatorlari va geliostansiyalarni loyihalashtirish va qurishda zamonaviy asoslangan ilmiy-texnik yechimlarni joriy etish;
elektr tarmoqlarining energiya samaradorligi va ishonchliligini oshirish, avariya holatlarining oldini olish va elektr quvvatiga talab kuchayganda zaxira quvvatlarni o‘z vaqtida ishga tushirish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiya ishlab chiqarishning nomarkazlashtirilgan tizimlarini joriy etish orqali elektr ta’minoti tizimlarini modernizatsiyalash va qayta qurish;
elektr energiyasini ishlab chiqish va taqsimlash balansini qayta tiklanuvchi energiya manbalarini alohida ajratgan holda monitoring qilish;
energiya tizimlariga ulanish orqali ishlab chiqarilgan energiyani to‘plash texnologiyalarini rivojlantirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya olish uchun uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish;
mavjud GESlarning energiya ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash;
kichik derivatsion GESlar va ularning infratuzilmalarini qurish;
respublikaning qishloq joylari va uzoq hududlarida elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun quyosh batareyalarini joriy etish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha namoyish markazlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligi masalalari bo‘yicha aholini keng xabardor qilish.
8. Binolarni qurish va ulardan foydalanish sohasida:
binolarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirish, shu jumladan ko‘p qavatli uy-joy va shaxsiy uy-joy fondini rekonstruksiya qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
qurilish me’yorlari va qoidalarini qurilish va rekonstruksiyani amalga oshirishda energiya samaradorligi talablarini kuchaytirish yuzasidan har 3 yilda kamida bir marta qayta ko‘rib chiqish;
(8-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
binolarni qurish va ulardan foydalanishda qurilish me’yorlariga rioya qilishni nazorat/monitoring qilish tizimini yaratish;
binolarni qurish va rekonstruksiya qilishda energiya samaradorligini oshirishni hisobga olgan holda arxitektura-rejalashtirish yechimlariga bo‘lgan yondashuvlarni takomillashtirish;
binolarni energetik sertifikatlashtirish tizimini yaratish;
issiqni saqlovchi qurilish materiallari uchun amaldagi me’yor va standartlarni qayta ko‘rib chiqish va yangilarini qabul qilish;
energiya samarador shaklda ta’mirlash uchun ipoteka kreditlari tizimini rivojlantirish, xususan “yashil” ipoteka kreditlaridan foydalanish;
xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarida ko‘p qavatli binolarni energiya samarador shaklda ta’mirlash uchun maqsadli fondlar yaratish;
energiyani tejashni rag‘batlantirish uchun tabaqalashtirilgan tariflar tizimini rivojlantirish;
binolarni zamonaviy issiq saqlovchi materiallar, steklopaketlardan foydalangan holda qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash texnologiyalarini takomillashtirish;
muhandislik uskunalari, issiq saqlovchi materiallar, isitish va sovitish tizimlarini ishlab chiqish texnologiyalarini “yashil” standartlar asosida rivojlantirish va modernizatsiyalash;
markaziy isitishda issiqlik ta’minotining “yopiq” tizimini keng joriy etish;
shaharlar va qishloqlardagi jamoat binolari, ko‘p qavatli turar joylar va shaxsiy uy-joy fondini isitish va issiq suv bilan ta’minlash uchun yuqori samarali avtomatlashtirilgan tizimli mahalliy qozonxonalardan foydalanish;
parallel ishlaydigan iste’molchilar tizimiga issiqlikni bir tekis yetkazish maqsadida issiqlik bo‘g‘inlari tartibotini boshqarish uchun smart-tizimlar ishlab chiqish va joriy etish;
alohida binolar ehtiyojlarini hisobga oluvchi yuqori texnologiyali sovitish va ventilyatsiya tizimlaridan, masalan, issiqlik nasosi funksiyasi bo‘lgan split-konditsionerlardan foydalanish;
maishiy uskunalar uchun energiya samarador standartlarni joriy etish;
energiya ta’minoti manbai sifatida fotoelektrik panellarni joriy etish;
binolarni yoritish uchun smart-tizimlarni ishlab chiqish va zamonaviy energiya samarali lampalardan keng foydalanish;
aholi o‘rtasida, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali binolarning energiya samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha keng axborot kampaniyalarini o‘tkazish.
9. Transport sohasida:
transport xarajatlarini qisqartirish va transport sohasining samarali faoliyatini ta’minlashga qaratilgan yagona kompleks rivojlanish siyosatini shakllantirish, shaharni uzoq muddatli rivojlantirish rejalari va ekologik xavfsizlik choralariga muvofiq “yashil” transportni rivojlantirish;
Yevro-4 va undan yuqori standartlarga mos keluvchi energiya samaradorligi va ekologik tavsiflari yaxshilangan avtotransport vositalari, elektromobillar, gibrid dvigatelli avtomobillar va gaz yoqilg‘isida ishlaydigan avtomobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni kengaytirish;
yaxshilangan tavsifga ega motor yonilg‘ilarini ishlab chiqarish;
avtotransport parkini yangilashda davom etish, eski avtomobillarni utilizatsiya qilish va yangi, yanada ekologik avtomobillarni sotib olishni rag‘batlantiruvchi dasturlarni ishlab chiqish;
jamoat transportining samarali tizimlarini yaratish va takomillashtirish (yaxshilangan tavsifga ega jamoat transporti ulushini oshirish);
yangi transport-logistika tizimlarini yaratish va rivojlantirish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish;
foydalanilayotgan transport vositalarining ekologik holati ustidan davlat nazoratini kuchaytirish.
10. Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida:
qurilish materiallari ishlab chiqarishda ikkilamchi resurslar va sanoat tarmoqlari (energetika, metallurgiya, kimyo sanoati)ning yirik tonnajli texnogen chiqindilaridan foydalanish hajmlarini oshirish;
quyidagi qurilish materiallari: sement, g‘isht, ohak, avtoklav usulidan foydalangan holda gazobetondan tayyorlangan buyumlar ishlab chiqarish, issiq saqlovchi materiallar, tom yopish materiallari, yog‘och-qirindili plitalarni ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion energiya samarador texnologiyalarni joriy etish;
issiqlikni utilizatsiya qilish texnologiyalari hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi texnologik jarayonlarni qo‘llagan holda sement ishlab chiqarishning rivojlangan texnologiyalarini (quruq usul) joriy etish.
§ 3. Iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va tabiiy ekotizimlarni asrash
11. Suv xo‘jaligi sohasida:
suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, yerlar sho‘rlanishi va sifat jihatidan yomonlashuvi davom etishining oldini olish;
gidrotexnik inshootlar, nasos stansiyalari va suv omborlari qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish;
suv xo‘jaligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsiyalardan keng foydalanish;
suv xo‘jaligi inshootlarini yangilash, modernizatsiyalash va avtomatlashtirish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishning energiya samarador va suvni tejaydigan texnologiyalarini keng qo‘llash, suvni tejashni rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish;
suv resurslarini barqaror boshqarish mexanizmlarini ishlab chiqish.
12. Qishloq xo‘jaligi sohasida:
tanazzulga uchragan yaylovlarni tiklash va yaylovlarni barqaror boshqarish mexanizmlarini joriy etish;
organik qishloq xo‘jaligi uslublarini joriy etish;
haydaladigan yer maydonlari yuzasining doimiy qoplanib turishini ta’minlash maqsadida ekinlarni takror ekish;
ekinlarni diversifikatsiya qilish (ko‘p yillik daraxtlar va ko‘p yillik o‘tlar ekilishini kengaytirish);
ishlab chiqarish va qayta ishlashga investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish;
chorvachilikning organik chiqindilarini to‘g‘ri saqlash/qayta ishlash;
suv manbalarining qishloq xo‘jaligi chiqindilari bilan ifloslanishining oldini olish;
sho‘rlanish, qurg‘oqchilik va boshqa xavfli hodisalar va xatarlarga bardoshli yuqori mahsuldor chorva mol va o‘simlik turlari (navlari)ni yetishtirish, mahalliy chorva turlari va o‘simlik navlari genofondini, shuningdek, madaniy o‘simliklarning yovvoyi ajdodlari genofondini saqlash.
13. O‘rmon xo‘jaligi sohasida:
mamlakatning barcha tabiiy zonalarida o‘rmonlarni tiklash va tabiiy o‘simlik qoplamini saqlash;
mamlakatning tog‘li, tog‘oldi va cho‘l zonalarida o‘rmon maydonlarini kengaytirish, shuningdek, ularni saqlash, muhofaza qilish va barqaror rivojlanishini ta’minlash;
tez o‘sadigan mahalliy daraxt turlari plantatsiyalarini kengaytirish;
tuproqni himoyalovchi ixota daraxtzorlarini yaratish, tanazzulga uchragan yerlarda o‘rmonlar barpo qilish (agroo‘rmon melioratsiyasi);
o‘rmonlarni ko‘paytirish va ko‘kalamzorlashtirish jarayonida sho‘rlanish, qurg‘oqchilik va boshqa xavfli hodisa va xatarlarga bardoshli mahalliy o‘simlik turlari va navlaridan foydalanish;
o‘rmon xo‘jaligini zamonaviy yuqori ishlab chiqarish texnologiyalarini qo‘llagan holda takomillashtirish;
o‘rmon xo‘jaligida geoaxborot texnologiyalari va innovatsiyalardan keng foydalanish;
aholi o‘rtasida, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali o‘rmonlarni muhofaza qilish va tiklash masalalari bo‘yicha keng axborot kampaniyalarini tashkil qilish.
14. Qattiq maishiy chiqindilar (keyingi o‘rinlarda — QMCH) bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida:
aholining QMCHlarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlashga yo‘naltirilgan sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasini rivojlantirish;
QMCHlarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish;
poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan QMCH hajmini kamaytirish, sanitariya va ekologik me’yorlar talablariga muvofiq keladigan zamonaviy QMCH poligonlarini yaratish, shuningdek, mavjud poligonlarni yopish va rekultivatsiya qilish chora-tadbirlarini ko‘rish;
sanitariya jihatidan tozalash sohasida narxlar shakllanishini takomillashtirish va tariflarni optimallashtirish;
qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish obyektlaridan muqobil energiya manbalari sifatida foydalanish.
15. Orolbo‘yidagi ekologik inqirozning salbiy ta’sirini yumshatish choralari:
Orol dengizi akvatoriyasidagi tabiiy suv havzalari tizimini saqlash;
Orol dengizining qurigan tubida daraxtzorlar barpo qilish va mintaqada cho‘llanishning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirish;
Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasi doirasida mintaqa mamlakatlarining hamkorligini mustahkamlash va uning institutsional asoslarini yanada takomillashtirish, shuningdek, Orol falokati bilan bog‘liq muammolarni hal etishga jahon hamjamiyati e’tiborini jalb qilishga qaratilgan harakatlarni faollashtirish.
§ 4. “Yashil” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlarini ishlab chiqish
16. “Yashil” texnologiyalarni joriy etishning institutsional asoslarini rivojlantirish:
texnologik ehtiyojlarni baholash, ustuvor vazifalarni belgilash va eng muhim texnologiyalarni tanlash, ularni ishlab chiqish/transferga ko‘mak berish;
“yashil” texnologiyalarni tijoratlashtirish mexanizmlarini rivojlantirish, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash uchun tashkiliy tuzilmalar — texnologiyalarni yetkazib berish agentliklari, texnologik biznes-inkubatorlar, texnoparklar, klasterlar yaratish.
17. “Yashil” iqtisodiyot sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish:
Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlarini qamrab oluvchi normativ-huquqiy bazani inventarizatsiya qilish, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
iqtisodiy choralar va vositalar ishlab chiqish, xususan, issiqxona gazlarining ajratmalarini qisqartirganlik uchun haq to‘lashni joriy etish;
energiya samaradorligiga qo‘yiladigan majburiy talablarni ishlab chiqish va joriy etish.
18. Energiya samaradorligini tartibga solish va nazorat qilish mexanizmlarini rivojlantirish:
energiya tejash va energiya samaradorligi bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish hamda ularning bajarilishini monitoring qilish, verifikatsiyalash va hisobotini yuritish tizimini joriy etish;
energiya sarfi hajmi yuqori bo‘lgan korxonalarning energomenejmenti va auditini o‘tkazish;
barcha toifadagi iste’molchilar, shu jumladan sanoat va energetika obyektlari uchun elektr energiyasi iste’molini hisobga olishning avtomatlashtirilgan davlat tizimini rivojlantirish.
19. “Yashil” iqtisodiyot tamoyillarini ta’lim va fanga integratsiya qilish:
“yashil” iqtisodiyot asoslari, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, “sof” transportni rivojlantirish, energiya tejash va boshqa masalalarni e’tiborga olgan holda oliy va o‘rta maxsus ta’limning tegishli yo‘nalishlari o‘quv dasturlarini takomillashtirish, shuningdek, umumiy o‘rta ta’limning tegishli dasturlariga “yashil” iqtisodiyot asoslari bo‘yicha mavzular kiritish;
oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim uchun tegishli o‘quv adabiyotlarini (yo‘nalishlar bo‘yicha) tayyorlash yoki qayta nashr etish jarayonida ularga “yashil” iqtisodiyot asoslari bo‘yicha mavzular kiritish;
pedagog va ilmiy xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturlariga “yashil” iqtisodiyot asoslari, xususan, “Yashil texnologiyalar”, “Yashil mezonlarni hisobga olgan holda ekologik me’yorlashtirish asoslari”, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalari”, “Energiya tejamkorligi va energiya samaradorligi muammolari” mavzularini joriy etish;
“yashil” texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash.
20. “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish uchun salohiyatni oshirish va qulay muhit yaratish:
mamlakatimizning Parij bitimi bo‘yicha miqdoriy majburiyatlari bajarilishini uzluksiz kuzatish uchun issiqxona gazlari ajratmalarini milliy sharoitlarni e’tiborga olgan holda monitoring qilish, hisobini yuritish va verifikatsiyalash tizimini (MRV) yaratish hamda issiqxona gazlari ajratmalari bo‘yicha hisobot berishni ta’minlash;
iqlim monitoringi tizimini rivojlantirish;
“yashil” texnologiyalarni ilgari surish uchun davlat-xususiy sheriklik salohiyatini rivojlantirish;
“yashil” innovatsiyalarni joriy etishda xususiy investorlarga, jumladan kichik biznesga ko‘mak ko‘rsatish;
tovar (ish, xizmat)lar energiya-resurs samaradorligining turli hisoblagichlari, spetsifikatsiyalar kataloglarini yaratish, shuningdek, tovar (ish, xizmat)lar energiya-resurs samaradorligini sertifikatlashtirish tizimini joriy etish orqali davlat “yashil” xaridlarini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
kadrlar malakasini oshirish, energiya va resurslarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish madaniyatini shakllantirish;
kasbiy ko‘nikmalarga “yashil” iqtisodiyotning rivojlanishi bilan qo‘yiladigan yangi talablarni hisobga olgan holda tarmoqlar xodimlari, shu jumladan rahbar va muhandislar tarkibi xabardorligi va malakasini oshirish;
kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash davlat ta’lim dasturlarini ishlab chiqishda “yashil” iqtisodiyot asoslarini hisobga olish;
ekoinnovatsion texnologiyalarni yanada samarali joriy etish uchun ilmiy-tadqiqot muassasalarining kadrlar va texnik salohiyatini oshirish;
iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish masalalari bilan bog‘liq sohalarda tadqiqotlarni rivojlantirish;
milliy va xorijiy ilmiy tashkilotlarning “yashil” texnologiyalarni ilgari surish sohasidagi hamkorligini mustahkamlash.
21. “Yashil” investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash:
“yashil” kreditlash, venchur moliyalashtirish tizimini joriy etish;
“yashil” fondlar, energiya tejamkorligi maxsus fondlari va boshqa xuddi shunday mexanizmlar yaratish;
“yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishda xususiy sektorni faollashtirish, shuningdek, “yashil” investitsiyalarga nisbatan bank tizimini rag‘batlantirish;
fiskal (xazinaga oid) siyosat orqali davlat tomonidan “yashil” iqtisodiyotning barqaror o‘sishini qo‘llab-quvvatlash.
4-bob. Amalga oshirish mexanizmlari
22. Strategiyaning asosiy vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari milliy, tarmoq, soha rejalari va rivojlanish strategiyalarida belgilangan tadbirlar vositasida amalga oshiriladi.
23. Strategiyani amalga oshirishga barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor, shuningdek, aholi jalb qilinadi.
24. “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun Yashil iqlim jamg‘armasi, Moslashish jamg‘armasi va iqlim bilan bog‘liq boshqa resurslar mablag‘lari, shuningdek, xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hamda boshqa chet ellik donorlarning kredit va grantlari jalb qilinishi mumkin.
5-bob. Kutilayotgan natijalar
Oldingi tahrirga qarang.
25. Strategiyani amalga oshirish natijasida 2030-yilga borib quyidagilarga erishish kutiladi:
issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish;
sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish;
yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi hajmini, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga 30 foizga kamaytirish;
iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyasini joriy etish;
yiliga 200 million ko‘chat ekish va ko‘chatlarning umumiy sonini 1 milliarddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish;
respublika o‘rmon fondi zaxiralari ko‘rsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
hududlarda yangi 600 ta chiqindi to‘plash shoxobchalarini tashkil etish.
(25-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentabrdagi PF-149-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/149/0772-son)
26. Strategiyani amalga oshirish iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish sohasida boshqaruvni yaxshilashga, tabiiy resurslarni saqlash va ulardan oqilona foydalanishga, issiqxona gazlarining ajratmalarini kamaytirishga, “yashil” energiyadan foydalanishni ta’minlashga, “yashil” ish o‘rinlari yaratishga va iqlim barqarorligiga erishishga xizmat qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.10.2019-y., 07/19/4477/3867-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son; 04.10.2024-y., 06/24/149/0772-son)