Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining
buyrugʻi
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professor-oʻqituvchilari tarkibini tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 23-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3129]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi № PQ-3930-sonli “Korporativ, loyiha boshqaruvi va davlat xaridlari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan buyuraman:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professor-oʻqituvchilari tarkibini tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktorning birinchi oʻrinbosari D. LI
Toshkent sh.,
2019-yil 7-yanvar,
4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019-yil 7-yanvardagi 4-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professor-oʻqituvchilari tarkibini tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
(ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi PQ-3930-son “Korporativ, loyiha boshqaruvi va davlat xaridlari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi (bundan buyon matnda Oliy maktab deb yuritiladi) professor-oʻqituvchilari (bundan buyon matnda pedagog xodimlar deb yuritiladi) tarkibini tanlab olish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Chuqur kasbiy bilimlarga va ilmiy yutuqlarga, ijodiy, ilmiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyat va axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari darajasida mutaxassislar tayyorlash bilan shugʻullanishga munosib boʻlgan eng malakali pedagog xodimlarni tanlash uchun raqobat muhitini yaratish va taʼminlash tanlovning maqsadi hisoblanadi.
2. Oliy maktabning pedagog xodimlari toifasiga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta oʻqituvchi lavozimini egallab turgan shaxslar kiradi.
3. Oliy maktabning pedagog xodimlar tarkibini tanlab olish besh yil muddatga tanlov asosida amalga oshiriladi.
4. Besh yillik muddat tamom boʻlgandan keyin koʻrsatib oʻtilgan lavozimlar mazkur Nizomga muvofiq tanlov asosida egallanadi.
Bir tarkibiy boʻlinmaning ikki va undan ortiq teng lavozimlariga bir vaqtda tanlov oʻtkazilmaydi.
5. Pedagog xodimlar lavozimlarini egallashning besh yillik muddati davrida Oliy maktabning ilmiy kengashi (bundan buyon matnda Ilmiy kengash deb yuritiladi) tomonidan har bir oʻquv yili yakunlari boʻyicha pedagog xodimlar faoliyati har tomonlama oʻrganib chiqiladi.
Pedagog xodimlar faoliyatini oʻrganish tartibi va mezonlari Ilmiy kengash tomonidan tasdiqlanadi. Pedagog xodimlar faoliyatini oʻrganish natijalari Ilmiy kengash yigʻilishida koʻrib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Pedagog xodimlar faoliyatini oʻrganish natijalariga koʻra Ilmiy kengash pedagog xodimlarni ragʻbatlantirish, mehnat shartnomasining amal qilish muddatini uzaytirish yoki uni bekor qilish, birlashtirilgan kafedra mudiri lavozimiga tayinlash hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa qarorlar qabul qilishi mumkin.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
2-bob. Lavozimlari tanlov boʻyicha egallanadigan pedagog xodimlar va tanlov ishtirokchilariga qoʻyiladigan malaka talablari
6. Kafedra mudiri lavozimini egallash uchun tanlovda professor yoki dotsent ilmiy unvoniga, fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D), fan doktori yoki fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga, shuningdek xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik boʻyicha ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega boʻlgan shaxs ishtirok etishi mumkin.
Dotsent (fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik boʻyicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalari) kafedra mudiri lavozimini egallashga bir besh yillik muddatga qoʻyiladi.
Bir muddat tamom boʻlgandan keyin kafedra mudiri lavozimini egallab turgan va fan doktori ilmiy darajasini olmagan dotsent (fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik boʻyicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalari) tanlovda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik boʻyicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga yoki dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan aynan bir shaxsning kafedra mudiri lavozimiga tanlovda uchinchi muddatga ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Chet tillari kafedrasi mudiri lavozimini egallash uchun tanlovda ishtirok etishga dotsent ilmiy unvoniga (fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik boʻyicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) ega boʻlmagan, biroq kamida besh yil metodik, ilmiy-pedagogik va tashkiliy faoliyat tajribasiga ega boʻlgan shaxs qoʻyilishi mumkin.
7. Professor lavozimini egallash uchun tanlovda, qoidaga koʻra, professor ilmiy unvoniga yoki fan doktori yoki fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga, shuningdek xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik boʻyicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega boʻlgan shaxs ishtirok etishi mumkin.
Professor lavozimini egallash uchun tanlovda shuningdek fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D) ilmiy darajasiga yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik boʻyicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga yoki dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan, shaxs kamida besh yil ilmiy-pedagogik ish stajiga ega boʻlish, ushbu kafedraning taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari muallifi boʻlish sharti bilan bir muddatga ishtirok etishi mumkin.
8. Dotsent lavozimini egallash uchun tanlovda dotsent ilmiy unvoniga, katta ilmiy xodim yoki fan nomzodi, falsafa doktori (Ph.D), fan doktori yoki fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga, shuningdek xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik boʻyicha ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega boʻlgan shaxs ishtirok etishi mumkin.
Bir muddatga dotsent lavozimini egallash uchun tanlovda, shuningdek tegishli ilmiy unvonga va ilmiy darajaga ega boʻlmagan, biroq ushbu mutaxassislik boʻyicha kamida besh yillik amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassis ishtirok etishi mumkin.
9. Katta oʻqituvchi lavozimini egallash uchun tanlovda oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxs (magistr, diplomli mutaxassis), shu jumladan xorijiy mamlakatlarda olingan oliy maʼlumotga ega, ilmiy daraja (shu jumladan, falsafa doktori (Ph.D) darajasiga yoki xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik boʻyicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) va ilmiy unvonga ega boʻlgan hamda bunday daraja va unvonga ega boʻlmagan, biroq kamida besh yillik oʻqituvchilik, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish ishlari tajribasiga ega boʻlgan shaxslar ham qatnashishi mumkin.
10. Homilador ayollar, shuningdek uch yoshgacha bolalari boʻlgan ayollar egallab turgan lavozimlarga tanlov eʼlon qilinmaydi.
11. Oliy maktabga oʻqituvchi lavozimiga soatbay haq toʻlash shartlarida ishga kirayotgan shaxslar tanlovsiz direktorning buyrugʻi bilan belgilangan tartibda mansab yoʻriqnomasi talablari asosida qabul qilinadi.
3-bob. Tanlovlarni oʻtkazish tartibi
12. Oliy maktab saylash muddati ushbu oʻquv yilida tamom boʻladigan, shuningdek boʻsh lavozimlarga kafedra mudirlari, professorlar, dotsentlar, katta oʻqituvchilar lavozimlarini egallashga tanlov eʼlon qiladi.
13. Tanlov boʻyicha saylov Ilmiy kengashda oʻtkaziladi.
Ilmiy kengashda saylanadigan lavozimlarning roʻyxatini direktor belgilaydi.
14. Tanlovlar matbuotda yoki boshqa ommaviy axborot vositalarida hamda Oliy maktabning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Tanlovda qatnashish uchun arizalar eʼlon chiqqan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay berilishi kerak.
15. Tanlovda qatnashishni xohlovchilar direktor nomiga Oliy maktabning rasmiy veb-sayti orqali quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beradilar:
Oliy maktabning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan namunada tuzilgan rezyume (anketa);
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomlarning nusxalari.
Tanlovda qatnashishni xohlovchi shaxsda ilmiy daraja (shu jumladan, falsafa doktori (Ph.D) yoki xorijiy mamlakatlarning darajasiga unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalari), ilmiy unvon, hamda ilmiy ishlar va ixtirolar mavjud boʻlgan taqdirda tegishli diplomlar, attestatlar, ilmiy ishlar roʻyxati, malaka oshirish toʻgʻrisidagi guvohnomalar ham ilova qilinishi lozim.
Notoʻgʻri maʼlumotlarning taqdim etilishi tanlovda qatnashishni rad etishga asos boʻladi.
16. Ilmiy kengash kotibi tomonidan tanlovda qatnashish uchun kelib tushgan arizalar va barcha zarur hujjatlar ilova qilinganligi, shu jumladan ularning mazkur Nizom talablariga muvofiqligi oʻrganib chiqilganidan soʻng, Ilmiy kengashga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
17. Hujjatlarni koʻrib chiqishdan oldin:
ilgari Oliy maktabda ishlamagan, shuningdek, Oliy maktabning boshqa kafedralarida ishlagan shaxslar tomonidan sinov leksiyalari oʻtkaziladi;
tanlov oʻtkazilayotgan kafedrada ishlab kelayotgan shaxslar tomonidan ochiq mashgʻulotlar oʻtkaziladi.
Sinov leksiyalari va ochiq mashgʻulotlar mavzulari kafedra predmetlari boʻyicha oʻquv dasturi talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
18. Ilmiy kengash yigʻilishida har bir nomzodning arizasi hamda unga ilova qilingan hujjatlar oʻrganiladi, shuningdek, nomzodning mazkur Nizom bilan oʻrnatilgan talablarga muvofiqligi, ilgari egallab turgan lavozim boʻyicha tanlovda qatnashayotgan shaxslar boʻyicha esa ularning oʻtgan davrdagi pedagogik faoliyati natijalari koʻrib chiqiladi.
19. Ilmiy kengash qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi hamda yigʻilishda ishtirok etgan Ilmiy kengash aʼzolarining imzolari bilan tasdiqlanadigan bayonnoma koʻrinishida rasmiylashtiriladi. Ovoz berish natijalari bayonnomada Ilmiy kengashning har bir aʼzosi kesimida koʻrsatiladi.
Har bir Ilmiy kengash aʼzosi bitta ovoz huquqiga ega.
Egallash uchun tanlov eʼlon qilingan lavozimni egallab turgan shaxs materiallarni koʻrib chiqish chogʻida ovoz berishda qatnashmaydi.
20. Tanlovni oʻtkazishda Ilmiy kengash qarori, agar ovoz berishda ilmiy kengashning tarkibidagi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan boʻlsa vakolatli hisoblanadi. Ilmiy kengashning ovoz berishda qatnashgan aʼzolarining koʻpchilik ovozini, biroq 50 foizdan kam boʻlmagan ovozini olgan nomzod tanlovdan oʻtgan hisoblanadi.
Birortasi ham talab qilingan miqdorda ovoz ololmagan ikki nafardan koʻp nomzodlar qatnashgan taqdirda Ilmiy kengashning aynan shu majlisida dastlabki ikki talabgor oʻrtasida takroriy ovoz berish oʻtkaziladi. Agar ikki nomzod qatnashgan tanlovni oʻtkazishda ovozlar soni teng boʻlib qolsa raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Ilmiy kengash qarori direktorning buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Tanlovda qatnashish uchun arizalar mavjud boʻlmagan taqdirda, tanlov oʻtkazilmagan hisoblanadi.
21. Tanlov ishtirokchilariga ularning nomzodlari muhokama qilinayotgan Ilmiy kengash yigʻilishida qatnashish yoki ularning xohishlariga koʻra Ilmiy kengash qarori bilan tanishish huquqi beriladi.
22. Ilmiy kengash kotibi tanlov natijalari toʻgʻrisida oʻn kun muddatda unda qatnashgan shaxslarni yozma ravishda xabardor qiladi.
4-bob. Mehnat shartnomasi (kontrakt)ni tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish
23. Oliy maktabda ishlaydigan va tanlovdan oʻtgan shaxslarning mehnat shartnomalariga quyidagilar kiritiladi:
a) ular ilgari egallab kelgan lavozim uchun — mehnat munosabatlarini yangi muddatga uzaytirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoziladi va tegishli buyruq chiqariladi;
b) boshqa lavozimlar uchun — tanlovdan oʻtganlik toʻgʻrisida Ilmiy kengash qaroriga xavola qilgan holda tegishli oʻzgartirishlar va boshqa lavozimga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat boshqaruvi organi qaroriga koʻra pedagog xodimlar attestatsiyadan oʻtkazilgan taqdirda attestatsiya yakunlariga koʻra ish beruvchi va xodimlar oʻrtasidagi mehnat munosabatlari masalalari, shaxsning tanlov boʻyicha egallanadigan lavozimda boʻlish muddatidan qatʼi nazar, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
(23-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
24. Ilgari egallab kelgan lavozimi uchun tanlovdan oʻtmagan, shuningdek tanlovda qatnashish uchun ariza bermagan shaxslar bilan mehnat shartnomasi yangi muddatga tanlovdan oʻtmaganligi yoxud tanlovda qatnashishni rad etganligi sababli direktor tomonidan belgilangan muddatlarda (qoidaga koʻra, oʻquv semestri, yili tamom boʻlgandan keyin) mehnat qonunchiligiga muvofiq bekor qilinadi.
25. Kafedralar birlashtirilganda yoki kafedra boʻlinganda pedagog xodimlar boʻyicha muddatidan ilgari tanlovlar oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kafedralar birlashtirilgan taqdirda yangidan tashkil etilgan kafedra mudiri lavozimini vaqtincha egallash masalasini Ilmiy kengash oldindan tanlov eʼlon qilmasdan, ushbu Nizomning 5-bandiga asosan, birlashtirilgan kafedralar pedagog xodimlari faoliyatini oʻrganish natijalarini inobatga olgan holda hal qiladi.
Kafedra boʻlingan taqdirda uning mudiri saylangan muddati oʻtgungacha, direktorning buyrugʻi bilan yangidan tashkil etilgan kafedralardan birining mudiri lavozimiga tayinlanadi. Boshqa kafedraning mudiri lavozimiga tanlov boʻyicha mudir tayinlanadi.
26. Direktorga tanlov oʻtkazilgunga qadar kafedraning oʻqituvchilaridan bittasiga boʻsh kafedra mudiri lavozimi boʻyicha vazifalarni bajarishni yuklashga ruxsat etiladi.
Vakillik organlarida saylab qoʻyiladigan lavozimga saylangani munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan oʻqituvchi saylab qoʻyiladigan lavozimdagi vakolati tugaganidan keyin tanlov natijalariga koʻra saylangan muddati tugagungacha Oliy maktabda ilgari egallab kelgan yoki unga teng boʻlgan pedagog xodimi lavozimiga tayinlanadi.
27. Direktor pedagog xodimlarning egallab turgan lavozimlariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani Ilmiy kengashda koʻrib chiqish uchun kiritish huquqiga ega.
Ilmiy kengashda pedagog xodimning egallab turgan lavozimiga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishdan oldin uning faoliyati oʻrganib chiqilishi kerak.
Ilmiy kengash qarori asosida pedagog xodimni egallab turgan lavozimiga nomuvofiqligi boʻyicha vazifasidan ozod qilishga uning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli ilmiy-metodik va tashkiliy ishlar, shuningdek leksiya va seminar mashgʻulotlari oʻtkazish darajasi past boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar Ilmiy kengash qaroriga koʻra kafedra mudiri, professor, dotsent, katta oʻqituvchi egallab turgan lavozimiga nomuvofiq deb topilsa, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
(27-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Kafedra mudiri bilan tuzilgan mehnat shartnomasi u tomonidan kafedraga rahbarlik qilish boʻyicha oʻz funksional vazifalarini bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi sababli ham Ilmiy kengash qaroriga muvofiq bekor qilinishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
28. Pedagog xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish masalalariga doir mehnat nizolari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Oldingi tahrirga qarang.
29. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2019-y., 10/19/3129/2526-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)