O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IQTISODIY TADQIQOTLARNI TAShKIL ETIShNI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-avgustdagi PP-143-son “Iqtisodiy tadqiqotlarni tashkil qilishni takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Olib borilayotgan iqtisodiy tadqiqotlarning amaliy yo‘naltirilishini kuchaytirish, ularni iqtisodiyotni isloh qilishning ustuvor vazifalarini amalga oshirishga qaratish, markaziy iqtisodiy organlarning prognoz-tahlil va metodologiya ishlari darajasini oshirish, shuningdek iqtisodiy yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bankining:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Makroiqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar instituti negizida Samarali iqtisodiy siyosat markazi;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Moliya va narxlar ilmiy-tadqiqot instituti negizida Soliq-budjet siyosati markazi;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Iqtisodiy tadqiqotlar va statistika markazi negizida Pul-kredit siyosati markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Samarali iqtisodiy siyosat markazining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
makroiqtisodiy barqarorlikni, barqaror iqtisodiy o‘sishni va iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirishni ta’minlashga doir takliflar tayyorlash, ko‘p variantli uzoq muddatli va o‘rtacha muddatli makroiqtisodiy prognozlarni ishlab chiqish;
yoqilg‘i-energetika, mineral-xomashyo va yer-suv resurslarini rivojlantirish va ulardan oqilona foydalanish, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish istiqbollarini tahlil etish va ular bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
makroiqtisodiy, tarmoq va hududiy proporsiyalarni chuqur tahlil qilish, tarmoqlararo va moddiy balanslar tizimini ishlab chiqish, shu asosda iqtisodiyotni tarkibiy qayta o‘zgartirish strategiyasini va investitsiya siyosatini belgilash;
demografik jarayonlarni tatqiq etish, aholini ish bilan oqilona ta’minlovchi chora-tadbirlarni asoslash, aholining turmush darajasini va oila iste’mol budjetini o‘rganish, ichki iste’mol bozorini to‘ldirish yo‘llarini belgilash;
inflatsiya darajasiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash va tahlil etish, inflatsiyaning prognoz darajalarini belgilash, inflatsiyaga qarshi tartibga solish mexanizmini ishlab chiqish;
respublikaning tashqi savdo va to‘lov balansini tahlil etish va prognozlashtirish, tashqi iqtisodiy va valyuta siyosatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
Samarali iqtisodiy siyosat markazining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, uning xodimlarining cheklangan soni 90 nafar etib belgilansin (yordamchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari).
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq-budjet siyosati markaziga quyidagilar yuklansin:
moliya-budjet tizimini takomillashtirish, fiksal funksiyalarni qisqartirish, respublika va mahalliy budjetlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni maqbullashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish;
makroiqtisodiy prognozlar va hisob-kitoblar asosida Davlat budjetini ishlab chiqish metodologiyasini takomillashtirishga, uning balanslilik darajasini oshirishga, turli darajalardagi budjetlar o‘rtasida mablag‘larni taqsimlashning amaliy mexanizmini joriy etishga doir takliflarni shakllantirish;
iqtisodiyotni mablag‘ bilan ta’minlashda va davlat xarajatlarini shakllantirishning normativ yondashuvlarini joriy etishda budjetdan ajratiladigan mablag‘lardan samarali foydalanish yo‘nalishlarini belgilash;
soliq siyosatini takomillashtirish, soliq solishning moslashuvchan va samarali shakllarini ishlab chiqish;
qulay investitsiya muhitini shakllantirish va respublikaga xorijiy sarmoyani jalb etishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
Soliq-budjet siyosati markazining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, uning xodimlarining cheklangan soni 40 nafar etib belgilansin (yordamchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari).
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Pul-kredit siyosati markazi faoliyatining quyidagi asosiy yo‘nalishlari ma’qullansin:
bank sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish va banklarning yanada kapitallashuviga doir takliflar tayyorlash, aholi mablag‘larini bank infratuzilmasiga jalb etishni rag‘batlantirish mexanizmini ishlab chiqish;
pul muomalasini mustahkamlash, pul massasini tartibga solish, iqtisodiyotdagi to‘lovlar va hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish tendensiyalarini tahlil etish va ular bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida foiz siyosatini asoslash;
monetar va kredit siyosatini, kredit berish shakllari va usullarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va sektorlarida investitsiya loyihalarini kreditlashda tijorat banklarining keng ishtirok etishi yo‘nalishlarini belgilash;
milliy valyuta barqarorligini ta’minlash, valyuta siyosatini erkinlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Pul-kredit siyosati markazining xodimlarining cheklangan soni 35 nafar bo‘lgan (yordamchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) 3-ilovaga muvofiq tuzilmasiga rozilik berilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki:
markazlar to‘g‘risidagi nizomlarni ikki hafta muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
bir oy muddatda kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazsinlar;
markazlarning respublikada olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar va bozor o‘zgarishlari mohiyatini chuqur anglaydigan yuqori malakali, tajribali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini ta’minlasinlar, bunda asosiy e’tiborni chet ellarda o‘qigan va stajirovkadan o‘tgan yoshlarni jalb qilishga qaratsinlar.
6. Markazlarga:
tadqiqotlar o‘tkazishga davlat boshqaruvi organlari mutaxassislarini, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar xodimlarini, shuningdek chet ellik olimlar hamda mutaxassislarni kontrakt asosida jalb qilish;
yuqori turuvchi tashkilot bilan kelishgan holda, xodimlarning belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Markazlarning tasdiqlangan tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin:.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Ko‘rsatib o‘tilgan markazlar O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qo‘mitasi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralarning byulletenlari, statistika ma’lumotlari majburiy ravishda yuboriladigan ro‘yxatga kiritilsin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-apreldagi 162-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2001-y., 7-son, 36-modda)
8. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot-tahlil boshqarmasini tashkil etish to‘g‘risida” 1997-yil 16-apreldagi 199-son qarorining 5-bandi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzuridagi Makroiqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar instituti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 1997-yil 17-iyundagi 307-son qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Makroiqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar instituti tuzilmasini tartibga solish to‘g‘risida” 1999-yil 7-apreldagi 160-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 29-noyabr,
464-son
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Samarali iqtisodiy siyosat markazi
tuzilmasi
(ilovaning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
Ilmiy xodimlar umumiy soni — 90 kishi
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq-budjet siyosati markazi
tuzilmasi
Ilmiy xodimlar umumiy soni — 40 kishi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Pul-kredit siyosati markazi
tuzilmasi
Ilmiy xodimlar umumiy soni — 35 kishi
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2000-y., 9-10-son, 149-modda; 2001-y., 7-son, 36-modda; 2003-y., 4-son, 42-modda)