Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-iyundagi 320-sonli “Oʻquvchilarni akademik litseylarga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 26-sentabrdagi PQ-3290-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablarining iqtidorli oʻquvchilarini tanlab olishning samarali mexanizmini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari 2018-yil 1-iyundan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov va Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-mart,
212-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 212-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari 9-sinf bitiruvchilarini (keyingi oʻrinlarda oʻquvchilar deb ataladi) tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Madaniyat vazirligi tizimidagi akademik litseylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Akademik litseylarga oʻquvchilarni tanlab olish ilovadagi 1-sxemaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda belgilagan tartib asosida quyidagi bosqichlarda:
oʻquvchilarning psixologik-pedagogik jihatdan rivojlanishiga tashxis qoʻyish (dastlabki tanlov);
oʻquvchilarni akademik litseylarga qabul qilish boʻyicha saralash imtihonlari (test sinovlari yoki ijodiy imtihonlar) orqali amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan dastlabki tanlov har yili 10-iyunga qadar umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi iqtidorli oʻquvchilarni aniqlash, ularni akademik litseylarga tanlab olish maqsadida ular oʻrtasida psixologik-pedagogik tashxis qoʻyish usullaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
5. Dastlabki tanlovdan oʻtgan oʻquvchilarni akademik litseylarga oʻqishga qabul qilish uchun saralash imtihonlari tashkil etiladi.
6. Akademik litseylarga oʻquvchilarni qabul qilish kvotasi har bir akademik litseyning imkoniyatlarini hisobga olgan holda hamda tizimida akademik litseylar mavjud boʻlgan vazirliklar va idoralarning takliflari asosida har yili 15-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Har bir akademik litseyda oʻquvchilarni qabul qilish boʻyicha akademik litsey direktori raisligida Maslahat kengashi tashkil etiladi. Maslahat kengashining tarkibi, uning vakolatlari, huquq va majburiyatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilanadi.
2-bob. Hujjatlarni qabul qilish
8. Dastlabki tanlovdan oʻtgan oʻquvchilar, ularning ota-onasi yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslarning saralash imtihonlariga qatnashish haqidagi arizalari Maslahat kengashi tomonidan har yili 20-iyundan 30-iyunga qadar qabul qilinadi.
9. Oʻquvchilar, ularning ota-onasi yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslar Maslahat kengashiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
taʼlim yoʻnalishi, oʻquv tili, shakli koʻrsatilgan ariza (chet tilidan saralash imtihoni topshirish belgilangan yoʻnalishlarda arizada qaysi chet tilidan saralash imtihoni topshirish hamda saralash imtihonni oʻtkazish qoidalari bilan tanishganligi koʻrsatiladi);
shaxsini tasdiqlovchi hujjat (tugʻilganlik haqidagi guvohnoma yoki pasport) nusxasi;
3,5x4,5 sm oʻlchamdagi 6 ta rangli fotosurat (fotosuratning orqa tomoniga oʻquvchi oʻqigan maktab direktori oʻquvchining shaxsini tasdiqlab imzo qoʻyadi va maktabning muhri bilan tasdiqlaydi.
Tanlovdan tashqari oʻqishga imtiyozli kirish huquqiga ega boʻlgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar, musobaqalar gʻoliblari asl nusxadagi diplom, sertifikat, guvohnoma yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
Ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda Maslahat kengashi oʻquvchining hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
10. Hujjatlar qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan soʻng hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taqiqlanadi.
3-bob. Oʻquvchilarni akademik litseylarga oʻqishga qabul qilish boʻyicha saralash imtihonlari
11. Oʻquvchilarni akademik litseylarga oʻqishga qabul qilish boʻyicha saralash imtihonlari har yili 10-iyuldan 25-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan reja asosida amalga oshiriladi.
12. Saralash imtihonlarini oʻtkazish muddatlari va tegishli yoʻnalishlar boʻyicha saralash imtihonlari topshiriladigan fanlar roʻyxati va fanlar boʻyicha saralash imtihoni shakli ular oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin oʻquvchilarga ular taʼlim olgan maktablar orqali xabar qilinadi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinadi va akademik litseyning eʼlonlar taxtasiga ilib qoʻyiladi.
13. Saralash imtihonlari shakliga koʻra ijodiy imtihonlar yoki test sinovlari tarzida tashkil etiladi.
Ixtisoslikning xususiyatidan kelib chiqib ayrim taʼlim yoʻnalishlarida 3 ta umumtaʼlim fanidan koʻp boʻlmagan fanlardan ijodiy imtihonlar oʻtkaziladi. Ijodiy imtihonlar ogʻzaki, yozma ish, insho, bayon, diktant shaklida boʻlishi mumkin. Ijodiy imtihonlar har bir fan boʻyicha Maslahat kengashi tavsiyasiga asosan oliy taʼlim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlanadigan har biri kamida 5 — 7 nafar aʼzodan iborat Imtihon komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
Akademik litseyning ayrim taʼlim yoʻnalishlari xususiyatlaridan kelib chiqib 3 ta umumtaʼlim fanidan test sinovlari oʻtkaziladi.
14. Saralash imtihonlarini oʻtkazish, rasmiylashtirish va natijalarini eʼlon qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, tegishli oliy taʼlim muassasasi rektori akademik litseylarga kirish uchun sinovlar katta sigʻimdagi binolarda oʻtkazilishi, test jarayonining eng koʻp darajada ochiqligi va shaffofligini taʼminlab, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan, oʻquvchilarning ota-onalari sinovlarni onlayn rejimida kuzatib borishlariga imkoniyat yaratilishini taʼminlaydilar.
16. Saralash imtihonlarining natijalari test sinovlari yoki ijodiy imtihonlar oʻtkazilgan kunning ertasiga tegishliligi boʻyicha oliy taʼlim muassasasi yoki akademik litseyning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
4-bob. Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar gʻoliblarini akademik litseylarga oʻqishga qabul qilish
17. Xalqaro olimpiadalar, tanlovlar, musobaqalar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tashkil etilgan fan olimpiadalari III bosqichida 1 — 5-oʻrinlarni egallagan 9-sinf oʻquvchilar saralash imtihonidan ozod etiladi va akademik litseylarning taalluqli taʼlim yoʻnalishiga belgilangan qabul kvotasidan tashqari qabul qilinadi.
18. Vazirliklar va idoralar tomonidan belgilangan tartibda tashkil etilgan tanlov va musobaqalarning respublika bosqichida 1 — 3-oʻrinlarni egallagan 9-sinf oʻquvchilari ushbu vazirliklar va idoralar tizimidagi akademik litseylarga oʻtkaziladigan saralash imtihonlaridan ozod qilinadi va tegishli akademik litseylarning taalluqli taʼlim yoʻnalishiga belgilangan qabul kvotasidan tashqari qabul qilinadi.
5-bob. Oʻquvchilarni akademik litseylarga oʻqishga qabul qilishni rasmiylashtirish
19. Akademik litseylarga oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilar roʻyxati saralash imtihonlari natijalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilangan qabul kvotasiga muvofiq shakllantiriladi.
20. Akademik litseyga oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilarning 9-sinfni tamomlaganlik toʻgʻrisidagi hujjatning asl nusxasini taqdim etish uchun akademik litsey tomonidan oʻquvchi tahsil olgan umumiy oʻrta taʼlim maktablariga soʻrov yuboriladi.
21. Akademik litseyga oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilarni akademik litseyga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida akademik litsey direktorining tegishli buyrugʻi har yili 30-iyulga qadar rasmiylashtiriladi va buyruq nusxasi uch kun muddatda tegishli oliy taʼlim muassasasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasiga taqdim etiladi.
6-bob. Akademik litsey oʻquvchilarining oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi
22. Oʻquvchilar oʻqishini bir akademik litseydan boshqasiga koʻchirish boʻyicha arizalar yozgi taʼtil davrida 20-iyundan 20-iyulgacha qabul qilinadi hamda 2-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
23. Oʻquvchilar oʻqishini bir taʼlim muassasasi doirasida taʼlimning turdosh va mos yoʻnalishlari boʻyicha koʻchirish akademik litsey direktorining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
24. Oʻquvchilar oʻqishini turdosh va mos yoʻnalishlar boʻyicha bir taʼlim muassasasidan boshqa taʼlim muassasasiga koʻchirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
25. Oʻquvchilar oʻqishini bir akademik litseydan boshqasiga koʻchirishda oʻquvchi taʼlim olayotgan akademik litseyga oʻquvchilar, ularning ota-onasi yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslar quyidagi hujjatlar yigʻma jildini taqdim etadi:
a) oʻquvchining ota-onasidan birining yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslarning yozma arizasi, oʻquvchi voyaga yetgan boʻlsa, oʻzining arizasi;
b) taʼlim muassasasining nomi, taʼlim yoʻnalishi, kurs, guruh koʻrsatilgan holda reyting daftarchasining nusxasi;
v) oʻquvchining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma hamda ota-onasi (yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslar)ning doimiy yashash joyi koʻrsatilgan pasporti nusxasi, pasport olgan oʻquvchining pasporti nusxasi;
26. Oʻqishni koʻchirish toʻgʻrisidagi oʻquvchining hujjatlar yigʻma jildi bir hafta muddatda akademik litsey direktori tomonidan oliy taʼlim muassasasining yoʻllanma xati asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan har yili 1-avgustga qadar hujjatlar yigʻma jildi qabul qilinadi hamda 15-avgustga qadar arizalar koʻrib chiqilib, natijalari haqida tegishli oliy taʼlim muassasasiga yozma xabar beriladi.
27. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligidan olingan yozma xabar asosida oliy taʼlim muassasasi ariza beruvchini yozma ravishda xabardor qiladi.
28. Oʻqishni koʻchirishga ruxsat berilgan oʻquvchini qabul qiluvchi akademik litsey direktori 3 kun muddatda oʻquvchini oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqaradi.
29. Oʻquvchini qabul qiluvchi akademik litsey direktori oʻquvchi ilgari oʻqigan akademik litsey direktoriga oʻquvchining shaxsiy hujjatlarini yuborish haqida soʻrovnoma yuboradi. Soʻrovnomani olgan akademik litsey direktori oʻquvchini oʻquvchilar safidan chiqarish haqida buyruq chiqaradi va uch kun muddatda oʻquvchining shaxsiy hujjatlarini oʻqishga qabul qilgan taʼlim muassasasiga joʻnatadi.
30. Akademik litsey oʻquvchilari:
a) oʻqishi boshqa taʼlim muassasasiga koʻchirilishi munosabati bilan;
b) doimiy yashash uchun boshqa hududga yoki mamlakatga chiqib ketganda;
v) sudning qarori bilan ozodlikdan mahrum etilganda;
g) oʻquvchining, uning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning tashabbuslariga koʻra oʻz arizasiga muvofiq;
d) oʻquvchi tomonidan oʻquv dasturi va oʻquv rejasi talablari bajarilmaganda;
e) vafot etganligi sababli oʻqishdan chetlatilishi mumkin.
Oʻqishdan chetlatilgan oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar akademik litsey direktori tomonidan qaror qabul qilingan kundan boshlab bir hafta muddatda tegishli tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shuʼbalariga taqdim etiladi.
(31-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
32. Oʻquvchilarni oʻqishdan chetlatishda hujjatlarning ishonchliligi va toʻgʻri rasmiylashtirilganligi uchun masʼuliyat akademik litsey direktoriga yuklanadi.
7-bob. Akademik litseylar bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishi darajasiga muvofiq taʼlim muassasalari rahbarlari va pedagog xodimlariga nisbatan choralar koʻrish
33. Akademik litseylar bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishi koʻrsatkichlariga muvofiq tizimida akademik litseylar mavjud boʻlgan tegishli oliy taʼlim muassasalarining rektorlari, akademik litseylar bilan ishlash boʻyicha tegishli prorektorlar hamda akademik litseylarning direktorlari, masʼul xodimlari va professor-oʻqituvchilariga nisbatan ragʻbatlantirish yoki intizomiy jazo choralari ish beruvchi tomonidan qoʻllaniladi. Bunda:
1) akademik litsey bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish darajasi 80 foizdan ortiq boʻlganda tegishli oliy taʼlim muassasalari rektorlari, akademik litseylar bilan ishlash boʻyicha tegishli prorektorlar, akademik litseylar direktorlari, oʻquvchilari yuqori natija koʻrsatgan yoʻnalishda dars mashgʻulotlarini tashkil etgan barcha professor-oʻqituvchilarga keyingi oʻquv yilining 1-yanvaridan boshlab oʻquv yili yakuniga qadar ularning ish haqiga qoʻshimcha ravishda 50 foiz miqdorida ustama haq oliy taʼlim muassasalarining oshirilgan toʻlov-kontrakt tushumlari hisobiga amalga oshiriladi;
2) akademik litsey bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish darajasi:
70 foizdan 80 foizgacha boʻlganda bir oylik lavozim maoshining 15 foizi miqdorida;
60 foizdan 70 foizgacha boʻlganda bir oylik lavozim maoshining 20 foizi miqdorida;
50 foizdan 60 foizgacha boʻlganda bir oylik lavozim maoshining 25 foizi miqdorida;
50 foizgacha boʻlganda bir oylik lavozim maoshining 30 foizi miqdorida bir martalik jarima qoʻllaniladi.
34. 33-bandning 2-kichik bandida belgilangan intizomiy jarimalar 2018/2019 oʻquv yili yakunidan boshlab akademik litsey bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi darajasiga muvofiq tegishli oliy taʼlim muassasalari rektorlari, akademik litseylar bilan ishlash boʻyicha tegishli prorektorlar hamda akademik litseylarning direktorlari, oʻquvchilari oʻqishga kirmagan yoʻnalishda dars mashgʻulotlarini tashkil etgan barcha professor-oʻqituvchilariga (xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar bundan mustasno) nisbatan qoʻllaniladi.
35. 2017/2018 oʻquv yili yakunida akademik litsey bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi darajasi 50 foizdan past boʻlganda tegishli oliy taʼlim muassasalari rektorlari, akademik litseylar bilan ishlash boʻyicha tegishli prorektorlar hamda akademik litseylarning direktorlari, oʻquvchilari oʻqishga kirmagan yoʻnalishda dars mashgʻulotlarini tashkil etgan barcha professor-oʻqituvchilariga (xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar bundan mustasno) nisbatan bir oylik lavozim maoshining 15 foizi miqdorida bir martalik jarima qoʻllaniladi.
36. Akademik litsey bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi darajasiga muvofiq intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan rahbar xodimlarga keyingi oʻquv yili davomida ish haqiga ustama belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi.
37. Intizomiy jazo oʻquvchilarning akademik litseyga qabul qilinishidan to uni bitirib ketgunga qadar boʻlgan davrdagi oʻqish jarayonining saviyasidan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasalarining rektorlari, akademik litseylar bilan ishlash boʻyicha tegishli prorektorlar hamda akademik litseylarning direktorlari va professor-oʻqituvchilarining ish faoliyatiga alohida baho berilgan holda qoʻllaniladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
38. Saralash imtihoni natijalaridan norozi boʻlgan oʻquvchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish uchun tizimida akademik litseylar mavjud boʻlgan oliy taʼlim muassasalarida Apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
39. Oʻquvchilarni akademik litseylarga tanlab olish jarayonlaridan yoki oliy taʼlim muassasasining intizomiy jazo qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
40. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish va oʻqishga qabul qilish
SXEMASI
Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Akademik litsey oʻquvchilarini oʻqishini koʻchirish tartibi
SXEMASI
Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
Akademik litsey oʻquvchilarini oʻqishdan chetlatish tartibi
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 212-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2018-yil 1-iyundan boshlab oʻz kuchini yoʻqotayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida oʻqitish bilan qamrab olishni taʼminlash boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2010-yil 7-iyundagi 109-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 6-son, 28-modda).
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2024-y., 09/24/266/0329-son)
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahar hokimligi boshqaruv apparati tuzilmasini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 12-iyundagi PQ-3050-son qarori)” 2017-yil 11-sentabrdagi 709-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 37-son, 995-modda) ilovaning 1-bandi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.03.2018-y., 09/18/212/1366-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son; 07.05.2024-y., 09/24/266/0329-son)