Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
UMUMTAʼLIM MAKTABLARINING 9-SINF BITIRUVChILARINI AKADEMIK LITSEYLAR VA KASB-HUNAR KOLLEJLARIDA OʻQITISh BILAN QAMRAB OLIShNI TAʼMINLASh BOʻYIChA NORMATIV-HUQUQIY BAZANI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 212-sonli “Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan 2018-yil 1-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida oʻqitish bilan toʻliq qamrab olishni taʼminlash, iqtisodiyotning real tarmoqlarida talab mavjud boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli kadrlar tayyorlash darajasi va sifatini oshirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish koʻrsatkichlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish va rasmiylashtirishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar tasdiqlangan Nizomlarga qatʼiy amal qilsinlar hamda ularda belgilangan talablarga belgilangan muddatlarda soʻzsiz rioya qilinishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda umumtaʼlim maktablarining 8-9-sinf oʻquvchilarini kasbga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik tashxis ishlarini aniq maqsadni koʻzlab, samarali va muntazam tashkil etsin;
bir oy muddatda oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik tashxis tizimini tanqidiy koʻrib chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Xalq taʼlimi muassasalarida psixologik xizmat toʻgʻrisidagi Nizom loyihasini kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birgalikda umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida oʻqitish bilan toʻliq qamrab olishni taʼminlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning xolisligini muntazam tekshirib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 7-iyun,
109-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 7-iyundagi 109-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish koʻrsatkichlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish koʻrsatkichlarini shakllantirish tartibini belgilaydi.
2. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish koʻrsatkichlarini belgilashda quyidagilar asosiy vazifalar hisoblanadi:
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqitish bilan toʻliq qamrab olishga oid qismini samarali amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olish huquqini taʼminlash;
iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari hamda hududlarning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha kasbiy tayyorlangan va talab etiladigan mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoji muvozanatini taʼminlash;
davlat manfaatlaridan kelib chiqib oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli mutaxassislarni tayyorlash va ulardan foydalanish samaradorligi oshirilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan maqsadlar amalga oshirilishini hisobga olgan holda oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli kadrlarni tayyorlashga davlat xarajatlarining maqbul darajasiga erishish.
II. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilishning yillik koʻrsatkichlarini shakllantirish tizimi
Oldingi tahrirga qarang.
3. Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish boʻyicha yillik koʻrsatkichlarni shakllantirish ular toʻliq qamrab olinishi hisobga olingan holda va iqtisodiyot tarmoqlarining yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli mutaxassislarga boʻlgan real ehtiyoj asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan (keyingi oʻrinlarda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi deb yuritiladi) Mehnat vazirligining hududiy boʻlinmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 4-maydagi 137-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 18-son, 197-modda)
4. Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish yillik koʻrsatkichlari quyidagilarni amalga oshirish orqali bosqichma-bosqich shakllantiriladi:
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish koʻrsatkichlarini shakllantirish uchun umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari sonini aniqlash;
boʻlajak oʻquv yiliga umumtaʼlim maktablari 9-sinf bitiruvchilarining oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim olishga boʻlgan talabini tahlil qilish;
hududlar va respublika boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli mutaxassislar bilan taʼminlanganlikni tahlil qilish hamda ularga boʻlgan ehtiyojini aniqlash;
umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida oʻqitish bilan toʻliq qamrab olish zarurligi va iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoji hisobga olingan holda boʻlajak oʻquv yili uchun hududlar darajasida yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash;
respublika boʻyicha yangi oʻquv yiliga yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish koʻrsatkichlarini aniqlash va koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish.
III. Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish koʻrsatkichlarini shakllantirishda vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻzaro hamkorligi
5. Yangi oʻquv yiliga oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish koʻrsatkichlarini shakllantirishda quyidagilar asosiy mezonlar hisoblanadi:
umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari soni;
respublika hududlari boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli mutaxassislarga kamida kelgusi 3 yilga ehtiyoji;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining zarur yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash imkoniyatlari.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi har yili 1-dekabrgacha boʻlgan muddatda kelgusi kalendar yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar (shaharlar) boʻyicha umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari sonini aniqlaydi va Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga taqdim etadi.
7. Har yili 1-yanvargacha boʻlgan muddatda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining hududiy boshqarmalari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boshqarmalariga hududlar boʻyicha akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari roʻyxatini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yoʻnalishlari va mutaxassisliklari nomenklaturasi bilan birga taqdim etadi. Mazkur roʻyxatlar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan har bir umumtaʼlim muassasasiga yetkaziladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining hududiy boshqarmalari tuman (shahar) hokimliklari, hududiy bandlikka koʻmaklashish markazlari, ish beruvchilar, boshqa manfaatdor tashkilotlar koʻmagida 9-sinf oʻquvchilari va ularning ota-onalari bilan turli mutaxassisliklarning xususiyatlarini, mintaqada iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi va bitiruvchilarni keyinchalik ishga joylashtirish istiqbollarini tushuntirishga, ularni hududlarning akademik litseylari va kasb-hunar kollejlariga jalb etishning muvozanatligi va tengliligini hisobga olgan holda oʻquvchilarning bundan keyingi taʼlim yoʻnalishlarini ongli tanlashini taʼminlashga yoʻnaltirilgan faol kasbga yoʻnaltirish ishlari olib borilishini taʼminlaydilar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi markazining hududiy boshqarmalari kasbga yoʻnaltirish ishlarini tashkil etishda umumtaʼlim maktablarining 9-sinf oʻquvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqishni davom ettirish bilan bogʻliq xohish-istaklarini aniqlash maqsadida soʻrovnoma oʻtkazadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy boʻlinmalari Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining hududiy boshqarmalari ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bosh boshqarmalari bilan birgalikda har yili oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilarini sifatli tayyorlash va ular mehnatidan samarali foydalanish boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqadilar (bundan keyin hududiy dasturlar deb yuritiladi). Hududiy dasturlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, respublika viloyatlari va shaharlari (tumanlari) boʻyicha 3 yil muddatga ishlab chiqiladi va ularda quyidagilar aks ettiriladi:
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-sentabrdagi 709-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 995-modda)
mehnat bozorida oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli malakali kadrlarga boʻlgan joriy va istiqboldagi talab va takliflar;
tayyorlash yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim muassasalari bitiruvchilariga boʻlgan talab tarkibi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilari uchun yangi ish oʻrinlari yaratish parametrlari;
navbatdagi yangi oʻquv yili uchun qabul koʻrsatkichlariga tuzatish kiritishga oid takliflar;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini (zarur hollarda) qayta ixtisoslashtirishga oid takliflar.
Hududiy dasturlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va shaharlar (tumanlar) hokimliklari tomonidan 1-apreldan kechikmay tasdiqlanadi. Hududiy dasturlarni ishlab chiqish ishlarini muvofiqlashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va shaharlar (tumanlar) hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy boʻlinmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bosh boshqarmalari, Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining hududiy boshqarmalari ishtirokida har yili oʻquv yili boshidan 10-yanvarga qadar oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojni (oʻqish muddati 3 yilligini inobatga olgan holda) tayyorlash yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha aniqlaydilar. Istiqboldagi ehtiyoj hududiy dasturlar, shuningdek oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish natijalari asosida aniqlanadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-sentabrdagi 709-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 995-modda)
12. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining hududiy boshqarmalari har yili 15-fevralgacha boʻlgan muddatda oʻzlariga qarashli hududdagi kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bilan birgalikda:
umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini toʻliq qamrab olish zarurligini, oʻquv-moddiy baza mavjudligini hisobga olgan holda mintaqaning oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli kadrlarga boʻlgan istiqboldagi potensial ehtiyoji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek oʻquvchilar va ularning ota-onalarining u yoki bu mutaxassisliklar boʻyicha oʻqishga boʻlgan talabini umumlashtiradi, navbatdagi oʻquv yiliga, zaruriyat boʻlganda, yangi talab qilingan mutaxassisliklarni joriy etgan holda qabulning koʻrsatkichlari va mutaxassisliklari boʻyicha takliflarni, shuningdek oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini belgilangan tartibda qayta ixtisoslashtirishga doir asosli takliflarni shakllantiradi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi mutaxassisliklarini birlashtirish va ixchamlashtirish boʻyicha takliflarni shakllantiradi;
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga shakllantirilgan takliflarni kiritadi.
13. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi har yili 15-martgacha boʻlgan muddatda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining hududiy boshqarmalari tomonidan kiritilgan:
iqtisodiyot tarmoqlarining yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli mutaxassislar bilan taʼminlanganligi toʻgʻrisidagi tahliliy materiallarni;
iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari, ishlab chiqarishlar va hududlar bilan oʻzaro bogʻliq holda yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoj toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga qabul qilish koʻrsatkichlari, mutaxassisliklarni birlashtirish va ixchamlashtirish, shuningdek ayrim oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini qayta ixtisoslashtirish toʻgʻrisidagi takliflarni;
iqtisodiyotni rivojlantirishning uzoq muddatli davlat dasturlarini hamda ustuvor va strategik muhim tarmoqlar va ishlab chiqarishlarni, ijtimoiy soha va boshqa tarmoqlarni tarkibiy qayta oʻzgartirishni hisobga olgan holda umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga qabul qilish koʻrsatkichlariga zarur tuzatishlarni koʻrib chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishadi.
14. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi har yili 10-aprelgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan qabul qilish koʻrsatkichlariga asosan:
kelgusi oʻquv yilida umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga qabul qilish toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini, zarur tahliliy va hisob-kitob materiallari bilan birga;
kadrlar tayyorlash uchun mutaxassisliklar roʻyxatiga kiritilgan tuzatishlarni hisobga olgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga qabul qilishning prognoz parametrlarini;
ayrim oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini qayta ixtisoslashtirish toʻgʻrisidagi takliflarni (zarur hollarda) tayyorlaydi va koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
15. Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini kasb-hunar kollejlariga va akademik litseylarga qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi har yili 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini kasb-hunar kollejlariga va akademik litseylarga qabul qilish parametrlariga asosan har bir akademik litsey va kasb-hunar kolleji boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha mutaxassisliklar boʻyicha qabul kvotalarini tasdiqlaydi.
16. Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish koʻrsatkichlarini shakllantirishda vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻzaro hamkorligi mazkur Nizomga ilova qilingan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
17. Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga qabul qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Mehnat vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining hududiy boʻlinmalari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hududiy dasturlar oʻz vaqtida ishlab chiqilishi va samarali amalga oshirilishi, kadrlarga boʻlgan ehtiyoj koʻrsatkichlarining ishonchliligi va qabul kvotalarining, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini qayta ixtisoslashtirish zarurligi asoslanganligi yuzasidan shaxsan javob beradilar.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 4-maydagi 137-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 18-son, 197-modda)
Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish koʻrsatkichlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul koʻrsatkichlarini shakllantirish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-sentabrdagi 709-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 995-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 7-iyundagi 109-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish va rasmiylashtirishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini (keyingi oʻrinlarda bitiruvchilar deb yuritiladi) oʻzlari va ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) tomonidan tanlangan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqitishni tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom idoraviy tegishliligidan qatʼi nazar, barcha oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga tatbiq etiladi, agar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida boshqa holatlar nazarda tutilmagan boʻlsa.
II. Bitiruvchilarning hujjatlarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga topshirish va qabul qilishni tashkil etish
3. Umumtaʼlim maktablarining direktorlari har yili 15-iyungacha bitiruv imtihonlari oʻtkazilishini va 20-iyungacha bitiruvchilarning shahodatnomalari rasmiylashtirilishini taʼminlaydi.
4. Xalq taʼlimi tizimida oʻtkazilgan psixologik-pedagogik tashxis natijalariga muvofiq, bitiruvchilar va ularning ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) tanlagan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻqishni davom ettirish toʻgʻrisidagi arizalari asosida umumtaʼlim maktablarida har yili 20-iyungacha bitiruvchilarning hujjatlari bilan birgalikda shaxsiy hujjatlar yigʻma jildi shakllantiriladi.
Bitiruvchilarning shaxsiy hujjatlar yigʻma jildini shakllantirish uchun zarur boʻlgan hujjatlar roʻyxati Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan birgalikda belgilanadi.
5. Oʻquvchilarni qabul qilish davrida har bir akademik litsey va kasb-hunar kollejida belgilangan tartibda maslahat markazlari tashkil etiladi.
6. Umumtaʼlim maktablarining direktorlari yoki direktor oʻrinbosarlari har yili 30-iyungacha bitiruvchilarning hujjatlar yigʻma jildini bitiruvchilar va ota-onalar (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) ishtirokida tegishli akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining maslahat markazlariga topshiradi.
7. Hujjatlar yigʻma jildini bitiruvchilar yoki ularning ota-onalariga (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga) berib yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Umumtaʼlim maktabi bitiruvchisining hujjatlari qabul qilinganligi toʻgʻrisida umumtaʼlim maktabi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi direktorlari tomonidan toʻrt nusxada topshirish-qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.
Dalolatnomaning nusxalari Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boʻlinmalarida va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalarida, umumtaʼlim maktablari hamda akademik litseylar yoki kasb-hunar kollejlari direktorlarida saqlanadi.
9. Bitiruvchilar akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga tasdiqlangan qabul koʻrsatkichlari doirasida tushgan arizalar asosida teng shartlarda (yengillik va imtiyozlarsiz) qabul qilinadi.
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari direktorlari har yili 5-iyulga qadar umumtaʼlim maktablari direktorlaridan qabul qilingan bitiruvchilar hujjatlarining yigʻma jildlari asosida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining tasdiqlangan qabul koʻrsatkichlariga muvofiq bitiruvchilarni qabul qilish boʻyicha buyruqlarni rasmiylashtiradi.
10. Madaniyat, sanʼat yoʻnalishlari va boshqa ijodiy yoʻnalishlar hamda sport boʻyicha akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida kadrlar tayyorlash jarayonining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan xolda, Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi bilan kelishgan holda qabul jarayonida ijodiy imtihonlar oʻtkazilishi mumkin.
11. Oʻrta maxsus, kasb-hunar muassasalariga bitiruvchilarning arizalari qabulning tasdiqlangan koʻrsatkichlaridan ortiq tushgan taqdirda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari direktorlari har yili 5-iyulgacha taalluqli oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmasiga bu haqda maʼlumotlar kiritadi.
12. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari har yili 10-iyulgacha bitiruvchilar hujjatlari akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini umumlashtiradi.
III. Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqitish bilan toʻliq qamrab olishni taʼminlash
13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi har yili 15-iyulgacha oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari taqdim etgan maʼlumotlarni tahlil qiladi va Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga bitiruvchilarni qamrab olish imkoniyati va smena koeffitsiyentini hisobga olib qoʻshimcha oʻrin ajratish yoki ayrim hollarda bunday taʼlim muassasalarining har biri boʻyicha bitiruvchilar oʻrtasida saralash test sinovlari oʻtkazish boʻyicha takliflar kiritadi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan kiritilgan taklifni koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
15. Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq, saralash test sinovlari muayyan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining qarori bilan qoʻshimcha oʻquvchi oʻrinlari ajratilgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida bitiruvchilarni qabul qilish tushgan arizalar asosida teng shartlarda amalga oshiriladi.
16. Saralash test sinovlari oʻtkaziladigan fanlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida saralash test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomani ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
18. Test sinovlari oʻtkazilishi belgilangan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida saralash test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha 11 yoki 13 nafar aʼzodan iborat komissiya tuziladi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi).
Komissiyaning tarkibiga oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi direktori, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmasi va Xalq taʼlimi vazirligi hududiy boʻlinmalari, tuman (shahar) hokimliklaridan bittadan vakil hamda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻqituvchilari kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi vakili Komissiya raisi hisoblanadi.
Saralash test sinovlarini oʻtkazish jarayonida umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari hamda ota-onalardan 4-5 nafar vakil kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.
Komissiya test sinovlarini adolat va oshkoralik tamoyillari asosida, jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlash choralarini koʻrgan holda oʻtkazadi.
19. Umumtaʼlim fanlari boʻyicha Respublika olimpiadalarida 1-5 oʻrinlarni egallagan bitiruvchilar akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori asosida qabul qilinadi.
20. Imkoniyatlari cheklangan bitiruvchilar Oʻzbekiston Respublikasining ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarida taʼlim oluvchi imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun mutaxassisliklar va kasblar roʻyxatiga muvofiq Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy maslahat komissiyalari xulosalari va tavsiyalari, shuningdek Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalarining, tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarining yoʻllanmalari asosida qabul qilinadi.
21. Ushbu Nizomning 9, 10, 15 va 19-bandlarida belgilangan tartib asosida qamrab olinmagan bitiruvchilarning hujjatlari bitiruvchilar va ularning ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) roziligi bilan qamrab olish imkoniyati mavjud boʻlgan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga oʻtkaziladi.
22. Bitiruvchilarni qamrab olish imkoniyati mavjud boʻlgan boshqa oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalariga oʻtkazishda akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji direktori tomonidan hujjatlarni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi (4 nusxada) rasmiylashtiriladi. Dalolatnomaning nusxalari Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boʻlinmalari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalarida, umumtaʼlim maktabi hamda akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji direktorlarida saqlanadi.
Mazkur jarayon oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari va Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boʻlinmalari tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi.
23. Bitiruvchilarini qamrab olish imkoniyati mavjud boʻlgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining oʻqitish mutaxassisliklari (yoʻnalishlari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boʻlinmalariga oʻz vaqtida yetkaziladi.
24. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari bitiruvchilarni akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga qamrab olganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umumlashtiradi va Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga yozma axborot beradi.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi hamda Xalq taʼlimi vazirligi bitiruvchilarning akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida oʻqitish bilan toʻliq qamrab olinganligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga hisobot beradi.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi hamda xalq taʼlimi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari, shuningdek taʼlim muassasalari rahbarlari hujjatlar oʻz vaqtida berilishi va bitiruvchilarning akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida oʻqitish bilan toʻliq qamrab olinishi uchun shaxsan javob beradi.
27. Bitiruvchilarni akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga qabul qilish, qoidaga koʻra, har yili 1-avgustgacha yakunlanadi.
Hujjatlarni rasmiylashtirish, statistik hisobotlarni tayyorlash, tahlil oʻtkazish, tashkiliy va nizoli masalalarni hal etish, qoidaga koʻra, har yili 25-avgustgacha yakunlanadi.
28. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning hujjatlarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish va ularni oʻqitish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
IV. Yakunlovchi qoida
29. Majburiy oʻqishni davom ettirish uchun bitiruvchilarga toʻsqinlik qilayotgan umumtaʼlim maktablari rahbarlari va oʻqituvchilari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari rahbarlari, shuningdek oʻquvchilarning ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 23-son, 184-modda; 2016-y., 18-son, 197-modda; 2017-y., 37-son, 995-modda)