O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kommunal xizmatlarning yagona billing tizimini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 29-maydagi PF-5059-son Farmonini bajarish yuzasidan, iste’molchilar hisob raqamlaridagi mablag‘larning nazorat qilinishi, ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar uchun o‘zaro hisob-kitoblarning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotni shakllantirish va iste’molchilarga taqdim etishning shaffofligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati va “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining iste’molchining birxillashtirilgan yagona shaxsiy raqamidan foydalangan holda Kommunal xizmatlarning yagona billing tizimini (keyingi o‘rinlarda Yagona billing tizimi deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Kommunal xizmatlarning yagona billing tizimini tashkil etish bo‘yicha Tadbirlar rejasi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Quyidagilar Yagona billing tizimining asosiy vazifalari etib belgilansin:
ichimlik suv ta’minoti, kanalizatsiya, issiqlik, elektr va gaz ta’minoti xizmatlarini (keyingi o‘rinlarda kommunal xizmatlar deb ataladi) yetkazib beruvchilarning amaldagi tariflarga muvofiq iste’molchilarga hisobni berish va hisob raqamlaridagi mablag‘larni nazorat qilish, hisobga o‘tkazish va hisobdan chiqarish;
elektron hukumat tizimlari bilan integratsiyalashuv inobatga olingan holda butun respublika bo‘yicha kommunal xizmatlar iste’molchilarining yagona reyestrini yuritish;
kommunal xizmatlardan foydalanish holatini onlayn rejimida tizimli hamda shaffof monitoringini olib borish va tahlil qilish hamda tegishli hisobotlarni shakllantirish;
iste’molchilarga kommunal xizmatlar ko‘rsatishni faollashtirish yoki to‘xtatib qo‘yish yuzasidan elektr energiyasi, gaz, ichimlik va issiq suvni taqsimlash hamda yetkazib berish tarmog‘ining yakuniy uskunasini (hisoblagichlarni) boshqarish;
kommunal xizmatlar ko‘rsatish sohasida interfaol xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, elektron to‘lov tizimlaridan keng foydalanish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati va “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati kompaniyasi bilan birgalikda 2018-yil 1-avgustgacha Yagona billing tizimini ishlab chiqsin hamda ishga tushirsin. Bu borada “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi bazasida zarur telekommunikatsiya infratuzilmasi tashkil etilishini, kommunal xizmatlarni yetkazib beruvchilar bilan belgilangan tartibda tegishli shartnomalar tuzilishini, shuningdek, unga:
2019-yilning 1-yanvargacha — elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha;
2021-yil 1-yanvargacha — ichimlik suv ta’minoti, kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti bo‘yicha axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi ulanishini nazarda tutsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 29-avgustdagi PQ-3245-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “O‘zinfokom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi bazasida Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator (keyingi o‘rinlarda Yagona integrator deb ataladi) tashkil qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
Yagona integrator Yagona billing tizimining ishini va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini muvofiqlashtirish uchun mas’ul hisoblanadi;
“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tegishli ravishda elektr energiya, gaz, ichimlik va issiq suv iste’molini nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish uchun mas’ul hisoblanadi;
kommunal xizmatlar iste’molchilari haqidagi ma’lumotlar faqat “Elektron hukumat” tizimining jismoniy va yuridik shaxslar markaziy ma’lumotlar bazasi orqali shakllantiriladi hamda ulardan foydalaniladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Yagona billing tizimini tashkil etish loyihasi bo‘yicha loyihaoldi hujjatlarining ishlab chiqilishi va tasdiqlanishiga qarab, ushbu loyihani amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining moliyaviy mablag‘lari hamda texnik ko‘maklashish mablag‘lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar jalb etilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati va “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda 2018-yil 1-oktabrgacha bo‘lgan muddatda Yagona billing tizimining barqaror ishlash qobiliyatini ta’minlash, uni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash ishlarini moliyalashtirish, shuningdek, bu boradagi tegishli funksiyalarni yanada rivojlantirish hamda kengaytirish mexanizmlarini ishlab chiqsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati va boshqa kommunal xizmatlarni yetkazib beruvchilar bilan birgalikda kommunal xizmatlar iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Yagona billing tizimiga uzatishni avtomatlashtirish uchun elektron hisobga olish priborlarini joriy etish hamda o‘rnatish loyihalari amalga oshirilishini tezlashtirish choralarini ko‘rsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.I. Ibragimov hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-sentabr,
726-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 37-son, 1006-modda)