O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ilgari ishlatilgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilishga ruxsat berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-iyundagi 467-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 21-iyundagi PQ-3077-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ilgari ishlatilgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilishga ruxsat berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi U.U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 17-avgust,
642-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-avgustdagi 642-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ilgari ishlatilgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilishga ruxsat berish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ilgari ishlatilgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni (keyingi o‘rinlarda tovarlarni eksport qilish deb ataladi) eksport qilishga ruxsat berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
ariza beruvchi — yuridik va jismoniy shaxslar yoki ularning tovarlarni eksport qilishni rejalashtirayotgan qonuniy vakillari;
eksport qilinayotgan tovarni baholash to‘g‘risida hisobot — baholash faoliyati to‘g‘risida qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan hujjat;
tovarlar — ilgari ishlatilgan, tayyorlangan vaqtidan buyon kamida 5 yil o‘tgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilishga ruxsat berish tartibi;
vakolatli organ — Tashqi savdo faoliyatni, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti.
(2-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-fevraldagi 107-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.02.2018-y., 09/18/107/0697-son)
3. Tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
4. Tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma ushbu Nizomga 2-ilovaga* muvofiq O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlari guruhlari bo‘yicha beriladi.
Ushbu Nizomga muvofiq 2-ilovada ko‘rsatilmagan tovarlarni eksport qilish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
5. Ushbu Nizom talablari ilgari ishlatilgan quyidagi mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarga tatbiq etilmaydi:
tayyorlangan kunidan boshlab 5 yil yoki undan ko‘p vaqt o‘tgan;
ilgari xorijiy yuridik shaxslar tomonidan bepul keltirilgan, “erkin muomalada bo‘lishi (import) uchun ishlab chiqarilgan” bojxona rejimida rasmiylashtirilgan.
2-bob. Ruxsat berish talablari va shartlari
6. Quyidagilar tovarlarni eksport qilishda ruxsatnoma olish talablari va shartlariga kiradi:
eksport qilinayotgan tovarlarga ichki bozorda ehtiyojning mavjud emasligi;
tovarni eksport qilish qiymatining baholash to‘g‘risidagi hisobotda keltirilganiga muvofiqligi. Bunda tovarning eksport qiymati baholash to‘g‘risidagi hisobotga muvofiq xalqaro bozorda eksport qilinayotgan tovar tarkibida mavjud bo‘lgan metall parchalari uchun belgilangan qiymatdan past bo‘lmasligi kerak.
3-bob. Tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma olish uchun arizani ko‘rib chiqish va ruxsatnoma berish yoki ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish
7. Ariza beruvchi tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma olish uchun vakolatli organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma olish to‘g‘risida 3-ilovaga* muvofiq shakl bo‘yicha ariza;
* 2-3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
eksport qilinadigan tovarning narxi to‘g‘risidagi hisobot;
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasiga muvofiq tasniflash bo‘yicha eksport xulosasi;
eksport qilinayotgan tovarning tayyorlangan sanasini tasdiqlovchi hujjat.
8. Ariza beruvchidan ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
9. Hujjatlar ariza beruvchi tomonidan vakolatli organga bevosita, pochta aloqa vositasi orqali yoki ularning olingani to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan elektron shaklda taqdim etiladi.
Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar ariza beruvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
10. Tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma olish uchun vakolatli organga taqdim etilgan hujjatlar vakolatli organning vakili tomonidan ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, ro‘yxat hujjatlar qabul qilingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda darhol ariza beruvchiga taqdim etiladi (yuboriladi).
11. Arizani ko‘rib chiqqanlik uchun vakolatli organ tomonidan yig‘im undirilmaydi.
12. Vakolatli organ ariza kelib tushgan sanadan boshlab besh ish kunidan kechikmay arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga yoki davlat va xo‘jalik boshqaruvining tegishli organlariga — tovarlarni sotib olishga ehtiyoji mavjud bo‘lgan subyektlarni ko‘rsatgan holda, eksport qilishga tavsiya etilayotgan tovarlarning ichki bozorda xaridorgirligi to‘g‘risida axborot olish uchun;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga — ushbu tovarlarni olib kelishda berilgan bojxona imtiyozlari to‘g‘risida ma’lumot olish uchun.
13. Ushbu Nizomning 12-bandida ko‘rsatilgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari vakolatli organdan hujjatlarni olgan sanadan boshlab besh ish kunidan kechikmay vakolatli organga tegishli axborotni taqdim etadi.
14. Ariza beruvchi ruxsatnoma berish talablari va shartlariga muvofiq bo‘lgan taqdirda vakolatli organ davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan ushbu Nizomning 12-bandida ko‘rsatilgan axborotni olgan kunidan boshlab yigirma ish kunidan oshmaydigan muddatda tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berish masalasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi (keyingi o‘rinlarda farmoyish deb ataladi) belgilangan tartibda qabul qilinishini ta’minlaydi.
15. Vakolatli organ farmoyish qabul qilingan sanadan boshlab bir ish kuni mobaynida ariza beruvchiga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan farmoyishning nusxasini beradi.
16. Tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berishni rad etish uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda vakolatli organ ariza beruvchini tegishli qaror qabul qilingan sanadan boshlab bir ish kunidan kechikmay xabardor qiladi.
17. Tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berishni rad etish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
ariza beruvchi tomonidan tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilishi;
ariza beruvchining ruxsatnoma berish talablari va shartlariga nomuvofiqligi;
ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchli bo‘lmagan yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarning mavjudligi.
Tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berishning boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan maqsadga muvofiq emasligi sabablari bo‘yicha rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
18. Tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berishning rad etilishi to‘g‘risidagi xabarnoma ariza beruvchiga yozma yoki elektron shaklda yuboriladi (taqdim etiladi), unda rad etishning sabablari, qonunchilikning aniq normalari va ariza beruvchi ko‘rsatib o‘tilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroriy ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatiladi.
19. Ariza beruvchi rad etish sabablarini bartaraf etib hujjatlarni takroriy kirib chiqish uchun taqdim etish muddati tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berishning rad etilishi to‘g‘risida yozma yoki elektron xabarnoma olgan kundan boshlab o‘n ish kunidan kam bo‘lishi mumkin emas.
20. Arizachi tomonidan tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berish uchun asos bo‘lgan sabablar belgilangan muddatda bartaraf etilgan taqdirda hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish yoki tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berish yoki ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolatli organ tomonidan ariza beruvchining rad etish sabablarini bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi arizasi va rad etish sabablarining bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar olingan kundan boshlab o‘n ish kunidan oshmaydigan muddatda ta’minlanadi.
21. Hujjatlarni takroran ko‘rib chiqishda vakolatli organ tomonidan yozma yoki elektron shakllarda ariza beruvchiga ilgari bayon qilinmagan rad etish sabablarining keltirilib o‘tilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, rad etishning ilgari ko‘rsatilgan sabablari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi rad etish sabablari keltirilgan holatlar bundan mustasno.
22. Ariza beruvchi tomonidan tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berishning rad etilganligi to‘g‘risidagi yozma yoki elektron xabarnomada ko‘rsatilgan ariza yangidan berilgan hisoblanadi va vakolatli organ tomonidan umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi.
23. Ariza beruvchi tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berishning rad etilganligi, shuningdek vakolatli organ mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi) to‘g‘risida belgilangan tartibda shikoyat bildirish huquqiga ega.
24. Tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berish ko‘rsatib o‘tilgan tovarlar ichki bozorda ehtiyojning mavjudligi sabablari bo‘yicha rad etilgan taqdirda vakolatli organ ariza beruvchiga bu to‘g‘rida tovarlarni sotib olishga ehtiyoji mavjud bo‘lgan subyektlarning kontaktlarini ko‘rsatgan holda yozma yoki elektron xabarnoma yuboradi.
25. Ariza beruvchi tovarni sotib olish xohishini bildirgan shaxs bilan kelishuvga erishishi mumkin bo‘lmagan taqdirda ariza beruvchi vakolatli organga mazkur subyektning tovarni sotib olishni rad etganligi to‘g‘risidagi yozma ma’lumotni ilova qilgan holda murojaat qiladi, shundan keyin vakolatli organ besh ish kuni mobaynida tovarlarni eksport qilishga ruxsatnoma berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
26. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Ilgari ishlatilgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilishga ruxsat berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Ilgari ishlatilgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilishga ruxsat berish
SXEMASI
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 33-son, 866-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.02.2018-y., 09/18/107/0697-son)