Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻquv asbob-uskunalari va anjomlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida
“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, oʻquv asbob-uskunalari va anjomlarining xavfsizligiga qoʻyiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻquv asbob-uskunalari va anjomlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament ilovaga* muvofiq tasdiqlansin va rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab olti oy oʻtgach amalga kiritilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlar amalga kiritilgach, standartlashtirish boʻyicha ularda koʻrsatilgan mahsulotlar va xizmatlarga doir ilgari qabul qilingan normativ hujjatlar majburiylik xususiyatini yoʻqotishi va belgilangan tartibda qoʻllanilishida ixtiyoriylik kasb etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. “Oʻzstandart” agentligi vakolatli organlar bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament amalga kiritilgan kundan boshlab oʻquv asbob-uskunalari va anjomlarining xavfsizligiga qoʻyiladigan majburiy talablarni belgilovchi standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni qoʻllashda majburiylik xususiyatini bekor qilish va ixtiyoriylikni taʼminlash yuzasidan belgilangan tartibda chora-tadbirlar koʻrsin.
4. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda tasdiqlangan Umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari keng xabardor qilinishini taʼminlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari U.U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-iyun,
345-son