O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-martdagi PF-5368-son Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil etish to‘g‘risida” 2018-yil 5-martdagi PQ-3583-son qarori)” qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 15-fevraldagi PF-4956-son Farmonini hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 15-fevraldagi PQ-2779-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-mart,
148-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-martdagi 148-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita deb ataladi) jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlovchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
2. Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Qo‘mita o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
4. Qo‘mitaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mulkchilik shakllaridan va idoraviy bo‘ysunishdan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. Qo‘mita, uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Qo‘mita huzuridagi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining ijro etuvchi apparati va uning mintaqaviy filiallari faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6. Qo‘mita, uning hududiy bo‘linmalari va Qo‘mita tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar yuridik shaxslar hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladilar.
2-bob. Qo‘mitaning asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari hisoblanadi:
jismoniy tarbiya va sport sohasida aholining keng qatlamlarini sport bilan shug‘ullanishdan bahramand qilishga va sog‘lom turmush tarzini yuritishga, jismonan sog‘lom o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalashga, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirishga, mamlakatning sport yutuqlarini ommalashtirishga va xalqaro sport maydonida keng e’tirof etilishiga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya-sport jamiyatlari, ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda shaharlar va tumanlarda sport-ommaviy tadbirlarni, xalq o‘yinlari va sportning milliy turlari bo‘yicha musobaqalarni muntazam ravishda o‘tkazgan holda aholi, ayniqsa yoshlar, xotin-qizlar, keksa kishilar, qishloq aholisi orasida sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishni ommalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni tashkil etish;
bolalarni, ayniqsa qiz bolalarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etish yo‘li bilan bolalar sportini har tomonlama rivojlantirish, bolalar sporti ta’limi sifatini oshirish, barcha mintaqalarda, shu jumladan qishloq tumanlarida va chekka tumanlarda bolalar sport obyektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish, “Umid nihollari, “Barkamol avlod” va “Universiada” musobaqalarining uch bosqichli tizimi o‘yinlari o‘tkazilishini tashkil etish, shu asosda bolalarning sog‘lig‘ini mustahkamlash va ularning barkamolligini ta’minlash;
Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport turlari bo‘yicha federatsiyalar va assotsiatsiyalar bilan birgalikda iqtidorli va istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va ularning mahoratini oshirishning uzluksiz tizimini takomillashtirish, Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o‘yinlarida, jahon, Osiyo chempionatlarida va boshqa nufuzli xalqaro musobaqalar va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishni ta’minlash uchun ulardan sifatli sport zaxirasini va mamlakat terma jamoalari tarkiblarini shakllantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
mamlakatda professional sportni rivojlantirishni rag‘batlantirish, ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda zamonaviy texnologiyalarni sport tayyorgarligi jarayoniga joriy etish, sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalarni tashkil etish, nosog‘lom sport raqobatiga va taqiqlangan preparatlar qo‘llanilishiga qarshi kurash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish;
ommaviy, bolalar va professional sport yo‘nalishlari bo‘yicha jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlarining, obyektlar va inshootlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, ulardan eng ko‘p darajada va samarali foydalanishni ta’minlash, respublikada sport uskunalari va inventari ishlab chiqarishni tashkil etish va kengaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishida ishtirok etish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlarini, ta’lim va sport-ta’lim muassasalarini yuqori malakali trenyerlar va boshqa sport mutaxassislari bilan ta’minlash;
sport sohasida davlatlararo va xalqaro sport aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash, jismoniy tarbiya va sport sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish ishlarini tashkil etish, ommabop sport dasturlari tashkil etilishiga ko‘maklashish, jismoniy tarbiya va sport sohasida ommaviy adabiyotlarni nashr etish va mavzuli video- va kino materiallar yaratish.
8. Qo‘mita yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha:
jismoniy tarbiya va sport sohasida vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning ishini muvofiqlashtiradi;
qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi va ularni ko‘rib chiqish uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
o‘z vakolatlari doirasida jismoniy tarbiya va sport sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek sport normativlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
respublikada jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning holati monitoringini olib boradi, ularni mamlakatda yanada rivojlantirish bo‘yicha har yillik prognozlarni shakllantiradi;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli dasturlarni, dasturiy-metodik hujjatlarni hamda jismoniy tarbiya va sport sohasiga tegishli boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi, ularning ijrosini ta’minlaydi;
manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport, shuningdek aholini jismoniy tarbiyalash sohasida ilmiy tadqiqotlarning rivojlanishiga ko‘maklashadi, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etadi va ushbu ishlar amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
davlat boshqaruvining boshqa organlari bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport namoyandalarini, shu jumladan sportchilar, trenyerlar, sport faxriylarini va boshqa mutaxassislarni ijtimoiy muhofaza qilish masalalarini hal etadi;
mamlakatda sport turlarini rivojlantirishning ustuvor vazifalarini belgilaydi;
sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) reyestrini yuritadi, uni yuritish tartibini belgilaydi;
sport turlari bo‘yicha Yagona sport klassifikatsiyasini, shuningdek u to‘g‘risidagi nizomni, sport turlari va sport fanlarini e’tirof etish, ular reyestrini yuritish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
xalqaro va respublika darajalaridagi sport va jismoniy tarbiya — ommaviy tadbirlarning Kalendar rejasini shakllantiradi va tasdiqlaydi, manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ularning moliyalashtirilishini va o‘tkazilishini ta’minlaydi;
trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga belgilangan tartibda ruxsatnoma beradi;
manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatda sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirishga doir takliflarni ishlab chiqadi;
b) sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishni ommalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar tashkil etilishi sohasida:
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish ishlarini tashkil etadi;
aholining keng qatlamlari orasida sport va jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar tashkil etilishi va o‘tkazilishiga ko‘maklashadi;
shaharlar va tumanlarda sport-ommaviy va jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish tadbirlari, shu jumladan sportning milliy turlari bo‘yicha xalq o‘yinlari va musobaqalar aholi, ayniqsa yoshlar, xotin-qizlar, keksa kishilar va qishloq aholisi orasida o‘tkazilishini muntazamlilik asosida tashkil etadi;
O‘zbekistonda sportning milliy turlarini va xalq o‘yinlarini rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashadi, sportning milliy turlari bo‘yicha sport musobaqalari, xalq o‘yinlari bo‘yicha jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar mamlakatda va chet elda tashkil etilishi va o‘tkazilishi moliyalashtirilishini, shuningdek sportning milliy turlari xalqaro sport maydonida keng targ‘ib qilinishi va rivojlantirilishini belgilangan tartibda ta’minlaydi;
v) bolalar sportini rivojlantirish, bolalar sporti ta’limi sifatini oshirish, bolalar sport obyektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish, bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash va ularning barkamolligini ta’minlash sohasida:
jismoniy va ma’naviy sog‘lom o‘sib kelayotgan avlodni kamol toptirishning muhim sharti sifatida ommaviy bolalar sportini rivojlantirishni, unda sog‘lom turmush tarziga intilishni va sportga muhabbatni singdirishni ta’minlaydi;
bolalar sportining moddiy-texnika va resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
iqtidorli yoshlar va sport namoyandalarining xalqaro va respublika ko‘lamlarida jismoniy tarbiya va sport sohasida o‘tkaziladigan ko‘riklar, tanlovlar, festivallarda, boshqa anjumanlarda ishtirok etishi va safar qilinishini ta’minlaydi;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda barcha mintaqalarda, shu jumladan qishloq tumanlarida va chekka tumanlarda “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” musobaqalarining uch bosqichli tizimi o‘yinlari o‘tkazilishini tashkil etadi;
g) iqtidorli va istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va ularning mahoratini oshirishning uzluksiz tizimini takomillashtirish, Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o‘yinlarida, jahon, Osiyo chempionatlarida va boshqa nufuzli xalqaro musobaqalar va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishni ta’minlash uchun ulardan sifatli sport zaxirasini va mamlakat terma jamoalari tarkiblarini shakllantirish sohasida;
O‘zbekiston Respublikasi sport terma jamoalari tarkiblarini va ularning eng yaqin zaxiralarini tasdiqlaydi, O‘zbekiston sport delegatsiyalarini butlaydi, ularni xalqaro sport musobaqalariga va jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarga tayyorlashni va ishtirok etishini ta’minlaydi;
jismoniy tarbiya va sport sohasida sport va dopingga qarshi markazlar, ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritadi va ular faoliyatini tashkil etishni ta’minlaydi;
konferensiyalar, ko‘rgazmalar va sport musobaqalari o‘tkazadi, sport sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish ishlarini tashkil etadi;
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) va jismoniy tarbiya va sport sohasida boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashadi;
Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari bilan birgalikda keyinchalik sport zaxirasini shakllantirish uchun iste’dodli va istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va ularning mahoratini oshirishning uzluksiz tizimini o‘tkazish bo‘yicha kompleks tadbirlarni tashkil etadi;
xalqaro hamda respublika sport va jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini, sportchilar, trenyerlar va boshqa mutaxassislar ta’minotini, O‘zbekiston Respublikasi sportchilarini, sport terma jamoalarini Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o‘yinlariga, jahon, Osiyo chempionatlariga, kuboklariga va birinchiligiga va boshqa xalqaro sport musobaqalariga tayyorlashni va ishtirok etishini, xalqaro tashkilotlarga a’zolik badallari to‘lanishini belgilangan tartibda ta’minlaydi;
d) mamlakatda professional sportni rivojlantirishni rag‘batlantirish, ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda zamonaviy texnologiyalarni sport tayyorgarligi jarayoniga joriy etish, sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalarni tashkil etish, nosog‘lom sport raqobatiga va taqiqlangan preparatlar qo‘llanilishiga qarshi kurash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish sohasida:
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport turlari bo‘yicha federatsiyalar va assotsiatsiyalar bilan birgalikda mamlakatda professional sportni tashkil etish va yanada shakllantirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlash ishlarini olib boradi, idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, sport maktablari, klublar va sport tayyorgarligi markazlari rivojlanishi va ixtisoslashtirilishini muvofiqlashtiradi;
xorijiy mamlakatlarda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning jahon ilmiy-texnik taraqqiyoti yutuqlari, ilg‘or tajribasi umumlashtirilishini, ushbu yutuqlar respublikada joriy etilishini ta’minlaydi;
sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ning iltimosnomasi bo‘yicha sportning alohida turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sport terma jamoalari sportchilarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ning o‘z mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan xalqaro sport musobaqalarida va jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarda ishtirok etishini tasdiqlaydi va ta’minlaydi;
jismoniy tarbiya va sport sohasida eng o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ko‘maklashgan boshqa shaxslarni idoraviy ko‘krak belgilari bilan mukofotlaydi;
sport unvonlari, sport razryadlari va malaka toifalari berish tartibini tasdiqlaydi;
sport sohasidagi ulkan yutuqlari uchun mukofotlar ta’sis etish va O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini berish to‘g‘risidagi takliflarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda kiritadi;
e)jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, mahalliy sport uskunalari va inventar ishlab chiqarishni tashkil etish va kengaytirish sohasida:
O‘zbekiston Respublikasi sportchilarini va sport terma jamoalari a’zolarini sport inventari, uskunasi hamda kiyim-bosh, anjomlar bilan ta’minlaydi;
ommaviy, bolalar va professional sport yo‘nalishlari bo‘yicha obyektlar va inshootlar faoliyatini takomillashtirish va yangilarini qurish bo‘yicha takliflar kiritadi, ulardan eng ko‘p darajada va samarali foydalanishni ta’minlaydi;
jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tovarlarini ishlab chiqarishni tashkil etishga ko‘maklashadi;
yangi jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari qurishni va ishlab turganlarini rekonstruksiya qilishni tashkil etishga ko‘maklashadi;
jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlaridan foydalanish, shuningdek ularning pasportlarini berish tartibini tasdiqlaydi;
idoraviy mansub tashkilotlarga ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishda va axborot ta’minotini, maslahat berish, kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlashni va yordamning boshqa turlarini jalb etishni tashkil etishda ko‘maklashadi;
j) jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlarini, ta’lim va sport-ta’lim muassasalarini yuqori malakali trenyerlar va boshqa sport mutaxassislari bilan ta’minlash sohasida:
kadrlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak axloqiylik ruhida tayyorlash jarayonini tashkil etadi, odamlarning o‘zining jismoniy, umumta’lim va madaniy darajasini oshirishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirish ishlarini olib boradi;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar malakasini oshirishni, ularni qayta tayyorlashni, tajriba orttirishni va attestatsiyadan o‘tkazishni ta’minlaydi;
bolalar sporti jamoalari, mutaxassislari, shuningdek sportchilar hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa vakillarning, ularning idoraviy mansubligidan qat’i nazar, xalqaro tanlovlarda, festivallarda, sport musobaqalarida va chet eldagi boshqa tadbirlarda ishtirok etish uchun tayyorlashni, jo‘natishni va qabul qilishni ta’minlaydi;
z) sport sohasida davlatlararo va xalqaro sport aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash, jismoniy tarbiya va sport sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish ishlarini tashkil etish, ommabop sport dasturlari tashkil etilishiga ko‘maklashish, jismoniy tarbiya va sport sohasida ommaviy adabiyotlarni nashr etish va mavzuli video- va kino materiallar yaratish sohasida:
jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha ilmiy, o‘quv, ilmiy-ommabop va ommaviy adabiyotlar yaratilishi va nashr etilishini, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida foto va video materiallar yaratilishini tashkil etadi;
xalqaro sport aloqalarini amalga oshiradi va rivojlantiradi, xalqaro sport hamjamiyatlari bilan o‘zaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalaydi;
hamkorlik bo‘yicha xalqaro loyihalarni ishlab chiqadi hamda jismoniy tarbiya va sport sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etishda ishtirok etadi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishini ta’minlaydi;
sport sohasida iqtidorli yoshlar vakillariga ko‘maklashadi va yordam beradi, ularni o‘qish uchun chet elga yuboradi;
manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ommabop sport dasturlari tashkil etilishida, jismoniy tarbiya va sport sohasida ommaviy adabiyotlar nashr etilishida va mavzuli video va kino materiallar yaratilishida ishtirok etadi;
taniqli sport namoyandalarini, respublikaning va xorijiy mamlakatlarning yetakchi pedagog-mutaxassislarini respublika sport ta’lim muassasalarida o‘qituvchilik qilishga va mahorat darslari o‘tkazishga taklif etadi.
9. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek o‘zining hududiy bo‘linmalari, o‘ziga idoraviy mansub boshqa tashkilotlar orqali amalga oshiradi.
3-bob. Qo‘mitaning huquqlari va javobgarligi
10. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan va boshqa tashkilotlardan Qo‘mita vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha hujjatlar, statistik ma’lumotlar, hisobotlar, tahliliy ma’lumotlar, xulosalar va boshqa axborotni so‘rash, talab qilish va olish;
jismoniy tarbiya va sportni, shu jumladan sport infratuzilmasini rivojlantirish va ommalashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish doirasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomalarni majburiy tartibda ko‘rib chiqish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga yuborish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni, shu jumladan mintaqalarni rivojlantirish bo‘yicha ishlar va loyihalarni moliyalashtirishga xarajatlar smetalarini ko‘rib chiqish va kelishishda ishtirok etish;
xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va xalqaro huquq normalariga muvofiq jismoniy tarbiya va sport masalalari bo‘yicha boshqa davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar tuzish;
olimlar, vazirliklar, idoralar, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning yuqori malakali mutaxassislarini maslahatlar berish, ilmiy va ekspert ishlarini olib borish, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha dolzarb masalalarni ishlab chiqish uchun, shuningdek sportning xorijiy namoyandalarini Qo‘mita tizimiga kiradigan ta’lim muassasalarida dars berish va mahorat darslari o‘tkazish uchun shartnoma asosida taklif etish;
belgilangan tartibda sport-ommaviy va jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazilishini tashkil etish;
Qo‘mita tizimiga kiradigan idoraviy mansub sport tashkilotlari va ta’lim muassasalari uchun zarur texnik uskuna, sport uskunasi, inventar sport formasi va boshqa zarur jihozlarni markazlashtirilgan tartibda sotib olish;
xalqaro va respublika chempionatlarini, kuboklar, turnirlar, shuningdek sport-ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda g‘oliblar va sovrindorlarni, nominantlarni mukofotlash uchun zarur miqdordagi medallar, diplomlar, kuboklar va sovrinlarni markazlashtirilgan tartibda sotib olish;
sportchilar, trenyerlar va jismoniy tarbiya va sport sohasida mamlakatning boshqa mutaxassislariga, shuningdek sport muassasalarining sport jamoalariga respublika sport unvonlari va malaka toifalari berish, kuboklar, medallar, znachoklar, ko‘krak nishonlari, diplomlar, yorliqlar va sovrinlar bilan mukofotlash;
tashkilotlarning jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish, sport va jismoniy tarbiya ommaviy tadbirlarni o‘tkazishi, jismoniy tarbiya va sport namoyandalarini har xil tanlovlar, sport musobaqalari va shu kabilarda ishtirok etishga tayyorlash uchun ularga Qo‘mitaning mablag‘larini ajratish;
festivallar, tanlovlar, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish tadbirlari, sport musobaqalari va jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar g‘oliblari, sovrindorlari, ishtirokchilari va faxriy mehmonlarini esdalik medallari, diplomlar, kuboklar, sovg‘alar bilan mukofotlash;
o‘z vakolatlari doirasida konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar, yarmarkalar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan shunga o‘xshash tadbirlarda ishtirok etish;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish maqsadida xalqaro, xorijiy va respublika tashkilotlari bilan aloqalarni belgilangan tartibda amalga oshirish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida reklama va boshqa targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni (mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirishga yo‘naltirilgan reklama, audio-video materiallar va broshyuralar, xaritalar va boshqa reklama-axborot materiallari) chop etish, ko‘paytirish, yaratishga mustaqil ravishda yoki idoraviy mansub tashkilotlar orqali buyurtma joylashtirish;
Qo‘mitaning markaziy apparatida va uning idoraviy mansub bo‘linmalarida ishlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi yetakchi xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish;
jismoniy tarbiya-sport faoliyati subyektlaridan ularning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etishini talab qilish;
trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsatnomalarni va jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari pasportlarini belgilangan tartibda berish, ularning amal qilishini to‘xtatib qo‘yish va to‘xtatish, ushbu ruxsatnomalarni bekor qilish;
jismoniy tarbiya va sport sohasining alohida fidoyilik va mehnatsevarlikni namoyon qilgan eng iqtidorli namoyandalari va xodimlari nomzodlarini belgilangan tartibda mukofotlarga taqdim etish.
Qo‘mita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida belgilangan tartibda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga, shuningdek boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar chiqarish huquqiga egadir.
12. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Qo‘mita faoliyatini tashkil etish
13. Qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan rais boshchilik qiladi.
Qo‘mita raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan ikki nafar o‘rinbosarga, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘ladi.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-sentabrdagi 720-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 1002-modda)
14. Rais:
Qo‘mita faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlik qiladi hamda Qo‘mitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, Qo‘mita vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
raisning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarining, Qo‘mitaning, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlari, vazifalari va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
(14-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-sentabrdagi 720-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 1002-modda)
xodimlarning belgilangan umumiy shtatdagi soni doirasida Qo‘mitaning markaziy apparati va hududiy boshqarmalari shtat jadvalini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan Qo‘mitaning markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Qo‘mitaning markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari bo‘linmalarining tuzilmasini va ular to‘g‘risidagi nizomni, shuningdek Qo‘mitaning idoraviy mansub tashkilotlari ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Qo‘mitaning markaziy apparati xodimlarini, idoraviy mansub tashkilotlar hamda viloyatlar va Toshkent shahri jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi lavozimga tayinlanishi va lavozimdan ozod etilishini kelishadi;
Qo‘mita, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi.
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
15. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari Qo‘mitaga va tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
16. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining Ijro etuvchi apparati O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga hisobot beradi.
Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Ijro etuvchi apparatining joriy faoliyatiga rahbarlik qilishni ijro etuvchi direktor amalga oshiradi. Ijro etuvchi direktor Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi nomidan ish ko‘radi, mehnat to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq xodimlarni lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi, shtat jadvalini, ijro etuvchi apparatni va mintaqaviy filiallarni joriy ta’minlashga xarajatlar smetasini tasdiqlaydi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini belgilangan tartibda tasarruf etadi.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-sentabrdagi 720-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 1002-modda)
17. Lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qori Kengashi tomonidan Qo‘mita raisi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
viloyatlar va Toshkent shahri jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari boshliqlari tegishli ravishda viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishgan holda Qo‘mita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
18. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahri jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari o‘z faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan kelishgan holda Qo‘mita tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq amalga oshiradi.
19. Qo‘mitada rais (hay’at raisi), uning birinchi o‘rinbosari va ikki o‘rinbosari (lavozim bo‘yicha), shuningdek Qo‘mita faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi Qo‘mitaning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi.
Hay’atning a’zolari soni va shaxsiy tarkibi Qo‘mita raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at quyidagilar bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi:
ushbu Nizomda belgilangan Qo‘mita faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Qo‘mita nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
ijro intizomini mustahkamlash va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida va Hukumat qarorlarida belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun Qo‘mitaning rahbarlari va mutaxassislarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish.
Hay’at Qo‘mita vakolatiga tegishli bo‘lgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqishga haqlidir.
Hay’at majlislariga Qo‘mita vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining, boshqa tashkilotlarning rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hay’at uning majlisida tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hay’at qarorlari Qo‘mitaning qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
Rais va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda rais mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, kelib chiqqan kelishmovchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi. Hay’at a’zolari ham o‘z fikr-mulohazalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hay’at faoliyati tartibi uning hay’at tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
20. Qo‘mitani tugatish va qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 11-son, 170-modda, 37-son, 1002-modda)