O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zaruriyati bilan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan qabul qilingan quyidagi qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1. Oliy sud Plenumining 1991-yil 20-dekabrdagi “Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash haqidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining:
a) rus tilidagi matni o‘ninchi bandining to‘rtinchi xatboshisidagi “soglasno statye 494 GK” jumlasi “soglasno statye 1009 GK” jumlasi bilan almashtirilsin;
b) o‘zbek tilidagi matni o‘ninchi bandining to‘rtinchi xatboshisi chiqarilsin:
“Merosga bo‘lgan huquqni rasmiylashtirish maqsadida, birovning qaramog‘ida bo‘lganlik faktini belgilash uchun birovning qaramog‘idagi odam meros qoldiruvchining o‘limi kuniga mehnatga layoqatsiz bo‘lib, marhumning o‘limiga qadar kamida bir yil uning qaramog‘ida bo‘lgan bo‘lishi va u bilan birgalikda yashagan bo‘lishi shart (FKning 1141-moddasi). Agarda qaramog‘da bo‘lganlik bir yildan kam davom etgan bo‘lsa, sud bu faktni belgilashni rad etadi. Meros qoldiruvchi bilan qaramog‘ida bo‘lgan shaxs o‘rtasida qarindoshlik munosabatlarining bor-yo‘qligi ahamiyatga ega emas.”. O‘zbek tilidagi matni mazkur bandining beshinchi xatboshisi to‘rtinchi xatboshi hisoblansin.
2. Oliy sud Plenumining 1996-yil 19-iyuldagi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan keltirilgan shikoyatlarni sudlarda ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining:
o‘n ikkinchi bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin: “Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlar) ustidan beriladigan shikoyatlar FPKning 149, 150-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq rasmiylashtiriladi va O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining “Davlat boji stavkalari haqida”gi qarorida belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji undiriladi. Beriladigan arizaning shakli va mazmuni bo‘yicha FPKning 148, 149-moddalarida qo‘yilgan talablardan kelib chiqqan holda, shikoyatda, jumladan, qanday xatti-harakatlar shikoyat qilinayotganligi, bu xatti-harakatlar (qarorlar) oqibatida fuqaroning qanday muayyan huquq va erkinliklari buzilganligi, xuddi shunday shikoyat tobelik tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga berilgan-berilmaganligi va berilgan bo‘lsa, qanday javob olinganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.”.
3. Oliy sud Plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini va jinoyat ishlari yuzasidan sud chiqimlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining:
a) birinchi bandidagi “1992-yil 9-dekabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi” so‘zlari bilan almashtirilsin. Mazkur banddagi “O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq boshqarmasi tomonidan 1993-yil 28-iyun kuni tasdiqlangan “Davlat boji to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma” so‘zlari chiqarilsin;
b) to‘rtinchi bandi birinchi jumlasidagi “sudlarda Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasida” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 329-moddasida” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) oltinchi bandi birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon qilinsin: “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 328-moddasi va 336-moddasining 1-qismiga muvofiq, ushbu kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, sudlarga beriladigan arizalardan davlat boji ariza berilgunga qadar to‘lanadi.”;
g) o‘n oltinchi bandi birinchi jumlasidagi “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasida” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 342-moddasida” so‘zlari bilan almashtirilsin;
d) o‘n sakkizinchi bandi uchinchi jumlasidagi “Davlat boji to‘g‘risida” Qonunining” 2-moddasida va “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qo‘llanmaning 22-bandiga” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 337-moddasiga” jumlasi bilan almashtirilsin.
4. Oliy sud Plenumining 1998-yil 17-apreldagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi qarorining:
a) to‘qqizinchi bandi uchinchi xatboshisining oxirgi jumlasidagi “hal qiluv qarori bilan tanishish uchun belgilangan kunning ertasidan boshlab” so‘zlari “hal qiluv qarori chiqqan kundan boshlab” so‘zlari bilan almashtirilsin. Rus tilidagi matni mazkur bandining uchinchi xatboshisidagi “kassatsionnoy” so‘zi chiqarilsin;
b) o‘n to‘rtinchi bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin: “Sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tartibda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga kelmagan taqdirda, da’vogar ishning ko‘rilishiga e’tiroz bildirmagan bo‘lsa, sud ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rishi mumkinligiga sudlarning e’tibori qaratilsin (FPK 224-moddasining 1-qismi).
Sudlar shuni e’tiborda tutishlari lozimki, FPK 224-moddasining 2-qismi mazmuniga ko‘ra, sudya ishni sud majlisiga barcha javobgarlar kelmagan taqdirdagina sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rishi mumkin. FPKning 225-moddasiga muvofiq da’vogar ishni javobgar ishtirokisiz sirtdan ko‘rishga rozi bo‘lmasa, sud ishni ko‘rishni keyinga qoldirishi va kelmagan javobgarga ishning yangidan ko‘rilish vaqti va joyi haqida qayta xabar yuborishi lozim. Sirtdan hal qiluv qarori chiqarishda sirtdan chiqariladigan hal qiluv qarorining mazmuni haqidagi FPKning 227-moddasi talablariga rioya qilinishi zarur. FPKning 229, 235-moddalariga binoan sud majlisiga kelmagan javobgar sirtdan hal qiluv qarori chiqargan sudga shu hal qiluv qarori chiqarilgandan keyin o‘n besh kun ichida uni qayta ko‘rish haqida ariza berishga haqlidir. Sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori uni chiqargan sud tomonidan bekor qilingan taqdirda ishni mazmunan ko‘rish tiklanib, u Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan qoidalar asosida ko‘riladi.”.
5. Oliy sud Plenumining 1998-yil 11-sentabrdagi “Sudlar tomonidan nikohdan ajratish haqidagi ishlarni ko‘rishda qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining:
o‘zbek tilidagi matni ikkinchi bandi ikkinchi xatboshisidagi “11-qismiga” so‘zlari “2-qismiga” so‘zlari bilan almashtirilsin.
6. Oliy sud Plenumining 2000-yil 22-dekabrdagi “Meros huquqiga oid qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining:
“Nomoddiy ne’matlar, deganda, intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlar, xizmat va tijorat siriga bo‘lgan huquq, hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarga bo‘lgan huquqlar tushuniladi. Ijodiy faoliyatning aniq bir shaklda, ko‘rinishida ifoda etiladigan natijalari intellektual mulk hisoblanadi.
Bu natijalarga tenglashtirilgan jismoniy yoki yuridik shaxs mahsulotlari, vositalari (firma nomi, tovar belgisi, xizmat belgisi va h.k.) ham intellektual faoliyat natijalari sifatida tan olinadi. Ushbu natijalarga nisbatan fuqaroning yoki yuridik shaxsning mutloq huquqlari e’tirof etiladi va uchinchi shaxsning foydalanishiga intellektual mulk egasining ruxsati bilangina yo‘l qo‘yiladi.
Tijorat qimmatiga ega bo‘lgan va qonun yo‘li bilan undan erkin bahramand bo‘lish uchun yo‘l qo‘yilmaydigan ma’lumotlar xizmat va tijorat siri hisoblanadi. Xizmat siri ahamiyatiga ega bo‘lgan axborotlarni tarkibi va hajmi, shuningdek, ularni himoya qilish tartibi davlat boshqaruv organi tomonidan belgilanadi”.
7. Oliy sud Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi “Fuqarolik protsessual qonun hujjatlari ayrim normalarining sudlar tomonidan qo‘llanilishi haqida”gi qarorining:
a) o‘ttiz uchinchi bandi to‘rtinchi xatboshisidagi “birinchi instansiya sudida shu instansiya sudi uchun” jumlasi “tegishli instansiya sudi tomonidan” jumlasi bilan almashtirilsin. Rus tilidagi matni mazkur bandining to‘rtinchi xatboshisidan “dlya rassmotreniya del sudom etoy instansii” degan so‘zlar chiqarilsin;
b) rus tilidagi matni o‘ttiz oltinchi bandi uchinchi xatboshisidagi “statyey 27” so‘zlari “statyey 28” so‘zlari bilan almashtirilsin. O‘zbek tilidagi matni o‘ttiz oltinchi bandi uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin: “Sudlar mazkur toifadagi ishlarni ko‘rishda, shaxsni tekshiruvdan o‘tkazish va uning psixiatriya statsionarida bo‘lishi to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilishda psixiatriya muassasalari tomonidan “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasida belgilangan muddatlarga rioya qilinishiga e’tiborni kuchaytirsinlar”.
Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi M. HASANOV
Toshkent sh.,
2008-yil 15-may,
14-son