OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarida qonun hujjatlarining turkumlashtirilgan hisobini yuritish qoidalariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 21-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2326-1]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 18-iyundagi 14-mh-sonli “Normativ-huquqiy hujjatlarning hisobini yuritish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3311, 19.06.2021-y.) asosan 2021-yil 1-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2012-yil 14-fevraldagi 39-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2326, 2012-yil 14-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 7-son, 72-modda) bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarida qonun hujjatlarining turkumlashtirilgan hisobini yuritish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (D. Saʼdullayev) mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami — Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Vazir N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2015-yil 21-yanvar,
23-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2015-yil 21-yanvardagi 23-mh-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarida qonun hujjatlarining turkumlashtirilgan hisobini yuritish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Muqaddima quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Boshqa organlarga qonun hujjatlarining turkumlashtirilgan hisobini yuritishda mazkur Qoidalar talablaridan foydalanish tavsiya etiladi.”.
2. 3-bandning toʻqqizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;”.
3. 15-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Normativ-huquqiy hujjatlarning nazorat nusxalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar aks ettirilgan matn yopishtiriladi (normativ-huquqiy hujjat yoki uning tuzilmaviy birliklari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblangan yoxud alohida raqamlar, soʻzlar, jumlalar, grafalar, bloklar va pozitsiyalar chiqarib tashlangan, shuningdek normativ-huquqiy hujjat yangi tahrirda qabul qilingan hollar bundan mustasno).”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 3-son, 38-modda)