O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-iyuldagi 502-sonli “Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2013-yil 28-iyundagi PQ–1990-son qaroriga muvofiq, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning yuksak talablariga hamda zamonaviy xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Adliya vazirligi va Toshkent davlat yuridik universiteti O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda magistraturaning huquq mutaxassisliklarida huquqni qo‘llash amaliyoti zaruriyatining chuqur o‘rganilishini ta’minlasin va 2014-yil 1-martgacha Vazirlar Mahkamasiga 2014/2015 o‘quv yilidan mutaxassisliklarning yangilangan ro‘yxatini joriy qilish bo‘yicha taklif kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 23-iyul,
206-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 23-iyuldagi 206-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2013-yil 28-iyundagi PQ–1990-son qaroriga muvofiq Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi o‘rinlarda TDYU deb ataladi) magistraturasiga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. TDYU magistraturasiga qabul mutaxassisliklar kesimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiriladi.
TDYU magistraturasida ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni olish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
3. TDYU magistraturasiga qabul O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan kirish sinovlari natijalariga ko‘ra, to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
4. TDYU magistraturasiga qabul qilishni tashkil etish tegishli o‘quv yili uchun tashkil etilgan TDYU qabul komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda qabul komissiyasi deb ataladi) yuklanadi. Qabul komissiyasining joriy ishlari TDYU magistraturasiga qabul qilish ishlari bo‘yicha mas’ul kotib hamda mas’ul kotib o‘rinbosari tomonidan amalga oshiriladi.
5. TDYU magistraturasiga qabul barcha abituriyentlar uchun teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshiriladi.
Kirish sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abituriyentlar reyting ballari asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.
6. TDYU magistraturasida kirish imtihonlari test sinovlari va yozma imtihon shaklida olib boriladi.
7. Test sinovlari “Demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish nazariyasi va amaliyoti asoslari”, “Mutaxassislik fanlari”, “Chet tili” fanlaridan o‘tkaziladi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-sentabrdagi 256-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 36-son, 475-modda)
8. Yozma imtihon “Mutaxassislik fanlari” fani bo‘yicha o‘tkaziladi va abituriyentlarda tahlil, tafakkur, huquqiy manbalar bilan mustaqil ishlash hamda huquqiy masalalar bo‘yicha xulosalarni ifoda etish borasida qobiliyatlarni aniqlashga qaratilgan.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-sentabrdagi 256-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 36-son, 475-modda)
9. TDYU magistraturasiga qabul qilish uchun kirish sinovlari talaba magistraturada o‘qiydigan tilda topshiriladi va bu magistraturaga kirish uchun to‘ldiriladigan arizada ko‘rsatilishi lozim.
Kirish sinovlari magistrlik mutaxassisliklari va o‘qitish tillariga ko‘ra alohida o‘tkaziladi.
10. TDYU magistraturasiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2008-yil 4-avgustdagi 169-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
11. TDYU magistraturasiga ko‘zi ojiz abituriyentlarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 3-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
12. TDYU magistraturasiga qabul “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olgan bakalavrlar orasidan o‘tkaziladi.
II. Hujjatlarni qabul qilish
13. Qabul komissiyasi imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin, abituriyentlar e’tiboriga qabul qilish muddatlari, ixtisosliklar nomlanishi va TDYU magistraturasiga qabul qilish kvotasini ma’lum qiladi.
14. TDYU magistraturasiga qabul qilishda abituriyentlar qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
mutaxassislik ko‘rsatilgan holda TDYU rektori nomiga ariza;
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning asl nusxasi (yoki diplomdan ko‘chirma — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti bo‘yicha o‘qib tugatganlar uchun) hamda unga ilovaning asli;
3.5 x 4.5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
086–U – shakldagi tibbiy ma’lumotnoma.
15. Hujjatlar 1-iyuldan 30-iyulgacha qabul qilinadi.
16. Hujjatlar taqdim etilishi jarayonida abituriyentlar pasport va harbiy majburiyatga aloqadorlik haqidagi hujjatlarini shaxsan ko‘rsatadilar.
17. Mazkur Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan talablarga mos keladigan hujjatlar taqdim etilganda qabul komissiyasi abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
III. Kirish imtihonlarini o‘tkazish tartibi
18. Kirish imtihonlari boshlanishidan bir oy avval qoida tariqasida sinov imtihonlariga kiritilgan o‘quv dasturlari qabul komissiyasining axborot stendlariga va TDYU veb-saytiga joylashtiriladi.
19. Kirish imtihonlari 5 — 20-avgust kunlari o‘tkaziladi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/261/1036-son)
20. Kirish imtihonlari o‘tkazilishiga qadar qabul komissiyasi tomonidan maslahatlar tashkil etiladi. Maslahatlar jadvali qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va TDYU rektori tomonidan tasdiqlanadi.
21. Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda — Davlat test markazi deb yuritiladi) tomonidan o‘tkaziladi.
Test sinovlari uchun savollar TDYU tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan o‘quv dasturlari asosida Davlat test markazi tomonidan shakllantiriladi. Bunda test sinovlari uchun savollar TDYU bilan kelishiladi.
TDYU magistraturisiga qabul uchun test sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi Davlat test markazi tomonidan TDYU bilan kelishilgan holda belgilanadi.
22. TDYU rektori buyrug‘i bilan tashkil etilgan komissiya tomonidan yozma imtihon o‘tkaziladi. Komissiya tarkibiga TDYU xodimlari bilan bir qatorda boshqa tashkilotlar vakillari ham ularning rahbarlari bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.
Yozma imtihon uchun savollar yurisprudensiya sohasidagi malakali mutaxassislar tomonidan tuziladi.
Yozma imtihon natijalari magistraturaga qabul amalga oshirilayotgan tegishli mutaxassisliklarga muvofiq huquq sohalari mutaxassislari orasidan rektor buyrug‘i bilan tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan aniqlanadi.
Abituriyentning bilimlari yozma imtihonda 0 balldan 100 ballgacha baholanadi.
Yozma imtihonni o‘tkazish va uning natijalarini belgilash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va TDYU bilan kelishilgan holda belgilanadi.
23. Test sinovlari bo‘yicha abiturentlarning maksimal balli 200 ballni tashkil qiladi. Ushbu ballar quyidagilardan tashkil topadi:
“Demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish nazariyasi va amaliyoti asoslari” fani bo‘yicha — 0 balldan 50 ballgacha;
“Mutaxassislik fanlari” fani bo‘yicha — 0 balldan 100 ballgacha;
(23-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-sentabrdagi 256-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 36-son, 475-modda)
“Chet tili” fani bo‘yicha — 0 balldan 50 ballgacha.
24. Magistraturaga kirishda umumiy yuqori ball 300 ballni tashkil etadi.
25. Xorijiy tillarni CEFR (Common European Framework of Reference) bo‘yicha kamida V2 darajaga, IELTS (International English Language Testing System) bo‘yicha 5,5 ballga yoki TOEFL (Test of English as a Foreign Language) bo‘yicha 72 ballga muvofiq bo‘lgan darajada bilishining rasmiy tasdig‘i to‘g‘risidagi amaldagi xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan abituriyentlar “Chet tili” fani bo‘yicha kirish imtihonlari topshirishdan ozod qilinadilar.
Ushbu abituriyentlar uchun eng yuqori ball (50 ball) qo‘shiladi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 15-iyuldagi 234-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 29-son, 350-modda)
26. Test sinovlarida xohlagan yo‘nalish bo‘yicha belgilangan maksimal ballning 55 foizi va undan kam ball to‘plagan abituriyentlar yozma imtihonlarga qo‘yilmaydi. Yozma imtihonda belgilangan maksimal ballning 55 foizi va undan kam ball to‘plagan abituriyentlar magistraturaga qabul qilinmaydi.
27. Test sinovlarining natijalari Davlat test markazining qaydnomasiga kiritiladi.
Yozma imtihonlar natijalari TDYU qaydnomasiga kiritiladi.
Test sinovlari va yozma imtihonlar natijalari asosida tanlov qaydnomalariga kiritiladigan kirish imtihonlarining umumiy natijasi aniqlanadi. Tanlov qaydnomasi Davlat test markazining direktori va TDYU rektori tomonidan tasdiqlanadi hamda TDYU magistraturasiga qabul qilish haqida qaror qabul qilish uchun Davlat komissiyasiga yuboriladi.
28. TDYU magistraturasiga kirish imtihonlarini qayta topshirish taqiqlanadi.
29. Abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun TDYUda Apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi. Apellatsiya komissiyasi TDYU rektorining buyrug‘i bilan tashkil etiladi.
Apellatsiya komissiyasiga shikoyatlar qabul komissiyasi tomonidan kirish imtihonlari natijalari e’lon qilingan kundan ikki ish kuni mobaynida berilishi mumkin.
Arizani ko‘rib chiqish muddati ariza abituriyent tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab ikki kundan oshmasligi lozim.
IV. Magistraturaga qabul qilish
30. TDYU magistraturasiga qabul qilish to‘g‘risidagi Davlat komissiyasi qarori 25-avgustdan kechiktirilmasdan qabul qilinishi lozim.
(30-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/261/1036-son)
Davlat komissiyasi tomonidan qabul qilingan qaror TDYU rektori tomonidan abituriyentlarni davlat grantlari asosida TDYU magistrantlari safiga qabul qilish to‘g‘risida yigirma beshinchi avgustga qadar buyruq chiqarilishi uchun asos hisoblanadi.
31. To‘lov-kontrakt asosida magistraturaga qabul qilish Davlat komissiyasi qaroriga asosan TDYU va yuridik hamda jismoniy shaxslar o‘rtasida kontrakt (shartnoma) tuzish va kontrakt to‘lovi miqdorini 15-sentabrgacha to‘lash sharti bilan TDYU rektori buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Belgilangan namunadagi shartnoma blanklari qabul komissiyasi tomonidan imtihondan o‘tish natijalari e’lon qilingan kundan boshlab beriladi hamda TDYU rahbari va bosh buxgalteri imzosi bilan yuridik shaxslar uchun 3 nusxada va jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada rasmiylashtiriladi.
32. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalari bilan taqdirlangan abituriyentlar TDYU magistraturasiga davlat granti asosida umumiy qabul kvotasi doirasidan tashqarida tanlangan magistratura mutaxassisligi bakalavriatning ta’lim yo‘nalishiga mos kelgan taqdirda qabul qilinadilar.
V. Yakunlovchi qoidalar
33. TDYU magistraturasiga qabul qilingan abituriyentlarning kirish imtihonlari test sinovlari va yozma imtihon natijalaridan tegishli ko‘chirmalar ularning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlariga tikib qo‘yiladi.
TDYU magistraturasiga qabul qilinmagan abiturentlarning kirish imtihonlari test sinovlar va yozma imtihon natijalari 6 oy davomida saqlanadi va undan so‘ng belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.
34. Test sinovlari o‘tkazilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash Davlat test markazi tomonidan taqdim etiladigan hisob-kitobga muvofiq, TDYU budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
35. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
36. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 23-iyuldagi 206-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish
1-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Ushbu Nizom harbiy ta’lim muassasalariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturalariga nisbatan tatbiq etilmaydi”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 30-son, 389-modda; 2015-y., 36-son, 475-modda; 2016-y., 29-son, 350-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/261/1036-son)