Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ZAMONAVIY ARXITEKTURA-SHAHARSOZLIK TALABLARINI HISOBGA OLGAN HOLDA AHOLI PUNKTLARINI OBODONLASHTIRISH ISHLARINI TASHKIL ETISH QOIDALARINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi aholi punktlarini obodonlashtirishni yaxshilash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 22-yanvardagi PQ-1045-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Zamonaviy arxitektura-shaharsozlik talablarini hisobga olgan holda aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda oʻz normativ hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 9-mart,
59-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-martdagi 59-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Zamonaviy arxitektura-shaharsozlik talablarini hisobga olgan holda aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar aholi punktlari hududlarini va turar joylar oraligʻidagi hududlarni obodonlashtirish (keyingi oʻrinlarda obodonlashtirish deb ataladi) ishlarini tashkil etish, olib borish, moliyalashtirish, shuningdek ularning amalga oshirilishini nazorat qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy atamalar va tushunchalardan foydalanilgan:
obodonlashtirish — aholi hayoti uchun qulay va madaniy shart-sharoitlarini yaratish maqsadida hududlarni muhandislik jihatidan tayyorlash, yoʻllar qurish, hududlarni tozalash, zaxini qochirish, koʻkalamzorlashtirish va irrigatsiyalash tadbirlarini amalga oshirish, mikroiqlimni yaxshilash, havo havzasi, ochiq suv havzalari va tuproqni ifloslanishdan himoya qilish, u yoki bu hududni qurilish uchun yaroqli holga keltirish va belgilangan maqsadda normal foydalanish, amalga oshiriladigan shovqinlar darajasini kamaytirish ishlarining yigʻindisi;
obodonlashtirish obyektlari — koʻchalar, aylanma koʻchalar, yoʻllar, markaziy maydonlar, yoʻlkalar, koʻpriklar, tunnellar, yoʻlovchilar oʻtadigan yer osti yoʻllari, favvoralar, ariqlar, kanallar, daryolar, koʻllar va boshqa suv havzalarining qirgʻoqlari, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun foydalaniladigan obyektlar (madaniyat va istirohat bogʻlari, oʻrmon massivlari, bogʻlar, bulvarlar, xiyobonlar), tashqi yoritish, reklama pannolari, yoʻl koʻrsatkichlari, portallar, peshlavhalar, drenaj (drenajning vertikal, yopiq va ochiq gorizontal, yopiq kollektori), irrigatsiya novlari tarmoqlari, tashqi yoritish tarmoqlari;
aholi punktlarining umumiy foydalaniladigan yerlari:
maydonlar, koʻchalar, tor koʻchalar, yoʻllar, sugʻorish tarmoqlari, ariq boʻylari;
aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun foydalaniladigan yerlar (daraxtzorlar, parklar, bulvarlar, xiyobonlar, shuningdek ariq tarmoqlari yerlari);
kommunal-maishiy maqsaddagi yerlar (qabristonlar, chiqindilarni zararsizlantirish va utilizatsiya qilish joylari);
aholi punktlaridagi suv havzalarining qirgʻoq polosalari;
shaharning umumiy markazlari, rejalashtirilayotgan hududlar markazlari, turar joy hududlarining markazlari, mahalliy xizmat koʻrsatish markazlari, shaharlar va tumanlar markazlaridagi dastlabki turar joy markazlari;
obodonlashtirish hududlari — bino yoki inshootga tutash yer uchastkasi, obodonlashtirish obyektining hududi joylashgan yerlar;
turar joylar oraligʻidagi hududlar — ikki va undan koʻp aholi punktlari oraligʻidagi aholi punktlari chegaralari tashqarisidagi hududlar;
shaharsozlik — ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish, texnik, arxitektura-badiiy va sanitariya-gigiyena yechimlari kompleksini taʼminlaydigan aholi punktlarini, turar joylar oraligʻidagi hududlarni rejalashtirish hamda qurish nazariyasi va amaliyoti;
shaharsozlik faoliyati — davlat organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning hududlarni, aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalaridan foydalanish turlarini belgilash, qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish, fuqarolar, jamoatchilik va davlat manfaatlarini, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan hududlar va aholi punktlarining milliy, tarixiy-madaniy, ekologik, tabiiy xususiyatlarini hisobga olgan holda binolar, inshootlar va boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishni loyihalashtirish sohasidagi faoliyati;
shaharsozlik hujjatlari — hududlarni, aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish toʻgʻrisidagi hamda ularni qurish haqidagi, belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjatlar;
qizil chiziq — shaharsozlik hujjatlarida belgilangan chegara, u mavzelarni, mikrorayon va rejalashtirilayotgan tuzilmaning boshqa elementlarini koʻchalardan, oʻtish joylaridan va aholi punktlari maydonlaridan ajratadi;
qurilishni tartibga solish chiziqlari — qizil chiziqlardan yoki yer uchastkasi chegaralaridan ajratgan holda binolar va inshootlarni joylashtirishda shaharsozlik hujjatlarida belgilanadigan qurilish chegaralari;
bino — funksional vazifalariga koʻra odamlarning yashashi yoki boʻlishi uchun hamda ishlab chiqarish jarayonlarining har xil turini bajarish uchun moʻljallangan, tugallangan hajmni hosil qiladigan asosiy, toʻsuvchi yoki qoʻshma konstruksiyalardan iborat boʻlgan qurilish tizimi;
inshoot — ishlab chiqarish jarayonlarining har xil turini bajarish, materiallar, buyumlar, asbob-uskunalarni saqlash, odamlarning vaqtinchalik boʻlishlari, odamlar, yuklar va shu kabilarning oʻtishi uchun moʻljallangan asosiy, toʻsuvchi yoki qoʻshma konstruksiyalardan iborat boʻlgan hajmli, tekis yoki qator qurilish tizimi;
drenaj — ochiq oʻzanlar va yopiq, teshikli quvurlar (gorizontal), aholi punkti hududi zaxini qochirish maqsadida zarur boʻlgan darajagacha pasaytirish uchun sizot suvlarni toʻplash va oqizib yuborish uchun suv sathini pasaytiradigan quduqlar (vertikal) tizimi;
irrigatsiya — obodonlashtirish obyektlaridagi koʻkalamzorlashtirish hududini sugʻorish, shu jumladan sunʼiy sugʻorish;
tashqi yoritish — sunʼiy yoritish manbalari yordamida binolar va inshootlar tashqarisida zarur yoritilganlikni va yorugʻlikni yaratish.
II. Obodonlashtirish obyektlarini qurish va barpo etishda arxitektura va qurilish normalari va qoidalari
3. Obodonlashtirish tasdiqlangan bosh rejaga muvofiq ishlab chiqilgan shaharsozlik hujjatlarini joriy etish (amalga oshirish)ning uzviy bosqichi hisoblanadi.
Obodonlashtirish ishlari qizil chiziqlarga va qurilishni tartibga solish chiziqlariga rioya etgan holda aholi punktlarini obodonlashtirish boʻyicha tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari va loyihalash hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
4. Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksida belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Obodonlashtirish boʻyicha loyihalashtirish hujjatlari loyihalashtirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan tashkilotlar tomonidan shahar va tumanlarning obodonlashtirish boshqarmalari buyurtmanomalari asosida shartnomaga asosan ishlab chiqiladi.
Aholi punktlarining umumiy foydalaniladigan yerlarini obodonlashtirish boʻyicha loyihalashtirish hujjatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari hamda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari tomonidan kelishiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
6. Obodonlashtirish boʻyicha loyihalash hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi standartlari hamda davlatlararo standartlar talablarini qondirishi va belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi kerak.
7. Obodonlashtirish ishlarining amalga oshirilishini nazorat qilish arxitektura va qurilish boʻyicha hududiy organlarga yuklanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
III. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishdagi vazifalari
(III bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish boʻyicha oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga hamda ushbu Qoidalarga amal qiladilar.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Aholi punktlari hududlarini obodonlashtirish masalalarini hal etish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining bevosita vazifasi hisoblanadi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz ishida quyidagilarni taʼminlashi shart:
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
aholi punktlarining butun hududida, shu jumladan umumiy foydalaniladigan hududlarda, shuningdek aholi punktlari oraligʻidagi hududlarda obodonlashtirish ishlarini tashkil etish;
obodonlashtirish ishlarini arxitektura va qurilish normalari va qoidalariga qatʼiy muvofiq ravishda, shuningdek shaharlar va aholi punktlarining tashqi qiyofasiga nisbatan zamonaviy talablarni hisobga olgan holda amalga oshirish;
obodonlashtirish obyektlaridan foydalanish va ularni saqlash ishlarini sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq tashkil etish;
aholi bandligini, obodonlashtirish sohasidagi ishlarning samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari va shart-sharoitlar yaratish;
obodonlashtirish boshqarmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
IV. Arxitektura va qurilish boʻyicha hududiy organlarning obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishdagi vazifalari
Oldingi tahrirga qarang.
11. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining hududiy boʻlinmalari hududlarni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hayʼati qarorlariga, viloyatlar, shaharlar, tumanlar hokimlarining qarorlariga belgilangan tartibda tasdiqlangan qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining hududiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarga hamda ushbu Qoidalarga amal qiladilar.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Shaharlar va tumanlarning qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi boshliqlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalarining hamda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining bosh arxitektorlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining vakolatli vakillari hisoblanadi, ular:
Oldingi tahrirga qarang.
oʻz vakolatlari doirasida obodonlashtirish boshqarmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorlikda obodonlashtirish masalalari boʻyicha ishlarni amalga oshiradilar;
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiq mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda tayyorlangan, koʻchalarni va umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish, taʼmirlashga, zarurat boʻlganda yangilarini qurishga, obodonlashtirilishi va koʻkalamzorlashtirilishi kerak boʻlgan hududlarning shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda, har xil daraxtlar va oʻsimliklar turlarini ekishga taalluqli boʻlgan takliflar va loyiha yechimlarini kiritishda obodonlashtiriladigan obyektlar egalariga koʻmaklashadi;
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oldingi tahrirga qarang.
shaharsozlik hujjatlari va obodonlashtirish loyihalari asosida hokimliklar tomonidan tasdiqlangan ish rejalari amalga oshirilishini nazorat qiladilar hamda ularning bajarilishi yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga maʼlumotlar tayyorlaydi;
(12-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari hamda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashiga aholi punktlarining umumiy foydalaniladigan yerlarini obodonlashtirish loyihalarini koʻrib chiqish hamda kelishish uchun kiritadilar (jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarning loyihalari oʻrnatilgan tartibda tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlari tomonidan kelishiladi);
bino va inshootlarning loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan obodonlashtirish ishlarini bajarishda shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilishini ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan baland va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan yakka tartibdagi uy-joylarni, shuningdek 300 metr kubdan koʻp hajmdagi noturar bino va inshootlarning qurilishini qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari, ikki qavatgacha (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan past va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrgacha boʻlgan yakka tartibdagi uy-joylarni, shuningdek 300 metr kubdan kam hajmdagi noturar bino va inshootlar qurilishini tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlari nazorat qiladilar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari hamda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalarining belgilangan tartibda tasdiqlangan aholi punktlarining bosh rejalarini, mukammal rejalashtirish loyihalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻradilar.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
V. Obodonlashtirish obyektlaridan foydalanish va ularni saqlash ishlarini tashkil etish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari balansida boʻlgan obodonlashtirish obyektlarini saqlash va ulardan foydalanish Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobiga shaharlar va tumanlarning obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
14. Umumiy foydalaniladigan aholi punktlari yerlaridagi obyektlarni obodonlashtirish ishlarini tashkil etish ularni saqlash, mukammal, oʻrtacha va joriy taʼmirlashni nazarda tutadi.
15. Mukammal taʼmirlash ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlari tomonidan, belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga va aniq manzilli roʻyxatlarga muvofiq olib boriladi hamda obodonlashtirish alohida obyektlarining asosiy texnik-foydalanish sifatlarini toʻliq tiklashni nazarda tutadi.
16. Joriy taʼmirlashda obodonlashtirish obyektlarining muddatidan oldin eskirishi va buzilishining oldini olish hamda ularni ish holatida saqlash boʻyicha davriy tadbirlar amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Obodonlashtirish obyektlarini yoki ularning elementlarini taʼmirlash muddatlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalari bilan birgalikda amalga oshiriladigan ularning mavjud holatini har yili texnik jihatdan baholash asosida belgilanadi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
VI. Hududlarni obodonlashtirish ishlari
§ 1. Koʻkalamzorlashtirish
18. Shaharlar va tumanlarni koʻkalamzorlashtirish elementlariga koʻchalar, hiyobonlar, bulvarlar, mikrorayonlar, yodgorlik komplekslari va umumiy foydalaniladigan boshqa yashil zonalarga daraxt koʻchatlari oʻtqazish kiradi.
19. Aholi punktlaridagi yashil daraxtlar funksional belgilariga koʻra quyidagi guruhlardan iborat boʻladi:
umumiy foydalaniladigan daraxtlar — bu parklar, hiyobonlar, stadionlar, koʻcha va maydonlar, bulvarlar, shahardagi umumiy savdo va maʼmuriy markazlar hamda jamoatchilik binolari yonidagi uchastkalardagi daraxtlardir;
cheklangan tarzda foydalaniladigan daraxtlar — selitep va sanoat imoratlarining koʻkalamzorlashtirilgan hududlari — uy-joy hududlari, bolalar bogʻcha-yaslilari, maktablar, oʻquv yurtlari uchastkalaridagi daraxtlar, shuningdek cheklangan aholi soni foydalanadigan sanoat korxonalari daraxtlari;
maxsus maqsaddagi daraxtlar — kommunal-omborxona hududlari, sanitariya-himoya zonalari, shamol, suv va tuproqni himoya qiluvchi, koʻchatzorlar, qabristonlardagi daraxtlar.
20. Yashil daraxtli uchastkalarni mukammal taʼmirlash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
toʻliq rekonstruksiya qilish — ushbu obyektdagi barcha daraxtlarni hamda asosiy yoki barcha obodonlashtirish elementlarini oʻzgartirish;
qisman rekonstruksiya qilish — daraxtzorlar va yoʻl-soʻqmoq tarmoqlari umumiy maydonining 20 foizdan 50 foizgachasini tiklash;
tanlab rekonstruksiya qilish — daraxtzorlar umumiy maydonining 15 — 20 foizidan oshmaydigan daraxtzorlarning ayrim uchastkalarini taʼmirlash;
novlarning qoplash va mustahkamlash materialini almashtirgan holda bogʻ yoʻlaklari va suv quvurlarini tiklash, quvurlarning 60 foizgachasini almashtirgan holda sugʻorish tarmoqlarini demontaj va montaj qilish, buzilgan novlarni tiklash;
qari daraxtlar butalarini yashartirish, daraxtlar tabiiy qarigan taqdirda daraxt va butalarni yangilash;
toʻsiqlarni, daraxt tanalari atrofidagi panjara va karkaslarni, tirgaklar va narvonlarni, haykallar va ularning poydevorlarini, favvoralarni taʼmirlash, boʻyash va tiklash;
gulli oʻsimliklarning turlarini toʻliq almashtirgan holda gulzorlarni (bahor-yozgi va kuz-qishki gulli bezaklarni, gilamsimon gulzorlarni), ushbu obyektdagi gullarning 40 foizgachasini almashtirgan holda gullarning koʻp yillik turlaridan iborat boʻlgan gulzorlarni, maysali tuproqni almashtirib va oʻgʻitlar solgan holda maysazorlarni taʼmirlash;
qurib qolgan, qari hamda daraxt zararkunandalari va kasalliklari bilan kuchli zararlangan daraxtlarni kesib tashlash, mogʻorlagan oʻsimliklarni olib tashlash, koʻchatzorlardagi eski ona gullarni almashtirish. Issiqxona va koʻchatzorlarni taʼmirlash (romlarni almashtirish, oynalash, isitish tizimlarini taʼmirlash, stellajlarni, parniklar romlarini oʻzgartirish, elektr yoritgichlarni, suv ajratgichlarni, mahalliy qozonxonalarni taʼmirlash).
21. Daraxtli uchastkalarni joriy taʼmirlash kichik maydonchalarda va kichik hajmlarda oʻtkaziladi hamda quyidagi ish turlaridan iborat boʻladi:
ayrim oʻsimliklar nobud boʻlganda va qariganda gulzorlarni tiklash, maysazorlar chetlarini oʻrish, kichik uchastkalardagi (payhon boʻlgan, mashinalar oʻtib shikastlagan, suv yuvib ketgan) maysazorlarni tiklash;
oʻtlar, gullar urugʻlarini sotib olib va ekib maysazorlar, gulzorlar, shaklli gulzorlarni barpo etish, koʻp yillik, ikki yillik va bir yillik gul va buta koʻchatlarini ushbu obyektdagi jami maydonning 10 foizigacha hajmda bittalab va qator qilib oʻtqazish;
bogʻ-park anjomlari, inshootlar, bolalar asbob-anjomlari, oʻrindiqlar, kavaklar, soʻrilar, ayvonlar va boshqa tirgak devorlarni, parnik romlarini, stellajlarni, issiqxonaning isitish tizimini taʼmirlash, issiqxona va parniklarning alohida oynalangan romlarini almashtirish.
22. Daraxtlarni parvarish qilish oʻsimliklarning yer usti, yer osti qismlarini parvarishlash, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish boʻyicha agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida oʻtkazishdan iborat boʻladi hamda quyidagi ish turlarini oʻz ichiga oladi:
daraxt va butalarga shakl berish, ularni sanitariya maqsadida kallaklash;
daraxtlarni sugʻorish, oʻsimliklarning shox-shabbalariga suv purkash;
daraxtlarni parvarish qilish — chimli yerlarni oʻrish, sugʻorish, ularga mexanik ishlov berish va tuproq toʻkish, yumshatish, chopish va tuproqning meliorativ holatini yaxshilash, begona oʻtlarga qarshi kurashish, oʻgʻitlar solish, oʻsimliklarni kasallik va zararkunandalardan kimyoviy va biologik himoya qilish, uyalardagi, gultuvaklardagi tuproqni yumshatish hamda boshqa agrotexnika tadbirlari va ishlarini amalga oshirish.
§ 2. Tashqi yoritish
23. Tashqi yoritish tarmoqlari elementlariga barcha turlardagi koʻchalarni yoritish tayanchlari va yoritgichlari, trost tortgichlar, bajaruvchi punktlar va takroriy yoqish punktlari, osma tarmoqlar va kabel vositasida 1000 voltgacha elektr energiyasi uzatish tarmoqlari, dispetcherlik aloqasi, avtomatika va telemexanika apparatlari.
24. Tashqi yoritish boʻyicha ishlarni tashkil etish ularni saqlash, mukammal va joriy taʼmirlash hamda foydalanishga doir boshqa ishlarni nazarda tutadi.
25. Tashqi yoritish tarmoqlarini mukammal taʼmirlash loyiha-smeta hujjatlari va belgilangan tartibda tasdiqlangan aniq manzilli roʻyxatlarga muvofiq, ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
26. Tashqi yoritish tarmoqlarini joriy taʼmirlashda quyidagi ish turlari amalga oshiriladi:
elektr lampalarini va ochiq yoritgichlardagi aks qaytaruvchilarni kompleks almashtirish, yoritgichlar, kronshteynlar, travers va tayanchlarning ushbu obyektdagi umumiy miqdorining koʻpi bilan 20 foizini tekshirib koʻrish va taʼmirlash;
elektr uskunalari, apparatlari, tarmoqlarini rejali-oldini olish jihatidan taʼmirlash va profilaktik sinab koʻrish, havo va kabelli tarmoqlarni, yerga ulash qurilmalarini, taqsimlovchi shchitlarni, avtomatika va telemexanika uskunalarini taʼmirlash va almashtirish;
tashqi yoritish tarmoqlarining barcha elementlarini sozlash va ishlashini tekshirib koʻrish, boshqarish shkaflari, kronshteynlar, traverslar, oyoqchalar, tirgaklarni boʻyash, yaroqsiz holga kelgan kabellar, simlar va yoritgichlarning ushbu obyektdagi umumiy miqdorining koʻpi bilan 20 foizini almashtirish.
27. Tashqi yoritish tarmoqlarini saqlash va ulardan foydalanish ishlari yoritgichlardagi elektr lampalarni, ishdan chiqqan yorugʻlik tarqatgichlarni almashtirishni, yoʻllarda, yoʻlkalarda, hududlardagi yoritilganlik darajasini oʻlchashni, elektr asbob-uskunalarini profilaktik sinab koʻrishni, taqsimlash tarmoqlaridagi kuchlanish va fazalar boʻyicha yuklamalar darajasini tekshirishni, oʻz vaqtida yondirish va oʻchirishni, elektr energiyasini tejashni, tashqi yoritish elektr tarmoqlarining, asbob-uskunalar va inshootlarning soz holatdaligini nazorat qilish va texnik koʻrikdan oʻtkazishni, elektr tarmoqlaridagi yoritish armaturasi va boshqa yoritishning texnik anjomlaridagi nosozliklarni tugatish tadbirlarini ishlab chiqish va joriy etishni nazarda tutadi.
§ 3. Yoʻl-koʻprik xoʻjaligi
28. Yoʻl-koʻprik xoʻjaligi elementlariga koʻchalarning yurish qismidagi yoʻl polotnosi, yoʻlkalar, bekat shiyponlari, yer osti oʻtish yoʻlaklari, koʻpriklar va yoʻl oʻtkazgichlar, chetki toʻsiqlar, suv ayirish tarmoqlari va boshqa inshootlar kiradi.
29. Yoʻl-koʻprik xoʻjaligini mukammal va joriy taʼmirlash loyiha-smeta hujjatlariga hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan aniq manzilli roʻyxatlarga muvofiq, ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
30. Yoʻl va yoʻlaklarni saqlash quyidagi ish turlarini tashkil etishni oʻz ichiga oladi:
yoʻl va yoʻlaklarni toza va tartibli saqlash, kichik nosozliklarning oldini olish va bartaraf etish;
yuvish mashinalari yordamida chang, iflosliklar, qor, muzdan tozalash, yuvish, qoplama yuzasidagi mayda toshchalarni supurib yoʻqotish, suv yordamida sirpanchiqlikni yoʻqotish;
toʻsiqlarni, signal stolbalarini vaqti-vaqti bilan koʻzdan kechirish, nosoz elementlarni almashtirish va juzʼiy taʼmirlash;
mustahkamlagichlarni qattiqlash, toʻsiqlarni chang va iflosdan tozalash, yuvish, boʻyash, avtopavilyonlarni, bekat maydonchalarini toza saqlash, boʻyalgan joylarni yuvish va tiklash, kichik buzilishlarni tuzatish, buzilgan detallarni almashtirish;
oʻtkazish yoʻllarini, yer osti tunnellarini toza saqlash, baʼzi kichik buzilishlarni, toʻshamalarni, suyangichlarni, bruslarni sozlash, boltlarni, ilgaklarni qattiqlash, konus mustahkamlagichlarni sozlash;
asfalt qoplamali, shuningdek shagʻal qoplamali yoʻllar yuzasini tekislash;
tuproqli va tosh yoʻllarni tekislash;
suyanchiqlar, toʻsiqlar, pavilyonlar, bekat maydonchalari, tonnellar, koʻpriklar va yoʻl belgilarini boʻyash.
§ 4. Irrigatsiya xoʻjaligi
31. Irrigatsiya xoʻjaligi obyektlariga tuproqli va qoplamali sugʻorish tarmoqlari, gidrotexnika inshootlari, nasos stansiyalari, quduqlar, sugʻorish (yomgʻirlatib sugʻorish) quvurlari tarmoqlari kiradi.
32. Irrigatsiya ishlarini tashkil etish sugʻorish suvini koʻkalamzorlashtirish obyektlariga yetkazishni va bir tekis taqsimlashni taʼminlaydigan irrigatsiya xoʻjaligi obyektlarini saqlashni, mukammal, joriy taʼmirlashni va boshqa ishlarni nazarda tutadi.
33. Irrigatsiya xoʻjaligini mukammal taʼmirlash asbob-uskunalarni almashtirgan holda irrigatsiya tizimi va inshootlarning ayrim elementlarini toʻliq tiklash ishlaridan iborat boʻladi va loyiha-smeta hujjatlariga hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan aniq manzilli roʻyxatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
34. Gidrotexnika inshootlarining irrigatsiya xoʻjaligini joriy taʼmirlash quyidagi ish turlarini oʻz ichiga oladi:
ayrim uchastkalardagi kanallar, oʻzanlarni va irrigatsiya tarmoqlarini choʻkindilardan, oʻtlar va daraxt-buta oʻsimliklaridan tozalash, loyqalar, ayrim yopiq kollektorlar va drenajlarni balchiq yoki temir qoldiqlaridan tozalash, filtrlovchilar, soʻrgʻichlar, tindirgichlar va boshqa inshootlarni tozalash, inshootlarni, kanal va yoʻllarning alohida uchastkalarini, kanallarning nishablari va tubini mustahkamlagichlarni taʼmirlash;
suv chiqarish inshootlarini va yoʻllarning kesib oʻtish joylaridagi quvurlar ogʻzini qisman taʼmirlash va tiklash, kanallar oʻzanlari va suv oʻlchash postlari, kuzatish quduqlari, qirgʻoq belgilaridagi deformatsiyalarni sozlash, toʻgʻonlarning ayrim elementlarini (tambalarni, suv koʻtarish moslamalarini, xizmat koʻpriklarini, suv chiqargich va suv tozalagichlarning ayrim qismlarini) taʼmirlash, tambalar va shlyuzlarning metall qismlarini boʻyash.
35. Irrigatsiya tizimlaridan foydalanish quyidagi ish turlarini nazarda tutadi:
daraxtzorlarni sugʻorish, suv tarmoqlarini vaqti-vaqti bilan tozalash, oʻsimlik qoldiqlarini yoʻqotish, oʻtlarni oʻrish hamda boshqa balchiq va aralashmalarni yoʻqotish;
irrigatsiya tizimlari inshootlarini oʻsimliklarning oʻsish davriga tayyorlash, sugʻorish, yomgʻirlatib sugʻorish quvurlari tarmoqlarini konservatsiya qilish;
tizimda suvdan toʻgʻri foydalanishni va uning sarflanishini nazorat qilish.
§ 5. Drenaj xoʻjaligi
36. Drenaj ishlarini tashkil etish drenaj xoʻjaligini saqlashni, uni mukammal, joriy taʼmirlashni va undan foydalanish boʻyicha boshqa ishlarni nazarda tutadi.
37. Drenaj xoʻjaligini mukammal taʼmirlash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
oʻzanni chuqurlashtirgan va toʻgʻrilagan holda mexanizatsiya vositasida tozalash, teshikli quvurlar qismlarini almashtirish, qoʻshimcha kuzatish quduqlari qurish, yopiq kollektorlarni ildizlar va boshqa predmetlardan tozalash va ularni yoʻqotish boʻyicha gʻovvoslik ishlarini bajarish;
vertikal suv pasaytirish quduqlarini, vertikal va gorizontal drenaj tarmoqlarini, kollektorlarni taʼmirlash, ishdan chiqqan drenaj liniyalarini va kollektorlarning ayrim tizimlarini tozalash yoki toʻliq qayta joylashtirish;
mukammal taʼmirlash ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlari tomonidan, loyiha-smeta hujjatlariga va belgilangan tartibda tasdiqlangan aniq manzilli roʻyxatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
38. Drenaj obyektlaridan foydalanish inshootlarning ishlashini doimiy nazorat qilishni, rejali-oldini olish ishlarini bajarishni, joriy taʼmirlashni, liniya inshootlarini tozalash va vaqti-vaqti bilan koʻzdan kechirishni, sizot suvlar sathini nazorat qilish va zarur darajada saqlashni oʻz ichiga oladi.
§ 6. Sanitariya jihatidan tozalash
39. Obodonlashtirish obyektlarini sanitariya jihatidan tozalash tizimiga tashqarini tozalash — hovli hududlarini, koʻchalarni va umumiy foydalaniladigan joylarni tozalash kiradi, bular yozgi tozalashga (supurib-sidirish, yuvish, changlarni yoʻqotish) va qishki tozalashga (qorni, muzlagan joylarni yoʻqotish) boʻlinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
40. Shaharlar, tuman markazlari, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda ekologik talablarga muvofiq, qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash, olib chiqib ketish, joylashtirish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, zararsizlantirish, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish va tashishni oʻz ichiga olgan tadbirlar majmuini nazarda tutuvchi hududlarni tozalash, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
(40-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2019-y., 09/19/95/2583-son)
Oldingi tahrirga qarang.
§ 7. Dafn etish joylari (qabristonlar)ni saqlash va ulardan foydalanish
Oldingi tahrirga qarang.
41. Qabristonlar bevosita tuman, shahar ijro etuvchi hokimiyat organlari tasarrufida boʻladi, ularni zarur holatda saqlash va obodonlashtirish vazifasi ularga yuklanadi.
Qabristonlarni obodonlashtirish obyektlarini saqlash va ulardan foydalanishga, dafn etish xizmatlari koʻrsatishga doir bevosita faoliyat mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan taʼsis etiladigan tumanlar (shaharlar) obodonlashtirish boshqarmalari (fuqarolik xizmati koʻrsatish boshqarmalari) tomonidan amalga oshiriladi.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oldingi tahrirga qarang.
42. Qabristonlarni obodonlashtirish, mukammal va joriy taʼmirlash, ularni zarur darajada saqlash mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirilib, xarajatlarning alohida moddasi boʻyicha mablagʻlar ajratiladi. Bunda goʻr qazish va marosim xizmatlari boʻyicha koʻrsatilgan pulli xizmatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadigan dafn etish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tariflar asosida undiriladi.
(42-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
Qabristonlarni saqlash va obodonlashtirish uchun yuridik va jismoniy shaxslarning xayr-ehsonlaridan ham foydalaniladi.
Qabristonlarni obodonlashtirish fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari koʻmagida hashar yoʻli bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
Qabristonlar hududini obodonlashtirish elementlariga qabristonlar hududini toʻsiq bilan oʻrash, dafn joylari, yashil oʻsimliklar, oʻtish joylari, xiyobonlar, yoʻllar va yoʻlkalar, xoʻjalik hovlilari, maʼmuriy binolar va yordamchi imoratlar, muhandislik inshootlari va boshqalar kiradi.
Qabristonlar hududi toʻsiqlar bilan oʻraladi hamda oʻzaro yoʻllar va xiyobonlar bilan boʻlingan, tartib raqamlari qoʻyilgan sektorlarga, uchastkalarga boʻlinadi.
(VI boʻlimning 7-paragrafi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-apreldagi 101-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 14-son, 138-modda)
VII. Hududlarni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan qoʻyiladigan umumiy talablar
43. Yuridik va jismoniy shaxslar — aholi punktidagi binolar va inshootlarning mulkdorlari yoki foydalanuvchilari, shu jumladan ijarachilari oʻzlariga biriktirilgan yer uchastkasi hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi uchun masʼul hisoblanadilar.
44. Binolar yoki inshootlarning mulkdorlari yoki foydalanuvchilari:
binolar va inshootlarning tashqi qiyofasini qoniqarli saqlanishini taʼminlaydilar hamda zaruriyatga koʻra binolar va inshootlarning tashqi koʻrinishini (fasadlarini taʼmirlash) arxitektura va qurilish boʻyicha hududiy organlar bilan kelishgan holda oʻzgartirishi mumkin;
Oldingi tahrirga qarang.
binolar va inshootlarga tutashgan (ajratilgan) yer uchastkalarida obodonlashtirish ishlarini amalga oshiradilar, koʻkalamzorlashtirish hududlarida daraxtlar va gullar oʻtqazishni va sugʻorishni, ularni parvarish qilishni taʼminlaydilar. Daraxtlar kasallanishining oldini olish, daraxtlarni butash, ularga shakl berish, oqlash ishlarini tashkil qiladilar.
(44-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 2-noyabrdagi 294-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 45-46-son, 470-modda)
hududning odamlar oʻtadigan qismlari atrofida qurilish materiallari boʻlaklari, asbob-uskunalar, qurilish chiqindilari va maishiy chiqindilar toʻplanishining, yoʻl chekkalarining, oʻtish joylarining va yoʻlaklarning ifloslanishining oldini oladilar;
qurilish ishlarini bajarish jarayonida estetik koʻrinishni taʼminlash va xavfsizlik texnikasiga rioya etish maqsadida qurilish maydonchalari atrofining sifatli oʻralishini taʼminlaydilar;
yer osti va yer usti muhandislik tarmoqlarining texnik holatini texnik shartlarda belgilangan tartibda qoniqarli saqlaydilar.
45. Aholi punktlarining umumiy foydalaniladigan yerlarida imoratlar va inshootlar barpo etishga faqat yerlardan foydalanishning belgilangan maqsadlariga muvofiq ruxsat etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
46. Aholi punktlarining umumiy foydalaniladigan yerlaridan uchastkalar, yoʻllar va ariq tarmoqlaridan tashqari, yuridik va jismoniy shaxslarga yengil tipdagi imoratlar va inshootlar (savdo palatkalari, doʻkonchalari, reklama inshootlari) qurish uchun ijara shartlarida vaqtinchalik foydalanishga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ruxsati bilan berilishi mumkin.
(46-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
47. Zarur darajada boʻlmagan va belgilangan standartlarga javob bermaydigan reklama vositalarini oʻrnatish, shu jumladan eʼlonlar va afishalarni ushbu maqsadlar uchun ruxsat etilmagan va moʻljallanmagan joylarda osib qoʻyish taqiqlanadi.
VIII. Obodonlashtirish qoidalari buzilganligi uchun javobgarlik
48. Yuridik va jismoniy shaxslar obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishdan bosh tortganlik yoki obodonlashtirish qoidalarini buzganlik uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 10-11-son, 112-modda; 2011-y., 14-son, 138-modda; 45-46-son, 470-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2019-y., 09/19/95/2583-son, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son; 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)