OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING 2008 YIL 21 MAYDAGI “SUGʻURTA XIZMATLARI BOZORINI YaNADA ISLOH QILISh VA RIVOJLANTIRIShGA OID QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA”GI PQ-872-SON QARORI BILAN BERILGAN SOLIQ IMTIYoZLARINI QOʻLLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 17-iyulda 1838-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi ]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 29-maydagi 54, 2013-29-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21 maydagi “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-872-son qarori bilan berilgan soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1838-1, 07.06.2013-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21 maydagi “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-872-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 20-21-son, 172-modda) muvofiq qaror qilamiz:
1. Ilova qilinayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21 maydagi “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-872-son qarori bilan berilgan soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 30-iyun,
69-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 30-iyun,
2008-30-son
Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2008-yil 30-iyundagi 69, 2008-30-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21 maydagi “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-872-son qarori bilan berilgan soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21 maydagi “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-872-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 20-21-son, 172-modda) muvofiq, koʻrsatib oʻtilgan qaror bilan berilgan soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21 maydagi “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-872-son qaroriga muvofiq 2008-yil 1-iyundan 2011-yilning 1-iyunigacha (keyingi oʻrinlarda matnda — imtiyoz davri deb yuritiladi):
yuridik va jismoniy shaxslarning sugʻurtalovchilar aksiyalari boʻyicha dividendlar koʻrinishida olingan daromadlari yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilinadilar;
sugʻurtalovchilarning dividendlar va foizlar koʻrinishida olingan daromadlari yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi va soliqdan boʻshagan mablagʻlar respublika hududlarida, birinchi navbatda, qishloq joylarida hududiy boʻlinmalarni, keng tarmoqli agentlik tizimini tashkil qilish, shuningdek, ularning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga maqsadli yoʻnaltiriladi.
2. Ushbu Nizomning 1-bandida koʻrsatilgan imtiyozlar imtiyoz davrida hisoblangan va olingan yuqorida sanab oʻtilgan daromadlarga tatbiq etiladi.
3. Ushbu Nizom doirasida imtiyoz davri mobaynida quyidagilar toʻlov manbaidan soliq ushlanmaydi:
sugʻurtalovchilar — yuridik va jismoniy shaxslarga dividendlar toʻlaganda;
yuridik shaxslar — sugʻurtalovchilarga dividendlar va foizlar toʻlaganda.
Bunda, mazkur daromadlar yuridik (jumladan sugʻurtalovchida) va jismoniy shaxsda — daromad oluvchida ham soliqqa tortilmaydi.
4. Yuridik shaxslarga berilgan imtiyozlarni rasmiylashtirish va buxgalterlik hisobida aks ettirish tartibi, Yuridik shaxslarga soliqlar, bojxona va majburiy toʻlovlarni budjetga toʻlash boʻyicha berilgan imtiyozlarni rasmiylashtirish va buxgalterlik hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (2005-yil 2-aprel, roʻyxat raqami 1463 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 105-modda) bilan tartibga solinadi.
II. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha soliq hisoboti shakllarida soliq imtiyozlarini aks ettirish
5. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha soliq hisoboti shakllarida:
a) daromad oluvchida:
dividendlar Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobining 070-satrida aks ettiriladi;
foizlar Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobining 080-satrida aks ettiriladi;
b) soliq agentlarida (toʻlov manbaida):
dividendlar Soliq agentlari tomonidan dividendlar va foizlar koʻrinishidagi daromadlardan toʻlov manbaida ushlab qolinadigan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobi 0303-satrining tegishli kichik satrida aks ettiriladi;
foizlar Soliq agentlari tomonidan dividendlar va foizlar koʻrinishidagi daromadlardan toʻlov manbaida ushlab qolinadigan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobi 0903-satrining tegishli kichik satrida aks ettiriladi.
6. Ushbu Nizom 5-bandining “a” kichik bandida koʻrsatib oʻtilgan satrlar Daromad summasi va ushlab qolingan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining jami summasi toʻgʻrisida maʼlumotnoma mavjud boʻlgan taqdirda toʻldiriladi. Bunda, yuridik shaxslar Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobiga bu maʼlumotnomaning nusxalarini ilova qiladi.
7. Dividendlar va foizlar toʻlovchi yuridik shaxslar quyidagilarga majburlar:
a) toʻlangan daromadlar hisobini yuritish hamda Jami daromad summasi va toʻlov manbaidan ushlab qolingan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining umumiy summasi toʻgʻrisida maʼlumotnomani taqdim etish;
b) daromad olayotgan yuridik shaxslarga ularning talabiga koʻra Daromad summasi va ushlab qolingan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining jami summasi toʻgʻrisida maʼlumotnomani yuborish.
III. Yakuniy qoidalar
8. Yuridik shaxslar berilgan soliq imtiyozlarini hisobga olgan holda qonun hujjatlariga muvofiq soliqlarni toʻgʻri hisoblanishiga va soliqlarning oʻz vaqtida toʻlanishiga javobgarlar.
9. Ushbu Nizomning toʻgʻri qoʻllanishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 290-modda)