1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.82.00 (Кучини йукотган) Taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
UMUMIY OʻRTA TAʼLIM TOʻGʻRISIDAGI SHAHODATNOMANING DAVLAT NAMUNASINI TASDIQLASH HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 393-sonli “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlarning davlat namunasini tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturini bosqichma-bosqich amalga oshirish, yangi davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilariga davlat namunasidagi hujjatlarni berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomaning davlat namunasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomani bitiruvchilarga berish tartibi toʻgʻrisida nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi Xalq taʼlimi vazirligi buyurtmasiga muvofiq zarur miqdordagi shahodatnoma blankalarini Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda chop etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi taqdim etgan smeta asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilariga beriladigan shahodatnoma blankalarini chop etish uchun sarflanadigan mablagʻlarni, ushbu maqsadlarga 2003-yil budjetida rejalashtirilgan mablagʻlar doirasida, belgilangan tartibda ajratsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 2-iyun,
235-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 2-iyundagi 235-son qaroriga 1-ILOVA
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
SHAHODATNOMA
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 2-iyundagi 235-son qaroriga 1-ILOVAning davomi
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
A'LO DARAJALI SHAHODATNOMA
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 2-iyundagi 235-son qaroriga 1-ILOVAning davomi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI UMUMIY OʻRTA TAʻLIM TOʻGʻRISIDA
UMUMIY OʻRTA TAʼLIM TOʻGʻRISIDA DAVLAT NAMUNASIDAGI SHAHODATNOMA TAVSIFI
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini bitirganlik toʻgʻrisidagi shahodatnoma 100x145 mm oʻlchovda, vertikal joylashgan, muqovasi toʻq havorang (aʼlo darajali shahodatnomaniki — toʻq kizil) rangda boʻladi. Muqovaning yuqori qismiga oʻzbek tilida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI”, quyi qismiga “SHAHODATNOMA” soʻzlari, aʼlo darajali shahodatnomada esa “SHAHODATNOMA” soʻzidan avval “AʻLO DARAJALI” soʻzlari yoziladi va markaziga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Gerbi tasviri oltin zar qogʻozda, issiq bosma usuli bilan tushiriladi.
Muqova yuqori sifatli, yeyilishga chidamli, qalinligi 300 mkm. materialdan tayyorlanadi.
Shahodatnomaning ichki qismi qalin qogʻozga ofset bosma usulida ikki rangda: matn qismi qora va tasviriy elementlar havo (aʼlo darajali shahodatnomada oltin) rangda bosiladi.
Matn qismi oʻzbek tilida qora rangda bosiladi.
Shahodatnomaning chap varagʻining yuqori qismida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI UMUMIY OʻRTA TAʻLIM TOʻGʻRISIDAGI SHAHODATNOMA” soʻzlari yoziladi.
Shahodatnomaning chap varagʻida U harfi va yettita sondan iborat tartib raqami yoziladi.
Shahodatnomaning chap varagʻi pastida va oʻng varagʻi yuqorisida oʻquv rejasidagi fanlar va ulardan olingan baholar (reyting ballari) hamda fakultativ kurslar koʻrsatiladi.
Shahodatnoma sakkizta darajali himoyaga ega:
1. 100% paxta, ultrabinafsha nurlarni aks ettirmaydigan, zichligi 180+5 g/m2 qogʻozdan tayyorlanadi.
2. Qogʻoz ultrabinafsha nurlarda koʻrinadigan koʻk va qizil rangli tolalardan hamda har tarafga tartibsiz tarzda joylashgan koʻrinmas koʻk va och yashil ranglardan iborat tolalarni oʻzida mujassam etadi.
3. Ikki qatlamdan iborat fonli toʻr ingichka chiziqli naqshdan iborat boʻlib, u nusxa koʻchirishga qarshi muhofaza sifatida xizmat qiladi.
4. Asosiy fonli toʻrdagi rasm turli kattalikda va notoʻgʻri shaklli doirachalardan, mayda elementli rasmdan iborat. Shahodatnomaning chap va oʻng varagʻi markazida diametri 48 mm. boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Gerbi havo (aʼlo darajali shahodatnomada — oltin) rangda bosilgan. Quyi qismida, rasm, shu ranglarda, qalinligi bir xil boʻlgan turli burchaklarga egilgan “xoch” deb ataluvchi chiziqlarga oʻtadi. Ular tutash ichki ikki betga va undan atrofiga nafis naqsh boʻlib oʻtadi.
5. Qoʻshimcha fon toʻri “tovlanish” usulida, yaʼni rasmning chiziqlarini buzmagan holda, bir rangdan ikkinchi rangga ravon tarzda oʻtadi.
6. Ultrabinafsha ranglarda koʻrinadigan, ammo oddiy koʻrishda koʻrinmaydigan “Xumo” qushining tasviri ichki qismning chap va oʻng varagʻida joylashgan.
7. Koʻp marotaba kattalashtirilganda koʻrinadigan mikromatn shahodatnomaning chap va oʻng varagʻida joylashgan boʻlib, u uzluksiz qaytariladigan “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI UMUMIY OʻRTA TAʻLIM TOʻGʻRISIDAGI SHAHODATNOMA”, aʼlo darajali shahodatnomada esa “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI UMUMIY OʻRTA TAʻLIM TOʻGʻRISIDAGI AʻLO DARAJALI SHAHODATNOMA” soʻzlaridan iborat.
8. Yetti xonali seriya raqami flyuoressent boʻyogʻida bosilgan boʻlib, blanka ichki qismining chap varagʻida ultrabinafsha nurlari ostida yashil rangda tovlanib koʻrinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 2-iyundagi 235 -son qaroriga 2-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomani bitiruvchilarga berish tartibi toʻgʻrisida
Nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma davlat namunasidagi hujjat boʻlib, u oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida taʼlim olishni davom ettirish huquqini beradi.
2. Mazkur Nizom Vazirlar Mahkamasining “Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlash, hisobga olish, saqlash, topshirish hamda ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2000-yil 25-iyuldagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlashga buyurtma berish, ularni tayyorlash, hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi toʻgʻrisida nizom asosida ishlab chiqilgan va u umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomalarni tayyorlashga buyurtma berish, ularni tayyorlash, saqlash va bitiruvchilarga berish tartibini belgilaydi.
3. Shahodatnoma blankalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalari hamda tasarrufida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarning yozma buyurtmanomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining buyurtmasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan, muhofazalangan qogʻozda chop etiladi.
II. Saqlash, hisobga olish va joylarga yetkazish
4. Shahodatnoma blankalarini saqlash va hisobga olish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 25-iyuldagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlashga buyurtma berish, ularni tayyorlash, hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalari, xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlarida shahodatnoma blankalarini saqlash, hisobga olish va joylarga yetkazish boʻyicha masʼul shaxslar belgilanadi.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
Shahodatnoma blankalarini olish va tarqatishga buyruq bilan tayinlangan masʼul xodimlardan boshqa shaxslarni jalb qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
Masʼul shaxslar vaqtinchalik boʻlmagan yoki boshqa ishga oʻtgan taqdirda shahodatnoma blankalari aynan shu maqsadda tuzilgan komissiya aʼzolari tomonidan imzolangan dalolatnoma boʻyicha ushbu vazifalarni vaqtinchalik bajarayotgan shaxslarga beriladi.
6. Shahodatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalariga yuboriladi.
Boshqa vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar tasarrufidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari shahodatnomalarni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligidan oladi.
7. Xalq taʼlimi boshqaruv idoralari hamda vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar tasarrufidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga yuboriladigan shahodatnomalar soni davlat statistika hisoboti asosida belgilanadi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalari shahodatnoma blankalarini olganlaridan soʻng ularning sonini va tartib raqamlarini yuk xati boʻyicha tekshiradi. Tekshirish yakuniga koʻra shahodatnoma blankalarining qabul qilib olinganligi toʻgʻrisida dalolatnoma tuziladi. Dalolatnoma xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri) va shahodatnomalarni saqlash uchun masʼul shaxslar tomonidan imzolanadi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi. Dalolatnoma nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga 5 kundan kechikmay joʻnatiladi.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalariga kelgan shahodatnomalar nazorat va tarqatish daftarida hisobga olinadi va qoʻriqlanadigan xonadagi seyf (poʻlat shkaf)da saqlanadi.
10. Boshqa vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarning tasarrufida boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari shahodatnomalarni olgani toʻgʻrisidagi dalolatnomani bevosita Xalq taʼlimi vazirligiga taqdim etadi.
11. Shahodatnomalar tarqatilgani haqidagi hisobot hamda ularni hisobga olish va oʻquvchilarga topshirishni qayd qilish daftarini Xalq taʼlimi vazirligining mazkur masala bilan shugʻullanadigan xodimi tekshiruvdan oʻtkazadi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalari shahodatnomalarni xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman, shahar boʻlimi vakillariga ishonchnoma asosida beradi.
Xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman, shahar boʻlimlariga beriladigan rasmiy davlat hujjatlari soni IX sinflar boʻyicha yakuniy attestatsiyaga qoʻyilgan oʻquvchilar soni asosida belgilanadi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
13. Taʼlim muassasalari direktorlari oʻquvchilarning yakuniy attestatsiyasi natijalariga koʻra tuzilgan baholar vedomostlarini va pedagogik kengashning umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomani berish haqidagi qaroridan koʻchirmani xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlariga topshirishi shart.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
14. Xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlaridan shahodatnomalarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining direktorlari olishadi va bu haqda dalolatnoma tuziladi.
Direktorlarga shahodatnoma blankalarini berish taʼlim muassasasi pedagogik kengashining IX-sinf oʻquvchilarini yakuniy attestatsiyaga qoʻyish haqidagi qaroridan koʻchirma, VIII, IX sinf jurnallari asosida amalga oshiriladi.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
15. Hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari, xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlari har bir taʼlim muassasasiga berilayotgan shahodatnoma blankalarining soni va ularning tartib raqamlarini hisobga olish va oʻquvchilarga topshirishning qayd qilish daftarida qayd etilishini qatʼiy nazoratga oladilar.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
16. Umumiy oʻrta taʼlim dasturi boʻyicha yakuniy attestatsiya tugagandan soʻng, pedagogika kengashi qarori asosida maktabni bitirgan barcha IX sinf oʻquvchilari uchun shahodatnomalar toʻldiriladi.
III. Shahodatnomani toʻldirish
17. Shahodatnoma quyidagi hujjatlar asosida toʻldiriladi:
tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma;
VIII va IX sinf jurnallari.
18. Shahodatnoma qora tush bilan oʻzbek tilida (lotin alifbosiga asoslangan harflarda), chiroyli, aniq qilib toʻldiriladi. Bitiruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga asosan aniq qilib yoziladi. Taʼlim muassasasining nomi, tartib raqami va joylashgan hududi ham toʻliq yoziladi.
19. Shahodatnoma direktor, direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari va sinf rahbari imzosi hamda taʼlim muassasasi muhri bilan tasdiqlanadi. Muhr aniq va oʻqilishi oson boʻladigan holda tushiriladi. Gerbli muhri boʻlmagan shahodatnoma haqiqiy hisoblanmaydi.
20. Shahodatnomaga VIII, IX sinf oʻquv rejalarida koʻrsatilgan oʻquv fanlari boʻyicha baholar qoʻyiladi. Oʻquv fanlari boʻyicha (oʻquvchilarning bilim darajasini nazorat qilishning reyting tizimi boʻyicha ish olib borayotgan oʻquv muassasalarida) baholar raqam bilan, qavs ichida soʻz bilan—5 (aʼlo), 4 (yaxshi), 3 (qoniqarli), sinov tizimida kiritilgan ayrim fanlar boʻyicha “sinovdan oʻtdi” deb belgilanadi hamda “Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashhis markazi tavsiyanoma”si ilova qilinadi.
Jismoniy tarbiya yoki mehnat taʼlimi fanlari boʻyicha ozod etilganlar uchun “ozod etilgan” soʻzlari yoziladi.
Taʼlim muassasasi ixtiyoridagi soatlar hisobidan fanlarni oʻrgangan bitiruvchilarning shahodatnomalariga bahosiz tegishli yozuv aks ettiriladi.
21. Imtihonlarni eksternat tartibida topshirgan shaxslar shahodatnomalarining yuqorigi oʻng burchagiga “ekstern” deb yoziladi.
22. Shahodatnomadagi yozuvlarni oʻchirib, qayta toʻgʻrilashga yoki biror ustunning toʻldirilmay qolishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Shahodatnomalarning toʻgʻri toʻldirilishi, baholarning haqqoniy qoʻyilishi va “Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashhis markazi tavsiyanoma”sini shahodatnomaning ajralmas qismi sifatida ilova qilinishi boʻyicha javobgarlik shaxsan taʼlim muassasasi direktoriga yuklanadi.
24. Shahodatnomani toʻldirish jarayonida xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan taqdirda masʼul xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar koʻriladi va bu haqdagi buyruqdan koʻchirma hamda boshqa zarur hujjatlar asosida buzilgan blankalar oʻrniga yangi nusxalar Xalq taʼlimi vazirligidan olinadi. Bu blankalar shahodatnomalarni hisobga olish va tarqatish daftarida qayd etiladi. “Asos” ustuniga “buzilgan blankalar oʻrniga” deb yozib qoʻyiladi.
Buzilgan shahodatnomalarning tartib raqamlari qirqib olinadi va alohida qogʻozga yopishtirilib, dalolatnomaning asl nusxasiga ilova qilingan holda saqlanadi.
25. Buzilgan shahodatnomalar xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlarida kamida 3 kishidan iborat tarkibda tuzilgan komissiya tomonidan yoʻq qilinadi. Komissiya tarkibiga tuman(shahar) xalq taʼlimi mudirining oʻrinbosari kiritilishi shart.
(25-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
Komissiya buzilgan shahodatnomalarning yoʻq qilinganligi haqida 2 nusxada dalolatnoma tuzadi va unda yoʻq qilingan hujjatning nomi, soni va tartib raqamlari koʻrsatiladi. Dalolatnoma barcha komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi va taʼlimni boshqarish idorasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Dalolatnomaning ikkinchi nusxasi va ilovasining nusxasi maʼlumot uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalariga, ular tomonidan esa umumlashtirilgan holda Xalq taʼlimi vazirligiga yuboriladi.
IV. Shahodatnomalarni bitiruvchilarga topshirish
26. Bitiruvchilarga umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma tantanali marosimda topshiriladi.
Shahodatnomalarni tantanali topshirish marosimi bitiruvchilarda Vatani, xalqi, taʼlim muassasasi bilan faxrlanish tuygʻulari va ular bilan gʻururlanish hislarini shakllantiradigan ssenariy asosida oʻtkaziladi.
Tantanali marosim taʼlim muassasalarining maxsus ajratilgan joylarida rasmiy marosimlarga qoʻyiladigan talablar asosida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlanadi.
Marosimga ota-onalar, olimlar, yozuvchilar, shoirlar, sanʼatkorlar hamda mahalla, tuman (shahar) hokimliklari va homiy tashkilotlarning vakillari taklif qilinadi.
Aʼlo darajali shahodatnoma olgan oʻquvchilarning foto suratlari taʼlim muassasasining “Bizning faxrimiz” kitobida qayd etiladi va tantanali marosimda rasmiy eʼlon qilinadi.
Taʼlim muassasasining eng hurmatli yoki butun umrini yoshlarning taʼlim va tarbiyasiga bagʻishlagan keksa oʻqituvchisi bitiruvchilarga “Oq yoʻl” tilaydi.
27. Bitiruvchilarga berilgunga qadar toʻldirilgan shahodatnomalar, ularni hisobga olish va tarqatish daftari, taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni olish va berishga asos boʻladigan barcha hujjatlar umumiy oʻrta taʼlim muassasasi rahbarida (seyfda) saqlanadi. Taʼlim muassasasi direktori oʻzgargan taqdirda barcha hujjatlar dalolatnoma asosida yangi rahbarga topshiriladi.
28. Bitiruvchiga umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma taʼlim muassasasi pedagogik kengashning qarori bilan, aʼlo darajali shahodatnoma esa pedagogik kengashning qaroriga binoan tavsiya etilgan oʻquvchilarga xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlari buyrugʻiga asosan beriladi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
29. Har bir bitiruvchi umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomani bevosita taʼlim muassasasidan oladi. Eksternat tartibida umumiy oʻrta taʼlim dasturi boʻyicha attestatsiyadan oʻtgan shaxslarga shahodatnomalar berish eksternat tartibida imtihon olish huquqi berilgan taʼlim muassasasi direktorlari tomonidan amalga oshiriladi.
30. Bitiruvchilar shahodatnomani olgani haqida shahodatnomalarni hisobga olish va oʻquvchilarga topshirishni qayd qilish daftariga imzo qoʻyadi.
31. Shahodatnomalarni hisobga olish va oʻquvchilarga topshirishni qayd qilish daftarida xatolikka yoʻl qoʻyilsa, ushbu xatolar tegishli izohlar bilan tuzatiladi va aybdorlarga nisbatan tegishli choralar koʻriladi. Daftardagi barcha yozuvlar taʼlim muassasasi direktori, direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari va sinf rahbari imzolari hamda gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
Shahodatnomalarni hisobga olish va oʻquvchilarga topshirishni qayd qilish daftari boshqaruv idoralarining masʼul xodimlari tomonidan tekshiruvdan oʻtkaziladi.
32. Ayrim sabablarga koʻra vaqtida berilmagan shahodatnomalar bitiruvchilarga berilgunga qadar toʻldirilgan holda taʼlim muassasasida saqlanadi.
Berilmay qolgan toʻldirilgan shahodatnomalar boʻyicha dalolatnoma tuzilib, ularning tartib raqami va mazkur hujjatlarni olmagan bitiruvchilarning ismi va familiyasi koʻrsatiladi.
33. Toʻldirilmagan shahodatnomalar xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlariga bir kun davomida qaytarilishi shart. Toʻldirilmagan shahodatnomalarni taʼlim muassasalarida saqlash qatʼiyan taqiqlanadi.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
34. Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomalarning toʻldirilmagan blankalari yoʻqolgan hollarda taʼlim muassasasi direktori bu haqda darhol xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimiga va ichki ishlar organlariga xabar qiladi, bunda yoʻqolgan hujjatning tartib raqami koʻrsatilib, yoʻqolish yuz bergan vaziyatlar aniq bayon qilinadi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
35. Taʼlim muassasalari rahbarlari xalq taʼlimi boshqaruv idoralariga bitiruvchilarga topshirilgan umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomalar boʻyicha muntazam ravishda hisobot berib boradilar.
36. Xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlari shahodatnomalarning topshirilishi boʻyicha har yili 1-oktabrga qadar hisobotlar tuzadi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalariga 5-oktabrga qadar yetkazadi.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
37. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalari, shahodatnomalarning topshirilishi boʻyicha hisobotlarni belgilangan tartibda 10-oktabrga qadar Xalq taʼlimi vazirligiga yuboradi.
38. Boshqa vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar tasarrufidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari shahodatnomalarni topshirish boʻyicha hisobotlarni belgilangan tartibda har yili 10-oktabrga qadar bevosita Xalq taʼlimi vazirligiga yuboradi.
V. Taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat dublikatini berish
39. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini bitirish shahodatnomalarini yoʻqotgan, buzgan yoki familiyasini oʻzgartirgan shaxslarga hujjat dublikati beriladi.
40. Dublikat berishda quyidagi tartibga amal qilinadi:
shahodatnomani yoʻqotgan, oʻquvchi tomonidan buzilgan yoki familiyasi oʻzgargan shaxslar umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatni bergan maktab maʼmuriyatiga yoʻqotish, buzish yoki familiyasi oʻzgarishi holati toʻliq bayon etilgan yozma ariza beradilar. Arizaga hujjat yoʻqolganligi toʻgʻrisida bir oy oldin gazetada chop etilgan eʼlon ilova qilinadi (eʼlonda yoʻqolgan shahodatnomaning berilgan yili, seriyasi va tartib raqami koʻrsatilishi shart);
arizachi maktabda oʻqiganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda direktor dublikat berish masalasini pedagogik kengashga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
pedagogik kengash dublikat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi (qarorda yoʻqolgan shahodatnomaning berilgan yili, seriyasi va tartib raqami koʻrsatiladi);
kengash qarori xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimiga yuboriladi va uning asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyat yoki Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga dublikat olish uchun buyurtmanoma tayyorlaydi;
(40-band beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalarining buyurtmanomalari asosida shahodatnoma blankalarini beradi;
shahodatnoma dublikati mazkur Nizomning III boʻlimida koʻrsatilgan qoidalarga asosan toʻldiriladi va yuqorigi oʻng burchagiga qora tush bilan “dublikat” deb yoziladi;
dublikat umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomalarni hisobga olish va tarqatish daftarida qayd etiladi. Daftarning “olganligi haqida imzo” ustuniga “yoʻqolgan asl nusxa oʻrniga ...№.., ..”..da berilgan hamda “baholar uchun asl nusxa berilgan ustunga qaralsin” deb yoziladi, asl nusxa berilganligi haqidagi qatorda “...№...” dagi dublikat berilganligi yoziladi hamda dublikat olganlik toʻgʻrisida imzo qoʻyiladi va sana koʻrsatiladi;
maktab tomonidan toʻldirilgan dublikat xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimining masʼul xodimi tomonidan nazoratdan oʻtkazilgandan soʻng arizachiga topshiriladi.
(40-band toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 184-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 261-modda)
41. Yoʻqolgan va gazeta orqali bekor qilingan asl shahodatnomalar tartib raqamlari Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan kompyuter roʻyxatiga kiritiladi va nazorat qilib boriladi.
42. Taʼlim muassasasi tugatilgan hollarda dublikat maktab hujjatlarini saqlash boʻyicha masʼul boʻlgan boshqa taʼlim muassasasi yoki arxiv tomonidan tasdiqlangan maʼlumotnomalar asosida beriladi.