1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.08.00 Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining faoliyati kafolatlari;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.09.00 Tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Umumiy masalalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida davlat nazoratini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlari uchun maʼmuriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-son Farmoni hamda “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini (keyingi oʻrinlarda — Kitobni) yuritish shakllari;
Kitobga kiritiladigan tekshiruvlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va ularni kiritish tartibi;
Kitobni toʻldirish tartibiga rioya qilishni monitoring qilish va uning hisobini yuritish;
b) Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq:
attestatsiya komissiyasini tashkil etish va uning faoliyatini amalga oshirish;
attestatsiyadan oʻtkaziladigan xodimlar roʻyxatini shakllantirish;
xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish va uning natijasi boʻyicha attestatsiya komissiyasi qarorini qabul qilish;
attestatsiyadan oʻtgan xodimga tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma berish;
v) Nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida xavf darajasini tahlil qilishga doir umumiy talablar;
xavf darajasining tahlili davomida oʻrganiladigan maʼlumotlar toifalari;
xavf darajalarining tasnifi va ularni mezonlashga doir talablar;
tasniflangan xavf darajalari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar.
2. Nazorat qiluvchi organlar bir oy muddatda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxslarning elektron reyestrini shakllantirish uchun mazkur qaror qabul qilingunga qadar belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtkazilgan va tadbirkorlik subyektlarini tekshirish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Manfaatdor vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-oktabr,
611-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qaroriga 1-ILOVA
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish va yuritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirishni muvofiqlashtiruvchi hamda nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish qonuniyligini nazorat qilish vakolati berilgan tashkilot;
Davlat nazorati tizimi — tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi;
nazorat qiluvchi organ — tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik bilan vakolat berilgan vazirlik, idora, ularning tizimidagi boʻlinmalar va boshqa tashkilotlar;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi — vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha tadbirkorlik subyekti faoliyatini nazorat qiluvchi, tadbirkorlik subyektida yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etuvchi hamda maʼmuriy yoki sud organlarida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs;
tadbirkorlik subyekti — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobi — oʻtkazilgan tekshiruvlar toʻgʻrisidagi axborot yozib qoʻyiladigan elektron shaklidagi maxsus kitob;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali oʻtkaziladigan nazorat qilish tadbiri.
3. Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining yuritilishidan maqsad:
nazorat qiluvchi organ faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralikni taʼminlash;
tadbirkorlik subyektining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
tadbirkorlik subyektining faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarga chek quyish;
davlat tomonidan nazorat qilish tizimining hisobdorligi va shaffofligini taʼminlash.
4. Tadbirkorlik subyekti faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshirishlar Davlat nazorati tizimiga kiritiladi.
5. Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobi tadbirkorlik subyekti tomonidan elektron shaklida yuritiladi.
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining elektron shakli Davlat nazorati tizimida tadbirkorlik subyekti tomonidan roʻyxatdan oʻtish orqali yuritiladi.
6. Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining elektron shakli majburiy tartibda toʻldiriladi.
7. Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining elektron shakli bevosita tadbirkorlik subyektida toʻldiriladi.
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining elektron shakliga Davlat nazorati tizimining veb-sahifasi yoki maxsus mobil ilova orqali kiritiladi.
8. Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobida tadbirkorlik subyektining toʻliq nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), unga berilgan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim.
9. Belgilangan tartibda davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi maʼlumotlar Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga kiritilmaydi.
10. Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobi mazkur Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq toʻldiriladi.
2-bob. Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga tekshirishlar haqidagi yozuvlarni kiritish
11. Tekshirish boshlanishidan oldin tadbirkorlik subyekti rahbari (tadbirkorlik subyekti rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsiga Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish uchun elektron shaklini taqdim etadi.
12. Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tekshirish boshlanishidan oldin qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik subyektining rahbarini (tadbirkorlik subyekti rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxsni) tekshirish maqsadi va shartlari bilan tanishtirishi, qonunchilikda belgilangan hujjatlarni taqdim etishi, Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining tegishli boʻlinmalariga yozuvlar kiritishi lozim.
13. Tadbirkorlik subyekti rahbari (tadbirkorlik subyekti rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga kiritilgan maʼlumotlarni tekshiruvchi mansabdor shaxs tomonidan qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlar bilan taqqoslashga haqli.
14. Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tekshirish boshlanishiga kadar Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining elektron shakliga quyidagi maʼlumotlarni kiritishi lozim:
Davlat nazorati tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan tekshirish raqami;
tekshiruv oʻtkazayotgan nazorat qiluvchi organ nomi;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, agar tekshiruvchi mansabdor shaxslar bir nechta boʻlganda, ular toʻgʻrisida ham maʼlumotlar;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsining maxsus guvohnomasi raqami, agar kiritilgan maxsus guvohnoma raqami Davlat nazorati tizimidagi maʼlumotlar bilan toʻgʻri kelmagan taqdirda, tadbirkorlik subyektida ushbu mansabdor shaxs tomonidan tekshiruv oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
tekshiruv oʻtkazilayotgan tadbirkorlik subyektining manzili;
tekshiruv oʻtkazish uchun asos boʻlgan buyruq raqami va sanasi;
tekshiruv turi, bunda Davlat nazorati tizimida mavjud boʻlgan tekshirish turi va uning maxsus kodi;
tekshiruv muddati;
tekshiruvga auditor va ekspertlar jalb qilingan taqdirda, jalb qilingan auditor va ekspertlarning ismi, familiyasi, otasining ismi, ish joyi, faoliyat yoʻnalishi, uni jalb qilishga asos boʻlgan shartnoma raqami va sanasi.
Tekshiruv bir nechta nazorat qiluvchi organ tomonidan oʻtkazilganda, boshqa nazorat qiluvchi organ tomonidan ham ushbu bandda koʻrsatilgan maʼlumotlar kiritilishi lozim.
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining elektron shakliga kiritilgan maʼlumotlar tegishli ravishda tasdiqlangandan soʻng ularni oʻzgartirish imkoniyati mavjud emas, tekshiruvga jalb qilingan auditor va ekspertlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bundan mustasno.
15. Tadbirkorlik subyekti rahbari (tadbirkorlik subyekti rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) tekshiruv yakunlangandan soʻng Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining elektron shakliga quyidagi maʼlumotlarni kiritadi:
tekshiruv boshlangan sana;
tekshiruv tugagan sana;
oʻtkazilgan tekshiruvning davomiyligi;
tekshiruv jarayonida talab qilib olingan hujjatlar;
tekshiruv jarayonida qoʻllanilgan taʼsir choralar (yozma koʻrsatma, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma, moliyaviy va iqtisodiy jarimalarni qoʻllash toʻgʻrisida qarorlar va sud qarorlari);
tekshiruvda uchinchi shaxslar qatnashganligi toʻgʻrisida maʼlumot (tadbirkorlik subyektining soʻrovi asosida jalb etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va tadbirkorlik subyekti aʼzo boʻlgan birlashmalarning vakillari, shartnoma asosida jalb qilingan soliq maslahatchilari, tarjimon va advokatlar).
Tadbirkorlik subyekti Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining elektron shakliga faoliyatida oʻtkazilgan tekshirish boʻyicha baho berishi hamda tekshiruv jarayonida korrupsiya holatlari haqida xabar berishi mumkin.
16. Tekshiruvchi mansabdor shaxs Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirishdan bosh tortsa yoki mazkur Nizomda koʻrsatilgan maʼlumotlarni taqqoslash natijasida tafovutlar aniqlangan taqdirda, tekshiruvchi mansabdor shaxs tekshirishga qoʻyilmaydi. Bunda tadbirkorlik subyekti rahbari (tadbirkorlik subyekt rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) Vakolatli organga murojaat etishga va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishga haqli.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Tadbirkorlik subyektining faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish maqsadida nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibiga rioya qilinayotganligi boʻyicha monitoring vakolatli organ hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan amalga oshiriladi.
18. Vakolatli organ Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining hisobini Davlat nazorati tizimida yuritadi.
19. Nazorat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan mazkur Nizom talablariga rioya etmaslik holati tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish tartibini buzish deb baholanadi.
20. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining XVI1 bobi, Jinoyat kodeksining XIII1 bobi.
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Ijro muddati
1-bosqich
Tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbari boʻlmaganda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs)
Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsiga Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish uchun elektron shaklini taqdim etadi.
Tekshirish boshlanishidan oldin
2-bosqich
Nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi
Qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik subyektining rahbarini (tadbirkorlik subyekti rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxsni) tekshiruv maqsadi va shartlari bilan tanishtiradi, qonunchilikda belgilangan hujjatlarni taqdim etadi, Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining tegishli boʻlinmalariga yozuvlar kiritadi.
Tekshiruv bir nechta nazorat qiluvchi organ tomonidan oʻtkazilganda, barcha nazorat qiluvchi organlar Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining tegishli boʻlinmalariga yozuvlar kiritadi.
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining elektron shakliga kiritilgan maʼlumotlar tegishli ravishda tasdiqlangandan soʻng ularni oʻzgartirish imkoniyati mavjud emas, tekshiruvga jalb qilingan auditor va ekspertlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bundan mustasno.
Tekshirish boshlanishidan oldin
3-bosqich
Tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbari boʻlmaganda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs)
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga kiritilgan maʼlumotlarni tekshiruvchi mansabdor shaxs tomonidan qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlar bilan taqqoslashga haqli.
Tekshirish boshlanishidan oldin
4-bosqich
Tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbari boʻlmaganda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs)
Tekshiruvchi mansabdor shaxs Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirishdan bosh tortsa yoki mazkur Nizomda koʻrsatilgan maʼlumotlarni taqqoslash natijasida tafovutlar aniqlangan taqdirda, tekshiruvchi mansabdor shaxsni tekshirishga qoʻymaydi.
Vakolatli organga murojaat etishga va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishga haqli.
Tekshirish boshlanishidan oldin
5-bosqich
Tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbari boʻlmaganda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs)
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining elektron shakliga tegishli maʼlumotlarni kiritadi.
Tadbirkorlik subyekti Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobining elektron shakliga faoliyatida oʻtkazilgan tekshirishga baho berishi va tekshiruv jarayonida korrupsiya holatlari haqida xabar berishi mumkin.
Tekshiruv yakunlangandan soʻng
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qaroriga 2-ILOVA
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan (keyingi oʻrinlarda — Attestatsiya) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirishni muvofiqlashtiruvchi hamda nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish qonuniyligini nazorat qilish vakolati berilgan tashkilot;
davlat nazorati tizimi — tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi;
nazorat qiluvchi organ — tadbirkorlik subyekti faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik bilan vakolat berilgan vazirlik, idora, ularning tizimidagi boʻlinmalar va boshqa tashkilotlar;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi — vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha tadbirkorlik subyekti faoliyatini nazorat qiluvchi, tadbirkorlik subyektida yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etuvchi hamda maʼmuriy yoki sud organlarida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs;
tadbirkorlik subyekti — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar.
3. Attestatsiya nazorat qiluvchi organning tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshiruvchi mansabdor shaxslarining (keyingi oʻrinlarda — mansabdor shaxs) malakasi va professionallik darajasini baholash, shuningdek, ularning nazorat organi faoliyatiga hamda tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirishga taalluqli qonunchilik talablariga rioya etilishi uchun masʼuliyatini oshirish maqsadida oʻtkaziladi.
Soliq organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali markirovkalangan tovarlar harakatini kuzatish asosida aniqlangan huquqbuzarlik boʻyicha masofaviy soliq tekshiruvini oʻtkazuvchi mansabdor shaxslari attestatsiyadan oʻtkazilmaydi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-maydagi PQ-190-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2025-y., 07/25/190/0464-son)
4. Qonuniylik, majburiylik, oshkoralik, xolislik va kollegiallik Attestatsiyani oʻtkazishning asosiy tamoyillari hisoblanadi.
5. Attestatsiyadan oʻtishi kerak boʻlgan mansabdor shaxslar soni qonunchilik bilan nazorat qiluvchi organ hamda uning mansabdor shaxslariga qoʻyilgan talablardan kelib chiqib, har bir nazorat qiluvchi organ tomonidan aniqlanadi.
6. Mansabdor shaxslar Attestatsiyadan nazorat qiluvchi organ tomonidan uch yilda kamida bir marta ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha oʻtkaziladi.
7. Quyidagilar Attestatsiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yuqori malakaga ega va masʼuliyatli mansabdor shaxslar toifasini aniqlash;
mansabdor shaxslarning kasb tayyorgarligini, ularni qayta tayyorlash yoki malakasini oshirish zarurligini aniqlash;
tadbirkorlik subyekti faoliyatida profilaktika tadbirlarini amalga oshirishni tashkil etish va tekshiruvlar qonunchilik talablari asosida oʻtkazilishini taʼminlash;
tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish jarayonida korrupsiya holatlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik va qonuniylikni taʼminlash.
2-bob. Attestatsiya komissiyasining faoliyatini tashkil etish
8. Attestatsiya nazorat qiluvchi organ rahbarining buyrugʻi asosida tashkil etiladigan va besh kishidan iborat boʻlgan Attestatsiya komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
Attestatsiya komissiyasi rais, kotib va komissiya aʼzolaridan tashkil topadi. Bunda Attestatsiya komissiyasining raisi ushbu Nizomning 9-bandiga muvofiq belgilanadi. Komissiya tarkibi nazorat qiluvchi organning tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish majburiyatiga kirmaydigan shaxslardan shakllantiriladi.
Nazorat qiluvchi organ rahbarining buyrugʻi bilan uning hududiy boʻlinmalarida hududiy yoki hududlararo Attestatsiya komissiyalari tashkil etiladi. Bunda nazorat qiluvchi organning hududiy boʻlinmasi boshligʻi hududiy yoki hududlararo Attestatsiya komissiyalari raisi hisoblanadi.
Nazorat qiluvchi organning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan hududiy boʻlinmalari mavjud boʻlmagan taqdirda, Attestatsiya respublika komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
9. Attestatsiya komissiyasi tarkibi komissiya raisi va 4 nafar komissiya aʼzolaridan iborat boʻlishi lozim. Komissiya tarkibi 2 nafar nazorat qiluvchi organ va 1 nafardan vakolatli organ, Savdo-sanoat palatasi va tadbirkorlik subyekti vakillaridan shakllantiriladi.
Nazorat qiluvchi organ yoki uning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tegishli hududiy boʻlinmasi rahbari (rahbari oʻrinbosari) Attestatsiya komissiyasi raisi hisoblanadi.
Attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar nazorat qiluvchi organning rasmiy veb-sahifasida joylashtirilishi lozim.
10. Hududiy yoki hududlararo Attestatsiya komissiya tarkiblari ushbu Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan idoralarning hududiy boʻlinmalari vakillaridan shakllantiriladi.
11. Attestatsiya komissiyasi oʻz faoliyatini doimiy ravishda amalga oshiradi, uning faoliyatini tashkil etish Attestatsiya komissiyasining ishchi organi tomonidan taʼminlanadi.
Nazorat qiluvchi organning kadrlar bilan ishlovchi tarkibiy boʻlinmasi ishchi organ funksiyasini bajaradi va uning vakili Attestatsiya komissiyasining kotibi hisoblanadi.
Ishchi organ quyidagi funksiyalarni bajaradi:
nazorat qiluvchi organning tegishli tuzilmasi bilan birgalikda Attestatsiyani oʻtkazish uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi;
Attestatsiyani oʻtkazish uchun mansabdor shaxslar roʻyxatini tuzadi va Attestatsiya komissiyasiga taqdim etadi;
Attestatsiyani oʻtkazish uchun savollar roʻyxatini tayyorlaydi hamda kelishish uchun Komissiya aʼzolariga yuborilishini taʼminlaydi;
Attestatsiya oʻtkaziladigan sana va joy toʻgʻrisida Komissiya aʼzolari bilan kelishadi hamda bu haqda mansabdor shaxslarga xabar qiladi;
manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikni taʼminlaydi;
Attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni veb-sahifaga joylashtirish choralarini koʻradi;
ushbu Nizomga muvofiq Attestatsiya komissiyasining ishi hamda qarorlari ijrosi bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etadi.
12. Attestatsiya komissiyasi Attestatsiyani oʻtkazishda:
Attestatsiyadan oʻtayotgan mansabdor shaxs haqida qisqacha axborotni eshitadi;
Attestatsiyadan oʻtayotgan mansabdor shaxsga savollar beradi;
Attestatsiya yakunlari boʻyicha ochiq ovoz berishni oʻtkazadi;
Attestatsiyadan oʻtayotgan mansabdor shaxs faoliyatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar beradi;
tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
mansabdor shaxsga avval berilgan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomani bekor qilish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi;
Attestatsiyani oʻtkazishga tegishli boshqa vazifalarni hal etadi.
13. Attestatsiya komissiyasi Attestatsiya oshkora, xolisona va adolatli oʻtkazilishi uchun javob beradi.
3-bob. Attestatsiyani oʻtkazish
14. Nazorat qiluvchi organ rahbari vakolatli organ bilan kelishilgan, Attestatsiyadan oʻtishi kerak boʻlgan mansabdor shaxslar roʻyxatini tasdiqlaydi va Attestatsiyani oʻtkazish haqida buyruq chiqaradi.
15. Attestatsiyadan oʻtishi kerak boʻlgan mansabdor shaxslar roʻyxatiga:
tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxslar (bundan soliq organlarining masofaviy soliq tekshiruvini oʻtkazuvchi mansabdor shaxslari mustasno);
maxsus guvohnomasining amal qilish muddati tugagan yoki shu oy mobaynida tugaydigan mansabdor shaxslar;
tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini olishga tavsiya qilingan, kamida ikki yillik (sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha kamida uch oylik) mehnat stajiga ega boʻlgan mansabdor shaxslar kiritiladi.
Ushbu roʻyxatga oldin tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini olgan, biroq tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan lavozimga tayinlangan mansabdor shaxslar, shuningdek, tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish sohasida qonunchilik buzilishi munosabati bilan bunday huquqdan mahrum etilgan mansabdor shaxslar kiritilmaydi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-maydagi PQ-190-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2025-y., 07/25/190/0464-son)
16. Attestatsiyani oʻtkazish muddati boʻyicha nazorat qiluvchi organning rahbari tomonidan mansabdor shaxslarning tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqining amal qilishi muddati tugashi, nazorat qiluvchi organning tuzilmasi, shtat birligi oʻzgarishi, kadrlar qoʻnimsizligi va boshqa omillar inobatga olingan holda tashabbus koʻrsatiladi.
17. Nazorat qiluvchi organning tegishli tuzilmasi rahbari tomonidan ishchi organga Attestatsiyadan oʻtishi kerak boʻlgan har bir mansabdor shaxs toʻgʻrisida xizmat tavsifnomasi taqdim etiladi.
Attestatsiyadan oʻtkaziladigan mansabdor shaxs Attestatsiyadan kamida ikki hafta oldin Attestatsiyani oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq bilan imzo qoʻydirilgan holda tanishtirilishi kerak.
18. Attestatsiya komissiyasining yigʻilishi Attestatsiya komissiyasi tasdiqlagan tarkibning toʻrtdan uch qismi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi.
19. Attestatsiya Attestatsiyadan oʻtayotgan mansabdor shaxs bilan savol-javob shaklida oʻtkaziladi.
20. Attestatsiyadan oʻtishda Attestatsiyadan oʻtkaziluvchilarga elektron moslamalardan, maʼlumotnoma, maxsus yoki boshqa adabiyotlardan, shuningdek, har qanday yozuvlardan foydalanish man etiladi. Koʻrsatilgan talablar buzilgan hollarda, Attestatsiyadan oʻtkaziluvchilar Attestatsiyadan chetlatiladi va Attestatsiyadan oʻtmagan deb hisoblanadi.
21. Komissiya yigʻilishida begona shaxslarning ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi.
22. Attestatsiya qoida tariqasida nazorat qiluvchi organ belgilagan joyda oʻtkaziladi. Nazorat qiluvchi organ Attestatsiya jarayoni real vaqt rejimida (onlayn) kuzatib borilishini taʼminlashi lozim. Komissiya aʼzolari Attestatsiyada zarurat vujudga kelgan taqdirda video-konferensiya aloqa vositalari orqali ishtirok etishi mumkin.
23. Attestatsiya komissiyasi kotibi har bir Attestatsiyadan oʻtkaziluvchi mansabdor shaxs haqidagi maʼlumotnomani Attestatsiya oʻtkazish sanasidan kamida bir hafta oldin komissiyaga taqdim etadi.
24. Attestatsiya oʻtkazilishidan kamida 15 kun oldin Attestatsiya komissiyasi bilan kelishilgan holda, ishchi organ tomonidan savollar roʻyxati tuziladi, ushbu roʻyxat Attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Roʻyxatga majburiy ravishda tadbirkorlik subyekti faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga bogʻliq savollar va vaziyatli vazifalar — tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish vaqtida sodir boʻladigan va/yoki sodir boʻlishi mumkin boʻlgan vaziyatlar hamda tegishli tadbirkorlik subyekti tomonidan qonunni buzish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshirish tashabbusi bilan chiqishni nazarda tutuvchi “xavfni tahlil etish” tizimiga oid savollar kiritilishi shart.
25. Har bir Attestatsiyadan oʻtuvchi mansabdor shaxsga ikki nusxada ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq Attestatsiya varaqasi tuziladi.
26. Attestatsiya komissiyasi tomonidan Attestatsiyadan oʻtuvchi mansabdor shaxs haqidagi tavsifnoma va savollarga berilgan javoblarni inobatga olgan holda, har bir Attestatsiyadan oʻtuvchi mansabdor shaxsga nisbatan ochiq ovoz berish yoʻli bilan alohida qaror qabul qilinadi. Qaror Attestatsiyada ishtirok etgan Attestatsiya komissiyasi aʼzolarining koʻpchiligi ovoz berganda, qabul qilingan deb hisoblanadi. Attestatsiya komissiyasi aʼzolarining ovozlari teng boʻlgan taqdirda, Attestatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
27. Attestatsiya natijasi boʻyicha Attestatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
mansabdor shaxs Attestatsiyadan oʻtdi;
mansabdor shaxs Attestatsiyadan oʻtmadi.
Attestatsiya komissiyasi aʼzolari ovoz berish jarayonida betaraf qolishi mumkin emas.
28. Attestatsiya komissiyasining qarori ovoz berish jarayoni tugashi bilan eʼlon qilinadi va Attestatsiya qatnashchilari Attestatsiya varaqalariga imzo chekishadi.
29. Attestatsiya yakuni boʻyicha Attestatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan qaror Attestatsiya komissiyasi raisi, kotibi hamda aʼzolari tomonidan imzolanadigan Attestatsiya varaqasiga kiritiladi.
Agar Attestatsiyadan oʻtkaziluvchi oʻzining Attestatsiya varaqasini imzolashga rozi boʻlmasa, bu haqda tegishli belgi qoʻyiladi.
Attestatsiya varaqasining ikkinchi nusxasi Attestatsiya oʻtkazilgandan keyin bir kun muddatda Attestatsiyadan oʻtgan mansabdor shaxsga imzo qoʻydirilgan holda taqdim etiladi.
30. Attestatsiya yakunlari boʻyicha ikki kun muddatda bayonnoma tuziladi. Bayonnomada Attestatsiya oʻtkazilgan sana va joy, Attestatsiya komissiyasining qarori koʻrsatiladi hamda Attestatsiya varaqalari ilova qilinadi. Bayonnoma Attestatsiya komissiyasi raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
31. Attestatsiyadan oʻtgan mansabdor shaxsga Attestatsiya komissiyasi tomonidan belgilanadigan Attestatsiyani oʻtkazish davriyligi muddatiga tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqi beriladi.
32. Attestatsiyaga uzrli sabablarga koʻra (kasalligi, xizmat safarida boʻlganligi va boshqa sabablar tufayli) kelmagan mansabdor shaxslar Attestatsiya komissiyasining keyingi yigʻilishiga qoʻyiladigan xodimlar roʻyxatiga kiritiladi.
33. Attestatsiya komissiyasi tomonidan Attestatsiyadan oʻtmagan deb hisoblangan mansabdor shaxs takroriy Attestatsiyaga kamida olti oydan keyin qoʻyilishi mumkin.
34. Attestatsiyadan oʻtmagan mansabdor shaxsga tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish man etiladi. Nazorat qiluvchi organ rahbari mazkur mansabdor shaxsni uning roziligi bilan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan lavozimga oʻtkazishi mumkin.
35. Tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish davrida mansabdor shaxs tomonidan qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻygan va/yoki qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilgan boʻlsa, unga berilgan huquq Attestatsiya komissiyasi tomonidan bekor qilinadi.
Attestatsiya komissiyasi tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqi bekor qilingan mansabdor shaxs qayta Attestatsiyaga kamida bir yildan keyin qoʻyilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining XVI1 bobi, Jinoyat kodeksining XIII1 bobi.
4-bob. Nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslarining elektron reyestrini shakllantirish va yuritish
36. Nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslarining elektron reyestri Davlat nazorati tizimida nazorat qiluvchi organ tomonidan shakllantiriladi va vakolatli organ tomonidan yuritiladi.
37. Attestatsiya natijalariga asosan ishchi organ nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslarining quyidagi maʼlumotlarini Davlat nazorati tizimiga kiritadi:
nazorat qiluvchi organ nomi;
nazorat qiluvchi organning Attestatsiya oʻtkazilgan boʻlinmasi nomi;
Attestatsiyani oʻtkazish sanasi;
Attestatsiya komissiyasining bayonnoma nusxasi;
Attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning ismi, familiyasi, otasining ismi, lavozimi, maxsus guvohnomasining amal qilish muddati, pasporti seriyasi, raqami, qachon va kim tomonidan berilganligi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
Attestatsiyadan oʻta olmagan xodimlarning ismi, familiyasi, otasining ismi, lavozimi, pasporti seriyasi, raqami, qachon va kim tomonidan berilganligi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami.
38. Attestatsiya yakunlari boʻyicha tegishli bayonnoma rasmiylashtirilgandan soʻng ushbu Nizomning 37-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar Davlat nazorati tizimiga bir ish kunida kiritilishi lozim.
39. Vakolatli organ nazorat qiluvchi organ tomonidan Davlat nazorati tizimiga kiritilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va toʻliqliligini uch ish kunida tekshiradi.
Davlat nazorati tizimiga kiritilgan maʼlumotlar toʻliq boʻlmagan yoki Attestatsiya natijalariga nomuvofiq boʻlgan taqdirda, vakolatli organ tomonidan ushbu maʼlumotlar qayta koʻrib chiqish uchun nazorat qiluvchi organga qaytariladi.
40. Nazorat qiluvchi organ tomonidan Davlat nazorati tizimiga kiritilgan maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan tasdiqlangandan soʻng Attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan mansabdor shaxslarga avtomatlashtirilgan tarzda tartib raqami beriladi.
Davlat nazorati tizimida har bir mansabdor shaxsga berilgan tartib raqam ularga beriladigan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomaning raqami hisoblanadi.
5-bob. Tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma
41. Attestatsiya komissiyasi tomonidan Attestatsiyadan oʻtgan mansabdor shaxsga ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq maxsus guvohnoma beriladi.
42. Maxsus guvohnoma blankalarini tayyorlash, berish, saqlash va hisobini olib borish nazorat qiluvchi organning mablagʻlari hisobidan, mansabdor shaxslarning xizmat guvohnomalari uchun belgilangan tartib hamda ushbu Nizomning 40-bandi talablari boʻyicha amalga oshiriladi.
43. Maxsus guvohnoma yoʻqotilgan yoki foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelgan hollarda, mansabdor shaxsning murojaati asosida nazorat qiluvchi organ yoki uning hududiy boʻlinmasining buyrugʻi bilan unga dublikat berilishi mumkin.
Mansabdor shaxsga yangi maxsus guvohnoma berishda unga “Dublikat” belgisi qoʻyiladi. Qayta rasmiylashtirish va maxsus guvohnoma dublikatini berish uchun Attestatsiyadan oʻtish talab etilmaydi.
44. Nazorat qiluvchi organning tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish huquqiga ega boʻlgan, ushbu nazorat qiluvchi organning tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq boshqa lavozimiga oʻtgan mansabdor shaxsiga dastlab berilgan maxsus guvohnomaning amal qilishi muddatiga yangi lavozimi koʻrsatilgan holda yangi maxsus guvohnoma beriladi.
45. Mansabdor shaxs bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda yoki u tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan lavozimga oʻtganda, maxsus guvohnoma ishchi organga qaytarilishi shart.
Ishchi organ maxsus guvohnomani qaytarib olgan kundan eʼtiboran bir ish kuni mobaynida bu haqda vakolatli organni xabardor qilishi lozim. Bunda vakolatli organ Davlat nazorati tizimidagi nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslarining elektron reyestrida mehnat shartnomasi bekor qilingan yoki tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan lavozimga oʻtgan mansabdor shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tegishli oʻzgartirish kiritadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
46. Attestatsiyani tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli nazorat qiluvchi organ mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
47. Attestatsiya oʻtkazish bilan bogʻlik ushbu Nizomda belgilanmagan masalalar Attestatsiya komissiyasi tomonidan ovoz berish orqali hal etilishi mumkin.
48. Attestatsiya komissiyasining qarori yuzasidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
49. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining XVI1 bobi, Jinoyat kodeksining XIII1 bobi
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Ijro muddati
1-bosqich
Nazorat qiluvchi organ
Vakolatli organ bilan kelishilgan — Attestatsiyadan oʻtish kerak boʻlgan mansabdor shaxslar roʻyxatini tasdiqlaydi, Attestatsiya oʻtkazish haqida buyruq chiqaradi.
Doimiy ravishda
2-bosqich
Attestatsiya komissiyasi ishchi organi
Attestatsiya komissiyasi bilan kelishilgan holda ishchi organ tomonidan savollar roʻyxati tuziladi va ushbu roʻyxat nazorat qiluvchi organning rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Attestatsiya oʻtkazilishidan kamida 15 kun oldin
3-bosqich
Attestatsiya komissiyasi ishchi organi
Attestatsiyadan oʻtkaziladigan mansabdor shaxslarni Attestatsiya oʻtkazilishi haqida buyruq bilan unga imzo qoʻydirgan holda tanishtiradi.
Attestatsiya oʻtkazilishidan kamida 2 hafta oldin
4-bosqich
Attestatsiya komissiyasi ishchi organi
Attestatsiyadan oʻtkaziladigan mansabdor shaxslarga xizmat tavsifnomasi hamda maʼlumotnomalarni tayyorlaydi.
Attestatsiya oʻtkazilishidan kamida 2 hafta oldin
5-bosqich
Attestatsiya komissiyasi
Komissiya aʼzolari orasidan yashirin ovoz berish orqali Attestatsiya komissiyasi raisini saylaydi.
Attestatsiya boshlanishidan oldin
6-bosqich
Attestatsiya komissiyasi
Attestatsiya mansabdor shaxs bilan savol-javob tarzida oʻtkaziladi.
Attestatsiya davomida
7-bosqich
Attestatsiya komissiyasi
1. Ovoz berish yoʻli bilan qaror qabul qiladi;
2. Komissiya qarorini eʼlon qiladi;
3. Attestatsiya varaqalarini imzolaydi.
Attestatsiya yakunlari boʻyicha
8-bosqich
Attestatsiya komissiyasi ishchi organi
Attestatsiya varaqasining ikkinchi nusxasini Attestatsiyadan oʻtgan mansabdor shaxsga taqdim qiladi.
Attestatsiya oʻtkazilgandan soʻng 1 kun mobaynida
9-bosqich
Attestatsiya komissiyasi ishchi organi
Attestatsiya oʻtkazilgan sana va joy, Attestatsiya komissiyasi qarori koʻrsatilgan hamda Attestatsiya varaqalari ilova qilingan holda Attestatsiya yakunlari boʻyicha bayonnoma tuzadi.
Attestatsiya yakunlari boʻyicha 2 kun mobaynida
10-bosqich
Attestatsiya komissiyasi ishchi organi
Attestatsiyada qatnashgan mansabdor shaxslar haqida maʼlumotlarni nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining elektron reyestri Davlat nazorati tizimiga kiritadi.
Attestatsiya yakunlari boʻyicha tegishli bayonnoma rasmiylashtirilgandan soʻng 1 ish kuni mobaynida
11-bosqich
Vakolatli organi
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan Davlat nazorati tizimiga kiritilgan maʼlumotlarning ishonchligi hamda toʻliqligini tekshiradi va tasdiqlaydi.
Maʼlumotlar Davlat nazorati tizimiga kiritilgandan soʻng 3 ish kuni mobaynida
12-bosqich
Attestatsiya komissiyasi ishchi organi
Attestatsiyadan oʻtgan mansabdor shaxslarga nazorat organi mansabdor shaxslarining elektron reyestri Davlat nazorati tizimi orqali berilgan maxsus tartib raqamni koʻrsatgan holda tadbirkorlik subyektlarini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomani beradi.
Attestatsiya yakunlari boʻyicha
13-bosqich
Attestatsiya komissiyasi ishchi organi
Nazorat organining rasmiy veb-sahifasida Attestatsiya komissiyasi aʼzolari toʻgʻrisidagi hamda oʻtkazilgan Attestatsiya natijalari haqidagi maʼlumotlarni joylaydi.
Attestatsiya yakunlari boʻyicha
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish boʻyicha ATTESTATSIYA VARAQASI ____________________________________________________________________ (egallab turgan lavozimi) ____________________________________________________________________ (mansabdor shaxsning F.I.O.) Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish toʻgʻrisida ____________________________________________________________________ (nazorat qiluvchi organ nomi) Attestatsiya komissiyasi qarori:
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
__________________________________ (nazorat qiluvchi organning nomi)
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi MAXSUS GUVOHNOMA № ______ __________________________________ (mansabdor shaxsning F.I.O.) __________________________________ (egallab turgan lavozimi)
Attestatsiya komissiyasining 20____ yil _____ _________________dagi ______-son qaroriga asosan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini 20____ yil _____ _________________gacha tekshirish huquqi berildi.
Xizmat guvohnomasi bilan birgalikda koʻrsatiladi.
Muhr oʻrni
___________________________________________________________________________ (nazorat qiluvchi organ rahbarining imzosi F.I.O.)
Izoh. Maxsus guvohnomaning oʻlchami, oldi va orqa tarafining rangi nazorat qiluvchi organning xizmat guvohnomasidagi singari belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qaroriga 3-ILOVA
Nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan
MINIMAL TALABLAR
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur minimal talablar nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarining qonunni buzish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshiruvni tashabbus qilishni nazarda tutuvchi “xavfni tahlil etish” tizimini ishlab chiqishga doir minimal talablarni belgilaydi. Ushbu minimal talablar bojxona organlari tomonidan bojxona nazoratini amalga oshirishda qoʻllaniladigan xavfni boshqarish tizimiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur minimal talablarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirishni muvofiqlashtiruvchi hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish qonuniyligini nazorat qilish vakolati berilgan tashkilot;
nazorat qiluvchi organ — tadbirkorlik subyekti faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik bilan vakolat berilgan vazirlik, idora, ularning tizimidagi boʻlinmalar va boshqa tashkilotlar;
tadbirkorlik subyekti — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali oʻtkaziladigan nazorat qilish tadbiri;
“xavfni tahlil etish” tizimi — nazorat qiluvchi organlar tomonidan tegishli nazorat sohasi boʻyicha aniq mezonlarga asoslanib, tadbirkorlik subyekti tomonidan oʻz faoliyatida qonunchilik buzilish xavfi darajasini aniqlash mexanizmi.
3. Mazkur minimal talablar nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatida “xavfni tahlil etish” tizimini ishlab chiqishda inobatga olinishi majburiydir.
4. Ishlab chiqilgan “xavfni tahlil etish” tizimi asosida aniqlangan huquqbuzarlik xavfi qay darajada boʻlishidan qatʼi nazar, tadbirkorlik subyektiga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllashga asos boʻla olmaydi.
5. Minimal talablarga zid boʻlgan “xavfni tahlil etish” tizimlari tadbirkorlik subyektida tekshiruv oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga asos boʻlmaydi.
2-bob. Xavf darajasini tahlil qilishga doir umumiy talablar
6. Tadbirkorlik subyektining qonunni buzish xavfi darajasini tahlil qilish jarayoni tadbirkorlik subyekti faoliyatini toʻxtatib turish, unga toʻsqinlik qilish yoki faoliyatini amalga oshirishga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashishni nazarda tutuvchi xatti-harakatlarni oʻz ichiga olmasligi zarur.
7. Xavf darajasining tahlili quyidagi maʼlumotlarni oʻrganish asosida amalga oshirilishi mumkin:
maʼmuriy maʼlumotlar (litsenziya, ruxsat etuvchi va davlat organlarida mavjud boshqa hujjatlar);
davriy statistika maʼlumotlari, jumladan, avval huquqbuzarlik holatlari aniqlangan tadbirkorlik subyektini umumlashtiruvchi belgilar, xabarlar va boshqa korrelyatsion tahlil natijalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan maʼlumotlar;
nazorat xaridi natijalari asosida aniqlangan kamchiliklarning tahlili;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan va tadbirkorlik subyektining odatiy faoliyatiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatmagan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
8. Xavf darajasi tahlili jarayonida tadbirkorlik subyektidan hujjatlar va axborotlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Xavf darajasi tahlili nazorat qiluvchi organ tomonidan bir yilda kamida bir marotaba amalga oshirilishi lozim.
10. Xavf darajasi tahlili nazorat qiluvchi organning nazorat vakolati doirasida faoliyat koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektida oʻtkaziladi.
Nazorat qiluvchi organning nazorat vakolatiga kirmaydigan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tahlil qilish va baholash taqiqlanadi.
3-bob. Xavf darajalari tasnifi va ularni mezonlashga doir talablar
11. Xavf darajasini baholash oʻrganiladigan maʼlumotlar asosida shakllantirilgan koʻrsatkichlar va mezonlarga tadbirkorlik subyekti faoliyatining muvofiqligini “ball” tizimi asosida baholash orqali amalga oshiriladi.
12. Baholash jarayoni oʻrganiladigan maʼlumotlar asosida tadbirkorlik subyekti faoliyatida huquqbuzarlik alomatlari haqida xabar beruvchi eng kamida 5 ta asosiy koʻrsatkichni oʻz ichiga olishi shart.
13. Har bir asosiy koʻrsatkichning bahosi ushbu koʻrsatkich ostidagi sub-koʻrsatkichlar bahosining yigʻindisidan kelib chiqadi. Har bir asosiy koʻrsatkichlarning bahosi ushbu koʻrsatkichlarning muhimlik darajasidan kelib chiqqan holda bir-biridan farq qilishi mumkin.
14. Har bir asosiy koʻrsatkich kamida 5 ta aniqlashtiruvchi sub-koʻrsatkichni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.
15. Sub-koʻrsatkichlarni baholashda qay hollarda necha ball baho berilishini aniq koʻrsatuvchi mezonlar belgilanishi shart. Mezonlarni belgilashda noaniq yoki maʼlum bir sonlar oraligʻida tanlash huquqini beruvchi qoidalarni ishlatish taqiqlanadi. Baholash mezonlari aniq holat uchun aniq bahoni nazarda tutishi lozim.
16. Baholash jarayoni quyidagi tartibda amalga oshirilishi lozim:
mezonlar asosida sub-koʻrsatkichlarni baholash, har bir sub-koʻrsatkich bahosini belgilash;
sub-koʻrsatkichlarning bahosini umumlashtirish orqali har bir asosiy koʻrsatkich bahosini chiqarish;
asosiy koʻrsatkichlar bahosini umumlashtirish orqali har bir tadbirkorlik subyekti faoliyatida huquqbuzarlik xavfi darajasining umumiy ballari aniqlanadi.
17. Amalga oshirilgan baholash natijasida aniqlangan xavf darajasining umumiy ballari asosida tadbirkorlik subyekti tomonidan huquqbuzarlik sodir etish xavfi quyidagi uch xil toifaga tasniflanadi:
xavfi yuqori — baholangan barcha tadbirkorlik subyekti ballari umumiy yigʻindisining 20 foiz qismini tashkil etuvchi eng yuqori xavf darajasi ballariga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari;
xavfi oʻrtacha — baholangan barcha tadbirkorlik subyekti ballari umumiy yigʻindisining xavfi yuqori boʻlgan 20 foiz qismini istisno etgan holda, 50 foiz qismini tashkil etuvchi eng yuqori xavf darajasi ballariga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari;
xavfi past — baholangan tadbirkorlik subyektining xavf darajasi ballari past boʻlgan qolgan tadbirkorlik subyektlari.
4-bob. Tasniflangan xavf darajalari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar
18. Baholash natijalariga muvofiq huquqbuzarlik xavfi yuqori va oʻrta tasnifidagi tadbirkorlik subyektida qonun buzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari oʻtkazilishi lozim.
19. Tekshiruv oʻtkazishga tashabbus bilan chiqish faqat huquqbuzarlik xavfi yuqori tasnifidagi tadbirkorlik subyekti doirasida profilaktika tadbirlari oʻtkazilgandan soʻng ham huquqbuzarlik sodir etish alomatlari ijobiy tomonga oʻzgarmagan holatlardagina amalga oshirilishi mumkin.
20. Huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori tasnifidagi tadbirkorlik subyektida profilaktika tadbirlarini oʻtkazmasdan va ularning natijasini kutmasdan quyidagi holatlar doirasida tadbirkorlik subyektida tekshiruv oʻtkazish tashabbusi bilan chiqish mumkin:
inson hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazilishining yuqori xavfi mavjud boʻlganda;
jamoat xavfsizligiga zarar yetkazish xavfining oldini olish uchun kechiktirib boʻlmaydigan holatlar;
atrof muhitga jiddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan holatlar aniqlanganda;
jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarga moddiy zarar yetkazilayotganligi holatlari aniqlanganda;
tekshiruvlar oʻtkazilishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari mavjud boʻlganda;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
21. Huquqbuzarlik sodir etish xavfi oʻrtacha tasnifidagi tadbirkorlik subyektida qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan profilaktika tadbirlarini oʻtkazish shart. Keyingi davr uchun baholash natijalariga koʻra, tadbirkorlik subyekti faoliyatini baholash natijasida salbiy oʻzgarish kuzatilganda, tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish boʻyicha tashabbusi bilan chiqish mumkin.
22. Huquqbuzarlik sodir etish xavfi past tasnifidagi tadbirkorlik subyekti faoliyatiga har qanday aralashuvlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. “Xavfni tahlil etish” tizimi, huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan qatʼi nazar, tadbirkorlik subyekti faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlarni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali vakolatli organ bilan kelishilgan yoki xabardor etgan holda oʻtkazilishini nazarda tutishi lozim.
5-bob. Yakuniy qoidalar
24. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan ishlab chiqilgan “xavfni tahlil etish” tizimi majburiy ravishda vakolatli organ va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
25. Nazorat qiluvchi organlarida “Xavfni tahlil etish” tizimining joriy etilishida shaxsan ushbu organning rahbari javobgar hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 7-noyabrdagi 920-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida” 2019-yil 21-oktabrdagi 886-son qaroriga ilovaning 22-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.10.2022-y., 09/22/611/0940-son; 26.05.2025-y., 07/25/190/0464-son)