Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 19.10.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-sonli “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida davlat nazoratini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-son Farmonini ijro etish yuzasidan, shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishda qonunchilik buzilishi hollarining oldini olish va ularga barham berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Nazorat qiluvchi organlar:
bir oy muddatda tegishli nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini ularga tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish uchun attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha attestatsiya komissiyalarini tashkil etsinlar;
attestatsiya nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan talablardan kelib chiqib yuksak talabchanlik, prinsipiallik va oʻz kasbini bilish xolisona baholanishi vaziyatida oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 7-noyabr,
920-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-noyabrdagi 920-son qaroriga
ILOVA
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan (keyingi oʻrinlarda attestatsiya deb ataladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Attestatsiya nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshiruvchi mansabdor shaxslarining (keyingi oʻrinlarda xodimlar deb ataladi) malakasi va professionallik darajasini baholash, shuningdek, ularning nazorat organi faoliyatiga hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga taalluqli qonunchilik talablariga rioya etilishi uchun masʼuliyatini oshirish maqsadida oʻtkaziladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3. Qonuniylik, majburiylik, oshkoralik, xolislik va kollegiallik attestatsiyani oʻtkazishning asosiy tamoyillari hisoblanadi.
4. Attestatsiyadan oʻtishi kerak boʻlgan xodimlar soni, shuningdek, ularga qoʻyiladigan kasbiy talablar qonunchilik bilan nazorat qiluvchi organga yuklangan vazifalar va funksiyalarning yoʻnalishlari va xususiyatlaridan kelib chiqib har bir nazorat qiluvchi organ tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Xodimlar attestatsiyadan nazorat qiluvchi organ tomonidan uch yilda kamida bir marta ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha oʻtkaziladi.
6. Quyidagilar attestatsiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yuqori malakaga, tashabbuskorlikka, javobgarlikka ega xodimlar toifasini aniqlash;
xodimlarning kasb tayyorgarligini, qayta tayyorlash yoki malakasini oshirish zarurligini aniqlash;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishni tashkil qilishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish jarayonida korrupsiya holatlarini bartaraf etish va qonuniylikni taʼminlash.
Attestatsiya komissiyasi attestatsiya sifatli va xolisona oʻtkazilishi uchun javob beradi.
2-bob. Attestatsiya komissiyasi va uning faoliyatini tashkil etish
7. Attestatsiya nazorat qiluvchi organ rahbarining buyrugʻi asosida tashkil etiladigan, kamida besh kishidan iborat boʻlgan attestatsiya komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi. Attestatsiya komissiyasi rais, kotib va komissiya aʼzolaridan tashkil topadi. Bunda nazorat qiluvchi organ rahbari bir vaqtning oʻzida attestatsiya komissiyasining raisi hisoblanadi. Komissiya tarkibi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishni amalga oshirish majburiyatiga kirmaydigan shaxslardan shakllantiriladi.
Nazorat qiluvchi organ rahbarining buyrugʻi bilan uning hududiy boʻlinmalarida hududiy yoki hududlararo attestatsiya komissiyalari tashkil etilishi mumkin. Bunda nazorat qiluvchi organning hududiy boʻlinmasi boshligʻi hududiy yoki hududlararo attestatsiya komissiyalari raisi hisoblanadi.
8. Attestatsiya komissiyasi tarkibiga majburiy tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni xodimi, Savdo-sanoat palatasi va tadbirkorlik subyektlari vakillari kiritilishi shart.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-oktabrdagi 886-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/886/3941-son)
9. Attestatsiya komissiyasi oʻz faoliyatini doimiy ravishda amalga oshiradi, uning faoliyatini tashkil etish attestatsiya komissiyasining ishchi organi tomonidan taʼminlanadi.
Nazorat qiluvchi organning kadrlar bilan ishlovchi tarkibiy boʻlinmasi ishchi organ funksiyasini bajaradi va uning vakili attestatsiya komissiyasining kotibi hisoblanadi.
Ishchi organ quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Nazorat qiluvchi organning tegishli tuzilmasi bilan birgalikda attestatsiyani oʻtkazish uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi;
attestatsiyani oʻtkazish uchun xodimlar roʻyxatini tuzadi va uni attestatsiya komissiyasiga taqdim etadi;
attestatsiyani oʻtkazish uchun savollar roʻyxatini tayyorlaydi;
attestatsiya oʻtadigan sana va joy toʻgʻrisida xodimlarga xabar qiladi;
manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikni taʼminlaydi;
ushbu Nizomga muvofiq attestatsiya komissiyasi ishi hamda uning qarorlari ijrosi bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etadi.
10. Attestatsiya komissiyasi attestatsiyani oʻtkazishda:
attestatsiyadan oʻtayotgan xodim haqida qisqacha axborotni eshitadi;
attestatsiyadan oʻtayotgan xodimga savollar beradi;
attestatsiya yakunlari boʻyicha ochiq ovoz berishni oʻtkazadi;
attestatsiyadan oʻtayotgan xodim faoliyatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar beradi;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
attestatsiya oʻtkazish natijalari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari asosida xodimga avval berilgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini tasdiqlovchi maxsus guvohnomani bekor qilish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi;
attestatsiyani oʻtkazishga tegishli boshqa vazifalarni hal etadi.
3-bob. Attestatsiyani oʻtkazish
11. Nazorat qiluvchi organ rahbari attestatsiyadan oʻtishi kerak boʻlgan xodimlar roʻyxatini tasdiqlagan holda attestatsiyadan oʻtkazish haqida buyruq chiqaradi.
12. Attestatsiyadan oʻtishi kerak boʻlgan xodimlar roʻyxatiga tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega boʻlgan xodimlar (maxsus guvohnomaning amal qilish muddati tugagan yoki shu oy mobaynida tugaydigan xodimlar) va bunday huquqni olishga tavsiya qilingan xodimlar kiritiladi. Ushbu roʻyxatga oldin tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini olgan, biroq tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan lavozimga tayinlangan xodimlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish sohasida qonunchilik buzilishi munosabati bilan bunday huquqdan mahrum etilgan xodimlar kiritilmaydi.
13. Attestatsiyani oʻtkazish muddati attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan xodimlarning tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqi amal qilishi muddati tugashi, nazorat qiluvchi organning tuzilmasi, shtat birligi oʻzgarishi, kadrlar qoʻnimsizligi va boshqa omillar inobatga olingan holda belgilanadi.
14. Nazorat qiluvchi organning tegishli tuzilmasi rahbari tomonidan ishchi organga attestatsiyadan oʻtishi kerak boʻlgan har bir xodim toʻgʻrisida xizmat tavsifnomasi taqdim etiladi.
Attestatsiyadan oʻtkaziladigan xodim attestatsiyadan kamida ikki hafta oldin attestatsiyani oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq bilan imzo qoʻydirilgan holda tanishtirilishi kerak.
15. Attestatsiya komissiyasi yigʻilishi attestatsiya komissiyasi tasdiqlangan tarkibining toʻrtdan uch qismi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi.
16. Attestatsiya attestatsiyadan oʻtayotgan xodim bilan suhbat shaklida oʻtkaziladi.
17. Attestatsiyadan oʻtishda attestatsiyadan oʻtkaziluvchilarga elektron moslamalardan, maʼlumotnoma, maxsus yoki boshqa adabiyotlardan, shuningdek, har qanday yozuvlardan foydalanish man etiladi. Koʻrsatilgan talablar buzilgan hollarda attestatsiyadan oʻtkaziluvchilar attestatsiyadan chetlatiladi va attestatsiyadan oʻtmagan deb hisoblanadi.
18. Komissiya yigʻilishida begona shaxslarning ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi.
19. Ishchi organ attestatsiyadan oʻtkaziluvchilarning doimiy hisobini yuritish maqsadida reyestrni yuritadi, unga quyidagi maʼlumotlar elektron shaklda kiritiladi:
egallab turgan lavozimi;
xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi;
xodimning pasportiga oid maʼlumotlari;
xodimning malaka oshirish kursini davriy oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (mavjud boʻlsa);
avvalgi attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (mavjud boʻlsa).
20. Attestatsiya komissiyasi kotibi har bir attestatsiyadan oʻtkaziluvchi xodim haqidagi maʼlumotnomani attestatsiya oʻtkazish sanasidan kamida bir hafta oldin komissiyaga taqdim etadi.
21. Attestatsiya oʻtkazilishidan kamida 15 kun oldin attestatsiya komissiyasi bilan kelishilgan holda ishchi organ tomonidan savollar roʻyxati tuziladi va ushbu roʻyxat attestatsiya komissiyasi rais tomonidan tasdiqlanadi.
Roʻyxatga majburiy ravishda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga bogʻliq savollar va vaziyatli vazifalar — tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish vaqtida sodir boʻladigan va/yoki sodir boʻlishi mumkin boʻlgan vaziyatlar hamda tegishli tadbirkorlik subyektlari tomonidan qonunbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib tekshirish tashabbusi bilan chiqishni nazarda tutuvchi “xavfni tahlil etish” tizimiga oid savollar kiritilishi shart.
22. Har bir attestatsiyadan oʻtayotgan xodimga ikki nusxada ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha attestatsiya varaqasi tuziladi.
23. Attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiyadan oʻtuvchi xodim haqidagi tavsifnoma va savollarga berilgan javoblarni inobatga olgan holda har bir attestatsiyadan oʻtuvchi xodimga nisbatan ochiq ovoz berish yoʻli bilan alohida qaror qabul qilinadi. Qaror attestatsiyada ishtirok etgan attestatsiya komissiyasi aʼzolarining koʻpchiligi ovoz berganda qabul qilingan deb hisoblanadi. Attestatsiya komissiyasi aʼzolarining ovozlari teng boʻlgan taqdirda attestatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
24. Attestatsiya natijasi boʻyicha attestatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
xodim attestatsiyadan oʻtdi;
xodim attestatsiyadan oʻtmadi.
25. Attestatsiya komissiyasining qarori ovoz berish jarayoni tugashi bilan eʼlon qilinadi va attestatsiya qatnashchilari attestatsiya varaqalariga imzo chekishadi.
26. Attestatsiya yakuni boʻyicha attestatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan qaror attestatsiya komissiyasi raisi, kotibi hamda aʼzolari tomonidan imzolanadigan attestatsiya varaqasiga kiritiladi.
Agar attestatsiyadan oʻtkaziluvchi oʻzining attestatsiya varaqasini imzolashga rozi boʻlmasa, bu haqida tegishli belgi qoʻyiladi.
Attestatsiya varaqasining ikkinchi nusxasi attestatsiya oʻtkazilgandan keyin bir kun muddatda attestatsiyadan oʻtgan xodimga imzo qoʻydirilgan holda taqdim etiladi.
27. Attestatsiya yakunlari boʻyicha ikki kun muddatda bayonnoma tuziladi. Bayonnomada attestatsiya oʻtkazilgan sana va joy, attestatsiya komissiyasining qarori koʻrsatiladi hamda attestatsiya varaqalari ilova qilinadi. Bayonnoma attestatsiya komissiyasi raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
28. Attestatsiyadan oʻtgan xodimga attestatsiya komissiyasi tomonidan belgilanadigan attestatsiyani oʻtkazish davriyligi muddatiga tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqi beriladi.
29. Attestatsiyaga uzrli sabablarga koʻra (kasalligi, xizmat safarida boʻlganligi va hokazolar tufayli) kelmagan xodimlar attestatsiya komissiyasining keyingi yigʻilishiga qoʻyiladigan xodimlar roʻyxatiga kiritiladi.
30. Attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiyadan oʻtmagan deb hisoblangan xodim takroriy attestatsiyaga, biroq attestatsiya oʻtkazilganidan kamida olti oydan keyin qoʻyilishi mumkin.
Ushbu davr mobaynida attestatsiyadan oʻtmagan xodimga tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish man etiladi. Nazorat qiluvchi organ rahbari mazkur xodimni tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan lavozimga oʻtkazishi mumkin.
31. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish davrida xodim tomonidan qonunbuzarlik holatlariga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, unga berilgan huquq attestatsiya komissiyasi tomonidan bekor qilinadi va u qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
4-bob. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma
32. Attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiyadan oʻtgan xodimga ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha maxsus guvohnoma beriladi.
33. Maxsus guvohnomalar blankalarini tayyorlash, berish, saqlash va hisobini olib borish nazorat qiluvchi organning mablagʻlari hisobiga, xodimlarning xizmat guvohnomalari uchun belgilangan tartib boʻyicha amalga oshiriladi.
34. Maxsus guvohnoma yoʻqotilgan yoki foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelgan hollarda xodimning murojaati asosida nazorat qiluvchi organ yoki uning hududiy boʻlinmasining buyrugʻi bilan unga dublikat berilishi mumkin.
Xodimga yangi maxsus guvohnoma berishda unga “DUBLIKAT” belgisi qoʻyiladi. Qayta rasmiylashtirish va maxsus guvohnoma dublikatini berish uchun attestatsiyadan oʻtish talab etilmaydi.
35. Nazorat qiluvchi organning tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega boʻlgan, ushbu nazorat qiluvchi organning tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq boshqa lavozimiga oʻtgan xodimiga dastlab berilgan maxsus guvohnoma amal qilishi muddatiga yangi lavozimi koʻrsatilgan holda yangi maxsus guvohnoma beriladi.
36. Xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda yoki u tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan lavozimga oʻtganda maxsus guvohnoma ishchi organga qaytarilishi shart.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Nazorat qiluvchi organning hududiy boshqarmalari har chorakda ishchi organga reyestrga kiritish va uning tizimli yangilanishi uchun masʼul boʻlgan boʻlinmalar, ularning xodimlari va ularning belgilangan muddatlarda attestatsiyadan oʻtganliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
38. Attestatsiyadan oʻtkaziluvchilarning reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi, ushbu reyestrga kiritish uchun maʼlumotlarning shakli va taqdim etish muddatlari ishchi organ tomonidan belgilanadi.
39. Attestatsiyani tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli nazorat qiluvchi organlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.
40. Attestatsiya komissiyasining qarori yuzasidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlarida tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish
SXEMASI
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish boʻyicha
ATTESTATSIYA VARAQASI



‎_____________________________________________________‎‎‎

(egallab turgan lavozimi)‎‎‎

‎‎____________________________________________‎

‎‎(xodimning F.I.O.)‎

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini
‎tekshirish huquqini berish toʻgʻrisida ‎‎‎

___________________________________________________

(nazorat qiluvchi organning nomi)‎


‎‎‎attestatsiya komissiyasi qarori: ‎

___________________________________________________ ___________________________________________________ ___________________________________________________ ‎‎‎

Attestatsiya komissiyasi raisi ________‎

________________‎

(imzo)‎

(F.I.O.)‎

Attestatsiya komissiyasi aʼzolari:_________‎

________________‎

(imzo)‎ ‎

(F.I.O.)‎ ‎

________‎

________________‎

(imzo)‎ ‎

(F.I.O.)‎ ‎ ‎

________‎ ‎

________________‎

(imzo)‎ ‎ ‎

(F.I.O.)‎ ‎ ‎ ‎

Attestatsiya komissiyasi kotibi:_________‎

________________‎

(imzo)‎ ‎‎

(F.I.O.)‎ ‎ ‎ ‎ ‎

20 __ y.__._______ ‎

Attestatsiya komissiyasining qarori bilan tanishdim, ushbu attestatsiya varaqasining ‎
‎ikkinchi nusxasini oldim.‎‎‎ ‎

______________________‎

(sana, imzo, xodimning F.I.O.)‎

Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

___________________________________________________‎
‎‎(nazorat qiluvchi organning nomi)‎

‎Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi ‎

‎MAXSUS GUVOHNOMA № ____‎
‎____________________________________________________
‎(xodimning F.I.O.)‎
‎___________________________________________________
‎‎‎ (egallab turgan lavozimi)‎

‎‎Attestatsiya komissiyasining 20 __ yil ___._______ dagi ___-son qaroriga asosan

‎ tadbirkorlik ‎subyektlari faoliyatini 20 __ yil ___. _____________ gacha

‎tekshirish huquqi berildi.‎

‎‎Xizmat guvohnomasi bilan birgalikda koʻrsatiladi.‎

‎Muhr oʻrni _________________________________________________________‎
‎(nazorat qiluvchi organ rahbarining imzosi, F.I.O.)‎ ‎

Izoh. Maxsus guvohnomaning oʻlchami, oldi va orqa tarafining rangi nazorat qiluvchi organning xizmat guvohnomasidagi singari belgilanadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2018-y., 09/18/920/2169-son; 22.10.2019-y., 09/19/886/3941-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)