OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TRANSPORT VAZIRLIGINING
Qarori
Temir yoʻl transporti xodimlarining tibbiy koʻrigini tashkil etish va oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 30-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3390]
Oʻzbekiston Respublikasining “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Transport vazirligi qaror qiladi:
1. Temir yoʻl transporti xodimlarining tibbiy koʻrigini tashkil etish va oʻtkazish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining 2005-yil 4-iyuldagi 3-son va 1/6-7-12-son “Lokomotiv brigadalari xodimlarining reys oldi tibbiy koʻrigini tashkil etish va oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 1498, 2005-yil 21-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 28-29-son, 221-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Sogʻliqni saqlash vaziri B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-avgust,
19-son
Transport vaziri I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-avgust,
15-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2022-yil 9-avgust
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. XUSANOV
2022-yil 17-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Transport vazirligining 2022-yil 31-avgustdagi 19 va 15-son qaroriga
ILOVA
Temir yoʻl transporti xodimlarining tibbiy koʻrigini tashkil etish va oʻtkazish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar temir yoʻl transporti xodimlarining reysdan oldingi va navbatchilikdan oldingi tibbiy koʻrigini tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
psixologik funksiyalar — kasbiy jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlgan psixoemotsional va psixologik ruhiy holat (favqulodda harakatlarga tayyorlik, diqqatni oʻzgartirish tezligi, toliqish holatida ishlash ishonchliligi, stress holatiga bardoshlilik);
temir yoʻl transporti subyekti (bundan buyon matnda ish beruvchi deb yuritiladi) — harakatdagi tarkib va (yoki) infratuzilma obyektlarining mulkdori yoki vaqtincha egalik qiluvchisi va foydalanuvchisi;
tibbiy koʻrik — temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash maqsadida tibbiyot muassasalari tomonidan oʻtkaziladigan, poyezdlar harakat xavfsizligini taʼminlash, manyovr ishlarini va temir yoʻl tashishlarini amalga oshiruvchi temir yoʻl transporti xodimlarining (bundan buyon matnda xodim deb yuritiladi) reysdan oldingi va navbatchilikdan oldingi tibbiy koʻrigi;
tibbiy koʻrik punktlari — xodimlarning ish joyiga yaqin hududda (depoda, lokomotiv brigadalarini almashtirish punktida yoki lokomotivlarni almashtirish punktida) joylashgan, tegishli sanitariya normalari va qoidalariga hamda qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq jihozlangan markaziy kanalizatsiya, suv taʼminoti va sanuzeli, kutish xonasi, tibbiy qabulxona, muolaja xonasiga ega boʻlgan bino;
tibbiyot muassasalari — tibbiy koʻrikni oʻtkazishga masʼul boʻlgan davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari.
2. Mazkur Qoidalarning 1-ilovasidagi roʻyxatda nazarda tutilgan xodimlar ushbu Qoidalarda belgilangan tartibda reysdan oldingi va navbatchilikdan oldingi tibbiy koʻriklardan oʻtishi shart.
2-bob. Tibbiy koʻrik ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
3. Quyidagilar ish beruvchining huquqlari hisoblanadi:
xodimda (spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar mavjudligi boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga koʻra) mastlik alomatlari aniqlanganda yoki mehnat layoqatining pasayishi, yetarli darajada dam olmaganlik alomatlari mavjud boʻlganda xodimni reysdan (navbatchilikdan) chetlatish;
xodimda mastlik alomatlari aniqlangan paytdan boshlab ikki soatdan kechiktirmasdan, ishonch hosil qilish maqsadida mastlik darajasini aniqlash boʻyicha tibbiy ekspertizadan oʻtkazish uchun xodimni narkologiya dispanseriga kuzatib borish;
xodimlarni reysdan (navbatchilikdan) chetlatish masalasini hal etish uchun tibbiy koʻrikka kelishuv asosida psixologlar va narkolog-shifokorlarni taklif qilish.
4. Quyidagilar ish beruvchining majburiyatlari hisoblanadi:
tibbiyot muassasalari bilan kelishilgan ish jadvaliga asosan tibbiy koʻrik punktlarida xodimlarning tibbiy koʻriklarini tashkil etish;
tibbiy koʻrik punktlarining joriy saqlanishini, shu jumladan ularni tozalash va taʼmirlash, zarur jihozlar, havoga chiqarilgan etanol bugʻlarini aniqlovchi va tekshiruv natijalarini qogʻozda aks ettiruvchi maxsus texnik vosita — alkotester, orgtexnika, telefon, internet aloqasi bilan taʼminlash;
tibbiy koʻrik punktlarini ruhan va jismonan yengillashtiradigan (basseyn, sauna va boshqa jismoniy muolaja xonalari) xonalar bilan jihozlash (imkoniyat mavjud boʻlsa);
tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi tibbiyot muassasasi xodimini tibbiy koʻrik punktiga va yana qayta manzilga yetkazish;
xodimlarning tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun oʻz vaqtida yetib kelishini taʼminlash;
mehnat layoqatining pasayishi, yetarli darajada dam olmaganlik alomatlari mavjud boʻlganda reysdan (navbatchilikdan) chetlatilgan xodimni mehnat layoqatini tiklash maqsadida sogʻlomlashtirish tadbirlarini tashkil etish;
xodimlarni reysdan (navbatchilikdan) chetlatish holatlari hisobi va tahlilini olib borish;
5. Quyidagilar xodimlarning huquqlari hisoblanadi:
tibbiy koʻrikda mastlik alomatlari aniqlangan hollarda, mastlik darajasini aniqlash boʻyicha tibbiy ekspertizadan oʻtkazish uchun narkologiya dispanseriga borishdan bosh tortish;
reysdan (navbatchilikdan) mastlik alomatlari bilan chetlatilganligidan norozi boʻlsa, chetlatilgan paytdan boshlab ikki soatdan kechiktirmasdan, tibbiy ekspertizadan oʻtish uchun narkologiya dispanseriga borish;
reysda (navbatchilikda) mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha ish beruvchiga takliflar kiritish.
6. Quyidagilar xodimlarning majburiyatlari hisoblanadi:
tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun belgilangan vaqtda yetib kelish;
tibbiy koʻrikni oʻtkazish uchun marshrut varagʻi yoki naryad va xizmat guvohnomasini taqdim etish;
tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi tibbiyot muassasasi xodimiga salomatligi holati, dam olish va uyqu vaqti, dori vositalari qabul qilishi toʻgʻrisida haqqoniy maʼlumotlarni yetkazish;
davolovchi shifokor tavsiyalarini bajarish.
7. Quyidagilar tibbiyot muassasalarining huquqlari hisoblanadi:
tibbiy koʻrik hamda muolajalarning sifatli oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida tibbiy koʻrik punktlarini jihozlash yuzasidan ish beruvchiga takliflar kiritish;
boshqa tibbiyot muassasalaridan laboratoriya materiallarining namunalari, klinik tahlillar hamda boshqa zarur maʼlumotlarni kelishuv asosida olish.
8. Quyidagilar tibbiyot muassasalarining majburiyatlari hisoblanadi:
tibbiy koʻriklarni toʻliq va sifatli oʻtkazish;
tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi tibbiyot muassasasi xodimining tibbiy koʻrik punktlaridagi faoliyati yuzasidan uslubiy rahbarlik va nazoratni amalga oshirish;
tibbiy koʻrik punktlari ish jadvalini ish beruvchi bilan kelishilgan holda tasdiqlash.
3-bob. Tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi tibbiyot xodimlarining vazifalari
9. Tibbiy koʻrik jarayonida shifokor-terapevt quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
xodimlarning salomatligi holatini dinamik kuzatish masalalari boʻyicha tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi tibbiyot xodimi bilan doimiy hamkorlik qilish, shu jumladan har bir xodimning asosiy funksional koʻrsatkichlari parametrlarini va koʻrik boʻyicha individual tavsiyalarni belgilash (individual tavsiyalar mazkur Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi Temir yoʻl transporti xodimining reysdan (navbatchilikdan) oldingi tibbiy koʻrik individual kartasida (bundan buyon matnda individual karta deb yuritiladi) qayd etiladi);
xodimlarning psixologik funksiyalarini baholash bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ish beruvchining psixologi bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi tibbiyot xodimlari tomonidan individual tavsiyalarga asosan tibbiy koʻrikning sifatli oʻtkazilishi hamda tibbiy koʻrikning idoraviy hisob hujjatlari oʻz vaqtida va toʻgʻri yuritilishini nazorat qilish;
tibbiy koʻrik natijalari va xodimlarni reysdan (navbatchilikdan) chetlatish sabablarini tahlil qilish hamda xodimlarni sogʻlomlashtirish va mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
10. Tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi tibbiyot xodimlari quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, bunda xodimlarda kasalliklar, alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni isteʼmol qilish (mastlik holati) alomatlari, shuningdek tananing charchash ehtimoli hamda psixologik funksiyalar buzilishlari mavjudligini aniqlash;
tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi mutaxassislari va davolovchi shifokorlar tavsiyalarining xodimlar tomonidan bajarilishini nazorat qilish;
reysga (navbatchilikka) qoʻyish boʻyicha tibbiy xulosani rasmiylashtirish;
xodim tibbiy koʻrikdan bosh tortgan hollarda, shuningdek xodimda kasallik, jarohat (shikastlanish), alkogolli ichimliklarni isteʼmol qilish (mastlik holati) alomatlari aniqlanganda, mazkur holatlar toʻgʻrisida ish beruvchini (uning oʻrinbosari yoki masʼul navbatchini) oʻz vaqtida xabardor etish;
mazkur Qoidalarning 2 — 4-ilovalariga muvofiq shakldagi tibbiy koʻrikning idoraviy hisob hujjatlarini rasmiylashtirish.
11. Tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy koʻrikni oʻtkazish davomida xodimlarda psixologik funksiyalar buzilishi aniqlangan hollarda, mazkur tibbiy koʻrik jarayoniga ish beruvchining psixologlari ham jalb etiladi.
4-bob. Tibbiy koʻrikni oʻtkazish va uning natijalarini rasmiylashtirish
12. Xodimlarning tibbiy koʻrigi reys (navbatchilik) amalga oshirilishi vaqtidan koʻpi Bilan bir soat oldin, lokomotiv brigadasi barcha aʼzolari kelganidan hamda marshrut varagʻi yoki naryad va xizmat guvohnomasi tibbiyot xodimiga taqdim etilganidan keyin oʻtkaziladi.
13. Ish beruvchi tomonidan xodimning bir kun davomida bir nechta reysda ishtirok etishi belgilangan holatlarda, ushbu xodim tibbiy koʻrikdan birinchi reysdan oldin bir marotaba oʻtkaziladi.
Bunda, reysga (navbatchilikka) chiqish bekor qilinganda yoki kechiktirilganda tibbiy koʻrikni oʻtkazish vaqti ish beruvchi tomonidan belgilanadi.
14. Tibbiy koʻrikni oʻtkazish vaqtida ushbu Qoidalarda belgilangan tartibda tibbiyot xodimi tomonidan soʻrov, koʻrik, tibbiy tekshiruvlar oʻtkaziladi, shuningdek ish beruvchiga xodimni reysga (navbatchilikka) qoʻyish yoki reysga (navbatchilikka) qoʻyishni rad etish boʻyicha qaror qabul qilishi uchun tavsiyalar beriladi.
15. Tibbiy koʻrik quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
xodimning anamnezi va tibbiy koʻrik maʼlumotlarini yigʻish;
tana haroratini oʻlchash;
gemodinamik parametrlar — arterial qon bosimi koʻrsatkichlari va puls chastotasi, sifat xususiyatlarini oʻlchash hamda baholash;
mavjud usullardan biri yordamida chiqarilgan havoda (nafasda) etanol bugʻlari mavjudligini tekshirish.
16. Tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi tibbiyot xodimi:
a) soʻrov paytida:
bosh, yurak va boshqa ogʻriqlar, nafas qisishi, bosh aylanishi, holsizlik, koʻngil aynishi, quloqlardagi shovqinlar, koʻrish xususiyatining buzilishlari va sogʻliqdagi boshqa shikoyatlar, psixologik funksiyalarning buzilishi holatlari mavjudligini, shuningdek reyslar oraligʻidagi dam olish va uyqu davomiyligini aniqlaydi;
dori vositalariga va shunga oʻxshash ish samaradorligini pasaytiruvchi boshqa omillarga taʼsirchanlikni aniqlaydi;
b) koʻrik paytida:
tashqi koʻrinish va xulq-atvorning adekvatligi, xatti-harakatlar muvofiqligi va qadam tashlashning oʻzgarishlari, yuz ifodasi, emotsional harakatlar, nutq xususiyatlari, koʻzga tashlanadigan teri qoplamasining holati, qashingan, shilingan joylar, kaftlarning sirtida va tirsak qismida inyeksiya izlarining mavjudligi, terining rangsizligi yoki qizarishi, nafasning oʻziga xos xususiyatlari, koʻzning shilliq va oq pardasi holati (giperemiya, sargʻayganligi), koʻz qorachigʻining holati (toraygan yoki kengaygan) va ularning yorugʻlikka nisbatan harakatini baholaydi;
yurak urishida bir daqiqadagi puls chastotasini hisoblaydi va uning sifat koʻrsatkichlarini (uzilishlar, siyraklashish yoki tezlashish mavjudligi) tahlil qiladi;
xodimning har ikkala qoʻlidagi arterial qon bosimini oʻlchaydi hamda pulsning eng yuqori chastotasi va sifat koʻrsatkichlarini uning individual kartasiga qayd etadi;
chiqarilayotgan havo (nafas) tarkibida etanol bugʻlari mavjudligini aniqlaydi;
v) xodim tomonidan sogʻligʻidan qilingan shikoyatlar va (yoki) unda muayyan kasallikning klinik alomatlari mavjudligiga koʻra, qoʻshimcha tadqiqotlarni oʻtkazishda:
xodimning tana haroratini oʻlchaydi;
tomoq koʻrigini oʻtkazadi, limfa tugunlarini, qorinni paypaslab koʻradi, Romberg holatida turgʻunlikni aniqlaydi, barmoq-burun va boshqa koordinatsiya sinovlarini oʻtkazadi.
17. Arterial qon bosimi va puls chastotasining belgilangan individual koʻrsatkichlaridan ogʻishlar aniqlangan hollarda (puls chastotasi bir daqiqada 50 zarbadan kam yoki 85 zarbadan koʻp), birinchi tadqiqot oʻtkazilganidan 10 daqiqa oʻtib, xodimning tinch holatida takroriy tadqiqot (koʻpi bilan ikki marta) oʻtkaziladi.
18. Alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilish alomatlari aniqlanganda, mastlik holatini aniqlash uchun tibbiy koʻrik ish beruvchi tomonidan taklif qilingan narkolog-shifokorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda, hududiy narkologik dispanserlar tomonidan narkolog-shifokorga tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatilishi mumkin.
Chiqarilayotgan havo (nafas) tarkibida etanol bugʻlarining mavjudligini aniqlash belgilangan tartibda foydalanishga ruxsat etilgan va tekshiruvdan oʻtgan texnik oʻlchov vositalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
19. Quyidagi alomatlarning mavjudligi xodimning mastlik holatini aniqlash boʻyicha narkolog-shifokorlar tomonidan tekshiruv oʻtkazishga asos boʻladi:
ogʻiz boʻshligʻidan alkogol hidi kelishi;
bir holatda toʻgʻri tura olmasligi (chayqalib turishi);
nutqning buzilganligi;
qoʻl barmoqlarining qaltirashi;
yuz terisi rangining sezilarli oʻzgarganligi;
arterial qon bosimining koʻtarilishi;
puls chastotasining taxikardiyadan bradikardiyagacha oʻzgarishi;
tomoq giperemiyasi;
inyeksiya izlari;
teri shilinganligi;
koʻz qorachigʻi diametrining oʻzgarishi.
20. Tibbiyot xodimi tomonidan mastlik holatini aniqlash boʻyicha tekshiruv kamida ikki nafar xolislar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirilgan holda amalga oshiriladi.
Birinchi oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga koʻra, chiqarilayotgan havo (nafas) tarkibida etanol bugʻlari konsentratsiyasi koʻrsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori boʻlgan hollarda tibbiyot xodimi tomonidan 15 daqiqadan keyin takroriy tekshiruv oʻtkaziladi.
Tibbiyot xodimi tomonidan mastlik holatini aniqlash boʻyicha tekshiruvdan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma ikki nusxada rasmiylashtiriladi va tekshiruvni oʻtkazgan tibbiyot xodimi, tekshiruvdan oʻtgan xodim va xolislar imzosi bilan tasdiqlanadi. Bayonnomaning bir nusxasi ish beruvchining masʼul xodimiga beriladi.
Bayonnomani olgan ish beruvchining masʼul xodimi bayonnomaning ikkinchi nusxasiga uning bir nusxasini olganligini tasdiqlovchi imzo qoʻyadi hamda mazkur nusxa tibbiyot muassasasida saqlanadi.
21. Tibbiy koʻrik oʻtkazilayotgan xodimda mastlik alomatlari aniqlanganda, narkologik dispanserning masʼul xodimi tomonidan zudlik bilan ish beruvchiga yoki uning oʻrnini bosuvchi (tungi navbatchiliklarda) navbatchi xodimga va maʼlumot uchun tibbiyot muassasasiga xabar beriladi.
22. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha quyidagi hollarda xodimni reysga (navbatchilikka) qoʻyishga tibbiy xulosa beriladi:
a) oʻtkir va (yoki) surunkali kasalliklar alomatlari aniqlanmaganda;
b) arterial qon bosimi va yurak urishida puls chastotasi gemodinamikasining ruxsat etilgan qiymatlari (oʻlchov vositasining xatosini hisobga olgan holda) qayd etilganda;
v) chiqarilayotgan havo (nafas) tarkibida etanol bugʻlari mavjudligini aniqlash boʻyicha birinchi oʻlchashda manfiy natija qayd etilganda hamda xodimda mastlikning klinik belgilari aniqlanmaganda;
g) chiqarilayotgan havo (nafas) tarkibida etanol bugʻlari mavjudligini aniqlash boʻyicha birinchi oʻlchashda musbat natija, ikkinchi oʻlchashda manfiy natija qayd etilganda hamda xodimda mastlikning klinik belgilari aniqlanmaganda.
Gipertoniya kasalligi mavjud xodimda arterial qon bosimining sistolik koʻrsatkichlari 10 mm simob ustunigacha va diastolik koʻrsatkichlari 5 mm simob ustunigacha koʻtarilishi, kasallikning obyektiv simptomlari mavjud boʻlmaganda, poyezd ishiga, depodagi manyovr ishiga yoki ekipirovkaga qoʻyishni rad etish uchun asos boʻlmaydi.
Xodimning sogʻligʻidan shikoyatlari mavjud boʻlmaganda, uning arterial qon bosimi darajasining shifokor-terapevt tomonidan tavsiya qilingan hamda xodimning individual kartasida koʻrsatilgan oʻrtacha sistolik va diastolik koʻrsatkichlari darajasidan 10 mm simob ustunigacha tushishi, uni reysga (navbatchilikka) qoʻymaslik boʻyicha tibbiy xulosa berishga sabab boʻla olmaydi.
23. Xodim reysga (navbatchilikka) qoʻyilganda, marshrut varagʻiga reysga (navbatchilikka) qoʻyilganlik haqidagi tegishli qaydnoma va tibbiy koʻrik yakunlangan vaqt koʻrsatilgan holda tibbiy koʻrikni oʻtkazgan tibbiyot muassasasining shtampi qoʻyiladi.
24. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha quyidagi holatlar xodimni reysdan (navbatchilikdan) chetlatish toʻgʻrisida tibbiy xulosa berish uchun asos boʻladi:
a) mehnatga layoqatsizlik alomatlari (oʻtkir va/yoki surunkali kasalliklar kuchayishi) mavjud boʻlganda;
b) arterial qon bosimi darajasi va yurak urishidagi puls chastotasi gemodinamikasining xodimning individual kartasida koʻrsatilgan darajadan farq qiladigan koʻrsatkichlari qayd etilganda;
v) gipertoniya kasalligi mavjud xodimda arterial qon bosimi darajasining uning individual kartasida koʻrsatilgan oʻrtacha darajasidan sistolik koʻrsatkichi 10 mm simob ustunidan koʻproqqa va diastolik koʻrsatkichi 5 mm simob ustunidan koʻproqqa koʻtarilishi qayd etilganda;
g) xodimning arterial qon bosimi darajasining normal koʻrsatkichlari qayd etilgan boʻlsa ham, unda kriz simptomlari: bosh ogʻrigʻi, bosh aylanishi, quloqlarda, boshdagi shovqin, koʻngil aynishi, qayt qilish, qoʻl-oyoqlarning uvishishi, yurak urishida uzilishlar, yuz terisining qizarishi yoki rangsizligi alomatlari mavjud boʻlganda;
d) xodimning sogʻligʻidan shikoyatlari mavjud boʻlmagan taqdirda ham, arterial qon bosimining sistolik va diastolik koʻrsatkichlari xodimning individual kartasida koʻrsatilgan oʻrtacha darajadan 10 mm simob ustunidan ortiqroq tushishi qayd etilganda;
e) xodimning sogʻligʻidan shikoyatlari mavjud boʻlganda yoki koʻrik paytida obyektiv oʻzgarishlar aniqlangan holatlarda, arterial qon bosimining sistolik va diastolik koʻrsatkichlari xodimning individual kartasida koʻrsatilgan oʻrtacha darajadan 5 mm simob ustunigacha va undan ortiqroq tushishi qayd etilganda;
j) xodimning tinch yotgan holatida uning yurak urishidagi puls chastotasi besh daqiqalik interval bilan kamida ikki marta oʻlchanganda, bir daqiqada 50 zarbadan kam yoki 85 zarbadan koʻproq puls chastotasi qayd etilganda, shuningdek aritmiyaning har qanday holatida;
z) chiqarilayotgan havo (nafas) tarkibida etanol bugʻlari oʻlchovining ikkita manfiy natijasi qayd etilgan boʻlishidan qatʼi nazar, mastlikning klinik alomatlari mavjud boʻlganda;
i) mastlikning klinik alomatlari mavjud boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, chiqarilayotgan havo (nafas) tarkibida etanol bugʻlari oʻlchovining ikkita musbat natijasi qayd etilganda;
y) yetarli dam olmaganlik (smenalar oraligʻidagi vaqt 12 soatdan kam yoki uyqu vaqti 7 soatdan kam boʻlgan) holatlari, shuningdek organizm charchashi, psixologik funksiyalarning buzilishi holatlari va mehnat layoqatini pasaytiruvchi omillar aniqlanganda.
25. Tibbiyot xodimi tomonidan xodimga reysdan (navbatchilikdan) chetlatish toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa berilganda, marshrut varagʻiga “ruxsat etilmadi” deb koʻrsatilgan qizil shtamp hamda tibbiy koʻrik yakunlangan vaqt koʻrsatilgan holda tibbiy koʻrikni oʻtkazgan tibbiyot muassasasining shtampi qoʻyiladi.
Xodimni reysga (navbatchilikka) qoʻymaslik boʻyicha tibbiy xulosa berilganligi toʻgʻrisida tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi xodim tomonidan zudlik bilan ish beruvchiga va kun oxirida tibbiyot muassasasiga xabar beriladi.
Bunda, ish beruvchi tomonidan tibbiy xulosa asosida, ish beruvchining qarori bilan reysdan (navbatchilikdan) chetlatilgan xodim toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mazkur Qoidalarning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi Temir yoʻl transporti xodimining reysdan (navbatchilikdan) chetlatish holatlarini qayd etish daftariga yozib qoʻyiladi.
26. Tibbiy koʻrik vaqtida xodimda shikastlanish yoki oʻtkir kasallik (surunkali kasallikning kuchayishi) alomatlari (arterial qon bosimining koʻtarilishi, gipertonik kriz simptomlar, oʻtkir infeksion kasalliklar, ogʻriq sindromi, hushdan ketish, tana haroratining 37°S dan yuqoriroq koʻtarilishi, oʻzini yomon his qilayotganligi haqida shikoyat, umumiy holsizlik, bosh va tish ogʻriqlari, oʻtkir konʼyunktivit, quloq qismida, koʻkrak qafasida va qorinda ogʻriqlar va salomatlik holatining boshqa buzilishlari) aniqlanganda shifokor-terapevt yoki boshqa (aniqlangan kasallik ixtisosligi boʻyicha) mutaxassis qabuliga davolanishi uchun tibbiyot xodimi tomonidan yoʻllanma beriladi.
5-bob. Yakuniy qoida
27. Mazkur Qoidalar talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Temir yoʻl transporti xodimlarining tibbiy koʻrigini tashkil etish va oʻtkazish qoidalariga
1-ILOVA
Reysdan (navbatchilikdan) oldingi tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart boʻlgan, ish faoliyati poyezdlar harakat xavfsizligi, manyovr ishlari va temir yoʻl tashishlari bilan bogʻliq boʻlgan xodimlar
ROʻYXATI

T/r

Kasblar nomi

1.

Drezina haydovchisi

2.

Temiryoʻl — qurilish mashinalari mashinisti

3.

Motovoz mashinisti

4.

Teplovoz mashinisti

5.

Elektropoyezd mashinisti

6.

Gazoturbovoz mashinisti

7.

Avtomotrisa mashinisti

8.

Dizel-poyezd mashinisti

9.

Temir yoʻlda yuradigan kran mashinisti

10.

Elektrovoz mashinisti

11.

Parovoz mashinisti

12.

Drezina haydovchisi yordamchisi

13.

Avtomotrisa haydovchisi yordamchisi

14.

Dizel-poyezd mashinisti yordamchisi

15.

Gazoturbovoz mashinisti yordamchisi

16.

Temir yoʻl — qurilish mashinalari mashinisti yordamchisi

17.

Motovoz mashinisti yordamchisi

18.

Temir yoʻlda yuradigan kran mashinisti yordamchisi

19.

Parovoz mashinisti yordamchisi

20.

Teplovoz mashinisti yordamchisi

21.

Elektropoyezd mashinisti yordamchisi

22.

Elektrovoz mashinisti yordamchisi

23.

Parovozlar oʻt qalovchilari (kochegar)

24.

Yoʻlovchi vagonlar kuzatuvchilari (styuardlar)

25.

Yoʻlovchi vagonlar qoʻriqchilari

26.

Poyezdlar dispetcherlari

27.

Yoʻriqchi-mashinistlar

28.

Yoʻlovchi poyezdlar boshliqla�i

29.

Katta dispetcher

30.

Tortuv dispetcherlari

31.

Yoʻnalish navbatchilari

32.

Metropoliten poyezd dispetcherlari

33.

Metropoliten elektropoyezd mashinistlari, drezina va motovoz haydovchilari

Temir yoʻl transporti xodimlarining tibbiy koʻrigini tashkil etish va oʻtkazish qoidalariga
2-ILOVA

Namuna

NU-3 shakl

_________________________

Tashxisni qayd qilish joyi

_________________________

_________________________

_________________________________ tashkilot nomi

_______________________________tarkibiy boʻlinma

______________________________________ 20___ yil

Temir yoʻl transporti xodimining reysdan (navbatchilikdan) oldingi tibbiy koʻrigi

INDIVIDUAL KARTASI

F.I.O. _______________________________________________________________________

Tugʻilgan yili_________________________________________________________________

Kasbi ________________________________________________________________________

Lokomotiv turi _______________________________________________________________

Dispanser hisobi boʻyicha tashxis _______________________________________________

Sana

Shifokor-terapevtning reysga (navbatchilikka) �oʻyish boʻyicha individual tavsiyalari

Imzo

1

2

3

Orqa tomoni

Namuna

Temir yoʻl transporti xodimining reysdan (navbatchilikdan) oldingi tibbiy koʻrik individual kartasining ilovasi

Tibbiy koʻrik oʻtkazilgan vaqt va sana

Shikoyatlar

Reys (smena)lar oraligʻida dam

olish/

uyqu davomiyligi

Koʻrik maʼlumotlari

Reysga (navbatchilikka) qoʻyish yoki undan chetlatish haqida qaydlar

Imzo

chiqarilayotgan havodagi etanol bugʻlarini indikatsiya qilish asboblarining koʻrsatkichlari

puls chastotasi

(zarba/

daqiqa)

arterial qon

bosimi

(mm.sim.us.)

tana harorati

(gradus S da)

kasallik yoki mehnat layoqati pasayganligining boshqa alomatlari

koʻrikdan oʻtkazilgan xodim

tibbiyot xodimi

1

2

3

4

5

6

7

8

9

10

11

Temir yoʻl transporti xodimlarining tibbiy koʻrigini tashkil etish va oʻtkazish qoidalariga
3-ILOVA

NU-4 shakl

Temir yoʻl transporti xodimlarining reysdan (navbatchilikdan) oldingi tibbiy koʻrik hisobini yuritish

QAYDNOMASI

Tibbiy koʻrik maʼlumotlari

Tibbiy koʻriklar oʻtkazilgan sanalar

1

2

3

4

5

6

7

8

9

10

11

12

13

14

15

16

17

18

19

20

21

22

23

24

25

26

27

28

29

30

31

Tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi:

jami:

shundan:

___________________________________________________________________

(temir yoʻl transporti xodimlari kasblari boʻyicha)

Shu jumladan gripp, shamollash boʻyicha — jami:

shundan:

___________________________________________________________________

(temir yoʻl transporti xodimlari kasblari boʻyicha)

Koʻtarilgan qon bosimi — jami:

shundan:

___________________________________________________________________

(temir yoʻl transporti xodimlari kasblari boʻyicha)

Toʻliq dam olmagan − jami:

shundan:

___________________________________________________________________

(temir yoʻl transporti xodimlari kasblari boʻyicha)

Alkogol isteʼmol qilganlik alomatlari — jami:

shundan:

___________________________________________________________________

(temir yoʻl transporti xodimlari kasblari boʻyicha)

Boshqa sabablar bilan − jami:

shundan:

___________________________________________________________________

(temir yoʻl transporti xodimlari kasblari boʻyicha)

Temir yoʻl transporti xodimlarining tibbiy koʻrigini tashkil etish va oʻtkazish qoidalariga
4-ILOVA

NU-5 shakl

____________________________________

(vazirlik, idora tashkilot)


Temir yoʻl transporti xodimining reysdan (navbatchilikdan) chetlatish holatlarini qayd etish

DAFTARI

Boshlangan “____” _____________ 20__ y.

Tugagan “____” _____________ 20__ y.

T/r

Chetlatish vaqti va sanasi

F.I.O.

Temir yoʻl transporti xodimi

Tugʻilgan yili

Chetlatish sababi

Chetlatilgandan keyin koʻrilgan choralar

Mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilgan

Kasalxonaga yotqizilgan

Dispanser hisobiga olingan

Boshqa choralar

1

2

3

4

5

6

7

8

9

10

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2022-y., 10/22/3390/0891-son)