Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 07.04.2005
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MARKAZIning
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZIning
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining
Qarori
“O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI TIZIMI RAHBARLAR TARKIBINI, PEDAGOG VA MUHANDIS-PEDAGOG KADRLARINI ATTESTATSIYADAN O‘TKAZISh TO‘G‘RISIDA”GI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 4-yanvarda 1094-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat test markazi, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2005-yil 24-mart 04/QQ-son, 01-77-son va 01/1185-son qarori (ro‘yxat raqami 1462, 28.03.2005-y.) asosida o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 4-oktabrdagi 400-son qaroriga muvofiq “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi rahbarlar tarkibini, pedagog va muhandis-pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash haqida qaror:
1. “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi rahbarlar tarkibini, pedagog va muhandis-pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Nizom barcha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga yetkazilsin.
3. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab 10 kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi rahbari J. XUSANOV
Toshkent sh.,
2002-yil 3-yanvar,
4-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori M. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2002-yil 3-yanvar,
18-son
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri O. OBIDOV
Toshkent sh.,
2002-yil 3-yanvar,
18-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi,
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi,
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining
2002-yil 3-yanvardagi 4-son, 18-son va 18-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi rahbarlar tarkibini, pedagog va muhandis-pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 11-martdagi 109-son “Davlat test markazi tarkibida Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasini tashkil etish to‘g‘risida”gi, 1998-yil 13-maydagi 204-son “O‘zbekiston Respublikasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2001-yil 4-oktabrdagi 400-son “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimidagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari (ta’lim muassasalari)ning rahbar, pedagog va muhandis-pedagog (rahbar va pedagog) kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Attestatsiya ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini takomillashtirishga yo‘naltirilib, rahbar va pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatlarini xolisona baholash, ularni egallab turgan lavozimlariga qo‘yilgan talablarga mosliklarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.
§ 1. UMUMIY QOIDALAR
1. Ta’lim muassasalari rahbarlari va pedagoglari uch yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
2. Attestatsiya mazkur Nizom asosida tuziladigan ta’lim muassasalari rahbarlari va pedagoglarini attestatsiyadan o‘tkazish komissiyasi (Attestatsiya komissiyasi) tomonidan o‘tkaziladi.
3. Attestatsiya komissiyalarining faoliyatlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tarkibidagi Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi (Boshqarma) tomonidan amalga oshiriladi.
4. Ishga mehnat shartnomasi asosida yangi qabul qilingan rahbarlar va pedagoglar kamida bir yildan keyin attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar attestatsiyadan o‘tkazilmaydi.
5. Ta’lim muassasalari rahbarlari va pedagoglarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha taxminiy test savollari majmui va attestatsiya o‘tkazish grafigi Boshqarma tomonidan ishlab chiqiladi va attestatsiya boshlanishidan bir oy oldin ta’lim muassasalariga yetkaziladi.
§ 2. ATTESTATSIYA O‘TKAZISH TARTIBI
Oldingi tahrirga qarang.
6. Attestatsiya komissiyasi 7 kishidan iborat tuziladi va Davlat test markazining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Attestatsiya komissiyasining faoliyati uni a’zolarining kamida 5 nafari qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2002-yil 29-apreldagi 10-son, 293-son va 22-son qarori (ro‘yxat raqami 1094-1, 14.05.2002-y.) tahririda — Me’yoriy hujjatlar axborotnomasi, 2002-y., 9-son)
7. Komissiya raisi va kotibi Boshqarma ekspertlaridan, komissiya raisining o‘rinbosari esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi (Markaz) mutaxassislaridan tayinlanadi.
(7-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2002-yil 29-apreldagi 10-son, 293-son va 22-son qarori (ro‘yxat raqami 1094-1, 14.05.2002-y.) tahririda — Me’yoriy hujjatlar axborotnomasi, 2002-y., 9-son)
Attestatsiya komissiyasi tarkibiga Boshqarma ekspertlari, Markaz yoki uning hududiy boshqarmalari, shuningdek kasaba uyushmalarining vakillari kiritiladi.
Markaz bo‘ysunuvida bo‘lmagan ta’lim muassasalarining rahbar va pedagoglarini attestatsiyadan o‘tkazishda attestatsiya komissiyasining tarkibiga tegishli vazirlik yoki idoraning 2 nafar vakillari kiritiladi.
Attestatsiya komissiyasi tarkibiga ta’lim muassasalarining malakali mutaxassislari ham kiritilishi mumkin.
8. Attestatsiya komissiyasi zarur hollarda pedagoglarning tegishli soha va mutaxassisliklari bo‘yicha ekspert guruhlarini tuzishi mumkin.
9. Attestatsiya komissiyasiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
so‘rovnoma (kadrlarni hisobga olish varaqasi);
mehnat faoliyati haqida tavsifnoma;
ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi;
attestatsiyalar oralig‘ida chop etilgan ilmiy ishlari va o‘quv-metodik qo‘llanmalari ro‘yxati (mavjud bo‘lsa);
ilmiy daraja, ilmiy unvon va malakasini oshirganligi, toifalari haqidagi hujjatlarning nusxalari (mavjud bo‘lsa);
attestatsiya oralig‘idagi faoliyati to‘g‘risida hisobot (rahbar xodimlar uchun).
Ushbu hujjatlarni attestatsiya komissiyaga rahbar xodimlar bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalari, pedagoglar bo‘yicha ta’lim muassasalarining rahbarlari jamlab toshiradilar.
10. Attestatsiya test sinovlari, suhbat yoki yozma ishlar shaklida o‘tkaziladi.
§ 3. ATTESTATSIYA O‘TKAZISh NATIJALARI
11. Attestatsiya komissiyasi ochiq ovoz berish asosida ko‘pchilik ovoz bilan attestatsiyaning yakuniy xulosasini qabul qiladi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
12. Attestatsiya komissiyasi attestatsiya natijalariga ko‘ra ta’lim muassasalari rahbarlari va pedagoglarini egallab turgan lavozimiga “loyiq” yoki “noloyiq”ligi haqida xulosa chiqaradi va ushbu xulosani attestatsiya jarayoni tugashi bilan e’lon qiladi.
13. Attestatsiya komissiyasining xulosasi attestatsiya varaqasiga yozilib, kadrlarning shaxsiy hujjatlar jamlanmasida saqlanadi. Attestatsiya komissiyasi bayonnomasining asl nusxasi Boshqarmada, qolgan nusxalari esa Markaz va uning hududiy boshqarmalarida saqlanadi.
14. Attestatsiyadan o‘tishi lozim bo‘lgan ta’lim muassasasining rahbarlari va pedagoglari uzrli sabablarga ko‘ra attestatsiyaga kelmagan taqdirda, komissiyasining qaroriga binoan boshqa muddatda attestatsiyadan o‘tkaziladi. Attestatsiyaga uzrsiz sababga ko‘ra kelmagan ta’lim muassasasining rahbarlari va pedagoglari attestatsiyadan o‘tmagan hisoblanadi va egallab turgan lavozimiga “noloyiq” deb topiladi.
15. Markaz, uning hududiy boshqarmalari, tegishli vazirlik va idoralar hamda ta’lim muassasasining rahbarlari attestatsiya komissiyalarining xulosalarini inobatga olishlari lozim.
16. Attestatsiya komissiyasi xulosasidan norozi bo‘lgan shaxslar yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishlari mumkin.
(O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-y., 1-2-son, 2002-y., 9-son)