|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.03.2017
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KASB-HUNAR TA’LIMI O‘QUV YuRTLARI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bozor islohotlari talablarini hisobga olgan holda qishloq yoshlari kasb-hunar ta’limining yo‘nalishini o‘zgartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1995-yil 29-iyuldagi 296-son qarorini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
kasb-hunar maktabi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
kasb-hunar litseyi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
biznes-maktab to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, o‘ziga qarashli o‘quv yurtlariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar:
ikki oy muddatda ta’lim to‘g‘risidagi idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar;
1996-97 o‘quv yilida tasdiqlangan nizomlarni ro‘yobga chiqarishga doir zarur tashkiliy tadbirlarni amalga oshirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Ta’lim va fan bo‘limiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 11-dekabr,
439-son
Kasb-hunar maktabi to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Kasb-hunar maktabi yoshlarga kasb-hunar ta’limi berishni amalga oshiruvchi o‘quv yurti hisoblanadi.
2. Kasb-hunar maktabi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, mazkur Nizom hamda ta’lim organlarida ro‘yxatga olingan Ustavga muvofiq amalga oshiradi.
3. Kasb-hunar maktabiga o‘quv-uslubiy rahbarlikni, uning kimga bo‘ysunishidan qat’i nazar, xalq ta’limi organlari amalga oshiradilar.
4. Kasb-hunar maktabi bazaviy maktablarning bitiruvchilari (9-sinflar), shuningdek, o‘rta maktablarning bitiruvchilari hisobidan butlanadi. O‘qish muddati — 1, 2, 3 yil.
5. Kasb-hunar maktabini attestatsiya qilish Vazirlar Mahkamasi tomonidan va Xalq ta’limi vazirligining tegishli normativ hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6. Kasb-hunar maktabi yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasalarida hisob-kitob hamda boshqa schyotlarga, Davlat gerbi tasvirlangan hamda o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
II. KASB-HUNAR MAKTABLARINING MAQSADI VA VAZIFALARI
1. Bo‘lajak yosh ishchi va mutaxassislarni, shu jumladan shartnoma asosida kasb-hunarga tayyorlashning yuqori sifatli bo‘lishini ta’minlash kasb-hunar maktabi faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
2. Kasb-hunar maktabining vazifalari:
o‘quvchilarda kasb-hunar bilimlari, o‘quvlari va ko‘nikmalarini shakllantirish;
bozor iqtisodiyoti sharoitlarida o‘quvchilarni faol mehnat faoliyatiga tayyorlash;
o‘quvchilarga kasb-hunar ta’limi berish bilan bir qatorda umumiy o‘rta ta’lim olish uchun imkoniyatlar yaratish;
korxonalar va tashkilotlarning ishchilar va mutaxassislar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga bo‘lgan talablarini qondirish.
III. O‘QUV-TARBIYA JARAYONI
1. Kasb-hunar maktabida o‘quvchilarni o‘qitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Davlat kasblari klassifikatori asosida amalga oshiriladi.
2. Ishlab chiqarish ta’limi hamda ishlab chiqarish amaliyoti o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalarida, laboratoriyalarda, poligonlarda, kasb-hunar maktabining o‘quv xo‘jaliklarida, shuningdek, tuzilgan shartnomalarga ko‘ra korxonalarda amalga oshiriladi.
3. Kasb-hunar maktablarida o‘quv-tarbiya jarayoni davlat ta’lim standartlariga muvofiq amalga oshiriladi. O‘qitish usullari o‘qituvchilar hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalari tomonidan belgilanadi.
IV. KASB-HUNAR MAKTABINING O‘QUVChILARI
1. Kasb-hunar maktablariga o‘quvchilar qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan qabul qilish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
2. O‘quvchilar tomonidan ishlab chiqarish ta’limi hamda ishlab chiqarish amaliyoti davrida bajarilgan ishlarga tegishli malaka darajasidagi ishchilarning oylik maoshlariga belgilangan koeffitsiyentlar, qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar hisobga olingan holda amaldagi me’yorlar, narxlar, stavkalar (maoshlar) bo‘yicha haq to‘lanadi.
3. Kasb-hunar maktabi o‘quvchilari maktab jamoasining a’zolari hisoblanadilar, o‘quv, tarbiya hamda ishlab chiqarish vazifalarini hal qilishda, bo‘sh vaqt va dam olishlarni tashkil etishda ishtirok etadilar.
4. O‘quvchilarning qonunchilik bilan belgilangan o‘qish, mehnat qilish va dam olish shartlariga rioya qilinishiga ta’lim muassasasining rahbariyati javob beradi.
V. KASB-HUNAR MAKTABINING PEDAGOG KADRLARI
1. Kasb-hunar maktablariga pedagog xodimlar sifatida ishlashga tegishli ma’lumot, kasb-hunar tayyorgarligiga ega bo‘lgan shaxslar qo‘yiladilar.
2. Kasb-hunar maktabining pedagog xodimlari:
maktab faoliyatining eng muhim masalalarini muhokama qilish va hal qilishda ishtirok etish;
mashg‘ulotlarni olib borish shakli, o‘quvchilarni o‘qitish va tarbiyalash vositalari hamda usullarini mustaqil belgilash;
o‘quv-tarbiya hamda uslubiy ishlarni takomillashtirishga oid takliflar ishlab chiqish va kiritish huquqiga ega bo‘ladilar.
3. Kasb-hunar maktabi pedagog xodimlarining burchlari:
o‘quv va uslubiy ishlarni yuqori kasb-hunar darajasida olib borish, ta’lim mazmunini takomillashtirishda faol ishtirok etish;
o‘quvchilar, jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatlarni hamkorlikning demokratik asoslarida qurish, o‘quvchilarning o‘zini-o‘zi boshqaruvini rivojlantirishga ko‘maklashish;
o‘z nazariy bilim darajalarini, pedagogik mahoratlarini hamda kasb-hunar malakalarini tinimsiz oshirib borish;
o‘quvchilarning ota-onalari va ular o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan muntazam ish olib borish.
VI. KASB-HUNAR MAKTABINI BOShQARISh
1. Kasb-hunar maktabini boshqarish mazkur Nizom va Maktab ustaviga muvofiq amalga oshiriladi. Kasb-hunar maktabining butun faoliyatini bevosita boshqarishni uning direktori amalga oshiradi. Direktor o‘quv yurti bevosita bo‘ysunadigan organ tomonidan tayinlanadi.
2. Kasb-hunar maktabining pedagogik kengashi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq tashkil etiladigan va ishlaydigan pedagogik kengash kasb-hunar maktabi boshqaruvining hay’at organi hisoblanadi.
3. Tuzilma bo‘linmalarining tarkibi, ularning funksiyalari va vazifalari kasb-hunar maktabining ustavi bilan belgilanadi.
VII. KASB-HUNAR MAKTABINI MOLIYAVIY TA’MINLASh VA UNING MODDIY-TEXNIKA BAZASI
1. Kasb-hunar maktabining moliyaviy faoliyati davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari budjetdan tashqari mablag‘lar tushumlari, jumladan:
shartnomalar bo‘yicha ishchi va mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish uchun xarajatlarni qoplash tartibida tushadigan mablag‘lar;
belgilangan tartibda ajratiladigan va to‘lanadigan banklarning kreditlari;
kasb-hunar maktabining ishlab chiqarish faoliyati, pulli xizmatlar ko‘rsatish va boshqa xo‘jalik hisobidagi faoliyatdan tushadigan mablag‘lar;
mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar, tashkilotlardan, jamoat tashkilotlari, xususiy shaxslar, hokimliklardan tushadigan ixtiyoriy tushumlar ham bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mablag‘larni sarflash va ulardan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va boshqa tegishli organlarning “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qoidalari hisobga olingan holda amaldagi yo‘riqnoma hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(VII bo‘limning 2-bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-apreldagi 162-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2001-y., 7-son, 36-modda)
VIII. KASB-HUNAR MAKTABINI TAShKIL ETISh VA UNI TUGATISh
Kasb-hunar maktabi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etiladi va tugatiladi.
Kasb-hunar litseyi to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
Kasb-hunar litseyi malakali ishchilar va mutaxassislar tayyorlashning yuqori darajasini ta’minlovchi uzluksiz ta’lim tizimidagi integratsiyalashgan turdagi o‘quv muassasasi hisoblanadi.
Kasb-hunar litseyi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga, mazkur Nizomga va ta’lim organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan Ustavga muvofiq amalga oshiradi.
Kasb-hunar litseyida kasbga o‘rgatishning ikki bosqichi nazarda tutiladi:
1-bosqich — o‘quvchilarning o‘rta ma’lumot olishlari va ishchi kasbini egallashlari. 1-bosqichni o‘quvchilar bilan butlash bazaviy maktablarning bitiruvchilari hisobidan tanlov asosida amalga oshiriladi;
2-bosqich — 1-bosqichdagi kasb tayyorgarligi yoki kasb bo‘yicha oshirilgan ishchi malakasi ixtisosiga ko‘ra o‘rta bo‘g‘in mutaxassisi malakasini egallash.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining attestatsiyasidan o‘tgan va akkreditatsiya qilingan hamda maqomiga ko‘ra o‘rta maxsus o‘quv muassasalariga tenglashtirilgan kasb-hunar litseylariga belgilangan tartibda ikkinchi bosqich bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash huquqi beriladi.
Kasb-hunar litseyining ikkinchi bosqichiga qabul birinchi bosqich bitiruvchilari hisobidan belgilangan tartibda test sinovlari asosida amalga oshiriladi.
Mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etishda kasb-hunar litseyi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining normativ hujjatlariga amal qiladi.
Kasb-hunar litseyi yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa schyotlarga, Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
II. KASB-HUNAR LITSEYINING MAQSAD VA VAZIFALARI
1. Yoshlarda texnika, texnologiyalar doimo yangilanib, mehnatni tashkil etish takomillashib borayotgan sharoitlarda tezda moslashishga, bozor munosabatlari sharoitida hayot faoliyatiga tayyor turishga ko‘mak beruvchi kasbiy o‘quv va ko‘nikmalarni shakllantirish kasb-hunar litseyi faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
2. Kasb-hunar litseyi faoliyatining vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
kasb-hunar litseyidagi o‘qitishning har bir bosqichi tugal bo‘lishi hisobiga o‘quvchilarning qobiliyatlariga muvofiq turli darajalarda kasbiy va umumiy ta’lim olish uchun ularga imkoniyatlar yaratish;
davlat ta’lim standartlariga muvofiq har xil ixtisoslikdagi ishchilar va mutaxassislarni tayyorlash.
III. O‘QUV JARAYONI
1. Kasb-hunar litseyida o‘quvchilarni tayyorlash mutaxassislar va kasblarning amaldagi ro‘yxatiga ko‘ra ishchilar va mutaxassislar kasblari bo‘yicha amalga oshiriladi.
2. Kasb-hunar litseyida o‘quvchilarni o‘qitish belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq olib boriladi.
3. O‘qish tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qitishning to‘liq kursini o‘tgan, fanlar bo‘yicha ijobiy yakuniy baholarga ega bo‘lgan kasb-hunar litseyining o‘quvchilari bitirish malaka imtihonlarini topshiradilar yoki diplom loyihasini himoya qiladilar. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan yoki loyihani muvaffaqiyatli himoya qilgan bitiruvchilarga tegishli malaka beriladi va ta’lim darajasiga muvofiq belgilangan namunadagi diplom (sertifikat) topshiriladi.
IV. KASB-HUNAR LITSEYINING O‘QUVChILARI
1. Kasb-hunar litseyining o‘quvchilari o‘quv-mehnat jamoasining to‘la huquqli a’zolari hisoblanadilar, kasb-hunar litseyining Ustavida va mazkur Nizomda nazarda tutilgan o‘quv, tarbiya va ishlab chiqarish vazifalarini hal etishda bevosita ishtirok etadilar.
2. Kasb-hunar litseyi o‘quvchilariga kasb-hunar o‘quv muassasalari o‘quvchilari uchun O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari bilan nazarda tutilgan moddiy ta’minlash shart-sharoitlari joriy etiladi.
V. KASB-HUNAR LITSEYINING PEDAGOG KADRLARI
1. Pedagogik xodimlarni kasb-hunar litseyiga ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq uning direktori tomonidan amalga oshiriladi.
2. O‘qituvchilar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari va tarbiyachilarning funksional majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan malaka tavsifnomasi bilan, shuningdek, litsey Ustavi va kontrakt shartlari bilan belgilanadi.
3. Kasb-hunar litseyining pedagog xodimlariga Moliya vazirligi va Xalq ta’limi vazirligining amaldagi normativ hujjatlariga ko‘ra mehnatga haq to‘lash shartlari joriy etiladi.
VI. KASB-HUNAR LITSEYINI BOShQARISh
1. Kasb-hunar litseyini boshqarish mazkur Nizom va litsey ustaviga muvofiq amalga oshiriladi. Kasb-hunar litseyining butun faoliyatiga bevosita rahbarlikni uning direktori amalga oshiradi. Direktor Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda, o‘quv muassasasi bo‘ysunadigan organ tomonidan tayinlanadi.
2. Kasb-hunar litseyining pedagogik kengashi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq tashkil etilgan va ish ko‘radigan pedagogik kengash Kasb-hunar litseyini boshqarishning hay’at organi hisoblanadi.
3. Tuzilmaviy bo‘linmalarning tarkibi, ularning funksiyalari va vazifalari kasb-hunar litseyining ustavi bilan belgilanadi.
VII. KASB-HUNAR LITSEYINI MOLIYAVIY TA’MINLASh VA UNING MODDIY-TEXNIKA BAZASI
1. Kasb-hunar litseyining moliyaviy faoliyati davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, budjetdan tashqari mablag‘lar tushumlari, jumladan:
ishchilar va mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish uchun xarajatlar o‘rnini to‘ldirish tartibidagi shartnomalar bo‘yicha mablag‘lar tushumi;
belgilangan tartibda ajratiladigan va to‘lanadigan banklarning kreditlari;
ishlab chiqarish faoliyatidan, pulli xizmatlar ko‘rsatish va boshqa xo‘jalik hisobidagi faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;
mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar, tashkilotlardan, jamoat tashkilotlari, xususiy shaxslardan tushadigan ixtiyoriy tushumlar ham bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mablag‘larni sarflash Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining amaldagi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(VII bo‘limning 2-bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-apreldagi 162-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2001-y., 7-son, 36-modda)
VIII. KASB-HUNAR LITSEYINI TAShKIL ETISh VA UNI TUGATISh
Kasb-hunar litseyi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etiladi va tugatiladi.
Biznes-maktab to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
Oldingi tahrirga qarang.
1. Biznes-maktab kichik biznesning, fermer xo‘jaliklarining menejment, marketing, xo‘jalik huquqi, moliyani boshqarish, buxgalterlik hisobi va audit asoslarini, amaliy tadbirkorlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan bilimlar va ko‘nikmalarni yetarli hajmlarda egallagan tashkilotchilarini tayyorlaydi.
(I bo‘limning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
2. Biznes-maktab o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga, mazkur Nizomga va ta’lim organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan ustavga muvofiq amalga oshiradi.
3. Biznes-maktabga tegishli darajadagi kasb-hunar o‘quv yurtlari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar joriy etiladi.
4. Biznes-maktab yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, banklarda hisob-kitob, valyuta va boshqa schyotlarga, Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
II. BIZNES-MAKTABNING MAQSAD VA VAZIFALARI
Oldingi tahrirga qarang.
1. Kichik biznes sohasida yoshlarda faol tadbirkorlik faoliyati uquvi va ko‘nikmalarini shakllantirish, bozor iqtisodiyoti sharoitlarida biznes bilan shug‘ullanish uchun zarur bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklarga ega bo‘lish imkoniyatlarini ta’minlash asosida yoshlarning ijtimoiy himoya qilinishi funksiyasini amalga oshirish biznes-maktab faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
(II bo‘limning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
2. Quyidagilar biznes-maktabning vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari hisoblanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat ta’lim standartlariga muvofiq kichik biznesni tashkil etish va olib borish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash;
(II bo‘limning 2-bandi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
fermer xo‘jaliklari, firmalar, kompaniyalar, korxonalar, muassasalarga va alohida tadbirkorlarga biznesni tashkil etish yuzasidan maslahat xizmatlari ko‘rsatish;
Oldingi tahrirga qarang.
mintaqada tadbirkorlikni, kichik biznesni rivojlantirish uchun biznes-laboratoriyalar, inkubatorlar va shunga o‘xshash muassasalarni tashkil etish;
(II bo‘limning 2-bandi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
tadbirkorlik sohasida band bo‘lgan amaliyotchi xodimlar uchun tayyorlov, qayta tayyorlov va malaka oshirish kurslari tashkil etish.
3. Biznes-maktab uning asosiy funksiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga ko‘maklashuvchi va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan istalgan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga haqlidir.
III. O‘QUV JARAYONI
1. Biznes-maktabda o‘qitish ishlari belgilangan tartibda ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.
2. O‘qish tamom bo‘lgandan keyin biznes-maktabning o‘qitishning to‘liq kursini tamomlagan va fanlar bo‘yicha yakuniy ijobiy baholarga ega bo‘lgan o‘quvchilari bitiruv malaka imtihonlari topshiradilar yoki ishlab chiqilgan biznes-rejalarni himoya qiladilar.
Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan yoki loyihalarni muvaffaqiyatli himoya qilgan bitiruvchilarga tegishli malaka beriladi va ta’limning tegishli darajasining belgilangan namunadagi diplomi (sertifikati) topshiriladi.
IV. BIZNES-MAKTAB O‘QUVChILARI
1. Biznes-maktabga o‘quvchilar qabul qilish biznes-maktabning ustaviga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Biznes-maktab o‘quvchilariga O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari bilan tegishli o‘quv yurtlarining o‘quvchilari uchun nazarda tutilgan moddiy ta’minot shartlari joriy etiladi.
3. O‘quvchilar:
biznes-maktabning o‘quv-moddiy bazasidan foydalanish;
biznes-maktabning tadbirkorlik faoliyatida qatnashish;
biznes-maktabning faoliyatini, o‘quvchilar tarkibini yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish huquqiga ega bo‘ladilar.
4. Biznes-maktab o‘quvchilari:
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga;
axloq va etika normalariga, biznes-maktabning ustavi va ichki tartib-qoidalariga rioya qilishga;
fanga asos bo‘luvchi bilimlarni muntazam va teran egallashga, o‘z qobiliyatlarini rivojlantirishga, o‘z bilimlarini mustaqil boyitib borish uquvini ishlab chiqishga va ularni amaliyotda qo‘llashga majburdirlar.
V. BIZNES-MAKTABNING PEDAGOG XODIMLARI
1. Biznes-maktabda o‘qituvchi sifatida ishlashga tegishli kasb-hunar tayyorgarligiga ega bo‘lgan shaxslar qo‘yiladilar.
Biznes-maktab o‘qituvchilarini ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Biznes-maktabning pedagog xodimlariga O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari bilan tegishli o‘quv yurtlarining o‘qituvchilari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar joriy etiladi.
2. Biznes-maktabning pedagog xodimlari:
biznes-maktab faoliyatining eng muhim masalalarini muhokama qilish va hal etishda qatnashish;
mashg‘ulotlarni olib borish shaklini, o‘quvchilarni o‘qitish va tarbiyalash vositalari va usullarini mustaqil belgilash;
o‘quv-tarbiya va uslubiy ishlarni takomillashtirishga oid takliflar tayyorlash va kiritish huquqiga ega bo‘ladilar.
3. Biznes-maktabning pedagog xodimlari:
o‘quv va uslubiy ishlarni kasb jihatidan yuqori saviyada olib borishga, ta’lim mazmunini takomillashtirishda faol qatnashishga;
pedagogik mehnatni tashkil etishning yuksak madaniyatini ta’minlashga, o‘quvchilar tomonidan o‘quv materialining sifatli o‘zlashtirilishi uchun javob berishga;
o‘zlarining nazariy saviyalarini, pedagogik mahoratlarini, kasbiy malakalarini uzluksiz oshirib borishga majburdirlar.
4. Biznes-maktabga pedagogika ishlariga jalb qilinadigan oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari uchun oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari uchun nazarda tutilgan ish haqi stavkalari saqlab qolinadi.
VI. BIZNES-MAKTABNI BOShQARISh
1. Biznes-maktabni boshqarish yakkaboshchilik va kollegiallik asoslarida amalga oshiriladi. Biznes-maktabning butun faoliyatiga rahbarlik qilishni uning direktori amalga oshiradi. Direktor biznes-maktab bevosita bo‘ysunishida bo‘lgan organ tomonidan oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, odatda, kamida 5 yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan shaxslardan tayinlanadi.
Biznes-maktabning direktori biznes-maktabning butun faoliyatiga rahbarlik qiladi, o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etadi, uning borishi va natijalarini nazorat qilishni amalga oshiradi, biznes-maktab ishining sifati va samaradorligi uchun shaxsan javob beradi.
2. O‘quv-tarbiyaviy, uslubiy ishlarning asosiy masalalarini kollegial ko‘rib chiqish uchun biznes-maktabda tajribali pedagog xodimlardan, korxonalar va tashkilotlarning vakillaridan iborat pedagogika kengashi, ilmiy-uslubiy kengash tashkil etiladi.
VII. BIZNES-MAKTABNI MABLAG‘ BILAN TA’MINLASh VA UNING MODDIY-TEXNIKA BAZASI
Oldingi tahrirga qarang.
1. Biznes maktabni 2006/2007 o‘quv yiligacha (ushbu o‘quv yili ham kiradi) o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar bo‘yicha moliyalashtirish davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, budjetdan tashqari mablag‘lar tushumlari moliyalashtirish manbalari bo‘lishi mumkin, shu jumladan:
(1-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 18-dekabrdagi PQ-532-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2006-y., 51-52-son, 507-modda)
tadbirkorlar va mutaxassislar tayyorlanganligi, qayta tayyorlanganligi va malakasi oshirilganligi uchun xarajatlarni qoplash tartibida shartnomalar bo‘yicha mablag‘lar tushumi;
belgilangan tartibda beriladigan va to‘lanadigan banklarning kreditlari;
biznes-maktabning ishlab chiqarish faoliyatidan, pulli xizmatlar ko‘rsatish va xo‘jalik hisobidagi boshqa faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;
mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar, tashkilotlardan, jamoat tashkilotlari, xususiy shaxslar, hokimliklardan tushadigan ixtiyoriy tushumlar ham bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Biznes-maktablarda 2007/2008 o‘quv yilidan boshlab o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilarni o‘qitish budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 18-dekabrdagi PQ-532-sonli qaroriga muvofiq oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2006-y., 51-52-son, 507-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mablag‘larni sarflash va ulardan foydalanish “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalari hisobga olingan holda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining amaldagi yo‘riqnoma hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(VII bo‘limning 2-bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-apreldagi 162-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2001-y., 7-son, 36-modda)
VIII. TUGATISh VA QAYTA TAShKIL ETISh
Biznes-maktabni tashkil etish, tugatish va qayta tashkil etish amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.