|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 17.05.1996
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA ILMIY-TADQIQOT, LOYIHA VA KONSTRUKTORLIK TAShKILOTLARINING XODIMLARNI YoLLAShNING KONTRAKT TIZIMIGA O‘TIShI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 17-maydagi 179-son “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ba’zi qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublikaning ilmiy-tadqiqot imkoniyatidan samarali foydalanish, ilmiy, loyiha konstruktorlik tashkilotlari xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqotlarning sifati va samaraliligi uchun ularning mas’uliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1.Quyidagilar tasdiqlansin:
ilmiy-tadqiqot, loyiha va konstruktorlik tashkilotlarida xodimlarni yollashning kontrakt tizimi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq
ilmiy-tadqiqot, loyiha va konstruktorlik tashkilotlarining xodimlarni yollashning kontrakt tizimiga o‘tishi tartibi 2-ilovaga muvofiq;
ilmiy-tadqiqot, loyiha va konstruktorlik tashkilotlarida ilmiy xodimlar lavozimlarini egallash bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish tartibi 3-ilovaga muvofiq.
2. Respublikaning ko‘rsatib o‘tilgan muassasalarida barcha toifalardagi xodimlarni yollashning kontrakt tizimi joriy qilinsin.
Kontrakt tizimiga o‘tish 1993-1994-yillar mobaynida amalga oshirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi:
idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, ilmiy-tadqiqot, loyiha va konstruktorlik tashkilotlarining xodimlarni yollashning kontrakt tizimiga o‘tishi jadvalini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
muassasalar va tashkilotlar tomonidan ilmiy-texnika sohasi xodimlarining huquqlarini e’tiborga olmaslikka va kamsitishga yo‘l qo‘yilmagan holda yollashning kontrakt shakliga o‘tish to‘g‘risidagi nizomga va tartibga qat’iy rioya qilinishini nazorat etishni ta’minlasin.
4. Ilmiy-tadqiqot, loyiha va konstruktorlik tashkilotlariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar bir oy muddatda tarmoq normativ hujjatlarini ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiqlashtirsinlar.
5. Qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari o‘rtoq M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 19-iyun,
297-son
Ilmiy-tadqiqot, loyiha va konstruktorlik tashkilotlarida xodimlarni yollashning kontrakt tizimi to‘g‘risida
NIZOM
1. Ushbu Nizom idoraviy mansubligidan qat’i nazar, ilmiy-tadqiqot, loyiha, konstruktorlik tashkilotlari va muassasalarining (bundan keyin matnda ilmiy tashkilotlar deb yuritiladi) barcha toifadagi xodimlariga, shuningdek oliy o‘quv yurtlarining ana shunday bo‘linmalari xodimlariga nisbatan joriy etiladi.
2. Kontrakt tizimi respublikaning ilmiy imkoniyatidan samarali foydalanish, ilmiy tashkilotlar xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarining sifati va samaraliligi uchun ularning mas’uliyatini oshirish maqsadida joriy qilinadi.
3. Ushbu Nizom doirasida mehnat jarayonlari, sharoitlari va natijalari bo‘yicha ilmiy tashkilot bilan yollanayotgan xodim o‘rtasida yozma ravishda tuzilgan mehnat shartnomasi kontrakt hisoblanadi. Ilmiy xodimlarni yollashda va xodimlarni ilmiy xodim lavozimlaridan boshqa lavozimlarga yollashda tuziladigan kontrakt namunalari ilova qilinadi (1 va 2-shakllar)*.
*1-2 -ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Ushbu Nizom ilmiy tashkilotlardagi kontraktlar tushunchasini, ularning tomonlarini va shartlarini aniqlab beradi.
5. Kontrakt ishga yollash va mehnat natijalaridan foydalanish bo‘yicha uni tuzuvchi tomonlar uchun o‘zaro foydali shartlarda shartnoma tuzish imkoniyatini belgilaydi.
6. Ilmiy lavozimlarni (kichik ilmiy xodim va ilmiy xodim lavozimlari bundan mustasno) egallash uchun ilmiy xodimlarning tanlov ishlari ular bilan kontrakt tuzishning zaruriy sharti hisoblanadi.
Ishlab chiqarish zaruriyati taqozo etgan hollarda davomli kasalligi, uzoq muddatli xizmat safari, mehnat ta’tili va boshqa sabablar tufayli vaqtincha ishlamayotgan, lavozimlari qonuniy asosda saqlanib qoladigan xodimlarning vazifasini bajarib turish uchun ishlamayotgan xodimning vazifasi vaqtincha bajarib turiladigan davrga tanlov o‘tkazilmasdan kontrakt tuzishga yo‘l qo‘yiladi.
7. Kontrakt, odatda, muayyan muddatga (ko‘pi bilan 5 yilga) yoki muayyan ishni bajarish muddatiga (ilmiy dasturni, loyihani, xo‘jalik shartnomasi bo‘yicha ishlarni va boshqalarni bajarish davriga) tuziladi.
8. Kontrakt tomonlarning kelishuvi bilan belgilangan kundan boshlab lavozimga tayinlash haqida buyruq chiqarilishi uchun asos bo‘ladi va kontrakt imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.
9. Kontrakt yozma shaklda tuziladi va uni tomonlar imzolaydi. Kontrakt matni ikki nusxada — har qaysi tomon uchun bittadan tuziladi.
10. Kontraktda uni tuzish, shuningdek, bekor qilish shartlari, uning amal qilish muddati, tomonlarning huquqi, vazifalari va mas’uliyati, mehnatga haq to‘lash va uni tashkil etish shartlari, ijtimoiy-maishiy hamda tomonlar zarur deb hisoblaydigan boshqa shart-sharoitlar aks ettiriladi.
11. Kontrakt tuzuvchi tomonlar shundan kelib chiqishlari kerakki, ma’muriyat xodimdan kontraktda ko‘zda tutilmagan vazifalarni (ishlarni) bajarishni talab qilishga haqli emas.
12. Kontrakt tuzuvchi xodimga fan sohasi xodimlari uchun amaldagi qonun hujjatlari bilan belgilangan imtiyozlar va kafolatlar, huquq va vazifalar to‘liq joriy etiladi.
13. Kontrakt bo‘yicha ishga qabul qilinadigan xodimning ish haqi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida mazkur lavozim uchun ko‘zda tutilgan lavozim maoshi miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak.
Kontraktda ish haqi miqdorlarini oshirish yoki kamaytirish, qo‘shimcha haq va mukofotlar belgilash shartlari belgilab qo‘yilishi mumkin.
14. Kontrakt tuzishda tomonlar amaldagi qonun hujjatlarida belgilanmagan qo‘shimcha imtiyozlarni (foyda hisobiga to‘lovlarni, har yilgi mehnat ta’tili vaqtida moddiy yordam ko‘rsatishni, kontrakt xodimga oraliq bo‘lmagan sabablar bilan, shu jumladan, yosh yoki kasallik bo‘yicha pensiyaga chiqish munosabati bilan to‘xtatilgan taqdirda pul kompensatsiyalari to‘lashni nazarda tutishlari mumkin.
15. Tomonlarning kelishuvi bo‘yicha kontraktda ish vaqti va dam olish tartibi belgilanishi mumkin. Bunda har yilgi mehnat ta’tilining qonunda belgilangan muddati kamaytirilishi mumkin emas.
16. Kontrakt bo‘yicha ishlash natijalari umuman yoki uning alohida bosqichlari bo‘yicha ilmiy kengash yoki uning qaroriga binoan tuzilgan ekspert komissiyasi tomonidan ilmiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Ekspertizani o‘tkazish tartibi, muddatlari, ekspert komissiyasining tarkibi ilmiy kengash tomonidan belgilanadi.
Kontraktda qilingan ishlar to‘g‘risida xodimlar tomonidan hisobotlar topshirish muddatlari, tartibi va shakli belgilab qo‘yiladi.
17. Kontraktning shartlari (mazmuni) tomonlarning faqat yozma kelishuvlariga binoan o‘zgartirilishi yoki to‘ldirilishi mumkin.
18. Kontrakt mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha ham, kontraktda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha ham muddatidan oldin bekor qilinishi yoki to‘xtatilishi mumkin.
Kontrakt unda belgilangan shartlar bo‘yicha bekor qilingan taqdirda xodimni ishdan bo‘shatish O‘zbekiston Respublikasining Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar kodeksi 36-moddasining 1-bandi bo‘yicha amalga oshiriladi (tomonlarning kelishuvi bo‘yicha).
19. Kontraktning amal qilishi to‘xtagandan keyin tomonlarning kelishuvi bo‘yicha, ilgarigi shartlar asosida uning muddati uzaytirilishi yoki u yangi shartlar asosida yangi muddatga qayta tuzilishi mumkin. Kontrakt muddatining tugashi, agar uning muddati uzaytirilmagan yoki u qayta tuzilmagan bo‘lsa, xodimni O‘zbekiston Respublikasining Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar kodeksi 36-moddasining 2-bandi bo‘yicha ishdan bo‘shatish uchun asos bo‘ladi.
20. Agar kontrakt muddati tugagan bo‘lsa va tomonlardan birontasi ham mehnat munosabatlarining to‘xtatilishini talab qilmasa, bunday holda kontrakt ilgarigi shartlar bo‘yicha bir yilga yoki kontraktda nazarda tutilgan boshqa muddatga uzaytirilgan hisoblanadi. Ushbu muddat tugagach kontrakt O‘zbekiston Respublikasining Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar kodeksi 36-moddasining 2-bandiga asosan uzaytirilishi, qayta tuzilishi yoki to‘xtatilishi kerak.
21. Yollashning kontrakt shakli joriy etilishi ilmiy muassasalar xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazishning ilgari belgilangan tartibini bekor qiladi.
22. Tomonlar o‘rtasidagi mehnat nizolari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Ilmiy-tadqiqot, loyiha va konstruktorlik tashkilotlarining xodimlarni yollashning kontrakt tizimiga o‘tishi
TARTIBI
Ilmiy tashkilotlarning xodimlarni yollashning kontrakt tizimiga o‘tishi tartibi ilmiy-tadqiqot, loyiha va konstruktorlik tashkilotlarida xodimlarni yollashning kontrakt tizimi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq quyidagi izchillikda amalga oshiriladi:
1. Ilmiy tashkilotning rahbari yollashning kontrakt tizimiga o‘tish jadvaliga muvofiq uni amalga kiritish to‘g‘risida buyruq chiqaradi va ikki oydan iborat bo‘lgan tayyorgarlik ko‘rish davrini belgilaydi.
2. Tayyorgarlik ko‘rish davrida:
tashkilot xodimlari bilan kontraktlar tuzish, xodimlarni yollashning kontrakt tizimi to‘g‘risidagi nizom bilan tanishtirish yuzasidan tushuntirish ishlari olib boriladi;
ilmiy-tadqiqot ishlarining mavzui, ularni bajarish bosqichlari va muddatlari, mavzular bo‘yicha mablag‘ bilan ta’minlash manbalari, rejalashtirilayotgan mehnatga haq to‘lash fondi aniqlanadi, qo‘shimcha ishlarni bajarganlik ular sifatining yuqoriligi va boshqalar uchun qo‘shimcha haq to‘lash maqsadida mehnatga haq to‘lash fondining zaxiralari belgilanadi;
Vazirlar Mahkamasining “1993-yil 1-yanvardan boshlab mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasini joriy etish to‘g‘risida” 1992-yil 26-dekabragi 590-son qaroriga ko‘ra yagona tarif setkasi asosida shtat jadvali va eng kam lavozim maoshlari aniqlanadi.
3. Kontrakt tuzishdan oldin ilmiy xodimlar tanlov asosida tanlanadi. Tanlov ilmiy-tadqiqot, loyiha va konstruktorlik tashkilotlarida ilmiy xodimlarning lavozimlarni egallash bo‘yicha tanlovlarni o‘tkazishning tasdiqlangan tartibiga binoan amalga oshiriladi.
4. Tegishli lavozimga ilgari qabul qilingan (tanlov bo‘yicha o‘tgan) xodimlarning kontrakt tizimiga o‘tishiga mehnatning asosiy sharoitlarini o‘zgartirish sifatida qaraladi va u O‘zbekiston Respublikasining Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar kodeksining 32-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Qayd etilgan xodimlar kontrakt tizimiga o‘tish to‘g‘risida kamida ikki oy oldin shaxsan imzo chektirgan holda xabardor qilinadilar. Ushbu muddat tugagandan keyingina tanlovlar o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi.
Ilmiy-tadqiqot, loyiha va konstruktorlik tashkilotlarida ilmiy xodimlar lavozimlarini egallash bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish
TARTIBI
1. Ilmiy xodimlar lavozimlarini egallash tanlov asosida amalga oshiriladi. Tanlovdan o‘tish laboratoriya mudiri, shu’ba mudiri, bosh ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim, katta ilmiy xodim lavozimlarini egallash uchun ilmiy xodimlar bilan kontraktlar tuzishning dastlabki zaruriy sharti hisoblanadi.
2. Bosh va yetakchi ilmiy xodimlar lavozimlarini egallashda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining akademiklari va muxbir a’zolari bilan (ularning ko‘rsatilgan lavozimlarga nechanchi marta qabul qilinayotganlaridan qat’iy nazar);
kichik ilmiy xodim va ilmiy xodim lavozimlarini egallashda tanlovdan o‘tmasdan kontraktlar tuziladi.
3. Ilmiy-tadqiqot, loyiha yoki konstruktorlik tashkiloti (bundan keyin ilmiy tashkilot deb yuritiladi) rahbarining qaroriga ko‘ra ilmiy xodimlarni o‘rindoshlik bo‘yicha ishga qabul qilish tanlov o‘tkazilmasdan Kontrakt asosida amalga oshirilishi mumkin.
4. Tanlovda quyidagilar ishtirok etishlari mumkin:
bosh va yetakchi ilmiy xodimlar lavozimlarini egallash uchun — fan doktori ilmiy darajasi bo‘lgan shaxslar;
ilmiy bo‘limlar, laboratoriyalar, shu’balar mudirlari, katta ilmiy xodimlar lavozimlarini egallash uchun — odatda, fan doktori ilmiy darajasi bo‘lgan, kamdan-kam hollarda — fan nomzodi ilmiy darajasi bo‘lgan shaxslar.
5. Ilmiy tashkilot tanlov haqida uning o‘tkazilishidan kechi bilan bir oy oldin vaqtli matbuot orqali manfaatdor muassasalar, idoralar, o‘quv yurtlari va boshqalarga xabar berish yo‘li bilan e’lon qiladi, bunda lavozim, talab qilinadigan ixtisos va malaka, hujjatlarni topshirish muddatlari va boshqa talablar ko‘rsatiladi.
6. Tanlovga qatnashishni xohlovchi shaxs ilmiy tashkilot rahbari nomiga ariza beradi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi; kadrlarni hisobga olish bo‘yicha shaxsiy varaqa, oliy ma’lumot, ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar to‘g‘risidagi diplomlarning nusxalari, ilmiy asarlar va ixtirolarning ro‘yxati.
Agar tashkilotda tanlovda ishtirok etadigan xodimning shaxsiy hujjatlar jildi bo‘lsa, u holda arizaga faqat ilmiy asarlar va ixtirolar ro‘yxati ilova qilinadi.
Tanlovda ishtirok etadigan shaxslar ilmiy tashkilot yoki alohida nufuzli mutaxassis tomonidan o‘zlarining ilmiy faoliyati to‘g‘risida berilgan taqrizni taqdim etishlari mumkin.
7. Ilmiy tashkilot tanlov qatnashchilarining ro‘yxatini ilmiy kengash majlisidan 10 kun oldin e’lon qiladi.
8. Ilmiy tashkilotning ilmiy kengashi tanlov e’lon qilingan lavozimni egallash uchun nomzodni yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylaydi.
Yashirin ovoz berishni o‘tkazish uchun ilmiy kengash hisoblash komissiyasini saylaydi. Mazkur lavozimga tanlovda qatnashuvchi barcha shaxslar yashirin ovoz berish uchun bitta byulletenga kiritiladilar.
Kengashning tanlov natijalari to‘g‘risidagi qarori ovoz berishda kengash a’zolarining uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda haqiqiy hisoblanadi.
Ovoz berish “roziman” yoki “rozi emasman” so‘zini o‘chirish bilan ifodalanadi.
Eng ko‘p ovoz olgan va ovoz berishda qatnashgan kengash a’zolarining yarmidan ko‘pi uning uchun ovoz bergan nomzod saylangan hisoblanadi.
9. Tanlovda qatnashgan nomzodlardan birontasi ham ko‘rsatilgan miqdorda ovoz olmagan taqdirda tanlov o‘tkazilmagan hisoblanadi. Ovozlar soni teng bo‘lib qolgan hollarda ilmiy kengash raisining qaroriga binoan ovoz berish takroran o‘tkazilishi mumkin.
Hisoblash komissiyasining bayonnomasi ilmiy kengash tomonidan tasdiqlanadi.
10. Tanlovda qatnashishga qo‘yilgan shaxslar o‘zlarining nomzodlari muhokama qilinayotganda ilmiy kengash majlisida qatnashish, savollarga javob qaytarish va zarur tushuntirishlar berish huquqiga egadirlar.
11. Agar tanlovga qo‘yilgan shaxs kengash a’zosi bo‘lsa, u ovoz berishda qatnashmaydi va kvorumni aniqlashda hisobga olinmaydi.
12. Ilmiy xodimlarni tanlov bo‘yicha saylash o‘tkazilayotgan ilmiy kengash majlisida bayonnoma yuritiladi.