Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.03.1996
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1993 YIL 1 YaNVARDAN BOShLAB MEHNATGA HAQ TO‘LAShNING YaGONA TARIF SETKASINI JORIY ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 18-martdagi 103-sonli “Mehnatga haq to‘lashning Yagona tarif setkasini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ish haqining rag‘batlantiruvchi rolini kuchaytirish, turli toifalardagi xodimlar mehnatiga mehnatning murakkabligi va xodimlarning malakasiga bog‘liq holda haq to‘lashning asoslangan darajalarini belgilash, bu darajalarni bundan buyon saqlab turish vositasini vujudga keltirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi tasdiqlansin. Xalq xo‘jaligining ishlab chiqarish va noishlab chiqarish tarmoqlaridagi xodimlar uchun qo‘llanish sohasidan qat’i nazar, mehnatga haq to‘lashga xolisona yondashishni ta’minlovchi turli toifalardagi xodimlar mehnatiga haq to‘lash darajalarini yagona uslubiy negizda tabaqalashtirish Yagona tarif setkasiga asos qilib olinsin.
2. Eng kam ish haqi (oyiga 2000 so‘m) miqdoridagi boshlang‘ich razryadning tarif stavkasi va razryadlararo tarif koeffitsiyentlari 1-ilovaga muvofiq Yagona tarif setkasiga asos qilib belgilansin.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 23-fevraldagi 65-son qarori bilan 2-bandning boshlang‘ich razryadni eng kam ish haqi miqdoriga tenglashtirishga oid qismiga o‘zgartirish kiritilgan.
3. Ishchi va xizmatchilarning umumtarmoq lavozimlari bo‘yicha mehnatga haq to‘lash Yagona tarif setkasining 28 razryadi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
4. Yagona tarif setkasi asosida hisoblangan, tarif stavkalariga rayon koeffitsiyentlari bo‘yicha to‘lovlar ham kiritilgan holda, amaldagi imtiyozlar, qo‘shimcha to‘lovlar va ustama haqlar saqlanib qolinsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi:
bir hafta muddat ichida vazirliklar, idoralar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Yagona tarif setkasining joriy qilinishi bilan bog‘liq metodik ishlarni amalga oshirsin;
xalq xo‘jaligi ishchi va xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lashning Yagona tarif setkasini joriy qilishga doir Tavsiyalarni ishlab chiqsin va 1993-yil 15-yanvargacha tasdiqlasin.
6. Belgilab qo‘yilsinki, Yagona tarif setkasini qo‘llash budjetdan mablag‘ bilan ta’minlanadigan barcha muassasalar, tashkilotlar va korxonalar uchun majburiydir.
7. O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ikki hafta muddat ichida amaldagi stavkalar hamda okladlarni Yagona tarif setkasi talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqsinlar.
8. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik hisobidagi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarga ularning tayyorligi hamda zarur miqdorda moliyaviy mablag‘lari mavjudligiga qarab 1993-yilning 1 yarmida Yagona tarif setkasini joriy etishga o‘tish tavsiya qilinsin.
9. Ushbu qarorga muvofiq xodimlar uchun tarif koeffitsiyentlarini, ustama va qo‘shimcha to‘lovlarni hisobga olib joriy etiladigan stavka (oklad)lar amaldagi stavka (oklad)lardan kam bo‘lgan taqdirda mazkur xodimlarga ularning ushbu muassasada, tashkilotda shu vazifada ishlagan vaqti uchun ish haqidagi tegishli farq to‘lanadi.
10. Mehnat vazirligiga kasblarning Tarif-malaka ma’lumotnomasida o‘z aksini topmagan kasblar (lavozimlar)ni Yagona tarif setkasining tegishli razryadlariga kiritish huquqi berilsin.
11. Mehnat vazirligi, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari Yagona tarif setkasiga muvofiq budjetdagi tashkilotlarning xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlariga rioya etilishini nazorat qilsinlar.
12. Belgilansinki, ushbu qaror bilan tasdiqlangan Yagona tarif setkasiga muvofiq mehnatga haq to‘lashning yangi shartlari mehnatga haq to‘lash uchun mavjud bo‘lgan mablag‘lar, shuningdek, boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish va xo‘jalik faoliyatini kengaytirish tadbirlarini o‘tkazishdan tushgan qo‘shimcha mablag‘lar hisobiga va shuning doirasida joriy qilinadi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda 20 kun muddat ichida ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan amaldagi me’yoriy hujjatlarga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasi taqdim etsin.
14. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosarlari zimmmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotganligi 1993-yil fevral oyida ko‘rib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 26-dekabr,
590-son
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 26-dekabrdagi 590-son qaroriga
1-ILOVA
Mehnatga haq to‘lashning Yagona tarif setkasi

Mehnatga haq to‘lash razryadlari

Tarif koeffitsiyentlari

0 1,00
1 1,11‎
2 1,23
3 1,37
4 1,52
5 1,69
6 1,88
7 2,09
8 2,32
9 2,54
10 2,78
11 3,04
12 3,33
13 3,65
14 4,00
15 4,38
16 4,80
17 5,26
18 5,76
19 6,31
20 6,91
21 7,57‎
22 8,29
23 9,08
24 9,94
25 10,88‎
26 11,91
27 13,04
28 14,28

Izoh: Yagona tarif setkasining razryadlararo o‘tish koeffitsiyentlari:

1—8 razryadlar koeffitsiyent 11,1

9—28 razryadlar

__”__1,095‎