O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 2-dekabrdagi PQ-4541-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (keyingi o‘rinlarda O‘zA deb ataladi) to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi hamda O‘zAning viloyatlardagi mintaqaviy muxbirlik punktlari uchun 1 tadan yengil avtotransport vositasi xarid qilish uchun mablag‘ ajratsin;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga 22 ta, shu jumladan, 3 ta shaxsiy biriktirilgan, 7 ta navbatchi va 12 ta mintaqaviy muxbirlik punktlariga biriktirilgan yengil avtotransport vositasini, Qoraqalpog‘iston axborot agentligiga 1 ta navbatchi xizmat yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A. Ko‘chimov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, ma’naviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 3-yanvar,
1-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-yanvardagi 1-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Milliy axborot agentligining (keyingi o‘rinlarda O‘zA deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, rahbarlarining funksional vazifalari va mas’uliyatini belgilaydi.
2. O‘zA mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatini, jamiyatimizda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlarni, amalga oshirilayotgan tub islohotlarning mohiyati, ahamiyati va samaralarini ommaviy axborot vositalarida xolis, izchil va O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlari nuqtai nazaridan yoritadigan rasmiy davlat axborot agentligi hisoblanadi.
O‘zA o‘z faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘zA o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. O‘zA yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisob varaqlariga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
5. O‘zAning rasmiy nomlanishi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, qisqartirilgan nomi — O‘zA;
b) rus tilida:
to‘liq nomi — Natsionalnoye informatsionnoye agentstvo Uzbekistana, qisqartirilgan nomi — UzA;
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Uzbekistan National News Agency, qisqartirilgan nomi — UzA.
6. O‘zA joylashgan joy (pochta manzili): Toshkent shahar, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi 42-uy, 100000.
2-bob. O‘zAning tuzilmasi
7. O‘zA tizimiga:
markaziy apparat;
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi (keyingi o‘rinlarda QAA deb ataladi);
O‘zAning viloyatlardagi mintaqaviy muxbirlik punktlari kiradi.
3-bob. O‘zA va QAAning vazifalari va funksiyalari
1-§. O‘zAning vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar O‘zAning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi:
yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid rasmiy ma’lumotlarni izlash, olish, qayta ishlash hamda axborot, axborot-tahliliy, tahliliy-tanqidiy materiallar tayyorlash va tarqatish;
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, rasmiy bayonotlari va ma’ruzalarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Hukumatining qarorlari va ularning faoliyatiga oid axborotlarni muntazam yoritib borish;
respublikaning ichki va tashqi siyosatini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, jamiyatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlarni tezkor yoritish;
jamoatchilikning katta qiziqishini uyg‘otayotgan voqealarning mohiyati bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish hamda ma’lumotlardan buzg‘unchi va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida o‘z vaqtida xabardor qilib borish;
axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda davlat organlari va ularning axborot xizmatlari bilan uzviy hamkorlik qilish va ulardan tizimli ravishda statistik, tahliliy va boshqa turdagi ma’lumotlarni olish;
boshqa ommaviy axborot vositalari, jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishi uchun yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, tarixiy va madaniy rivojlanishiga oid ma’lumotlar (axborot, foto va videomateriallar) bazasini shakllantirish;
o‘quvchilar uchun qulay va qiziqarli shaklda O‘zbekiston xalqining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari, milliy qadriyatlari, mamlakatning ko‘p yillik tarixi va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini namoyish etishga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish;
yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni dunyoga keng tarqatish, jahonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida mamlakatimiz aholisiga tezkor axborot yetkazib berish, xorijdagi axborot agentliklari va boshqa ommaviy axborot vositalari, media-tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
9. O‘zA o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid rasmiy ma’lumotlarni izlash, olish, qayta ishlash hamda axborot, axborot-tahliliy, tahliliy-tanqidiy materiallar tayyorlash va tarqatish sohasida:
O‘zbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosatini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, jamiyatimizda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlar samaralarini O‘zA rasmiy veb-saytida hamda ommaviy axborot vositalarida keng yoritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari va qonunchilik hujjatlari loyihalariga nisbatan jamoatchilikda to‘g‘ri va sog‘lom fikrni shakllantirish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanadi;
(9-band “1” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
aholini va dunyo hamjamiyatini O‘zbekiston Respublikasida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan tezkor va xolisona xabardor qiladi.
2) O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, rasmiy bayonotlari va ma’ruzalarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Hukumatining qarorlari va ularning faoliyatiga oid axborotlarni muntazam yoritib borish sohasida:
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, rasmiy bayonotlari, nutqlari va ma’ruzalarini Internet jahon axborot tarmog‘idagi O‘zA rasmiy veb-saytida e’lon qiladi, belgilangan ommaviy axborot vositalariga yetkazadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasi bilan bevosita hamkorlik asosida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘adi va uni keng ommaga taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga tashriflarini, tashrifdan ko‘zlanayotgan maqsad hamda kutilayotgan natijalar haqidagi axborotni ommaviy axborot vositalari, veb-resurslar orqali aholiga yetkazadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining respublika hududlariga amalga oshiradigan tashriflarini o‘z rasmiy veb-sayti orqali onlayn tarzda yoritadi.
3) Respublikaning ichki va tashqi siyosatini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, jamiyatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlarni tezkor yoritish sohasida:
davlat organlari faoliyati, mamlakat ichki va tashqi siyosati haqida axborot tarqatish orqali fuqarolarning davlat organlari faoliyati, mamlakat ichki va tashqi siyosati haqida axborot olish huquqlarini ta’minlaydi.
4) Jamoatchilikning katta qiziqishini uyg‘otayotgan voqealarning mohiyati bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish hamda ma’lumotlardan buzg‘unchi va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida o‘z vaqtida xabardor qilib borish sohasida:
O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida o‘zining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-sayti orqali butun dunyoga axborot tarqatadi;
dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqidagi axborotni tezkorlik bilan o‘zining rasmiy veb-saytiga joylashtirish orqali bunday axborotni aholiga yetkazib beradi;
jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalar haqida aniq ma’lumotlar olish, xorij ommaviy axborot vositalariga mamlakatimiz to‘g‘risida ishonchli axborot yetkazish maqsadida xorijning yetakchi axborot agentliklari, ommaviy axborot vositalari, media tuzilmalari bilan hamkorlik qiladi;
davlatlararo va hukumatlararo shartnomalar loyihalarini tayyorlashda qatnashadi, axborot almashishni amalga oshiradi, axborot sohasida xalqaro idoralararo shartnomalarni belgilangan tartibda tuzadi.
5) Axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda davlat organlari va ularning axborot xizmatlari bilan uzviy hamkorlik qilish va ulardan tizimli ravishda statistik, tahliliy va boshqa turdagi ma’lumotlarni olish sohasida:
ommaviy axborot vositalarida to‘g‘ri va haqqoniy axborot tarqatish orqali axborot sohasidagi xatar va tahdidlarga qarshi o‘z vaqtida va munosib kurashadi;
jamiyatda biror-bir voqea, hodisa, ijtimoiy siyosiy jarayonlar va boshqa masalalar to‘g‘risida noto‘g‘ri yoki noxolis axborot tarqatilganda bu haqida haqqoniy, dalillarga asoslangan, xolis axborot tarqatish orqali jamiyatda mish-mish, tahlika yuzaga kelishining oldini oladi;
jamoatchilikning katta qiziqishini uyg‘otgan voqealarning mohiyati bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish hamda noto‘g‘ri ma’lumotlardan buzg‘unchi va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida o‘z vaqtida xabardor qiladi.
6) Boshqa ommaviy axborot vositalari, jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishi uchun yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, tarixiy va madaniy rivojlanishiga oid ma’lumotlar (axborot, foto va videomateriallar) bazasini shakllantirish sohasida;
yurtimizda ro‘y berayotgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, tarixiy, madaniy jarayonlarga doir materiallar, maqolalar, fotomateriallar, videolavhalar tayyorlaydi, ularni rasmiy veb-sayt orqali jahon hamjamiyatiga taqdim etadi;
ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘i orqali uzatilgan barcha materiallarning elektron bazasini shakllantiradi;
mazkur materiallardan ommaviy axborot vositalari, jismoniy va yuridik shaxslar erkin foydalanishi uchun sharoit yaratadi.
7) O‘quvchilar uchun qulay va qiziqarli shaklda O‘zbekiston xalqining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari, milliy qadriyatlari, mamlakatning ko‘p yillik tarixi va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini namoyish etishga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish sohasida:
Respublika miqyosida amalga oshiriladigan, tariximiz va milliy qadriyatlarimizni jahon hamjamiyatiga tanitishga xizmat qiladigan ijtimoiy loyihalar to‘g‘risidagi axborotni ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘i orqali tarqatishni bevosita amalga oshiradi;
mazkur loyihalar jarayonini yoritib boradi hamda ishtirok etadi.
8) Yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni dunyoga keng tarqatish, jahonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida mamlakatimiz aholisiga tezkor axborot yetkazib berish, xorijdagi axborot agentliklari va boshqa ommaviy axborot vositalari, media-tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish sohasida:
O‘zbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosati, amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangilanishlar haqida matnli, audio va videomateriallar tayyorlaydi hamda ularni belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga tarqatadi;
mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, ulardan ko‘zlangan ezgu maqsadlar mohiyatini ochib beradigan matnli, audio va videomateriallarni o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qilib boradi.
2-§. QAAning vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar QAAning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, rasmiy bayonotlari, nutq va ma’ruzalarini, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi qabul qilgan hujjatlarni, ularning faoliyatiga, shuningdek, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid axborotni tarqatish;
fuqarolarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi hamda boshqa davlat organlari faoliyati haqida axborot olish huquqlarini ta’minlash;
axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda davlat organlari va ularning axborot xizmatlari bilan yaqindan hamkorlik qilish.
11. QAA o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, rasmiy bayonotlari, nutq va ma’ruzalarini, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi qabul qilgan hujjatlarni, ularning faoliyatiga, shuningdek, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid axborotni tarqatish sohasida:
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, rasmiy bayonotlari, nutq va ma’ruzalarini, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi qabul qilgan hujjatlarni o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qiladi, belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga yetkazadi;
O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ijtimoiy-siyosiy hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida axborotni, ijtimoiy hayotning barcha sohalaridagi yangiliklarni qoraqalpoq va boshqa tillarda tayyorlaydi va o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qiladi, belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga yetkazib beradi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi faoliyati haqida matnli, audio va videomateriallar tayyorlaydi, ularni o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qiladi hamda belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga yetkazib beradi.
2) Fuqarolarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi hamda boshqa davlat organlari faoliyati haqida axborot olish huquqlarini ta’minlash sohasida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi hamda boshqa davlat organlari faoliyati to‘g‘risida aholiga muntazam ravishda ishonchli ma’lumotlarni yetkazib turadi;
o‘z rasmiy veb-saytida davlat organlari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy yangilanib borilishini ta’minlaydi;
davlat organlari faoliyati, mamlakat ichki va tashqi siyosati haqida axborot tarqatish orqali fuqarolarning davlat organlari faoliyati, mamlakat ichki va tashqi siyosati haqida axborot olish huquqlarini ta’minlaydi.
3) Axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda davlat organlari va ularning axborot xizmatlari bilan yaqindan hamkorlik qilish sohasida:
jamiyatda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan voqealarning mohiyati bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish hamda noto‘g‘ri ma’lumotlardan buzg‘unchi va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida o‘z vaqtida xabardor qiladi;
xolis, ishonchli axborot tarqatish orqali axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshiradi;
keng ommaga ishonchli ma’lumot tarqatish maqsadida davlat organlari rahbarlari va axborot xizmatlari bilan hamkorlik o‘rnatadi.
4-bob. O‘zAning huquqlari va javobgarligi
12. O‘zA o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vakolatlariga kiradigan masalalarni hal qilish uchun davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda ma’lumotlarni so‘rab olish;
Oldingi tahrirga qarang.
rasmiy va boshqa axborotni to‘plash hamda ularni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasida va xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatish;
(12-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish;
davlat statistika organlaridan zarur statistik ma’lumotlarni bepul asosda olish;
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga va davlat organlariga belgilangan tartibda takliflar kiritish;
barcha turdagi axborotni to‘plash, qayta ishlash va tarqatish masalalari yuzasidan xalqaro aloqalarni amalga oshirish, xorijiy axborot agentliklari bilan tajriba almashish;
viloyatlarda mintaqaviy muxbirlik punktlarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish;
boshqa axborot agentliklari, jumladan, xorijiy axborot agentliklari, ommaviy axborot vositalari, media-tuzilmalar, axborot markazlari bilan axborot almashish to‘g‘risida, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hamkorlik qilishga oid shartnomalar tuzish;
buyurtmachilarga sotiladigan axborot va xizmatlar (matnli, foto, audio va video materiallar, xizmatlar) narxlari va tariflarini belgilash;
O‘zAga yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy-tekshirish institutlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali xodimlarini jalb qilish;
O‘zA binosidagi vaqtincha foydalanilmayotgan xonalarni jismoniy va yuridik shaxslarga belgilangan tartibda ijara shartnomasi asosida foydalanishga berish;
bosma ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish;
matn tuzish, matnni tahrir qilish, foto, audio, videoxizmatlar, tarjima va boshqa pullik xizmatlar ko‘rsatish;
O‘zA va uning tizimidagi tarkibiy bo‘linmalar va tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash chora-tadbirlarini ko‘rish.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zA qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(12-bandning o‘n oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
13. O‘zA:
o‘z faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etish;
QAA faoliyatini muvofiqlashtirish;
o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali amalga oshirilishi uchun javob beradi.
14. QAA o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, davlat organlarining hududiy bo‘limlari, shuningdek, boshqa tashkilotlardan o‘ziga yuklangan vazifalarni sifatli bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot materiallarini so‘rab olish, ularni qayta ishlash va tarqatish;
jismoniy va yuridik shaxslarga matn tuzish, matnni tahrir qilish, foto, audio, videoxizmatlar, tarjima va boshqa pullik xizmatlar ko‘rsatish;
axborot-tahliliy materiallar tayyorlash hamda o‘ziga yuklangan boshqa vazifalarni bajarish uchun davlat organlari, shuningdek, ilmiy tashkilotlarning yuqori malakali mutaxassislarini jalb qilish.
15. QAA:
o‘z faoliyati bo‘yicha O‘zAga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga belgilangan tartibda hisobot taqdim etish;
o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali amalga oshirilishi uchun mas’uldir.
5-bob. O‘zA rahbarlarining funksional majburiyatlari
16. O‘zA va QAA rahbarlari zimmasiga quyidagi funksional majburiyatlar yuklanadi:
1. O‘zA bosh direktori:
a) O‘zA va Qoraqalpog‘iston axborot agentligi tuzilmasi shtatlar soniga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritadi;
b) O‘zAning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan:
davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali xodimlarini, shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni maslahatchi sifatida jalb etadi;
ijodiy tanlovlar o‘tkazadi, tanlov ishtirokchi va g‘oliblarini mukofotlaydi, shuningdek, O‘zAning xodimi bo‘lmagan faol mualliflarni rag‘batlantiradi;
O‘zA moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, shu jumladan ularga ustamalar to‘lash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
zarur hollarda, mintaqaviy muxbirlik punktlarida qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
(16-band “b” kichik bandining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
v) O‘zA bosh direktorining o‘rinbosarlari:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining tegishli bo‘linmalari bilan axborot tarqatish sohalarini rivojlantirish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini sifatli tayyorlash yuzasidan hamkorlik qiladi;
O‘zA bosh direktorining topshirig‘iga binoan axborot tarqatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar va dasturlar bajarilishini muvofiqlashtiradi;
O‘zAning tasdiqlangan tuzilmasiga muvofiq tegishli bo‘linmalarni bevosita boshqarishni amalga oshiradi;
bosh direktor o‘rinbosarlari nomenklaturasiga kiradigan O‘zAning markaziy apparati, bosh muharrirlari, boshqarmalari va xizmatlari boshliqlari lavozimlariga nomzodlarni belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi;
bosh direktor o‘rinbosarlari nomenklaturasiga kiradigan tuzilmalarning tarkibiy bo‘linmalari boshliqlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llash yuzasidan takliflar kiritadi;
mutasaddi bo‘linmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha tizimli asosda ishlarni tashkil qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
(16-band “v” kichik bandining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
g) QAA direktori:
yuklatilgan vazifalar va funksiyalarga muvofiq QAA faoliyatini, shu jumladan, bosh muharrir, bo‘lim boshliqlari va mutaxassislar ishini tashkil qiladi;
QAAning axborot tarqatish, tarjima faoliyati sohalari rivojlanishi holatini baholaydi va O‘zA rahbariyatiga ularning istiqboldagi rivojlanishi yuzasidan aniq takliflar va amalga oshirish mexanizmlarini kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
(16-band “g” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
d) O‘zA bosh muharriri, boshqarma va xizmat boshlig‘i:
tasdiqlangan nizom doirasida aniq yo‘nalishlardagi vazifalarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi;
o‘zi mas’ul bo‘lgan tahririyat, boshqarma, xizmatning faoliyati holatini sifatli baholab, istiqbolda rivojlanishi bo‘yicha O‘zA rahbariyatiga aniq takliflar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini kiritadi, xodimlarning lavozim yo‘riqnomalarida belgilangan vazifalarni bajarilishini nazorat qiladi.
6-bob. O‘zA rahbarlarining javobgarligi
17. O‘zA bosh direktori:
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan o‘ziga yuklangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, shuningdek, O‘zA faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘radi;
(17-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
O‘zA, uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida ijro intizomiga qat’iy rioya qilinishi uchun javob beradi.
18. O‘zA bosh direktorining o‘rinbosarlari:
tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha bajariladigan topshiriqlarning samaradorligi va o‘z vaqtida ijro etilishi uchun;
mutasaddi tahririyatlar, boshqarma va xizmatlar, bo‘limlar faoliyati barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi va samaradorligi uchun javob beradi.
19. QAA direktori:
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari, O‘zA va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi rahbarlarining topshiriqlari, shuningdek, o‘ziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishi yuzasidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish;
(19-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
QAAning axborot tarqatish faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash uchun javob beradi.
7-bob. O‘zA faoliyatini tashkil qilish
20. O‘zAga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bosh direktor boshchilik qiladi.
Bosh direktor O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ikki nafar o‘rinbosarga, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘ladi.
21. QAA direktori Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan kelishgan holda O‘zA bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
22. O‘zA huzurida uning faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha maslahat kengashi (keyingi o‘rinlarda — Maslahat kengashi) tuziladi.
Quyidagilar Maslahat kengashining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
O‘zA faoliyati haqida keng jamoatchilik fikrini tahlil qilgan holda uning samaradorligini yanada oshirish hamda agentlikning axborot makonidagi o‘rni va rolini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
O‘zA faoliyatining rivojlanish darajasini o‘rganish, agentlikka metodik tavsiyalar berish, uning ishida yuzaga keladigan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish;
davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish rejalarini belgilash, tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatish;
xalqaro va xorijiy axborot agentliklari, xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishiga ko‘maklashish va ular ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish.
23. Maslahat kengashi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ hisoblanadi.
Maslahat kengashiga O‘zA bosh direktori rahbarlik qiladi hamda uning tarkibi ommaviy axborot vositalari sohasidagi tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, mustaqil ekspertlardan shakllantiriladi.
Maslahat kengashi tarkibining uchdan bir qismi har 2 yilda yangilanib boriladi.
Maslahat kengashi tarkibi bosh direktor tomonidan tasdiqlanadi.
Maslahat kengashi faoliyatining tartibi bosh direktor tomonidan tasdiqlanadigan nizom bilan belgilanadi.
8-bob. O‘zA hamda uning xodimlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari
24. O‘zA faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam baholanadi.
25. O‘zAning faoliyati samaradorligi va natijadorligiga berilgan baholar O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadigan O‘zAning faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.
26. O‘zAning faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha:
O‘zA rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;
O‘zAning faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘riladi.
O‘zA uning rahbarlari va xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tizimi tartibi va metodikasini ishlab chiqadi.
9-bob. O‘zA va QAA faoliyatini moliyalashtirish va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish
27. O‘zA va QAA faoliyatini moliyalashtirish va ular xodimlarini moddiy rag‘batlantirish:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
O‘zA va QAAning o‘z mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(27-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
28. O‘zA va QAA budjet muassasalari uchun belgilangan tartibda o‘zlarining budjet va budjetdan tashqari daromadlar va xarajatlar smetalari hamda shtat jadvallarini shakllantiradi va hisobotini yuritadi.
29. O‘zA va QAAning xodimlari mehnatiga haq to‘lash O‘zA tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda O‘zA va QAA xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha tasdiqlanadigan razryadlar va shtatlarga asosan amalga oshiriladi.
30. O‘zA va QAA xodimlariga:
bir oylik ish haqi fondini yo‘naltirgan holda moddiy yordam ko‘rsatish;
budjet muassasalari uchun belgilangan mehnat haqi yillik fondining 15 foizi miqdorida xodimlarni moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi;
davlat xizmatchilari uchun belgilangan tartibda lavozim maoshlariga 20 foiz miqdoridagi ustama haq saqlab qolinadi.
Bunda 20 foiz miqdoridagi ustama tatbiq etiladigan O‘zA va QAA shtat lavozimlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishiladi va O‘zA tomonidan tasdiqlanadi.
31. O‘zA va QAAning o‘z mablag‘lari haqiqiy tushumlari yil yakunlari bo‘yicha budjetdan tashqari mablag‘lariga oid daromad va xarajatlar smetasida nazarda tutilgan prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lgan hollarda, mablag‘larning ushbu qismi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
daromadning 50 foizi O‘zA va QAAning tasarrufida qoladi (shundan 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismi xodimlarni ijtimoiy himoyalash va moddiy rag‘batlantirishga va 50 foizdan kam bo‘lmagan qismi moddiy-texnik bazani mustahkamlashga sarflanadi);
qolgan 50 foizi keyingi yilda O‘zA va QAAni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish maqsadlari uchun belgilangan tartibda yo‘naltiriladi. Bunda tegishli moliya yilida O‘zA va QAAga budjetdan ajratish nazarda tutilgan prognoz mablag‘lar ushbu summaga kamaytiriladi.
10-bob. O‘zAning hisobot berishi
32. O‘zA har yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O‘zA faoliyati natijalari to‘g‘risida hisobot beradi.
33. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari O‘zA rahbarlarining ularga yuklangan vazifalarni samarali bajarishi bo‘yicha faoliyatining doimiy monitoringini olib boradi, O‘zA faoliyatini xolisona baholaydi.
34. Monitoring va baholash yakunlari bo‘yicha O‘zAning alohida o‘rnak ko‘rsatgan rahbarlari, mansabdor shaxslari va xodimlari rag‘batlantiriladi yoxud yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilishgacha javobgarlikka tortiladi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
35. O‘zAni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-yanvardagi 1-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotayotgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) to‘g‘risida” 1992-yil 21-apreldagi 202-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1992-y., 4-son, 12-modda).
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2022-y., 09/22/396/0656-son)
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2010-yil 5-iyundagi 108-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 6-son, 27-modda) ilovaning 3-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tuzilmasini yanada takomillashtirish va boshqaruv xodimlari sonini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2015-yil 18-dekabrdagi PQ-2450-son qarori)” 2016-yil 5-maydagi 140-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 5-son, 37-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 24-maydagi PF-5052-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 24-maydagi PQ-3001-son qarori)” 2017-yil 8-sentabrdagi 703-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 9-son, 198-modda) ilovaning 1-bandi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.01.2020-y., 09/20/1/4262-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 22.07.2022-y., 09/22/396/0656-son)