|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.07.2003
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING IQTIDORLI YoShLARNING ChET ELDA TA’LIM OLIShLARINI QO‘LLAB-QUVVATLASh “UMID” JAMG‘ARMASINI TUZIShNING TAShKILIY TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 1-iyuldagi PF-3272-sonli “Istiqbolli yosh pedagoglarni va ilmiy kadrlarni malakasini oshirish va tajriba orttirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 7-yanvardagi PF-1694-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarning chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash “Umid” jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida”gi Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasining bir qator vazirliklari, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan qo‘shma kompaniyalar, banklar va boshqa tashkilotlarning jamg‘armaga moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatish haqidagi takliflari ma’qullansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarning chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash “Umid” jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom va uning tashkiliy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Jamg‘arma Boshqaruvi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi va Davlat test markazi 1 oy muddatda tanlovlarni o‘tkazish va grantlar berish shartlarini ishlab chiqsinlar hamda iqtidorli yoshlar yuboriladigan yetakchi chet el oliy o‘quv yurtlarini aniqlasinlar.
4. Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
chet elda ta’lim olayotgan yoshlarni O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotiga oid zarur axborotlar bilan doimiy ravishda ta’minlab tursinlar;
Jamg‘armaga chet eldagi yetakchi o‘quv, ilmiy markazlar va ta’lim sohasida ishlovchi xalqaro tashkilotlar bilan ish yuzasidan aloqa o‘rnatishga yordam bersinlar.
5. Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish uchun 10 mln so‘m ajratsin.
6. Pul-kredit siyosati bo‘yicha respublika komissiyasiga Jamg‘arma faoliyatini amalga oshirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar konvertatsiyasini ustuvor tarzda ta’minlash vazifasi yuklansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
Jamg‘arma uchun milliy va xorijiy valyuta hisob raqamlarini ochsin;
Jamg‘armani Toshkent shahar, Turob To‘la ko‘chasi, 1-uyga joylashtirsin va zarur aloqa vositalari, kompyuter texnikasi, transport, ofis jihozlari bilan ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari Jamg‘arma faoliyatini doimiy ravishda yoritib borsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. Alimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 13-yanvar,
22-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarning chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash “Umid” jamg‘armasi
NIZOMI
I. UMUMIY KOIDALAR
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarni chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash “Umid” jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deyiladi) iqtidorli va iste’dodli yoshlarning jahon andozalari talablari darajasidagi ilg‘or bilimlar asosida tahsil olishlariga, barkamol inson va yuksak ma’naviyatli, yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlariga moddiy va ma’naviy homiylik qilish, iste’dodli yoshlarni tanlov asosida chet el oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborish, qobiliyatli yoshlarning nufuzli xalqaro olimpiadalar va tanlovlarda ishtirok etishlarini ta’minlash va rag‘batlantirish maqsadida tuzilgan davlatga qarashli xayriya jamg‘armasi hisoblanadi.
2. Jamg‘arma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonun hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, shuningdek, mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
3. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z nomi yozilgan muhrga, shtamplarga, blanklarga va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan boshqa rekvizitlarga ega bo‘ladi hamda banklarda o‘z hisob raqamini ochadi.
4. Jamg‘arma homiylarining ixtiyoriy badallari hisobidan ta’minlanadi va o‘z faoliyatini amalga oshiradi.
5. Jamg‘armaning manzili — O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahar, Turob To‘la ko‘chasi, 1-uy.
II. JAMG‘ARMANING MAQSADI VA VAZIFALARI
Jamg‘arma faoliyatining maqsadi va vazifalari quyidagilardan iboratdir:
O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun iqtidorli yigit-qizlarni tanlov asosida chet el oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborish;
yetakchi chet el oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlari, ta’lim va faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro va xorijiy tashkilotlar, jamg‘armalar bilan o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish;
iqtidorli yoshlarning jahon andozalari talablari darajasidagi ilg‘or bilimlar asosida tahsil olishlariga, barkamol inson va yuksak ma’naviyatli, yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlariga moddiy va ma’naviy homiylik qilish;
iste’dodli yoshlarni tanlab olish, saralash va o‘qitish bo‘yicha reja va dasturlar ishlab chiqish hamda uni ta’lim tizimiga joriy etish;
qobiliyatli yoshlarning nufuzli xalqaro olimpiadalar va tanlovlarda ishtirok etishlarini ta’minlash va ularni rag‘batlantirish;
o‘ziga xos taraqqiyot yo‘liga kirgan mamlakatimizning yosh avlodlari orasida yetilib kelayotgan yuksak iste’dod va tafakkur sohiblarining ijodiy va aql-zakovat salohiyatlarini yanada kengaytirish va kuchaytirish, ularning noyob qobiliyatlarini ona-yurtni ulug‘lashga, Vatan istiqboliga yo‘naltirish;
iste’dodli va iqtidorli yoshlarning o‘z qobiliyatlari va imkoniyatlarini to‘la namoyon qila olishlari uchun davlat, jamoat tashkilotlari, barcha turdagi mulk egalari bilan birgalikda zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash;
iqtidorli yoshlarni Vatan uchun fidokorona mehnat qiladigan, istiqlol g‘oyalariga sadoqatli, o‘zbek xalqi nufuzini yanada yuqori ko‘taradigan umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash, Vatan va xalq oldidagi o‘z burch va vazifalarini to‘la-to‘kis bajarishga qaratilgan dasturiy tadbirlarda ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti, madaniyati va ma’naviyatini xorijiy mamlakatlar yoshlari o‘rtasida tashviq va targ‘ib qilish, rivojlangan mamlakatlarning bu boradagi tajribasini o‘rganish.
Jamg‘arma iqtidorli yoshlarning chet ellarda ta’lim olishlariga oid dasturlar, loyihalar tuzadi, ularni shu maqsadda ajratilgan mablag‘lar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti grantlari yordamida amalga oshiradi.
III. JAMG‘ARMANING HUQUQLARI
Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonun hujjatlarida belgilangan quyidagi huquqlarga egadir:
1. O‘zbekiston Respublikasi hududida va xorijiy mamlakatlarda o‘z nomidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘z vakolati doirasida shartnomalar va boshqa yuridik hujjatlar tuzish;
2. Respublika hududida va uning tashqarisida ko‘rgazmalar, turli festivallar, ko‘rik-tanlovlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar majmuini tayyorlash va o‘tkazish;
3. Respublikada tashkil etiladigan turli jamoat tashkilotlarining muassisi va hammuassisi bo‘lish;
4. Mavjud qonunchilik doirasida O‘zbekiston iqtidorli yoshlarining adabiyot, san’at va ilmiy asarlarini mamlakatimizda va chet ellarda nashr etish imkoniyatlaridan foydalanish.
5. Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan belgilangan boshqa har qanday qonuniy huquqlarga egadir.
IV. JAMG‘ARMANING BOShQARUV ORGANI
1. Jamg‘armaning rahbar organi Boshqaruv bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot beradi.
2. Boshqaruv Jamg‘armaning hay’at organi bo‘lib, uning tarkibi va raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Boshqaruvni yig‘ilishlarning o‘tkazilishini va ishlarning tashkil etilishini ta’minlovchi Rais boshqaradi.
Boshqaruv yig‘ilishlari zaruriyatga ko‘ra (kamida 6 oyda bir marta) o‘tkaziladi.
Boshqaruvning qarorlari Rais imzolagan buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
Boshqaruvning huquq doirasiga quyidagilar kiradi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan Jamg‘arma faoliyati yo‘nalishini amalga oshirish;
Jamg‘arma budjeti va grantlarining har yillik soni bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tasdiqlash uchun taqdim qilish;
tanlov asosida Jamg‘arma grantlariga mos nomzodlarni tanlashni tashkil qilish va uning natijalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tasdiqlash uchun taqdim qilish;
Jamg‘arma faoliyatining har yillik rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
Jamg‘arma direksiyasi faoliyatini nazorat qilish va umumiy rahbarlikni amalga oshirish;
Jamg‘arma homiylari bilan aloqalar o‘rnatish va hamkorlik qilish, moliyaviy mablag‘larni qidirish va jalb qilish;
Jamg‘armaning yillik hisobotlarini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
Jamg‘arma xarajatlari ro‘yxatini tasdiqlash;
Jamg‘arma shtatidagi xodimlarni mukofotlash miqdorini aniqlash;
Jamg‘arma faoliyatining boshqa masalalarini ko‘rib chiqish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan rais o‘rinbosari — ijrochi direktor Jamg‘armaning joriy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalarni amalga oshirishga rahbarlik qiladi.
Rais o‘rinbosari — ijrochi direktor huquqi doirasiga quyidagilar kiradi:
Jamg‘arma faoliyatining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan yo‘nalishlarini amalga oshirish;
Boshqaruvning qarorlarini bajarish;
iqtidorli yoshlarni izlash ishlarini tashkil etish shakllari va tartibini aniqlash;
respublika mintaqalari bo‘yicha chet ellarda ta’lim olish uchun munosib nomzodlarni aniqlashni ta’minlovchi tanlovlarni umumlashtirish va tashkil qilish;
Jamg‘arma vazifalarini amalga oshirish uchun yetakchi mutaxassislar jalb qilingan ishchi guruhlarini tuzish;
ta’lim vaqtida va u tugagandan so‘ng talabalar bilan doimiy aloqalarni ta’minlash;
zarurat bo‘lganda ta’lim oluvchilarni muddatidan oldin chaqirib olish yuzasidan takliflarni ko‘rib chiqish uchun Boshqaruvga taqdim qilish;
bitiruvchilarni ishga yo‘llash bo‘yicha tavsiyalarni ko‘rib chiqish uchun Boshqaruvga taqdim qilish;
bitiruvchilarning xizmat va ijtimoiy faoliyatlariga doir monitoringni amalga oshirish.
4. Rais o‘rinbosari — ijrochi direktor Jamg‘arma nomidan faoliyat ko‘rsatadi, shu jumladan, uning xo‘jalik ishlarini amalga oshiradi, Jamg‘arma nomidan bitimlar tuzadi, shtatlarni tasdiqlaydi, Jamg‘arma xodimlari bajarishlari shart bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi.
V. TA’LIM ShAKLLARI VA MUDDATI
1. Jamg‘arma yo‘llanmasi bo‘yicha ta’lim quyidagi shaklda amalga oshiriladi:
bakalavrlik (4 yilgacha);
magistratura (2 yilgacha);
tajriba orttirish (1 yilgacha).
VІ. JAMG‘ARMANING MOL-MULKI VA MOLIYAVIY MABLAG‘LARI
1. Jamg‘armaning mol-mulki asosiy fondlar (binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va shu kabilardan, aylanma mablag‘lardan, shuningdek, mablag‘ bilan ta’minlashning barcha manbalari hisobiga sotib olingan moliyaviy resurslar va boshqa moddiy boyliklardan iborat bo‘ladi.
Jamg‘arma mol-mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
2. Jamg‘arma mablag‘lari:
Jamg‘armaning Nizomdagi faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan budjet ajratmalari;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga shakllanadi.
3. Jamg‘arma xayriya, homiylik va xolisona tushumlar hisobiga sotib olgan mol-mulklar Jamg‘armaning o‘z mulki hisoblanadi.
4. Jamg‘arma asosiy fondlarni va aylanma mablag‘larni, boshqa moddiy boyliklarni yuridik shaxslarga ijaraga berish va sotish, shuningdek ularni qonunda belgilangan tartibda balansdan chiqarish huquqiga egadir.
5. Jamg‘arma o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga biriktirilgan, amaldagi qonunchilikka muvofiq to‘lov undirib olinishi mumkin bo‘lgan mol-mulk bilan javob beradi.
VII. HISOBGA OLISh VA HISOBOT
Jamg‘arma o‘z faoliyati natijalarini amaldagi qonun va qoidalarga binoan tezkorlik bilan tahlil qiladi va buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, hisobot ma’lumotlari va balans hisob-kitoblarining ishonchliligini ta’minlaydi.
VIII. JAMG‘ARMA FAOLIYATINI TO‘XTATISh VA QAYTA TAShKIL ETISh
Jamg‘arma faoliyatini to‘xtatish yoki qayta tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga binoan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarning chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash “Umid” jamg‘armasi
TUZILMASI
| № |
Lavozimlar |
Soni |
| 1. | Rais o‘rinbosari — ijrochi direktor | 1 |
| 2. | Bosh mutaxassis | 1 |
| 3. | Katta inspektor — ish yurituvchi | 1 |
| 4. | Buxgalter | 1 |
| 5. | Inspektor | 1 |
| | Jami: | 5 |