|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.07.2003
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING IQTIDORLI YoShLARNING ChET ELDA TA’LIM OLIShLARINI QO‘LLAB-QUVVATLASh “UMID” JAMG‘ARMASINI TUZISh TO‘G‘RISIDA
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 1-iyuldagi PF-3272-son “Istiqbolli yosh pedagoglarni va ilmiy kadrlarni malakasini oshirish va tajriba orttirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmonga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga jahon andozalari darajasida bilim olgan zakovatli, har tomonlama barkamol milliy kadrlar ulkan hissa qo‘shishini nazarda tutib, Vatanga fidokorona xizmat qiladigan, sadoqatli, uning buyuk va qudratli bo‘lishi uchun qayg‘uradigan, o‘z iqtidori bilan ona-yurtni ulug‘lashga qobil, iste’dodli yigit-qizlardan xalq xo‘jaligining ustuvor tarmoqlari uchun yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli yoshlarning chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash “UMID” jamg‘armasi tuzilsin. Jamg‘arma boshqaruvi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Kamolot” jamg‘armasi, shuningdek O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan qator qo‘shma kompaniyalar, banklar va boshqa tashkilotlarining jamg‘arma homiysi bo‘lishi haqidagi takliflari qabul qilinsin. Homiylar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bundan buyon Jamg‘arma boshqaruvi homiylar tarkibini, shu jumladan chet ellik ishtirokchilar hisobiga ham kengaytirish haqidagi takliflarni ko‘rib chiqishi belgilab qo‘yilsin.
3. Jamg‘arma faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Jamg‘arma soliqlar, to‘lovlar va bojlarning barcha turlaridan ozod qilinsin.
4. Quyidagilar jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
— O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida iste’dodli yoshlarni tanlab olish, saralash va o‘qitish, tegishli reja va dasturlar ishlab chiqish va ularni ta’lim tizimiga joriy etish, hamda tanlov asosida chet el o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborish;
— qobiliyatli yoshlarning nufuzli xalqaro olimpiada va tanlovlarda ishtirok etishini tashkil etish va ularni rag‘batlantirish, shuningdek yetakchi chet el oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlari, ta’lim yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro va xorijiy tashkilotlar va jamg‘armalar bilan o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish;
— iqtidorli yoshlarning jahon andozalari talablari darajasidagi ilg‘or bilimlari asosida tahsil olishlari, barkamol inson va yuksak ma’naviyatli yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlariga moddiy-ma’naviy homiylik qilish;
— chet el oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan hamda ta’lim olib kelgan iqtidorli yoshlar bilan doimiy aloqalar o‘rnatish, ularni milliy tiklanish mafkurasiga asoslangan holda umumbashariy qadriyatlarni o‘rganishga, O‘zbekiston ilm-fanining shon-shuhratini, obro‘-e’tiborini dunyoviy miqyoslarga olib chiqishga da’vat etish.
5. Iqtidorli yoshlarni chet elda o‘qitish uchun har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti grantlari (o‘qish xarajatlari uchun beriladigan mukofotlar) joriy etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Tashqi ishlari vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti grantlarini berish tartibini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsinlar.
6. Jamg‘arma yo‘llanmasi bo‘yicha xorijda o‘qitish har yili tasdiqlanadigan ustuvor mutaxassisliklar bo‘yicha amalga oshirilsin va ustuvor mutaxassisliklarning ta’lim shakllari belgilansin. (3-4-ilovalar).
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti grantlari bo‘yicha chet elda ta’lim olib kelgan yosh mutaxassislar O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan sohalarga davlat tomonidan ishga taqsimlansin va ularning ish faoliyati, shuningdek hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalarga alohida ahamiyat berilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddatda ushbu Farmonning amalga oshirilishiga doir tashkiliy tadbirlarni ko‘zda tutuvchi tegishli qaror qabul qilsin..
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 7-yanvar,
PF-1694-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 7-yanvardagi PF-1694-sonli Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING IQTIDORLI YoShLARNING ChET ELDA TA’LIM OLIShLARINI QO‘LLAB-QUVVATLASh “UMID” JAMFARMASINING
HOMIYLARI
1. Tashqi ishlar vazirligi
2. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
3. Xalq ta’limi vazirligi
4. Fanlar Akademiyasi
5. Fan va texnika davlat qo‘mitasi
6. “Kamolot” jamg‘armasi
7. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki
8. Respublika aksioner-tijorat “Sanoatqurilishbanki”
9. Ixtisoslashtirilgan aksioner-tijorat “Paxta-banki”
10. Ixtisoslashtirilgan davlat aksioner-tijorat “Asaka banki”
11. O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi
12. “O‘zbekyengilsanoat” assotsiatsiyasi
13. “O‘zavtosanoat” assotsiatsiyasi
14. “O‘zbekneftegaz” milliy korporatsiyasi
15. “O‘zbekiston Havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi
16. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi
17. “O‘zbekinvest” milliy sug‘urta kompaniyasi
18. “O‘zinvestloyiha” respublika injiniring kompaniyasi
19. “O‘zAIG” sug‘urta kompaniyasi
20. “O‘zbeklizinginterneshnl” kompaniyasi
21. Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati
22. Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati
23. Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi
24. “O‘zbektelekom” konserni
25. “O‘zsanoatmashimpmeks” RXHTI birlashmasi
26. “O‘zmarkazimpeks” RXHTI birlashmasi
27. “Innovatsiya” RXHTI birlashmasi
28. “Markazsanoateksport” RXHTI birlashmasi
29. “O‘zmedeksport” RXHTI birlashmasi
30. “Interservis” RXHTI birlashmasi
31. “Zarafshon-Nyumont”
32. “O‘z-BAT”
33. “Sovplastital”
34. “Koka-Kola ichimligi Toshkent KO”
35. “O‘zdunrobita”
36. “O‘zsalaman”
37. “O‘zDEU Avto”
38. “O‘zDEUElektroniks”
39. “O‘zKeysAgrolizing”
40. “Zarispak”
41. “Qobul-Toytepa Tekstayils”
42. “UrgutLadaMramor”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 7-yanvardagi PF-1694-sonli Farmoniga
3-ILOVA
3-ILOVA
1997-1998 o‘quv yilida iqtidorli yoshlarning chet elda ta’lim olishlari uchun belgilangan
ustuvor mutaxassisliklar
1. Iqtisod
monetar siyosat va pul muomalasi;
tijorat banklari ishi;
moliyani boshqarish;
investitsiya va qimmatbaho qog‘ozlar bozori;
menejment va marketing.
2. Xalqaro huquq
xalqaro siyosiy va huquqiy aloqalar;
xalqaro moliya huquqi;
xalqaro tijorat huquqi.
3. Axborot va kompyuterlashtirish
4. Tabiiy fanlar
5. Qishloq xo‘jaligi
6. Ekologiya va suv tizimlarini boshqarish
7. Jurnalistika
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 7-yanvardagi PF-1694-sonli Farmoniga
4-ILOVA
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Umid” Jamg‘armasining yo‘llanmalari bo‘yicha iqtidorli yoshlarning xorijdagi ta’lim
shakllari
1. Bakalavrlik (4 yilgacha)
2. Magistratura (2 yilgacha)
3. Tajriba orttirish (1 yilgacha).
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 1-son, 15-modda)